Asosiy mazmunga o‘tish

BADIIY MATNDA DIALOG VA ICHKI NUTQ ORQALI ILLOKUTSION MAQSADLARNING IFODALANISHI PRAGMALINGVISTIK TAHLILI

Jurayeva Muhayyo AbdujalilovnaXorijiy til va adabiyot kafedrasi o‘qituvchisi Toshkent Amaliy Fanlar Universiteti2026

Konferensiyalar“RAQAMLI TRANSFORMATSIYA SHAROITIDA XORIJIY TILLARNI O‘QITISHDA INNOVATSION YONDASHUVLAR” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanJild 1Son 3Sahifa 1042–1047

Annotatsiya

Ushbu maqolada badiiy matnda dialog, monolog vaichki nutq orqali nutqiy aktlarning ifodalanishi pragmalingvistikyondashuv asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda nutq aktlarinazariyasining lokutiv, illokutiv va perlokutiv qatlamlari badiiy diskursmisolida yoritiladi. Ichki nutqning dialogik xususiyati, remarkalarningpragmatik ahamiyati hamda bilvosita nutqiy aktlarning kommunikativ  strategiyadagi roli ko‘rib chiqiladi. Natijada, badiiy matn ko‘p qatlamliva strategik tashkil etilgan kommunikativ tizim sifatida talqin etiladi.

Boshqa tillarda

ruschaПрагмлингвистический анализ выражения иллюстрационных целей посредством диалога и внутреннего диалога в литературном тексте.

В статье анализируется выражение речевых актовв художественном тексте через диалог, монолог и внутреннюю речь спозиций прагмалингвистики. Рассматриваются локутативный,иллокутивный и перлокутивный уровни в художественном дискурсе.Особое внимание уделяется диалогической природе внутренней речи,прагматической роли ремарок и функции косвенных речевых актовкак коммуникативной стратегии. В результате художественный текстинтерпретируется как многоуровневая и стратегическиорганизованная коммуникативная система.

inglizchaPRAGMALINGUISTIC ANALYSIS OF THE EXPRESSION OF ILLUCTIONARY PURPOSES THROUGH DIALOGUE AND INNER SPEECH IN A LITERATURE TEXT

This article analyzes the expression of speech acts inliterary texts through dialogue, monologue, and inner speech from apragmalinguistic perspective. The study examines locutionary,illocutionary, and perlocutionary levels within literary discourse. Specialattention is given to the dialogic nature of inner speech, the pragmaticrole of remarks, and the function of indirect speech acts as acommunicative strategy. The findings show that literary texts functionas multi-layered and strategically organized communicative systems.

Kalit so‘zlar

  • pragmalingvistika
  • nutq aktlari nazariyasi
  • illokutsion maqsad
  • perlokutsion ta‘sir
  • dialogik nutq
  • ichki nutq
  • badiiy diskurs
  • bilvosita nutq aktlari

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

BADIIY MATNDA DIALOG VA ICHKI NUTQ ORQALI ILLOKUTSION MAQSADLARNING IFODALANISHI PRAGMALINGVISTIK TAHLILI

Jo‘rayeva Muhayyo Abdujalilovna E-mail: jurayevamuhayyo385@gmail.com ORCID ID: 0009-0006-4036-6690 Xorijiy til va adabiyot kafedrasi o‘qituvchisi Toshkent Amaliy Fanlar Universiteti, Gavhar ko‘chasi 1, Toshkent 100149, O‘zbekiston

Annotatsiya. Ushbu maqolada badiiy matnda dialog, monolog va ichki nutq orqali nutqiy aktlarning ifodalanishi pragmalingvistik yondashuv asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda nutq aktlari nazariyasining lokutiv, illokutiv va perlokutiv qatlamlari badiiy diskurs misolida yoritiladi. Ichki nutqning dialogik xususiyati, remarkalarning pragmatik ahamiyati hamda bilvosita nutqiy aktlarning kommunikativ

strategiyadagi roli ko‘rib chiqiladi. Natijada, badiiy matn ko‘p qatlamli va strategik tashkil etilgan kommunikativ tizim sifatida talqin etiladi. Kalit so‘zlar: pragmalingvistika, nutq aktlari nazariyasi, illokutsion maqsad, perlokutsion ta’sir, dialogik nutq, ichki nutq, badiiy diskurs, bilvosita nutq aktlari. Аннотация. В статье анализируется выражение речевых актов в художественном тексте через диалог, монолог и внутреннюю речь с позиций прагмалингвистики. Рассматриваются локутативный, иллокутивный и перлокутивный уровни в художественном дискурсе. Особое внимание уделяется диалогической природе внутренней речи, прагматической роли ремарок и функции косвенных речевых актов как коммуникативной стратегии. В результате художественный текст интерпретируется как многоуровневая и стратегически организованная коммуникативная система. Ключевые слова: прагмалингвистика, теория речевых актов, иллокутивная цель, перлокутивный эффект, диалогическая речь, внутренняя речь, художественный дискурс, косвенные речевые акты. Annotation. This article analyzes the expression of speech acts in literary texts through dialogue, monologue, and inner speech from a pragmalinguistic perspective. The study examines locutionary, illocutionary, and perlocutionary levels within literary discourse. Special attention is given to the dialogic nature of inner speech, the pragmatic role of remarks, and the function of indirect speech acts as a communicative strategy. The findings show that literary texts function as multi-layered and strategically organized communicative systems. Keywords: pragmalinguistics, speech act theory, illocutionary force, perlocutionary effect, dialogic speech, inner speech, literary discourse, indirect speech acts.

Kirish. Badiiy matnda dialog, monolog va ichki nutq shakllari ko‘plab tadqiqotlarda stilistik va semantik jihatdan o‘rganilgan bo‘lsada, ularning nutq aktlari nazariyasi asosida tizimli pragmalingvistik tahlili yetarli darajada yoritilmagan. Ayniqsa, ichki nutqning dialogik tabiatini nutq aktlari orqali izohlash, remarkalarning illokutsion kuchni shakllantirishdagi roli hamda bilvosita nutqiy aktlarning badiiy diskursdagi funksional yuklamasi kompleks tarzda tahlil etilmagan. Shu sababli, mazkur tadqiqotda badiiy matndagi dialog, monolog va ichki nutq shakllarining illokutsion va perlokutsion xususiyatlarini aniqlash, ularning kommunikativ strategiya sifatidagi funksiyasini ochib berish dolzarb masala sifatida qaraladi. Badiiy matnnning nutqiy shakllaridan biri hisoblangan dialog termini yunon tilidan olingan bo‘lib “ikki shaxs o‘rtasidagi so‘zlashuv” ma’nosini anglatadi. Monolog esa “monos” (bir) va “logos” (nutq)

so‘zlaridan tashkil topib, badiiy matnda personajning o‘z-o‘ziga yoki boshqa obrazlarga qaratilgan nutqiy ifodasini bildiradi.Bu nutq shakllari oddiy kommunikativ vosita emas, balki murakkab pragmatik tizimning tarkibiy komponentlari hisoblanadi[5]. Ushbu shakllar orqali muallif nafaqat voqelikni tasvirlaydi, balki personajlarning ichki dunyosi, ularning kommunikativ strategiyalari va nutqiy intensiyalarini ham ifodalaydi. Shu jihatdan, badiiy nutqni tahlil qilishda nutq aktlari nazariyasi alohida metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi, chunki u nutqning nafaqat semantik, balki illokutsion va perlokutsion qatlamlarini ham ochib beradi [1],[2] . Dialogik nutq badiiy matnda interaktivlik va ziddiyatni tashkil etuvchi asosiy mexanizm bo‘lib, u alohida replikalar yig‘indisi emas, balki mantiqiy va pragmatik jihatdan yaxlit diskursni hosil qiladi[ 3]. Dialog jarayonida har bir replika nafaqat oldingi nutqiy birlikka javob, balki keyingi kommunikativ harakat uchun asos vazifasini bajaradi. Masalan,Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” asarida Marmeladov va Raskolnikov o‘rtasidagi suhbatda Raskolnikovning “Unda siz-chi? Siz ham aybdor emasmisiz?” savoli formal jihatdan so‘roq gap bo‘lsa-da, pragmatik jihatdan u ayblov va axloqiy bosimni ifodalovchi direktiv illokutsiya sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, Marmeladovning “Men pastkashman! Men iflosman… lekin U meni kechiradi, barcha insonlarga rahm qilgan Zot meni ham kechiradi!” kabi replikalari ekspressiv illokutsiya bo‘lib, unda o‘zini ayblash orqali kechirimga erishish strategiyasi amalga oshiriladi [8]. Mazkur dialogda illokutsion maqsadlar to‘qnashuvi orqali ijtimoiy va axloqiy konflikt diskurs darajasida shakllanadi. Ichki dialog tashqi kommunikatsiyadan farqli ravishda bir subyekt doirasida kechadigan, ammo strukturaviy jihatdan dialogik xususiyatni saqlab qoladigan nutq shaklidir[4]. Dostoyevskiyning Raskolnikov obrazida bu suhbat ikki shaxs o‘rtasida emas, balki “men”va “o‘zim” o‘rtasida kechadi : “Men bunga bardosh bera olmasligimni juda yaxshi bilardim-ku, unda nega o‘zimni shu kungacha azoblab keldim? Hatto kecha ham — kecha, o‘sha mashqni qilishga borganda ham — men bu narsaga chiday olmasligimni to‘la anglagandim... Unda hozir bu nima? Nega doimiy ravishda shubhalandim? Hatto kecha, zinadan tushayotganimda, o‘zim aytdimku: bu pastkashlik, jirkanchlik, ifloslik, — aynan shu fikrning o‘zi meni nafratga solib, haqiqatan ham ko‘nglimni behuzur qildi va dahshatga soldi...” kabi fikrlar ketma-ketligi ichki nutq shaklida berilgan bo‘lsa-da, u savol-javob, e’tiroz va inkor elementlarini o‘z ichiga olgan dialogik struktura hosil qiladi. Bu yerda lokutiv darajada oddiy fikr bayoni kuzatilsa, illokutiv darajada qahramonning o‘zini oqlash va ayni paytda fosh etish jarayoni kechadi. Perlokutiv jihatdan esa ushbu ichki dialog

o‘quvchida psixologik tanglik va empatiya hissini yuzaga keltiradi. Yuqoridagi fikrlardan anglashilinadiki, ichki dialog nutq aktlarining tashqi kommunikatsiyadan mustaqil ravishda ong darajasida ham faol ishlashini ko‘rsatadi [6]. Tavsifiy dialog badiiy matnda nutqiy va tasviriy qatlamlarning sintezi sifatida yuzaga chiqadi[7]. Charlz Dikkensning “Buyuk umidlar” asaridagi Pip va noma’lum mahbus o‘rtasidagi suhbatda muallif remarkalari dialogning pragmatik talqinini belgilovchi asosiy omilga aylanadi. Qo‘rqinchli bir odam edi u — qo‘pol kulrang kiyimda, oyog‘iga og‘ir temir kishan taqilgan. Boshida shapka yo‘q, oyoqlarida yirtiq etik, boshiga eski bir latta o‘rab olgan. U butkul ho‘l edi, loyga belangan, toshlardan oqsoqlanib qolgan, chaqmoqtoshlar uni kesgan, qo‘tirlar, tikanlar badanini tirnagan, u esa cho‘loqlanib yurardi, titrardi, ko‘zlarini olaytirardi va g‘azab bilan g‘o‘ldirardi. Tishlari qaltirab, meni iyagimdan changalladi. — E, bo‘ynimni kesmang, janob, — dedim dahshat bilan. — Iltimos, bunday qilmang, janob. — Isming nima? — dedi u. — Tez ayt! — Pip, janob. — Yana bir marta! — dedi u menga tikilib. — Og‘zingdan to‘liq chiqsin! — Pip. Pip, janob. — Qayerda yashaysan, ko‘rsat! — dedi u. — Qo‘ling bilan ko‘rsat joyni! “Tishlari qaltirab, meni iyagimdan changalladi” kabi tasviriy elementlar orqali nutqdan tashqari noverbal signallar ham kommunikativ jarayonga kiritiladi. Natijada, mahbusning “Isming nima?” degan savoli oddiy informativ so‘roq emas, balki tahdidli direktiv akt sifatida qabul qilinadi. Pipning “Pip, janob” shaklidagi javobi esa illokutsion jihatdan itoatkorlik va qo‘rquvni ifodalovchi reaksiya bo‘lib, perlokutiv natija sifatida ziddiyatli vaziyatni kuchaytiradi. Bu holat dialogda remarkaning pragmatik interpretatsiyani qanday o‘zgartirishini yaqqol ko‘rsatadi. Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanidagi Miryoqubning ichki nutqi polifonik ong modelining yorqin namunasidir. Qahramon ongida “tergovchi” va “javobgar” sifatida ikki subyektning mavjudligi nutqning dialogik tabiatini ichki darajada takrorlaydi. — «Xo‘sh, Miryoqub, kayfing qanday?» — «Joyida... Kayfim joyida...». — «Yolg‘on gapirma, Miryoqub. Sen tergovchi qoshidasan. Biz ko‘nglingda yozilganlarni barala o‘qib turibmiz. Veksildan yo yer vasiqasidan sen qanday kopiya olsang, biz ham sening ko‘nglingdan o‘shanaqa kopiya olganmiz. Shuning uchun rostini ayta bersang, o‘z

hayriyating. Bari bir, bizni yolg‘on gapga ishonitrolmay-san. Xo‘sh, gapir: kayfing qanday?». “Yolg‘on gapirma” kabi replikalar formal jihatdan tashqi dialogga o‘xshasa-da, aslida ular qahramonning o‘ziga qaratilgan ichki direktiv aktlari hisoblanadi. Bu yerda illokutsion maqsad — o‘zini fosh qilish va ichki haqiqatni tan olish bo‘lsa, perlokutiv natija — ruhiy iztirobning kuchayishi va o‘zlik bilan ziddiyatning chuqurlashuvidir. Ushbu usul orqali muallif qahramon ongini monologik emas, balki dialogik va ko‘p ovozli tizim sifatida tasvirlaydi. Badiiy matnda nutq aktlari ko‘pincha bevosita emas, balki bilvosita shaklda ifodalanadi. Masalan, “Iloji bo‘lsa, bu ishni endi o‘zingiz ko‘ring” gapi strukturaviy jihatdan shart ergash gapli qo‘shma gap bo‘lib, unda illokutsion maqsad — buyruq berish emas, balki iltimosni yumshatilgan shaklda ifodalashdan iborat. Bu yerda “ko‘ring” fe’li direktiv illokutsiyani bildirsa, “iloji bo‘lsa” komponenti uning kuchini pasaytirib, kommunikativ muvozanatni ta’minlaydi. Natijada, perlokutiv ta’sir sifatida tinglovchida majburiyat emas, balki ixtiyoriylik hissi yuzaga keladi. Bu esa nutqning strategik tashkil etilganligini ko‘rsatadi, ya’ni so‘zlovchi o‘z maqsadiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki ijtimoiy jihatdan maqbul yo‘l bilan erishadi. Xulosa. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, badiiy matnda dialog, monolog va ichki nutq shakllari o‘zaro uzviy bog‘langan holda murakkab pragmatik tizimni hosil qiladi. Dialogik nutq asosan tashqi kommunikativ ziddiyat va ijtimoiy munosabatlarni ifodalasa, ichki nutq qahramon ongidagi ichki konflikt va psixologik qarama-qarshiliklarni yuzaga chiqaradi.Shu bilan birga, remarkalar dialogning mazmunini kengaytirib, illokutsion kuchni aniqlashtiruvchi va perlokutiv ta’sirni kuchaytiruvchi pragmatik vosita sifatida namoyon bo‘ladi.Bundan tashqari, badiiy matnda nutq aktlari ko‘pincha bilvosita shaklda ifodalanib, ular orqali muallif kommunikativ maqsadga ijtimoiy jihatdan maqbul va strategik yo‘l bilan erishadi. Natijada, badiiy matn nafaqat til birliklari yig‘indisi, balki ko‘p qatlamli, strategik tashkil etilgan va nutq aktlari orqali boshqariladigan kommunikativ tizim sifatida namoyon bo‘ladi.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar10 ta adabiyot

  1. John L. Austin. How to Do Things with Words. Oxford: Clarendon Press, 1962.
  2. John Searle. Speech Acts: An Essay in the Philosophy of Language. Cambridge: Cambridge University Press, 1969.
  3. Teun A. van Dijk. Discourse and Context: A Sociocognitive Approach. Cambridge: Cambridge University Press, 2008.
  4. Deborah Schiffrin. Discourse Markers. Cambridge: Cambridge University Press, 1987.
  5. Geoffrey Leech. Principles of Pragmatics. London: Longman, 1983.
  6. R. Sayfullayeva. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Toshkent, 2006.
  7. M. Asqarova. O‘zbek tili stilistikasi. Toshkent, 1997.
  8. Fyodor Dostoyevsky. Crime and Punishment. Moscow: Progress Publishers, 1866.
  9. Charles Dickens. Great Expectations. London: Chapman & Hall, 1861.
  10. Cho‘lpon. Kecha va kunduz. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, 1936.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011838
Nashr sanasi
2026-04-23
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“RAQAMLI TRANSFORMATSIYA SHAROITIDA XORIJIY TILLARNI O‘QITISHDA INNOVATSION YONDASHUVLAR” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjuman
Jild
1
Son
3
DOI
10.66073/refocus-conf/946
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
1042–1047
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
12026-10-28 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25