Janubiy Orolbo‘yi suv havzalari rejimining shakllanishiga ta‘sir etuvchi ekologik omillarni baholash (Jiltirbas ko‘li misolida)
Allamuratova Ziywar Bauatdinovna, Dauletmuratova Barno Kuatovna · Orolbo‘yi hududida suvdan foydalanish samaradorligi va sho‘rlanishning qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi hamda aholi hayot faoliyatiga ta‘sirini monitoring va nazorat qilish uchun iqlimga chidamli innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish · 2026
Ushbu tadqiqotning maqsadi Janubiy Orolbo‘yi suv havzalaridan biri bo‘lgan Jiltirbas ko‘lining suv rejimi shakllanishiga ta‘sir etuvchi asosiy tabiiy va antropogen ekologik omillarni baholashdan iborat. Tadqiqotda gidrologik va gidrografik ma‘lumotlarni tahlil qilish, masofadan zondlash materiallarini solishtirish, suv yuzasi maydoni va suv sathi o‘zgarishlarini baholash, shuningdek, mavjud ilmiy adabiyotlar hamda kartografik materiallardan foydalanildi. Jiltirbas ko‘li Janubiy Orolbo‘yi ekologik tizimida muhim suv obyekti bo‘lib, uning rejimi daryo-delta tarmoqlari, kollektor-zovur oqimlari, yog‘in, bug‘lanish, harorat, grunt suvlari va suv xo‘jaligi boshqaruvi bilan chambarchas bog‘liq. Mavjud tadqiqotlar ko‘lning suv sathi va suv yuzasi maydonida yillar va mavsumlar bo‘yicha sezilarli o‘zgarishlar kuzatilishini ko‘rsatadi. 2023-yilgi tadqiqotda Jiltirbasning gidrografiyasi, morfometriyasi va zamonaviy holati Google Earth, SAS Planet, USGS materiallari hamda fond ma‘lumotlari asosida baholangan. 2025-yilgi tadqiqot esa Janubiy Orolbo‘yi ko‘llarining uzoq muddatli fazaviy o‘zgarishlarini Landsat tasvirlari va NDWI/MNDWI indekslari yordamida tahlil qilgan. Natijalar Jiltirbas ko‘lining doimiy suvli ko‘l sifatidagi holatini saqlab qolish uchun suv almashinuvi, suv sathi va ekologik ko‘rsatkichlarni muntazam monitoring qilish zarurligini ko‘rsatadi.