Platforma haqida
Maxfiylik siyosati
Bu sahifa saytda qanday ma’lumot saqlanishini aynan sanab beradi; ro‘yxatda yo‘q narsa yig‘ilmaydi.
Qanday ma’lumot saqlanadi
Tizimga kirmagan tashrifchi haqida hisob ma’lumoti saqlanmaydi: faqat tanlangan interfeys tili cookie’da qoladi.
Hisob ochganingizda elektron pochta manzilingiz va ko‘rsatgan ismingiz saqlanadi. Har kirishda sessiya yozuvi paydo bo‘ladi: token xeshi, amal qilish muddati, IP manzil va brauzer satri. Kabinetdagi sessiyalar ro‘yxati va «boshqa qurilmalarni chiqarish» tugmasi aynan shu yozuvga tayanadi — IP va brauzersiz begona kirishni ajratib bo‘lmaydi.
Muhim amallar audit jurnaliga tushadi: kim (e-pochta), qachon, qaysi amal, qaysi yozuv ustida, oldingi va yangi qiymat, IP manzil va brauzer satri. Bu jurnal keyin o‘zgartirilmaydi va o‘chirilmaydi.
Shartlarga bergan roziligingiz alohida dalil bo‘lib qoladi. Ro‘yxatdan o‘tishda (e-pochta bilan ham, ORCID bilan ham) rozilik audit jurnaliga yoziladi: foydalanish shartlari va maxfiylik siyosatining sanasi, vaqt, IP manzil va brauzer satri. Jurnal ofertasi va asar yuklash shartlari uchun: shartlar versiyasi, matn xeshi, vaqt, IP manzil, brauzer satri va o‘sha paytdagi e-pochta nusxasi. Xarid roziligida ham shular saqlanadi, ustiga sotuvchi rekvizitlarining o‘sha paytdagi nusxasi va sizga ko‘rsatilgan to‘lov havolalari qo‘shiladi; u yerdagi xesh esa matn xeshining o‘zi emas — u matn xeshi va sotuvchi nusxasidan birga hisoblanadi.
Bank kartasi ma’lumotlari so‘ralmaydi va saqlanmaydi. Qidiruv so‘rovlari hisobga bog‘lab yozilmaydi. Pullik asar sahifasini ochganingiz kuniga bir marta qayd etiladi — qaysi asar, qaysi hisob va qachon; bu sotuvchiga asarini qancha odam ochganini ko‘rsatadi. Tizimga kirmagan tashrifchining ochishi ham sanaladi, lekin hech qanday belgisiz: na hisob, na IP manzil, na brauzer satri yoziladi — shu sababli bunday ochishlar kuniga bir martaga keltirilmaydi, har biri alohida sanaladi.
Har bir asar sahifasining ochilishi, to‘liq matn faylining berilishi va asarni saytdagi o‘qish sahifasida ochish kunlik son sifatida yoziladi: qaysi asar, ko‘rish, yuklab olish yoki saytda o‘qish, qaysi kun va nechta. Jurnal sahifasining ochilishi ham shunday yoziladi: qaysi jurnal, qaysi kun va nechta. Bu yozuvlarda IP manzil, hisob, sessiya, brauzer satri va soat YO‘Q — ya’ni ulardan bitta odamning yo‘lini tiklab bo‘lmaydi. Tizimga kirmagan tashrifchi ham shu tarzda sanaladi. Robot so‘rovlari hisobga kirmaydi; bir tashrifning takrori 30 soniya ichida bir marta, bir soat ichida (Toshkent vaqti bo‘yicha, soat boshidan) bir marta va bir kunda ko‘pi bilan besh marta sanaladi; bu chegaralar faqat server xotirasida yashaydi va bazaga tushmaydi. Cookie, JavaScript va piksel ishlatilmaydi.
Yuklangan fayllar
Jurnal maqolasining PDF fayli serverda saqlanmaydi: matn ajratiladi, fayl o‘chiriladi. Muallif o‘zi yuklagan dissertatsiya, avtoreferat, monografiya va darslikning PDF fayli esa serverda qoladi — asar shu fayldan o‘qitiladi.
Ko‘rib chiqishdan o‘tmagan yuklama ham serverda qoladi. Taklif rad etilsa yozuv ommaga chiqmaydi, lekin fayl ham, u bilan birga saqlangan huquq egaligi tasdig‘i ham o‘chirilmaydi: kim, qachon va qanday faylni yuborgani nizoda dalil bo‘ladi. Faylni o‘chirish avtomatik emas — so‘rovni info@relibrary.uz ga yozasiz, qarorni ReLibrary superadmini qabul qiladi.
Tekshiruvdan o‘tmagan fayl (karantin)
Antivirus toza degan, lekin ichida o‘zi ishga tushadigan qism bor yoki tuzilmasini o‘qib bo‘lmaydigan PDF karantinga olinadi. Superadmin qaror qilguncha fayl ommaviy bo‘lmagan joyda, yuklama ma’lumotlari (sarlavha, annotatsiya, mualliflar, litsenziya) va huquq egaligi tasdig‘i bilan birga yuborilgan IP manzil hamda brauzer nomi esa karantin yozuvida saqlanadi. Faylni faqat superadmin ko‘rib chiqadi — topilgan sabablar, hajm va nazorat yig‘indisi (SHA-256) bo‘yicha; fayl hech kimga, superadminga ham, yuklab berilmaydi.
Chiqarilsa yuklama odatdagi yo‘ldan o‘tadi va IP manzil hamda brauzer nomi huquq egaligi tasdig‘ida qoladi. Rad etilsa fayl serverdan o‘chiriladi, karantin yozuvidan IP manzil, brauzer nomi va e-mail nusxasi olib tashlanadi; qaror va uning sababi audit jurnalida qoladi. Muallif holatni kabinetdagi «Yuklaganlarim» sahifasida ko‘radi va qaror haqida xat oladi.
Nashr dalili rasmlari
Saytda yoki DOI orqali tekshirib bo‘lmaydigan bosma son yoki ilmiy ish kiritilganda, nashr haqiqatan chiqqanini ko‘rsatish uchun rasmlar so‘raladi: titul sahifasi, titul orqasi (nashr ma’lumotlari), mundarija, muqova yoki PDF’ning birinchi beti. Birinchi bet rasmi PDF’dan avtomatik olinadi; PDF’ning o‘zi saqlanmaydi. Muallif maqola yoki tezis PDF’ini yuklaganda birinchi bet rasmi har doim olinadi — havola yoki DOI ko‘rsatilgan bo‘lsa ham — va qaror chiqquncha yopiq saqlanadi.
Rasm yuklanganda qayta yoziladi: joylashuv, qurilma va boshqa EXIF ma’lumotlari olib tashlanadi. Rasmlar ommaviy sahifada ko‘rsatilmaydi, ochiq havolasi yo‘q va zaxira nusxasiga kirmaydi. Ularni faqat yuklagan odam, shu jurnal xodimlari (son va jurnal rasmlarini) va superadmin ko‘radi. Audit jurnaliga rasmning o‘zi emas, faqat turi, hajmi va nazorat yig‘indisi (SHA-256) yoziladi.
Muallif yuklagan rasmlar ilmiy ish bo‘yicha qaror chiqqanda o‘chiriladi — faqat nazorat yig‘indisi qoladi. Qaror chiqquncha muallif o‘z rasmini kabinetidan o‘chirishi mumkin. Son va jurnal rasmlari qarordan keyin ham yopiq saqlanadi: ular keyingi shikoyat, mualliflik nizosi yoki takror yozuvlarni bog‘lashda dalil bo‘ladi.
Rasmda boshqa odamlarning ismlari ko‘rinishi mumkin. Shuning uchun faqat titul va mundarijani suratga olish va keraksiz qismini qirqib tashlash so‘raladi.
Qaror chiqmagan muallif rasmlari hamda son va jurnal rasmlari qancha muddat saqlanishi hali hal qilinmagan — «Hali hal qilinmagan» bo‘limiga qarang.
Muammo haqidagi xabarlar
Muammo haqida xabar (/complaints/) yuborganingizda quyidagilar saqlanadi: muammo turi, yozuv raqami, siz yozgan matn, ixtiyoriy dalil havolasi, elektron pochtangiz va xat tili. Hisob talab qilinmaydi. IP manzilingiz va brauzer nomi saqlanmaydi: suiiste’molni cheklash uchun tarmoq manzilidan server siri bilan olingan kunlik bir tomonlama iz yoziladi — undan manzilni tiklab bo‘lmaydi va u bir sutkadan keyin o‘chiriladi.
E-mail va matnni faqat superadmin ko‘radi; ular ro‘yxatlarga, xatlarga va audit jurnaliga tushmaydi. Audit jurnaliga faqat xabar raqami, turi, yozuv raqami va superadmin amallari yoziladi. Qaror va uning sababi sizga va, yozuvni ReLibrary’ga kim yuklagani ma’lum bo‘lsa, unga ham yuboriladi; tomonlar bir-birining e-mail manzilini va matnini ko‘rmaydi. Holat sahifasi havolasining kaliti bazada faqat xesh sifatida turadi.
Xabarlar qancha vaqt saqlanishi hali hal qilinmagan — «Hali hal qilinmagan» bo‘limiga qarang.
Tasdiq navbati va uning tarixi
Jurnal admini yoki muallif kiritgan har bir yozuv va har bir o‘zgartirish avval taklif bo‘lib navbatga tushadi. Taklifda nima taklif qilingani, undan oldin nima turgani, kim yuborgani va qaysi rolda, izohi, qarori va qaytarilgan bo‘lsa qaytarish sababi saqlanadi.
Bu tarix taklif hal qilingandan keyin ham qoladi va o‘chirilmaydi — yozuv nega hozirgi holida turganini faqat shu ko‘rsatadi. Taklifni yuborgan odam o‘z takliflarini kabinetida ko‘radi, superadmin hammasini ko‘radi; ommaviy sahifada taklif tarixi ko‘rsatilmaydi.
Kutubxona va muallif profili so‘rovlari
Kutubxonaga saqlagan ishlaringiz hisobingizga bog‘lab saqlanadi: qaysi ish, qachon saqlangani va o‘zgartirilgani, siz bergan papka nomi, teglar va shaxsiy izoh. Kutubxonani faqat siz ko‘rasiz: u ommaviy sahifada chiqmaydi, izohlar audit jurnaliga yozilmaydi, superadmin boshqa hisob nomidan ishlaganda ham saqlangan ishlar va izohlar unga ko‘rsatilmaydi.
Muallif profilingiz uchun «Tavsiya qilmang» deb belgilagan ishlaringiz eslab qolinadi — ular sizga qayta tavsiya qilinmaydi. «Bu ish meniki emas», profillarni birlashtirish va ishlarni ajratish so‘rovlarida siz yozgan sabab yoki dalil, so‘rov holati, superadmin qarori va rad etilganda uning sababi saqlanadi. Bu so‘rovlarni siz va superadmin ko‘rasiz; ular tasdiq navbati tarixining bir qismi.
Hammasi «Ma’lumotlarim» faylida bor: saqlangan ishlar (papka, teglar va izoh bilan), «Tavsiya qilmang» belgilari va profil so‘rovlaringiz.
Hisob o‘chirilganda saqlangan ishlar, papkalar, teglar, izohlar va «Tavsiya qilmang» belgilari o‘chiriladi. Ko‘rib chiqilmagan profil so‘rovlari o‘chirishni ushlab turmaydi — ular qaytarib olingan bo‘ladi; hal qilingan so‘rovlar tasdiq navbati tarixida qoladi.
Buyurtma, to‘lov dalili va qaytarish
Asar sotib olinganda buyurtma yozuvi paydo bo‘ladi: qaysi asar, summa, holat va muddat. Pul sayt ichida qabul qilinmaydi — sotuvchi to‘lov havolasini beradi. Siz buyurtmada «to‘ladim» deb belgilaganingizda ko‘rsatgan to‘lov usuli, kvitansiya raqami va izohingiz saqlanadi. To‘lov tasdiqlanganda bank yoki to‘lov tizimidagi tranzaksiya raqami va sanasi yoziladi; sotuvchi ixtiyoriy fiskal chek raqami va izoh qo‘shishi mumkin. Sotuvchining buyurtmaga yozgan savoli va rad etish sababi ham shu yerda qoladi.
Pul qaytarilsa, qaytarish alohida yoziladi: kanal, tranzaksiya raqami, sana, summa va sabab; kirish huquqi to‘xtatiladi. Tasdiq, qaytarish va rozilik yozuvlari keyin o‘zgartirilmaydi va o‘chirilmaydi — ular hisob-kitobda va nizoda dalil bo‘ladi.
ORCID
ORCID’ni ulash ixtiyoriy va u faqat siz boshlaganingizda bo‘ladi. Ulaganingizda ReLibrary uch narsani saqlaydi: ORCID iD, ORCID’dagi ismingiz va tasdiqlangan vaqt. ORCID bergan kirish tokeni (access va refresh) hech qayerda saqlanmaydi. Ulanish oqimining o‘zida bir martalik holat qiymati 10 daqiqaga qoladi, uning ham xeshi.
ORCID bilan ro‘yxatdan o‘tsangiz, ORCID tasdiqlagan iD va ism forma yuborilguncha 15 daqiqa saqlanadi, brauzeringizda esa faqat tasodifiy belgi turadi. Forma yuborilsa, shu ma’lumotdan hisob ochiladi va vaqtinchalik yozuv o‘chadi; yuborilmasa, u yarim soat ichida o‘chiriladi. Hisobdagi ism ORCID’dagi ismdan olinadi, elektron pochtani esa o‘zingiz yozasiz.
ORCID iD — ommaviy ma’lumot: u muallif profilida va yozuv sahifasida ko‘rinadi. Ulanishni kabinetdan uzish mumkin; o‘shanda iD ham, ORCID’dagi ism ham hisobdan olib tashlanadi. ORCID bilan ochilgan hisobda parol yo‘q, shuning uchun uzishdan oldin parol qo‘yiladi.
Qidiruv tarixi va saqlangan qidiruvlar
Hisobingizga kirgan holda qidirsangiz, oxirgi 20 ta qidiruv (so‘rov matni, filtrlar, natija soni va vaqti) kabinetingizda saqlanadi. Mehmon uchun tarix saqlanmaydi. Tarixni istalgan paytda tozalash mumkin; u «Ma’lumotlarimni yuklab olish» fayliga kiradi va hisob o‘chirilganda o‘chadi.
Saqlangan qidiruvga xabar chastotasini tanlasangiz, yangi yozuvlar har kuni tekshiriladi va bitta xat yuboriladi. Har xatda xabarlarni to‘xtatish havolasi bor, pochta dasturingizdagi «Obunani bekor qilish» tugmasi esa ularni darhol to‘xtatadi.
Sayt ishlashini o‘lchash uchun qidiruv qancha vaqt olgani va natija bermagan so‘rov matni hisobga olinadi. Bunda kim qidirgani, IP manzil va brauzer yozilmaydi.
Ommaviy sahifada nima ko‘rinadi
Ommaviy sahifada yozuvning metadatasi turadi: sarlavha, mualliflar, annotatsiya, kalit so‘zlar, adabiyotlar ro‘yxati va manba havolasi. Muallif ismi va uning manbadagi ish joyi yozuvning bir qismi — ular yashirilmaydi.
Telefon raqamlari ko‘rsatilmaydi. Annotatsiya, to‘liq matn va boshqa matnlarda uchragan raqam sahifada, meta teglarda, OAI javobida va eksport fayllarida «telefon raqami yashirilgan» degan yozuv bilan almashtiriladi; bazadagi asl matn o‘zgarmaydi. Elektron pochta manzillari esa qoladi: ular maqolada aloqa uchun beriladi va ko‘pincha muallif bilan bog‘lanishning yagona yo‘li.
Jurnal pasportida tahrir hay’ati ro‘yxati ochiq turadi: a’zoning ismi, lavozimi, ish joyi, mamlakat kodi, ORCID iD si va a’zolik sanalari. Bu ma’lumotni jurnalning o‘zi e’lon qiladi va u indekslash bazalari so‘raydigan ma’lumot. Hay’atdan chiqqan odamning yozuvi o‘chirilmaydi — tugash sanasi qo‘yiladi va yozuv tarixda qoladi. Yillik tahririy statistikani ham jurnal e’lon qiladi; ommaviy sahifada uni KIM kiritganining ismi ko‘rsatilmaydi, faqat jurnal tahririyati va sana yoziladi.
Uchinchi tomon xizmatlari
Sahifalarga tashqi analitika, reklama pikseli yoki tashqi skript ulanmagan. Shriftlar loyiha qurilishi paytida yuklab olinadi va ReLibrary domenidan beriladi, ya’ni brauzeringiz ularni tashqi serverdan so‘ramaydi. Manba saytiga havolani bosganingizda esa o‘sha saytning o‘z qoidalari ishlaydi — ReLibrary bunga aralashmaydi. Metadata yig‘uvchi robot manba saytlariga o‘zini ReLibrary/0.1 (+https://relibrary.uz; harvester; mailto:info@relibrary.uz) deb tanishtiradi.
Ma’lumotingizni ko‘rish va tuzatish
Kabinetdagi «Ma’lumotlarim» bo‘limi hisobingizga tegishli hamma narsani bitta faylga yig‘ib beradi: profil, sessiyalar ro‘yxati, rollar, roziliklar, buyurtmalar, yuklagan asarlaringiz, ORCID va muallif da’volaringiz. Parol, token va boshqa sirlar bu faylga tushmaydi. Eksport soatiga uch martagacha.
Noto‘g‘ri yozilgan ma’lumotni tuzatish uchun info@relibrary.uz ga yozing. Chiqish tugmasi sessiyani yopadi: cookie o‘chiriladi, bazadagi yozuv esa audit uchun «bekor qilingan» belgisi bilan qoladi.
E-pochta: info@relibrary.uz
Hisobni o‘chirish
Hisobni kabinetdan o‘chirishga qo‘yish mumkin. So‘rov berilgan zahoti hisob nofaol bo‘ladi, hamma sessiya yopiladi va to‘lanmagan buyurtmalar bekor qilinadi. O‘chirish 14 kundan keyin bajariladi — shu muddat ichida fikringizni o‘zgartirsangiz, hisob qaytariladi.
Hisobda hal qilinmagan taklif yoki ochiq to‘lov bo‘lsa, o‘chirish o‘sha ish tugagunicha ushlab turiladi va sizga xabar beriladi.
Muddat kelganda shaxsiy maydonlar tozalanadi: e-pochta, ism, parol, ORCID, muallif profili bilan bog‘lanish, ikki bosqichli kirish, sessiyalar va ulardagi IP va brauzer satri, saqlangan qidiruvlar va ogohlantirishlar. Yuklagan asarlaringiz ilmiy yozuv sifatida qoladi, lekin hisobdan uziladi va sahifadagi «manba» nomi ism o‘rniga platforma nomiga almashadi. Yozuvning OAI sanasi siljimaydi: boshqa indekslar uchun maqola «o‘zgardi» bo‘lib ko‘rinmaydi.
Nima qoladi: roziliklar (o‘sha paytdagi e-pochta nusxasi bilan), audit jurnali, buyurtmalar, to‘lov va qaytarish dalillari hamda taklif tarixi. Bular hisob-kitobda va nizoda dalil bo‘ladi — ular o‘chirilsa, to‘lov bo‘lgan-bo‘lmaganini keyin tekshirib bo‘lmasdi.
Hali hal qilinmagan
Ikki savol ochiq va ularni yurist hal qiladi: yuqorida sanab o‘tilgan dalillar — rozilik, audit jurnali, buyurtma va to‘lov yozuvlari, taklif tarixi, saqlangan fayllar, nashr dalili rasmlari, kunlik foydalanish soni va tahrir hay’ati yozuvlari — qancha muddat saqlanadi, va ma’lumotni tuzatish yoki o‘chirish so‘rovi qancha vaqt ichida ko‘riladi.
Bugungi holat: bu yozuvlar muddat belgilanmagan holda saqlanadi, so‘rovlar esa kelgan tartibda, qo‘lda ko‘riladi. Muddatlar belgilangach shu sahifaga yoziladi.
Oxirgi yangilanish: 2026-10-07