Asosiy mazmunga o‘tish

“BOBURNOMA” ASARIDAGI GIDRONIMIK INDIKATORLARNING TARQALISH AREALLARI VA LINGVOGEOGRAFIK XUSUSIYATLARI

Jalilova Madina MurotovnaNamDU 10.00.01-O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha mustaqil izlanuvchi2026

Konferensiyalar“RAQAMLI TRANSFORMATSIYA SHAROITIDA XORIJIY TILLARNI O‘QITISHDA INNOVATSION YONDASHUVLAR” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanJild 1Son 3Sahifa 1220–1225

Annotatsiya

Maqolada Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asaridagi gidronimik indikatorlarning tarqalish areallari va lingvogeografik xususiyatlari tadqiq etilgan.

Boshqa tillarda

ruschaАРЕАЛЫ РАСПРОСТРАНЕНИЯ И ЛИНГВОГЕОГРАФИЧЕСКИЕ ОСОБЕННОСТИ ГИДРОНИМНЫХ ПОКАЗАТЕЛЕЙ В РАБОТЕ «БАБУРНОМА»

В статье исследуются ареалы распространения и лингвистические характеристики гидронимических показателей в произведении Захириддина Мухаммада Бабура “Бобурноме”.

inglizchaAREAS OF DISTRIBUTION AND LINGUOGEOGRAPHICAL FEATURES OF HYDRONYMIC INDICATORS IN THE WORK "BABURNOMA"

The article, studies the distribution areas and linguogeographic characteristics of hydronymic indicators in Zahiriddin Muhammad Babur‘s work “Boburnoma”.

Kalit so‘zlar

  • gidronim
  • oykonim
  • indikator
  • variant
  • areal
  • sotsiolingvistika
  • lingvogeografiya
  • dialektologiya

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

“BOBURNOMA” ASARIDAGI GIDRONIMIK INDIKATORLARNING TARQALISH AREALLARI VA LINGVOGEOGRAFIK XUSUSIYATLARI

Jalilova Madina Murotovna NamDU 10.00.01-O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha mustaqil izlanuvchi [telefon raqami yashirilgan] Ganievkomilzon073@gmail.com

Annotatsiya. Maqolada Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asaridagi gidronimik indikatorlarning tarqalish areallari va lingvogeografik xususiyatlari tadqiq etilgan. Kalit so‘zlar: gidronim, oykonim, indikator, variant, areal, sotsiolingvistika, lingvogeografiya, dialektologiya. Аннотация. В статье исследуются ареалы распространения и лингвистические характеристики гидронимических показателей в произведении Захириддина Мухаммада Бабура “Бобурноме”. Ключевые слова: гидроним, ойконим, индикатор, вариант, ареал, социолингвистическа, лингвогеография, диалектология.

Abstrakt. The article, studies the distribution areas and linguogeographic characteristics of hydronymic indicators in Zahiriddin Muhammad Babur’s work “Boburnoma”. Key words: hydronym, oikonym, indicator, variant, areal, linguogeography, dialectology.

Lingvogeografiya qiyosiy tarixiy tilshunoslik, areal tilshunoslik va dialektologiya bilan chambarchas bog‘liq va ular bilan samarali o‘zaro aloqada bo‘ladi. Lingvogeografiya tarixchilar, etnograflar, antropologlar uchun qiziqarli bo'lib, ular o'z tadqiqotlarida uning natijalaridan foydalanadilar. Til atlaslarini yaratish lingvogeografiya, areal lingvistika, sotsiolingvistika, lingvistik antropologiya, tarix va etnografiya integratsiyasi natijasidir. “Boburnoma” asari nafaqat memuar, tarixiy asar, balki lingvistik va geografik birliklar manbasi hamdir. Asarda uchraydigan toponimlar, ayniqsa gidronimlar (suv obyektlarining atoqli oti) [1, 25] obyektlarning tarixiy-geografik jihatlarini tadqiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Asarda jami 134 ta Movarounnahr, Afg‘oniston, Hindiston hududidagi gidronim keltirilgan bo‘lib, ular su (43 ta), daryo (22 ta), suv (21 ta), rud (11 ta), guzar (10 ta), ko‘prik (5 ta), ob (4 ta), band (4 ta), soy (2 ta), ko‘l (2 ta), ariq (2 ta), havz (2 ta), chashma (2 ta), kechik (2 ta), kechik (2 ta) kabi gidronimik indikatorlar (atoqli otning suv bilan bog‘liq obyektning nomi ekaniga ishora qiluvchi birlik) [1, 25] bilan ifodalangan. Biz “Boburnoma”da qo‘llangan, muallif tilga olgan, izohlagan, tavsiflagan suv obyektlari tarkibidagi gidronimik indikatorlarni lingvogeografik nuqtayi nazardan o‘rgandik. Chunki indikatorlar obyektni shunchaki ifodalab kelmaydi, balki u haqidagi muayyan qo‘shimcha axborotlarni ham berish xususiyatiga ega. Bu qaysidir ma’noda toponimlar va toponimik indikatorlarni lingvogeografik tavsiflashni imkonini beradi. Asarda eng ko‘p qo‘llangan su //suy // suv indikatorlari – turkiycha suv ma’nosini bildirib, tabiiy suyuqlik; daryo, soy (tarixiy asarlarda su varianti ham bor [2, 64] ) ma’nolarida qo‘llangan. Shuningdek, asardagi su // suv //suy, rud, daryo kabi gidronimik indikatorlar bir umumiy ma’noda yer osti va yer usti suvlaridan hosil bo‘ladigan katta oqar suvlarni anglatgan. Biz buni quyidagi gidronimlar misolida ko‘ramiz: Andijon rud // Andijon suyi: Andijon rudi O‘shning mahallotining ichi bila o‘tub, Andijong‘a borur. [3, 35] Nechukkim, Andijon suyi O‘shdin kelur. [3, 36]. G‘azni rud // G‘azni suyi: Munda yig‘ilur suvlar Kattavoz vodiysining va Zurmat julgasining va G‘azni rudining, bahor yomg‘urlarining sellari va yozlar suv ulg‘ayganda ziroatdin ortqon

suvlari emish. [3,122] Sulton (Mahmud) zamonida uch-to‘rt band bor ekandur, bir band ushbu G‘azni suyida, G‘aznidin shimol sari uch yig‘och suv yuqqori, sulton bir ulug‘bande solibtur. [3, 113] G‘azni hududidan oqib o‘tgan daryo. Uning suvi to‘planib, Obi Istoda ko‘liga quyilishini Bobur asarda qayd etgan. Saru suv // Saru daryo: Saru suvidag‘i xuki obilar o‘ynar mahalda suvdin durust chiqadur… Saru daryosida cherik elidin heyli kishi ko‘rdilar. [3, 203] Saru suv // Saru daryo – Hindistonning shimoliy-sharqidagi daryo. Bobur bu daryoning manbai Hindukush tog‘i ekanligini va Gang daryosiga qo‘shilib, Sharq sari oqishini hamda Hind okeaniga quyilishini, daryoda Hindistonga xos xuki obi va gariyal kabi suv hayvonlarini ko‘rganini qayd etgan. Chandoval suv // Chandoval rudi: Chandoval suvi bila Bajavr suyining qotilishi bila Panjkura suyining oralig‘ig‘a tushuldi. [3, 163] Tonglasi ko‘chub, Xoja Hizr rudi yoqasig‘a tushuldi, andin ko‘chub Chandoval rudi yoqasig‘a tushtuk. [3,163] Gang suv // Gang daryo – Hindiston va Bangladeshdagi yirik daryo. Himolay tog‘laridan boshlanadi. Hind-Gang tekisligidan oqib o‘tib, Bengal qo‘ltig‘iga yaqin qolganda Brahmaputra daryosi bilan qo‘shilib, Hind okeaniga quyiladi [4, 208]. Gang sersuvligi jihatdan yer yuzida Amazonka va Kongodan keyin 3-o‘rinda turadi: Gang suvining Bihar tarafidin Mustafo olot va adovotini mukammal va muhayyo qilib, urushg‘a mashg‘ul bo‘lg‘ay. Bu daryo hindlar uchun muqaddas sanaladi. Bobur bu daryoni u sohiliga, so‘ng orqaga quloch otib suzib o‘tgan, Gang daryosi ustiga ko‘prik qurdirgan: Juun va Gang va Rapat va Go‘mtiy va Gagar va Saru va Gandak va qalin daryolardurkim, bori Gang daryosig‘a qotilib…sharq sori oqib, … Muhitqa to‘kilur. Borining manbai Savalak Parbattur. [3, 197] Bu daryolarning manbai Hindukush tog‘i ekanligini qayd etgan. Ganga qadimgi Sanskrit tilidan olingan bo‘lib, harakat qilmoq, oqmoq fe’lidan kelib chiqqan, ya’ni oqadigan ma’nosini bildiradi. Hind mifologiyasiga ko‘ra Ganga osmondan yerga tushirilgan muqaddas daryo bo‘lib, u insonlarning gunohlarini yuvadi, deb ishoniladi. Tarixiy nomlari: Ganga – Sanskrit tilida, Ganges – yunon va lotin manbalarida, Padma – Bangladeshdagi quyi oqimidagi nomi. So‘n suv // So‘n suyi: Tojixon xabar kelturdikim, Mahmudxon So‘n suvining qoshidadur. [3, 252] So‘n suyi quyi qalin daraxtlar ko‘rundi, dedilarkim, Manerdur. [3, 255] So‘n suyi – Hindistonning Bihar viloyatidan oqib o‘tuvchi daryo. Bobur uning sohillarida Mahmud Lo‘diyga qarshi harbiy harakatlar olib borgan. Bu yerda u So‘n daryosidan Manergacha bo‘lgan masofani o‘lchatgan.

Asarda su gidronimik indikatori bilan 43 ta gidronim qayd etilgan bo‘lib, ular quyidagi hududlarda qo‘llanilgan: Toshkent: Chir suyi kabi. Farg‘ona vodiysi: Andijon suyi, Axsi suyi, Xo‘jand suyi, Sang suyi kabi. Samarqand: Aris suyi, Darg‘am suyi, Ko‘hak suyi kabi. Afg‘oniston: Andarob suyi, Bajavr suyi, Balxob suyi, Biyla suyi, Boro suyi, Buthaq suyi, Duoba suyi, Gulbahor suyi, Gurgon suyi, Istalif suyi, Kishm suyi, Ko‘kcha suyi, Xatlon suyi, G‘azni suyi, Chag‘onsaroy suyi, Paravon suyi, Hirmand suyi kabi. Hindiston: Arind suyi, Bahat suyi, Betviy suyi, Arind suyi, Burxonpur suyi, Dehi Yaqub suyi, Gambir suyi, Go‘yi suyi, Karmunas suyi, Kavariy suyi, Manas suyi, Panjkura, Sengar suyi, Suxon suyi, To‘s suyi, Gandak suyi, Gang suyi, So‘n suyi kabi. Farg‘ona hududdida ham su boshqa gidronimik indikatorlarga nisbatan faol qo‘llangan. Asarda rud gidronimik indikatori ham faol qo‘llangan. Rud // ro‘d so‘zi fors-tojikcha bo‘lib, soy, daryo ma’nolarini anglatadi [2, 64]. Bu gidronimik indikator asosan fors-tojik tilli hududlarida faol qo‘llangan. Rud indikatori tarixan, asosan, Afg‘oniston, qisman, shimoliy Hindiston mintaqalarida keng uchraydi. Chunki bu hududlar qadimdan fors-tojik tili arealiga kirgan. Chunonchi, “Boburnoma”da ham rud indikatorili 11 ta gidronim qayd etilgan bo‘lib, Shundan Afg‘oniston hududida 7 ta (Alangar rud, Bangash rud, Bichoq rud, Go‘mal rud, Kamrud, Surx rud, G‘azni rud), Hindiston hududida esa 3 ta (Xoja Xizr rud, Sanor rud va Chandoval rud), Farg‘ona hududida 1ta Andijon rud keltirilgan. Alangar rud – hozirgi Afg‘onistonning Lamg‘on viloyatida Alangar tumani bo‘lib, Hindukush etaklarida joylashgan. Tuman hududidan shu nomdagi soy oqib o‘tgan. Bobur bu soyni Kavardan chiqib, Boron daryosiga quyilishini qayd etgan: Alingor rudi Kavardin chiqar…quyiroq Boron suyig‘a qotilur. [3, 110] Bangash rudi – Kobul viloyatidagi Bangash tumani hududidan oqib o‘tgan daryo shu hudud nomi bilan atalgan. Bangash rudi Bannuga chiqar, Bannu bu suv bila ma’murdur. [3, 119] Hozirgi Kurram daryosi, Afg‘onistonning Paktiya va Pokistonning Xaybar-Paxtunxva viloyatlaridan oqib o‘tuvchi daryo. Bichoq rud – Haybar dovonidan janubiy-sharq tomonga oquvchi kichik daryo (soy). Bobur Hindistonga yurishlari chog‘ida to‘xtab o‘tgan: …Bichoqdin o‘tub, doim tushar yergakim, ushbu Bichoq rudining yoqasidur, tushuldi. [3, 177] Go‘mal rud – Afg‘onistondagi Ko‘kcha daryosi, Fayzobod, Dasht tomonlaridan Borakka tomon oqadigan bu daryo asarda Go‘mal rudi deb atalgan. Bobur daryo yoqasida Navro‘z iydi arafasida bo‘lib, iyd namozini

shu yerda o‘qigan: Iyd namozini Go‘mal rudining yoqasida o‘taldi. Navro‘z ul iydqa yovuq kelib edi. [3, 120] Kamrud – Hisor tizmasidagi dara va undan oquvchi daryo: Sulton Mas’ud mirzo Hisorda turmoqning maslahatini topmay, Kamrud rudi yuqqori …Samarqandg‘a bordi. [3, 52] Surx rud – Odinapur qo‘rg‘onining janubidan oqib o‘tuvchi daryo: Odinapur qo‘rg‘onining janub tarafi Surx rudtur. [3, 110] Surx rud forstojikcha qizil daryo ma’nosini anglatadi. G‘azni rud – G‘azni hududidan oqib o‘tgan daryo: Munda yig‘ilur suvlar Kattavoz vodiysining va Zurmat julgasining va G‘azni rudining, bahor yomg‘urlarining sellari va yozlar suv ulg‘ayganda ziroatdin ortqon suvlari emish. [3, 122] Statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Afg‘oniston hududida rud indikatorli gidronimlarning miqdori ko‘pligi, ushbu mintaqaning qadimdan fors-tojik til muhitida shakllanganligini, Bobur davrida ham shu tilda so‘zlashganliklari gidronimlarda forsiy qatlam saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan. Demak, rud indikatori bu hududda tabiiy, ichki unsur sifatida namoyon bo‘ladi. Bobur asarda Afg‘oniston hududida o‘n bir, o‘n ikki tilda so‘zlashishganini va bu tillarning ichida forsiy til ham mavjudligini qayd etgan: Oʻn bir-oʻn ikki lafz bila Kobul viloyatida talaffuz qilurlar: arabiy, forsiy, turkiy, moʻgʻuliy, hindiy, afgʻoniy, pashoyi, parojiy, gabriy, barakiy, lamgʻoniy. Muncha muxtalif aqvom va mugʻoyir alfoz ma’lum emaskim, hech viloyatqa boʻlgʻay. O‘n bir-o‘n ikki lafz bila Kobul viloyatida talaffuz qilurlar: arabiy, forsiy, turkiy, mo‘g‘uliy, hindiy, afg‘oniy, pashoyi, parojiy, gabriy, barakiy, lamg‘oniy. Muncha muxtalif aqvom va mutag‘oyiralfoz ma’lum emaskim, hech viloyatta bo‘lg‘ay. [3, 109] Yuqoridagi fikrlar ham lingvogeografiyaga xos chizgilar bo‘lib, Bobur bu keltirgan ma’lumotlari orqali Afg‘oniston hududi har xil dialekt zonali hudud ekanligini (afg‘oniy, pashoyi, parojiy, gabriy, barakiy, lamg‘oniy) isbotlaydi. U Kobuldan boshqa biror hududda bunchalik xilma-xil qavm va har turli tillarda so‘zlashuvchilar borligi ma’lum emasligini ta’kidlaydi. Shuning uchun, bu hududda gidronimlar bilan birga kelgan suv // su – turkiy, rud – forsiy indikatorlari erkin almashinib kelgan. Jumladan, asarda 21 ta suv indikatori bilan gidronimlar qayd etilgan bo‘lib, shundan 9 tasi Afg‘oniston hududidagi gidronimlardir: Ali Masjid suvi, Kobul suvi, Kunar suyi, Panjhir suyi, Paravon suyi, Qizil suv, Savod suyi, Tutum dara suyi, Chandoval suvi kabi. Demak, Afg‘onistonda turli tillarda so‘zlashuvchi aholi istiqomat qilganliklari bois, bu hududda suv // su, rud indikatorlari faol qo‘llangan.

Hindiston mamalakatidagi rud indikatorli gidronimlar (Xoja Xizr ro‘d , Sanor rud, Chandoval rud) esa ko‘proq Bobur davri siyosiymadaniy ekspansiyasi ta’siri bilan bog‘liq. Bu hududda rud tabiiy til muhiti emas, balki an’anaviy nomlash modeli orqali ko‘chgan qatlam sifatida qaraladi. Andijon rudi – Andijon rudi O‘shning mahallotining ichi bila o‘tub, Andijong‘a borur. [3, 35] Farg‘ona vodiysida atigi bittagina rud indikatorli gidronim uchrashi bu hududning asosan turkiy til arealiga mansubligini ko‘rsatadi. Bu hududda forsiy qatlam tarixiy iz sifatida ikkilamchi qatlam sifatida saqlangan. Xulosa qilib aytganda, asardagi su // suv //suy, rud, daryo kabi gidronimik indikatorlar bir umumiy ma’noda yer osti va yer usti suvlaridan hosil bo‘ladigan katta oqar suvlarni anglatgan. Shuningdek, Afg‘oniston hududidagi gidronimlar bilan birga kelgan suv // su – turkiy, rud – forsiy indikatorlari erkin almashinib kelgan.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar4 ta adabiyot

  1. Бегматов Э., Улуқов H. Ўзбек ономастикаси терминларининг изоҳли луғати. – Наманган, 2006. – Б. 25.
  2. Qorayev S. Toponimika. – Toshkent: O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2006. – B. 64.
  3. Заҳириддин Муҳаммад Бобур. Бобурнома. – Тошкент: Шарқ, 2002. – 336 б. + 36 б.
  4. Бобур энциклопедияси. – Тошкент: Шарқ, 2014. – Б. 208.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011704
Nashr sanasi
2026-04-23
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“RAQAMLI TRANSFORMATSIYA SHAROITIDA XORIJIY TILLARNI O‘QITISHDA INNOVATSION YONDASHUVLAR” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjuman
Jild
1
Son
3
DOI
10.66073/refocus-conf/796
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
1220–1225
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
12026-10-28 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25