Abdurashidov Akhror, Mardieva Kamila, Eshboev Farhod Bakir ugli · Status and Development Prospects of Fundamental and Applied Microbiology: The Viewpoint of Young Scientists · 2026
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidan yig‘ilgan Thermopsis alterniflora o‘simligidan ajratilgan endofit zamburug‘ S34 izolyati etilatsetatli ekstraktining antimikrob faolligi agar-disk diffuziya usulida baholandi. Ekstrakt Bacillus subtilis (12 ± 0,33 mm), Pseudomonas aeruginosa (9 ± 0,19 mm) va Staphylococcus aureus (7 ± 0,12 mm) o‘sishini to‘xtatdi, Escherichia coli va Candida albicansga nisbatan esa faollik kuzatilmadi.
Ergashova Manzura Farkhod kizi, Kadirova Zuhra Abrarovna · Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi · 2026
Ziziphora pedicellata — Lamiaceae oilasiga mansub, Markaziy Osiyoda keng tarqalgan qimmatli dorivor xushbo‘y o‘simlik. Bu tur efir moylari, flavonoidlar, fenol birikmalari va terpenoidlarga boy bo‘lib, sezilarli antibakterial, antioksidant va shifobaxsh xususiyatlarga ega. Tadqiqotda turli erituvchilar va ultratovush yordamida ekstraksiya qilish usullaridan foydalanib biologik faol fitoekstraktlar olish texnologiyasi, shuningdek, ularning Staphylococcus aureus va Escherichia coli kabi patogen bakteriyalarga nisbatan in vitro antibakterial samaradorligi baholandi. Yuqori unum va kuchli antimikrob ta‘sirga erishish imkonini beruvchi maqbul ekstraksiya parametrlari aniqlandi.
Djalilova Mavluda Khayrulla kizi, Khidirova Mastura Abdukholimovna, Bekmurodova Gullola Amirovna · Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi · 2026
Tadqiqotda 18 ta sut kislotasi bakteriyasi shtammining DPPH, superoksid anioni va gidroksil radikallariga qarshi antioksidant faolligi baholandi. Yuqori faollik ko‘rsatgan Lactiplantibacillus plantarum TK1 va KA3 shtammlarining kultura suyuqligidagi erkin aminokislotalar tarkibi tahlil qilindi. Ushbu shtammlarda glutation biosintezi uchun zarur glutamat, sistein va glitsin miqdorining yuqoriligi aniqlandi. Natijalar TK1 va KA3 shtammlarining antioksidant va biotexnologik potensiali yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
Davronova Gulnoza Khuramovna, Bekmurodova Gullola Amirovna, Miralimova Shakhlo Mirjamalovna · Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi · 2026
Mahalliy bozorlarda sotiladigan tovuq go‘shti va shaurma namunalaridan ajratib olingan bakterial izolyatlarning antibiotiklarga sezgirligi baholandi. Izolyatlarning streptomitsin, sefotaksim, siprofloksatsin, tetratsiklin va ampitsillinga sezgirligi disk-diffuzion usulda aniqlandi. Tovuq go‘shti namunalaridan 34 ta, shaurma namunalaridan esa 14 ta bakterial izolyat ajratib olindi. Ulardan 8 tasida ko‘p dori vositalariga chidamlilik (MDR) belgilari aniqlandi. Rezistent izolyatlarning tur darajasidagi identifikatsiyasi MALDI-TOF usuli yordamida amalga oshirilib, ularning Escherichia coli turiga mansubligi tasdiqlandi. Olingan natijalar tekshirilgan oziq-ovqat mahsulotlarida antibiotiklarga rezistent, jumladan MDR xususiyatiga ega E. coli shtammlari mavjudligini ko‘rsatdi hamda ularning mikrobiologik xavfsizligini muntazam monitoring qilish zarurligini asoslaydi.
Yunusova Kh.M., Ilkhamova N.B., Kasimova Shurangiz Adizjonovna, Anvarova M.J. · Состояние и перспективы развития фундаментальной и прикладной микробиологии: точка зрения молодых учёных · 2026
Maqolada temir fumarat asosidagi steril bo‘lmagan temir saqlovchi tabletkalar texnologiyasini ishlab chiqishda mikrobiologik xavflarni tahlil qilish natijalari keltirilgan («Aferol» preparati). Texnologik jarayonni ishlab chiqish davomida kritik nuqtalar aniqlangan, qoldiq namlik va bioburden bo‘yicha amaliy raqamli yo‘naltiruvchi qiymatlar belgilangan, yordamchi moddalar va tayyor mahsulotning mikrobiologik nazorati o‘tkazilgan hamda GMP talablariga muvofiq tozalikni ta‘minlash choralari shakllantirilgan.
Khazratkulova Mokhira Irgash kizi · Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi · 2026
Ushbu tadqiqotda yuqori yog‘li ratsion (HFD) yordamida induksiyalangan eksperimental semirish modelida mahalliy sut kislotasi bakteriyalari shtammlari va inulin asosida yaratilgan sinbiotik kompozitsiyaning tana vazni, lipid almashinuvi biomarkerlari hamda enteroendokrin gormonlar darajasiga ta‘siri baholandi. Tajribalar olti guruhga ajratilgan 36 ta laboratoriya kalamushida o‘tkazildi. Sinbiotik vosita 30 kun davomida qo‘llanildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, sinbiotik qabul qilgan hayvonlarda tana vazni, jigar va yog‘ to‘qimasi massasi HFD nazorat guruhiga nisbatan kamaydi. Qon zardobida triglitseridlar va past zichlikdagi lipoproteinlar miqdori pasayib, yuqori zichlikdagi lipoproteinlar darajasi oshdi. Shuningdek, GLP-1, GLP-2 va PYY enteroendokrin gormonlari darajasining ortishi aniqlandi. Olingan natijalar mahalliy probiotik shtammlar va inulin asosidagi sinbiotik kompozitsiyaning eksperimental semirish sharoitida lipid almashinuvini yaxshilash va metabolik buzilishlarni modulyatsiya qilish salohiyatiga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Kuziyeva Nilufar Khusanboy kizi, Abdulmyanova Liliya Ilyasovna, Shodiyeva Dildora Giyosovna · Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi · 2026
Mazkur tadqiqotda Crocus sativus L. (za‘faron) o‘simligidan ajratib olingan endofit zamburug‘larning ikkilamchi metabolitlari antikoagulyant faolligi bo‘yicha baholandi. Tadqiqotda 17 ta zamburug‘ shtammining ekstraktlari plazma rekalsiyfikatsiya vaqti (PRT) usuli yordamida tekshirildi. Natijalar namunalar faolligining turlicha ekanligini ko‘rsatdi. Eng yuqori ta‘sir Penicillium sp. CS50R izolatida kuzatilib, PRT ko‘rsatkichi 120 daqiqadan ortiqni tashkil etdi. Ushbu izolat potensial antikoagulyant xususiyatga ega biologik faol birikmalar manbai sifatida istiqbolli hisoblanadi. Olingan natijalar za‘faron endofit zamburug‘larining antikoagulyant faolligini chuqurroq o‘rganish va faol metabolitlarni aniqlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Goziyeva Mohlaroy Shahobiddin kizi, Abdukarimova Gulchekhrakhon Asliddin kizi · Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi · 2026
Ushbu tadqiqotda ilmiy adabiyotlar va genomik/metabolomik ma‘lumotlar tahlili asosida probiotik xususiyatga ega Lactiplantibacillus plantarum tomonidan sintez qilinadigan antibakterial va antifungal metabolitlar hamda ularning ta‘sir mexanizmlari tizimli o‘rganildi. L. plantarum o‘zining pln operon klasterlari orqali II sinf plantaritsinlarini (PlnE/F, PlnJ/K), shuningdek, diketopiperazinlar guruhiga mansub siklik dipeptidlarni [Cyclo(L-Phe–L-Pro)], 3-fenilsut kislotasini (PLA) va fenol birikmalarini ishlab chiqarishi ko‘rsatib berildi. Ular patogen bakteriyalar membranalarini destruksiya qilish, metitsillinga chidamli Staphylococcus aureus (MRSA) ning biofilm hosil qilish fermentlarini ingibirlash va mog‘or zamburug‘lari (Aspergillus, Fusarium, Penicillium) o‘sishini to‘xtatish xususiyatiga ega. Tadqiqot natijalari ushbu metabolitlarni oziq-ovqat sanoatida biokonservant hamda tibbiyotda antibiotiklarga chidamli shtammlarga qarshi biologik vosita sifatida qo‘llash istiqbolli ekanligini tasdiqlaydi.
Goyibova Oyniso Fakhriddin kizi, Tashmukhamedova S.Sh., Ismoilov Jasur · Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi · 2026
Mazkur tadqiqotda sabzavot mahsulotlarining mikrobiologik xavfsizligini ta‘minlashda bakteriofaglardan foydalanish imkoniyatlari tahlil qilingan. Sabzavot mahsulotlari yetishtirish, tashish va saqlash jarayonlarida turli patogen va shartli-patogen mikroorganizmlar bilan ifloslanishi mumkin. Bakteriyalarga nisbatan yuqori spetsifiklikka ega bakteriofaglar ushbu mikroorganizmlarni nazorat qilishning istiqbolli biologik vositasi hisoblanadi. Maqolada bakteriofaglarning biologik xususiyatlari, litik faolligi, bir nechta bakteriofaglardan tashkil topgan preparatlarning qo‘llanilishi hamda ularning sabzavot mahsulotlaridagi bakterial ifloslanishni kamaytirishdagi ahamiyati yoritilgan. Bakteriofaglardan foydalanish sabzavot mahsulotlarining mikrobiologik xavfsizligini oshirishga xizmat qiluvchi ekologik xavfsiz va maqsadli biologik nazorat usuli sifatida baholangan.
Davronova Mubina Dilshodbek kizi, Orynbayeva Zukhra · Status and Development Prospects of Fundamental and Applied Microbiology: The Viewpoint of Young Scientists · 2026
An‘anaviy probiotiklardan foydalanishda kislotali va o‘t suyuqligi mavjud muhitda yashab qolish qobiliyatining pastligi, saqlash sharoitlariga qat‘iy talablar va dozalashdagi noaniqliklar kabi muammolar mavjud. ISAPP ta‘rifiga ko‘ra, postbiotiklar — bu salomatlikka foyda keltiradigan hamda yuqorida qayd etilgan kamchiliklardan xoli bo‘lgan jonli bo‘lmagan mikroorganizmlar va/yoki ularning tarkibiy qismlaridir. Ushbu sharhda 2020–2026-yillar oralig‘ida chop etilgan ilmiy manbalarga tayangan holda, postbiotiklarni fermentatsiya usulida ishlab chiqarish jarayoni — shtammni tanlashdan boshlab toki uzoq muddat saqlashga yaroqli mahsulotni yaratishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar — batafsil yoritilgan.
Abdukarimova Gulchekhra Asliddin kizi, Goziyeva Mohlaroy Shahobiddin kizi · Состояние и перспективы развития фундаментальной и прикладной микробиологии: точка зрения молодых учёных · 2026
Sharh Lactiplantibacillus plantarum shtammlari va ularning metabolitlarining oziq-ovqat patogenlari Vibrio parahaemolyticus va Listeria monocytogenes ga qarshi antagonistik faolligi mexanizmlarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda hujayralarni bevosita siqib chiqarish usullari, sirt xususiyatlariga, harakatchanlikka ta‘siri va Quorum Sensing (AI-2) tizimini blokirovka qilish yoritilgan. Bioplyonkalarning parchalanishi, virulentlik genlari ekspressiyasining bostirilishi, shuningdek metabolitlarning patogenlar membranasi o‘tkazuvchanligi va metabolizmiga ta‘siri ko‘rib chiqilgan. L. plantarum metabolitlarini go‘sht mahsulotlarini biokonservatsiyalashda qo‘llash mumkinligi haqidagi ma‘lumotlar keltirilgan.
Bakeev Refat Serverovich · Состояние и перспективы развития фундаментальной и прикладной микробиологии: точка зрения молодых учёных · 2026
Lagochilus inebrians Bunge tarkibidagi biologik faol birikmalar va ularni farmatsevtik biotexnologiyada qo‘llash imkoniyatlari tahlil qilindi. Lagochilin, polifenol birikmalar hamda in vitro kulturada standartlashtirilgan o‘simlik materialini olish istiqbollariga alohida e‘tibor qaratildi.
Bakeev Refat Serverovich · Состояние и перспективы развития фундаментальной и прикладной микробиологии: точка зрения молодых учёных · 2026
Adabiyot ma‘lumotlari asosida Lagochilus inebrians Bunge turini genomik va molekulyar-biotexnologik o‘rganish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Lagochilin biosintezi genlarini aniqlash, molekulyar markerlar yaratish va tabiiy populyatsiyalarning genetik xilma-xilligini baholash ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Yakhshimurodova Ferangiz Otabek kizi, Tashmukhamedova Sh.S. · Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi · 2026
Ushbu tezisda Laminaria qo‘ng‘ir suv o‘ti tarkibidagi natriy alginat polisaxaridi va kalsiy xlorid (CaCl2) o‘zaro ta‘siri asosida gidrogel biobog‘lamlar olish texnologiyasi o‘rganilgan. Tadqiqotda gidrogelning struktura hosil qilish sharoitlari, fizik-kimyoviy parametrlari, suv yutish hamda uzoq muddat namlik saqlash xususiyatlari tahlil qilingan. Olingan gidrogellarning jarohat bitishini tezlashtirish va dori vositalarining yaxshi so‘rilish samaradorligi baholangan. Eksperiment natijalari ushbu biomaterialning regenerativ tibbiyot va farmatsevtikada ekologik xavfsiz va yuqori samarali biobog‘lam sifatida qo‘llanilish istiqbollarini asoslab bergan.
Khayrullaeva Lobar Mansur kizi, Umarova Gulbakhor, Eshboev Farhod Bakir ugli · Status and Development Prospects of Fundamental and Applied Microbiology: The Viewpoint of Young Scientists · 2026
Silybum marianum o‘simligidan ajratib olingan endofit zamburug‘ izolyati S14 340 bp uzunlikdagi ITS ketma-ketligi yordamida tekshirildi va Aspergillus section Nigri tipik shtammlarining referens ketma-ketliklari bilan solishtirildi. Filogenetik tahlil S14 ni section Nigri tarkibiga joylashtirdi; beshta yaqin qarindosh tipik shtamm bilan ketma-ketlik identikligi 98,5% ni tashkil etdi. Tahlil qilingan ITS sohasi bu turlarni bir-biridan ajratmagani uchun izolyat tasdiqlovchi sekvenatsiya va qo‘shimcha lokuslar tahlili olinmaguncha Aspergillus sp. (section Nigri) S14 deb nomlandi.
Khamdamov Doniyor Shukhratovich, Eshboev Farhod Bakir ugli · Status and Development Prospects of Fundamental and Applied Microbiology: The Viewpoint of Young Scientists · 2026
Ferula khustanica (Apiaceae) o‘simligidan ajratib olingan endofit zamburug‘ izolyati D15 ning taksonomik o‘rnini belgilash uchun ichki transkribatsiyalanuvchi spacer (ITS) sekvenatsiyasi qo‘llanildi. Sanger usulida olingan 582 nukleotidli teskari zanjir o‘qilishi beshta Alternaria tipik shtammining referens ketma-ketliklari bilan solishtirildi va UPGMA usulida filogenetik daraxt qurildi. Izolyat Alternaria avlodi ichida klasterlandi va tekshirilgan tipik shtammlar bilan ketma-ketlik identikligi 99,2–99,8% ni tashkil etdi. Biroq bu referens turlar o‘rtasida ITS tafovuti past bo‘lgani uchun turni ishonchli belgilash imkonini bermaydi. Shu sababli izolyat multilokusli tavsif olinmaguncha Alternaria sp. D15 deb nomlandi.
Vakhabova Nilufar Abdukhalilovna, Ruziyeva Dilorom, Yuldosheva Maftuna · Состояние и перспективы развития фундаментальной и прикладной микробиологии: точка зрения молодых учёных · 2026
Ushbu tadqiqotda epigenetik modifikatorlarning endofit zamburug‘lari Aspergillus sydowii AV5L va Penicillium verrucosum AV6L ikkilamchi metabolitlari biosintetik yo‘llari induksiyasiga ta‘siri o‘rganildi. Tadqiqotda natriy valproat, 5-Azatsitidin va kversetin kabi modifikatorlardan foydalanildi. Endofit zamburug‘lariga ushbu modifikatorlar bilan ishlov berilganda biomassa unumining ortishi, kulturalar rangining o‘zgarishi hamda antiureaza faolligiga ega bo‘lgan yangi metabolitlar sintezi kuzatildi. Kuzatilgan o‘zgarishlar modifikator konsentratsiyasiga va shtammga bog‘liq ekanligi aniqlandi.
Ubaydullaev Ziyokhoja, Khujanov Alisher, Fayziev Vokhid Bakhramovich, Madaminov Sulaymon, Eshboev Farhod Bakir ugli · Status and Development Prospects of Fundamental and Applied Microbiology: The Viewpoint of Young Scientists · 2026
Helichrysum mussae o‘simligidan ajratib olingan endofit zamburug‘ izolyati H8 ning taksonomik o‘rnini aniqlashtirish uchun ichki transkribatsiyalanuvchi spacer (ITS) ketma-ketligi tahlil qilindi. Sifati bo‘yicha kesib olingan 544 bp uzunlikdagi teskari zanjir ITS o‘qilishi beshta Alternaria tipik shtammining referens ketma-ketliklari bilan solishtirildi. Filogenetik tahlil H8 izolyatini Alternaria avlodi tarkibiga joylashtirdi. Izolyat A. destruens tipik shtammi bilan tekislangan 521 pozitsiyada mos keldi, yana to‘rtta tur bilan ketma-ketlik identikligi 99,4–99,8% ni tashkil etdi. ITS sohasi referens taksonlar o‘rtasida kam o‘zgaruvchanlik ko‘rsatgani uchun bu natijalar avlod darajasidagi identifikatsiyani tasdiqlaydi, ammo turni aniq belgilashga asos bermaydi. Tur darajasida aniqlash uchun qo‘shimcha multilokusli sekvenatsiya talab etiladi.
Tursunboyeva Mokhira Davronboy kizi, Pulatova Ozodakhon Mansurovna, Alimova Barno Khasanovna, Makhsumkhanov Akhmadjan Azamkhanovich, Sadullayev Shohruh Tolkin ugli, Murtozoyev Azizjon, Saliyev Mirshod · Состояние и перспективы развития фундаментальной и прикладной микробиологии: точка зрения молодых учёных · 2026
Ushbu tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasining turli tabiiy namunalaridan achitqi kulturalarining 146 ta izolyati ajratib olindi; ulardan 70 tasi pigment hosil qiluvchi (qizil) achitqilarga, 76 tasi pigment hosil qilmaydigan achitqilarga mansub bo‘ldi. Bromtimol ko‘ki bilan o‘tkazilgan dastlabki skrining pigment hosil qiluvchi achitqilar orasida 31 ta shtamm eng yuqori L-asparaginaza hosil qilish qobiliyatiga ega ekanini, pigment hosil qilmaydigan achitqilar orasida esa 4 ta shtamm eng yuqori L-asparaginaza faolligi bilan ajralib turganini ko‘rsatdi.
Tojiyeva Maftuna Bakhtiyor kizi · Status and Development Prospects of Fundamental and Applied Microbiology: The Viewpoint of Young Scientists · 2026
Ushbu tadqiqotda kasallangan karam (Brassica L.) barglaridan Xanthomonas avlodiga mansub bakterial izolyatlar ajratib olindi va ularning morfologik, mikroskopik, fermentativ hamda ayrim biokimyoviy xususiyatlari qiyosiy baholandi. Izolyatlarni ajratish uchun YDC muhiti ishlatildi. Olingan X1, X2 va X3 izolyatlari sarg‘ish, qavariq, cheti silliq va shilimshiq koloniyalar hosil qildi va gram-manfiy reaksiya ko‘rsatdi. Fermentativ sinovlar kraxmal va jelatin gidrolizi, proteolitik va letsitinaza faolligi, sitratdan foydalanish hamda lipolitik faollikni o‘z ichiga oldi. Natijalar izolyatlar o‘rtasida fermentativ faollik darajasi bo‘yicha farqlar borligini ko‘rsatdi va keyingi biotexnologik tadqiqotlar uchun istiqbolli variantlarni qiyosiy saralashga asos berdi.