Asosiy mazmunga o‘tish

TARIX DARSLARIDA INNOVATSION PEDAGOGIK TEXNOLOGIYALAR ASOSIDAGI FANLARARO INTEGRATSIYADAN FOYDALANISH

Muhiddinova Nasiba Odiljon kiziNamangan davlat pedagogika inistituti Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish metodikasi(tarix) mutaxasisligi 1-kurs magistranti.2025

Konferensiyalar“Ilm-fan, texnologiya va ta‘limda yangi paradigmalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiJild 1Son 4Sahifa 389–393

Annotatsiya

Maqolada akademik litsey, umumiy o‘rta ta‘lim maktabi tarix darslarida innovatsionpedagogik texnologiyalarga asoslangan fanlararo integratsiyadan foydalanishning o‘rni va samarali usullariko‘p yillik amaliy tajribalar asosida yoritilgan.

Boshqa tillarda

ruschaИспользование междисциплинарной интеграции на основе инновационных педагогических технологий на уроках истории.

В статье, основанной на многолетнем практическом опыте, освещается роль и эффективные методы использования междисциплинарной интеграции на основе инновационных педагогических технологий на уроках истории в академических лицеях и общеобразовательных средних школах.

inglizchaUSE OF INTERDISCIPLINARY INTEGRATION BASED ON INNOVATIVE PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN HISTORY LESSONS

The article highlights the role and effective methods of using interdisciplinary integration based on innovative pedagogical technologies in history lessons at academic lyceums and general secondary schools, based on many years of practical experience.

Kalit so‘zlar

  • tarix darsi
  • fanlararo integratsiya
  • axborot kommunikatsion texnologiyalari
  • adabiyot
  • Navoiy
  • Bobur
  • videolavha

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

TARIX DARSLARIDA INNOVATSION PEDAGOGIK TEXNOLOGIYАLAR ASOSIDAGI FANLARARO INTEGRATSIYАDAN FOYDALANISH

Muhiddinova Nasiba Odiljon qizi Namangan davlat pedagogika inistituti Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitish metodikasi(tarix) mutaxasisligi 1-kurs magistranti.

Annotatsiya: Maqolada akademik litsey, umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarix darslarida innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan fanlararo integratsiyadan foydalanishning o‘rni va samarali usullari ko‘p yillik amaliy tajribalar asosida yoritilgan. Kalit so‘zlar: tarix darsi, fanlararo integratsiya, axborot kommunikatsion texnologiyalari, adabiyot, Navoiy, Bobur, videolavha.

INNOVATIVE PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN HISTORIY LESSONES USING INTERDISCIPLINARY INTEGTATION

Muhiddinova Nasiba Odiljon qizi Namangan State Pedagogical Inistitute, 1st year master’s student, specialty: Teaching Methods of Social and Humanities (History).

Abstract: The article discusses academic lyceum,general secondary education The role and effective methods of using interdisciplinary integration based on many years of practical experience. Keywords: history lesson, interdisciplinary integration, information and communication technologies, literature, Navoi, Bobur, video.

ИННОВАЦИОННЫЕ ПЕДАГОГИЧЕСКИЕ ТЕХНОЛОГИИ НА УРОКАХ ИСТОРИИ ИСПОЛЬЗОВАНИЕ МЕЖДИСЦИПЛИНАРНОЙ ИНТЕГРАЦИИ

Мухиддинова Насиба Одилжон кызы Наманганский государственный педагогический институт, магистратура 1 курса, специальность: Методика преподавания социально-гуманитарных дисцплин (история)

Аннотация: В статье рассматривается академический лицей, общее среднее образование. На основе многолетнего опыта освещаются роль и эффективные методы использования межпредметной интеграции на основе инновационных педагогических технологий на уроках истории в школе. Ключевые слова: урок истории, межпредметная интеграция, информационнокоммуникационные технологии, литература, Навои, Бабур, видеою.

Jahonda jadal kechayotgan globallashuv jarayoni ta’lim tizimining barcha yo‘nalishlarida zamonaviy pedagogik yondashuvlar, xususan, hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan hisoblangan o‘quvchilarda kasbiy hamda tayanch kompetensiyalarni rivojlantirish orqali raqobatbardosh kadrlarga xos sifatlarning kamol topishini ta’minlashga xizmat qiladigan integrativ yondashuvlardan ta’lim samaradorligiga erishishning muhim omili sifatida foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Tarix fanini o‘qitishda zamonaviy ta’limning uzviy qismi – innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan fanlararo integratsiyadan foydalanish yoshlarni intellektual salohiyatli, kreativ fikrlaydigan, tabiat va jamiyat hodisalarini o‘zaro bog‘liqlik va yaxlitlikda tushunadigan, har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari uchun xizmat qiladi. Ta’lim jarayonida fanlararo integratsiyaning zarurati shundaki, o‘qituvchi birinchidan, o‘z fani materiallarini o‘rgatishda o‘quvchilarning boshqa fan materiallaridan olgan bilim va malakalariga tayanishi, ikkinchidan, ularning fikrlash qobiliyatini faollashtirishi, uchinchidan, o‘rganilgan materialni takrorlash orqali ularning bilimini chuqurlashtirishi, barcha fanlar o‘rtasida o‘zaro bog‘lanish mavjudligini tushuntirishi va boshqa fanlarni o‘rganish orqali olingan ma’lumotlardan o‘rinli foydalana bilishni o‘rgatishdan iboratdir. Tarix darslarida tarixiy hodisalarni, shuningdek, tarixiy shaxslar faoliyatini bayon etishda haqiqiy mavjud hujjatlarga asoslaniladi. Ammo o‘qituvchi adabiyot darslarida o‘rganiladigan yozuvchining hayoti va ijodiga oid aniq dalillar, tarixiy, badiiy manbaalarga suyansa darsning sifat va samaradorligi yanada oshadi. Masalan, “O‘zbekiston tarixi” darsligi “XV asrning oxiri – XVI asrning boshlarida Movarounnahr va Xurosondagi siyosiy vaziyat”, “O‘zbekistonda ma’naviy va tarixiy merosning tiklanishi” bo‘limidagi mavzularni o‘rgatishda Navoiy va Boburlarning memuar shaklidagi asarlaridan, zamondoshlari xotiralaridan, ular haqida yaratilgan tarixiy, badiiy asarlardan o‘rinli foydalanish ijobiy natijalar beradi. Shuning uchun ham o‘qituvchi o‘quvchilarning darsda olgan bilimlari asosida bu o‘quv fanlari o‘rtasidagi aloqani aniq anglab olishlariga alohida e’tibor bergan holda tarixiy, badiiy asarlardan o‘rinli foydalanishi lozim. Bunda o‘quvchilarning har bir davr uchun ahamiyatli bo‘lgan voqealar, hodisalar o‘rtasida ham aloqa – bog‘lanish borligini bilib olishlariga erishish – ularda ilmiy dunyoqarashning shakllanishi va rivojlanishida muhim ahamiyatga egadir. Tarix darslarida yozuvchi yoki shoirning avtobiografik asarlaridan parchalar o‘qib berish, bir tomondan, o‘quvchida yozuvchi shaxsiga nisbatan muhabbat uyg‘otsa, ikkinchidan, uning avtobiografik asarlarini o‘qish uchun zamin hozirlaydi. Bunday o‘rinlarni Navoiyning deyarli hamma asarlaridan topish mumkin. “Lison ut-tayr”ning xotima qismidagi shoirning bolalik chog‘ida “Mantiq ut-tayr”ni o‘qiganligi, “Majolis un-nafois”da shoirning Sharofiddin Ali Yazdiy, Lutfiy, Binoiy kabi allomalar bilan, “Xamsat ulmutahayyirin” asarida Abdurahmon Jomiy bilan munosabatlari haqidagi xotiralari, barcha asarlarining muqaddima yoki xotima qismida shu asarning yozilish tarixini bayon qiluvchi ma’lumotlar shular jumlasiga kiradi. Boburning tarjimai holi haqida to‘liq ma’lumot beruvchi qomusiy asari “Boburnoma”dir. Bu asarlarda shoirlar tarjimai holining ko‘pgina muhim nuqtalari o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ikki buyuk allomaning zamondoshlari bo‘lgan tarixchi hamda adiblar, jumladan, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majmai bahrayn”, Muhammad ibn Xovandshoh Mirxondning “Ravzat us-safo”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Mu’iniddin al-Zamjiy alIsfizoriyning “Ravzat ul-jinnot”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, “Haft avrang”, “Nafahot ul-uns”, Husayn Boyqaroning “Risola”, G‘iyosiddin ibn Humomiddin Xondamirning “Xulosat ul-axbor”, “Habib us-siyar”, “Makorim ul-axloq; Zayniddin Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe’”, Boburning “Boburnoma”,

Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarlarida keltirilgan ma’lumotlar g‘oyat muhim materiallarni beradi. Oybekning “Navoiy” ( T.: Sharq, 2012. – 496b.), Omon Muxtorning “Navoiy va rassom Abulxayr” (T.: Sharq, 2006. – 244b.) romanlari, “El desa Navoiyni” (T.: Cho‘lpon, 1991. – 160b.) to‘plami, Xondamirning “Makorim ul-axloq” (tarixiy asar. – T.: Yosnlar nashriyot uyi, 2018. – 232b.) Qayumov Azizning “Alisher Navoiy” ( T.: 1976. – 160b.), Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” (T.: “Oʻqituvchi” NMIU, 2018. – 568b), “Avlodlar dovoni” (T.: G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyot, 1989. – 541b.) Barot Boyqobilovning “Shukuhli karvon” (T.: 1981. – 341b.), Xayriddin Sultonning “ Boburiynoma” (T.: Ma’naviyat, 2019. – B.453) romani kabi badiiy asarlar tarix darslarida innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan fanlararo integratsiyadan foydalanish vositasi sifatida boy manbaalar hisoblanadi. Bu tarixiy, badiiy asarlar shoirlar tarjimai holining ma’lum tomonlarini ochib berishda tarixiy haqiqat asosida yuzaga kelgan hikoyat va rivoyatlarga, xotiralarga suyanib yaratilgan bo‘lsa-da, ularning shaxsi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarga to‘g‘ri yondashish, o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayot, ilmiy, madaniy muhit, xalq san’atini o‘rganishda ham noyob manba sifatida xizmat qiladi. Dalillarga murojaat qilaylik, ma’lumki, Alisher Navoiy qariyb 30 yilga yaqin turli davlat ishlarini boshqardi. Sulton Husaynning eng yaqin maslahatchisi sifatida davlatning ichki va tashqi siyosatini belgilash va yo‘naltirishda faol ishtirok etdi. Qisqasi, uning butun hayoti Xurosonning XV asrning II yarmidagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti bilan chambarchas bog‘liqdir. 1468 yilda Xuroson hukmdori Abu Said Mirzo Eron uchun bo‘lgan jangda halok bo‘ladi va 1469 yilning boshida Husayn Boyqaro taxtni egallaydi. Navoiyni ham davlat ishlariga jalb qiladi. 1469-1472 yillarda muhrdor, 1472-1476 yillarda esa amir (vazir) lavozimida xizmat qiladi. Tarixchi Mirxond uning bu davrdagi faoliyati haqida “Ravzat ussafo” asarida shunday shunday yozadi: “... amir bir necha vaqt muhrdorlik lavozimida qoyim turib, xizmatkorlik poyasini yuqori osmondan ham o‘tkazdi. Bir necha vaqtdan keyin , bu mansabni tark etish bobida iltimos qilib, bu lavozimga amir Ahmad Suhayliyni tayin qilishni iltimos qildi. Xoqoni Mansur uning bu iltimosini qabul qildi, lekin hijriy 876 yili sha’bon oyida (1472 yil, yanvar) bandanavoz podshoh ul vojib ul-atob amirni amorat mansabi bilan sarafroz qilmoqchi bo‘ldi... Xoqoni Mansurning pokiza ko‘ngli shu ediki, amir Alisher vojib ul-iz’on farmonga ko‘ra boshqa amirlardan yuqori muhr bossa, lekin ul janobning qo‘liga ma’lum soatda muhr bossin uchun nishon berganlarida, nafsi siniq bo‘lganidan va bahoyat ulug‘tavozu’liligidan, nishonning shunday joyiga muhr bosdikim, undan tubanroqqa muhr bosishga joy qolmadi...” Astrobodda uyushtirilgan fisqu-fasod, ig‘vogarlik va suiqasdlarning fosh bo‘lishi Navoiyning Hirotga qaytishini bir oz bo‘lsa-da, tezlashishiga sabab bo‘ldi. U Hirotga qaytgach, rasmiy tarzda saroyda ishlamasa ham, Husayn Boyqaro faoliyatidan xabardor bo‘lib turadi, xalq manfaatlarini izchillik bilan himoya qiladi. O‘qituvchi bu davrda saroydagi fitna va ig‘volarning avj olgani, shoirning ukasi Darvesh Alining jazolanishi, Abdurahmon Jomiy, Mo‘minmirzo, Sabuhiylarning o‘limi kabi voqealar Navoiyni qattiq iztirobga solgani, qaddini bukkani haqida ma’lumot beradi. Bu o‘rinda “Navoiy” romanidan dalil keltirish foydalidir: Majididdinning ig‘volari fosh bo‘lib, vazirlikdan chetlashtiriladi, mol-mulki musodara qilinadi. U ana shunday kunlarning birida kechasi To‘g‘onbek bilan gaplashdi: “Umrimdagi eng katta xato – Alisher Navoiyga dushmanligim bo‘ldi. Men yigirma yildan ortiq Alisherga qarshi harakat qildim – ne ishlar qilganim sizga ma’lum – Alisher yuragi toza odam edi. − To‘g‘ri, – dedi To‘g‘onbek boshini quyi solib. – Alisher Navoiy tulkilikni bilmaydi. Yuragi o‘bdon sof odam. − Balli! – dedi Majiddin xo‘rsinib, – Uning qahri ham, rahmi ham samimiy. Har vaqt samimiy. Ne qilaylikki, vaqt o‘tdi, xatoni tuzatib bo‘lmaydi”. Tarix darslarida Zahiriddin Muhammad Boburning tarixiy shaxs sifatidagi fazilatlari, ijodiy va siyosiy faoliyatini o‘zbek xalqi tarixiy taraqqiyotining bir qismi sifatida chuqurroq o‘rganish uchun tarixiy, badiiy (”Boburnoma”, “Yulduzli tunlar”, “Boburiynoma”) asarlardan foydalanish muammosini hal qilish eng muhim vazifalardan biri bo‘lib, tarix va adabiyot fani o‘qituvchilari o‘zaro hamkorlikda – integratsiyada faoliyat olib borishlari zarurdir. Quyida o‘quvchilarning “Yulduzli tunlar” romanidan Boburning shaxsiy fazilatlarini ifodalovchi dalillardan namunalar ko‘chiring” topshirig‘iga javoblaridan namunalar keltiramiz: O‘quvchi F. Boburdagi tadbirkorlik, mardlikni ta’riflashda quyidagi dalillardan foydalandi: “… Bizni zaharlab o‘ldirmoqchi bo‘lgan bu makkor xonim uchun eng og‘ir jazo shuki, biz mana, tirikmiz! Bu

xonimning o‘zi-yu o‘g‘li qilolmagan ishlarni biz qilmoqdamiz!... Malika bizning bundan keyingi zafarlarimizni ham ko‘rsin. Yomonlikka yaxshilik mard kishining qo‘lidan kelishiga amin bo‘lsin. Agar malikada vijdon bo‘lsa, o‘g‘li qilmay ketgan ishlarni biz qilganimizni ko‘rib vijdoni azoblansin. Agar vijdoni bo‘lmasa, ichida faqat baxillik chayonlari bo‘lsa, bu chayonlar o‘zini chaqib yotaversin. Malikaga bundan o‘zga jazo munosib emasdir!”. Temuriylar saroyidagi fitna-adovatlarni, shahzodar o‘rtasidagi nizolarni, bir-birlariga xiyonatlarini; Boburning esa, insonparvar, ma’rifatparvar, vatanparvar sifatidagi xislatlarini ko‘rsatib berishda o‘quvchi D. ning romandan keltirilgan quyidagi parchasi ham xarakterlidir: “Sendan iltimosim, – deb davom etdi Bobur. – Buni (“Vaqoi’”ni) avlodlaring ham o‘qisin... Xatolarimni takror etmanglar. Yaxshi ishlarim... oz bo‘lsa, ko‘paytiringlar. By kitobdan nusxalar ko‘chirtirib, Samarqandga... Toshkentga... Andijonga... munosib odamlarga yuborgin... Men tug‘ilgan yurt bilan aloqani uzmanglar. Shoyad men bitgan kitoblar... ikki oradagi aloqaning rishtalari bo‘lsa...”. O‘qituvchi o‘quvchilarning javoblarini umumlashtirgan holda darsni quyidagicha yakunlashi mumkin: “Eng qiyin jasorat ruhining jasoratdir”, – deb bejiz aytmaganlar. Chunki janglarda botirlik ko‘rsatgan odamlar ham goho o‘z hayotlariga oid achchiq haqiqatni aytishga jur’at etmaydilar. Qilgan gunoh va xatolarini oshkor etsalar, yomon ot qoldiradigandek hayiqib, ularni yashirishga intiladiganlar ko‘p. Shuning uchun tarixda o‘z hayoti to‘g‘risida bor haqiqatni ro‘yi-rost aytgan odamlarning ma’naviy jasoratlari asrlar davomida unut bo‘lmaydi. Ulug‘vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur ijod maydonida zo‘r jasorat bilan qalam tebratgan ana shunday insonlardan biridir. O‘qituvchi “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” va “Boburiynoma” materiallari asosida mustaqillik yillarida boburshunoslikda yangi davr boshlangani, Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma tomonidan tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiyaning 2013 yil oxirigacha 20 ta safarni amalga oshirgani, boburiyzodalarning yangi avlodi, ularning ajdod-avlodlari haqida boy, qiziqarli ma’lumotlar to‘plangani haqida ma’lumot beradi va sulola vorisasi Pokiza Sulton Begimning quyidagi gaplarini o‘qib beradi: “Boshimizdan o‘tgan kunlar tarixdan o‘z o‘rnini oldi, biz u kunlarni hurmat bilan xotirlaymiz. Bu o‘tmish, ayni vaqtda, bizning bugunimiz va kelajagimiz hamdir. Shu bois ham moziy muhim ahamiyatga ega” (Shu o‘rinda Bobur va uning avlodlari haqida hkoya qiluvchi videolavha namoyishi va tasviriy san’at asarlaridan namunalarni innovatsion texnologiyalar orqali namoyish etish ham dars sifati va samaradorligining oshishiga xizmat qilishini alohida ta’kidlash maqsadga muvofiqdir). Kuzatishlarimiz natijalari shuni ko‘rsatdiki, tarix darslarida innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan fanlararo integratsiyadan foydalanish darslari jarayonida qo‘shimcha: ilmiy, tarixiy, badiiy adabiyotlar; tasviriy san’at asarlari, axborot kommunikatsion vositalari hamda integrallashgan materiallar asosida mustaqil, ilmiy ishlashni talab etuvchi topshiriqlardan foydalanish kutilgan natijalar beradi. Akademik litsey va umumiy o‘rta ta’lim maktablari yuqori sinf tarix darslarida innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan fanlararo integratsiyadan foydalanish darsning sifat va samaradorligini oshiradi, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmasini, ong va tafakkurini boyitadi, dunyoqarashini, tasavvurini kengaytiradi, mustahkamlaydi; dastur materiallarini puxta o‘zlashtirishlariga yordam beradi, ijodkorlik qobiliyatini tarbiyalaydi, o‘stiradi; egallagan bilimlarini amaliyotga tadbiq etish malaka va ko‘nikmalarini takomillashtiradi, o‘zaro hamkorlik muhitini shakllantiradi, o‘z faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, fan yangiliklari bilan muntazam tanishib borish, mustaqil-ijodiy ishlash ko‘nikmalari rivojlantiradi; o‘quvchilarning ona-Vatanga, shu yurtda kamol topgan ajdodlarimiz adabiy merosiga muhabbat, iftixor, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun xizmat qiladi.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar12 ta adabiyot

  1. Joʻrayev N., Zаmоnоv А. Oʻzbekiston tarixi (Мustaqillik davri). Oʻrta taʼlim maktablarining 11-sinf o`quvchilari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari uchun darslik. 1-nashri. – Т.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018. – B.95.
  2. Заҳириддин Муҳаммад Бобур энциклопедияси / Таҳрир ҳайъати А.Қаюмов ва бошқ. Бош муҳаррир: А.Аъзамов. – Т.: “Шарқ”, 2014. – 744б. – Б. 128: II.
  3. Мирсайдуллаев, Мирмаҳмуд. Заҳириддин Муҳаммад Бобурнинг буюк мероси. – Т.: TURON – IQBOL, 2017. – 208 б.
  4. Мухтор, Омон. Навоий ва рассом Абулхайр: Романлар. – Т.: Шарқ, 2006. – 244 б.
  5. Oybek. Navoiy. Rovan. – Т.: Sharq, 2012. – Б.408.
  6. Султон Хайриддин. Бобурийнома (Матн). Маърифий роман / Х.Султон. – Т.: Маънавият, 2019. – Б.453.
  7. O‘rmonjonov Azizbek Muhammadjon o‘g‘li. (2025). INKLYUZIV TA’LIM SHAROITIDA MUSIQA SAVODXONLIGINI SHAKLLANTIRISHDA MULTIMODAL YONDASHUVNING PEDAGOGIK IMKONIYATLARI. TA’LIM VA TARAQQIYOT, 4(4), 380-388.
  8. R.A.Tursunov. (2025). IJTIMOIY ONG VA MA’NAVIYAT UYGʻUNLIGINING IJTIMOIY MUHITGA TA’SIRI. ZAMONAVIY FAN: INNOVATSION YONDASHUVLAR VA YOSH TADQIQOTCHILARNING DOLZARB IZLANISHLARI, 1(1), 16-19.
  9. Xondamir, G‘iyosiddin. Makorim ul-axloq: tarixiy asar. – T.: Yosnlar nashriyot uyi, 2018. – B.43-44, 154-161.
  10. Эл деса Навоийни ... (Ҳазрат Мир Алишер Навоий ҳақида ривоятлар). – Т.: Чўлпон, 1991. - 160 б.
  11. Қаюмов Азиз. Алишер Навоий (Шоир ҳаёти ва ижоди ҳақида лавҳалар). –Т., 1976. - 160 б.
  12. Қодиров П. Юлдузли тунлар. Роман. – Т.: “Oʻqituvchi” НМИУ, 2018. – Б. 527-528.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011367
Nashr sanasi
2025-12-05
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“Ilm-fan, texnologiya va ta‘limda yangi paradigmalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
Jild
1
Son
4
DOI
10.66073/refocus-conf/367
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
389–393
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25