QO‘QON XONLIGI HUDUDLARINING ROSSIYA TASARRUFIGA O‘TISHI TARIXIDAN
Tursunov Bekzot YandashevichUniversity of Business and Science, tarix fanlari nomzodi, dotsent2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 115–121
Annotatsiya
Ushbu maqolada Rossiya harbiy kuchlari tomonidan xonlik hududini bosqichma bosqich bosib olinishi, Qo‘qon xonligi hukumdorlari va harbiy hamda ma‘muriy boshqaruvda faoliyat yuritgan amaldorlarning ma‘suliyatsizligi natijasida davlatning rasman tugatilisi haqida so‘z yuritiladi.
Boshqa tillarda
ruschaИЗ ИСТОРИИ ПЕРЕХОДА ТЕРРИТОРИЙ КОКАНДСКОГО ХАНСТВА ПОД ВЛАСТЬ РОССИИ
В статье рассматривается постепенное завоевание территории ханства российскими военными силами и формальный распад государства в результате безответственности правителей Кокандского ханства и чиновников, служивших в военно-административном управлении.
inglizchaFROM THE HISTORY OF THE RUSSIAN TAKEOVER OF THE TERRITORIES OF THE KOKAND KHANATE
This article discusses the gradual conquest of the khanate‘s territory by Russian military forces, and the formal dissolution of the state as a result of the irresponsibility of the rulers of the Kokand Khanate and officials who served in military and administrative administration.
Kalit so‘zlar
- Qo‘qon xonligi
- Rossiya tajjovuzi
- Oqmasjid qal‘asi
- qo‘zg‘olonlar
- Toshkent istilosi
- Aliquli amirlashkar
- Chernyaev
- Xudoyorxon
- Po‘latxon
- Sulton Murodbek
- Abdurahmon oftobachi
- Skobelev
- Turkiston general-gubernatorligi
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.
QO‘QON XONLIGI HUDUDLARINING ROSSIYA TASARRUFIGA O‘TISHI TARIXIDAN ИЗ ИСТОРИИ ПЕРЕХОДА ТЕРРИТОРИЙ КОКАНДСКОГО ХАНСТВА ПОД ВЛАСТЬ РОССИИ FROM THE HISTORY OF THE RUSSIAN TAKEOVER OF THE TERRITORIES OF THE KOKAND KHANATE
Tursunov Bekzot Yandashevich University of Business and Science, tarix fanlari nomzodi, dotsent E-mail: Bek240977@umail.uz Tel: [telefon raqami yashirilgan]
Annotatsiya: Ushbu maqolada Rossiya harbiy kuchlari tomonidan xonlik hududini bosqichma bosqich bosib olinishi, Qo’qon xonligi hukumdorlari va harbiy hamda ma’muriy boshqaruvda faoliyat yuritgan amaldorlarning ma’suliyatsizligi natijasida davlatning rasman tugatilisi haqida so’z yuritiladi. Аннотация: В данной статье речь пойдет о поэтапном захвате территории ханства российскими военными, об официальной ликвидации государства в результате безответственности правителей Кокандского ханства и чиновников, осуществлявших военную и административную деятельность. Annotation: this article will talk about the gradual conquest of the territory of the Khanate by Russian military forces, the official liquidation of the state as a result of the irresponsibility of the governors of the Kokand Khanate and officials operating in military and administrative management. Kalit so’zlar: Qo’qon xonligi, Rossiya tajjovuzi, Oqmasjid qal’asi, qo’zg’olonlar, Toshkent istilosi, Aliquli amirlashkar, Chernyaev, Xudoyorxon, Po’latxon, Sulton Murodbek, Abdurahmon oftobachi, Skobelev, Turkiston general-gubernatorligi. Ключевые слова: Кокандское ханство, российская агрессия, крепость Акмечить, восстания, завоевание Ташкента, Аликули амирлашкар, Черняев, Худоярхан, Пулатхан, Султан Муродбек, Абдурахман офтобачи, Скобелев, Туркестанское генерал-губернаторство. Keywords: Kokand Khanate, Russian aggression, Akmeshit fortress, uprisings, conquest of Tashkent, Aliquli amirlashkar, Chernyaev, Khudoyarkhan, Pulatkhan, Sultan Murodbek, Abdurakhman oftobachi, Skobelev, Turkestan General government.
XIX asrning birinchi yarmiga kelib, O‘rta Osiyoda uchta xonlik o‘rtasidagi to‘xtovsiz urushlar va kelishmovchiliklar mintaqadagi iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni tang ahvolga solib qo‘ydi, madaniy hayot izdan chiqdi. Ushbu vaziyat Rossiya imperiyasiga qo‘l keldi, chunki endi o‘lkada oldindan rejalashtirgan maqsadlarini amalga oshirishga sharoit pishib yetilgan edi. Ma'lumki, XIX asr o‘rtalarida jahonning yirik davlatlari o‘rtasida yangi mustamlaka siyosati avj olgan edi. Ushbu “kurash”lardan Rossiya imperiyasi ham chetda qolmadi. Shu jihatdan, XIX asr o‘rtalarida Turkistonda Angliya va
Rossiya manfaatlari to‘qnash keldi. Rossiya imperiyasi siyosatchilari Buyuk Britaniyaning Turkiston hamda Kaspiy dengizining sharqiy tomonini egallab olishidan g‘oyat xavfsirayotgan edi. Bunga asos ham yetarli bo‘lib, Angliya o‘z tasarrufidagi Hindiston va Afg‘oniston orqali o‘zbek xonliklari bilan savdo-sotiq hamda diplomatik aloqalar olib borar edi. Asosiy maqsad esa, bosib olishga chog‘lanayotgan Rossiya rejalarini barbod qilib, uchchala xonlikni unga qarshi birlashtirish va O‘rta Osiyo bozorlarini egallash edi. Turli iqtisodiy va siyosiy sabablarning kun tartibida turishi oqibatida Rossiya imperiyasi dastlabki harbiy harakatlarini boshlab yubordi. Urush dastlab Qo‘qon xonligiga qaratilgan edi. Bosqinchilar zamonaviy qurol-aslahaga ega bo‘lib, ularga Yevropa janglarida tajriba orttirgan generallar rahbarlik qildi. Qo‘qonda esa ichki nizo va hokimiyat uchun urushlar avj olishiga qaramay, xonlik aholisi dahshatli yov bilan o‘z ona yurti, dini hamda g‘ururi uchun astoydil kurashga otlandi. 1850 yilda rus qo‘shinlari qo‘qonliklarning Ili daryosi sohilidagi To‘ychibek qal'asini bosib olish taraddudiga tushdi. 19 apreldagi birinchi urinishlar zoye ketdi. Biroq, 1851 yilda polkovnik Karabashev boshchiligidagi 500 otliq kazak guruhi ikki zambarak bilan qal'aga yaqinlashdi. Qo‘qonliklar kuchlarning teng emasligini inobat olib, istehkomdan chiqib ketdilar1. 1852 yilda Orenburg general-gubernatori Perovskiy 400 kishidan iborat polkovnik Blaramberg boshchiligidagi askarlarga Sirdaryo bo‘ylaridagi hududlarni o‘rganish, Oqmasjid qal'asini buzib tashlash chorasini ko‘rish rejalarini bajarish kabi majburiyatlarni yuklaydi [6, -B. 72.]. O‘sha yili 18 iyulda Blaramberg Oqmasjid yaqinida joylashadi. Rus bosqinchilarining birinchi hujumi omadsiz yakunlandi. Ular qal'aning ikkinchi mudofaa devoridan o‘tolmay, orqaga chekinishga majbur bo‘ladi. Polkovnik Blaramberg chekinayotib, Qorao‘zak daryosining o‘ng oqimi bo‘ylab yurib, Qo‘shqo‘rg‘on, Chimqo‘rg‘on va Kumushqo‘rg‘on qal'alari himoyachilarining qarshiligini yengib, nomlari qayd etilgan qal'alarni buzib tashlaydi, shu tarzda Rossiya davlati Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida o‘z mavqeini ancha mustahkamlashga erishgan [2, -B. 105.]. 1853 yilning iyul oyida diplomatiya va xalqaro huquq qoidalarini poymol qilgan Rossiya generallaridan Perovskiy katta kuch bilan Sirdaryo sohillari sari siljib, Oqmasjidni bir oyga yaqin qamal qiladi. Ushbu hujum haqida mahalliy manbalarda ham ma'lumotlar mavjud. Qamal jarayonida 13 iyul kuni general Perovskiy qal'a boshlig‘iga xat yuborib, unda: “Men Umumrossiya imperatori farmoniga binoan, bizning yerimizda qurilgan Oqmasjidni olish uchun keldim... Bu yerga ruslar bir kunga yoki bir yilga emas, balki abadul-abadga kelganlar agar yashashni istasangizlar, rahm-shafqat so‘ranglar. Agar Oqmasjidda o‘lishni istasangizlar, bu sizlarning ixtiyoringizdadir. Men bu yerga urushish uchun kelganim yo‘q, ammo qal'ani olmasdan ketmayman” [2, -B. 99.] - deb dag‘dag‘a qiladi. Aleksandr Batirishkinning yozishicha, qo‘qonliklar qamal kunlarida ham, ruslarning hujumi vaqtida sodir bo‘lgan dahshatli portlashlardan keyin ham ruhiy tushkunlikka tushmay, mardonavor jang qildilar [3, -B. 132-133.]. G‘arbiy Sibir general gubernatoriga 1853 yil 3 avgust kuni Oqmasjiddan yuborilgan xabarnomada yozilishicha, qal'a 28 iyul kuni zabt etilgan. Unda tirik qolgan qo‘qonliklarning haqiqatan ham mardonavor jang qilganliklari qayd etilgan.
Mahalliy muarrixlarning asarlarida xonlik kuchlarining Oqmasjidni qaytarib olish uchun qilgan harakatlari ham o‘z aksini topgan.
1853 yilda Xudoyorxon tomonidan Oqmasjid muhorabasiga jo‘natilgan Shodmonxo‘ja mingboshi Toshkent qo‘shini bilan harbiy harakatlar olib boradi. Biroq, harbiy harakatlardagi sustkashlik uchun Xudoyorxon Shodmonxo‘jani Salimsoq va Muhammadkarim dodhohlar bilan birga Toshkent o‘rda maydonida sazoyi qildirgan. Harbiy harakatlarni ta'minotiga e'tiborsiz bo‘lgani uchun Toshkent hokimi So‘fibek Davronbek bahodirboshi o‘z vazifasidan ozod qilinadi.
Rossiya qo‘shinlari Oqmasjidni bosib olgandan so‘ng Qo‘qon xonligiga nisbatan ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik siyosatiga o‘tib ketadi va o‘z siyosatini ham shunga moslab boradi [8, -B. 140.]. Oqmasjid urushlarida mag‘lub bo‘lgan Qo‘qon amirlashkarlari xon saroyi oldidagi maydonda xalq ommasi huzurida jazolangan vaziyatda, xon va uning yaqinlari qanday dushmanga duch kelganlarini hali tasavvur qila olmas edilar. Rossiya imperiyasi esa 1854 yili Perovskiy porti, 1-port, 2-port, 3-port va atrof joylarni o‘z ichiga olgan Sirdaryo chizig‘ini tashkil etdi. Ushbu liniya Rossiya va Qo‘qon xonligi o‘rtasidagi chegara hisoblanar edi [2, -B. 108.].
Qrim urushi davri (1853–1855 yy.)da Rossiya Turkistonni bosib olishni biroz kechiktirishga majbur bo‘lgan. Rossiya imperiyasi urushda mag‘lub bo‘lib, Qora dengizdagi bandargohlarni qo‘ldan boy bergach, Turkiston yerlari orqali Afg‘oniston, Hindiston va Eron suv yo‘llariga o‘tishni maqsad qilgan edi. Bundan tashqari, rivojlanayotgan rus sanoati uchun bozorlar va xom-ashyo manbalari kerak edi. Shu va boshqa omillar Rossiyaning Turkistondagi harbiy harakatlarini qayta boshlashiga sabab bo‘ldi. Boshqa tomondan, Turkiston xonliklari o‘rtasidagi ittifoqsizlik, urush va nizolar ham Rossiya imperiyasi uchun qulay sharoitni yaratdi [1, -B. 148.]. Darhaqiqat, Rossiya imperiyasi o‘zining tashqi siyosatida turli yo‘llar bilan O‘rta Osiyo xonliklaridagi millatlararo va qabilalararo urushlarni qo‘zg‘ash, qo‘llab-quvvatlash, hatto Rossiya fuqarolari bo‘lmish O‘rta osiyoliklar orasida ham nizo keltirib chiqarishga harakat qilardi. Masalan, Sibir okrugi komandiri G. Gosfordning Olatov okrugi boshlig‘iga yozgan xatida: “Biz, atabanlar va saribag‘ishlarning bir-biriga qilgan qaroqchilik (qo‘y, otlarni o‘g‘irlash)dan kelib chiqqan mojarolaridan foydalanib, so‘nggi kuchli zarbani berishimiz kerak. Buning uchun qo‘qonliklarni va qirg‘iz (qozoq) qabilalarini yomon ko‘radigan va ularning chorva mollariga qaroqchilik yurishlarini uyushtirib turgan mashhur Suranchining xizmatidan foydalanish kerak. Oxirida esa Suranchini Umbet-Aliga qarshi qilib qo‘yish kerak”, deyiladi.
H.N. Bobobekovning ma'lumotlariga ko‘ra, 1858 yilda Qo‘qon xonligida bir necha yirik qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tgan. Ayniqsa, qozoqlarning g‘alayoni Qo‘qon-Rossiya munosabatlariga ham salbiy ta'sir etgan. Chunki, qozoqlar Qo‘qon xonidan norozi bo‘lib, rus hukumati tasarrufiga o‘tib ketmoqchi bo‘ldilar, ko‘pchiligi o‘tib ham ketdi. Shu munosabat bilan chegaradosh rus ma'muriyati nomiga Toshkent va Turkiston hokimlari maktublar yuborib turdi. Ushbu maktublarda chor ma'muriyatidan Qo‘qon xonligining ichki ishlariga aralashmaslik, qozoqlarning Rossiya tasarrufidagi yerlarga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va o‘tib ketganlarini Qo‘qon xonligiga qaytarish so‘ralgan edi. Ammo, chor ma'muriyati turli bahonalar bilan ushbu talablarni rad etgan.
1858–1859 yillarda Rossiya imperiyasi Buxoro va Xivaga polkovnik N.P. Ignatevni yuborgach, u qaytgandan keyin ushbu missiyaning natijasiga ko‘ra, O‘rta Osiyoni bosib olish rejasini takomillashtirgan [6, -B. 79-82.]. Qrim urushi tufayli to‘xtab qolgan harbiy harakatlar 1860 yilning yozida yana jonlandi. O‘sha yili 26 avgustda polkovnik Simmermann boshchiligidagi guruh To‘qmoq istehkomiga hujum qilib, uni egalladi. 1860 yilning 5 sentyabrida Pishpak qal'asi taslim bo‘ldi, ko‘p narsalar o‘lja olindi. 1861 yilda Yangiqo‘rg‘on (general-leytenant Debu boshchiligida) bosib olindi [3, -B. 134.]. Rossiya generallari diplomatik munosabatlarni poymol etib, 1862 yil may oyida Qo‘qon xonligiga qarashli Oqsuv, Pishtepa va Choldevor qal'alarini egalladi, 1863 yilning mayida esa Turkiston shahriga qo‘shin tortib borib, 8 iyunda Cho‘loq qo‘rg‘onini bosib oldi. 1864 yil 1 may kuni Verniy (Olma-Ota) istehkomidan yo‘lga chiqqan polkovnik Chernyaevning otryadi qattiq jangdan keyin Avliyoota qal'asini ham bosib oladi.
1847-1864 yillarda chor hukumati Qo‘qon xonligining hozirgi Qozog‘iston va Qirg‘iziston yerlaridagi mavqeiga zarba berib, ko‘p yerlarni qo‘lga kiritgan. 1864 yilning 12 iyulida Turkiston zabt etilib, Veryovkin Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasidagi noyob tarixiy asori-atiqalarni talon-taroj qilib, Rossiyaga jo‘natgan [8, -B. 353-400.]. General Chernyaev boshchiligidagi qo‘shinlar Chimkentni qamal qilar ekan, bu yerda sarkarda Aliquli (ba'zi manbalarda Alimqul) zarbasiga uchradi. Nihoyat, 1864 yil sentyabrda Chimkent ostonasida shiddatli janglar boshlandi. Harbiy-texnik ustunlikka ega bo‘lgan dushman 22 sentyabrda shaharni egalladi [3, -B. 136.]. Turkiston va Chimkentning bosib olinishi natijasida chor harbiy qo‘shinlari uchun bosqinchilik harakatlari yanada kengayib, endilikda mintaqaning eng katta va boy shaharlaridan bo‘lgan Toshkentni bosib olishga keng yo‘l ochildi. 1864 yil 1 oktyabrda general Chernyaev katta harbiy qo‘shin bilan birga Toshkent shahri sharqidagi Darvishak Qopqa degan joydagi Kaykovus arig‘idan o‘tib, Xo‘ja Ahrorning Oqqo‘rg‘ondagi vaqf yerlarida to‘xtadi. 2 oktyabrda Toshkentga dastlabki hujum boshlandi. Ammo, toshkentliklar shahar himoyasini tashkil etib, Toshkent hokimi Qo‘sh parvonachi qipchoq navkarlari bilan shaharning sharqiy qismi, Mirzo Ahmad qo‘shbegi Oqqo‘rg‘on darvozasi, Xayr Muhammad afg‘on yovar to‘pchiboshi esa o‘rdaga joylashib, shu darajada qarshilik ko‘rsatdilarki, general Chernyaev mag‘lubiyatga uchrab, Chimkentga qaytib ketishga majbur bo‘ldi. Rus bosqinchilari 80 nafarga yaqin askaridan ayrildi. M.G. Chernyaev Eski Qo‘qon yo‘li bilan Salor arig‘i ko‘prigidan o‘tib, Afrosiyob tepaligiga kelganda, Aliquli amirlashkar va Sulton Saidxonlarning kelayotganini eshitib, Bo‘zsuv ko‘prigi orqali Chimkentga qaytadi. Toshkentga kelgan Aliquli amirlashkar mudofaada jonbozlik ko‘rsatganlarni taqdirlaydi. Mag‘lubiyat o‘chini olish maqsadida general Chernyaev 1865 yilning 28 aprelida Niyozbek qal'asini egallashga buyruq beradi. Shuni ta'kidlash kerakki, Toshkent mudofaasini tashkil etishda Aliquli sarkardaning xizmatlari katta bo‘ldi. U 1865 yil 15–16 may kunlari Andijon, O‘ratepa, Namangan, Xo‘jand va Marg‘ilon navkarlaridan iborat qo‘shini bilan Qo‘qondan Toshkentga yetib keladi hamda Afrosiyob tepaligidagi Mingo‘rik chorbog‘iga joylashadi. Toshkent shahri uchun bosqinchilar va shahar mudofaachilari o‘rtasida qattiq kurash bo‘lib o‘tganini mahalliy muarrixlar keng yoritgan.
Qo‘qon - Rossiya munosabatlari 1867 yildan boshlab asosan, Toshkentda hal qilinadigan bo‘ldi. O‘rta Osiyo xonliklari bilan o‘zaro bitimlarga imzo chekish vakolati Turkiston general-gubernatori K.P. fon Kaufmanga berildi. Shuning uchun xonliklarga ham Rossiya bilan emas, balki Turkiston general-gubernatorligi orqali shartnoma tuzish ma'qul edi. Bu – diplomatik va ma'naviy nuqtai nazardan qaralsa, mustaqil davlatlarning haq-huquqlarini kamsitishdan boshqa narsa emas edi. 1872 yilning boshlarida Qo‘qon xonligi taxtining valiahdi, shahzoda Nasriddinbek Toshkentga kelganida, fon Kaufman uning sharafiga berilgan ziyofatda Xudoyorxonni G‘arbga borib, ko‘p narsalarni o‘rganib qaytgach, o‘z mamlakatini bir necha pog‘ona yuksaklikka ko‘tara olgan Pyotr I ga o‘xshatgan, “Yashasin, Xudoyorxon!” deya qadah ko‘targan va eng to‘g‘ri yo‘ldan borayotgan rahnamo sifatida rosa ulug‘lagan edi. Qo‘qon xonligining so‘nggi yillarida Xudoyorxon toju taxt uchun kurash girdobida qolgan paytlarida fon Kaufman unga yordam berish o‘rniga “nasihat”dan nariga o‘tmaydi. U soxta Po‘latxon qo‘shinlariga bas kela olmagan Xudoyorxonga Toshkentga kelishini buyuradi. Uni qo‘riqlab kelish uchun 60 nafarlik kazak askarlarini yuboradi. Fon Kaufman xonning barcha qarshiliklariga qaramay, majburan Orenburgga jo‘natadi. Orenburg general-gubernatoriga maxsus xat yozib, Xudoyorxonni ushlab turishga erishadi. 1875 yil 16 oktyabrda Kaufman Namanganga general Skobelev boshchiligida 14 ta rota, 500 nafar kazak, 4 ta raketa stanogi va 16 to‘pdan iborat harbiy kuchni qoldirib, Xo‘jandga jo‘naydi. U Namangan bekligining Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilganligini e'lon qilib, xonlikka yana bir bor qaqshatqich zarba beradi. Skobelev bu vaqtda Namangan bo‘limining boshlig‘i etib tayinlangan edi. Vodiy xalqi qanchalik azob uqubatlar va misli ko‘rilmagan qirg‘inlarni ko‘rmasin, baribir, ozodlik kurashidan voz kechmadi. Aksincha, xonlikning turli hududlarida g‘alayonlar ko‘tarildi.
Hasan Kalla boshchiligida Yangiqo‘rg‘on va Bachqir qishloqlarining aholisi Qo‘qon shahriga bostirib kirib, xon saroyini taladilar hamda Sulton Murodbekni tutib, Po‘latxonga jo‘natdilar. Bu yerda uning kallasini tanasidan judo qildilar. Fayziobod jangida g‘olib kelgan Valixon o‘z atrofiga yangi kuchlarni to‘plab, Namanganni bosqinchilardan ozod etishni rejalashtiradi. Marg‘ilonliklar, qirg‘izlar va boshqa qishloqlarning odamlari Baliqchi tomon yo‘l olganda, Valixon ular bilan birgalikda Qoradaryo atrofida Skobelev soldatlariga qarshi jangda mag‘lubiyatga uchraydi. U Marg‘ilonga kelganda, halok bo‘lganlarning oilalari unga tashlanadilar. Pirovardida, jazodan qo‘rqqan Valixon shahardan qochib ketadi. Ushbu urushda ruslardan 1 kishi o‘ldiriladi, 10 kishi yaralanadi. 1875 yilning 18 oktyabrida polkovnik Pichugin Ashobaga borib, qo‘zg‘olonchilar bilan jang qilib, qishloqni butunlay xarobaga aylantiradi. Mazkur urushda 3 nafar bosqinchi o‘ldirilib, 11 nafari yaralanadi, qo‘zg‘olon qatnashchilari esa qattiq jazolanadi [4].
Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida Namanganning sobiq hokimi Botir To‘rabek ham atrofiga odam olib, bosqinchilarga qarshi bosh ko‘tardi. “Bul tarafda, Namanganda, - deb yozadi Ibrat, - Botura degan kishi chiqib, eski sipohlardan yig‘ib, muhoraba qilmoq bo‘lub, uchto‘rt ming odamni jamlab, Turaqurg‘onni g‘arb tarafidagi Sarsonchap degan qirg‘a askar yig‘ib ulamolar so‘zlariga quloq solmay harakatda erdilar”. Botir To‘ra qo‘li ostidagilar Xo‘jand va Namanganni birbiriga bog‘lovchi yo‘lda Svyatopolk Mirskiy boshchiligida 20 soldat qo‘riqlab ketayotgan yuk ortilgan bosqinchilar transportiga hujum qilib, ularni bitta qoldirmay o‘ldirganlar. Skobelev 1875 yil 23 oktyabrda To‘raqo‘rg‘on qo‘zg‘olonchilarini yengib, ko‘p odamlarni o‘ldirdi. Ayniqsa, qo‘zg‘olonda faol qatnashganligi uchun to‘raqo‘rg‘onliklarning ko‘pchiligi o‘limga mahkum etiladi. 23–27 oktyabrda To‘raqo‘rg‘onda bo‘lgan to‘qnashuvlarda bosqinchilardan 6 kishi o‘ldirildi va 50 kishi, jumladan, 3 nafar ofitser yarador qilindi.
Bu paytda Namanganda bosqinchilarga qarshi kayfiyat kuchaygan edi. Shu bois, barcha aholi qochib kelgan Botir To‘ra tarafiga o‘tib ketgan. Shundan keyin uning rahbarligida himoyachilar Namangan shahri biqinidagi rus harbiy qismiga hujum qildilar. Bundan xabar topgan Chustdagi Skobelev shoshilinch ravishda qaytib, 26 oktyabrda Namanganga kelib, ertasi kuni vatan himoyachilariga qarshi hujum boshladi va shaharning bir qismini ostin-ustun qildi. Uning farmoniga binoan, shahar shu darajada qattiq o‘qqa tutildiki, himoyachilardan 8800 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida yaradorlar son-sanoqsiz edi. Bu gal ham bosqinchilar o‘zlarining vahshiyliklarini yana bir bor namoyish qildilar, ammo bunday qirg‘inbarotlar xalqni ozodlik kurashlaridan qaytara olmadi [4].
1875 yil 25 dekabrda general Skobelev Namanganda 4 ta rota, 40 nafar kazak va 10 to‘p, Chustda 2 ta rota, 20 nafar kazak, 6 ta to‘p, Oqjarda 2 ta rota, 100 nafar kazak hamda 2 to‘p qoldirib, 2800 kishi va 12 ta to‘pdan iborat qo‘shin bilan Andijonga yo‘l oladi. “Shundan keyin Skobelev, - deyiladi rus manbasida, - Norin daryosi orqali Qoradaryoning o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab qipchoqlarning eng katta qishlog‘i Poytug‘gacha bordi. U keta turib, yo‘lning ikki tomonidagi O‘zgan shahri va daryoning chap qirg‘og‘iga qochib ketgan aholining qishloqlarini yondirib, yo‘q qilib tashladi. Shundan keyin general Skobelev Qoradaryoni kechib o‘tib, 1876 yil 3 yanvarda o‘zining barcha harbiy qismlarini Andijondan 5 chaqirim masofadagi Mirravot degan joyga o‘rnashtirdi. Bu vaqtda Andijonda Abdurahmon oftobachi 20 ming qurollangan xalq lashkari, 5000 nafar sarboz va 10 ming otliqni to‘plagan edi”.
1876 yil 13 yanvarda general Skobelev Asakaga yaqinlashib, uni har jihatdan o‘rganadi. Ruslar 18 yanvarda 2 ta rota piyoda askar, 240 nafar otliq, 500 nafar kazak, raketa batareyasi va 4 ta to‘p bilan Asakaning himoyachilar o‘rnashgan sharqiy tomoni hamda o‘rdani to‘plardan o‘qqa tutadilar. So‘ngra soldatlar hujumga o‘tib, tepaliqdagi himoyachilar qarshiligini yengib, chekinishga majbur etadilar. Bosqinchilar Margilon yo‘lida chekinayotgan himoyachilarni ortidan hujum qilib, 800 kishini o‘ldiradilar. Ushbu mag‘lubiyat yuqori tabaqa vakillarini shu darajada vahimaga tushirganki, 20 yanvarda Abdurahmon oftobachi o‘zining 12 safdoshi, shu jumladan, Botir To‘ra, Isfandiyor, Xoliqul Parvonachi, Normuhammad dodxoh va boshqalar hamda 700 yigiti bilan Skobelevga taslim bo‘ladi [7, -B. 61.].
Oradan ko‘p o‘tmay, Qo‘qon xonligi ichki nizolar, Rossiya ma'muriyatining buzg‘unchiligi va va'dasiga xilof harakatlari oqibatida bo‘hron girdobiga tushib qoladi. Toju taxt uchun olib borilgan nizolar, amaldorlarning xiyonatlari, davlat arboblarining kaltabinligi, xurofot va jaholat Qo‘qon xonligini zaiflashtiradi. Rossiya ma'muriyati Turkiston general-gubernatorining sharqiy chegaralarida tinchlik o‘rnatish bahonasida Farg‘ona vodiysini bosib oladi. 1876 yil 19 fevralda Qo‘qon xonligiga shu tariqa rasman barham beriladi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar9 ta adabiyot
- Брежнева С.Н. Проблема присоединения Средней Азии к России в отечественной историографии 1920-1950-х годов // Отечественная история. 2005. – № 1. – С. 148.
- Зиёев Ҳ. Туркистонда Россия тажовузи ва ҳукмронлигига қарши кураш. – Т.: Шарқ, 1998.
- Зиёев Ҳ. Ўзбекистон мустақиллиги учун курашларнинг тарихи (Милоддан олдинги асрлардан то 1991 йил 31 августигача). – Тошкент: Шарқ, 2001.
- Зиёев Ҳ. Қўқон хонлигининг тугатилиши. Худоёрхон ва Россия тажовузига қарши халқ ҳаракатлари // http: // xorazmiy.uz /oz/ pages /view/ 274.
- Исақов Ф. Национальная политика царизма в Туркистане (1867-1917 гг.). – Тошкент: “ART FLEX”, 2009.
- Исхаков Ф. Центральная Азия и Россия в XVIII–XX вв. – Ташкент: O’zDAVMATBUOTLITI, 2009.
- Nabiyev A. Mustaqillik uchun kurash yoxud parchalangan Turkiston tarixi. – Toshkent: Yozuvchi, 1998.
- Тарих шоҳидлиги ва сабоқлари. (Чоризм ва совет даврида Ўзбекистон миллий бойликларининг ўзлаштирилиши). – Тошкент: Шарқ, 2001.
- Юдин М.А. Взятие Ак-Мечети в 1853 году как начало завоевания Кокандского ханства. – Mосква: Издание Владимира Балашева, 1912.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011163
- Nashr sanasi
- 2025-09-02
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 2
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/140
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 115–121
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25