Orolbo‘yi qurg‘oqchil sharoitida no‘xat (Cicer arietinum L.) Zumrad va Polvon navlari hosil elementlariga biostimulyatorlarning ta‘siri
Atabaev Izzat Bazarbaevich, Yuldasheva Zulfiya · Orolbo‘yi hududida suvdan foydalanish samaradorligi va sho‘rlanishning qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi hamda aholi hayot faoliyatiga ta‘sirini monitoring va nazorat qilish uchun iqlimga chidamli innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish · 2026
Maqolada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqala tumani sharoitida no‘xatning (Cicer arietinum L.) Zumrad va Polvon navlari hosil elementlariga biostimulyatorlarning ta‘siri yoritilgan. Dala tajribasi 20 variant va 3 takrorlanishda o‘rnatildi: urug‘lar Kaliy gumat bilan (0,4–0,7 l/t) ishlandi, shoxlanish va gullash fazalarida Megafol va Aminokat 30 preparatlari bargdan sepildi; etalon sifatida Fitovak 20%, nazorat sifatida oddiy suv olindi. Biostimulyator qo‘llangan variantlarda nazoratga nisbatan o‘simlik bo‘yi, dukkak va urug‘lar soni hamda urug‘ vazni yuqori bo‘ldi. Zumrad navida eng yuqori urug‘ vazni Kaliy gumat 0,6 l/t va Aminokat 30 (0,4 va 0,5 l/ga) qo‘llangan variantda (10,64 g; nazoratda 6,85 g), Polvon navida Kaliy gumat 0,7 l/t va Aminokat 30 (0,5 va 0,6 l/ga) variantida (10,01 g; nazoratda 5,75 g) qayd etildi. Ikkala navda ham Aminokat 30 variantlarida o‘rtacha urug‘ vazni Megafol variantlariga nisbatan yuqori bo‘ldi. Maqolada keltirilgan ko‘rsatkichlar 20 ta o‘simlik o‘rtachasi bo‘lib, ularning statistik ishonchliligi keyingi bosqichda dispersion tahlil bilan baholanadi. Natijalar issiq va quruq iqlim sharoitida no‘xat yetishtirish texnologiyasini takomillashtirishda biostimulyatorlardan foydalanish istiqbolini ko‘rsatadi.