Asosiy mazmunga o‘tish

Alisher Navoiy lirikasida vaqt konsepti va komil inson konsepsiyasi

Ataniyazova Mubarak AbdullayevnaiDQoraqalpoq davlat universiteti https://ror.org/059w0gb062026

Konferensiyalar«O‘zbekiston olima ayollarining mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari (Nukus, 2026-yil 9–10-oktyabr)Jild 1Son 6Sahifa 358–363

Annotatsiya

Mazkur maqolada Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidagi “Baqo dashti nechuk qat‘ o‘lmasun aylab murur ayyom...” matla‘li falsafiy-tasavvufiy g‘azalining badiiy-estetik xususiyatlari tadqiq etilgan. Ishda vaqt mutlaqligi, makon va zamon dialektikasi hamda inson umrining mohiyati kabi fundamental masalalar germenevtik va lingvopoetik metodlar vositasida ochib berilgan. G‘azal tarkibidagi irfoniy va falsafiy istilohlar tizimi tahlil qilinib, muallifning inson irodasi, g‘ofillik muammosi va komil inson konsepsiyasiga doir gumanistik qarashlari talqin qilingan. Tadqiqot natijalari shoir ilgari surgan umuminsoniy ideallarning bugungi yoshlar ma‘naviyati va dunyoqarashini shakllantirishda o‘ziga xos ahamiyatga ega.

Boshqa tillarda

ruschaКонцепт времени и концепция совершенного человека в лирике Алишера Навои

В статье исследуются художественно-эстетические особенности философско-суфийской газели с зачином (матла) «Бақо дашти нечук қатъ ўлмасун айлаб мурур айём...» из дивана Алишера Навои «Наводир уш-шабоб». В работе посредством герменевтического и лингвопоэтического методов раскрываются такие фундаментальные вопросы, как абсолютность времени, диалектика пространства и времени, а также сущность человеческой жизни. Анализируется система ирфанских и философских терминов газели, интерпретируются гуманистические взгляды автора на человеческую волю, проблему беспечности и концепцию совершенного человека. Результаты исследования свидетельствуют об особом значении выдвинутых поэтом общечеловеческих идеалов для формирования духовности и мировоззрения современной молодёжи.

inglizchaThe concept of time and the conception of the perfect man in the lyric poetry of Alisher Navoi

The article examines the artistic and aesthetic features of the philosophical-Sufi ghazal with the opening verse (matla) “Baqo dashti nechuk qat‘ o‘lmasun aylab murur ayyom...” from Alisher Navoi‘s divan “Navodir ush-shabob”. Hermeneutic and linguopoetic methods are used to reveal such fundamental issues as the absoluteness of time, the dialectic of space and time, and the essence of human life. The system of mystical (irfani) and philosophical terms in the ghazal is analyzed, and the author‘s humanistic views on human will, the problem of heedlessness and the conception of the perfect man are interpreted. The findings attest to the particular significance of the universal ideals advanced by the poet for shaping the spirituality and worldview of today‘s youth.

Kalit so‘zlar

  • Alisher Navoiy
  • “Navodir ush-shabob”
  • g‘azal
  • Baqo dashti
  • suluk
  • solik
  • Ka‘bai maqsud
  • g‘ofillik
  • vaqt falsafasi
  • gumanizm

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

R E S E A RC H F O C US xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida

QR-kod maqolaning DOI sahifasini ochadi SAHIFALAR TIL 358–363 O‘zbek

Ataniyazova Mubarak Abdullayevna. Alisher Navoiy lirikasida vaqt konsepti va komil inson konsepsiyasi // «O‘zbekiston olima ayollarining mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari (Nukus, 2026-yil 9–10-oktyabr). – Nukus, 2026. – B. 358–363. – DOI: https://doi.org/10.66073/ReFocus-Conf/0910067

«O‘zbekiston olima ayollarining mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi» XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA NUKUS, 9–10-OKT YABR 2026

ALISHER NAVOIY LIRIKASIDA VAQT KONSEPTI VA KOMIL INSON KONSEPSIYASI

Ataniyazova Mubarak Abdullayevna F.f.f.d. (PhD), dotsent Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti ataniyazovamuborak@mail.ru ORCID: 0000-0002-8421-3366

Annotatsiya: Mazkur maqolada Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidagi “Baqo dashti nechuk qat’ o‘lmasun aylab murur ayyom...” matla’li falsafiy-tasavvufiy g‘azalining badiiy-estetik xususiyatlari tadqiq etilgan. Ishda vaqt mutlaqligi, makon va zamon dialektikasi hamda inson umrining mohiyati kabi fundamental masalalar germenevtik va lingvopoetik metodlar vositasida ochib berilgan. G‘azal tarkibidagi irfoniy va

falsafiy istilohlar tizimi tahlil qilinib, muallifning inson irodasi, g‘ofillik muammosi va komil inson konsepsiyasiga doir gumanistik qarashlari talqin qilingan. Tadqiqot natijalari shoir ilgari surgan umuminsoniy ideallarning bugungi yoshlar ma’naviyati va dunyoqarashini shakllantirishda o‘ziga xos ahamiyatga ega.

Kalit so‘zlar: Alisher Navoiy, “Navodir ush-shabob”, g‘azal, Baqo dashti, suluk, solik, Ka’bai maqsud, g‘ofillik, vaqt falsafasi, gumanizm. Kirish XXI asr intellektual va texnologik taraqqiyot asri bo‘lishi bilan birga, insoniyat oldiga o‘zlikni anglash, umrning mazmuni, vaqt va borliq falsafasini qayta idrok etish kabi ma’naviy masalalarni ham ko‘ndalang qo‘ymoqda. Zamonaviy dunyoda globallashuv va shiddatli o‘zgarishlar ritmi insonni ma’naviy g‘ofillikka yetaklashi mumkin bo‘lgan bir davrda, mumtoz adabiyotimiz sarchashmalariga, xususan, Alisher Navoiyning lirik merosiga murojaat qilish g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etadi. Alisher Navoiy nafaqat lirik shoir, balki borliq va yo‘qlik, makon va zamon munosabatlarini teran anglagan mutafakkirdir. Shoirning yigitlik davri estetik va falsafiy mushohadalarini jamlagan “Navodir ush-shabob” devonidagi “Baqo dashti nechuk qat’ o‘lmasun aylab murur ayyom...” matla’li g‘azali inson umrining mazmuni, vaqtning to‘xtovsiz harakati va komillik yo‘lidagi suluk masalalarini o‘zida mujassam etgan namunalardan biridir. Ushbu g‘azalni poetik tahlil qilish, undagi poetik timsollar zamiriga yashiringan gumanistik chaqiriqlarni bugungi kun prizmasidan turib tadqiq etish inson shaxsiyati va ma’naviy kamolotini shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Navoiyshunoslik ilmida Alisher Navoiy lirikasi, xususan, uning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotiga kirgan devonlari poetikasi va janrlar tabiati keng o‘rganilgan. Biroq, “Navodir ush-shabob” devonidagi alohida falsafiy g‘azallarning matniy tahlili, ularda borliq va vaqt mavzularining badiiy sintezi hamda ularning germenevtik talqini hamon alohida va maxsus monografik tadqiqotlarni talab etib kelmoqda. Mazkur maqolaning bosh maqsadi Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidagi mazkur g‘azali misolida shoirning vaqt mutlaqligi, umr o‘tkinchiligi, inson irodasi va g‘ofillik muammosiga doir falsafiy-tasavvufiy NUKUS · 2026

qarashlarini yaxlit tizim sifatida ochib berishdan iborat. Ushbu maqsaddan kelib chiqib, ishda g‘azalning baytma-bayt poetik tahlili amalga oshiriladi, undagi ramziy timsollar va istilohlar ochib beriladi hamda asarning umuminsoniy va ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati asoslanadi. X A L Q A R O I L M I Y- A M A L I Y K O N F E R E N S I YA

Adabiyotlar sharhi Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob”1 devonidagi falsafiy-tasavvufiy g‘azalini, undagi vaqt, makon va komillik suluki konseptlarini atroflicha o‘rganish munosib manbaviy hamda nazariy-metodologik bazaga tayanishni taqozo etadi. Mazkur maqolada qo‘llanilgan adabiyotlar tahlilini muammoning qo‘yilishi va yoritilish darajasiga ko‘ra uchta asosiy guruhga ajratish mumkin. Tadqiqotning eng asosiy poydevori va obyekti sifatida Alisher Navoiy ko‘p jildlik asarlarining “To‘la asarlar to‘plami” 2-jildi xizmat qildi. Ushbu jild tarkibidan o‘rin olgan lirik meros, xususan, “Baqo dashti nechuk qat’ o‘lmasun aylab murur ayyom...” matla’li g‘azal matni asarning g‘oyaviy-falsafiy « O ‘ Z B E K I S T O N O L I M A AY O L L A R I N I N G M A M L A K AT T A R A Q Q I Y O T I G A Q O ‘ S H AY O T G A N H I S S A S I »

yo‘nalishini, shoir tomonidan ilgari surilgan vaqt o‘tkinchiligi va inson g‘ofilligi muammosini bevosita badiiy tahlil qilish uchun asosiy empirik baza bo‘lib xizmat qildi. Navoiy g‘azallaridagi chuqur falsafiy ma’no qatlamlarini, irfoniy qarashlarni to‘g‘ri talqin etishda professor U.Qobilovning monografik tadqiqotlari va lug‘atlariga tayanildi. Muallifning “Nubuvvat haqiqati – badiiy ijod ruhi” [6] hamda “Alisher Navoiy: she’r va shoir abadiyati” [5] nomli fundamental monografiyalari Navoiy lirikasi zamiridagi diniy-falsafiy timsollarni, makon va zamon munosabatlarini ilmiy izohlashda uslubiy manba bo‘ldi. Shuningdek, U.Qobilovning “Nubuvvat va valoyat terminlari qisqacha izohli lug‘ati” [7] g‘azal matnidagi “suluk”, “solik”, “chilla”, “Ka’bai maqsud” kabi irfoniy istilohlarning mohiyatini germenevtik usulda, ya’ni matn osti ma’nolarini tizimli ochishda muhim nazariy asos bo‘lib xizmat qildi. G‘azalning lisoniy xususiyatlarini, so‘z o‘yinlari va Navoiy davri leksikasini aniqlashda Berdak Yusuf hamda B.Yusufovlarning “Mumtoz adabiy asarlar lug‘ati” [2, 8] hamda “Navoiy tili lug‘ati” (I jildi) [9] materiallaridan unumli foydalanildi. Mazkur lug‘atlar g‘azal tilidagi arxaik va murakkab so‘zlarning (“murur ayyom”, “tarfatul-ayn”, “nokom”) lug‘aviy va kontekstual ma’nolarini to‘g‘ri talqin qilish, shoirning so‘z qo‘llash mahoratini lingvistik jihatdan asoslash imkonini berdi. Navoiy she’riyatining nafaqat g‘oyaviy, balki yuksak badiiy-estetik tabiatini ochish, undagi shakl va mazmun mutanosibligini o‘rganish maqsadida Yo.Is’hoqovning “So‘z san’ati so‘zligi” [4] hamda A.Hojiahmedovning “Mumtoz

Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. 2-jild. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2013. 422-bet.

badiiyat malohati” [3] asarlariga murojaat qilindi. Mazkur tadqiqotlarda keltirilgan mumtoz she’riyat qonuniyatlari, janr xususiyatlari hamda turli badiiy san’atlar mezonlari asosida g‘azaldagi lirik kechinma va falsafiy o‘ylar qanday badiiy libosga o‘ralganligi aniq tahlillar orqali ochib berildi. Xulosa qilib aytganda, jalb etilgan ushbu adabiyotlar majmuasi “Navodir ush-shabob” devonidagi falsafiy NUKUS · 2026

g‘azalning matniy, lisoniy, irfoniy va poetik xususiyatlarini yaxlit bir tizim sifatida kompleks tadqiq etish uchun mukammal nazariy-metodologik zamin yaratadi. Tadqiqot metodologiyasi Mazkur maqolada Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidagi X A L Q A R O I L M I Y- A M A L I Y K O N F E R E N S I YA

“Baqo dashti nechuk qat’ o‘lmasun aylab murur ayyom...” matla’li g‘azalining g‘oyaviy-falsafiy va badiiy-estetik xususiyatlarini ochib berish uchun adabiyotshunoslik hamda matnshunoslikning quyidagi tizimli ilmiy-metodologik usullari majmuasidan foydalanildi: Germenevtik tahlil va matn talqini metodi: G‘azal matnidagi so‘z shakllarida yashiringan chuqur irfoniy g‘oyalarni ochib berishda qo‘llanildi. Konseptual va semantik tahlil usuli: matndagi “suluk”, “solik”, “chilla”, “Ka’bai maqsud” kabi kalit termin hamda ramzlarning o‘zaro aloqadorligi, falsafiy yukini va leksikkontekstual ma’nolarini tizimlashtirishga xizmat qildi. Lingvopoetik va struktur tahlil metodi: g‘azalning kompozitsion qurilishi, rukn tizimi hamda undagi badiiy « O ‘ Z B E K I S T O N O L I M A AY O L L A R I N I N G M A M L A K AT T A R A Q Q I Y O T I G A Q O ‘ S H AY O T G A N H I S S A S I »

san’atlar shakl va mazmun mutanosibligi jihatidan tadqiq etildi. Tadqiqotning empirik bazasini Alisher Navoiy ko‘p jildlik asarlarining 2- jildidagi g‘azal matni tashkil etadi. Materialni umumlashtirishda induktiv va qiyosiy-mantiqiy tahlil tamoyillariga tayanildi. Quyida matnni aynan keltiramiz (417-g‘azal).

G‘AZAL MATNI VA UNING TAHLILI 1. Baqo dashti nechuk qat’ o‘lmasun aylab murur ayyom Ki, har manzil anga bir kundur-u, har dam anga bir gom. 2. Bo‘lur manzilda turmoq muddate, gom urmamoq ko‘p vaqt, Bu manzil qat’i-yu bu gomdin bo‘lmas dame orom. 3. Ajoyib qat’i bir manzilda gomidurki, o‘rnidin, Kishi tebranmayin ham qat’ o‘lur, ham solilur nokom. 4. Bu yanglig‘ manzil-u gomi zaruriy chun erur voqi’, Ham avlo Ka’bai maqsud sari bog‘lamoq ehrom. 5. Suluk-u sayrkim ko‘rmishki gar chillanishin qori Va yoxud chilla ichra tifl tengdur anda subh-u shom. 6. Erur bu turfakim mundoq suluk-u sayr aro solik, Emas o‘z ixtiyori birla ne og‘oz-u ne anjom. 7. Bu andin turfaroqkim, yetmayin maqsadqa mingdin bir, Bu yo‘l qat’ida tufrog‘ o‘ldilar yo‘l topmayin itmom. 8. Musofirkim bu yo‘l ollig‘a tushkan tarfatul-ayne, Agar o‘z holidin g‘ofil bo‘lur, bo‘lg‘ay bag‘oyat xom. 9. Ilohiy, yo‘l erur behad qotiq, manzil yiroq asru, Navoiy birla sen bo‘lsang, yetar manzilg‘a avval gom.

G‘azal an’anaviy qofiyalangan bo‘lib, 9 baytdan iborat. G‘azalning qofiyalanish tizimi mumtoz she’riyat qonuniyatlariga ko‘ra a-a, b-a, c-a, d-a... tartibidadir. Shoir asarda “ayyom”, “gom”, “orom”, “nokom”, “ehrom”, “shom”, “anjom”, “itmom”, “xom” so‘zlarini qofiya, “anga bir” hamda “bo‘lmas dame”, “erur voqi’” kabi bog‘lanishlardan keyingi ohangdorlikni ta’minlashda erkin NUKUS · 2026

munosabatlardan foydalangan. Navoiy birinchi baytdayoq o‘quvchi ko‘z o‘ngida “Baqo dashti” (umr va vaqt maydoni) metaforasini namoyon etadi. Shoir bu o‘rinda murur ayyom (vaqt o‘tishi) orqali inson umrining har soniyasi tugab borayotganini ta’kidlaydi. Bu yerda “kun” – manzilga, “dam” (nafas) esa – “gom”ga (qadamga) o‘xshatilib, X A L Q A R O I L M I Y- A M A L I Y K O N F E R E N S I YA

yuksak badiiy tashbeh san’ati yaratilgan. Ikkinchi va uchinchi baytlarda shoir vaqtning odam irodasiga bo‘ysunmasligini chuqurlashtiradi. Oddiy safarda odam to‘xtashi, dam olishi mumkin, ammo vaqt safarida to‘xtash yo‘q: Ajoyib qat’i bir manzilda gomidurki, o‘rnidin, Kishi tebranmayin ham qat’ o‘lur, ham solilur nokom. Ushbu satrlarda Navoiy vaqtning nisbiyligi va mutlaqligi haqidagi qonuniyatni kashf etadi: inson hech qanday harakat qilmay, bir joyda jismonan muqim o‘tirsa ham, uning vaqti (umri) baribir oldinga qarab harakatlanadi va u istasa-istamasa (nokom) qabriston sari yaqinlashaveradi. Modomiki vaqt o‘tishi majburiy ekan, inson nima qilishi kerak? Navoiy to‘rtinchi baytda passiv « O ‘ Z B E K I S T O N O L I M A AY O L L A R I N I N G M A M L A K AT T A R A Q Q I Y O T I G A Q O ‘ S H AY O T G A N H I S S A S I »

intuitsiyadan faol gumanizmga o‘tadi. U hayot safarining yo‘nalishini “Ka’bai maqsud” (oliy maqsad, komillik, Ilohiy vasl) sari burishni, ya’ni umrni bekorchi ishlarga emas, ma’naviy yuksalishga sarflashni buyuradi. Bu yerda ehrom bog‘lamoq iborasi orqali majoziy ko‘chim – istiora san’ati qo‘llangan. Beshinchi baytda shoir g‘azalning eng yetakchi badiiy san’atlaridan biri – tazod san’atidan foydalanadi:

Suluk-u sayrkim ko‘rmishki gar chillanishin qori Va yoxud chilla ichra tifl tengdur anda subh-u shom.

Bu yerda hayotiy tajribaga ega, qirq kun xilvatda ibodat qilgan oliy maqomli “chillanishin qori” (pir, olim) bilan hali beshikda yotgan qirq kunlik gunohsiz, ojiz “tifl” (go‘dak) yonma-yon qo‘yiladi. Navoiy vaqt va o‘lim qonuniyati oldida ijtimoiy mavqei, ilmi va yoshidan qat’i nazar, butun insoniyat teng ekanini ko‘rsatadi. Oltinchi baytda esa insonning tug‘ilishi (og‘oz) va o‘limi (anjom) uning o‘z ixtiyorida emasligi orqali inson ojizligi va Ilohiy irodaning shaksizligi uqtiriladi. Yettinchi baytda shoir insoniyatning fojiasi va uning sabablarini bayon qiladi: odamlarning mingdan biri ham o‘zining asl oliy maqsadiga yetolmay, dunyo tashvishlariga ko‘milib, tuproqqa aylanadi. Sakkizinchi baytda esa insonni “musofir”, dunyo umrini esa ko‘z ochib yumgunchalik qisqa fursat – “tarfatul-ayn” deb ataydi. Navoiy o‘zligini anglamagan, dunyoga nega kelganini uqqan holda yashamayotgan insonni “bag‘oyat xom” (juda nodon, tajribasiz) deb ataydi va keskin tanqid qiladi. Bu bayt insonni ma’naviy uyg‘oqlikka, har bir lahzani g‘animat bilishga chaqiruvchi motivga ega. G‘azalning so‘nggi baytida lirik qahramon Allohga munojat qiladi. Kamolot yo‘li juda qattiq va mashaqqatli (behad qotiq), manzil esa uzoqdir (yiroq asru). Ammo inson Ilohiy madadga tayanib, o‘z nafsini tarbiyalay olsa, u birinchi qadamdanoq (avval gom) maqsadiga erishadi. Shoir g‘azal matnida asosan tashbih, tazod, mubolag‘a kabi badiiy tasvir vositalaridan unumli foydalangan. Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidan o‘rin olgan mazkur g‘azali va undagi lisoniy birliklar tahlili mutafakkir shoirning makon, zamon hamda inson ma’naviy kamoloti borasidagi yaxlit falsafiy-irfoniy konsepsiyasini NUKUS · 2026

ko‘rsatib beradi. Talqin davomida g‘azal matnining g‘oyaviy va tasavvufiy qatlamlari yuzasidan quyidagi yakuniy xulosalarga kelindi: Shoir inson umrini, foniy va boqiy dunyoni bog‘lab turuvchi makon hamda zamon masofasini “Baqo dashti” metaforasi orqali ifodalaydi. Bu sahroda vaqtning to‘xtovsiz oqimi va o‘zgaruvchanligi (“murur ayyom”) inson irodasidan tashqarida X A L Q A R O I L M I Y- A M A L I Y K O N F E R E N S I YA

ro‘y beradi. Inson jismonan harakatsiz turganda ham, umrning har bir lahzasi va nafasi (“gom”) uni muqarrar ravishda yakun sari yaqinlashtiraveradi. G‘azal tasavvufda nafsni tarbiyalash bosqichlari hisoblangan “suluk” hamda bu yo‘lga kirgan ma’naviy musofir – “solik” konsepsiyasiga tayanadi. Navoiy vaqt va taqdir (qazo) qonuniyatlari oldida har bir insonning teng ekanligini ko‘rsatish uchun “chillanishin qori” (piru komil) hamda “chilla ichra tifl” (go‘dak) obrazlarini mahorat bilan zidlaydi. Inson hayotining boshlanishi (“og‘oz”) va yakuni (“anjom”) vaqt va makonda qat’iy belgilangan. Shoir foniy dunyodagi umrni ko‘z ochib yumgunchalik qisqa muddat (“tarfatul-ayn”) deb ta’riflaydi. Bunday sharoitda o‘tkinchi havaslarga berilib, « O ‘ Z B E K I S T O N O L I M A AY O L L A R I N I N G M A M L A K AT T A R A Q Q I Y O T I G A Q O ‘ S H AY O T G A N H I S S A S I »

o‘zligini unutgan, ma’naviy uyquda yotgan shaxsni keskin tanqid qiladi hamda uni «bag‘oyat xom» deb ataydi. Insoniyatning fojiasi ko‘p hollarda o‘z hayot safarining asosiy muddaosini oxiriga yetkaza olmasligida (“itmom”) namoyon bo‘ladi. Navoiy majburiy va to‘xtovsiz o‘tayotgan umr yo‘lida sust kuzatuvchi bo‘lishni rad etadi. U insonni dunyo tashvishlaridan uzilib, chin dildan Haq va ezgulik yo‘liga otlanishga (“ehrom bog‘lamoq”), o‘z umrini oliy nuqta – Ilohiy vasl va komillik darajasiga (“Ka’bai maqsud”) erishishga safarbar qilishga chaqiradi. Umuman olganda, g‘azalda qo‘llangan murakkab istilohlar tizimi Alisher Navoiyning nafaqat yuksak badiiy-estetik mahoratini, balki bugungi zamonaviy yoshlar tarbiyasida daxldorlik hissini shakllantirish, har bir lahzani g‘animat bilish va ma’naviy uyg‘oqlikka chorlovchi yuksak tarbiyaviy hamda gumanistik ahamiyatini to‘la tasdiqlaydi.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar9 ta adabiyot

  1. Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. 2-jild. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2013. – 804 b.
  2. Berdak Yusuf. Mumtoz adabiy asarlar lugʻati. – Toshkent: Sharq, 2010. – 528 b.
  3. Hojiahmedov A. Mumtoz badiiyat malohati. – Toshkent: Sharq, 1999. – 240 b.
  4. Is’hoqov Yo. Soʻz san’ati soʻzligi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2014. – 320 b.
  5. Qobilov U. Alisher Navoiy: she’r va shoir abadiyati (Monografiya). – Samarqand: SamDU nashri, 2023. – 403 b.
  6. Qobilov U. Nubuvvat haqiqati – badiiy ijod ruhi (Monografiya). – Samarqand: SamDU nashri, 2021. – 304 b.
  7. Qobilov U. Nubuvvat va valoyat terminlari qisqacha izohli lug‘ati. – Samarqand: SamDU nashriyoti, 2019. – 166 b.
  8. Yusufov B. Mumtoz adabiy asarlar lugʻati. – Toshkent: Sharq, 2010. – 528 b.
  9. Yusufov B. Navoiy tili lugʻati (5 jildli). I jild. – Toshkent: Sharq, 2018. – 496 b. NUKUS · 2026 X A L Q A R O I L M I Y- A M A L I Y K O N F E R E N S I YA « O ‘ Z B E K I S T O N O L I M A AY O L L A R I N I N G M A M L A K AT T A R A Q Q I Y O T I G A Q O ‘ S H AY O T G A N H I S S A S I »

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-014250
Nashr sanasi
2026-10-31
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
«O‘zbekiston olima ayollarining mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari (Nukus, 2026-yil 9–10-oktyabr)
Jild
1
Son
6
DOI
10.66073/refocus-conf/0910067
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
358–363
ORCID
Ataniyazova Mubarak Abdullayevna0000-0002-8421-3366
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-10-31