Asosiy mazmunga o‘tish

PEDAGOGIK FAOLIYATDA NUTQ MADANIYATI – TA‘LIM SAMARADORLIGINI OSHIRISH OMILI SIFATIDA

Teshabayeva Mahliyo Nurullo qiziNamangan davlat pedagogika instituti mustaqil tadqiqotchisi2025

Konferensiyalar“Ilm-fan, texnologiya va ta‘limda yangi paradigmalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiJild 1Son 4Sahifa 533–536

Annotatsiya

Ushbu maqolada pedagogik faoliyatda nutq madaniyatining mohiyati, o‘qituvchishaxsining kasbiy faoliyatiga ta‘siri, zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida nutq madaniyatinirivojlantirish yo‘llari hamda nutq madaniyatining ta‘lim samaradorligini oshirishdagi o‘rni ilmiy asosdayoritiladi

Boshqa tillarda

ruschaКУЛЬТУРА РЕЧИ В ПЕДАГОГИЧЕСКОЙ ДЕЯТЕЛЬНОСТИ – КАК ФАКТОР ПОВЫШЕНИЯ ЭФФЕКТИВНОСТИ ОБРАЗОВАНИЯ

В данной статье рассматривается сущность речевой культуры в педагогической деятельности, ее влияние на профессиональную деятельность учителя, пути развития речевой культуры на основе современных педагогических подходов, а также роль речевой культуры в повышении эффективности обучения на научной основе.

inglizchaSPEECH CULTURE IN PEDAGOGICAL ACTIVITY – AS A FACTOR FOR INCREASING EDUCATIONAL EFFICIENCY

This article discusses the essence of speech culture in pedagogical activity, its impact on the professional activity of the teacher, ways to develop speech culture based on modern pedagogical approaches, and the role of speech culture in increasing educational effectiveness on a scientific basis.

Kalit so‘zlar

  • nutq madaniyati
  • pedagogik faoliyat
  • ta‘lim samaradorligi
  • kommunikativ kompetensiya
  • pedagogik muloqot
  • o‘qituvchi nutqi

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

PEDAGOGIK FAOLIYATDA NUTQ MADANIYATI – TAʼLIM SAMARADORLIGINI OSHIRISH OMILI SIFATIDA

Teshabayeva Mahliyo Nurullo qizi Namangan davlat pedagogika instituti mustaqil tadqiqotchisi Email: mahliyoteshabayeva0608@gmail.com

Annotatsiya. Ushbu maqolada pedagogik faoliyatda nutq madaniyatining mohiyati, o‘qituvchi shaxsining kasbiy faoliyatiga ta’siri, zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida nutq madaniyatini rivojlantirish yo‘llari hamda nutq madaniyatining ta’lim samaradorligini oshirishdagi o‘rni ilmiy asosda yoritiladi. Kalit so‘zlar: nutq madaniyati, pedagogik faoliyat, ta’lim samaradorligi, kommunikativ kompetensiya, pedagogik muloqot, o‘qituvchi nutqi.

КУЛЬТУРА РЕЧИ В ПЕДАГОГИЧЕСКОЙ ДЕЯТЕЛЬНОСТИ — КАК ФАКТОР ПОВЫШЕНИЯ ЭФФЕКТИВНОСТИ ОБРАЗОВАНИЯ

Тешабаева Махлиё Нурулло кизи Наманганский государственный педагогический институт, независимый исследователь Email: mahliyoteshabayeva0608@gmail.com

Аннотация. В данной статье научно раскрывается сущность культуры речи в педагогической деятельности, её влияние на профессиональную деятельность личности учителя, пути развития культуры речи на основе современных педагогических подходов, а также роль культуры речи в повышении эффективности образования. Ключевые слова: культура речи, педагогическая деятельность, эффективность образования, коммуникативная компетентность, педагогическое общение, речь учителя.

SPEECH CULTURE IN PEDAGOGICAL ACTIVITY AS A FACTOR OF IMPROVING EDUCATIONAL EFFECTIVENESS

Teshabayeva Mahliyo Nurullo qizi Namangan State Pedagogical Institute, Independent Researcher Email: mahliyoteshabayeva0608@gmail.com

Annotation. This article scientifically explores the essence of speech culture in pedagogical activity, its impact on the professional performance of a teacher’s personality, the ways of developing speech culture based on modern pedagogical approaches, and the role of speech culture in enhancing educational effectiveness. Keywords: speech culture, pedagogical activity, educational effectiveness, communicative competence, pedagogical communication, teacher’s speech.

Kirish Bugungi globallashuv davrida ta’lim tizimining oldida turgan eng muhim vazifalardan biri – shaxsni har tomonlama barkamol, madaniyatli, mustaqil fikrlaydigan, muloqot madaniyatiga ega qilib tarbiyalashdir. Shu jihatdan pedagogning nutq madaniyati ta’lim jarayonida markaziy o‘rin tutadi. Chunki o‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki o‘z nutqi, ohangi, munosabati orqali tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxsdir. Pedagogik faoliyatdagi nutq madaniyati – bu o‘qituvchining fikrni aniq, mantiqan izchil, adabiy me’yorlarga mos, emotsional ta’sirchan shaklda ifodalash qobiliyatidir. U ta’lim samaradorligini oshirishda bevosita ahamiyat kasb etadi, chunki o‘qituvchi nutqi o‘quvchi tafakkurini shakllantiradi, e’tiborini jalb etadi, muloqotni jonlantiradi. Shunday ekan, bugungi kunda har bir pedagog o‘z kasbiy faoliyatida nutq madaniyatini pedagogik kompetensiyaning ajralmas qismi sifatida rivojlantirishi zarur. Asosiy qism Pedagogik faoliyatda nutq madaniyatining o‘rni va ahamiyati. Pedagogik faoliyatda nutq – bu oddiy muloqot vositasi emas, balki ta’lim va tarbiya jarayonining asosiy qurolidir. Har bir fan o‘qituvchisi: u xoh aniq fan, xoh ijtimoiy-gumanitar, tabiiy fan yoki boshqa tarmoq bo‘lishidan qat’iy nazar barchasida, albatta, moloqot jarayoni muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni dars beruvchi aynan nutq yordamida tinglovchilariga bilim bersa, o‘quvchi yoki talabalar ham bunga javoban nutqning og‘zaki hamda yozma tarzidan foydalanadilar. Tabiiyki, nazarda tutilayotgan mavzuni to‘laqonli, aniq va tushunarli, mantiqan izchil bo‘lishida notiqlik mahoratining o‘rni beqiyos. Mashhur pedagog K.D. Ushinskiy ta’kidlaganidek, “O‘qituvchi nutqining ta’sir kuchi – uning bilimidan ham ustun bo‘lishi mumkin”. Nutq madaniyati o‘qituvchining: kasbiy obro‘sini belgilaydi; o‘quvchilar bilan psixologik aloqani mustahkamlaydi; ta’lim jarayonini qiziqarli va samarali qiladi. Masalan, nutqi sust, tovushi ifodasiz, mantiqsiz gapiradigan o‘qituvchi eng dolzarb mavzuni ham ta’sirchan yetkaza olmaydi. Aksincha, so‘zida aniqlik, ohangda ishonch, ifodada madaniyat sezilgan pedagog o‘quvchilarda chuqur qiziqish uyg‘otadi, ularning diqqatini bir joyga jamlay oladi. “O‘qituvchining nutqi – bu uning ichki madaniyati, tafakkuri, dunyoqarashi, estetik didi va kasbiy salohiyatining yorqin ifodasidir”[3]. Demak, nutq madaniyati – bu faqat shaxsiy fazilat emas, balki ta’lim sifatining ijtimoiy ko‘rsatkichidir. Bundan kelib chiqqan holda nutqning asosiy xususiyatlariga alohida e’tibor qaratish lozim:

- nutqning to‘g‘riligi – adabiy til me’yorlariga amal qilinishi, urg‘u va gramatik qoidalardan o‘rinli foydalanish; - nutqning aniqligi – fikrni tushunarli, ravshan va mazmunan izchil tarzda yetkaza olish. So‘z va iboralarni o‘zi ifoda etayotgan narsa-hodisaga muvofiq, o‘rinli tanlanishi. - nutqning mantiqiyligi – bu nutqning aniqligiga bevosita bog‘liq bo‘lib, jumlalarning grammatik jihatdan tartibli tuzilishi va unda ishlatiladigan so‘zlar ozining ifodaviy ma’nosiga mos kelishini anglatadi. - nutqning tozaligi – boshqa tillarga xos so‘zlar, shuningdek sof adabiy til mezonlariga mos kelmagan sheva, varvarizim, vulgarizim kabi ifodalardan foydalanmaslik. - nutqning soddaligi, qisqaligi, ifodaviyligi, boyligi ham pedagog uchun o‘quvchi va talabalar diqqatini jalb etishda muhim jihatlardan sanaladi. Ta’lim sifatining samaradorligini oshirishda nutq madaniyatiga xos sifatlar bilan bir qatorda nutq texnikasi ham muhim ahamiyat kasb etdi. “Har ikkalasini puxta qilib, amalda qo‘llay oladiganlargina doim muvaffaqiyat qozonadi… Nutq xususiyatlari nazariy ma’lumotlarga, nutq vositalari esa ko‘proq amaliy mashg’ulotlarga daxldor” [2]. Yana ham aniqroq aytganda, nutq xususiyatlari so‘zni tafakkurda shakllantiradi, nutq texnikasi orqali esa bu so‘zlar talaffuzda ifoda topadi. Demakki, mukammal hamda ta’sirli maruza qilishni istagan, o‘z tinglovchilarini majoziy ma’noda ergashtira olish maqsadidagi pedagog yuqoridagi unsurlarning mazmun-mohiyatini to’laqonli anglab yetishi, shuningdek, amaliyotda foydalana bilishi kasbiy rivojlanishida muhim jihatlardandir. Nutq texnikasi – bu insonning o‘z fikrini aniq, ta’sirli va ifodali tarzda yetkazish mahoratini ta’minlaydigan vositalar majmuidir. Uning tarkibiga nafas va ovoz, diksiya, urg‘u, pauza, intonatsiya, temporitm kabi muhim unsurlar kiradi. Ushbu unsurlar birgalikda nutqning ohangdorligi, ravonligi va ta’sirchanligini belgilaydi. Nafas va ovoz nutq texnikasining poydevorini tashkil etadi. Inson nutqining kuchi, tiniqligi va ta’sirchanligi, avvalo, to‘g‘ri nafas olish va ovozdan oqilona foydalanish bilan belgilanadi. Nafas – bu nutq jarayonida havo oqimini to‘g‘ri boshqarish san’atidir. To‘g‘ri nafas olish notiq uchun juda muhim, chunki noto‘g‘ri nafas nutqning uzilib qolishiga, ohangning buzilishiga yoki so‘zlovchining charchashiga olib keladi. Nutqda diafragmal (pastki qorin orqali) nafas olish eng to‘g‘ri usul hisoblanadi – u havo oqimini barqaror saqlaydi va uzun jumlalarni ravon aytish imkonini beradi. Ovoz – bu nafas havo oqimining tovush paychalari orqali o‘tishi natijasida hosil bo‘ladigan tebranishdir. Ovoz so‘zlovchining shaxsiy “asbobi” bo‘lib, uning tabiiy tembri, balandligi va kuchi nutqqa o‘ziga xoslik beradi, shuningdek, nutqni jonlantiradi, uni tinglovchi uchun yoqimli va ta’sirli qiladi. Diksiya – so‘zlarni aniq va to‘g‘ri talaffuz qilish san’atidir. Toza diksiyaga ega bo‘lgan nutq eshituvchiga tushunarli, yoqimli va ishonarli bo‘ladi. Diksiya tovushlarni to‘liq aytish, harflarni yutmaslik, so‘zlar orasida zarur masofani saqlashni talab etadi. U nafaqat talaffuz, balki nutq madaniyatining ham muhim ko‘rsatkichidir. Urg‘u – so‘z yoki gapdagi eng muhim tovush, bo‘g‘in yoki so‘zga beriladigan talaffuz kuchidir. Urg‘u nutqdagi ma’noni ajratib ko‘rsatadi, diqqatni kerakli joyga qaratadi. Masalan, “Sen bordingmi?” va “Sen bordingmi?” jumlalaridagi urg‘u o‘rni o‘zgarishi bilan ma’no ham o‘zgaradi. Pauza – nutq jarayonidagi qisqa to‘xtalishdir. U tinglovchiga aytilgan fikrni anglash imkonini beradi, nutqqa tabiiylik va tartib baxsh etadi. To‘g‘ri qo‘yilgan pauza hissiy ta’sirni kuchaytiradi, xatolik esa nutqni sustlashtiradi yoki ma’noni buzadi. Intonatsiya – bu nutqdagi ohang, ko‘tarilish va pasayish, ovoz balandligi va hissiy tusning uyg‘unligidir. Bu yordamida so‘zlovchi o‘z his-tuyg‘ularini bildiradi, fikriga ishonch, hayrat yoki shubha tusini beradi. U nutqning musiqiyligini ta’minlaydi. Temp – nutq tezligidir. Juda tez gapirish tinglovchi uchun qiyinchilik tug‘diradi, juda sekin nutq esa zerikarli bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri temp so‘zlovchining maqsadi, tinglovchi saviyasi va mavzu xarakteriga mos bo‘lishi lozim. Ritm – nutqdagi tovushlar, pauzalar, urg‘ular va ohanglarning muayyan tartibda almashib turishidir. U nutqni jonlantiradi, esda qolarli qiladi va tinglovchini charchatmaydi. Ritmning to‘g‘ri saqlanishi nutqning estetik ta’sirini oshiradi. Nutq texnikasi unsurlari uyg‘unligi so‘zlovchining nutq madaniyati va notiqlik mahoratini belgilaydi. Nutq madaniyatini shakllantirishda zamonaviy pedagogik yondashuvlar. Hozirgi kunda ta’limda innovatsion yondashuvlar va interfaol metodlar nutq madaniyatini rivojlantirishning eng samarali vositalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. An’anaviy monologik dars uslublari o‘rniga dialogik, hamkorlikka asoslangan metodlar kirib kelmoqda. Masalan, quyidagi metodlar o‘z samarasini bermoqda:

“Debat” va “Munozara” metodlari – talabalarni o‘z fikrini asoslash, dalil keltirish, mantiqan izchil so‘zlashga o‘rgatadi; “Loyiha asosida ta’lim” – talaba mustaqil izlanadi, o‘z g‘oyasini himoya qiladi, bu esa notiqlikni va nutq madaniyatini shakllantiradi; “Rol o‘yinlari” – pedagogik vaziyatlarni jonlantirib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida tabiiy muloqotni ta’minlaydi; “Trening va taqdimot texnikasi” – ovoz, mimika, intonatsiya va tana tilidan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Shuningdek, raqamli ta’lim vositalari ham nutq madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Talabalar videoprezentatsiyalar, onlayn chiqishlar, podcastlar orqali o‘z nutqini mustaqil tahlil qilish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa ularni zamonaviy kommunikativ muhitga moslashgan, so‘z bilan ishlay oladigan shaxslarga aylantiradi. O‘qituvchi kommunikativ kompetensiyasini rivojlantirish usullari. O‘qituvchining kommunikativ kompetensiyasi – bu uning o‘quvchilar, hamkasblar va jamiyat bilan samarali muloqot qilish qobiliyatidir. Nutq madaniyati bu kompetensiyaning markazida turadi. O‘qituvchining kommunikativ kompetensiyasini rivojlantirish uchun quyidagi yo‘nalishlar muhim hisoblanadi: 1. Kasbiy muloqot psixologiyasini o‘rganish – o‘quvchi bilan suhbatda ohang, tana tili, ko‘z qarashi kabi noverbal vositalarni to‘g‘ri qo‘llash. 2. Nutqiy refleksiya – o‘z nutqini eshitish, tahlil qilish, xatolarni aniqlash va to‘g‘rilash. 3. Emotsional intellektni rivojlantirish – pedagog nutqida samimiyat, ishonch, hissiy barqarorlikni ta’minlash. 4. Pedagogik treninglar – jamoa oldida chiqish, dars o‘tish, murakkab savollarga javob berish ko‘nikmalarini mustahkamlash. O‘qituvchi shaxsida bu fazilatlar uyg‘unlashganda, u o‘z auditoriyasi bilan kuchli psixologik aloqa o‘rnatadi. Natijada, ta’lim jarayoni nafaqat bilim beruvchi, balki motivatsion, tarbiyaviy va ruhiy ta’sirga ega jarayonga aylanadi. “Nutq madaniyatining yuksakligi pedagogik tasirchanlikni oshiradi, bilim berish jarayonini yanada samarali qiladi” [3]. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘qituvchi nutqi qanchalik ifodali, mantiqan izchil va madaniyatli bo‘lsa, talaba o‘quv jarayoniga shunchalik faol va ishtiyoq bilan qatnashadi. Shuningdek, nutq madaniyati: dars jarayonida aniq tushunish va eslab qolish darajasini oshiradi; ijodiy fikrlashni rag‘batlantiradi; o‘quv muhitida ijobiy psixologik muvozanatni yaratadi. Ya’ni, nutq madaniyati ta’lim jarayonida nafaqat axborot uzatish, balki motivatsiya va ta’sir ko‘rsatish mexanizmi sifatida ishlaydi. Bu esa o‘z navbatida ta’limning umumiy samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Xulosa. Pedagogik faoliyatda nutq madaniyati – bu o‘qituvchining kasbiy mahorati, madaniy saviyasi va shaxsiy ta’sir kuchining o‘lchovidir. U ta’lim sifatini, o‘quvchilar bilan muloqot madaniyatini va o‘qituvchining ijtimoiy obro‘sini belgilaydi. Bugungi ta’lim islohotlari davrida o‘qituvchilar nutq madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishlari zarur. Chunki nutqi ravon, fikri tiniq, ohangi ishonchli pedagoggina o‘quvchilarda bilimga muhabbat, o‘ziga ishonch va tafakkur mustaqilligini uyg‘ota oladi. Shunday qilib, nutq madaniyati ta’lim samaradorligini oshirishda asosiy psixologik-didaktik omil sifatida e’tirof etilishi lozim.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar7 ta adabiyot

  1. Azimova D. “O‘qituvchi nutq madaniyati”. Central Asian Research Journal For Interdisciplinary Studies (CARJIS), 2022.
  2. Jumaniyozov R. “Notiqlik mahorati”. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2024.
  3. Matyazova N. “Pedagogik mahorat va adabiy nutq madaniyatining o‘zaro bog‘liqligi”. Tanqidiy nazar, tahliliy tafakkur va innovatsion g‘oyalar, 2023.
  4. Tursunov N. “Nutq madaniyati”. Toshkent: Fan va texnologiya, 2017.
  5. Yo‘ldosheva M. Pedagogik mahorat asoslari. Toshkent: O‘qituvchi, 2020.
  6. O‘rmonjonov Azizbek Muhammadjon o‘g‘li. (2025). INKLYUZIV TA’LIMNING MOHIYATI, MAQSADI VA RIVOJLANISH TENDENSIYALARI. (2025). Kelajak o’qituvchisi - Kelajak Bunyodkori, 1(2), 701-710.
  7. Tursunov Ramziddin Abdixalil-o’g’li. (2025). JAMIYAT HAYOTIDA IJTIMOIY ONG VA MA’NAVIYAT UYG‘UNLIGI. TA’LIM VA TARAQQIYOT, 4(4), 324-330.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011413
Nashr sanasi
2025-12-05
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“Ilm-fan, texnologiya va ta‘limda yangi paradigmalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
Jild
1
Son
4
DOI
10.66073/refocus-conf/421
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
533–536
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25