“TARJIMON” GAZETASI SAHIFALARIDA QO‘QONDAGI MAKTABLARNING YORITILISHI VA TARIXIY TAHLILI
Isokbayev Alisher Ahmadjonovich1, Abdurazzaqov, son of Shahzodkhoj Shokirkhoj22025
- 1Namangan davlat pedagogika instituti prorektori, tarix fanlari nomzodi, dotsent
- 2NamDU 2-bosqich magistranti
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 18–28
Annotatsiya
Mazkur maqolada Bog‘chasaroyda jadidchilik g‘oyalarini asoschisi, ma‘rifatparvar Ismoil Gaspirinskiy tomonidan chiqarilgan “Tarjimon” gazetasida nashr etilgan maqolalar asosida Turkiston o‘lkasi shuningdek, Qo‘qon shahrida usuli jadid maktablarining paydo bo‘lishi, ularning faoliyati hamda o‘qitish tizimlari va boshqa masalalar yoritilgan.
Boshqa tillarda
ruschaОСВЕЩЕНИЕ И ИСТОРИЧЕСКИЙ АНАЛИЗ/ИЗУЧЕНИЕ ШКОЛ ГОРОДА КОКАН НА СТРАНИЦАХ ГАЗЕТЫ “ТАРДЖИМОН”
В данной статье на основе статей которые были опубликованны в газете “Тарджиман”, издаваемой основоположником идей модернизма в Богчасарае, просветителем Исмаилом Гаспиринским, рассматривается возникновение новых методических школ в Туркестанском крае, а также освещаются город Кокан, их деятельность и системы обучения, а также другие вопросы.
inglizchaEXPLANATION AND HISTORICAL ANALYSIS OF THE SCHOOLS IN THE CITY OF KOKAN ON THE PAGES OF “TARJIMON” NEWSPAPER
In this article, based on the articles published in the “Tarjiman” newspaper issued by the founder of the ideas of modernism in Bogchasaray, the enlightener/educator Ismail Gaspirinsky, the emergence/appearance of new schools of method in the Turkestan region, as well as in the city of Ko‘kan, their activities and teaching techniques and other issues are covered.
Kalit so‘zlar
- “millat otasi”
- “uchinchi muallim”
- “Rushdiy maktab”
- “Muhammadiya” maktabi
- “Yulduz” gazetasi
- “Onisa”
- “Iqbol”
- Xalil Rahmon Sayfiddinov
- Husayn mirzo To‘nqojiyev
- Po‘lodjon Abdulqayyumzoda
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
“TARJIMON” GAZETASI SAHIFALARIDA QO‘QONDAGI MAKTABLARNING YORITILISHI VA TARIXIY TAHLILI
ОСВЕЩЕНИЕ И ИСТОРИЧЕСКИЙ АНАЛИЗ/ИЗУЧЕНИЕ ШКОЛ ГОРОДА КОКАН НА СТРАНИЦАХ ГАЗЕТЫ “ТАРДЖИМОН”
EXPLANATION AND HISTORICAL ANALYSIS OF THE SCHOOLS IN THE CITY OF KOKAN ON THE PAGES OF “TARJIMON” NEWSPAPER
Isoqboyev Alisher Ahmadjonovich Namangan davlat pedagogika instituti prorektori, tarix fanlari nomzodi, dotsent,
Abdurazzaqov Shaxzodxo‘ja Shokirxo‘ja o‘g‘li NamDU 2-bosqich magistranti shaxzodxojaabdurazzaqov@gmail.com
Annotatsiya. Mazkur maqolada Bog‘chasaroyda jadidchilik g‘oyalarini asoschisi, ma’rifatparvar Ismoil Gaspirinskiy tomonidan chiqarilgan “Tarjimon” gazetasida nashr etilgan maqolalar asosida Turkiston o‘lkasi shuningdek, Qo‘qon shahrida usuli jadid maktablarining paydo bo‘lishi, ularning faoliyati hamda o‘qitish tizimlari va boshqa masalalar yoritilgan. Annotation. In this article, based on the articles published in the “Tarjiman” newspaper issued by the founder of the ideas of modernism in Bogchasaray, the enlightener/educator Ismail Gaspirinsky, the emergence/appearance of new schools of method in the Turkestan region, as well as in the city of Ko'kan, their activities and teaching techniques and other issues are covered. Аннотация. В данной статье на основе статей которые были опубликованны в газете “Тарджиман”, издаваемой основоположником идей модернизма в Богчасарае, просветителем Исмаилом Гаспиринским, рассматривается возникновение новых методических школ в Туркестанском крае, а также освещаются город Кокан, их деятельность и системы обучения, а также другие вопросы. Kalit so‘zlar. “millat otasi”, “uchinchi muallim”, “Rushdiy maktab”, “Muhammadiya” maktabi, “Yulduz” gazetasi, “Onisa”, “Iqbol”, Xalil Rahmon Sayfiddinov, Husayn mirzo To‘nqojiyev, Po‘lodjon Abdulqayyumzoda. Key words. “Father of the nation”, “The third teacher”, “Rushdi school”, “Muhammadiya” school, “Yulduz” newspaper, “Onisa”, “Iqbal”, Khalil Rahmon Sayfiddinov, Husayn Mirza Tonkojiyev, Polodjon Abdulqayumzada. Ключевые слова. “отец нации”, “третий учитель”, “Школа Рушди”, школа “Мухаммадия”, газета “Юлдуз”, “Ониса”, “Икбал”, Халил Рахмон Сайфиддинов, Хусейн Мирза Тонкоджиев, По Лоджон Абдулкаюмзаде.
“Tarjimon” gazetasi 1883-1917- yillarda Bog‘chasaroyda nashr etilgan bo‘lib, uning asoschisi mashhur maʼrifatparvar, turk-musulmon olamining “uchinchi muallimi” Ismoilbek G‘asprinskiy (1851-1914) hisoblanadi. “Tarjimon” gazetasi
Rossiya imperiyasidagi turk-musulmon xalqlarini maʼrifat tarqatuvchisi sifatida 1883-1917-yillar oralig‘ida nashdan chiqqan gazetadir. Dastlabki yillarda haftada 1 marta, 1903-yildan 2 marta, 1905-yildan 3 marta chop etilgan bo‘lsa, 1912-yildan boshlab esa kundalik gazetaga aylangan. “Tarjimon” gazetasini tahlil qilish asnosida shunga ishonch hosil qilish mumkinki, uning sahifalarida musulmon xalqlarining, shuningdek, Turkiston tarixi, iqtisodiyoti, madaniyati va maorifi masalalariga keng o‘rin ajratilgan. I.Gasprinskiy “Tarjimon” gazetasi orqali xalq orasidan uning yo‘lboshchilari – intelligensiya, ziyolilar sinfini yuzaga chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. I.Gasprinskiy “Tarjimon”da ziyolilarni millat boshiga qo‘yadi va ularni “millat otasi”, deydi. Shuningdek, turkistonlik taraqqiyparvarlar ham “Tarjimon” gazetasi bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ular tomonidan yuborilgan maqolalar gazetada muntazam chop etib borilgan. Mazkur maqolada “Tarjimon” gazetasi sahifalarida chop etilgan Qo‘qon shahridagi maktablar tashkil etilishi va faoliyatiga doir muhim masalalar tahlil qilinadi. “Tarjimon” gazetasida yozilishicha, Qo‘qon shahridagi birinchi jadid maktabi 1893-yilda ochilgan. Qo‘qonlik Husayn mirzo To‘nqojiyev tomonidan “Tarjimon” gazetasiga yozilgan maktubda “...yerli no‘g‘oy munlolarindan Sharafiddin afandi Abdunofi o‘g‘li usul jadida uzra dars bermiya mubosharat qildi. Shahrimizda bu birinchi tajribadir. Inshaalloh soir yerlarda o‘ldig‘i kabi oz vaqtda rivoj bo‘lur”, - deya qayd qilingan[1]. Mazkur maktab unchalik rivoj topmagan va mashhur bo‘lib ketmagan bo‘lsada, ammo nafaqat Qo‘qon shahri balki butun Farg‘ona vodiysidagi birinchi jadid maktabidir. Shuningdek, jadid maktablarining ko‘plab ochilishiga dastlabki qadam bo‘ldi, desak aslo adashmagan bo‘lamiz. “Tarjimon” gazetasining xabar berishicha, 1895-yilda Qo‘qon, Samarqand va Qarmoqchi shaharlarida yerli musulmon bolalari uchun rus tili maktabi ta’sis etiladi[2]. Yana bir maqolada bu shaharlarda yangi ochiladigan rus maktablari haqida “Sirdaryo viloyatinda Qarmoqchi qasibasinda Xo‘qand va Samarqand shaharlarinda musulmon avlodi uchun bir rus maktabi ta’sisina qaror verildi. Bu maktablarning har biri 20 odamlik o‘lub o‘quyonlara xazinadan yotoq, osh va kiyum verilajakdir”, - deya qayd etilgan[3]. Ushbu maktabning tashkil etilishi, unda ta’lim oladiganlarga xazinadan yotoq, ovqat va kiyim-bosh uchun pul ajratilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad musulmon xalqlariga rus tili va madaniyatini mavjud hokimiyat tomonidan yoyishga qaratilgan sa’y-harakat sifatida baholash mumkin. 1902-yilda Turkiston viloyatining gazeti muallimlar majlisida Qrim va Qozon tatarlari tomonidan nashr etilgan usuli savtiya darsliklarini o‘zbek muallimlariga berishni munosib ko‘rishdi. Bu voqea juda juda yaxshi edi. Lekin Qo‘qon shahridan “Tarjimon” gazetasiga yuborilgan maktubda, Qo‘qon shahridagi tatar muallimlari va ba’zi mahalliy muallimlar usuli savtiya va jadid maktablariga hukumat tomonidan taftishlar kuchayganligi va muallim afandilar o‘quvchilarga ta’lim berishga qo‘rqishayotganligini haqida “Dars vermak o‘g‘irliq kabi, yomonliq kabidir” deya yozilgan[4].
Tadqiqotchi A.Isoqboyevning yozishicha, 1897-yilga kelib olingan maxfiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiston o‘lkasi tasarrufidagi viloyatlarda tatar muallim va muallimalari tomonidan hukumat ruxsatisiz maktablar ochilayotgani ma’lum bo‘lgan. Bu masalani batafsil o‘rganish maqsadida Turkiston o‘quv yurtlari boshqarmasi viloyatlardagi harbiy gubernatorlarga maxsus xat yozib, o‘z hududlarida faoliyat yuritayotgan tatar muallimlari haqida ma’lumot berishlari so‘ragan. 1898-yil 29-yanvarida Qo‘qon uyezdi boshlig‘i tomonidan yubirilgan javob xatida Qo‘qon shahrida Ufa guberniyasidan kelgan tatar muallimi Muhammad Shokir Sulaymonov 7 nafar o‘zbek bolalarini o‘z uyida o‘qitayotganligi aniqlangan[5]. 1906-yilda qo‘qonlik Yunus mirzo Idris o‘g‘lining “Tarjimon” gazetasiga yozishicha, qo‘qonlik mashhur boylardan Hoji Muhammad Olimboy himmati bilan ochilgan usuli jadid maktabida imtihon o‘tkazilib, unda 300 nafar bola ishtirok etgan. Mazkur maktab muallimi Penzа guberniyasidan kelgan Habibillo afandi hisoblanadi. [6]. 1906-yil 3-iyunda Qo‘qonning Hojibek mahallasida qo‘qonlik muallim Xalil Rahmon Sayfiddinovning usuli savtiya maktabida bo‘lib o‘tgan imtihon haqida “Tarjimon” gazetasi sahifalarida: “ ... iyun 3inchi sanasinda Xo‘qandning Hojibek mahallasinda Xo‘qandli muallim Xalil Rahmon Sayfiddinofning usuli savtiya maktabinda ikki yuza qariyb bololar imtihon edilub hisob, jug‘ofiya, qiroat, tarix fanlarinda ziyoda mahorat ko‘rsatmalari hozir bo‘lnon uchyuzdan ziyoda jamoating ziyodaja diqqatlarini jalb edarak favqolahad misrat va tashkiralarina bois o‘lmish va maktabing bonilari ila muallim afandiya duolar o‘linmishdir. Tabrik edariz”, - deya qayd etilgan[7]. Bu maktabning qachon ochilganini tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘zini “Xo‘qand kishisi” deya qayd etgan muallif “Tarjimon” gazetasiga yozgan maqolasida 1903-yilda Qo‘qonning himmatli boylaridan mulla Abdurazzoq afandi o‘z kissai hamiyatindan Qo‘qonning Hojibek mahallasida bir maktab qurdirib, usuli savtiya o‘qishitish uchun Rossiyadan Xalil Rahmon Sayfiddonovni muallimlikka jalb qiladi. Shu yo‘sinda Abdurazzoq afandi ushbu maktabni yangidan ta’mir ettirib, muallim Xalil Rahmon Sayfiddonovga bir yordamchi tayin qilishini, rushdiy maktabi ochilishi va maktab hujrasini maktab uchun kutubxona qildirishini bildiradi. U maqolasida Abdurazzoq afandiga “Alloh maqsadlarina muvofiq qilub imsollarini ortdirsun deb duolar qilub xidmatlarina oyruja tashakkurlar edariz”[8], - deya o‘z minnatdorchiligini izhor etadi. Bu maktab ta’miri bo‘yicha muallim Xalil Rahmon Sayfiddinovning “Tarjimon” gazetasi muharririga yozgan maktubida Abdurazzoq afandi Ziyoyev tomonidan ta’mirlashni boshlangani haqida 114-sonda xabar berilgani, mazkur maktab ta’miri tezda yakunlanishi, bu ishlarda g‘ayrat va shijoat ko‘rsatgan Miyon G‘ani hazrat bilan Abdurazzoq afandilarga alohida tashakkurlar izhor etishini bildirgan[9]. Demak, Qo‘qonning Hojibek mahallasidagi muallim Xalil Rahmon Sayfiddinovning usuli savtiya maktabi Abdurazzoq afandi Ziyoyevning himmati bilan ochilgan bo‘lsada, keyinchalik uning ta’mirida Qo‘qon boylaridan Miyon
G‘ani ismli kishining ham sa’yi-harakatlari Qo‘qonda kattagina bir usul savtiya maktabi barpo etilganini guvohi bo‘lamiz. Muhammad Voqif bin Nuriddin al-Hiloliyning Xalil Rahmon Sayfiddinovning maktabi haqida Ismoil Gaspirinskiyga yozgan maktubida “Xalil Rahmon Sayfiddinofning maktablarini ziyorat qildim. Asli meni maqsadim madrsalarning nizomini va intizomini o‘rganish edi. Maktabda 100 nafar bola o‘qir ekan. Darslarni kuzatishim asnosida maktabda tahsil olayotgan shogirdarning imtihon qilib ko‘rdim, go‘zal tarzda javob berishdi. Qur’on, tajvid darsini mukammal darajada o‘qishlari bilan bir qatorda jug‘rofiya, tarix, hisob darslariga yuqori darajada ahamiyat berishlarini guvohi bo‘ldim. Imlo va xusni xatlaridan bir qusur ko‘rmadim. 3-boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini arabchada ravon so‘zlashlarini ko‘rib bag‘oyatda mamnun bo‘ldim”, - deb yozadi[10]. “Tarjimon” gazetasining yozishcha, Qo‘qon shahrida 1909-yilda 10 ta usuli jadid maktabi mavjud bo‘lib. Ularning 4 – 5 tasi Rossiyadan kelgan musulmon tatarlarga, qolganlari esa mahalliy ziyolilarga tegishli bo‘lgan[11]. Qo‘qon shahridagi usuli jadida maktabi muallimi bo‘lgan Islom hoji Mir Husayn Mirrahimov 1909-yil sentabr oyida “Tarjimon” gazetasiga maktub yuborib, unda yangi usul o‘qitishni isloh qilishni, turkiy-musulmon xalqlarini alifbosidagi 10 harfni isloh qilish bo‘yicha taklif yuboradi. Bunga bir qancha sabablarni keltirib o‘tadi. Birinchisi, bu ravishda o‘qish va yozishni o‘rganish uchun ikki oy vaqt ketishini aytadi. Ikkinchisi, eski usulda o‘qitishda bolalarga bir harfni ikki yoki uch harakat bilan ifoda qilish qiyinchilik tug‘dirishi edi. Masalan, a, i, u harflari alif bilan birga yozilganda, o‘qishda hijjalashga to‘g‘ri kelayotganini bildirgan. Uchinchisi, eski qiroat usulida hech bir bahs va munozaraga hojat yo‘qligi. To‘rtinchisi, bunday o‘qitish Qur’on tilovati uchungina kifoya qilishi. Beshinchisi, eski harflar orqali ta’lim berilsa, o‘qishda juda rasvo tabdil yozilishi. Oltinchisi, nun tanvin va harf maddalar va harakat va sukun va nuqtalar noto‘g‘ri joyda joylashishi. Ilova qilingan 10 harf va alomatlarini o‘rganishga 3-5 kun vaqt sarflanishiga to‘g‘ri kelishini, inobatga olgan holda agar mazkur 10 harf isloh qilinsa, o‘qishni o‘rganish yanada osonlashishi haqida o‘z taklifini yuborgan[12]. “Tarjimon” gazetasi tahririyati bu maktubga javoban, Islom hoji Mir Husayn Mirrahimovning takliflarini chuqur o‘rganib chiqib, unga munosabat bildirishini ma’lum qilgan[13]. 1909-yilda Turkiston o‘lkasi o‘quv yurtlari inspeksiyasi qoshidagi maxsus komissiya yangi usul maktablari faoliyatiga doir farmoyish chiqargan[14]. Unga ko‘ra, maktablar faqatgina mahalliy ma’muriyatning maxsus ruxsatnomasi bilan ochilishi, maktablarni ochish va unda o‘qitish siyosiy jihatdan to‘la ishonchli bo‘lgan Rossiya fuqarolarigagina ruxsat etilishi, maktab qaysi millat bolalari uchun ochiladigan bo‘lsa, uning o‘qituvchilari ham o‘sha millatga mansub bo‘lishi shartligi, maktablarda faqatgina Rossiya syenzurasi ruxsati bilan chop etilgan kitoblar o‘qitilishi mumkinligi, ma’muriy politsiya idoralarida ishlovchi mas’ullar zimmasiga barcha mahalliy musulmon maktablarini aniq ro‘yxatga olib borish va ro‘yxatdan o‘tmagan maktablarni faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik, maxsus ruxsatsiz maktab ochgan shaxslar maktab ochish va o‘qituvchilik qilish huquqidan mahrum qilish, mahalliy maktablarda o‘qitish ishlari va ularga joriy etilgan tartibqoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat qilib turish mahalliy ma’murlarga hamda maktab nozirlariga yuklatilishi kabi bandlar mavjud edi[15]. Mana shu farmoyishdan so‘ng Turkiston o‘lkasining barcha hududlarida tatar muallimlari tomonidan mahalliy aholi bolalarini o‘qitishga chek qo‘yila boshladi. Turkistondagi mazkur holat “Tarjimon” gazetasida alohida mavzu sifatida muhokama qilinadi. 1910-yil 20-iyunda Qo‘qon shahridagi Salohiddin Mazidov maktabida sinov imtihoni yuqori saviyada o‘tkazilgan. Mazkur maktab nafaqat Qo‘qon shahri, balki butun Turkistonda juda mashhur bo‘lgan. “Yulduz” gazetasi muhbiri bu voqeani quyidagicha yozadi. “Imtihon tamom bo‘lganidan so‘ng pristav tatar muallimlarini huzuriga chaqirib: “Tatar muallimlarining Turkistonda o‘qituvchilik qilishga ruxsatnomalari yo‘qligi uchun Binoi oliya siz bu kundan boshlab maktabingizni yopingiz”, deya Turkiston o‘quv yurtlari inspeksiyasi qoshidagi maxsus komissiyasi farmoyishiga binoan, Turkiston bolalarini o‘qitishlari mumkin emasligini tushuntirib, maktabni yopishi buyurgan. Muallimlar bunga o‘z noroziliklarini bildirishgan. Bundan xabar topgan musulmon bolalarining otalari uyezd pristaviga buni sababini so‘rab murojaat qilganida, pristav “man yop demadim, men maktabda nima o‘qitayotganlar ekan deya taftish etdim” va ikkinchi kuni “Maktab yopilishi xatolik bilan aytilganiga iqror bo‘ldim” – deya maktabni yopish haqida ko‘rsatma bermaganini aytgan. “Tarjimon” gazetasining yozishicha, ayni shu vaqtda Qo‘qon shahrida 15 dan ortiq usuli jadid maktabi mavjud bo‘lib, ulardan Salohiddin Mazidov va Shokir Muxtorovlarning maktablari juda mashhur bo‘lgani bilan bir qatorda, muntazam tarzda ishlab turgan edi[16]. 1909-yilda chiqarilgan Turkiston o‘lkasi o‘quv yurtlari inspeksiyasi qoshidagi maxsus komissiya yangi usul maktablari faoliyatiga doir farmoyishiga asoslanib, 1910-yilning yoz oylarida ma’muriyat tomonidan o‘lkadagi tatar maktablarini yopish bo‘yicha ommaviy harakatlar bo‘lgan. Aholining jiddiy qarshiligi sababli bu biroz ortga surilgan. “Tarjimon” gazetasining 1910-yil noyabr oyida bergan xabariga ko‘ra, “Xo‘qandda musulmon maktablari taftish o‘linub sort maktablarinda muallimlik edan tatar muallimlara “Sizning burada muallimlik etmaya haqqingiz yo‘q deyinilmish”[17], – deya qayd qilingan. Yuqoridagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topgach, Qo‘qon pristavi shahardagi usuli jadid maktablari muallimlarini bir joyga to‘plab “O‘blostno‘y inspektor amri ila 1-yanvardan e’tiboran maktablaringizni yopajaqingi” haqida ularni ogohlantiradi. Bu xabarni eshitganliklarini tasdiqlash maqsadida imzo qo‘ydirib oladi. Bu voqeadan norozi bo‘lgan 15 nafar mahalliy savdogarlar Qo‘qon birja komiteti zalida ushbu masala yuzasidan takror va takror maslahatlashganlaridan so‘ng, bu masalaga izoh so‘rash uchun advokat orqali Toshkentga, markaziy hukumatga murojaat qilganlar. Ushbu masalaga munosabat bildirgan “Tarjimon” gazetasi “Bu ish usul savtiya va tartibga qarshu dakil, no‘g‘oy ya’ni tatar muallimlarina qarshi bir tadbir o‘lsa kerakdir”, – deya qayd qilgan. Nizom va qonunga e’tiboran qarasak, Rossiya tab’asi bo‘lgan musulmonlarning imperiyaning har tarafida ishlashi, tijorat qilishi, o‘qishi va o‘qitishi singari faoliyatlar bilan shug‘ullanishiga to‘la haqli ekanligini bildirgan. Turkistonda maktablar va madrasalar maorif inspeksiyasi nazoratida bo‘lib, agar yopilgan maktablarda bola qayd etilsa, bunga rasmiy ruxsat talab etadi.
Maktablarga qo‘yilgan bu taqiqlar Turkiston o‘lka ma’muriyatining tatar muallimlarini faoliyati cheklash uchun vaqtinchalik chora-tadbir ekanligi, Qo‘qon boylarining bu himmatlarini ulkan tahsinga sazovor ekanligini bildirgan[18]. Turkiston o‘lkasida tatar muallimlari tomonidan ochilgan usuli jadid maktablari faoliyatini cheklash siyosati Ismoilbek G‘aspirinskiyni ham e’tiborsiz qoldirmagan. Ismoil G‘aspirinskiy: “Maorif inspektorlarining hujumi maktaba yoki usul savtiyaya qarshu o‘lmiyub onjiq “Rusiyadan Turkistona kelmish muallimlara qarshi” o‘ldig‘i onglashildi. Mas’alaya shu nuqtadan nazar etmak lozim keliyur”, – degan fikrni ilgari surgan. Ismoil G‘aspirinskiy “Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risida” Nizomga muvofiq Rossiya va Kavkazdan kelgan musulmonlarning Turkiston o‘lkasidan ko‘chmas mulk va yer sotib olish huquqidan mahrum qilingani, bunday taqiqlar rusiyalik nemis, polyak, arman, gruzinlarga bunday cheklov o‘rnatilmaganiga, musulmonlar bilan yahudiylar bu huquqlardan mahrum etilganiga alohida e’tibor qaratgan. U Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risidagi Nizomdagi ushbu moddani rusiyali musulmonlari bo‘lgan tatarlar (mahalliy aholi tabiricha no‘g‘oylar – Sh.A.)ning Turkistonda muqim o‘rnashib olishlarini oldini olishga qaratilgan deya izohlagan[19]. “Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risidagi Nizom”ni milliy masala bo‘yicha tahlil qilish asnosida, yerli musulmon xalqlari orasida muhim masalalar xalq sudlari ya’ni qozixonalarda hal etilishi, Turkistonda qirg‘iz, qozoq yoki musulmon tatarlar orasida shunday masalaga duch kelinganida, shariat qoidalari bo‘yicha qozixonaga murojaat etmay, rus qonunlari asosida hal etilishi qayd etilgan. I.G‘aspirinskiy buni mohiyatini izohlab: “Bu qoidaning hukumati qirg‘izlara va rusiyali tatar no‘g‘oylara eng dekarindan tafriq etmak ila biri birina boshqa o‘ldiqlarini ko‘rsatmakdir” , - deya ta’kidlagan. Eski qonun chiqaruvchilarning bu qarashlari xato bo‘lganligi sababli, Rossiya imperiyasi qonunlar imperiya hududida yashovchi barcha musulmonlar uchun bir xilda amal qilishi va ularni isloh qilish bo‘yicha Peterburgda ochilgan yangi nizom komissiyasiga murojaat qilishgan. Maktab masalasida aholi va muallimlarning e’tiborini ikki jihati ko‘rilgan. Birinchisi, Rossiya musulmonlariga ijara, tijorat, mardikorlik va ta’limdir. Ikkinchisi, ibtidoiy makablar va rusiyalik muallimlar osoyishtalikni ta’minlash maqsadida, mahalliy idoralarga ba’zi qoidalarni chiqarishda muxtoriyat berish kerakligi haqida “Binoi oliya Xo‘qand maktablarindan o‘tari huquq ibodi muhofaza va ta’min etmak uchun yuqoru buyuk hukumata murojaat etmak farizai hol va maishatdir”[20], - deya qayd qilingan. Bu masalalarni hal etish uchun Qo‘qondagi musulmonlar uyushib Turkiston general-gubernatoriga va Rossiya Davlat dumasiga murojaat etishlarini bildirganlar. Peterburgga mahalliy aholi o‘z vakillarini yuborishida yo‘l harajatlari uchun pul jamg‘arish lozimligi haqida tavsiya bergan. Bu masala yuzasidan pul jamg‘arish savobli ish ekanligini ta’kidlab: “...huquq Ibodiya yo‘linda oqcha to‘kmak Hijoz yo‘linda sarf etmak kabidir”, - degan. I.G‘aspirinskiy Turkistonning maktab ishlaridan muhimroq ishlari borligi, graf Palenning taftishnomasi muhokamaga qo‘yilib, Turkiston uchun yangi nizom tartibi zarurligini, bu ishlarni amalga oshirish yo‘llarini yaxshroq o‘rganish, Turkiston no‘g‘oy (tatar)larini Turkistonlik musulmonlar bilan teng huquqli bo‘lishga haqli ekanligini, buning uchun kurashish lozimligini alohida ta’kidlagan[21].
“Tarjimon” gazetasi 1913-yilning bahorida Qo‘qon shahrida qozi Kamoliddin afandining mablag‘i bilan shaharda usuli jadida maktabi uchun 2 qavatli binoning qurilishiga rasman tamal toshi qo‘yilib, bino qurilishini boshlangan, deya ma’lumot bergan[22]. Bu maktab haqida qo‘qonlik F.Abdulqayumovning “Tarjimon” gazetasiga xabar berishicha, mulla Mahmudjon qorining usuli jadid maktabi juda eskirib, ta’mir talab holga kelib qolganligi uchun shu yilning qishida mahalliy inspektor tomonidan yopib qo‘yilgan edi. Mazkur maktabni qaytadan ta’mirlash uchun shahar qozisi Kamoliddin afandi tomonidan 7 ming rubl mablag‘ajratilib, maktabga 2 qavatli bino qurish ishlari boshlanganligini izohlab “Tujjorlarimiz ham bu kabi maorif sevar ulamomizdan ibrat olsalar edi”, - qozi afaniga tashakkurlar aytgan. Undan tashqari shu yili Qo‘qon shahrida “Muhammadiya” deb nomlangan yangi islomiy maktab o‘z faoliyatini boshlagan[23]. Bunga javoban “Tarjimon” gazetasi olqishlab, “Domla Kamoliddin afandining himmatina “Borakallo!” deriz. Undan kelan ulamomizning ham qulon va hamda falon millata xizmat ko‘rsatmasi taraqqiy yo‘llarini ham yaqin qilajaqdir. Na baxtlidir bo‘yla mullalara holik o‘lon millat va jamoat!”, - deya ulug‘lagan. Qo‘qon shahridagi “Muhammadiya” deb nomlangan yangi islomiy maktabni ochilganini izohlab: “Xo‘qandda yangi usul uzarina ochilmish “Muhammadiya” maktabining 9 moddali e’lomnomasida idoramiza keldi. Bu e’lomnomaya boqilirsa maktabning muassasalarinda omirqon g‘ayrati vorlig‘i ko‘rinmakdadir tabrik edariz”, - deya qayd qilingan[24]. Qo‘qonlik muxbir Mir A’zam Ibrohimovning “Tarjimon” gazetasiga yozgan maktubida, 1913-yil 17-mayda Qo‘qon shahrining Beshariq mahallasida xalifa Solih xonaqosida ochilgan muallim Po‘lodjon Abdulqayyumzodaning usuli jadid maktabida bo‘lib o‘tgan imtihonda shaharning ko‘plab a’yonlari, 100 ga yaqin ulamolari ishtirok etgani haqida qiziqarli ma’lumotlarni qayd qilgan. Shu bilan birgalikda shahar qozisi domla Kamoliddin afandi tomonidan qurilishi boshlangan 2 qavatli maktab bitkazilib, “Kamoliya” nomi bilan faoliyatini boshlagani haqida qimmatli ma’lumotlarni bayon qilgan. Shuningdek, Kamoliddin afandi tomonidan xaroba holatiga kelib qolgan Aminjonboy madrasasini qayta ta’mirlab, shu madrasaning bir qismida “Rushdiy maktab” tashkil qilgan. Qayd qilinishicha, qozi afandi bu xayrli ishlarga 50 – 60 ming rubl xarajat qilgan. Kamoliddin afandining bu himmatiga muxbir M.Ibrohimov “Bizim mamlakatimizda minal qadim har sinf o‘z g‘araz shaxsiyasi ila bari barini ko‘rmamakda ekon shamdi ulamomizdan bo‘yla oliy himmat bir janobning zuhur etdiki umum aholiya hushnud etdi... Aholi qozi janoblarindan hushnuddirmiz”, - deya o‘z minnatdorchiligini izhor etgan[25]. “Tarjimon” gazetasiga Qo‘qon shahridan 1913-yil 1-iyun sanasida “Qishloqi” taxallusi bilan yuborilgan “Xo‘qandda imtihon munosabatila” nomli maqolada dunyoni ilm-ma’rifatdan ortda qolgan millatlar bu soha yuqorida darajada rivojlanganlariga tobe bo‘lishi haqidagi fikr yuritib, muallif Turkiston xalqini hazrat Nuh zamonida qanday bo‘lsalar, XIX asrda ham hech rivojlanmaganidan taajjublanadi. U Qo‘qondagi milliy uyg‘onishni boshlab bergan vaziyatga alohida to‘xtalib: “...hamd o‘lsun XX asrning ta’siridanmi “Tarjimon”ning ijtihodidanmi har nadan esada 1900 sanasi ibtidosidanda turk qardoshlarimiz tarafidan
Xo‘qandda birinchi o‘laroq usuli savtiya maktabi ochilmishdi”[26], - deya qayd qilib, Qo‘qonda ochilgan yangi usul maktablarini 1910-yilga kelib hukumat tomonidan taqib ostiga olinib, yopilishidan chuqur qayg‘uda ekanligini yozgan. Muallifning Turkiston o‘lkasida ilmli insonlar kam bo‘lishiga qaramay, buni chorasi sifatida imperiyaning boshqa shaharlariga yerli musulmon aholi yoshlarini o‘qishga yuborilmayotganidan havotir olib: “Turkistonda har jihatcha munavvara va ma’lumot sohibi zotlarning qahat o‘ldig‘i har kasa ma’lum esada, tadorikina tashabbus edilmadi, chorasina boqilmadi. Buning uchun rusiyaning digar shaharlarina talaba ko‘ndarilmadi”, - deya ta’kidlagan. Muallif shu yilning 27-may kuni Qo‘qon shahrida faoliyat yuritayotgan “Maktabi vahobiya” nomli usuli jadid maktabida imtihon o‘tkazilib, o‘quvchilar yaxshi javob berganligini, yuqori darajada savodli bo‘lganliklarini qayd qilgan. O‘quvchilarning juda yaxshi savodi chiqqanligini izohlab, imtihonda qatnashayotgan o‘quvchilardan biri nutq so‘zlab boshlang‘ich maktabdan so‘ng rushdiy maktabiga kirib, bilimini yanada ortirmoqchi ekan deya, muallim afandilarning xizmatlari yuksak baholagan. Imtihonda ishtirok etgan Sadriddin afandi tomonidan g‘ishli maktab binosi qurishga va qozi Kamoliddin afandi tomonidan esa rushdiy maktab binosini qurishga va’da berilganidan mamnuniyat bilan yozib, “Xudo bunlarning imsolini ziyoda etsun”, - deya duo qilgan. Imtihonda ishtirok etgan mulla Fayzillo ismli bir mudarris bu maktablarga e’tiroz bildirib, imtihondan ketib qolganligini qayd qilgan[27]. “Tarjimon” gazetasining yozishicha, 1914-yilda Turkistonda sayohatda bo‘lgan Muhammad Said afandining “Iqbol” sahifalariga yozgan so‘nggi maqolasi Turkistonda xususan, Farg‘ona vodiysidagi maktablariga oid qimmatli ma’lumotlar taqdim etgan. Muhammad Said afandi “Iqbol” sahifalariga yozgan maqolasida Farg‘ona vodiysidagi maktablar haqida to‘xtalib, “Farg‘onada maktablar yildan yila ortmoqdadir. Yolg‘iz Xo‘qandda 23 dona usuli savtiya maktabi vor... Har holda usul savtiyaya istak vor”, - deya qayd qilgan. Bu maktablarda usuli savtiya bilan o‘qitadigan muallimlar bo‘lmasada, Qozon va Kavkazdan kelgan muallimlardan ko‘rib o‘rganishgan. Muallifning yozishicha, qozi Kamoliddin afandi tomonidan yangi maktab qurilib, faoliyatini boshlaganligiga to‘xtalib, “Ashob xayratdan Kamol qozi 3 ming rubla sarfila mazkur yozorinda go‘zal bir maktab bino etdirmish, bunda tartib va nizoma muhtoj bo‘liniyur”, – deya qozi afandiga minnatdorchilik bildirgan. Shuningdek, Qo‘qon shahrida bu maktablardan tashqari, Nazir afandi, Tojiddin boy, yog‘bozoridagi Po‘lot boy, Rahmon hoji, Mirzohid va Yunusxon hoji, Aminjon boy bacha afandilar tomonidan usul jadid maktablari ochilgan. Bu maktablarning har biri 2 qoida asosida ta’sis etilgan. Bu maktablarda o‘quvchilarga usul jadid asosida ta’lim berilgan. Muallif yangi usul maktablariga “aholi orasida usul savtiyaga rag‘bat kuchayganligi, faqat muallimlar masalasi isloh qilishga muhtojligini”, – qayd qilgan[28]. “Tarjimon” gazetasining ushbu maqolaga munosabat bildirib yuborgan javob xatida, “Ot bo‘lunur maydon bo‘lunmаs: maydon bo‘lunur ot bo‘lunmаs” derlar. Turkistonda maydon vor, lekin mohir muallimlar yo‘q”, – deya Turkistonda usuli savtiya o‘qitadigan muallimlar yetishmasligidan qayg‘uda ekanligini yozgan. Buning yechimi sifatida Orenburg, Qozon va Bog‘chasaroy shaharlariga
muallimlarni 2 – 3 haftaga o‘qishga yuborish kerakligini aytgan. Bu ish bilan bir maktab orqali boshqa maktablar muallimlarini ham qayta o‘qish mumkinligini va usuli savtiya o‘qitadigan maktablar ko‘payishini ta’kidlab o‘tgan[29]. “Onisa” taxallusi bilan “Tarjimon” gazetasiga yozilgan maktubda, Qo‘qon shahrida ochilgan boshlang‘ich maktabining o‘quvchilari Ismoilbek G‘aspirinskiyning vafot etganidan chuqur qayg‘uda ekanligini yozib, “Ey buyuk ustoz! Allohning rahmatinda o‘lsang”, – deya uning haqqiga duo qilishgan[30]. “Tarjimon” gazetasining yozishicha, 1916-yilda Qo‘qon shahrida 4 nafar muallimdan iborat bir yangi usul maktabi ochilgan. Bu maktab Hirot tatarlarining yordami bilan ochilgan. Bu maktabda asosan xotin-qizlar o‘qitilgan. Qo‘qonlik ayollar o‘z xohishlari bilan maktablar rivoji uchun qimmatbaho buyumlarini usul jadid maktablari uchun mablag‘jamg‘arishgan. Faqat shahar boshlig‘ini jamg‘arilgan mablag‘ni musodara etganligi, ushbu xayrli ishni to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan[31]. Xulosa o‘rnida shuni qayd qilish joizki, “Tarjimon” gazetasini tahlil qilish asnosida Qo‘qon shahri nafaqat Farg‘ona vodiysi balki, butun Turkiston o‘lkasining boshqa shaharlaridagi yangi usul maktablarining faoliyatiga, balki jadidchilik g‘oyalarining o‘lkaning boshqa hududlariga tarqalishida muhim markazlardan biri bo‘lganligini alohida e’tirof etish kerak. Gazetada maktablar faoliyati bilan bog‘liq turli masalalar yoritib borilgan, ularning yutuqlari e’tirof etilgan. O‘lkada ma’rifatparvarlikni rivojlanishi uchun yangicha fikrlovchi shaxslar faoliyatiga yuqori baho berilgan va sharaflangan. “Tarjimon” gazetasi va Turkiston jadidlarining o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rganish, va ochilmagan qirralarini tadqiq qilish Vatanimiz tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga egadir.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar12 ta adabiyot
- Xo‘qanddan maktub // Tarjimon. 1893-yil 14-avgust.
- Axbori doxiliya // Tarjimon. 1895-yil 23-aprel.
- Axbori doxiliya // Tarjimon. 1895-yil 13-avgust.
- O‘rta Oziyo. // Tarjimon. 1902-yil 31-may.
- Isoqboyev A. Farg‘ona vodiysida yangi usul maktablarini tashkil etishdagi hamkorlik aloqalari tarixidan // Farg‘ona vodiysi tarixi yangi tadqiqotlarda. – Farg‘ona, 2012. – № 2. – B. 196 – 197
- Yunus mirzo Idris o‘g‘li. “Turli havodis” “Xo‘qanddan”. // Tarjimon, 1906-yil 4-avgust.
- Xo‘qand // Tarjimon, 1906-yil 21-iyun.
- Xo‘qand kishisi. “Biza yoziyurlar: “Xo‘qanddan” // Tarjimon, 1906-yil 9-oktabr.
- Idoraya maktublar. “Xo‘qanddan” // Tarjimon, 1906-yil 22-dekabr.
- Idoraya maktublar. “Xo‘qanddan” // Tarjimon, 1907-yil 7-mart.
- Vaqt. Milliy g‘azetalarimizdan // Tarjimon, 1909-yil 28-avgust.
- Islom hoji Mir Husayn Mirrahimuf. Qush qonod ila uchar. Idoraya maktublar. “Xo‘qanddan” // Tarjimon, 1909-yil 25-sentabr.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011151
- Nashr sanasi
- 2025-09-02
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 2
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/125
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 18–28
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25