NAMANGAN SHAHRIDA AHOLIGA XIZMAT KO‘RSATISH TIZIMI (1917-1990 yy.)
Mansurov Ulugbek UmarovichUniversity of Business and Science Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, (PhD).2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 49–54
Annotatsiya
Mazkur maqolada 1917–1990-yillar oralig‘ida Namangan shahrida aholiga xizmat ko‘rsatish tizimining shakllanishi, rivojlanishi va o‘zgarish jarayonlari tarixiy manbalar asosida tahlil qilinadi. Xizmat ko‘rsatish sohasining iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati ochib berilib, Sovet davridagi siyosiy-iqtisodiy omillarning bu tizimga ko‘rsatgan ta‘siri yoritiladi.
Boshqa tillarda
ruschaСИСТЕМА ОБЩЕСТВЕННОГО ОБСЛУЖИВАНИЯ В ГОРОДЕ НАМАНГАНЕ (1917-1990)
В статье на основе исторических источников анализируются процессы становления, развития и трансформации системы государственных услуг города Намангана в период с 1917 по 1990 год. Раскрывается экономическое и социальное значение сферы услуг, освещается влияние политико-экономических факторов советского периода на эту систему.
inglizchaPUBLIC SERVICE SYSTEM IN NAMANGAN CITY (1917-1990)
This article analyzes the formation, development, and transformation processes of the public service system in Namangan city between 1917 and 1990 based on historical sources. The economic and social significance of the service sector is revealed, and the impact of political and economic factors of the Soviet era on this system is highlighted.
Kalit so‘zlar
- Namangan
- xizmat ko‘rsatish
- sovet davri
- shahar infratuzilmasi
- ijtimoiy soha
- iqtisodiy siyosat
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.
NAMANGAN SHAHRIDA AHOLIGA XIZMAT KO‘RSATISH TIZIMI (1917-1990 yy.)
THE PUBLIC SERVICE SYSTEM IN THE CITY OF NAMANGAN (1917–1990)
СИСТЕМА ОБСЛУЖИВАНИЯ НАСЕЛЕНИЯ В ГОРОДЕ НАМАНГАН (1917–1990 гг.)
Mansurov Ulug‘bek Umarovich University of Business and Science Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, (PhD). [telefon raqami yashirilgan]
Annotatsiya. Mazkur maqolada 1917–1990-yillar oralig‘ida Namangan shahrida aholiga xizmat ko‘rsatish tizimining shakllanishi, rivojlanishi va o‘zgarish jarayonlari tarixiy manbalar asosida tahlil qilinadi. Xizmat ko‘rsatish sohasining iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati ochib berilib, Sovet davridagi siyosiy-iqtisodiy omillarning bu tizimga ko‘rsatgan ta’siri yoritiladi. Kalit so‘zlar. Namangan, xizmat ko‘rsatish, sovet davri, shahar infratuzilmasi, ijtimoiy soha, iqtisodiy siyosat. Аннотация. В данной статье анализируется процесс формирования, развития и трансформации системы обслуживания населения в городе Наманган в период с 1917 по 1990 годы на основе исторических источников. Раскрывается экономическое и социальное значение сферы обслуживания, а также влияние политико-экономических факторов советской эпохи на развитие данной системы. Ключевые слова. Наманган, обслуживание, советский период, городская инфраструктура, социальная сфера, экономическая политика. Abstract. This article analyzes the formation, development, and transformation of the public service system in the city of Namangan from 1917 to 1990 based on historical sources. It explores the economic and social significance of the service sector and examines the impact of Soviet political and economic policies on its evolution. Keywords. Namangan, public service, Soviet period, urban infrastructure, social sector, economic policy.
1917–1990-yillar davri O‘zbekistonning boshqa hududlari qatori Namangan shahri tarixida ham siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan tub o‘zgarishlar bilan ajralib turadi. Sovet hokimiyatining o‘rnatilishi bilan aholining kundalik ehtiyojlarini ta’minlash, ularning farovonligini oshirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Namangan shahrining sanoat, savdo va madaniyat sohalarida markazga aylanishi bu davrda xizmat ko‘rsatish tarmog‘ining kengayishi va takomillashuvi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida Farg‘ona viloyatidagi shaharlarni obodonlashtirish ishlari ikkinchi darajali masala sifatida qaraldi. Masalan, 1916-
yilda Namangan shahrining obodonchilik ehtiyojlari uchun byudjetdan 15 460 rubl, shahar ko‘chalarini yoritish uchun esa 10 ming rubl ajratilgan edi [1, 3]. 1924-yil holatiga ko‘ra, Namanganda mavjud bo‘lgan 9 153 ta binoning katta qismi mahalliy xo‘jalik bo‘limlari tasarrufida bo‘lgan. Shuningdek, 12 ta bino bevosita mahalliy xo‘jalikka qarashli bo‘lib, yana 68 tasi o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, 9 tasi davlat muassasalariga, 2 tasi jamoat tashkilotlariga, 8 tasi esa maktab va internatlarga tegishli bo‘lgan. Qolgan binolarda esa aholining turar joylari joylashgan edi [2, 9]. O‘sha yili shaharda 22 ta uy ta’mirlanib, buning uchun 5 451 rubl, binolarni yoritishga esa 3 401 rubl sarflangan. Shuningdek, shahar markaziy yo‘llarida 3 ta yangi ko‘prik qurilgan, 33 ta kichik ko‘prik esa mahalliy qurilish materiallari yordamida qayta ta’mirlangan [3, 5]. Shu bilan birga, moddiy-texnik vositalarning yetarli emasligi sababli ko‘chalar va trotuarlarni ta’mirlash ishlari to‘liq amalga oshirilmagan. 1924-yildan boshlab Namanganda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida turar joy binolari, madaniy-maishiy muassasalar va kommunal inshootlar qurilishi boshlangan [4, 5]. 1925-yilda mahalliy xo‘jalik bo‘limlari daromadi 116,7 ming rublni tashkil etgan bo‘lib, ushbu mablag‘dan 45,6 ming rubli turar joy qurilishlariga yo‘naltirilgan. 1921–1926-yillarda shaharda tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turuvchi 4 ta yangi maktab binosi barpo etilgan va ularning hovlilarida chinor daraxtlari ekilgan [5, 7]. Biroq, 1927-yil avgust oyida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab uy-joylar jiddiy zarar ko‘rgan. Zilzila natijasida zararlangan aholi uchun hukumat tomonidan ko‘plab yangi turar joylar qurildi. Masalan, 1927–1929-yillarda jami maydoni 11 940 m² bo‘lgan 81 ta ko‘p qavatli uylar barpo etildi [6, 6]. 1929-yil holatiga ko‘ra, shahardagi mahalliy xo‘jalik bo‘limining daromadi 660 567 ming rublni tashkil etgan [7, 6]. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida aloqa yo‘llari va vositalarini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor berilmagan. Buning asosiy sababi, bolsheviklarning o‘z hokimiyatini mustahkamlashga qaratilgan harakatlari bilan bog‘liq edi. Shahar ko‘chalari asosan otliqlarga mo‘ljallangan bo‘lib, kengligi 2,85 metrni tashkil qilgan [8, 135]. 1923–1926-yillarda shahar yo‘llari va ko‘priklarini ta’mirlash ishlari boshlandi, ammo bu sohadagi mablag‘lar yetarli bo‘lmagan. Masalan, Namangan uyezdida ko‘chalarga tosh yotqizish uchun 24 000 rubl so‘ralgan bo‘lsa, shundan faqat 10 000 rubl ajratilgan [9, 14]. 1940-yilda Farg‘ona viloyatida 36 ming metr uzunlikdagi yo‘llar qurildi va trotuarlarni asfaltlash ishlari boshlandi [10, 62]. Biroq, Farg‘ona vodiysidagi shaharlar yo‘l infratuzilmasi hali ham yetarli darajada rivojlanmagan edi. Namangan viloyatida kommunal xo‘jalik 1924-yildan boshlab rivojlana boshladi. O‘sha yil shaharda mahalliy xo‘jalik bo‘limi tasarrufidagi 9 153 ta bino mavjud edi, ko‘chalarga 3 500 dona manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan va uy-joy fondini ta’mirlashga 5 451 so‘m, ko‘chalarni yoritishga esa 3 401 so‘m sarflangan [11, 129]. 1929–1933-yillar davomida kommunal xo‘jalikka 1 108 800 so‘m ajratilib, natijada 7 392 m² turar joy binolari qurilgan. Shu davrda shaharda 90 o‘ringa ega 2 ta mehmonxona va 187 kishiga xizmat ko‘rsatuvchi 5 ta hammom faoliyat ko‘rsatgan.
1970-yildan boshlab Namangan shahrida kommunal xo‘jalik sohasida, ayniqsa, uy-joy fondi, ichimlik suvi ta’minoti, kanalizatsiya tizimi, issiq suv va isitish, shuningdek, ko‘kalamzorlashtirish ishlari sezilarli darajada rivojlandi. Agar 1975- yilda shahardagi uy-joy fondi 3 272,9 ming m² ni tashkil etsa, 1980-yilga kelib bu ko‘rsatkich 3 475,2 ming m² ga, 1985-yilga borib 4 135,9 ming m² ga, 1991-yilga esa 5 140,6 ming m² ga yetdi [12, 129]. 1971-yilda Namangan shahrida kommunal xizmatlar uchun 2 million 100 ming so‘m ajratilgan, 1973-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 2 million 500 ming so‘mga yetgan [13, 25]. 1974-yilning birinchi yarmida esa 1 million 600 ming so‘m mablag‘sarflangan. Yildan-yilga kommunal ob’yektlar va uy-joy qurilishi uchun ajratiladigan mablag‘lar oshib borardi. Jumladan, 1973-yilda shaharda jami 12 396 m² maydonda uy-joy qurildi, bu esa 1971-yilga nisbatan 30 foizga ko‘p edi [14, 25]. 1974-yildan boshlab, Namangan viloyatidagi shahar va qishloq markazlarida, aholi yashaydigan hududlarda ko‘chalarni kengaytirish, yangi ko‘chalar qurish va asfaltlash, ariqlarni betonlash, manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tkazib, parvarishlash kabi ishlar faol ravishda olib borila boshladi. Shahar aholisi uchun 6 ta hammom va 4 ta kir yuvish korxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda, Jiydakapa suv uzatish tarmog‘i qurilib, kuniga 16 kubometr suv berishga imkon yaratildi. Shu bilan birga, Uchqo‘rg‘on, Chust shaharlari, Pop va To‘raqo‘rg‘on tumanlari aholisini suv bilan ta’minlash maqsadida suv uzatish ombori qurilishi boshlandi. Namangan shahrida markazlashgan suv isitish ko‘zonxonalari qurilib, ishga tushirildi. Natijada, Navoiy ko‘chasi va shahar markazida istiqomat qilayotgan aholi o‘z uylarini ko‘ngildagidek isitish imkoniga ega bo‘ldi. XX-asrning boshlarida, Namangan shahriga Andreyev savdo-sanoat shirkatiga qarashli, Sankt-Peterburgdan bir dona avtomobil (Baklanov) olib kelingan. Viloyatdagi barcha yuk va yo‘lovchilar tashilishi tuya, ot, eshak aravasi va izvoshlarda amalga oshirilgan. 1923-yilda Namangan shahriga 7 ta 1,5 tonnalik yuk avtomobillari keltirilgan. 1934-yilda “O‘ztrans” avtomobil tashkilotining Namangan bo‘limi tashkil etilgan [15, 107]. 1938-yilda esa yo‘lovchilar tashish uchun GAZ-AA markasidagi 4 ta avtomobil olib kelindi. 1941-yil yanvarida Namangan viloyatida 209 ta avtomobil mavjud bo‘lib, ulardan 39 tasi yengil avtomobillar edi. 1945-yilga kelib, viloyatda 308 ta avtomobil mavjud bo‘lib, ulardan 42 tasi yengil avtomobillarni tashkil etgan. 1948-yilda shaharda avtomobillarni yo‘nalishlar bo‘yicha yuk bilan ta’minlashni nazorat qiluvchi agentlik bo‘limi tashkil qilindi. 1949-yildan boshlab, Namangan shahrida 4,3 kilometr uzunlikdagi amfiteatr va temir yo‘l vokzali o‘rtasida avtobus yo‘nalishi faoliyat ko‘rsata boshladi. 1968-yilda Namangan viloyati yangidan tashkil etilishi munosabati bilan “Namangantrans” ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. 1971-yilda shahar aholisiga qulaylik yaratish maqsadida troleybus liniyalarini tortish ishlari boshlangan. Buning uchun shahar byudjetidan 1 million so‘m ajratilgan [16, 25]. 1974-yilda Namangan shahri aholisini yaqinlashtirish maqsadida 9 kilometr uzunlikdagi troleybus liniyasi ishga tushirildi [17, 23]. Yangi troleybus liniyasining ishga tushirilishi munosabati bilan shahar markazida katta tadbir tashkil
etildi. Tadbirni shahar ijroiya qo‘mitasining raisi Q. Mamarasulov kirish so‘zi bilan ochib berdi va keyingi yillarda aholiga taqdim etilgan imkoniyatlar haqida ma’ruza qildi. 1974-yilda shaharda 20 ta troleybus xizmat qilgan bo‘lsa, 1975-yilda ular soni 50 taga yetdi. 1976-yilda Namangan shahri troleybus deposi ishga tushirildi [18, 108]. 1979-yilda esa Farg‘ona vodiysida birinchi marta 500 yo‘lovchini kuzatish imkoniyatiga ega va barcha qulayliklarga javob beradigan “Shox bekat” ishga tushirildi. Namangan viloyatida havo transportining rivojlanishi 1941-yilda shaharda aerodromning tashkil etilishi bilan boshlandi. Aerodrom 1948, 1949 va 1968- yillarda kengaytirilib, zamonaviy samolyotlarni qabul qilishga moslashtirildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida bu aerodrom harbiy uchuvchilarni tayyorlash maktabi vazifasini ham bajargan. 1945-yilda Harbiy havo kuchlari aerodromi asosida Namangan aeroporti tashkil topdi [19, 114]. 1950-yildan boshlab Namangan-Toshkent-Namangan havo liniyasi ochildi va LI-2 samolyoti qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 1970-yilda 1.200 metrlik qattiq qoplamaga ega uchish-qunish maydonchasi foydalanishga topshirildi, va shu yilning 6 noyabrida AN-24 samolyoti o‘zining birinchi parvozini amalga oshirdi. 1984-yildan boshlab, 3000 metrlik eng zamonaviy uchish va qunish maydoni ishga tushirildi, bu maydon eng zamonaviy havo laynerlari — TU-154, TU-134, IL-76, IL-86, AN-12, YAK-42 kabi samolyotlarga xizmat ko‘rsatdi [20, 114]. Moskva, Sankt-Peterburg, Ufa, Novosibirsk, Kiyev, Magadan, Yakutsk, Krasnoyarsk, Mirniy va Markaziy Osiyo davlatlari bilan muntazam havo aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Namangan viloyatida zamonaviy aloqa tizimi Rossiya imperiyasi tomonidan hududning bosib olinishi ortidan shakllana boshlagan. 1875-yilda Farg‘ona vodiysida — Qo‘qon, Andijon, Marg‘ilon va Namangan shaharlarida pochta bo‘limlari tashkil etildi. Namanganda to‘rtta pochta qutisi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, Norin, To‘raqo‘rg‘on va Chustda bittadan pochta qutilari o‘rnatilgan edi. 1913-yilda esa Namanganda shaharlararo telefon aloqasi yo‘lga qo‘yildi. 1931–1940-yillarda bu aloqa Toshkent jadvali asosida sutkasiga atigi ikki soat faoliyat ko‘rsatgan [21, 115]. 1940-yilda Namangan shahri va tuman markazlarida telefon stansiyalari qurilib, 1945-yilda ularning soni 25 taga yetdi, umumiy raqamlar soni esa 1100 tani tashkil qilgan. 1990-yilga kelib telefon stansiyalari soni 286 taga yetdi. Namangan shahrining obodonlashtirish ishlari uchun yildan-yilga ko‘proq mablag‘ajratila boshlandi. 1974-yilda obodonlashtirish uchun shahar byudjetidan 2,5 million so‘m ajratilgan [22, 14]. Ushbu mablag‘hisobiga shaharda ikkita yirik ko‘prik qurilib, G‘irvonsoy va Beruniy ko‘chalari, hamda aeroportga olib boruvchi yo‘llar rekonstruksiya qilindi. Yangiariq sohilida ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu yili shaharga 250 ming tup manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekilgan. Shahar hayotidagi eng muhim ijtimoiy muammolardan biri ichimlik suvi bilan ta’minot masalasi bo‘lgan. Ma’lumki, o‘zbek aholisi qadimdan ichimlik suvi sifatida ariqlar va quduqlardan foydalanib kelgan. Biroq XX-asr boshlariga kelib mutaxassislar bu manbalardagi suv ichish uchun yaroqsiz degan xulosaga kelishdi.
Farg‘ona vodiysining yirik shaharlarida — Andijon, Farg‘ona, Namangan va Marg‘ilonda ichimlik suvi bilan ta’minot masalasi dolzarb ahamiyat kasb etdi. O‘zbekistonda markazlashgan suv tarmog‘i (vodoprovod) birinchi marta 1929- yilda Buxoro shahrida ishga tushirilgan. Andijonda bu borada ishlar 1931-yilda, Qo‘qonda esa 1932-yilda boshlangani holda yakuniga yetkazilmagan [23, 174]. Shu sababdan, vodiyning barcha shaharlarida ariqlarni tozalash, ularni saqlab qolish bo‘yicha doimiy hasharlar tashkil etilib kelindi. Namangan shahridagi aholi turar joylarini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishildi. 1985-yilda ichimlik suvi bilan ta’minlangan xonadonlar ulushi 91,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1990-yilda bu ko‘rsatkich 95 foizga, 1991-yilda esa 96,6 foizga yetdi. 1917–1990-yillar oralig‘ida Namangan shahrining ijtimoiy infratuzilmasi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi asta-sekinlik bilan shakllanib bordi. Dastlabki yillarda ushbu sohalarning rivojlanishi nihoyatda sust bo‘lib, aholining kundalik ehtiyojlarini to‘laqonli ta'minlashdan yiroq edi. Shahar infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich takomillashdi. Ammo bu jarayon ko‘plab tarixiy, siyosiy va iqtisodiy omillar bilan murakkab tarzda bog‘liq edi. Shu sababli an’anaviy shahar madaniyati izdan chiqib, ayrim hollarda chuqur inqiroz holatlariga yuz tutdi. Biroq XX-asrning 1960–1980-yillarida xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida sezilarli rivojlanish kuzatildi. Jumladan, sartaroshlik, tikuvchilik, poyabzal ta’miri, maishiy texnika ta’miri kabi yo‘nalishlar aholining ehtiyojlariga mos ravishda yo‘lga qo‘yildi. Mazkur xizmat turlari turmush farovonligini oshirishga xizmat qilgan bo‘lsa-da, tizimda byurokratik to‘siqlar, moddiy-texnik ta’minotdagi kamchiliklar, xizmat sifati bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolgan edi. Shunga qaramay, bu davrda yaratilgan infratuzilma, tashkilot tajribasi va boshqaruv mexanizmlari mustaqillik yillarida xizmat ko‘rsatish sohasini modernizatsiya qilish uchun muhim zamin yaratdi. Ushbu tarixiy tajribani chuqur o‘rganish va tahlil qilish bugungi kunda xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishda beqiyos amaliy ahamiyat kasb etadi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar23 ta adabiyot
- NVDA, 796-fond, 1-ro‘yxat, 97-ish, 3-varaq.
- NVDA, 13-fond, 1-ro‘yxat, 17-ish, 9-varaq.
- NVDA, 796-fond, 1-ro‘yxat, 97-ish, 5-varaq.
- NVDA, 796-fond, 1-ro‘yxat, 97-ish, 5-varaq.
- NVDA, 796-fond, 1-ro‘yxat, 97-ish, 4-varaq.
- NVDA, 796-fond, 1-ro‘yxat, 97-ish, 6-varaq.
- NVDA, 796-fond, 1-ro‘yxat, 97-ish, 6-varaq.
- Shodmonova S.B. O‘zbekiston shaharlarida transformatsiya jarayonlari (1917-1941-yillar). – Toshkent., Adabiyot uchqunlari. 2015.
- Farg‘ona viloyat davlat arxivi. 121-fond, 2-ro‘yhat, 447-ish, 14-varaq.
- Raximov M. Istoriya Ferganы. – Tashkent: Fan, 1984.
- Abdullayev O. Namangan viloyati (tabiati, aholisi, xo‘jaligi). – Namangan., 1995.
- Abdullayev O. Namangan viloyati…
- Namangan haqiqati. 1974-yil 25 oktyabr.
- Namangan haqiqati. 1974-yil 25 oktyabr.
- Abdullayev O. Namangan viloyati (tabiati, aholisi, xo‘jaligi). – Namangan., 1995. – B. 107.
- Namangan haqiqati. 1974-yil 25 oktyabr.
- Namangan xaqiqati. 1974-yil, 23 oktyabr.
- Abdullayev O. Namangan viloyati (tabiati, aholisi, xo‘jaligi). – Namangan., 1995.
- Abdullayev O. Namangan viloyati...
- Abdullayev O. Namangan viloyati...
- Abdullayev O. Namangan viloyati...
- Namangan xaqiqati. 1975-yil 14 avgust.
- Shodmonova S. O‘zbekiston shaharlarida transformatsiya jarayonlari...
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011154
- Nashr sanasi
- 2025-09-02
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 2
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/130
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 49–54
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25