Asosiy mazmunga o‘tish
ReLibrary

Metodologiya

Metrikalar metodologiyasi

ReLibrary ko‘rsatkichlari qanday hisoblanishi, qaysi manbadan olinishi va nimani ko‘rsatmasligi shu sahifada ochiq yozilgan. Har bir iqtibos raqami yonida manba nomi, o‘sha manba oxirgi marta tekshirilgan sana (tekshirilgan bo‘lsa — hali tekshirilmagan manba yoki yangi qo‘shilgan ilmiy ish sanasiz turadi, pastdagi “Nol va sana” bo‘limi) va shu sahifaga havola turadi; hisobot yoki spravka chiqarilganda ular ham chop etiladi.

ReLibrary iqtiboslari qanday hisoblanadi

ReLibrary iqtibosi — faqat ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlar orasida topilgan bog‘lanish: bir ishning adabiyotlar ro‘yxatidagi yozuv ReLibrary’dagi boshqa ishga moslashtiriladi. Tashqi bazadan olingan raqam bu songa qo‘shilmaydi va u bilan aralashtirilmaydi.

Ilmiy ishning ReLibrary iqtiboslari — unga havola bergan alohida ilmiy ishlar soni. Faqat ommaga ochiq ilmiy ishdan kelgan havola sanaladi, bitta ilmiy ishdagi takroriy havola bitta iqtibos hisoblanadi, ilmiy ishning o‘ziga havolasi sanalmaydi. Jurnal sahifasi va bosh sahifadagi son — shunday bog‘lanishlar (iqtibos bergan va olgan ilmiy ish juftliklari) soni; muallif sahifasidagi son — muallifning ommaviy ilmiy ishlari olgan ReLibrary iqtiboslari.

Adabiyotlar ro‘yxati qayerdan olinadi

  1. jurnal saytidagi PDF’dan ajratilgan adabiyotlar ro‘yxati (PDF’ning o‘zi serverda saqlanmaydi);
  2. Crossref REST yozuvidagi reference bloki — DOI’si bor, lekin adabiyotlar ro‘yxati hali ajratilmagan ilmiy ishlar uchun;
  3. jurnal OJS eksport faylidagi adabiyotlar ro‘yxati (import);
  4. qo‘lda kiritilgan yoki tahrirlangan ro‘yxat — superadmin tasdig‘idan keyin.

Crossref ro‘yxati har kuni chegaralangan partiyada va faqat adabiyotlar ro‘yxati hali umuman yo‘q DOI’li ilmiy ishlar uchun olinadi. PDF’dan ajratilgan ro‘yxat Crossref, import yoki qo‘lda kiritilgan ro‘yxatni hech qachon almashtirmaydi.

Har bir havolaning xom matni o‘zgarmasdan saqlanadi — keyinchalik yaxshiroq ajratuvchi bilan qayta ishlash uchun. Ko‘rsatishda va eksportda jurnal sahifasining kolontituli (masalan, “Research Focus, Uzbekistan 139 www.ReFocus.uz”) havola matnidan olib tashlanadi; faqat kolontitul qolgan qator ko‘rsatilmaydi. Saqlangan xom matn o‘zgarmaydi.

Moslashtirish va ishonch skori

Moslik ikki yo‘l bilan qidiriladi. Havola matnida bazadagi ilmiy ishning DOI’si bo‘lsa — bu aniq moslik. Aks holda sarlavha taqqoslanadi: sarlavha so‘zlarining havolada uchrash ulushi va havoladagi eng o‘xshash uzluksiz bo‘lak baholanadi, muallif familiyasi va nashr yili mos kelsa ishonch oshadi. Taqqoslashdan oldin kirill yozuv lotinga o‘giriladi va apostrof shakllari bir xillashtiriladi, shuning uchun bir sarlavhaning lotin, kirill va rus yozuvidagi ko‘rinishlari bir-biriga mos keladi.

Har moslikka 0 dan 1 gacha ishonch skori beriladi. Skor 0,80 yoki undan yuqori bo‘lsa bog‘lanish avtomatik yaratiladi va sanaladi — 0,95 dan pasti ham (past ishonch): platforma egasining 2026-09-25 dagi qarori bilan iqtiboslar hech kimning tasdig‘ini kutmaydi. 0,80 dan past bo‘lsa moslik yo‘q deb hisoblanadi. Yagona istisno — yil qoidasi (pastda).

Yil qoidasi

Havoladagi eng katta yil keltirilgan ilmiy ish nashr etilgan yildan kamida 2 yil oldin bo‘lsa, bog‘lanish qilinmaydi va sanalmaydi: masalan 2019 yilgi matn 2025 yilgi ilmiy ishni keltira olmaydi. Bir yillik farqqa ruxsat beriladi — jurnal soni keyingi yil bilan chiqishi yoki “nashrda” havolasi shunday farq beradi. Havolada yil bo‘lmasa qoida qo‘llanmaydi; yil sahifa kolontitulisiz matndan olinadi. Bu yagona istisno: takror qo‘yilgan (shablon) havolalar va PDF ajratish nuqsonlari uchun alohida filtr yo‘q — ular ham sanaladi, g‘ayritabiiy to‘planish esa anomaliya belgisi bilan ko‘rinadi. Bog‘lanmagan havola superadmin sahifasida sababi bilan ko‘rinadi; ilmiy ish yili tuzatilsa, u keyingi qayta hisoblashda o‘zi bog‘lanadi. 2026-09-25 da qo‘lda tasdiqlangan bog‘lanishlarga ham shu qoida bir marta qo‘llandi (qaytariladigan, audit jurnalida).

Qachon hisoblanadi va sana nimani bildiradi

Yangi ilmiy ish yoki uning adabiyotlari kelgach moslashtirish bir necha daqiqada o‘zi yuradi — o‘sha ilmiy ish va unga tegishli havolalar uchun; har kuni esa butun korpus to‘liq qayta hisoblanadi va natija aynan bir xil chiqadi. Ommaviy sahifa soatiga bir marta qayta quriladi, shuning uchun yangi raqam sahifada bir soatgacha kechikib ko‘rinishi mumkin. ReLibrary raqami bog‘lanishlar jadvalidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanaladi, uning yonidagi “Tekshirilgan” sanasi esa moslashtirish shu ilmiy ishni oxirgi marta tekshirgan kun (undan keyin qo‘shilgan ilmiy ishda sana keyingi tekshiruvgacha yozilmaydi). Tashqi manba raqamining sanasi — o‘sha manba shu ilmiy ish uchun oxirgi marta so‘ralgan kun. Raqam o‘zgarmagan bo‘lsa ham sana yangilanadi: tarixga yangi qator faqat qiymat o‘zgarganda qo‘shiladi, tekshiruv vaqti esa alohida saqlanadi. Sana hech qachon haqiqatdagidan yangiroq ko‘rinmaydi. Har manba o‘z sanasi bilan ko‘rsatiladi. Qidiruv natijasida bir nechta manba bitta ustunda tursa, ulardan eng eskisining sanasi yoziladi; ulardan biri hali tekshirilmagan bo‘lsa, umumiy sana yozilmaydi.

Crossref iqtibos soni (is-referenced-by-count) DOI tekshirilganda olinadi va faqat o‘zgarganda yangi qator bilan saqlanadi; uning yonidagi sana — Crossref shu ilmiy ish uchun oxirgi marta so‘ralgan kun.

Nol va sana

ReLibrary, OpenAlex va Crossref qatorlari ilmiy ish, muallif va jurnal kartasida doim turadi: manbada raqam bo‘lsa — raqam, bo‘lmasa — 0 (platforma egasining 2026-09-25 dagi qarori). 0 uch xil holatni bildirishi mumkin: manba tekshirildi va iqtibos topmadi; manbada bu ilmiy ish umuman yo‘q (masalan OpenAlex bu DOI’ni topmadi); yoki manba hali tekshirilmagan. Birinchi ikki holatda 0 yonida haqiqiy tekshirilgan sana turadi, uchinchisida sana yozilmaydi — tekshirilmagan raqamga sana qo‘yilmaydi. Sanasiz raqam 0 dan katta ham bo‘lishi mumkin: ReLibrary raqami bog‘lanishlar jadvalidan jonli sanaladi, sana esa moslashtirish shu ilmiy ishni tekshirgandan keyin qo‘yiladi (odatda bir necha daqiqa). DOI’siz ilmiy ishni OpenAlex va Crossref umuman tekshirmaydi — bunday ilmiy ishda ularning 0 i doim sanasiz.

Muallif va jurnal kartasida OpenAlex va Crossref raqami — ularning ReLibrary’dagi ommaviy ilmiy ishlari bo‘yicha shu manba raqamlarining yig‘indisi. U OpenAlex yoki Crossref saytidagi muallif va jurnal ko‘rsatkichi bilan bir xil EMAS: OpenAlex muallifning ReLibrary’da yo‘q ilmiy ishlarini ham sanaydi, Crossref’da esa muallif darajasidagi son umuman yo‘q. Manbalar bir-biriga qo‘shilmaydi. Sana — shu ilmiy ishlar ichidagi eng eski tekshiruv; hali tekshirilmagan ilmiy ish yig‘indiga ham, sanaga ham kirmaydi.

O‘z-o‘ziga iqtibos

Iqtibos bergan va iqtibos olgan ilmiy ish kamida bitta muallifni baham ko‘rsa va bu muallifning shaxsi TASDIQLANGAN bo‘lsa, bu o‘z-o‘ziga iqtibos hisoblanadi. Tasdiqlangan deb faqat quyidagilar qaraladi: ikkala ilmiy ishdagi muallif satrida bir xil ORCID iD, yoki muallifning o‘zi da’vo qilgan, ORCID orqali tasdiqlangan yoki superadmin birlashtirgan/ajratgan profil. Harvest paytida ism bo‘yicha avtomatik yaratilgan profillar solishtirilmaydi — bir xil ismli ikki odam bitta profilga tushib qolgan bo‘lishi mumkin; ism bo‘yicha taxmin qilinmaydi. Shuning uchun ko‘rsatilgan ulush — pastki chegara. O‘z-o‘ziga iqtibos qoidabuzarlik emas va yashirilmaydi: maqola va muallif sahifasida ReLibrary raqami yonida uning ulushi va o‘z-o‘ziga iqtibossiz qiymat alohida ko‘rsatiladi (aniqlangan o‘z-o‘ziga iqtibos bo‘lmasa, bu qator chiqmaydi).

Avtomatik bog‘lanish, yuqori ishonch (skor)
≥ 0,95
Avtomatik bog‘lanish, past ishonch (skor)
0,80 – 0,95
Skor past bo‘lganda
0,80 dan past — moslik yo‘q
Yil qoidasi
havoladagi eng katta yil ilmiy ish yilidan kamida 2 yil oldin — bog‘lanmaydi
Qayta hisoblash davriyligi
yangi ilmiy ish yoki adabiyot kelgach bir necha daqiqada (navbat) va har kuni to‘liq; ommaviy sahifa soatiga bir marta yangilanadi
Anomaliya chegarasi
bir sondan yoki 14 kun ichida 6 va undan ortiq ilmiy ish
O‘z-o‘ziga iqtibos
sanaladi, ulushi alohida ko‘rsatiladi

RL CCI — ReLibrary korpus iqtibos ko‘rsatkichi

RL CCI (ReLibrary Corpus Citation Indicator — ReLibrary korpus iqtibos ko‘rsatkichi) — jurnal maqolalari ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda qanchalik keltirilganini ko‘rsatadigan nisbat. Qisqa nomi interfeysning hamma tillarida bir xil — RL CCI. U faqat jurnallar uchun hisoblanadi: konferensiya to‘plamlari maxrajga kirmaydi, ular uchun alohida ko‘rsatkich (RL CCI-C) bor va ikkalasi bir jadvalda solishtirilmaydi.

RL CCI(J, Y) = N / D. Maxraj D — J jurnalining Y−3 … Y−1 yillarda nashr etilgan ommaviy maqolalari. Surat N — (iqtibos keltirgan ishning kalendar oyi, iqtibos qilingan maqola) noyob juftliklari soni: iqtibos keltirgan ish — ReLibrary’da Y yilida chop etilgan har qanday ommaviy ilmiy ish (jurnal maqolasi ham, konferensiya tezisi ham); iqtibos qilingan maqola D ga kiradi; faqat sanaladigan bog‘lanishlar. Bitta kalendar oy bitta maqolaga ko‘pi bilan bir ball beradi.

Nega oy: har havola alohida sanalsa, bitta sondagi o‘nlab bir xil havola raqamni ko‘tarib yuboradi; birlik “son” bo‘lsa, jurnal yiliga chiqaradigan sonlar sonini o‘zgartirib raqamni boshqara olardi. Kalendar oyni jurnal tanlamaydi.

Iqtibos qilgan ilmiy ishning sanasi — uning nashr sanasi; u bo‘lmasa soni sanasi; ikkalasi ham bo‘lmasa bog‘lanish sanalmaydi.

Raqam faqat uch shart bajarilsa chiqadi: yil tugagan; surat kamida 30; eng ko‘p keltirilgan 5 ta maqola suratning 40 % idan ko‘pini bermaydi. Aks holda raqam o‘rniga “ma’lumot yetarli emas” va sababi yoziladi — “dastlabki” raqam chiqarilmaydi.

Raqam yonida doim turadi: qamrov (maxrajdagi maqolalarning Y yili oxirigacha kamida bir marta keltirilgan ulushi — u nisbatdan barqarorroq, shuning uchun birinchi ko‘rsatiladi), 95 % ishonch oralig‘i (maqola ballarining o‘rtachasi ± 1,96 · standart chetlanish / √D), suratning manbasi (jurnalning o‘zidan va ReLibrary’dagi boshqa jurnal va konferensiyalarda chop etilgan ishlardan; oy-maqola juftligida jurnalning o‘zidan kamida bitta iqtibos bo‘lsa — “o‘zidan”), versiya va tekshirilgan sana. Aniqlik — ikki kasr xonasi.

Eng muhim cheklov: RL CCI faqat ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlardan hisoblanadi. 2026-09-25 dagi o‘lchovda sanaladigan 1 375 bog‘lanishning 1 356 tasida (98,62 %; yil qoidasi qo‘llangandan keyin — 1 204 tadan 1 188 tasida, 98,67 %) iqtibos qilgan va qilingan ilmiy ish bitta manbada edi: ReLibrary’da hozircha ikki manba bor va ikkalasi ham bitta nashriyotniki. Shuning uchun RL CCI tashqi e’tirofni o‘lchamaydi, ReLibrary’dagi ishlar orasidagi iqtibos zichligini ko‘rsatadi. Jurnal kartasida suratning qancha qismi jurnalning o‘zidan kelgani har yil uchun ochiq yoziladi.

RL CCI nima uchun ishlatilmaydi

  • jurnallarni reyting yoki guruhlarga ajratish uchun;
  • boshqa tizimlarning jurnal ko‘rsatkichlari o‘rnida yoki ular bilan solishtirish uchun;
  • alohida maqola yoki muallifni baholash uchun — bu jurnal darajasidagi o‘rtacha qiymat;
  • OpenAlex, Crossref yoki boshqa manba raqami bilan qo‘shish yoki o‘rtachasini olish uchun;
  • darvozadan o‘tmagan yil uchun taxminiy raqam sifatida.

RL CCI (OpenAlex ma’lumoti)

“RL CCI (OpenAlex ma’lumoti)” — alohida qator: ayni maqolalar, oyna, maxraj va darvoza, surat esa OpenAlex bergan yil bo‘yicha iqtibos sonlari (counts_by_year). OpenAlex oyni bermaydi, shuning uchun oy qoidasi bu qatorga qo‘llanmaydi — surat xom son. DOI’si yo‘q maqola OpenAlex’da bo‘lmaydi va 0 sanaladi. OpenAlex yillik ma’lumoti maxrajdagi hamma topilgan maqola uchun yig‘ilmaguncha raqam chiqmaydi. Bu qator bizning RL CCI ga hech qachon qo‘shilmaydi.

Crossref qatori yo‘q: Crossref faqat jami iqtibos sonini (is-referenced-by-count) beradi, qaysi yilda keltirilganini emas — uch yillik oyna va Y yili uchun hisoblab bo‘lmaydi.

O‘z-o‘ziga iqtibos ulushi RL CCI yonida ko‘rsatilmaydi: tasdiqlangan muallif profili hozircha yo‘q, ism o‘xshashligi bo‘yicha esa taxmin qilinmaydi (yuqoridagi “O‘z-o‘ziga iqtibos” bo‘limi).

Har kuni iqtibos grafi qayta qurilgach hisoblanadi; kun davomida iqtibos raqami o‘zgargan jurnal bir necha daqiqada qayta hisoblanadi. Tarixga yangi qator faqat qiymat o‘zgarganda qo‘shiladi.

Versiyalar

  • v1 — 2026-09-25: birinchi versiya (uch yillik oyna, kalendar oy birligi, darvoza: surat kamida 30, top-5 ulushi ko‘pi bilan 40 %).

Formula (oyna, birlik, filtr yoki maxraj) o‘zgarsa — yangi versiya va yangi kalit; eski qiymatlar qayta hisoblanmaydi va ustiga yozilmaydi. Faqat matn o‘zgarsa versiya o‘zgarmaydi.

RL CCI-C — konferensiya iqtibos ko‘rsatkichi

“ReLibrary korpus iqtibos ko‘rsatkichi — konferensiya” (qisqa nomi hamma tillarda — RL CCI-C) konferensiya materiallari to‘plami ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda (maqola va tezislarda) qanchalik keltirilayotganini ko‘rsatadi. Konferensiya bir marta o‘tadi, shuning uchun u jurnal RL CCI dek yillik oyna bilan emas, voqeadan boshlab hisoblanadi.

RL CCI-C = N / W. W — konferensiya to‘plamining ommaviy ilmiy ishlari soni. N — (iqtibos qilgan ilmiy ish chiqqan kalendar oy, to‘plamdagi iqtibos qilingan ilmiy ish) noyob juftliklari soni: bitta ilmiy ishga bir oyda nechta havola kelmasin, u 1 ball. Havola yuqoridagi umumiy sanash qoidasidan o‘tgan bo‘lishi va voqea oyidan oldin chiqqan ilmiy ishdan kelmasligi kerak.

To‘plamning o‘z ichidan kelgan iqtiboslar ham, tashqaridan — jurnallardan va boshqa konferensiyalardan — kelganlari ham sanaladi va sahifada alohida ko‘rsatiladi: “shundan to‘plam ichidan X, tashqaridan Y”. Bitta juftlikka ikkala tomondan ham havola kelsa, u bir marta — to‘plam ichidan — sanaladi: tashqi ulush hech qachon oshirib ko‘rsatilmaydi (jurnal RL CCI dagi “o‘zidan” qoidasi bilan bir xil).

Qiymat yig‘ma: voqeadan bugungacha to‘planadi va har yangi iqtibos bilan o‘sishi mumkin, shuning uchun u doim “voqeadan N oy o‘tib” yozuvi bilan chiqadi. Voqea sanasi — to‘plam chiqqan sana (anjuman o‘tgan kun bazada saqlanmaydi).

Konferensiyalarni teng sharoitda solishtirish uchun “24 oylik bosqich” qiymati bor: xuddi shu formula, faqat voqea oyidan boshlab 24 kalendar oy ichida chiqqan ilmiy ishlardan kelgan iqtiboslar. U voqeadan 24 to‘liq oy o‘tgach bir marta yoziladi va o‘zgarmaydi. Konferensiyalar bir-biri bilan faqat shu qiymat bo‘yicha solishtiriladi.

Raqam uch shart bajarilganda chiqadi: voqeadan kamida 12 to‘liq oy o‘tgan; N kamida 30; eng ko‘p ball olgan 5 ilmiy ish N ning 40% idan ko‘pini bermaydi. Aks holda raqam o‘rniga “ma’lumot yetarli emas”, sababi va faktlar ko‘rsatiladi: nechta ilmiy ish keltirilgan, iqtiboslar qayerdan kelgan, voqeadan necha oy o‘tgan va 24 oylik bosqich qachon yopiladi. Raqam bilan birga uning 95% ishonch oralig‘i chiqadi (Puasson taqsimotining aniq usuli).

Odatda bitta to‘plam — bitta konferensiya. Bitta anjuman bir nechta to‘plamda chiqqan bo‘lsa, ular bitta konferensiya sifatida hisoblanadi va har to‘plam sahifasida bir xil ko‘rsatkich turadi. Konferensiyalar qatorida turgan jurnal maxsus soni shunday deb belgilanadi va shu qoida bilan hisoblanadi.

RL CCI-C jurnal RL CCI emas: ular bitta jadvalda, ro‘yxatda yoki saralashda turmaydi. OpenAlex va Crossref sonlari unga kirmaydi va manbalar hech qachon qo‘shilmaydi.

Hisob har kuni to‘liq yuradi, kun davomida esa yangi iqtibos kelgach bir necha daqiqada yangilanadi; sahifa soatiga bir marta qayta quriladi. Tarixga yangi qator faqat qiymat o‘zgarganda qo‘shiladi, “Tekshirilgan” sanasi esa har hisobda yangilanadi. Formula o‘zgarsa yangi versiya raqami beriladi va eski qiymatlar qayta yozilmaydi.

Versiya
RL CCI-C v1
Voqeadan kamida
12 to‘liq oy
Ballar (N) kamida
30
Top-5 ulushi ko‘pi bilan
40%
24 oylik bosqich
voqeadan 24 oy o‘tgach muzlaydi

Uch qatlamli manba modeli

Qatlamlar hech qachon bitta raqamga qo‘shilmaydi va o‘rtachasi olinmaydi. Har biri o‘z manbasi va tekshirilgan sanasi bilan yonma-yon turadi: ReLibrary: 12 · OpenAlex: 34 · Crossref: 29.

QatlamManbaNima beradiCheklovi
1ReLibrary ichki grafiiqtibos soni, kim iqtibos qilgani, o‘z-o‘ziga iqtibos ulushi, muallifning h- va i10-indeksifaqat baza ichidagi ilmiy ishlardan kelgan havolalar
2OpenAlexilmiy ishning iqtibos soni (cited_by_count), DOI bo‘yichafaqat DOI’li ilmiy ishlar; OpenAlex topmagan DOI uchun 0 ko‘rsatiladi (tekshirilgan sana bilan)
2Crossrefis-referenced-by-count — DOI’ga Crossref a’zolari depozit qilgan adabiyotlar ro‘yxatlaridagi havolalar soni; adabiyotlar ro‘yxati hamfaqat DOI’li ilmiy ishlar; ochiq API, kalitsiz

OpenCitations, Semantic Scholar, DataCite va nashriyot yoki muallif qo‘lda kiritgan dalil (3-qatlam) hozircha yig‘ilmaydi; qo‘shilganda shu jadvalda alohida qator bo‘lib chiqadi va boshqa raqamlarga qo‘shilmaydi.

h-indeks — formula, litsenziyalangan ma’lumot emas: ReLibrary h-indeksi o‘z korpusimiz bo‘yicha, muallifning ommaviy ilmiy ishlari olgan ReLibrary iqtiboslaridan hisoblanadi. U boshqa manbalarning h-indeksi bilan aralashtirilmaydi va yolg‘iz “h-indeks” deb yozilmaydi.

DOI’si yo‘q ilmiy ishlar OpenAlex va Crossref’da umuman bo‘lmaydi. Shuning uchun faqat mahalliy jurnallarda nashr qilgan muallifning tashqi raqamlari past chiqadi — bu muallifning kamchiligi emas.

Nega Google Scholar’dagi raqamdan farq qiladi?

Google Scholar’ning ochiq API’si yo‘q, uning sahifalarini avtomatik yig‘ish (scraping) esa foydalanish shartlarini buzadi va IP bloklanishiga olib keladi. Shuning uchun ReLibrary platformasida Scholar iqtiboslari ham, Scholar h-indeksi ham ko‘rsatilmaydi va saqlanmaydi. Sahifada “Scholar iqtiboslari: N” degan raqam chiqmaydi — u yo‘qligi uchun emas, biz uni olishga haqli bo‘lmaganimiz uchun.

Har bir manba o‘z qamroviga ega, shuning uchun raqamlar tabiiy ravishda farq qiladi. Bu xato emas. Asosiy sabablar:

  • Qamrov. ReLibrary faqat o‘zida chop etilgan ilmiy ishlar orasidagi bog‘lanishlarni sanaydi; Crossref faqat DOI’li yozuvlarni; OpenAlex kengroq, lekin u ham hamma narsani ko‘rmaydi.
  • DOI. DOI’siz maqola tashqi indekslarda umuman ko‘rinmaydi.
  • Muallif aniqlash. O‘zbek ismi lotin, kirill va rus transliteratsiyasida uch xil yozilgani uchun tashqi bazada bitta muallif bir nechta profilga bo‘linib ketishi mumkin.
  • Yangilanish sanasi. Manbalar turli kunlarda tekshiriladi, shuning uchun har raqam o‘z sanasi bilan beriladi va bir kunda olingan ikki raqam turli sanaga tegishli bo‘lishi mumkin.
  • Nima iqtibos deb sanaladi. Ba’zi manbalar preprint, dissertatsiya yoki hisobotlardagi havolalarni ham sanaydi, ba’zilari yo‘q.

Iqtibos raqamlari doimo o‘zgaradi. Attestatsiya, OAK yoki grant hujjatiga raqam kiritilsa, uning yonida manba nomi va tekshirilgan sana ham bo‘lishi shart — sanasiz raqam hujjatda ishlatilmaydi.

Foydalanilmaydigan manbalar

Quyidagilar qat’iy taqiqlangan. Bu texnik cheklov emas, huquqiy qaror:

  • YO‘Q

    Google Scholar sahifalarini scraping qilish

    Ochiq API yo‘q; avtomatik yig‘ish foydalanish shartlarini buzadi va IP bloklanishiga olib keladi. Scholar iqtiboslari va Scholar h-indeksi platformada ko‘rsatilmaydi hamda bazada saqlanmaydi.

  • YO‘Q

    Scopus va Web of Science ma’lumoti — litsenziyasiz

    API kalitlari obunachi tashkilotning ichki ishlatishi uchun beriladi va uchinchi shaxslarga ochiq platformada ko‘rsatishga ruxsat bermaydi. Sahifada “Scopus h-indeksi” degan raqam chiqmaydi.

  • YO‘Q

    “Impact Factor”, “CiteScore”, “Q1–Q4” nomlarini o‘z ko‘rsatkichimizga ishlatish

    Bular himoyalangan va litsenziyalanadigan nomlar. Bizning ko‘rsatkichlarimiz aniq nomlanadi: “ReLibrary iqtiboslari”, “ReLibrary h-indeksi”, “Metadata sifati”.

ReLibrary ko‘rsatkichlari o‘z korpusi bo‘yicha hisoblanadi. Scopus, Web of Science va Google Scholar ma’lumotlari ishlatilmaydi. Litsenziya rasman olinsa, bu qaror alohida shartnoma asosida qayta ko‘rib chiqiladi va sahifada yangilanadi.

Metadata sifat skori

Har bir yozuv 0–100 oralig‘ida texnik sifat skori oladi: u metadata qanchalik to‘liq va to‘g‘ri kelganini o‘lchaydi. Joriy taqsimot quyidagicha:

Majburiy maydonlar
50%
Identifikatorlar
15%
Muallif / affiliatsiya
15%
Annotatsiya / kalit so‘zlar
10%
Huquq / to‘liq matn holati
10%

Amaldagi formula: 1-versiya, 2026-10-10 dan.

Og‘irliklarni faqat platforma superadmini o‘zgartiradi; har o‘zgarish versiyalanadi va auditga yoziladi, zona chegaralari o‘zgarmaydi.

< 70qizil70–89sariq≥ 90yashil

Bu ilmiy sifat emas.

Skor maqolaning ilmiy qiymatini, jurnal reytingini yoki muallif malakasini baholamaydi. U faqat yozuvdagi maydonlar to‘liqligini ko‘rsatadi: yuqori skorli yozuv zaif maqolaga, past skorli yozuv esa kuchli maqolaga tegishli bo‘lishi mumkin. Past skor — jurnalga metadata’ni to‘ldirish uchun signal, maqolaga qo‘yilgan baho emas.

Ko‘rishlar, yuklab olishlar va saytda o‘qishlar

Bu raqamlarni ReLibrary o‘zi sanaydi va ular faqat shu saytdagi foydalanishni ko‘rsatadi. Ular iqtibos ham, ilmiy sifat ko‘rsatkichi ham emas va iqtibos raqamlariga qo‘shilmaydi; jurnal saytidagi yoki boshqa platformadagi ko‘rishlar bu yerga kirmaydi.

  • Ko‘rish — ilmiy ish yoki jurnal sahifasining brauzerda ochilishi. Katalogdagi jurnal kartasidagi «Ko‘rishlar» — jurnal ilmiy ishlari sahifalarining ko‘rishlari va jurnal sahifasining o‘z ko‘rishlari yig‘indisi (ikkalasi ham ReLibrary’ning bir xil o‘lchovi).
  • Yuklab olish — to‘liq matn fayli ReLibrary domenidan haqiqatan berilgan holat. Ilmiy ishning PDF fayli jurnal saytida tursa, u yerdagi yuklab olishlar bizga ko‘rinmaydi. Shuning uchun jurnalda bizdan beriladigan fayl bo‘lmasa, kartadagi «Yuklab olishlar» plitkasi «ma’lumot kutilmoqda» deydi — soxta nol yozilmaydi.
  • Saytda o‘qish — yuklab olinmaydigan ilmiy ishni o‘qish sahifasida ochish (sahifalar rasm sifatida ko‘rsatiladi). U alohida sanaladi va ko‘rish yoki yuklab olishga qo‘shilmaydi; ilmiy ish sahifasida bu qator faqat noldan katta bo‘lsa chiqadi.

Kim sanaladi. Robotlar, skriptlar va brauzer satri bo‘sh so‘rovlar sanalmaydi; oldindan yuklash (prefetch) va boshqa saytga yashirin joylangan rasm yoki ramka ham ochish hisoblanmaydi. Bitta tashrifning takrori 30 soniya ichida bir marta va bir soat ichida (Toshkent vaqti bo‘yicha, soat boshidan) bir marta sanaladi. Bitta tashrifchi bitta ilmiy ishning hisobini kuniga ko‘pi bilan 5 marta, bitta tarmoq esa ko‘pi bilan 20 marta oshira oladi.

Bazaga faqat kunlik son yoziladi: qaysi ilmiy ish yoki jurnal, qaysi tur, qaysi kun va nechta. IP manzil, hisob, sessiya, brauzer satri va soat saqlanmaydi. Takrorni ajratadigan kalit qaytarib bo‘lmaydigan xesh bo‘lib, faqat server xotirasida turadi va bazaga tushmaydi.

Manipulyatsiya himoyasi

Iqtibos grafi platformaning obro‘si, shuning uchun sun’iy ko‘tarilgan raqamlarga qarshi quyidagi qoidalar ishlaydi:

  • Bir sondan yoki qisqa davrdan g‘ayritabiiy ko‘p havola. Bitta ilmiy ishga bitta jurnal sonidagi (yoki qisqa vaqt ichida chiqqan) ilmiy ishlardan me’yordan keskin ko‘p havola kelsa, bunday bog‘lanishlar anomaliya belgisini oladi. Qoida: bitta ilmiy ishga bitta jurnal sonidan yoki nashr sanalari istalgan 14 kunlik oraliqqa tushadigan 6 va undan ortiq turli ilmiy ishdan havola kelsa, shu guruhning barcha bog‘lanishlari shu belgini oladi. Chegara korpusdagi haqiqiy taqsimotdan olingan: odatda bitta sondan bir ilmiy ishga 1–5 ta havola keladi.
  • Iqtibos halqalari va qisqa vaqtdagi ko‘p o‘z-o‘ziga iqtibos. Bir guruh muallif yoki jurnalning bir-biriga tsikl hosil qilib iqtibos berishi hozircha avtomatik aniqlanmaydi. Har bir o‘z-o‘ziga iqtibos (yuqoridagi ta’rif bo‘yicha) o‘z belgisini oladi; muallif bir sondan yoki qisqa vaqt ichida o‘z ishlariga ko‘p havola bersa, yuqoridagi to‘planish qoidasi bu bog‘lanishlarni anomaliya deb belgilaydi. Bundan tashqari o‘z-o‘ziga iqtibos ulushi har ilmiy ish va muallif uchun ochiq ko‘rsatiladi — o‘quvchi uni o‘zi ko‘radi.

Belgi avtomatik ayblov emas va bog‘lanishni sanashdan to‘xtatmaydi: iqtiboslar avtomatik sanaladi va hech biri superadmin tasdig‘ini kutmaydi. Superadmin xohlasa sanalgan bog‘lanishni ko‘rib chiqib olib tashlashi mumkin — qaror audit jurnalida iz qoldiradi va qaytarilishi mumkin. O‘z-o‘ziga iqtibos o‘zi qoidabuzarlik emas — u yashirilmaydi, balki alohida ulush sifatida ochiq ko‘rsatiladi.

Superadmin qarori (tasdiq, rad yoki sanalgan bog‘lanishni olib tashlash) kundalik qayta hisoblashda, PDF’dan qayta ajratishda, importda va qo‘lda tahrirda saqlanadi: havola matni tuzatilsa yoki boshqacha formatlansa ham qaror o‘sha yozuvga ko‘chadi. Yozuv ro‘yxatdan butunlay olib tashlansa, tasdiqlangan bog‘lanish u bilan ketadi (bu audit jurnaliga yoziladi), rad etilgan juftlik esa superadmin qarorni qaytarmaguncha qayta bog‘lanmaydi.

Metodologiyaga oid savol yoki e’tiroz bo‘lsa — Aloqa.