Asosiy mazmunga o‘tish

ESP KONTEKSTIDA INGLIZ TILINI O‘QITISHDA SIMULYATSIYA METODINING O‘RNI

Shokirov Bakhodir IsmailovichO‘zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti, mustaqil tadqiqotchi (PhD) Toshkent shahridagi ADJU universiteti, Ingliz tili o‘qituvchisi2025

Konferensiyalar“Ilm-fan, texnologiya va ta‘limda yangi paradigmalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiJild 1Son 4Sahifa 147–151

Annotatsiya

Zamonaviy til ta‘limida nazariy bilimlar bilan amaliy ko‘nikmalar o‘rtasidagi tafovutasosiy muammo hisoblanadi. Ushbu tadqiqot ESP kontekstida simulyatsiya metodining samaradorliginio‘rganishga bag‘ishlangan.

Boshqa tillarda

ruschaРОЛЬ МЕТОДА МОДЕЛИРОВАНИЯ В ОБУЧЕНИИ АНГЛИЙСКОМУ ЯЗЫКУ В КОНТЕКСТЕ ESP (английский для специальных целей)

Разрыв между теоретическими знаниями и практическими навыками является серьезной проблемой в современном языковом образовании. Данное исследование посвящено изучению эффективности метода моделирования в контексте английского языка для специальных целей (ESP).

inglizchaTHE ROLE OF THE SIMULATION METHOD IN TEACHING ENGLISH IN THE CONTEXT OF ESP

The gap between theoretical knowledge and practical skills is a major problem in modern language education. This study is devoted to studying the effectiveness of the simulation method in the context of ESP.

Kalit so‘zlar

  • ESP
  • simulyatsiya metodi
  • kommunikativ kompetensiya
  • til ta‘limi
  • amaliy yondashuv

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

ESP KONTEKSTIDA INGLIZ TILINI O'QITISHDA SIMULYATSIYA METODINING O'RNI

Shokirov Bahodir Ismoilovich O'zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti, mustaqil tadqiqotchi (PhD) Toshkent shahridagi ADJU universiteti, Ingliz tili o'qituvchisi E-mail: baxashok@gmail.com Tel: ([telefon raqami yashirilgan]

Annotatsiya. Zamonaviy til ta'limida nazariy bilimlar bilan amaliy ko'nikmalar o'rtasidagi tafovut asosiy muammo hisoblanadi. Ushbu tadqiqot ESP kontekstida simulyatsiya metodining samaradorligini o'rganishga bag'ishlangan. Kalit so'zlar: ESP, simulyatsiya metodi, kommunikativ kompetensiya, til ta'limi, amaliy yondashuv

РОЛЬ СИМУЛЯЦИОННЫХ МЕТОДОВ В ПРЕПОДАВАНИИ АНГЛИЙСКОГО ЯЗЫКА В КОНТЕКСТЕ ESP

Аннотация. В современном языковом образовании основной проблемой является разрыв между теоретическими знаниями и практическими навыками. Настоящее исследование посвящено изучению эффективности метода симуляции в контексте ESP. Ключевые слова: ESP, симуляционные методы, коммуникативная компетенция, языковое обучение, практический подход

THE ROLE OF SIMULATION METHODS IN TEACHING ENGLISH IN THE ESP CONTEXT

Abstract. The main challenge in modern language education lies in the gap between theoretical knowledge and practical skills. This study is devoted to examining the effectiveness of the simulation method in the ESP context. Keywords: ESP, simulation methodology, communicative competence, language teaching, practical approach

1. Kirish Hozirgi zamon globallashuv davrida maxsus maqsadlar uchun (kasbga yo’naltirilgan) ingliz tili (English for Specific Purposes - ESP) ta'limi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi "Yoshlarni kasbga (mutaxassislikka) va chet tillariga o'qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 213-son qarori [1] oliy va kasbiy ta'lim tizimida chet tillar, xususan maxsus maqsadlar uchun ingliz tili ta'limini rivojlantirish zarurligini belgilab berdi. Ushbu

hujjatda yoshlarning chet tillarini o'rganish va kasb egallashga bo'lgan qiziqishlarini qo'llab-quvvatlash, ularni ichki va tashqi mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash tizimini takomillashtirish, zamonaviy o'qitish metodlarini, shu jumladan simulyatsiya metodini joriy etish va xalqaro standartlarga muvofiq ta'lim berishga alohida e'tibor qaratilgan. Ayniqsa, arxitektura va qurilish sohalari bo'yicha malakali kadrlarni xorijiy mehnat bozori talablariga muvofiq tayyorlash dolzarb vazifa sifatida belgilangan. Kasbiy faoliyatning turli sohalarida ingliz tilidan samarali foydalanish qobiliyati mutaxassislar uchun zaruriy talabga aylanib bormoqda. Biroq, an'anaviy til o'qitish metodlari ko'pincha nazariy bilimlarni shakllantirishga qaratilgan bo'lib, talabalarning tilni real kommunikativ vaziyatlarda ishonch bilan qo'llash qobiliyatini etarli darajada rivojlantira olmaydi. Bu muammo ayniqsa ESP kontekstida keskin namoyon bo'ladi, chunki bu yerda talabalar faqat umumiy til bilimlariga emas, balki o'z kasbiy sohasiga xos leksika, uslub va kommunikativ vaziyatlarni egallashlari kerak. Masalan, tibbiyot sohasidagi mutaxassis bemor bilan muloqot qilish, ilmiy konferensiyalarda ishtirok etish va tibbiy hujjatlarni to'g'ri tuzish ko'nikmalariga ega bo'lishi zarur. Shunday qilib, ESP ta'limida nazariy bilimlar bilan amaliy ko'nikmalar o'rtasidagi ko'prikni qurish zarurati tug'iladi. Simulyatsiya metodikalari ushbu muammoni hal qilishda istiqbolli yechim sifatida namoyon bo'lmoqda. Ular o'quv jarayonini passiv ma'lumot qabul qilishdan faol, tajribaga asoslangan o'rganishga o'tkazadi. Simulyatsiyalar orqali talabalar real kasbiy vaziyatlarni xavfsiz muhitda boshdan kechiradilar, mustaqil qarorlar qabul qiladilar va o'z xatolaridan saboq oladilar. Ushbu tadqiqotning maqsadi ESP kontekstida simulyatsiya metodikasining pedagogik qiymatini asoslash, ularning turli modellarini taqdim etish hamda o'quv dasturlariga samarali integratsiyalash yo'llarini ko'rsatishdan iborat. Tadqiqot quyidagi savollarga javob berishga qaratilgan: 1. Pedagogik simulyatsiya nima va uning asosiy xususiyatlari qanday? 2. Simulyatsiya metodikalarining ESP ta'limidagi afzalliklari nimalardan iborat? 3. ESP kontekstida simulyatsiyalarni qanday modellarda qo'llash mumkin? 4. Simulyatsiyalarni loyihalash, o'tkazish va tahlil qilish jarayoni qanday amalga oshiriladi? 2. Adabiyotlar sharhi Maxsus maqsadlar uchun ingliz tili ta'limi XX asrning 60-yillarida mustaqil yo'nalish sifatida shakllanganidan beri sezilarli rivojlanishga erishdi. Hutchinson va Waters [2, 1987] ta'kidlashlaricha, ESP yondashuvi talabalarning til o'rganishdagi ehtiyojlarini tahlil qilishdan boshlanadi va o'quv dasturi ana shu ehtiyojlar asosida tuziladi. Bu yondashuv umumiy til ta'limidan farqli ravishda, o'qitishning maqsad yo'naltirilganligini ta'minlaydi. Dudley-Evans va St John [3, 1998] ESPning asosiy xususiyatlarini quyidagicha belgilaydilar: u aniq kasbiy yoki akademik ehtiyojlarni qondirish uchun mo'ljallangan; mazmuni ma'lum bir fan yoki kasb bilan bog'liq; sintaksis, leksika va diskurs ko'nikmalarining o'rganilishiga e'tibor qaratiladi. Ushbu xususiyatlar ESP o'qituvchisidan nafaqat til bilimlarini, balki talabalarning kasbiy sohasiga doir ma'lum bir tushunchaga ega bo'lishni ham talab qiladi. Simulyatsiya metodi pedagogikada nisbatan yangi, ammo juda samarali vosita hisoblanadi. Jones [4, 1982] simulyatsiyani real yoki faraziy vaziyatning tizimli modelini yaratish va ishtirokchilarning ushbu tizim doirasida mustaqil harakat qilishlari deb ta'riflaydi. Uning fikricha, simulyatsiyaning asosiy xususiyati bu qaror qabul qilish va javobgarlik olishdir. Crookall va Oxford [5, 1990] simulyatsiyalarning til o'rganishdagi ahamiyatini ta'kidlab, ular tilni kommunikatsiya vositasi sifatida tabiiy muhitda ishlatishga imkon berishini alohida qayd etadilar. Tadqiqotchilar simulyatsiyalarning o'quvchilar motivatsiyasini oshirishi, til ko'nikmalarini kompleks ravishda rivojlantirishi va psixologik to'siqlarni kamaytirishi haqida ma'lumot beradilar. Kolb [6, 1984] tomonidan ishlab chiqilgan tajribaga asoslangan o'rganish nazariyasi simulyatsiya metodining asosiy nazariy bazasini tashkil qiladi. Uning tsiklik modeli bo'yicha, o'rganish konkret tajriba, kuzatish va mulohaza yuritish, mavhum kontseptsiyalar hosil qilish va faol eksperimentatsiya bosqichlaridan o'tadi. Simulyatsiya aynan shu tsiklni to'liq amalga oshirish imkoniyatini beradi. Douglas [7, 2000] maxsus maqsadlar uchun til baholash kontekstida autentiklik muhimligini ta'kidlaydi. U real kasbiy vaziyatlarni aks ettiruvchi topshiriqlar talabalarning haqiqiy kompetensiyasini aniqlashda muhim rol o'ynashini qayd etadi. Simulyatsiyalar aynan shunday autentik muhitni yaratish imkoniyatini beradi. Basturkmen [8, 2010] ESP kontekstida turli o'qitish usullarini taqqoslagan holda, amaliy yo'naltirilgan yondashuvlarning samaradorligi yuqoriroq ekanligini isbotlaydi. U "o'rganish orqali

amaliyot" printsipini qo'llab-quvvatlaydi va bu borada simulyatsiya usullari eng maqbul variant hisoblanadi. Harding [9, 2007] ESP o'qituvchilari uchun yaratilgan qo'llanmasida kasbiy vaziyatlarni modellashtirish texnikalarini batafsil tahlil qiladi. U simulyatsiyalarning nafaqat til ko'nikmalarini, balki kasbiy kompetensiyalarni ham rivojlantirishga yordam berishini alohida ta'kidlaydi. 3. Tadqiqot metodologiyasi Ushbu tadqiqot nazariy-tahliliy xarakterga ega bo'lib, quyidagi metodlardan foydalanildi: adabiyotlarni tahlil qilish (ESP ta'limi va simulyatsiya metodi bo'yicha xorijiy va mahalliy ilmiy manbalar, o'quv qo'llanmalar hamda metodologik tadqiqotlar sistemali o'rganildi), taqqoslash metodi (simulyatsiya metodining an'anaviy o'qitish usullari bilan qiyosiy tahlili), sintetik yondashuv (turli mualliflarning nazariy qarashlari umumlashtirildi va ESP kontekstiga moslashtirildi) va modellashtirish (ESP ta'limida qo'llanilishi mumkin bo'lgan simulyatsiya modellari ishlab chiqildi). Tadqiqot uchun 1980-2024 yillar oralig'ida nashr etilgan 30 dan ortiq ilmiy manba tanlab olindi va asosiy e'tibor ESP va simulyatsiya metodining kesishish nuqtalariga qaratildi. 4. Natijalar va muhokama 4.1. Pedagogik simulyatsiya: tushuncha va tuzilma Simulyatsiya oddiy o'yin yoki mashq emas, balki o'ziga xos tuzilma va qat'iy printsiplarga asoslangan murakkab pedagogik vositadir. Uning an'anaviy rol o'ynash (role play)dan asosiy farqi tizimlilik va strukturaviylikdadir. Pedagogik simulyatsiya quyidagi uch asosiy komponentga ega: Birinchidan, ishtirokchilar ma'lum rollarni egallaydilar va real yoki faraziy vaziyatni aks ettiruvchi tizim doirasida harakat qiladilar. Masalan, xalqaro biznes muzokaralarini simulyatsiya qilishda talabalar turli kompaniyalar vakillarining rolini o'ynaydilar. Ikkinchidan, vaziyat elementlari vaqt davomida dinamik va ketma-ket rivojlanadi. Bu degani, har bir qaror keyingi bosqichga ta'sir qiladi va vaziyatni o'zgartiradi. Uchinchidan, ishtirokchilarning xatti-harakatlari oldindan yozilgan stsenariy bilan emas, balki ular tomonidan tizim ichida qabul qilingan mustaqil qarorlar bilan belgilanadi. Bu talabalarning avtonomiyasini ta'minlaydi. Simulyatsiyalar ikki asosiy turga bo'linadi: Kommunikativ simulyatsiyalar muloqot ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bo'lib, bunda talabalar turli kasbiy vaziyatlarda gapirish, tinglash, o'z fikrini himoya qilish va kelishuvga erishish kabi amaliy ko'nikmalarni egallaydilar. Masalan, arxitektura sohasida loyiha taqdimoti yoki mijoz bilan uchrashuv simulyatsiyasida talabalar o'z g'oyalarini professional tarzda ifodalash, savolarga javob berish va hamkorlik qilish ko'nikmalarini mashq qiladilar. Tizimli simulyatsiyalar murakkab jarayonlar va qonuniyatlarni o'rganishga qaratilgan. Bunda asosiy maqsad muayyan tizim (masalan, qurilish loyihasi bajarilish jarayoni, budget taqsimoti yoki xavfsizlik standartlari) qanday ishlashini amalda tushunishdir. Qurilish muhandisligida, masalan, infratuzilma loyihasini bosqichma-bosqich tahlil qilish simulyatsiyasi orqali talabalar texnik hujjatlar ketma-ketligi, resurslar boshqaruvi va qarorlar qabul qilish jarayonini o'rganadilar. 4.2. Simulyatsiya metodining pedagogik afzalliklari Simulyatsiyalar talabalarga bir qator muhim pedagogik imkoniyatlarni taqdim etadi. Bambrough [10, 1994] o'z tadqiqotlarida simulyatsiyalarning talabalarning xulq-atvoriga, motivatsiyasiga va til tajribasiga ijobiy ta'sirini ko'rsatadi. Unga ko'ra, simulyatsiya jarayonida talabalar odatiy darsdagi passiv holatdan chiqib, faol muloqotga kirishadilar, turli vaziyatlarda erkin fikr bildiradilar va o'z rollarini tabiiy tarzda bajaradilar. Tadqiqot shuningdek, simulyatsiyalarda rasmiy va norasmiy nutq uslublari, kasbiy kontekstlar hamda auditoriya bilan muloqot qilish ko'nikmalari tabiiy ravishda rivojlanishini ko'rsatadi. Muallifning ta'kidlashicha, bu metod til ko'nikmalarini sun'iy mashqlar emas, balki haqiqiy kommunikativ ehtiyojlar orqali shakllantiradi. Quyidagi rasmda simulyatsiya metodining asosiy afzalliklari ko'rsatilgan (1-rasm).

4.3. ESP kontekstida amaliy tatbiq modellari Simulyatsiyalar turli mavzular va ta'lim maqsadlariga moslashtirilishi mumkin bo'lgan juda qulay vositadir. Quyida ESP kurslari uchun ikkita amaliy model keltirilgan. 4.3.1. Arxitektura Model: "Loyiha tenderida g'olib bo'lish" simulyatsiyasi Maqsad: Arxitektura sohasidagi professional muloqot ko'nikmalarini rivojlantirish, texnik taqdimotlar tayyorlash va loyihani himoya qilish qobiliyatini shakllantirish. Simulyatsiya jarayoni: Talabalar turli arxitektura kompaniyalarining vakillari sifatida harakat qiladilar. Har bir guruhga mijoz tomonidan loyiha beriladi - masalan, zamonaviy ko'p qavatli turar-joy majmuasi yoki jamoat binosi. Guruhlar o'z taklifnomalarini tayyorlaydilar: dizayn yechimlarini, qurilish texnologiyalarini, budjet hisoblarini va ekologik ta'sirni ingliz tilida yozma va og'zaki taqdim etadilar. Mijoz rolini o'ynaydigan boshqa talabalar savollar beradi va loyihani turli jihatlardan tekshiradi: texnik xususiyatlar, xavfsizlik standartlari, budjet asoslari va amaliy amalga oshirish imkoniyatlari. Natijalar: Talabalar arxitektura sohasiga xos so'zlarni o'rganadilar (structural integrity - tuzilma mustahkamligi, load-bearing capacity - yuk ko'tarish qobiliyati, sustainable design - barqaror dizayn), professional taqdimot qilishni va mijoz bilan muloqot qilishni o'rganadilar. Shuningdek, o'z g'oyalarini dalillar bilan asoslash, tanqidiy savollarga javob berish, guruhda ishlash va professional etikani amalda qo'llash ko'nikmalarini egallaydilar. 4.3.2. Muhandislar Model: "Infratuzilma loyihasini tekshirish" simulyatsiyasi Maqsad: Muhandislikka oid texnik hujjatlar bilan ishlash, loyihani baholash, xavf-xatarlarni aniqlash va tavsiyalar berish ko'nikmalarini rivojlantirish. Simulyatsiya jarayoni: Talabalar muhandislik konsalting kompaniyasining ekspertlari sifatida ko'prik, yo'l yoki suv ta'minoti tizimi kabi infratuzilma loyihasini tekshiradilar. Ularga texnik chizmalar, geotexnik hisobotlar, ekologik ta'sir hujjatlari va budjet rejalari beriladi. Guruhlar loyihani tahlil qiladilar: texnik jihatdan to'g'riligi, xavfsizlik talablariga muvofiqligi, iqtisodiy samaradorligi va atrof-muhitga ta'siri. Har bir guruh o'z xulosalarini batafsil hisobot shaklida taqdim etadi va loyihani tasdiqlash yoki o'zgartirish kerakligi haqida asoslangan qaror qabul qiladi. Natijalar: Talabalar muhandislikga xos professional so'zlarni o'rganadilar (foundation design - poydevor loyihalash, stress analysis - kuchlanish tahlili, hydraulic systems - gidravlik tizimlar, environmental impact - ekologik ta'sir), texnik hujjatlarni ingliz tilida o'qish va tushunishni o'rganadilar. Shuningdek, muhandislik hisobotlari yozish, tanqidiy tahlil qilish, jamoada qaror qabul qilish va o'z fikrlarini professional darajada himoya qilish ko'nikmalarini egallaydilar. 4.4. Metodikani joriy etishda e'tiborga olinadigan jihatlar ESP kontekstida simulyatsiyalarni muvaffaqiyatli joriy etish uchun bir qator muhim jihatlarga e'tibor berish zarur. Birinchidan, ishtirokchilar rollarni soddalashtirilgan va yuzaki tarzda o'ynashlari mumkin - buni oldini olish uchun rollarni loyihalashda "siz qattiq odam bo'ling" yoki "siz mehribon bo'ling"

kabi ko'rsatmalar bermaslik, balki "siz moliyaviy hisobotni tahlil qiling va qaror qabul qiling" kabi aniq vazifalar berish kerak. Ikkinchidan, har qanday simulyatsiya murakkab haqiqatni soddalashtiradi, shuning uchun debrifing jarayonida bu cheklovlarni ochiq muhokama qilish va simulyatsiyada ko'rsatilmagan real hayot jihatlarini ham ko'rib chiqish muhimdir. Uchinchidan, simulyatsiya yaratuvchining qadriyatlari va qarashlari tuzilmaga kiritilgan bo'ladi va bu ishtirokchilarga sezilmas ta'sir ko'rsatishi mumkin - shaffoflik va simulyatsiya tuzilmasini o'zi ham tanqidiy tahlil qilish bu muammoni hal qilishga yordam beradi. To'rtinchidan, ESP kontekstida turli madaniy va ijtimoiy kelib chiqishga ega talabalar bilan ishlashda ba'zi rollar yoki vaziyatlar ayrim ishtirokchilar uchun noqulay bo'lishi mumkin, shuning uchun madaniy, diniy va axloqiy jihatlarni oldindan hisobga olish, talabalarga rol tanlash huquqini berish va ishtirokni majburiy emas, ixtiyoriy asosda tashkil etish zarur. 5. Xulosa va tavsiyalar ESP kontekstida simulyatsiya metodikasi talabalarni passiv tinglovchilardan faol ishtirokchilarga aylantiradigan kuchli vositadir. Tadqiqot shuni ko'rsatdiki, simulyatsiyalar ESP maqsadlariga to'liq mos keladi - talabalar tilni real kasbiy vazifalar uchun qo'llaydilar, ichki motivatsiya sezilarli oshadi, xavfsiz muhitda kasbiy tajriba va ishonch shakllanadi, nafaqat til, balki jamoada ishlash, tanqidiy fikrlash va qarar qabul qilish kabi ko'nikmalar rivojlanadi. Samarali natijaga erishish uchun quyidagilar zarur: o'quv muassasalari pilot loyiha boshlashi, o'qituvchilarni tayyorlashi va infratuzilma yaratishi kerak; o'qituvchilar oddiy simulyatsiyalardan boshlab asta-sekin murakkablashtirishi, talabalarni metodika bilan tanishtirib, debrifingga kamida mashg'ulot yarmini ajratishi va refleksiyalar tayyorlashni so'rashi lozim; tadqiqotchilar esa mahalliy kontekstda amaliy va uzoq muddatli tadqiqotlar o'tkazishi zarur. Kelajakda virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari, gibrid formatlar, sun'iy intellekt orqali moslashtirilgan tajriba va ESP bilan kasbiy fanlarni birlashtiruvchi fanlararo loyihalar istiqbolli yo'nalishlar hisoblanadi. Bu metodikaning O'zbek ta'lim tizimida keng qo'llanilishi nafaqat til ta'limi sifatini oshiradi, balki xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh, professional, ishonchli va moslashuvchan mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar12 ta adabiyot

  1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi "Yoshlarni kasbga (mutaxassislikka) va chet tillariga o'qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 213-son qarori. Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi, 18.04.2024, 09/24/213/0284-son.
  2. Hutchinson, T., & Waters, A. (1987). English for Specific Purposes: A Learning-Centred Approach. Cambridge: Cambridge University Press.
  3. Dudley-Evans, T., & St John, M. J. (1998). Developments in English for Specific Purposes: A Multi-disciplinary Approach. Cambridge: Cambridge University Press.
  4. Jones, K. (1982). Simulations in Language Teaching. Cambridge: Cambridge University Press.
  5. Crookall, D., & Oxford, R. L. (1990). Simulation, Gaming, and Language Learning. New York: Newbury House Publishers.
  6. Kolb, D. A. (1984). Experiential Learning: Experience as the Source of Learning and Development. Englewood Cliffs, NJ: Prentice Hall.
  7. Douglas, D. (2000). Assessing Languages for Specific Purposes. Cambridge: Cambridge University Press.
  8. Basturkmen, H. (2010). Developing Courses in English for Specific Purposes. Palgrave Macmillan.
  9. Harding, K. (2007). English for Specific Purposes. Oxford: Oxford University Press.
  10. Bambrough, P. J. (1994). Simulations in English Teaching. Buckingham: Open University Press.
  11. O‘rmonjonov Azizbek Muhammadjon o‘g‘li. (2025). MAKTABGACHA TA’LIM YOSHIDAGI IMKONIYATI CHEKLANGAN BOLALAR UCHUN INKLYUZIV TA’LIM SHAROITIDA MUSIQIY TA’LIMNI TASHKIL ETISH METODIKASI. Kelajak o’qituvchisi - Kelajak Bunyodkori, 1(1), 470-475.
  12. Ramziddin Tursunov. (2025). IJTIMOIY ONG VA MA’NAVIYAT TUSHUNCHASI HAMDA UNING MAZMUN-MOHIYATI. Kelajak o’qituvchisi - Kelajak Bunyodkori, 1(2), 36-40. OLIY TA’LIM TALABALARINI FIZIKA O‘QITISHDA ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR BILAN ISHLASH KO‘NIKMASINI OSHIRISH O’rinboyeva Kumushoy Sultonbek qizi Andijon davlat pedagogika instituti v.b.dotsenti

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011291
Nashr sanasi
2025-12-05
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“Ilm-fan, texnologiya va ta‘limda yangi paradigmalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
Jild
1
Son
4
DOI
10.66073/refocus-conf/291
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
147–151
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25