Qo‘ylar tizaniyeziozining epizootologiyasi, qo‘zg‘atuvchisining ayrim diagnostik belgilari
Kurbanov Sh.Kh.Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti https://ror.org/03gc295492026
KonferensiyalarParazitar kasalliklar diagnostikasida molekulyar genetik usullarni qo‘llash, davolash va profilaktikasining zamonaviy jihatlariJild 1Son 5Sahifa 165–171
Annotatsiya
Maqolada qo‘ylar tizaniyeziozi bo‘yicha adabiyot ma‘lumotlari va shaxsiy tadqiqotlarga ko‘ra uning hozirgi epizootologik holati, qo‘ylarning tizaniyezioz bilan zararlanishi, uning qo‘zg‘atuvchisining anatomo-morfologik belgilari va boshqa ichak sestodlaridan farqlash bo‘yicha ma‘lumotlar keltirilgan.
Boshqa tillarda
ruschaЭпизоотология тизаниезиоза овец и некоторые диагностические признаки его возбудителя
В статье по данным литературы и результатам собственных исследований приведены сведения о современной эпизоотологической ситуации по тизаниезиозу овец, зараженности овец тизаниезиями, анатомо-морфологических признаках возбудителя и его дифференциации от других кишечных цестод.
inglizchaEpizootiology of thysanieziosis in sheep and some diagnostic features of its causative agent
Based on literature data and the author‘s own research, the article presents information on the current epizootiological status of thysanieziosis in sheep, the infection of sheep with Thysaniezia, the anatomical and morphological features of the causative agent and its differentiation from other intestinal cestodes.
Kalit so‘zlar
- sestod
- tizaniyeziya
- skoleks
- strobila
- bo‘g‘in
- kapsula
- tuxum
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
“PARAZITAR KASALLIKLAR DIAGNOSTIKASIDA MOLEKULYAR GENETIK USULLARNI QO‘LLASH, DAVOLASH VA PROFILAKTIKASINING ZAMONAVIY JIHATLARI”
MAVZUSIDAGI XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA · SAMARQAND, 2026-YIL 9–10-OKTYABR
O‘zbek tilida UDK: 619:636.3:576.89:616.9 B. 165–171
QO‘YLAR TIZANIYEZIOZINING EPIZOOTOLOGIYASI, QO‘ZG‘ATUVCHISINING AYRIM DIAGNOSTIK BELGILARI
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti
DOI https://doi.org/10.66073/ReFocus-Conf/260924
I QT I B O S U C H U N · Д Л Я Ц И Т И Р О В А Н И Я · FO R C I TAT I O N
Sh.X.Qurbanov. Qo‘ylar tizaniyeziozining epizootologiyasi, qo‘zg‘atuvchisining ayrim diagnostik belgilari // Parazitar kasalliklar diagnostikasida molekulyar genetik usullarni qo‘llash, davolash va profilaktikasining zamonaviy jihatlari: xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari (Samarqand, 9– 10-oktyabr 2026-y.). – Samarqand, 2026. – B. 165–171. – DOI: https://doi.org/10.66073/ReFocus-Conf/260924
Research Focus xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida Research Focus International Scientific Journal · refocus.uz
UDK: 619:636.3:576.89:616.9 QO‘YLAR TIZANIYEZIOZINING EPIZOOTOLOGIYASI, QO‘ZG‘ATUVCHISINING AYRIM DIAGNOSTIK BELGILARI Sh.X.Qurbanov – veterinariya fanlari nomzodi, dotsent Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Annotatsiya. Maqolada qo‘ylar tizaniyeziozi bo‘yicha adabiyot ma’lumotlari va shaxsiy tadqiqotlarga ko‘ra uning hozirgi epizootologik holati, qo‘ylarning tizaniyezioz bilan zararlanishi, uning qo‘zg‘atuvchisining anatomo-morfologik belgilari va boshqa ichak sestodlaridan farqlash bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan.
Abstract. The article provides literature data on sheep thizaniesiosis and its current epizootological state, according to individual studies, on sheep lesions with thizaniesiosis, anatomical and morphological symptoms of its pathogen, and differences from other intestinal cestodes.
Kalit so‘zlar: sestod, tizaniyeziya, skoleks, strobila, bo‘g‘in, kapsula, tuxum.
Keywords: cestodes, thizaniesia, scolex, strobila, joint, capsule, eggs.
Kirish. O‘zbekiston sharoitida qo‘ylar tizaniyeziozining qo‘zg‘atuvchisi ilk bor 1930 yilning noyabr-dekabr oylarida Qashqadaryo viloyatining Koson qorako‘lchilik xo‘jaligida topilgan. Keyinchalik 1946-1948 yillarda Samarqand viloyatining qorako‘l qo‘ylarida ushbu sestodning parazitlik qilishini aniqlagan va Thysaniezia ovilla (Rivolta, 1878) deb nomlagan. Shundan so‘ng 1951-1953 yillarda Samarqand viloyati sharoitida qo‘ylar anoplotsefalyatozlarining epizootologiyasini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotda qo‘ylarning ingichka ichagida topilgan sestodlar (Moniezia expansa, M.benedeni, Avitellina centripunctata) orasida Thysaniezia ovilla eng keng tarqalishga ega sestod deb hisoblagan: barcha topilgan ichak sestodlarining 53,0 foizini ushbu parazit tashkil qilgan, invaziya ekstensivligi bo‘yicha u qo‘zg‘atadigan tizaniyeziozning ham birinchi o‘rinda turishi, Th.ovilla bilan qo‘zilarning 5 oyligidan boshlab zararlanishi, qo‘ylar orasida voyaga yetgan tizaniyeziyalarning bahor va qishda uchrashi qayd qilingan [12].
Tizaniyezioz qo‘ylar, echkilar va qoramollarning ingichka ichagida parazitlik qiluvchi lentasimon shakldagi sestod tomonidan qo‘zg‘atiladigan gelmintoz kasallikdir. Ushbu sestodoz barcha MHD va ko‘pchilik xorijiy mamlakatlar hududida uchraydi. U ayniqsa mayda shoxli yosh hayvonlarga katta iqtisodiy zarar yetkazadi, parazitlarning invaziya intensivligi yuqori bo‘lganida ular orasida ko‘proq o‘lim holatlari kuzatiladi. O‘zbekiston sharoitida qo‘ylar tizaniyeziozi ko‘pchilik tadqiqotchilar tomonidan 1946 yildan 2005 yilgacha o‘rganib kelingan. Ammo kasallik qo‘zg‘atuvchisining tarqalishi, qo‘ylarning yoshi, yil mavsumlariga, iqlimiy geografik zonalarga ko‘ra u bilan zararlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha olingan ma’lumotlar turlicha tahlil qilingan. Shu sababli qo‘ylar tizaniyeziozining bugungi kundagi epizootologik holatini, uning oldini olish va qarshi kurash chora-tadbirlarini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqotlarni olib borish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Tadqiqotning maqsadi. Tadqiqotlarimizda qo‘ylar tizaniyeziozini o‘rganish bo‘yicha adabiyot ma’lumotlarini tahlil qilish, ularni shaxsiy tadqiqotlar bilan taqqoslash, shuningdek tizaniyezioz qo‘zg‘atuvchisining anatomo-morfologiyasini, boshqa ichak sestodlaridan farqini va hozirgi epizootologik holatini o‘rganish.
Tadqiqot materiallari va uslublari. O‘zbekiston sharoitida qo‘ylar tizaniyeziozi qo‘zg‘atuvchisining anatomo-morfologiyasini, biologiyasini, epizootologiyasini va uning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarga oid ilmiy adabiyot manbalari tahlil qilindi hamda shaxsiy tadqiqotlarimiz natijalari bilan qiyosiy taqqoslanib o‘rganildi.
Tadqiqotlarimizda laboratoriya sharoitida turli kasalliklardan nobud bo‘lgan va majburiy so‘yilgan qo‘ylarning ingichka bo‘lim ichaklarini gelmintologik yorib ko‘rish va turli yoshdagi qo‘ylarning tezak namunalarini gelmintoskopiya va gelmintoovoskopiya usullari yordamida tekshirish orqali bajarildi.
Tadqiqot natijalari va ularning tahlili. Tizaniyezioz kavsh qaytaruvchi juft tuyoqli sutemizuvchilarga xos sestodoz kasalligi bo‘lib, uning yuqorida ko‘rsatganimizdek yakkayu-yagona qo‘zg‘atuvchisi Thysaniezia giardi (Moniez, 1879) Cestoda sinfining Cyclophyllidea turkumiga, Avitellinidae oilasiga kiradi. Kasallikning o‘tkir yoki surunkali holda kechishi parazitning invaziya intensivligiga, hayvonning yoshiga, oziqlanish sharoitiga, umumiy holatiga bog‘liq. T.giardi bilan invaziyalanish, kuzatishlarimizga ko‘ra, kamdan-kam holatda toza holda, ko‘pchilik holatda esa boshqa ichak sestodlari bilan birgalikda uchraydi. Shunga ko‘ra uni moniyezioz, avitellinoz, stilezioz qo‘zg‘atuvchilaridan differensiatsiya qilish lozim.
Adabiyot ma’lumotiga ko‘ra Samarqand viloyati sharoitida qo‘zilarning ajratgan tezaklarida tizaniyeziya pillalari va tuxumlari avgust oyidan boshlab paydo bo‘ladi. Oktyabr oyida unga zararlanish keskin ko‘tariladi (40 %) va noyabrda u 44,4 % ga chiqadi. Samarqand viloyatining cho‘l-yaylov zonasi (Nurobod tumani) sharoitida qo‘ylar tizaniyeziozini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazgan maxsus tadqiqotlarda ushbu kasallikka qo‘zilarning ko‘proq chalinishi va ularda invaziya ekstensivligining 60,0-70,0 foizgacha ko‘tarilishi, katta yoshdagi qo‘ylarda ushbu ko‘rsatkichlarning 30,0 foizdan oshmasligi aniqlagan. Qo‘zilarda yarim-cho‘l zonada kasallik kuzda, katta yoshdagi qo‘ylarda esa bahor va kuzda yuqori darajaga ko‘tariladi. Shunga ko‘ra qo‘zilar kuzda 5-6 oyligida, katta yoshdagi qo‘ylar esa mart va avgust oylarida invaziyalanar ekan. Unga ko‘ra sug‘oriladigan va tog‘oldi zonalarda yoz mavsumida ham qo‘ylarning tizaniyeziya va moniyeziyalar bilan zararlanishi qayd qilingan [7, 12].
O‘zbekistonning janubiy viloyatining yarim cho‘l zonasida qo‘ylarning 7,1 foiz tizaniyeziya bilan zararlanganligi aniqlagan [1]. 1964-1967 yillarda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida qo‘ylar tizaniyeziozining epizootologiyasini o‘rganish jarayonida ushbu kasallik qo‘zg‘atuvchisining barcha ichak sestodlarining ko‘pchiligini (54,6 foizini) tashkil qilishi aniqlangan [8]. Muallifning yozishicha, yangicha nom bilan atalgan- Thysaniezia giardi (Moniez, 1879) ning qo‘ylar orasida yilning barcha mavsumlarida uchrashi, uning o‘rtacha invaziya intensivligining 3,5 nusxa parazitga tengligi, tizaniyeziya bilan ularning maksimal darajada kuzda (40,6 foiz), minimal darajada esa yoz (3,0 foiz) va qishda (4,7 foiz) zararlanishi qayd qilingan. Tizaniyeziyalar qo‘zilar organizmida 4 oylikdan boshlab topilgan, 7 oylikdan 2 yoshgacha bo‘lgan qo‘ylarda uning ko‘proq uchrashi kuzatilgan. Tizaniyeziozga chalinishning zonalar va qo‘ylar yoshiga ko‘ra o‘zgarishi muallif ma’lumotiga ko‘ra quyidagicha: tog‘oldi-tog‘ zonada qo‘ylar cho‘l-yaylov zonasiga nisbatan ikki barobar ortiq tizaniyeziyalar bilan zararlanadi, cho‘l-yaylov zonada tizaniyeziozga chalinish 1 va 2 yoshgacha bo‘lgan qo‘ylarda, deyarli, bir xil (18,3-18,6 foiz), katta yoshdagilarida esa ushbu ko‘rsatkich eng yuqori (41,6 foiz). Tog‘oldi-tog‘ zonada esa tizaniyeziozga chalinish bir yoshgacha bo‘lgan qo‘zilarda eng yuqori (22,2 foiz), so‘ngra qo‘ylar yoshiga ko‘ra tizaniyeziya bilan zararlanish pasaya boradi va katta yoshdagi qo‘ylarda u atigi 0,9 foizni tashkil qiladi. Shunday qilib, muallif ma’lumoti bo‘yicha har ikki zonada tizaniyeziozning qo‘ylar yoshiga ko‘ra o‘zgarishi turlicha [8].
Qashqadaryo viloyatining cho‘l-yaylov zonasi sharoitida bir yoshgacha bo‘lgan qo‘zilarning 17,4 foiz, ularning bahorda eng kuchli darajada, undan biroz past darajada kuzda tizaniyeziya bilan zararlanishi, yozda esa tizaniyeziozning uchramasligi kuzatilgan. Katta yoshdagi qo‘ylarda ham tizaniyeziozning bahorda yuqori (73,8 foiz) bo‘lishi qayd qilingan [6].
Boshqa bir tadqiqotda esa tizaniyeziozga, asosan katta yoshdagi qo‘ylar chalinadi, yosh qo‘ylarda u juda kam uchraydi deyilgan. Shu bilan birga, muallif ushbu kasallikning tog‘oldi-tog‘ zonasida sug‘oriladigan va cho‘l-yaylov zonalariga nisbatan ko‘proq uchrashini qayd etgan. Ushbu zonada qo‘ylarning bahorda 16,0 foiz, yozda 0,8 foiz, kuz va qishda 20,0 foiz, sug‘oriladigan zonada esa ularning bahor, kuz va qishda 7,0-8,0 foiz, yozda 4,0 foiz tizaniyeziyalar bilan zararlanganligi aniqlangan [7].
O‘zbekistonning 10 ta viloyati va Qoraqalpog‘iston hududida olib borgan ko‘p yillik tadqiqotlarda T.giardi ning qo‘ylarning boshqa ichak sestodlari orasida keng tarqalganligi va uning zararlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha birinchi o‘rinda turishi va uning tekshirish o‘tkazilgan barcha hududlarda uchrashi aniqlangan. Muallifning ma’lumotiga ko‘ra barcha yoshdagi qo‘ylarning o‘rtacha 10,6 foiz tizaniyeziozga chalinganligi, ularda 1 nusxadan 31 nusxagacha T.giardi ning uchrashi, bir yoshgacha bo‘lgan qo‘zilarning 1,0-26,2 foiz, ikki yoshgacha bo‘lgan qo‘ylarning 5,0-23,0 foiz tizaniyeziya bilan zararlanganligi kuzatilgan. Tog‘olditog‘ va cho‘l-yaylov zonalarida qo‘ylarning yoz va kuzda maksimal darajada tizaniyeziyalar bilan zararlanishi, qo‘zilarda may oyining oxiri, iyun oyidan boshlab parazitning yetilgan bo‘g‘inlarining ajralib tushishi kuzatilgan [3].
Adabiyot ma’lumotlari bo‘yicha qo‘ylarning O‘zbekiston janubida 20,8 foiz tizaniyeziya bilan zararlanganligi, O‘zbekistonning cho‘l biotsenozlari (Buxoro, Navoiy viloyatlari) sharoitida qo‘ylarning atigi 1,2 foiz tizaniyeziya bilan zararlanganligi, ularda 1 nusxadan 6 nusxagacha ushbu parazit bo‘lishi qayd qilingan [2, 9].
Jizzax viloyati sharoitida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra tog‘oldi-tog‘ biotsenozida qo‘ylarning tizaniyeziya bilan 7,0 %, cho‘l-yaylov biotsenozida 4,0 % zararlanganligi aniqlangan. Har bir qo‘yning ingichka ichagida tog‘oldi-tog‘ zonada 1-7 nusxadan, cho‘l-yaylov zonada 1-5 nusxadan ushbu sestod topilgan [4].
2000-2005 yillarda olib borilgan tadqiqotlarda tekshirish o‘tkazilgan Toshkent, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining qo‘ylarida tizaniyezioz kasalligi qo‘zg‘atuvchisi uchramagan [5].
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarda tizaniyeziozning epizootologiyasi, xususan uning qo‘ylar yoshiga va turli zonalar bo‘yicha o‘zgarishi to‘g‘risida bir-biriga zid bo‘lgan ayrim ko‘rsatkichlar keltirilgan. Shu bilan birga, uning qo‘zg‘atuvchisi T.giardi ning boshqa ichak sestodlaridan farq qiluvchi anatomo-morfologik xususiyatlari yoritilmagan.
Tadqiqotlarimizga ko‘ra T.giardi ning tana uzunligi 4-5 metrgacha yetadi, u oq, sutsimon rangda va mustahkam tuzilgan. Skoleksi mayda hajmga ega, boshqa ichak sestodlari singari so‘rg‘ichlarida ilmoqchalari bo‘lmaydi. Moniyeziyalardan farqli o‘laroq skoleksdan so‘nggi bo‘yinchadan bir necha santimetrlik (35 sm gacha) masofada segmentatsiya sezilmaydi. Strobilada shakllanayotgan bo‘g‘inlar M.expansa va M.benedeni larniki singari asta-sekin eniga o‘sib boradi, ammo T.giardi ning yetilgan bo‘g‘imlarining eni 7-9 mm atrofida, ayrim holatlarda 10 mm ga yaqin, tanasi qalin tuzilgan. Uning bo‘g‘inlarida jinsiy teshik 1 ta (moniyeziyalarda 2 ta) va u ketma-ketlikda chap va o‘ng tomonlarda joylashgan bo‘ladi. Bachadoni naysimon (moniyeziyalarda to‘rsimon, tarmoqlangan). Tuxumlari yetilishi oldidan bachadon naylari dastlab uzunchoq, so‘ngra qisman sirtmoq shaklini oladi. Ushbu naylarning do‘ng qismida bir nechadan tuxumlarni o‘z ichiga olgan ko‘plab tizaniyeziya kapsulalari paydo bo‘ladi. Bunday kapsulalar ichida 2 tadan 6 tagacha tuxumlar topildi. Kapsulalar soni cheksiz, ularning shakli sharsimon yoki noksimon. Ularning hajmi, bizlarning tadqiqotlarimizda, 0,10x0,06; 0,10x0,08 mm ni tashkil qiladi, kapsulalar ichidagi tuxumlar hajmi 0,012-0,022 mm atrofida (adabiyot manbalarida 0,18-0,027 mm) bo‘lib, ularda noksimon apparat rivojlanmaydi.
T.giardi ning taraqqiyot sikli to‘liq o‘rganilmagan, ammo uning taraqqiyotida oraliq xo‘jayin ishtiroki shart. Ayrim tadqiqotchilarning tajribalariga ko‘ra uning oraliq xo‘jayini oribatid kanalari, boshqa mualliflar esa ushbu vazifani ayrim hasharotlar bajaradi deb hisoblaydi. Har ikkala holatda ham tizaniyezioz qo‘zg‘atuvchisining lichinkalik taraqqiyoti quruqlikda, aniqrog‘i birmuncha nam joylarda yashashga va ko‘payishga moslashgan bo‘g‘imoyoqlilarda kechadi.
O‘zbekiston sharoitida tizaniyeziyaning lichinkalik shakllari Scheloribates va Zygoribatula avlodlariga tegishli ayrim oribatid kanalarida topilgan [10].
T.giardi tanasining hajmi, shakli jihatidan moniyeziyalarga birmuncha yaqin, shunga ko‘ra uning patogenetik xususiyati moniyezioz qo‘zg‘atuvchilarining xo‘jayin organizmiga ko‘rsatadigan patogenetik ta’siriga o‘xshash, lekin moniyeziozga ko‘pchilik holatda bir yoshgacha bo‘lgan hayvonlar chalinadi va u ularga katta talofat yetkazadi. Tizaniyezioz esa yosh qo‘zilardan tashqari katta yoshdagi qo‘ylarda ham tarqalgan, uning o‘z xo‘jayinlariga ko‘rsatadigan patogenetik ta’siri parazitning invaziya intensivligiga bog‘liq.
Tadqiqotlarimizda T.giardi ning barcha yoshdagi qo‘ylarda uchrashi, ammo uning boshqa ichak sestodlari orasida birmuncha kam tarqalganligi kuzatildi. Shuningdek, bizlarning olib borgan tadqiqotlarimizda tizaniyezioz qo‘zg‘atuvchisining qo‘ylar orasida uchrab turishi, uning barcha tog‘oldi-tog‘, cho‘l-yaylov va sug‘oriladigan zonalarda, ammo sug‘oriladigan va tog‘oldi-tog‘ zonalarida kengroq tarqalganligi, yilning barcha mavsumlarida tizaniyeziozning uchrashi, yosh qo‘zilarning esa tug‘ilgandan so‘ng dastlabki oydan boshlab tizaniyeziya bilan zararlanishi, qo‘y va qo‘zilarning ingichka ichagida 1 nusxadan 7 nusxagacha T.giardi ning parazitlik qilishi qayd qilindi. Ammo shuni ta’kidlash lozimki, oldingi yillarga qaraganda hozirgi paytda boshqa ichak sestodlariga nisbatan, tizaniyeziya bilan qo‘ylarning birmuncha past darajada zararlanishi kuzatilmoqda.
Tizaniyeziozga tashxis qo‘yish hayvon tirikligida gelmintoskopiya, gelmintoovoskopiya va diagnostik gijjasizlantirish usullari yordamida amalga oshiriladi. T.giardi moniyeziyalardan skoleksining mayda hajmda bo‘lishi, bo‘yinchasining uzun bo‘lishi, strobilasining mustahkam tuzilganligi, bir tekisda eniga va bo‘yiga o‘sishi va oxirgi bo‘g‘inlarida kapsulalar bo‘lishi bilan ajralib turadi. T.giardi avitellinoz qo‘zg‘atuvchilaridan bo‘g‘inlarining bir tekis eni va bo‘yiga o‘sishi, yetilgan bo‘g‘inlarining eniga 7-9 mm, bo‘yiga qisqa bo‘lishi bilan farq qiladi.
Xulosa. Hozirgi paytda qo‘ylar tizaniyeziozi tarqalishi bo‘yicha boshqa ichak sestodozlaridan epizootologik jihatdan uchinchi o‘rinda turadi. Ammo ayrim tog‘oldi-tog‘ mintaqalarida u muhim epizootologik ahamiyatga ega. Veterinariya amaliyotida qo‘ylarning ichak sestodozlariga aniq diagnoz qo‘yishni yo‘lga qo‘yish talab qilinadi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar12 ta adabiyot
- Азимов Д.А. Гельминты овец юга Узбекистана и динамика главнейших гельминтозов. //Автореф. дисс.канд.вет.наук. М. 1963. - 19 с..
- Азимов Д.А., Гехтин В.И., Зимин Ю.М., Дадаев С. Гельминты животных юга Узбекистана. Ташкент, «Фан», 1978. -С 43-60.
- Азимов Ш.А. Фасциолезы и аноплоцефалятозы овец и крупного рогатого скота. Ташкент «Фан», 1974. -214 с.
- Аширматов Б.И. Жиззах вилоятининг биогеоценозларида қишлоқ хўжалик ҳайвонларининг гельминтлари ва уларга қарши курашишни биоэкологик асослари. //Биол. фан. ном. илмий даражасини олиш учун ёзилган дисс…. Самарқанд, 1999. -138 б.
- Джабборов Ш.А. Разработка и внедрение новых антгельминтно-солевых смесей против гельминтозов овец. //Дисс.канд.вет.наук. Самарканд, 2005. -109 с.
- Джураев Х. Гельминты и гельминтозы каракульских овец и опыт борьбы с ними в условиях пустынно-пастбищной зоны Кашкадарьинской области. //Автореф.канд.дисс… Самарканд, 1972. -17 с.
- Иргашев И.Х. Гельминты и гельминтозы каракульских овец. Ташкент, «Фан»,1973. -283 с.
- Мардиев М.М. Эпизоотология аноплоцефалятозов жвачных животных на юге Узбекистана и опыт борьбы с ними. //Дисс.канд.вет.наук. Самарканд, 1967. -136 с.
- Матчанов Н.М., Дадаев С., Кабилов Т.К., Сиддиқов Б.Х. Гельминты животных пустынных биоценозов Узбекистана. Тошкент «Фан», 1989. -102 с.
- Назарова С.А. Орибатиды пустынно-пастбищной зоны Узбекистана и их значение в эпизоотологии мониезиоза овец. //Автореф. дисс.канд.вет.наук. Самарканд, 1967. -16 с.
- Салимов Б., Қурбанов Ш., Хушвақова Х. Қўйлар тизаниезиозининг эпизоотологик ҳолати ва қўзғатувчисининг морфологик хусусиятлари. //Зооветеринария журнали. Тошкент, 2014. №5. 14-15 б.
- Хаитов Р.Х. Эпизоотология аноплоцефалятозов овец в Самаркандской области. //Дисс.канд.вет.наук. Самарканд, 1953. -118 с.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-014177
- Nashr sanasi
- 2026-10-10
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- Parazitar kasalliklar diagnostikasida molekulyar genetik usullarni qo‘llash, davolash va profilaktikasining zamonaviy jihatlari
- Jild
- 1
- Son
- 5
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/260924
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 165–171
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 22026-10-28 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-10-27