Asosiy mazmunga o‘tish

NAMANGANDA 1916-YIL QO‘ZG‘OLONI

Abdullayev Ilhomjon IkromjonovichUniversity of Business and Science oliy ta‘lim muassasasi, Ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi.2025

Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 179–187

Annotatsiya

1916-yilgi Namangan qo‘zg‘oloni, o‘zbek xalqining mustamlakachilikka qarshi kurashidagi muhim voqealardan biridir. Rossiya imperiyasining Turkistondagi ishchi kuchlarini majburiy tarzda mardikorlikka safarbar etish qaroriga qarshi o‘tkazilgan bu isyon, Namangan shahridagi aholi tomonidan keng miqyosda qo‘llab-quvvatlandi. Maqola ushbu qo‘zg‘olonning sabablari, rivojlanishi, isyonchilarning aksilimperialistik kurashi, shuningdek, Chor hukumatining bu voqeaga nisbatan ko‘rsatgan javob choralari va xalqning milliy ozodlikka bo‘lgan intilishlarini o‘rganadi. Namangan qo‘zg‘oloni, nafaqat Turkiston, balki butun Rossiya imperiyasida keng tarqalgan qashshoqlik va mustamlakachilikka qarshi kurashning bir qismi sifatida tarixda muhim o‘rin tutadi.

Boshqa tillarda

ruschaВОССТАНИЕ 1916 ГОДА В НАМАНГАНЕ

Крестьянское восстание в Намангане 1916 года является одним из ключевых событий в борьбе узбекского народа против колониализма. Этот мятеж, направленный против решения Российской империи мобилизовать рабочую силу Туркестана для принудительного труда, был широко поддержан населением города Намангана. Статья исследует причины восстания, его развитие, антипемпериалистическую борьбу восставших, а также реакцию правительства царской России и стремление народа к национальному освобождению. Восстание в Намангане занимает важное место в истории как часть борьбы против бедности и колониализма, которая охватила не только Туркестан, но и всю Российскую империю.

inglizcha1916 UPRISING IN NAMANGAN

The 1916 peasant uprising in Namangan is one of the significant events in the Uzbek people‘s struggle against colonialism. This rebellion, aimed at opposing the decision of the Russian Empire to mobilize the labor force of Turkestan for forced labor, was widely supported by the population of Namangan city. The article examines the causes of the uprising, its development, the anti-imperialist struggle of the rebels, as well as the response of the tsarist government and the people‘s desire for national liberation. The Namangan uprising holds an important place in history as part of the broader fight against poverty and colonialism, which affected not only Turkestan but also the entire Russian Empire.

Kalit so‘zlar

  • Namangan
  • 1916-yil qo‘zg‘oloni
  • Farg‘ona vodiysi
  • Turkiston
  • mustamlakachilik
  • mardikorlik
  • xalq isyoni
  • Rossiya imperiyasi
  • milliy ozodlik harakati
  • chor hukumati
  • agrar inqiroz
  • ro‘yxat tuzish
  • mardikorlar
  • ijtimoiy adolatsizlik
  • iqtisodiy qarshilik
  • o‘lkadagi ijtimoiy vaziyat
  • sovet davri
  • tarixiy tahlil

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Abdullayev Ilhomjon Ikromjonovich University of Business and Science oliy ta'lim muassasasi, Ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi.

1916-yilgi Namangan qo‘zg‘oloni, o‘zbek xalqining mustamlakachilikka qarshi kurashidagi muhim voqealardan biridir. Rossiya imperiyasining Turkistondagi ishchi kuchlarini majburiy tarzda mardikorlikka safarbar etish qaroriga qarshi o‘tkazilgan bu isyon, Namangan shahridagi aholi tomonidan keng miqyosda qo‘llab-quvvatlandi. Maqola ushbu qo‘zg‘olonning sabablari, rivojlanishi, isyonchilarning aksilimperialistik kurashi, shuningdek, Chor hukumatining bu voqeaga nisbatan ko‘rsatgan javob choralari va xalqning milliy ozodlikka bo‘lgan intilishlarini o‘rganadi. Namangan qo‘zg‘oloni, nafaqat Turkiston, balki butun Rossiya imperiyasida keng tarqalgan qashshoqlik va mustamlakachilikka qarshi kurashning bir qismi sifatida tarixda muhim o‘rin tutadi. Abstract.

The 1916 peasant uprising in Namangan is one of the significant events in the Uzbek people’s struggle against colonialism. This rebellion, aimed at opposing the decision of the Russian Empire to mobilize the labor force of Turkestan for forced labor, was widely supported by the population of Namangan city. The article examines the causes of the uprising, its development, the anti-imperialist struggle of the rebels, as well as the response of the tsarist government and the people’s desire for national liberation. The Namangan uprising holds an important place in history as part of the broader fight against poverty and colonialism, which affected not only Turkestan but also the entire Russian Empire. Аннотация.

Крестьянское восстание в Намангане 1916 года является одним из ключевых событий в борьбе узбекского народа против колониализма. Этот мятеж, направленный против решения Российской империи мобилизовать рабочую силу Туркестана для принудительного труда, был широко поддержан населением города Намангана. Статья исследует причины восстания, его развитие, антипемпериалистическую борьбу восставших, а также реакцию правительства царской России и стремление народа к национальному освобождению. Восстание в Намангане занимает важное место в истории как часть борьбы против бедности и колониализма, которая охватила не только Туркестан, но и всю Российскую империю. Kalit so‘zlar.

Namangan, 1916-yil qo‘zg‘oloni, Farg‘ona vodiysi, Turkiston, mustamlakachilik, mardikorlik, xalq isyoni, Rossiya imperiyasi, milliy ozodlik harakati, chor hukumati, agrar inqiroz, ro‘yxat tuzish, mardikorlar, ijtimoiy adolatsizlik, iqtisodiy qarshilik, o‘lkadagi ijtimoiy vaziyat, sovet davri, tarixiy tahlil. Keywords. Namangan, 1916 uprising, Fergana Valley, Turkestan, colonialism, forced labor, peasant revolt, Russian Empire, national liberation movement, tsarist government, agrarian crisis, list compilation, workers, social injustice, economic resistance, regional social situation, Soviet period, historical analysis. Ключевые слова. Наманганд, восстание 1916 года, Ферганская долина, Туркестан, колониализм, принудительный труд, крестьянское восстание, Российская империя, национально-освободительное движение, царское правительство, аграрный кризис, составление списков, рабочие, социальная несправедливость, экономическое сопротивление, социальная ситуация в регионе, советский период, исторический анализ.

Birinchi jahon urushi yillarida Farg‘ona viloyatining barcha uyezdlarida dehqonlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli keskin yomonlashdi. Ayniqsa, yersiz va qashshoq dehqonlar soni kundan-kunga ortib bordi. Paxta narxining markaziy hukumat tomonidan qat’iy belgilanishi esa bu muammolarni yanada chuqurlashtirdi. Masalan, bozorda bir pud paxta 30 so‘mdan sotilayotgan paytda, rasmiy narx 24 so‘m etib belgilandi [1, 29]. Bu holat Rossiyadagi to‘qimachilik fabrikalariga katta daromad keltirgan bo‘lsa-da, paxtakor dehqonlarning iqtisodiy ahvolini og‘irlashtirdi. Asosiy tirikchilik manbai paxtachilik bo‘lgan Farg‘ona viloyatida aholi hayot darajasi sezilarli darajada pasaydi. Dehqonlar zamonaviy texnika vositalaridan foydalanmagan holda tinimsiz mehnat qilsalar-da, iqtisodiy nochorlikdan chiqolmadilar. Olingan daromadlar avvalo qarzlarni to‘lashga, qolgan qismi esa oila ehtiyojlariga yetarli bo‘lmay qolardi. Natijada ko‘plab dehqonlar qarzga botib, mavjud yerlarini sotishga majbur bo‘ldilar. Katta yer egalari esa texnik modernizatsiya uchun sarmoya kiritish o‘rniga, arzon ishchi kuchi – yersiz dehqon va mardikorlardan foydalanishga intildilar. Bu esa boylarning yerlarida ishlovchi chorikor dehqonlar sonining ortishiga olib keldi. 1907-yilda Farg‘ona viloyatidagi yersiz dehqonlar soni 150 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 1910-yilga kelib bu ko‘rsatkich 200 ming nafarga yetdi [2, 101]. Urush yillariga kelib, bu raqam yanada oshdi va aholining taxminan 30 foizi yersiz dehqonlardan iborat bo‘ldi. Shu og‘ir sharoitlarga qaramasdan, dehqonlar davlat oldidagi soliq va majburiyatlarni ham bajarishda davom etdilar. 1914–1917-yillar mobaynida Farg‘ona viloyati aholisi tomonidan urush ehtiyojlari uchun jo‘natilgan mablag‘ 1 million so‘mdan oshdi [3, 40]. 1914–1916-yillar davomida Namangan shahri bo‘yicha urush ehtiyojlari uchun majburiy tartibda 3360 ta ot va 119 640 so‘m miqdorida pul yig‘ib olingan edi [4, 66]. Bu holat Birinchi jahon urushi ta’sirining o‘lka iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatganini ko‘rsatadi.

Urush yillarida paxta yakkahokimligi yanada kuchaytirildi. Paxta ekin maydonlarining kengayishi evaziga g‘allachilik va chorvachilik kabi an’anaviy xo‘jalik tarmoqlari orqaga chekina boshladi. Natijada, Farg‘ona vodiysi, jumladan Namangan tumanida ham don mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj ta'minlanmay qoldi. 1916-yilda Farg‘ona viloyatida odatdagidan 12–14 pudga kam g‘alla olinib, jiddiy taqchillik yuzaga keldi. Narxlar keskin oshib ketdi: ilgari 50 so‘m turadigan otning bahosi 80–85 so‘mga chiqdi, g‘alla va non narxlari esa yanada ko‘tarildi [5, 402]. Bunday og‘ir vaziyatda 1916-yil 25-iyun kuni imperator Nikolay II tomonidan e’lon qilingan, mahalliy aholini front ortidagi ishlar uchun mardikorlikka jalb qilish haqidagi farmon katta noroziliklarga sabab bo‘ldi. Namanganda bu noroziliklar ommaviy norozilik aksiyalari, amaldorlarning uylarini yoqish va hatto ularni o‘ldirish kabi keskin shakllarda namoyon bo‘ldi. Ushbu farmon asosida Turkiston general-gubernatori 1916-yil 23-avgustda Farg‘ona viloyatidan 51 233 kishini mardikorlikka safarbar qilish bo‘yicha buyruq chiqardi. Unga ko‘ra, harakatdagi armiya rayonidagi harbiy inshootlar hamda mudofaa uchun zarur bo‘lgan korxonalarga tub aholini jalb etish ko‘zda tutilgan edi [6, 86]. General-gubernator Yerofeyev barcha viloyat gubernatorlariga mardikorlikka olinadiganlar ro‘yxatini tuzish haqida topshiriq berdi. Umuman olganda, butun Turkiston o‘lkasi bo‘yicha 250 ming kishi mardikorlikka safarbar etilishi belgilandi [7, 1]. Bu ko‘rsatkich o‘lka erkak aholisi umumiy sonining 8 foizini tashkil etardi [8, 48]. Faqat Farg‘ona viloyatidan 50 ming, shundan Namangan shahridan esa 11 300 nafar erkak mardikorlikka jalb etilishi rejalashtirildi [9, 48]. Mazkur farmonning kutilmaganda e’lon qilinishi nafaqat aholi, balki chor hukumati va mahalliy ma’muriyat uchun ham tayyorgarliksiz holatda qarshi olingan bo‘ldi. Bu esa viloyatdagi ijtimoiy tanglikni yanada kuchaytirib yubordi. 1916-yil 25-iyun farmonining mazmuni mahalliy ma’muriyat uchun ham noaniq bo‘lganligi sababli, uni aholiga qanday tushuntirish borasida jiddiy muammolar yuzaga keldi. Natijada xalq orasida turli xil mish-mishlar tarqaldi. Davlat Dumasining a’zosi A. Kerenskiy ta’kidlaganidek, ayrim hududlarda odamlar mardikorlar front ortida okop qazish ishlariga safarbar qilinadi, deb o‘ylagan bo‘lsalar, boshqa joylarda ular jangchilarning oldingi safiga qo‘yiladi, biroq ularga qurol berilmaydi — ya’ni dushman bilan askarlar o‘rtasida “jonli devor” bo‘lib qoladilar, degan xavotirli fikrlar keng tarqalgan edi. Bu turli vahimalar natijasida xalq orasida umumiy sarosima kuchaydi. Aholi noroziligini kuchaytirgan yana bir muhim omil — mahalliy ma’muriyatdagi poraxo‘rlik va adolatsizlik bo‘ldi. Chor hukumati tayanchi sifatida faoliyat yuritgan mahalliy boshqaruv idoralari mardikorlikka olinuvchilar ro‘yxatini tuzishda ko‘plab suiste’molliklarga yo‘l qo‘ydilar. Ayniqsa, boy qatlam vakillari bu majburiyatdan pul evaziga osonlik bilan qutilib qolgan. Ayrim hollarda ular o‘rniga boshqa ishchilarni yollashgan, ba’zilar esa mardikorlik o‘rniga belgilangan pulni to‘lash orqali ozod bo‘lishgan [10, 30]. Dastlabki davrda mardikorlik o‘rniga ishchi yollash narxi 75–100 so‘m atrofida bo‘lgan bo‘lsa, vaqt o‘tgan сайин бу сумма 200–300 so‘mgacha oshdi [11, 320]. Biroq so‘nggi davrda bu pulga ham ishchi topish mushkul masalaga aylandi.

Shuningdek, bu ijtimoiy tengsizlik va adolatsizlik xalqqa qattiq ta’sir qildi, natijada g‘azab va norozilik harakati avj oldi.

Farg‘ona viloyatining ko‘plab hududlarida, jumladan Namanganda ham xalq qo‘zg‘olonlari boshlandi. 1916-yil 9-iyul kuni uyezd boshlig‘i Kreshkov 600 ga yaqin mahalliy aholi va boshqaruv vakillarini yig‘ib, podsho farmonining mazmuni va talqinini tushuntirishga harakat qildi [12, 41]. Yig‘ilganlar farmonni pul to‘lovi bilan almashtirish taklifini bildirdilar, biroq uyezd boshlig‘i bunday imkoniyat mavjud emasligini qat’iy ta’kidladi. Shundan so‘ng aholi boshqa yirik shaharlar — Toshkent, Xo‘jand, Qo‘qondagi vaziyatga qarab harakat qilishga qaror qilib, tarqaldi [13, 47].

Qo‘zg‘olonlar ayniqsa Namangan shahrida erta boshlangan edi. 1916-yil 2-iyul kuni ertalab soat 7 da Kurashxona maydoniga katta miqdorda aholi, jumladan ko‘plab ayollar to‘plandi. Ayollar "Hech kimni mardikorlikka bermaymiz!" deb ovoz chiqarib norozilik bildirganlar [14, 6].

1916-yil yozida Namanganda yuzaga kelgan norozilik to‘lqinlari asta-sekin ochiq qo‘zg‘olonlarga aylandi. Qo‘zg‘olonchilar mardikorlikka olinuvchilar ro‘yxatini tuzishni to‘xtatishni qat’iy talab qildilar. Voqealar avjiga chiqqan bir paytda, kapitan Rumyansev olomonni tinchlantirish maqsadida ro‘yxat tuzilmaydi, deb yolg‘on ma’lumot berdi. Biroq xalq bunga ishonmadi va undan bu haqda yozma tilxat talab qildi. Shunda Rumyansev askarlarga olomonga qarata o‘t ochishga ruxsat berdi. Natijada ikki nafar fuqaro halok bo‘ldi, 64 kishi jarohatlandi [15, 9]. Vaholanki, xalq orasida qarshilik kayfiyati saqlanib qolgan edi. «Mayli, baribir o‘z aytganimizni qilamiz», degan hayqiriqlar g‘alayonning susaymaganini ko‘rsatdi. Bu voqea ikki soat davom etdi.

Xuddi shu kuni Namanganga yaqin joylashgan Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida ham xalq harakati boshlandi. Aholi volost boshqaruvchisi Tojiboyxo‘ja Jaloliddin Ma’so‘movning uyi oldida yig‘ilib, ro‘yxatlar taqdim etilishini talab qildilar. Uyning ichkarisida bo‘lgan ro‘yxat oluvchilardan biri olomonga qalbaki hujjatlar tashladi. Savodli kishilar bu qog‘ozlarni o‘qib, ularning soxta ekanligini aniqladilar va g‘azablangan olomon boshqaruvchining uyiga bostirib kirib, tartibsizlik sodir etdi. Ma’so‘mov do‘pposlab o‘ldirildi [16, 6]. Ro‘yxatchi Petroyev esa barcha hujjatlarni yoqishga majbur qilindi [17, 21]. G‘alayon bostirilgach, chor ma’muriyati 16 kishini hibsga oldi [18, 21].

Farmon e’lon qilinganidan so‘ng Namangan shahrida avj olgan navbatdagi g‘alayonlardan birida qo‘zg‘olonchilar harbiy kuchlar tomonidan pulemyotlar bilan o‘qqa tutildi. Natijada 69 kishi halok bo‘ldi yoki yaralandi [19, 9]. Shu kuni Norinkapa volostining Elatan qishlog‘ida ham shunga o‘xshash hodisa ro‘y berdi — g‘azablangan olomon qishloq oqsoqolini do‘pposlab, hujjatlar va veksellarni olib qo‘yishdi. Bu voqealar chor ma’muriyatini hushyor torttirdi. Namangandagi voqealarning Chust va boshqa hududlarga tarqalishidan cho‘chigan rus amaldorlari zudlik bilan Toshkentga harbiy garnizonni kuchaytirish haqida telegramma yubordi [20, 42].

1916-yil 12-iyul kuni Farg‘ona viloyati harbiy gubernatori, general-mayor Gippius Namanganga kelib, mahalliy ma’muriyat vakillari bilan uchrashdi. U ro‘yxatga olish jarayonini vaqtincha to‘xtatish va har oltita hovlidan bittadan kishini mardikorlikka olish tizimini joriy qilish haqida farmon chiqardi [21, 43].

Biroq, uyezd boshlig‘i bu qarorning ma’muriyatning obro‘siga putur yetkazishi mumkinligini va aholining oldida uning zaifligini ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Shu sababli ro‘yxatga olishni davom ettirishga ruxsat so‘radi. Natijada Namangan shahrida va uyezdning ayrim joylarida ro‘yxatga olish umuman to‘xtatildi. Biroq, ba’zi hududlarda bu jarayon davom etar edi. Gippius ro‘yxatni to‘xtatish orqali norozilikni bartaraf etishga umid qildi, ammo bu chora samarali bo‘lmadi.

Shunday qilib, 12-iyul kuni Namangan shahrining ba’zi hududlarida hali ham g‘alayonlar davom etdi [22. 41]. Qo‘zg‘olonlarning avj olishidan xavotirga tushgan Gippius, yana bir marta nayrang ishlarni amalga oshirdi. U mahalliy va rus tillarida xalqqa mardikorlikka ixtiyoriy olinishi haqida murojat tarqatdi. Biroq, bu harakat ham natijasiz bo‘ldi. Ixtiyoriy ravishda front orqasiga jo‘novchilarning soni bir necha yuz kishidan oshmadi. Shundan so‘ng, Gippius Farg‘ona viloyatining shahar va qishloqlarida aholiga tashviqot olib borishni davom ettirdi. Biroq, Namangandagi qo‘zg‘olonlar davom etdi.

13-iyul kuni Namangandan o‘n to‘rt chaqirim uzoqlikda joylashgan Uychi qishlog‘ida ro‘yxat tuzishda ishtirok etgani uchun ellik boshini do‘pposlab o‘ldirdilar [23. 41]. Xo‘jaobod, Uyg‘ur, Ma’shad, Toshqo‘rg‘on qishloqlaridagi aholi g‘alayon ko‘tarib, ro‘yxatni yoqib tashladilar [24. 8]. Varzik qishlog‘ida aholi volost boshqaruvchisining uyiga bostirib kirib, uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar va unga yordam bermoqchi bo‘lgan soqchini do‘pposladilar [25. 8].

Ertasi kuni xuddi shunday voqea Uychi volostining Qizilravot qishlog‘ida sodir bo‘ldi. Peshinda, masjid yonida 400 dan ortiq aholi to‘plandi va ular qishloq oqsoqoli To‘xtanazar Qulboyev uyiga yo‘l oldilar. To‘plangan kishilar Oqsoqolni uyida yo‘qligini bilib, uning rafiqasi Tursinbibi Munisa Norqulovadan oilaviy ro‘yxatlarni talab qildilar. Shundan so‘ng, o‘zlari uy jihozlarini osongina tortib oldilar, veksel va ro‘yxatlarni olishdi [26. 49].

Qo‘zg‘olon bostirilgach, ishtirokchilardan 9 kishi shu kuni hibsga olindi. Qishloq oqsoqollarini, volost boshqaruvchilarini va ellikboshilarni aholi tomonidan kaltaklanishi va o‘ldirilishi mahalliy ma’muriyatni vahimaga solib qo‘ydi. Ularning ko‘pchiligi o‘z uylaridan qochib, boshqa joylarga berkinib yurishga majbur bo‘ldilar.

17-iyul kuni Quyi Asht qishlog‘ida kuchli xalq g‘alayoni bo‘lib o‘tdi. Shu kuni bu qishloqda yigilgan 100 ga yaqin aholi volost boshqaruvchisini uyiga bostirib kirib, uning akasi Matmusa Toshmuhammedov, amakisi usta Mirza Sharif Adinaboyev va yuqori Asht qishlog‘i oqsoqoli Rahmatnazar Aminboyevlarni o‘ldirdilar. Butun hujjatlar, veksellar, qo‘zg‘olonchilar tomonidan yo‘q qilib tashlandi. Qo‘zg‘olon bostirilgach, ulardan 46 kishi hibsga olindi [27. 9].

Quyi Asht qishlog‘idagi qo‘zg‘olondan so‘ng, ko‘plab ayollar ham hibsga olindi va Turkiston harbiy sudiga topshirildi. Ular orasida qo‘zg‘olonda ishtirok etgan Uchul bibi Toshmatova, Norinisa Tursunova, Xamrobibi Muhammadinova kabi ayollar bor edi [28. 5].

Huddi shunday qo‘zg‘olon Namangan shahrining Sardoba dahasida sodir bo‘ldi. Bu yerda aholi oqsoqol Abdunazar Xolmatovning uyiga bostirib kirib, veksellarni yo‘q qilib, uning uyiga o‘t qo‘ydilar, o‘zini esa kaltakladilar. Ro‘yxatni tuzishda ishtirok etgan ellikboshi Mullaboy Muhammad Sobirov va oqsoqolning mirzasi mulla Abdumo‘min Sharipovlarni o‘ldirdilar [29. 9]. Keyin ellikboshini uyiga o‘t qo‘ydilar. Qo‘zg‘olonchilardan 21 kishi hibsga olindi va Turkiston harbiy okrugi sudiga topshirildi [30. 9]. G‘alayonlarning shu tariqa davom etishi Chor hukumatini va mahalliy amaldorlarni tashvishga solib qo‘ydi. Gippius esa o‘zining navbatdagi nayrangini ishga soldi. U mahalliy ruhoniylarga Qur’onlarni yig‘ib qo‘yishni va shu bilan birga, undagi o‘z hokimiga bo‘ysinish haqidagi surani ko‘z - ko‘z qilishni buyurdi. 23-iyul kuni Namangandagi Jom’ye masjidi oldida minglab aholi yig‘ildi. Gippius qo‘liga Qur’onni olib, o‘qimoqchi bo‘lganida, ruhoniylardan biri Qur’onni sala va to‘nsiz jamoaga o‘qib bo‘lmaydi, - degan ma’noda ishora qildi. Gippius biroz ikkilandi va o‘zini tiklab turib, aholi oldida o‘z obrusini yo‘qotmaslik uchun indamay boshiga sala va egniga to‘n tashlab o‘qishga kirishdi. Rus generalining bu ahvolda turib Qur’on suralarini o‘qib, bir yo‘la mahalliy tilga tarjima qilib berishi mahalliy aholini hayratga solgan bo‘lsa-da, hyech qanday natija bermadi. Chunki podsho farmonini har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, amalga oshirish chor ma’muriyatining birdan-bir maqsadi bo‘lib, bu maqsad mahalliy aholi uchun sir emas edi [31. 34]. Qo‘zg‘olonlarda ko‘plab ayollarning ishtirok etishi alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbek ayollari qo‘zg‘olonlarning oldingi saflarida turib «mardikorlikka hech kimni bermaymiz», - deb xitob qilganlar. Ana shunday g‘alayonlardan biri Namangan uyezdining Chodak qishlog‘ida sodir bo‘ldi. 15-iyul kuni g‘azablangan qishloq aholisi yig‘ilib, volost boshqaruvchisi Mulla Qozi Xudayberdiyevning uyiga bostirib kirdilar va uni do‘pposlab o‘ldirdilar. Uyini osongina talon-toroj qilib, ustun-ustun qilib tashladilar. Ro‘yxatni tuzishda ishtirok etgan ellikboshini va yana bir necha kishilarni kaltakladilar. Qo‘zg‘olonda ishtirok etganlardan 90 kishi hibsga olindi. Ular orasida ayollardan Asal bibi Mirza Ulug‘ova, Gulchan bibi Bobojanova, Norbibi Usta Roziqovalar ham bor edilar [32. 11]. Qo‘zg‘olonda ayollarni ishtirok etishini jiddiy sabablari mavjud. Birinchidan, uy bekasi oilasiga ro‘zg‘orni ta’minlovchi erkak, ya’ni oila boshlig‘ining begona yurtga noma’lum muddatga jo‘natilishi natijasida oila boqimandasiz qolar edi. Ikkinchidan, ayni dala ishlari qizib turgan paytda asosiy ishchi kuchi hisoblangan erkaklarning mardikorlikka olinishi juda katta zarar keltirardi. Uchinchidan, ro‘yxatga olishda talab qilinadigan shartlar, masalan, har olti hovlidan bir kishini berish, aholi orasidagi beva va qariyalarni hisobga olmasdan amalga oshirildi. Shu sababli bechora beva ayollar ishchi kuchi o‘rniga pul to‘lash yo‘li bilan qutulishiga majbur bo‘lganlar, pul to‘lash uchun esa bir parcha yerini sotishga majbur bo‘lganlar. Ana shunday jiddiy muammolar, qiyinchiliklar mahalliy ayollarni erkaklar bilan bir qatorda bosh ko‘tarib chiqishga majbur etdi. Chor hukumati xalq g‘alayonlarini kuch bilan bostirishga harakat qildi va jazo otryadlarini kuchaytirdi. Qo‘zg‘olonda ishtirok etgan kishilar qattiq jazolandilar. Ular osib o‘ldirishga, surgun va qamoq jazolariga mahkum etildilar.

Mustamlakachilar qo‘shimcha ravishda Namangan, Skobolev, Qo‘qon va boshqa shaharlarda harbiy dala sudlarini tashkil etdilar. 1917-yil yanvar oyining o‘zidayoq Turkiston harbiy okrugi sudida o‘lka bo‘yicha 44 ta ish ko‘rib chiqildi. Shundan 24 tasi Farg‘ona viloyatidagi qo‘zg‘olonchilarning ishi edi [33. 75].

Namangan uyezdi bo‘yicha 9 ta ish ko‘rib chiqildi va 290 kishi ustidan hukm chiqarildi. Ulardan 71 kishi osib o‘ldirishga, 17 kishi uzoq muddatli surgunga, 39 kishi axloq tuzatish kaloniyasiga, 17 kishi qamoq jazosiga mahkum etildi, 104 kishi esa oqlandi [34. 75].

Ulardan 22 kishi Uychi volostidan bo‘lib, qo‘zg‘olonchilarning ishlarini sudda ko‘rishdi. Qo‘zg‘olonchilardan Donbegijon Boyboboyev va Yo‘ldosh Ashirboyev 12 yil muddatga surgunga, Abdug‘affor Iso Chumakov va Mirzaboy Nodirbolevlar esa ikki yarim yil muddatga qamoq jazosiga, yana 9 kishi esa turt yarim oy muddatga qamoqqa mahkum etildilar [35. 185].

Sud Namangan uyezdining Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ining aholisi ustidan ham (20 kishi) hukm chiqardi. Otamirza Noybobo Xojiyev, Mulla Ko‘shak Rahimboyev, Muhiddin Matkarimboyev va boshqalar jami 8 kishi osib o‘ldirildi. 12 kishi turli muddatlar bilan surgunga hukm qilindi [36. 5-6].

Shu tariqa, 1916-yilgi xalq qo‘zg‘olonida ishtirok etgan qo‘zg‘olonchilar Chor hukumati tomonidan ayovsiz jazolandilar. Front orqasida xizmat qilgan mardikorlar ham og‘ir sharoitlarda yashashga majbur bo‘ldilar. Rossiyaning turli burchaklaridagi sanoat korxonalari, harbiy istexkomlar va temir yo‘llarda xizmat qilgan mardikorlar sovuq iqlim, og‘ir mehnat va ochlik natijasida ko‘plab qurbonlarga aylanib, kasalliklarga chalinishdi.

Rossiyadagi turli tashkilotlar va jamiyatlar Turkiston general-gubernatori nomiga turli nomalar jo‘natib, Turkistondagi ozodlik harakatiga o‘z baholarini berdi. Jumladan, 1914-yil tashkil etilgan "Rossiya uchun" jamiyatining Bosh Kengashi tomonidan Turkiston general-gubernatori A.Ye. Kuropatkinga yuborilgan nomada quyidagi so‘zlar keltirilgan edi: “...bu fojiali voqealarning asosiy aybdorlari o‘z vaqtida qarshi tadbir ko‘rmagan mahalliy oliy ma’muriyatdir. Shunga qaramay, Jamiyat Bosh Kengashi kelgusida rus aholisini muhofaza qilish va rus nomini nufuzini ko‘tarish uchun isyonning asosiy va bosh aybdorlarini shafqatsiz ravishda jazolashni, isyonda u yoki bu darajada ishtirok etgan, xayrihohlik bildirgan mahalliy aholi vakillarining katta qismini Sibiriyaning chekka o‘lkalariga surgun qilishni, ularning mol-mulkini urushning rus qahramonlari, ko‘proq Kazaklar foydasiga musodara qilishni ruxsat berishingizni qattiq iltimos qilib so‘raydi,” — deb yozilgan edi [37. 220].

Albatta, bunday nomalar mustamlakachilarni yanada shafqatsizroq tarzda qo‘zg‘olonchilardan o‘ch olishga undagan, shu bilan birga, qo‘zg‘olonchilarni yanada ko‘proq qattiq jazolashga ilhom bergan. Mustamlakachilarning shovinistik ruhlari o‘sha davrda aniq namoyon bo‘lgan. Mahalliy aholi ruslar oldida, ularga nisbatan hurmat ko‘rsatish maqsadida, ikki bukilib salom berishga majbur etilgan. Bu holat mahalliy xalqlarga nisbatan hukumatning qudratini va ulug‘vorligini namoyish etishdan iborat edi [38. 29].

Biroq, bu milliy ozodlik harakatida jadid-ziyochilar boshqacha yo‘l tutdilar. Ular qo‘zg‘olonlarni tinchlantirishga, aholini zo‘rlikdan saqlashga, va to‘qnashuvlardan oldin tutib qolishga harakat qildilar. Jadidlar, hatto mardikorlikka safarbarlikning barbod bo‘lishi, shuningdek, jazo otryadlarining shafqatsizligini his qilib, bu kompaniyani ma'naviy va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaror qildilar. "Turkiston viloyati gazeti"da shu kunlarda ular imperatorni olqishlab maqolalar e’lon qilgan va mardikorlikka safarbarlikni qo‘llab-quvvatlash uchun xitobnomalar tarqatganlar [39. 4].

Jadidlar kurashning siyosiy va madaniy yo‘llarini tanlab, avvalgi xalq isyonlarining achchiq tajribasidan saboq olishgan edi. Fitrat aytganidek, "Zotan qurol kuchi bilan miltiqni yo‘q etmak qulay, bor etmak mumkin emasdir. Qurol kuchi bilan hyech bir jamoatni madaniyat sari jo‘natib bo‘lmaydi..." [40. 4]. Jadidlar o‘z aqidalariga sodiq qolgan holda, bu kurashni ma'naviy yo‘llar bilan olib borganlar.

Chor mustamlakachilari qo‘zg‘olonchilardan shafqatsizlarcha o‘ch olishdi: o‘lka bo‘yicha uch mingdan ortiq kishi sudga berilib, ulardan 347 tasi osib o‘ldirilgan [41. 228].

Xulosa qilib aytish mumkinki, 1916-yilgi xalq qo‘zg‘oloni katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu qo‘zg‘olon chor mustamlakasi yillarida ezilgan xalqning o‘z kuchini, qudratini va jasoratini namoyon etdi. Ushbu ozodlik harakati xalqimizning qalbida mustaqillik uchun kurash timsoli sifatida o‘chmas iz qoldirdi, va xalq o‘zining erkinlikka intilish kuchiga ishondi.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar41 ta adabiyot

  1. Ismoilova J. Namanganda 1916-yil qo‘zg‘oloni // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. -1997. -№ 5.
  2. Понятовский С. Опыт изучения хлопководства в Туркестане Закаспийской области. 1913.
  3. Валиев А.Х. Положения дехканства Фергани в конце XIX начале XX вв. 1958.
  4. O‘zR MA I-fond, 31-ro‘yxat, 1101-ish, 66-varaq.
  5. Ziyayev H. Turkistonda Rossiya hukmronligi va hukmronligiga qarshi kurash. - T.: Sharq, 1998.
  6. Восстание 1916 год в Средней Азии и Казакстане. – М. 1960.
  7. O‘zR MA F.I-I, 31-ro’yxat, 1145-ish, 1-varaq.
  8. O‘zR MA F.I-I, 31-ro’yxat, 1145-ish, 48-varaq.
  9. O‘zR MA F.I-I, 31-ro’yxat, 1145-ish, 48-varaq.
  10. Ismoilova J. Ko‘rsatilgan asar. – B. 30.
  11. O‘zR MA F.I-I, 31-ro’yxat, 1000-ish, 320-varaq.
  12. O‘zR MA F.I-276, 1-ro‘yxat, 905-ish, 41-varaq.
  13. O‘z MA F.I-276, 1-ro‘yxat, 905-ish, 47-varaq.
  14. O‘z MA F.I-21, 31-ro‘yxat, 250-ish, 6-varaq.
  15. O‘z MA F.I- 476, 1-ro‘yxat, 905-ish, 9-varaq.
  16. O‘z MA F.I-1, 32 ro‘yxat, 350-ish, 6-varaq.
  17. O‘z MA F.I-276, 1-ro‘yxat, 905-ish, 21-varaq.
  18. O‘z MA F.I-276, 1-ro‘yxat, 905-ish, 21-varaq.
  19. O‘z MA F.I-276, 1-ro’yhat, 905-ish, 9-varaq.
  20. O‘z MA F.I-276. 1-ro‘yxat, 905-ish, 9-varaq.
  21. O‘z MA F.I-276. 1-ro‘yxat, 905-ish, 43-varaq.
  22. O‘z MA F.I-1, 31-ro‘yxat, 1100 - ish, 41-varaq.
  23. O‘z MA F.I-1, 31-ro‘yxat, 1100- ish, 41-varaq.
  24. O‘z MA F.I-1, 32-ro‘yxat, 350- ish, 8-varaq.
  25. O‘z MA F.I-1, 32-ro‘yxat, 350- ish, 8-varaq.
  26. O‘zR MA F.I-276, 1-ro‘yxat, 902-ish, 49-varaq.
  27. O‘zR MA F.I-276, 1-ro‘yxat, 905-ish, 9-varaq.
  28. O‘zR MA F.I-461, 1-ro‘yxat, 1888-ish, 5-varaq.
  29. O‘zR MA F.I-276, 42-ro‘yxat, 250-ish, 9-varaq.
  30. O‘zR MA F.I-276, 42-ro‘yxat, 250-ish, 9-varaq.
  31. Ismoilova J. Namanganda 1916-yilgi halq qo‘zg‘oloni  O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. 1997. -№ 7.
  32. O‘zR MA F.I-723, 1-ro‘yxat, 367-ish, 11-varaq.
  33. O‘zR MA F.I-1, 31-ro‘yxat, 1101-ish, 75-varaq.
  34. O‘zR MA F.I-1, 31-ro‘yxat, 1101-ish, 75-varaq.
  35. O‘zR MA F.I-723, 1-ro‘yxat, 369-ish, 185-varaq.
  36. O‘zR MA F.I-72, 1-ro‘yxat, 368-ish, 5-6-varaqlar.
  37. O‘zR MA F.I-1, 31-ro‘yxat, 1128-ish, 220-varaq.
  38. Suyunova O. 1916-yilgi Turkistondagi halq qo‘zg‘oloni tarixidan  O’zbekistonda ijtimoiy fanlar. 1997.
  39. Rizayev Sh. Jadidlar va 1916-yil qo‘zg‘oloni  Ma’rifat. 1996. 4-may.
  40. Rizayev Sh. Jadidlar va 1916-yil qo‘zg‘oloni. Ma’rifat.1996. 4-may.
  41. O‘zR MA F.I-1, 31-ro‘yxat, 1128-ish, 228-varaq.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011174
Nashr sanasi
2025-09-02
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
Jild
1
Son
2
DOI
10.66073/refocus-conf/151
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
179–187
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25