Asosiy mazmunga o‘tish

Qo‘ylarning anoplotsefalyatozlari va ularning qo‘zg‘atuvchilari

Kurbanov Sh.Kh., Yunusov X.B.Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti https://ror.org/03gc295492026

KonferensiyalarParazitar kasalliklar diagnostikasida molekulyar genetik usullarni qo‘llash, davolash va profilaktikasining zamonaviy jihatlariJild 1Son 5Sahifa 159–164

Annotatsiya

Ushbu maqolada O‘zbekiston sharoitida qo‘ylar anoplotsefalyatozlarining qo‘zg‘atuvchilari va ular tomonidan sodir etiladigan kasalliklar, kasallik qo‘zg‘atuvchilari haqida umumiy ma‘lumotlar, ularning areallari, epizootologik xususiyatlari, uchrashi haqidagi ma‘lumotlar keltirilgan.

Boshqa tillarda

ruschaАноплоцефалятозы овец и их возбудители

В данной статье приведены общие сведения о возбудителях аноплоцефалятозов овец и вызываемых ими заболеваниях, их ареалах, эпизоотологических особенностях, распространенности в условиях Узбекистана.

inglizchaAnoplocephalatoses of sheep and their causative agents

This article presents general information on the causative agents of anoplocephalatoses of sheep in Uzbekistan and the diseases they cause, as well as data on their distribution ranges, epizootiological features and occurrence.

Kalit so‘zlar

  • Moniezia expansa
  • M.benedeni
  • Thysaniezia giardi
  • Avitellina centripunctata
  • Stilesia globipunctata
  • S.vittata

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

“PARAZITAR KASALLIKLAR DIAGNOSTIKASIDA MOLEKULYAR GENETIK USULLARNI QO‘LLASH, DAVOLASH VA PROFILAKTIKASINING ZAMONAVIY JIHATLARI”

MAVZUSIDAGI XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA · SAMARQAND, 2026-YIL 9–10-OKTYABR

O‘zbek tilida UDK: 619.636.3:576.895.1:595.121.5 B. 159–164

QO‘YLARNING ANOPLOTSEFALYATOZLARI VA ULARNING QO‘ZG‘ATUVCHILARI

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti

DOI https://doi.org/10.66073/ReFocus-Conf/260923

I QT I B O S U C H U N · Д Л Я Ц И Т И Р О В А Н И Я · FO R C I TAT I O N

Sh.X.Qurbanov, X.B.Yunusov. Qo‘ylarning anoplotsefalyatozlari va ularning qo‘zg‘atuvchilari // Parazitar kasalliklar diagnostikasida molekulyar genetik usullarni qo‘llash, davolash va profilaktikasining zamonaviy jihatlari: xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari (Samarqand, 9– 10-oktyabr 2026-y.). – Samarqand, 2026. – B. 159–164. – DOI: https://doi.org/10.66073/ReFocus-Conf/260923

Research Focus xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida Research Focus International Scientific Journal · refocus.uz

UDK: 619.636.3:576.895.1:595.121.5 QO‘YLARNING ANOPLOTSEFALYATOZLARI VA ULARNING QO‘ZG‘ATUVCHILARI Sh.X.Qurbanov, X.B.Yunusov Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Annotatsiya. Ushbu maqolada O‘zbekiston sharoitida qo‘ylar anoplotsefalyatozlarining qo‘zg‘atuvchilari va ular tomonidan sodir etiladigan kasalliklar, kasallik qo‘zg‘atuvchilari haqida umumiy ma’lumotlar, ularning areallari, epizootologik xususiyatlari, uchrashi haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.

Annotatsiya. V dannoy state privedenы obщiye svedeniya o vozbuditelyax anoplotsefalyatozы oves i vыzыvayemыx imi zabolevaniyax, ix arealax, epizootologicheskix osobennostyax, rasprostranennosti v usloviyax Uzbekistana.

Kalit so‘zlar: Moniezia expansa, M.benedeni, Thysaniezia giardi, Avitellina centripunctata, Stilesia globipunctata, S.vittata.

Kirish. Chorvachilik sohasining asosiy tarmoqlaridan biri qo‘ychilik bo‘lib, u respublikamiz aholisini sifatli go‘sht, sut hamda yog‘ mahsulotlari bilan, sanoatni esa xom-ashyo sifatida teri (qorako‘l va boshqa terilar) hamda jun mahsulotlari bilan ta’minlaydi. Bunday ijobiy ishlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishda ushbu sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar ham mavjud bo‘lib, ular jumlasiga hayvonlar orasida uchrab turadigan turli parazitar kasalliklar, jumladan gelmintozlar kiradi. Hayvonlar orasida gelmintlarning keng tarqalganligi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi hayvonlari va parrandalarida turli kasalliklarni keltirib chiqarishi sababli, ularni tadqiq etish veterinariya sohasiga oid muammolarnigina emas, balki keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni ham hal qilish imkoniyatini yaratishi shubhasiz. Chorvachilikni rivojlantirishda, uning samaradorligini oshirishda turli invazion kasalliklar to‘sqinlik qilib kelayotganligi va ular ichida gelmintozlar asosiy o‘rinlardan birini egallashi tufayli ko‘plab hayvonlar nobud bo‘layotganligi, mahsuldorligi kamayib ketishi, yosh hayvonlar esa o‘sish va rivojlanishdan orqada qolishi, ona qo‘ylar ko‘plab qisir qolishi hamda organizmning boshqa kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati, ya’ni rezistentligi pasayib ketishi, sut mahsuloti 15-30 foizgacha, go‘sht mahsuloti esa 10-30 foizgacha kamayishi kuzatilmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda bugungi kunda qo‘ylar orasida anoplotsefalyatozlarni o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlarni olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Materiallar va metodlar. O‘zbekiston sharoitida anoplotsefalyatozlar qo‘zg‘atuvchilarining tur tarkibi, sistematikasi, biologiyasi va epizootologiyasiga oid ilmiy adabiyot manbalari tahlil qilindi, shaxsiy tadqiqotlarimiz natijalari bilan qiyosiy taqqoslandi hamda turli hududlarda qo‘ylarning ingichka bo‘lim ichaklarini gelmintologik yorish, ularda parazitlik qiluvchi sestodlarning morfologik xususiyatlarini o‘rganish orqali amalga oshirildi.

Natijalar va ularning tahlili. Anoplotsefalyatozlar guruh ichak sestodozlari bo‘lib, ularning qo‘zg‘atuvchilari Cestoda Rudolphi, 1808 sinfining Cyclophyllidea Beneden in Braun, 1900 turkumiga kiradi. Ushbu turkumga kiruvchi sestodlar ikki xo‘jayin ishtirokida rivojlanishi, tashqi muhitda lichinkalik rivojlanish davrining bo‘lmasligi, ularning oraliq xo‘jayinida rivojlanadigan lichinkalarining pufaksimon shaklda bo‘lishi va turli nomlar bilan yuritilishi, strobilasida yetilgan bo‘g‘inlarning ko‘pchilik holda bir nusxadan ajralib turishi bilan sinfning Pseudophyllidea Carus, 1863 turkumi vakillaridan ajralib turadi. Kavshovchi uy va yovvoyi sut emizuvchilarda anoplotsefalyatozlardan moniyezioz, tizaniyezioz, avitellinoz, stilezioz kasalliklari qo‘zg‘atuvchilari qayd qilingan. Ularning har biriga aniq diagnoz qo‘yish barcha sestodlarning muhim anatomo-morfologik va ayrim biologik xususiyatlarini o‘rganishni taqozo etadi.

Hozirgi paytgacha dunyo miqyosida moniyezioz qo‘zg‘atuvchilarining 12 turi, avitellinoz qo‘zg‘atuvchilarining 13 turi, tizaniyezioz qo‘zg‘atuvchisining 1 turi, tizanomoz qo‘zg‘atuvchisining ham 1 turi, stilezioz qo‘zg‘atuvchisining 3 turi ma’lum [3]. Ularning barchasi yassi chuvalchanglar – Plathelminthes Schneider, 1873 tipining sestodlar – Cestoda Rudolphi, 1808 sinfining Cyclophyllidea Beneden et Braun, 1900 turkumiga, ushbu turkumning esa Anoplocephalata Skrjabin, 1933 kenja turkumiga kiradi. Sistematik jihatdan anoplotsefalyatozlardan moniyezioz qo‘zg‘atuvchilari Anoplocephalata kenja turkumining Anoplocephalidae Chlodkowsky, 1902 oilasining Moniezia Blanchard, 1891 avlodiga kiradi. Ushbu avlodning fanda 10 dan ortiq turi ma’lum. Ulardan esa O‘zbekiston sharoitida qo‘y va echkilarda, shuningdek, qoramollarda Moniezia expansa (Rudolphi, 1810), Moniezia benedeni (Moniez,1879), Moniezia autumnalia (Kuznetsov, 1967) turlarining parazitlik qilishi aniqlangan. Avitellinidae Spassky, 1950 oilasining 3 ta avlod vakillarining O‘zbekistondagi qo‘ylarda parazitlik qilishi aniqlangan. Ularga Avitellina Gough, 1911 avlodiga tegishli Avitellina centripunctata (Rivolta, 1874), Thysaniezia Skrjabin, 1925 avlodining yakkayu-yagona vakili – Thysaniezia giardi (Moniez, 1879), Stilesia Railliet, 1893 avlodiga mansub Stilesia globipunctata (Rivolta, 1874) lar kiradi. Shunday qilib, O‘zbekiston hududida anoplotsefalyatlarning 6 turining uchrashi aniqlangan [2].

Moniyeziyalar strobilasining qalin va yupqa tuzilishi enli va bo‘yinchasining juda qisqa bo‘lishi, unda bo‘g‘inlanishning tezda boshlanishi, yetilgan bo‘g‘inlarining 7-8 mm dan 20-24 mm gacha enli bo‘lishi, yetilgan bo‘g‘inlaridagi bachadonda noksimon apparatli uchburchak, to‘rtburchak va ko‘pqirrali shakllardagi tuxumlarning bo‘lishi bilan farqlanadi. Adabiyot ma’lumotlari bo‘yicha M.expansa ning strobilasi 4 metrdan 8-10 metrgacha, M.benedeni niki esa 4-5 metrgacha bo‘lishi ko‘rsatilgan. M.expansa ning olti ilmoqchali onkosferali tuxumlari odatda uchburchak shaklda, M.benedeni niki 4-5-6 qirrali bo‘ladi.

Tizaniyeziya moniyeziyalardan quyidagi morfo-fiziologik xususiyatlari bilan ajralib turadi: strobilasi sutsimon-sarg‘ish rangli, uzunligi 3-5 m ga teng, yetilgan bo‘g‘inlarining eni odatda 9 mm gacha bo‘ladi. Skoleksi deyarli bir xil hajmda (0,6x1,2 mm), so‘rg‘ichlari eniga 0,2-0,4 mm. Bo‘yinchasi cho‘ziq, bo‘g‘inlanish kech boshlanadi, bo‘g‘inlar eniga va bo‘yiga bir tekis o‘sib boradi. Jinsiy teshigi bitta, u bo‘g‘inlarning chap va o‘ng tomonlarida ketma-ket joylashgan. Yetilgan bo‘g‘inlarida paruterinli organlar rivojlanadi, ulardagi kapsulalar (pillalar) noksimon, sharsimon shaklda, hajmi 0,10x0,06, 0,10x0,08 mm. Har birining ikki qismida 6 tagacha diametri 0,010x-0,022 mm ga teng noksimon apparatsiz tuxumlar joylashgan. Ushbu tur sestodning O‘zbekiston sharoitida yirik va mayda shoxli hayvonlarda yuqorida ko‘rsatilgan barcha mualliflar tomonidan uchrashi aniqlangan.

Avitellinoz qo‘zg‘atuvchilaridan O‘zbekiston hududida yirik va mayda shoxli hayvonlarda faqat Avitellina centripunctata (Rivolta, 1874)ning parazitlik qilishi aniqlangan. Ammo uning morfologik xususiyatlari yoritilmagan. Holbuki fanda Avitellinidae oilasining Avitellina Gough, 1911 avlodiga kiruvchi 13 turga oid avitellinalarning uy va yovvoyi sutemizuvchilarda parazitlik qilishi qayd qilingan.

Tadqiqotlarimizda Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlarining qo‘ylarida morfologik jihatdan bir-biridan aniq ajralib turuvchi M.expansa va M.benedeni dan tashqari boshqa turga oid, ayrimlari M.autumnalia ni eslatuvchi moniyeziyalarning uchrashi kuzatildi [4, 5, 6]. Ushbu tur moniyeziyalarning ayrim voyaga yetganlarining strobilasi juda qisqa, ularda bo‘g‘inlar eniga qarab tez o‘sa boshlaydi. Masalan, atigi strobilasi 70 sm ga teng bo‘lgan sestod jinsiy tomondan voyaga yetgan, uning bo‘yinchasi M.expansa va M.benedeni nikiga o‘xshash juda qisqa (1 sm atrofida), ammo skoleksi juda yirik, bo‘yinchadan shakllana boshlagan dastlabki bo‘g‘inlarning eni 1,2 mm, undan 7-8 sm uzoqlikdagi bo‘g‘inlar eni 2,5-3,5 mm, bo‘yi 0,3-0,4 mm, 35 sm uzoqliklarida esa ularning eni 6,2 mm, bo‘yi 0,9 mm ga teng. Shundan so‘ng bo‘g‘inlar bir tekis rivojlanmaydi: dastlab eniga torayib bo‘yiga biroz o‘sadi, so‘ngra uning teskarisi. Eng so‘nggi bo‘g‘inlarning eni 7-7,5 mm, bo‘yi 1,1 mm ni tashkil qilgan bo‘lsa-da ular M.benedeni nikiga o‘xshash to‘rtburchak shaklga ega, qolaversa noksimon apparatlidir. Boshqa bir strobilasi 110 sm ga teng sestodni olsak, uning skoleksi yirik emas, ammo bo‘yinchasi M.expansa va M.benedeni nikiga qaraganda 8-10 marta uzun, shunga ko‘ra bo‘g‘inlarning shakllanishi skoleksdan 8 sm uzoqlikda boshlanadi (mikroskop ostidagina seziladi), ammo birinchi sestodniki singari eniga tez o‘sa boshlaydi va atigi 5 sm dan so‘ng ularning eni 3 mm ga, 10 sm dan so‘ng 6 mm ga, 20 sm dan so‘ng 9 mm ga, 35-50 sm dan so‘ng 10 mm ga, 80 sm dan so‘ng 11 mm ga, 100 sm dan so‘ng 12 mm ga tenglashadi. Shundan so‘ng eniga birmuncha (3-4 mm ga) qisqaradi va oxirgi bo‘g‘inlar eni 10 mm dan, bo‘yi 0,7- 0,8 mm dan oshmaydi. Bunday bo‘g‘inlar yetilgan bo‘lib, ularda endigina shakllanayotgan tuxumlarni ko‘rish mumkin. Shunday qilib, ushbu sestod ham M.expansa, M.benedeni, M.autumnalia dan ushbu morfologik va rivojlanish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Yana boshqa bir 120 sm uzunlikka ega bo‘lgan, bo‘yinchasi juda qisqa bo‘lgan sestodning birinchi sestod singari 30 sm lik strobilasida bo‘g‘inlar eni 7 mm, 80 sm lik qismida 12 mm, 100 sm lik qismida 14 mm (bo‘yi 1,2 mm), oxirgi bo‘g‘inlar ham deyarli shunday hajmda, ammo ularda M.expansa niki singari uchburchak shaklga ega bo‘lgan noksimon apparatli tuxumlar yetilgan. Tadqiqotlarimizda shunday sestodlar ham uchradiki, ularning bo‘yi 200 sm atrofida, bo‘yinchasi qisqa, bo‘g‘inlar dastlab eniga o‘sib, keyinchalik eniga qisqarib, bo‘yiga o‘sa boshlaydi va asta-sekin zanjir tusini oladi, ammo bunday bo‘g‘inlarda paruterinli organlar emas, balki bachadonida tuxumlar rivojlanadi. Shunday qilib, bizlar turli yoshdagi qo‘ylarning ingichka bo‘lim ichaklarida morfologik va rivojlanishi jihatdan O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan moniyeziyalardan keskin farq qiluvchi, ammo Moniezia avlodiga mansub sestodlarni uchratib kelmoqdamiz, ularning yangi o‘choqlari topilmoqda.

Shuni alohida qayd qilish kerakki, bizlar to‘plagan sestod kolleksiyalari orasida moniyeziyalar va tizaniyeziyadan morfologik jihatdan keskin farq qiluvchi juda ingichka shaklga ega bo‘lgan, bo‘g‘imlanish skoleksdan so‘ng 1-1,5 m masofada ham boshlanmagan sestodlar ko‘plab uchramoqda. Ular orasida A.centripunctata ham mavjud. Ammo undan keskin farq qiluvchi boshqa turga oid avitellinalar ham uchramoqda. Bunday sestodlarni Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarining qo‘ylarida uchratib kelmoqdamiz. Tanasi uzun, ammo juda ham ingichka bo‘lgan bunday sestodlar o‘lgan qo‘ylar ichagida ham topilmoqda. Ularning nafaqat morfologiyasi, biologiyasi, balki patogenli xususiyati ham o‘rganilmagan. Ichak sestodlari orasida Thysaniezia avlodiga kiruvchi yakkayu yolg‘iz hisoblanuvchi T.giardi o‘zining morfologik xususiyatlariga ko‘ra boshqa sestodlardan keskin ajralib turadi. Jumladan, ularning bo‘yincha qismi 30- 35 sm uzunlikda bo‘lib, unda shakllanayotgan bo‘g‘inlar bir xil yo‘nalishda eniga o‘sib boradi va eng so‘nggi jinsiy tomondan yetilgan bo‘g‘inlarning eni 7-9 mm ga teng bo‘ladi, bunday bo‘g‘inlarda ko‘plab paruterinli organlar mavjud, tuxumlari ko‘pincha noksimon shaklga ega bo‘lgan kapsulalar (pillalar) ichida bir nechtadan joylashadi. Tuxumlari mayda hajmda, ularda noksimon apparat bo‘lmaydi. Tizaniyeziyalar oq, tiniq rangda, jinsiy teshiklar moniyeziyalarda bir juftdan bo‘lib, ular bo‘g‘inlarning chap va o‘ng tomonlarida joylashgan bo‘lsa, tizaniyeziyada ular toq va bo‘g‘inlarning birida chap, ikkinchisida o‘ng tomonda joylashib boradi. Uy va yovvoyi o‘txo‘r kavshovchi juft tuyoqli sut emizuvchilarda Avitellina avlodining 13 turining parazitlik qilishi aniqlangan. Ammo ular orasida faqat bir tur avitellina – Avitellina centripunctata barcha MHD hududida qo‘ylarda ro‘yxatga olingan. Bizlar tomonimizdan o‘rganilib borilayotgan sestodlar orasida A.centripunctata dan morfologik jihatidan keskin farq qiluvchi turlari uchrashi ma’lum bo‘ldi. Ularning tanasi juda ingichka va uzun, bo‘g‘inlanish sezilmaydi. Mikroskop ostida ko‘rilganda 1-1,5 m uzunlikka ega bo‘lgan strobilada segmentlanish yo‘q, keyinchalik ularni faqat mikroskop ostida shakllanayotganini ko‘rish mumkin, ammo 3 m ga va undan ham uzun bo‘lgan strobilada yetilgan bo‘g‘inlar topilmadi. Ammo Qashqadaryo viloyatida yosh qo‘zilarning tezagida yangi sestodlarning juda mayda yetilgan bo‘g‘inlarini ko‘plab topdik. Ularning eni 2,5-3,0 mm ga, bo‘yi 1,2-1,5 mm ga teng bo‘lib, har birida ko‘plab bir nechtadan tuxumlar bo‘lgan pillalar (kapsulalar)ning bo‘lishini aniqladik. Ularni Avitellina avlodiga mansub bo‘lgan sestodlarning bo‘g‘inlari deb hisobladik.

O‘zbekiston hududida Stilesia avlodiga mansub Stilesia globipunctata Samarqand viloyatining qo‘ylarida 1946-1948 yillarda professor N.V.Badanin tomonidan qo‘ylarning ingichka ichagida topilgan. Stilesia vittata esa ushbu muallif tomonidan 1948 yilda Turkmanistondagi tuyalarda topilgan. Adabiyotda ko‘rsatilishicha, S.globipunctata ning strobilasi juda ingichka va nozik tuzilgan, uzunligi 60 sm atrofida, segmentatsiya sezilmaydi, bo‘g‘inlarining eni 2-3 mm [1]. So‘nggi yillarda olib borgan tadqiqotlarimiz natijalariga ko‘ra respublikamizning turli hududlarida anoplotsefalyatozlarning kuchayib borishini, ularning qo‘zg‘atuvchilarining bioxilma-xilligining pasayib emas, balki avj olib borishini ko‘rsatmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda anoplotsefalyatozlarning tarqalishini, ularning oldini olish va qarshi kurash chora-tadbirlarini ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqotlarni nafaqat qo‘ylar orasida, boshqa kavshovchi uy va yovvoyi sut emizuvchilarda ham o‘rganish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Xulosa. Hozirgi paytda barcha gelmintozlar orasida, trematodozlar singari, anoplotsefalyatozlarning qo‘ylar orasida kuchayib borishi, ularning qo‘zg‘atuvchilarining turlarining son jihatdan ko‘payib borishi kuzatilmoqda. Bunday epizootologik va faunistik holat nafaqat qo‘ylarda, balki echki, qoramol, hatto yovvoyi o‘txo‘r kavshovchi sut emizuvchilarda anoplotsefalyatozlar qo‘zg‘atuvchilarining faunistik holatini va ular chaqiradigan kasalliklarni har tomonlama o‘rganishni taqozo etadi.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar5 ta adabiyot

  1. Абдуладзе К.И. //Паразитология и инвазионные болезни сельскохозяйственных животных. М- «Колос», 1990.
  2. Джабборов Ш.А. Разработка и внедрение новых антгельминтно-солевых смесей против гельминтозов овец. //Автореф.канд.дисс., Самарканд, 2005. – 18 с.
  3. Кузнецов В.М. Мониезиозы жвачных животных в Московской области: эпизоотология, патогенез, лечение и прфилактика. //Автореф.канд.дисс… М. 2004. – 17 с.
  4. Kurbanov Sh.Kh. Biology, Ecology, Morphology And Epizootological Characteristics Of Sheep Moniesis. The American Journal of Veterinary Sciences and Wildlife Discovery. ISSN–2689-0968 Published: America, 2021. June 30, 2021. Pages: 8-14. Doi: https://doi.org/10.37547/tajvswd/ Volume03 Issue03-0210.37547/tajvswd/
  5. Kurbanov Sh.Kh., Hamzayeva M.Ya. Epizootology of Sheep Tizaniesiosis, Some Diagnostic Signs of the Causative Agent. //Texas Journal of Medical Science. ISSN NO: 2770- 2936 https://zienjournals.com Date of Publication:26-06-2022. A Bi-Monthly, Peer Reviewed International Journal Volume 9. –P. 26-29.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-014176
Nashr sanasi
2026-10-10
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
Parazitar kasalliklar diagnostikasida molekulyar genetik usullarni qo‘llash, davolash va profilaktikasining zamonaviy jihatlari
Jild
1
Son
5
DOI
10.66073/refocus-conf/260923
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
159–164
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
12026-11-01 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-10-28