Asosiy mazmunga o‘tish

DEPORTATSIYA QILINGAN XALQLARNING MAXSUS MANZILGOHLARDAGI HUQUQIY HOLATI.

Shavkatbek MahamadyunusovAndijon Davlat Universiteti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), v.b.dotsent.2025

Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 93–101

Annotatsiya

Mazkur maqolada Ikkinchi jahon urishi yillarida SSSRda deportatsiya qilingan xalqlar joylashtirilgan maxsus manzilgohlarni tashkil etish xususiyatlari va ularni boshqaruv-nazorati, Sovet davlatining jazo tizimi tomonidan deportatsiya qilingan xalqlar huquq va erkinliklarining cheklanishi, majburiy ko‘chirilganlarga nisbatan maxsus komendaturalar tomonidan o‘rnatilgan ma‘muriy to‘siq va cheklovlarning og‘ir oqibatlari masalalari tahlil etilgan.

Boshqa tillarda

ruschaПРАВОВОЙ СТАТУС ДЕПОРТИРОВАННЫХ НАРОДОВ В ИХ СПЕЦИАЛЬНЫХ ПОСЕЛЕНИЯХ

В статье анализируются особенности организации и управления спецпоселениями, где размещались депортированные народы в СССР в годы Великой Отечественной войны, ограничения прав и свобод депортированных народов уголовно-исполнительной системой Советского государства, серьезные последствия административных барьеров и ограничений, устанавливаемых спецкомендатурами в отношении принудительно перемещенных лиц.

inglizchaTHE LEGAL STATUS OF DEPORTED PEOPLES IN THEIR SPECIAL SETTLEMENTS

The article analyzes the features of the organization and management of special settlements where deported peoples were housed in the USSR during the Great Patriotic War, restrictions on the rights and freedoms of deported peoples by the penal system of the Soviet state, and the serious consequences of administrative barriers and restrictions imposed by special commandant‘s offices on forcibly displaced persons.

Kalit so‘zlar

  • Deportatsiya
  • maxsus manzilgohlar
  • boshqaruv nazorati
  • jazo tizimi
  • maxsus komendaturalar
  • “ko‘chirilganlar”
  • “majburiy ko‘chirilganlar”
  • “surgun qilinganlar”
  • “badarg‘a qilinganlar”
  • “ma‘muriy ko‘chirilganlar”
  • OGPU
  • GULAG
  • NKVD
  • rayon ichki ishlar bo‘limi
  • katta tezkor vakil
  • tezkor vakil
  • “agentura-axborot apparati”

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

DEPORTATSIYA QILINGAN XALQLARNING MAXSUS MANZILGOHLARDAGI HUQUQIY HOLATI.

THE LEGAL STATUS OF DEPORTED PEOPLES IN THEIR SPECIAL SETTLEMENTS

ПРАВОВОЙ СТАТУС ДЕПОРТИРОВАННЫХ НАРОДОВ В ИХ СПЕЦИАЛЬНЫХ ПОСЕЛЕНИЯХ

Shavkatbek Mahamadyunusov Andijon Davlat Universiteti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), v.b.dotsent. e-mail: beklarbegi0@gmail.com Tel: [telefon raqami yashirilgan]

Annotatsiya. Mazkur maqolada Ikkinchi jahon urishi yillarida SSSRda deportatsiya qilingan xalqlar joylashtirilgan maxsus manzilgohlarni tashkil etish xususiyatlari va ularni boshqaruv-nazorati, Sovet davlatining jazo tizimi tomonidan deportatsiya qilingan xalqlar huquq va erkinliklarining cheklanishi, majburiy ko‘chirilganlarga nisbatan maxsus komendaturalar tomonidan o‘rnatilgan ma’muriy to‘siq va cheklovlarning og‘ir oqibatlari masalalari tahlil etilgan. Аннотация В статье анализируются особенности организации и управления спецпоселениями, где размещались депортированные народы в СССР в годы Великой Отечественной войны, ограничения прав и свобод депортированных народов уголовно-исполнительной системой Советского государства, серьезные последствия административных барьеров и ограничений, устанавливаемых спецкомендатурами в отношении принудительно перемещенных лиц. Kalit so‘z Deportatsiya, maxsus manzilgohlar, boshqaruv nazorati, jazo tizimi, maxsus komendaturalar, “mehnat uchun ko‘chirilganlar”, “majburiy ko‘chirilganlar”, “surgun qilinganlar”, “badarg‘a qilinganlar”, “ma’muriy ko‘chirilganlar”, OGPU, GULAG, NKVD, rayon ichki ishlar bo‘limi, katta tezkor vakil, tezkor vakil, “agentura-axborot apparati”. Ключевые слова Депортация, спецпоселение, управление и контроль, уголовно-исполнительная система, спецкомендатуры, «выселенные», «принудительно перемещенные», «сосланные», «высланные», «административно перемещенные», ОГПУ, ГУЛАГ, НКВД, райотдел внутренних дел, старший оперативный уполномоченный, оперативный уполномоченный, «агентско-информационный аппарат». Abstract. This article analyzes the features of the organization and management of special settlements where deported peoples were settled in the USSR during World War II, the restrictions on the rights and freedoms of deported peoples by the penal system of the Soviet state, and the serious consequences of administrative barriers and restrictions imposed by special commandants' offices on forcibly displaced people. Keywords. Deportation, special settlements, management and control, penal system, special commandants' offices, "removed for labor", "forced displaced", "exiled", "expelled", "administratively displaced", OGPU, GULAG, NKVD, district internal affairs department, senior operational representative, operational representative, "agency-information apparatus".

Ikkinchi jahon urishi (1939-1945 y.) yillarida SSSRda deportatsiya qilingan xalqlar joylashtirilgan maxsus manzilgohlarni tashkil etish xususiyatlari va ularni boshqaruv-nazorat masalalari bilan bog‘liq jihatlarini tahlil etish, maxsus manzilgohlarning majburan ko‘chirib keltirilgan xalqlarning yangi ijtimoiy, iqtisodiy muhit, shuningdek, iqlim sharoitlariga moslashishidagi ta’siri va ahamiyatini o‘rganish sovet davlati qatag‘on siyosatining og‘ir oqibatlarini tushunib yetishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sovet davlatining jazo tizimi tomonidan deportatsiya qilingan xalqlarning huquq va erkinliklarining cheklanishi, majburiy ko‘chirilganlarga nisbatan maxsus komendaturalar tomonidan o‘rnatilgan ma’muriy to‘siq va cheklovlar og‘ir oqibatlarga olib keldi, natijada maxsus manzilgohlar aholisining ma’lum bir qismi bevaqt hayotdan ko‘z yumdi. Maxsus manzilgohlar “quloqlar surguni” davridan boshlab o‘zining me’yoriyhuquqiy tartibga soluvchi, xo‘jalik-ishlab chiqarish, iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmalariga ega bo‘lgan maxsus tizimni tashkil etgan edi. Maxsus manzilgohlarning asosiy tushunchasi fuqarolik huquqlari cheklangan va “maxsus ko‘chirilganlar” (“mehnat uchun ko‘chirilganlar”) maqomiga ega bo‘lgan, o‘zining azaliy yashash joylaridan majburan ko‘chirilgan minglab kishilarning mamlakatning uzoq va kimsasiz hududlaridagi hayotini belgilaydi. [1.C.151]. Rossiyalik tadqiqotchi V.N.Zemckov qayd etadiki, ХХ asrning 30–50-yillarida maxsus ko’chirilganlar (mehnat ucnun ko’cnirilganlar) nomi vaqti- vaqti bilan o’zgarib turgan bitta organ tasarruvida bo’lgan: 1931–1933 yillarda – Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (ruscha- ОГПУ), Lagerlar bosh boshqarmasi (ruscha - ГУЛАГ). Maxsus ko’chirilganlar bo’yicha bo’limi; 1934–1940 yillarda – Ichki ishlar xalq komissarligi (ruscha- СССР НКВД ГУЛАГ) Mehnat manzilgohlar bo’limi; 1940–1941 yillarda – (СССР НКВД ГУЛАГ) Mehnat – tuzatuv koloniyalari va mehnat manzilgohlari boshqarmasi; 1941–1944 yillarda – (СССР НКВД ГУЛАГ) Mehnat va maxsus manzilgohlar bo’limi; 1944–1950 yillarda Ichki ishlar ministrligi (ruscha – СССР НКВД-МВД) Maxsus manzilgohlar bo’limi; 1950–1953 yillarda Davlat xavfsizligi ministrligi (ruscha – СССР МГБ)ning 9- boshqarmasi; 1953–1954 yillarda SSSR MVD “P” (ruscha – СССР МВД “П”) bo’limi; 1954 yil oktyabiridan – SSSR MVD 4-maxsus bo’limi. SSSRdagi maxsus manzilgohlar tizimini batafsil o‘rgangan rus tadqiqotchisi I.V. Berdinskix o‘z tadqiqotida qayd etib o‘tganidek, deportatsiya qilinganlarning ma’lum bir qismi maxsus ko‘chirilganlar bilan bir qatorda “majburiy ko‘chirilganlar”, “surgun qilinganlar”, “badarg‘a qilinganlar”, “ma’muriy ko‘chirilganlar” nomi bilan maxsus rejimda saqlangan. Bu kontingentlar ichida “majburiy ko‘chirilganlar” kontingenti (“josuslar”, “diversantlar”, “troskiychilar”, va boshqa “ijtimoiy xavfli unsurlar”) ustidan eng qattiq rejim va nazorat o‘rnatilgan va ular ko‘pgina fuqarolik huquqlaridan to‘la mahrum etilgan edi. Bulardan farqli ravishda “maxsus ko‘chirilganlar” kontingenti SSSRning to‘liq fuqarolari maqomini rasman saqlab qolgan, faqat davlat tomonidan belgilangan yashash joylarini tark

etish huquqiga ega emas edilar. Deportatsiya qilingan ma’lum bir toifalarning huquqiy holatidagi ayrim farqlarga qaramay, ular siyosiy, ijtimoiy-demografik nuqtai nazardan umumiy xususiyat kasb etdi. Chunki, ularning hammasi majburan ko‘chirilgan, majburiy yashash joylarida nazorat ostiga olingan va bu joylarni tashlab ketish huquqiga ega emas edilar. [2.C.4]. Deportatsiya qilingan barcha xalqlar amalda totalitar rejimning tahqirlash, ta’qib qilish va qatag‘on qilish dahshatini boshdan kechirgan. Shimoliy Kavkazdan deportatsiya qilinganlarni joylashtirish uchun O‘zbekiston SSRda 1944 yilning sentyabr oyida 34 ta rayon va 79 ta posyolka komendaturalari tashkil etildi. Tezkorchekist xizmatini tashkil etish uchun 7262 kishidan iborat “agentura-axborot apparati” tuziladi. Ularning 123 nafari rezidentlar, 215 nafari agentlar, 6924 nafari ma’lumot yetkazib beruvchilar edi. NKVD rayon bo‘limlari tarkibida maxsus manzilgohlar bo‘limi tashkil etilib, bu bo‘yicha rayon ichki ishlar bo‘limi o‘rinbosari, katta tezkor vakil, tezkor vakil lavozim shtatlari kiritildi. [3.C.557]. NKVD organlari birinchi navbatda surgun joylarida surgun qilinganlar orasidan agent va ma’lumot yetkazuvchilarni yollashga uringan. Masalan, O‘zbekiston SSRda 1945 yilning mart oyida qrim tatarlari orasidan 15 nafar rezident, 82 nafar agent va 2633 nafar ma’lumot yetkazuvchi yollangan. NKVD organlari bunday kishilarni ko‘proq dindor-ruhoniylardan yollashga harakat qilgan. Vaholanki, “jazolangan xalqlar”ning aksariyati musulmonlar bo‘lib, xufiya ma’lumot yetkazuvchilarni aynan musulmon ruhoniy vakillaridan tanlashga e’tibor berilgan. 1945 yilning oxirlariga kelib O‘zbekiston SSRning o‘zida maxsus ko‘chirilganlarning musulmon ruhoniylaridan iborat NKVDning 16 ta agenti va 23 ma’lumot yetkazuvchisi bor edi. [4.C.109]. Mazkur agentlar va ma’lumot yetkazuvchilarning chaquvlari bilan ko‘pgina maxsus ko‘chirilganlar qamoqqa olingan va sudlangan. 1944 yildan 1945 yilning oktyabr oyigacha butun mamlakat bo‘yicha 13 mingdan ortiq maxsus ko‘chirilganlar jinoiy javobgarlikka tortilgan, ulardan 3394 nafari posyolkalardan qochib ketgani uchun, 1575 nafari sovetlarga qarshi tashviqot uchun, 818 nafari xoinlik va sotqinlik uchun, 566 nafari banditlik uchun, 81 nafari josuslik uchun, 49 nafari terrorchilik uchun, 19 nafari zararkunandalik uchun, 12 nafari diversiya, qolganlari esa boshqa jinoyatlar uchun jazolangan. [4.C.109-110]. Deportatsiyaning butun davri davomida maxsus ko‘chirilganlar barcha huquqlar bo‘yicha cheklandi va kamsitildi. Bunday holatlar maxsus ko‘chirilganlar yashash sharoitlarining og‘irligi ular orasidagi o‘lim darajasining yuqoriligi bilan ham tasdiqlangan, bu haqda arxiv hujjatlari ham guvohlik beradi: SSSR NKVD Maxsus manzilgohlar bo‘limi boshlig‘i M. V. Kuznesovning axborotida O‘rta Osiyo respublikalariga deportatsiya qilingan chechen, ingush, qorachoy, qrim tatarlardan o‘rmon xo‘jaligida ishlash uchun tashkil etilgan mehnat armiyachilarining yashash sharoitlari juda og‘ir ekani alohida ta’kidlangan. Deportatsiyaning dastlabki besh yilida begona iqlim sharoitlariga ko‘nika olmaslik, og‘ir turmush tarzi, turli kasallik va ochlik oqibatida minglab maxsus ko‘chirilganlar hayotdan ko‘z yumgan. 1945 yil bo‘yicha maxsus ko‘chirilganlar o‘rtasidagi tug‘ilish va o‘lim ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotda keltirilishicha, yil davomida maxsus manzilgohlarda 8039

kishi tug‘ilgani holda, 89659 kishi vafot etgan. E’tiborli tomoni shundaki, 1945 yilda vafot etganlarning 44652 nafarini yoki 49,8 foizini Shimoliy Kavkazdan deportatsiya qilinganlar kontingenti vakillari tashkil qilgan bo‘lib, o‘lim darajasi tug‘ilishga nisbatan (2230 nafar) 20 baravar yuqori bo‘lgan. [5.C.128]. SSSR NKVD maxsus komendaturalari komendantlari maxsus ko‘chirilganlar nazoratini amalga oshirishda juda katta huquqiy vakolatlarga ega edi: maxsus ko‘chirilganlar orasida qochqinlikni oldini olish va ular orasida sovetlarga qarshi jinoiy unsurlarni aniqlash uchun ularning doimiy hisobini yuritish; maxsus posyolkadan qochib ketgan maxsus ko‘chirilganlar bo‘yicha qidiruv ishlarini tashkil etish va amalga oshirish; maxsus ko‘chirilganlar joylashtirilgan manzillarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarni oldini olish; maxsus ko‘chirilganlarning xo‘jalik va mehnat faoliyatini nazorat qilish, maxsus ko‘chirilganlardan berilgan ariza va shikoyatlarni birlamchi ko‘rib chiqish va bu bo‘yicha o‘z vakolati doirasida zarur tadbirlarni ta’minlash; maxsus ko‘chirilganlarga o‘zlari joylashgan rayon hududini vaqtincha tark etish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berish. [6.C.77-80]. SSSR NKVD GULAG Maxsus manzilgohlar bo‘limining 1944 yil 8 martdagi “Maxsus ko‘chirilganlarning xo‘jalik va mehnat faoliyatini tashkil etish qoidalari”ga ko‘ra, jinsi va yoshidan qat’iy nazar, maxsus kontingentning barcha mehnatga yaroqli aholisi qisqa vaqt davomida ish bilan ta’minlanishi shart edi. NKVD Maxsus manzilgohlar bo‘limi, shuningdek, NKVDning rayon bo‘limlari “Maxsus ko‘chirilganlarning xo‘jalik va mehnat faoliyatini tashkil etish qoidalari”ga muvofiq maxsus ko‘chirilganlarning xo‘jalik tuzilishi va mehnat faoliyatini kuzatib borishlari shart edi. [7.C.35]. Mazkur chora-tadbirlar quyidagi maqsadga qaratilgan edi: a) maxsus ko‘chirilganlarning bir ish joyidan boshqa joyga ruxsatsiz o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik; b) ishlab chiqarish korxonalari va muassasalarning talabiga binoan maxsus ko‘chirilganlarni bir korxonadan ikkinchisiga qayta yo‘naltirish; v) maxsus ko‘chirilganlarning xo‘jalik jihatdan uyushtirish va mehnat faoliyatini tashkil etishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha kamchiliklarni bartaraf etish. [7.C.35]. Shunga qaramay, ayrim joylarda xo‘jalik organlari rahbarlari bu borada e’tiborsizlik qilganlar, tegishli rayon ijroiya qo‘mitalari esa yuqorida qayd etilgan qoidalarni amalga oshirish uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘rmagan. Mehnat unumdorligi va ishlab chiqarishda band bo‘lgan maxsus ko‘chirilganlar umumiy sonining foizi sog‘liq holatining tibbiy ko‘rsatmalariga bog‘liq bo‘lib, bu juda ko‘p narsalarni talab qilardi. Jumladan, qishda issiq kiyim va poyabzallarning taqchilligi, yosh bolalar uchun bog‘cha-yaslilarning yetishmasligi mehnat bilan band bo‘lganlar sonining qisqarishiga ta’sir ko‘rsatar edi. 1945 yil 8 yanvarda SSSR XKSning №35-son “Maxsus ko‘chirilganlarning huquqiy holati to‘g‘risida” qarori e’lon qilindi. Bu qaror maxsus ko‘chirilganlarni majburiy mehnat faoliyatiga biriktirilishi va erkin harakatlanishi cheklanishini qonunan mustahkamladi. Qarorga ko‘ra, maxsus ko‘chirilgan – oila boshlig‘i oilada sodir bo‘lgan o‘zgarishlar (farzand tug‘ilishi, o‘lim va boshqalar) haqida uch kun ichida NKVD maxsus komendaturasiga xabar berishi shart edi. Maxsus

manzilgohlardagi rejim va jamoat tartibini buzganligi uchun maxsus ko‘chirilganlarga 100 rublgacha jarima ko‘rinishidagi ma’muriy jazo va 5 sutkagacha bo‘lgan qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin edi. [8.C.113]. SSSR XKSning 1945 yil 8 yanvardagi “NKVD maxsus komendaturalari to‘g‘risidagi Nizom”ni tasdiqlagan № 34-14s qaroriga binoan maxsus manzilgohlarda maxsus ko‘chirilganlarning qochib ketishini oldini olish va ularning xo‘jalik, mehnat faoliyatini nazorat qilish uchun maxsus komendaturalar tashkil etilishi ko‘rsatildi. [9.C.80]. Ushbu hujjatning “Umumiy qoidalar” bo‘limida keltirilishicha, maxsus komendaturalar o‘zining ma’muriy va operativ faoliyatida amaldagi qonunlarga, SSSR XKSning “Maxsus ko‘chirilganlarning huquqiy holati to‘g‘risida” qaroriga, shuningdek, SSSR NKVDning buyruq va yo‘riqnomalariga qat’iy amal qilishi zarur edi. Deportatsiya qilinganlarning yangi yashash manzilgohlaridagi hayotini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar ko‘rsatadiki, majburan ko‘chirilganlarning turmush tarzini, ularning bir-biri bilan aloqa qilish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan huquqiy normalar juda shafqatsiz bo‘lgan. Yuzlab oilalar bir-biridan ajralib qolgan, ota-onalar va bolalar boshqa-boshqa rayonlarga tarqatib yuborilgan va uzoq yillar davomida ularning bir-birlari bilan uchrashish imkoniyati bo‘lmagan. Bu kabi holatlarni bartaraf etish choralari ko‘rilib, 1944 yil 21 iyulda SSSR NKVDning “Qrim tatarlarning tarqoq oilalarini birlashtirish to‘g‘risida”, 9 avgustda “Qrim bolgar, grek va arman tarqoq oilalarini birlashtirish to‘g‘risida”, 9 sentyabrda “Qolmiqlarning tarqoq oilalarini birlashtirish to‘g‘risida” direktiv ko‘rsatmalari chiqarildi. 1944-1945 yillarda Shimoliy Kavkaz, Qrim, Gruziyadan surgun qilinganlar va qolmiqlarning ro‘yxatga olingan tarqoq holatdagi 31209 ta oilasidan 27810 tasi birlashtirildi. [4.C.108-109]. Maxsus ko‘chirilganlar uchun belgilangan rejimga rioya qilishning asosiy sharti komendantlik idorasining barcha ko‘rsatmalari va buyruqlariga so‘zsiz itoat etish edi. Ularning davlat organlari faoliyatiga va jamiyat hayotiga aralashishi qat’iy taqiqlangan edi. Hokimiyat vakillarining deportatsiya qilinganlarga qarshi noqonuniy sanksiyalarni qo‘llashga doir har qanday harakati davlat manfaatlari bo‘yicha oqlangan, bu esa maxsus posyolkalar komendantlarining maxsus ko‘chirilganlar ustidan zo‘ravonligi va o‘zboshimchaligini yanada avj olishiga yo‘l ochib bergan. SSSR XKSning 1945 yil 28 iyuldagi №1927-son “Maxsus ko‘chirilganlar uchun imtiyozlar to‘g‘risida” qarori diqqatga sazovordir. Hujjatda maxsus ko‘chirilganlar surgun joyida xo‘jalik faoliyati davomida foydalanishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar ko‘rsatib berilgan. Jumladan, ular 1945-1946 yillarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini davlatga majburiy yetkazib berish majburiyatidan, qishloq xo‘jalik solig‘ini to‘lashdan, shahar posyolkalarida qishloq xo‘jalik faoliyatidan olingan daromad solig‘idan ozod qilindilar. [10.C.55]. SSSR XKSning 1948 yil 24 noyabrda qabul qilingan “Ko‘chirilganlar to‘g‘risida”gi qarori maxsus manzilgohlardan qochib ketganlik uchun jazo choralarini yanada kuchaytirdi. Xususan, unda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining

1948 yil 2 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligida mehnat faoliyatidan qasddan bo‘yin tovlagan va jamiyatga yot bo‘lgan mehnatsiz hayot tarzi bilan mashg‘ul bo‘lgan shaxslarni chekka hududlarga surgun qilish to‘g‘risida” Farmoni maxsus manzilgohlar bo‘yicha taqdim etilgan edi. Bu farmonda SSSR Ministrlar Soveti tomonidan tuziladigan ro‘yxat bo‘yicha muayyan o‘lka va oblastdan boshqa hududlarga 8 yil muddatga surgun qilish jazosi nazarda tutilgan. Maxsus komendaturalarda maxsus ko‘chirilganlarning oilaviy va individual hisobi tashkil etildi. Ushbu hujjat deportatsiya qilingan xalqlarning to‘liq huquqsizligini ta’minladi. SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1948 yil 26 noyabrdagi “Ulug‘Vatan urushi davrida Sovet Ittifoqining chekka hududlariga ko‘chirilgan shaxslarning majburiy va doimiy yashash joylaridan qochib ketgani uchun javobgarlik to‘g‘risida” Farmonida maxsus ko‘chirilganlarning surgun joylarida abadiy qolishlari qonunan tasdiqlandi. [7.C.36]. SSSR Ichki ishlar ministrligi va SSSR Prokuraturasining 1948 yil 22 dekabrdagi №001475/279ss “Maxsus manzilgohlardan qochganlik va ijtimoiyfoydali mehnatdan bo‘yin tovlaganlik uchun maxsus ko‘chirilganlarni jinoiy javobgarlikka tortish tartibi to‘g‘risida” buyrug‘ida Ikkinchi jahon urushi yillarida SSSR Oliy organlari tomonidan surgun qilinganlar bo‘yicha maxsus manzilgohlardagi rejimni kuchaytirish maqsadida chechen, qorachoy, ingush, bolqor, qolmiq, nemis, qrim tatarlari va boshqa deportatsiya qilinganlarning surgun muddati abadiy ekani, ular avvalgi yashash joylariga qaytish huquqiga ega emasligi ko‘rsatildi. Shuningdek, bu buyruqda maxsus manzilgohlarni so‘roqsiz tashlab ketgan yoki qochib ketgan maxsus ko‘chirilganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi va 20 yillik katorga ishlariga hukm etilishi ko‘rsatib o‘tildi. [11]. Xuddi shu buyruqda maxsus manzilgohlardan qochib ketganlarni yashirishda yoki ularning qochishiga yordam bergan, maxsus ko‘chirilganlarning surgun joyidan ketishiga ruxsat bergan shaxslar, qochib ketgan maxsus ko‘chirilganlarga avvalgi yashash joylarida o‘rnashishi uchun ruxsat bergan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishi ham ko‘rsatildi. [12.C.182]. Maxsus ko‘chirilganlarga nisbatan tatbiq etilgan navbatdagi o‘ta og‘ir chora SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1951 yil 9 oktyabrdagi nemis, chechen, qolmiq, ingush, bolqor, qorachoy, grek va qrim tatarlarini surgun joylarida abadiy joylashtirish to‘g‘risidagi Farmoni bo‘ldi. Bu farmon har bir maxsus ko‘chirilganlarga shaxsan yetkazilib, bu haqida ulardan tilxat olindi. Hukumat qarorlari bilan abadiy ko‘chirilgan maxsus ko‘chirilganlarning farzandlari oilalari bilan birga qolishi va ular 16 yoshga to‘lgach, alohida hisobga olinishi ko‘rsatildi. [13.C.124]. 1955 yil 23 martda chiqarilgan KPSS MKning “Maxsus ko‘chirilganlar ayrim toifalarini harbiy hizmatga chaqirish to‘g‘risida”gi qarorida esa 1936 yilda tug‘ilgan maxsus ko‘chirilganlar farzandlarini SSSR fuqarolarining umumiy harbiy majburiyat to‘g‘risidagi qonunga binoan 1955 yildan e’tiboran harbiy xizmatga safarbar etilishiga ruxsat berildi. Harbiy xizmatga chaqirilganlar maxsus  Ichki Ishlar Xalq komissarligi (НКВД) 1946 yilda Ichki ishlar ministrligi (МВД) sifatida qayta tashkil etilgan.

manzilgohlar hisobidan chiqarilib, Sovet armiyasi Bosh shtabining ko‘rsatmasi bo‘yicha xarbiy xizmatni o‘tash uchun tegishli harbiy qismlarga yuborilar edi. [14.C.206-207]. SSSR Ministrlar Sovetining 1954 yil 5 iyuldagi “Maxsus ko‘chirilganlar huquqlaridagi ayrim cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida” qaroriga muvofiq 16 yoshga to‘lgan bolalar maxsus manzilgohlar hisobidan chiqarildi, ularga o‘qishga kirish uchun boshqa shaharlarga, shuningdek, mamlakatning barcha hududlariga jo‘nab ketishlariga ruxsat berildi. Ularga nisbatan rejimni buzganlik uchun ma’muriy jazo ham bekor qilindi. Yoshlarni ozod qilish ma’lum darajada shartli edi, ularning aksariyati 16 yoshga to‘lganidan keyin ham ota-onalari bilan birga yashaganlar. [9.C.263-264]. Bu borada SSSR Ministrlar Sovetining 1955 yil 10 martdagi № 449-272s-son “Maxsus ko‘chirilganlarga pasport berish to‘g‘risida” qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Biroq, ushbu qarorning qabul qilinishi bilan ham maxsus ko‘chirilganlarning huquqlari to‘liq tiklanmadi, chunki pasportlar ularning yashash joylarini cheklash to‘g‘risidagi belgilar bilan berilgan. [15.C.53]. Deportatsiya qilinganlarni komendantlik nazoratidan ozod qilishga qaratilgan navbatdagi hujjat KPSS Markaziy Komiteti Prezidiumining 1955 yil 24 noyabrdagi “Maxsus ko‘chirilganlar ayrim toifalarini ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risida” qaroridir. Qarorda maxsus manzilgohlar hisobidan chiqariladiganlar ro‘yxatiga Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, urushda halok bo‘lganlarning oila a’zolari, o‘qituvchilar, mahalliy erkin fuqarolarga turmushga chiqqan ayollar, erlari bilan birga deportatsiya qilingan, lekin ushbu qaror chiqqan paytda maxsus ko‘chirilgan bilan nikohda bo‘lmagan rus, ukrain va boshqa millatlarga mansub ayollar, yolg‘iz va mehnatga yaroqsiz nogironlar kiritilgan edi. [16.]. SSSRda o‘tgan asrning 30–40-yillarida amalga oshirilgan aholini majburiy ko‘chirish siyosati bir tomondan, sovet rejimining o‘zboshimchaligi va zo‘ravonligini mustahkamlaydigan, ikkinchi tomondan esa SSSR Konstitutsiyasining asosiy qoidalariga tamoman zid bo‘lgan normativ-huquqiy bazaning yaratilishiga sabab bo‘ldi. Maxsus ko‘chirilganlar amalda SSSR Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan barcha asosiy fuqarolik huquqlaridan mahrum etildilar. Ularda faqat mehnat qilish majburiyati bor edi, xolos. Maxsus ko‘chirilganlarning huquqlari va majburiyatlarini belgilab beruvchi davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda ularning joylashuvi, yashash sharoitlari, maishiy ahvoliga doir ko‘plab masalalar hal etilmagan edi.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar16 ta adabiyot

  1. Земсков В.Н. Заключенные, спецпоселенцы, ссыльнопоселенцы, ссыльные и высланные. (Статистико-географический аспект) //История СССР. 1991. №5. – С. 151.
  2. Бердинских И.В. Особенности формирования инфраструктуры систе¬мы спецпоселений в СССР в 1930-1940-х гг. Автореф. дисс. ...канд. ист. наук. – Киров, 2007.
  3. Сталинские депортации. 1928-1953. Под общ. Ред. Акад. А.Н. Яковлева; Сост. Н.Л. Поболь, П.М. Полян. – Москва: МФД: Материк, 2005.
  4. Земсков В.Н. Спецпоселенцы в СССР 1930 – 1960. – Москва: Наука, 2003.
  5. Бугай Н.Ф. 40–50-е гг.: последствия депортации народов (свидетельствуют архивы НКВД – МВД СССР). // История СССР, 1992. №1. – С. 128.
  6. Депортации народов СССР (1930–1950-е годы). Ч. 1: Документальные источники Центрального государственного архива Октябрьской Революции, высших органов государственной власти и органов государственного управления (ЦГАОР) СССР. / Сост. О.Л. Милова; Предисл. Т.Ф. Павловой. – Москва: 1992.
  7. Лиджиева И.В. Правовой статус спецпереселенцев в СССР в 40–50-е гг. ХХ в. // Вестник Калмыцкого института гуманитарных исследований РАН. №3. 2013. – С. 35.
  8. Сборник законодательных и нормативных актов о репрессиях и реабилитации жертв политических репрессий. / Сост. ЕА. Зайцев. – Москва: Республика, 1993.
  9. Сборник законодательных и нормативных актов о репрессиях и реабилитации жертв политических репрессий: в 2-х ч. / Сост. Г.Ф. Весновской, В.А. Щепакова. – Курск: ГУИПП Курск, 1999.
  10. Бугай Н.Ф. Турки из Месхетии: долгий путь к реабилитации (1944-1994). – Москва: Изд. дом «РОСС», 1994.
  11. https://forum.awd.ru/files/11/52/
  12. Edward A. Allworth, The 'Tatars of Crimea Return To The Homeland Studies and Documents Second Edition, Revised and Expanded, london: 1998.10.1215/9780822398691
  13. Полян П. Не по своей воле _ История и география принудительных миграций в СССР. – Москва: ОГИ- Мемориал, 2001.
  14. Реабилитация: как это было. Документы Президиума ЦК КПСС и другие материалы. В 3-х томах. Том 1. Март 1953 – февраль 1956. Сост. Артизов А.Н.. Сигачев Ю.В., Хлопов В.Г., Шевчук И.Н. – Москва: МФД, 2000.
  15. Павлова Т.Ф. Репрессии против народов. Документы Государственного Архива Российской Федерации свидетельствуют // Народы России: проблемы депортации и реабилитации / под ред. Д. Х. Микулова. Майкоп: Меоты, 1997.
  16. https://istmat.info/node/57952

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011161
Nashr sanasi
2025-09-02
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
Jild
1
Son
2
DOI
10.66073/refocus-conf/138
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
93–101
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25