Asosiy mazmunga o‘tish

XX ASR BOSHLARIDA JADIDLARNING O‘ZBEK XALQ FOLKLORI MEROSINI ASRASHDAGI FAOLIYATI

Makhmudov Mansurjon AbdugopporovichUniversity of Business and Science Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, PhD.2025

Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 12–18

Annotatsiya

Ushbu maqolada mahalliy aholining ilm-ma‘rifatli kishilari orasida sovet hukumatining mafkuraviy tazyiqlari oqibatida e‘tibordan chetda qolayotgan asriy qadriyatlarning bebaho durdonalari bo‘lgan madaniy meros ob‘ektlarini, ma‘naviy merosni tadqiq etishga, avaylab asrashga qaratilgan chiqishlar, ma‘ruzalar, ilmiy maqolalari tahlil etilgan.

Boshqa tillarda

ruschaДЕЯТЕЛЬНОСТЬ ДЖАДИДОВ ПО СОХРАНЕНИЮ НАСЛЕДИЯ ФОЛЬКЛОРА УЗБЕКИСТАНА В НАЧАЛЕ XX ВЕКА

В данной статье анализируются выступления, доклады и научные статьи, направленные на изучение и бережное сохранение объектов культурного наследия, являющихся бесценными жемчужинами вековых ценностей, которые оставались в тени из-за идеологического давления советского правительства на образованных представителей местного населения.

inglizchaJADIDS‘ ACTIVITIES TO PRESERVE THE HERITAGE OF UZBEKISTAN‘S FOLKLORE AT THE BEGINNING OF THE 20TH CENTURY

This article analyzes speeches, reports, and scientific articles focused on the study and careful preservation of cultural heritage objects, which are invaluable gems of age-old values, that were neglected due to the ideological pressures of the Soviet government on the educated members of the local population.

Kalit so‘zlar

  • I. Akbarov
  • M. Ashrafiy
  • T. Sodiqov
  • Yu. Rajabiy
  • T. Jalilov
  • Gozi Olim Yunusov
  • Hodi Zarif
  • Abdulla Alaviy
  • matbuot
  • ma‘naviy meros
  • madaniyat
  • fan
  • adabiyot
  • gazeta
  • jurnal
  • maqola
  • “folklor”
  • “xalq og‘zaki badiiy ijodi”

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

XX ASR BOSHLARIDA JADIDLARNING O‘ZBEK XALQ FOLKLORI MEROSINI ASRASHDAGI FAOLIYATI

ДЕЯТЕЛЬНОСТЬ ДЖАДИДОВ ПО СОХРАНЕНИЮ НАСЛЕДИЯ ФОЛЬКЛОРА УЗБЕКИСТАНА В НАЧАЛЕ XX ВЕКА

JADIDS' ACTIVITIES TO PRESERVE THE HERITAGE OF UZBEKISTAN'S FOLKLORE AT THE BEGINNING OF THE 20TH CENTURY

Maxmudov Mansurjon Abdugʻopporovich University of Business and Science Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, PhD. Maxmudovmansur144@gmail.com [telefon raqami yashirilgan] ORCID 0009-0008-8870-637X

Annotatsiya. Ushbu maqolada mahalliy aholining ilm-ma’rifatli kishilari orasida sovet hukumatining mafkuraviy tazyiqlari oqibatida e’tibordan chetda qolayotgan asriy qadriyatlarning bebaho durdonalari bo‘lgan madaniy meros ob’ektlarini, ma’naviy merosni tadqiq etishga, avaylab asrashga qaratilgan chiqishlar, ma’ruzalar, ilmiy maqolalari tahlil etilgan. Аннотация В данной статье анализируются выступления, доклады и научные статьи, направленные на изучение и бережное сохранение объектов культурного наследия, являющихся бесценными жемчужинами вековых ценностей, которые оставались в тени из-за идеологического давления советского правительства на образованных представителей местного населения. Abstract This article analyzes speeches, reports, and scientific articles focused on the study and careful preservation of cultural heritage objects, which are invaluable gems of age-old values, that were neglected due to the ideological pressures of the Soviet government on the educated members of the local population. Kalit so‘zlar I. Akbarov, M. Ashrafiy, T. Sodiqov, Yu. Rajabiy, T. Jalilov, Gozi Olim Yunusov, Hodi Zarif, Abdulla Alaviy, press, spiritual heritage, culture, science, literature, newspaper, magazine, article, "folklore," "folk oral artistic creativity." Ключевые слова И. Акбаров, М. Ашрафий, Т. Садыков, Ю. Раджабий и Т. Джалилов, Гази Олим Юнусов, Ходи Зариф, Абдулла Алави, пресса, духовное наследие, культура, наука, литература, гаэта, журнал, статья, «фольклор», «народное устное художественное творчество». Key words I. Akbarov, M. Ashrafi, T. Sadykov, Yu. Radjabi and T. Djalilov, Gazi Olim Yunusov, Khodi Zarif, Abdulla Alavi, press, dukhovnoe nasledie, culture, science, literature, gaeta, magazine, article, "folklore", "narodnoe ustnoe chudojestvennoe tvorchestvo".

O‘zbek xalq folklori merosini to‘plash, yozib olish va targ‘ib etish ishiga mahalliy millat vakillari ham keng jalb etildi. Ushbu jarayonda I. Akbarov, M. Ashrafiy, T. Sodiqov, Yu. Rajabiy va T. Jalilov kabi yosh musiqashunos, bastakor milliy kadrlar yetishib chiqdi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ish, tasnif va tadqiq etishda Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov hamda Elbek (Mashriq Yusupov) singari millatparvarlarning o‘rni alohida. Ular o‘zbek folklori tabiati, janriy tizimi va tarkibi, badiiyatiga oid ilmiy qarashlar bildirib, xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plab nashr etish hamda omma orasida targ‘ib qilish borasida o‘ziga xos nom qoldirgan olimlardandir. 1919-yilda Toshkentda badiiy musiqa etnografik komissiyasi tashkil etildi, uning xodimlari o‘zbek xalqining an’anaviy musiqasini o‘rganishga doir boy materialni yozib oldilar va qisman e’lon qildilar. Xalq og‘zaki ijodi (folklor) namunalarini to‘plash yuzasidan ham ba’zi ishlar olib borildi. 1919–1920-yillarda o‘zbek xalqi va O‘rta Osiyodagi boshqa etnoslarning etnografiyasi bo‘yicha materiallar to‘plash hamda o‘rganish yuzasidan ham ishlar olib borildi. Bu borada Turkistonning mahalliy aholisi turmushini o‘rganish ilmiy komissiyasi faoliyat ko‘rsata boshladi. Keyinchalik ushbu komissiya o‘lkaning etnografik xaritasini tuzishga asos solgan edi[6; B.150.]. Nazir To‘raqulov raisligida, buxorolik taniqli adabiyotshunos va tilshunos Abdurauf Fitrat o‘rinbosarligida, Laziz Azizzoda kotibligida ish boshlagan ilmiy hay’at jiddiy ishga kirishdi. XX asrning boshlaridan e’tiboran o‘zbek tilida ham xalq og‘zaki badiiy ijod ma’nosini anglatuvchi turli-tuman atamalar qo‘llanib kelingan. Masalan, “Maorif” jurnalining 1918-yilning 1–2 sonlarida “Qalam ahillaridan o‘tinch” sarlavhasi ostida bir murojatnoma bosilgan bo‘lib, unda shunday deyilgan: “Xalq tilinda og‘izdan-og‘izga so‘ylanib yuradirg‘on turli hikoyalar, rivoyatlar, topishmoqlar, kulgu so‘zlar, maqollar, she’rlar va shunga o‘xshash xalqning e’tiqodi, urf-odat ham turmushiga oid qanday bo‘lmasin so‘zlarni va umuman... xalq adabiyotini yig‘ib, “Maorif” masalasi idorasiga yuborilsin”[4; B.8.]. Bu o‘rinda “xalq adabiyoti” atamasi “folklor”, “xalq og‘zaki badiiy ijodi” ma’nosida qo‘llangan. Xalq og‘zaki badiiy ijodi asarlarini to‘plash va o‘rganishga katta hissa qo‘shgan G‘ozi Olim Yunusov o‘z tadqiqotlarida “folklor” ma’nosida “el adabiyoti” atamasini ishlatgan edi. Ular turli shahar va qishloqlar aholisi qo‘lida saqlanib kelayotgan qo‘lyozma va bosma nusxadagi kitoblar-u xalq xotirasidagi folklor namunalarini yig‘ish harakatiga tushishdi. Buning natijasida ilk marta folklorni ilmiy maqsadda yozib olish va uni xalq boyliklari qatoriga kiritish ishiga tamal toshi qo‘yildi[9; B.30-32.]. G‘ozi Olim Yunusov, Hodi Zarif, Abdulla Alaviy kabi olim va shoirlar tashabbusi bilan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li, Nurmon Abduvoy o‘g‘li, Berdi baxshi, Abdulla shoir, Xolyor Abdukarim o‘g‘li, Do‘styor Xo‘jayor o‘g‘li kabi atoqli dostonchilar aniqlandi. To‘plovchilik ishlariga mahalliy ziyolilar jalb qilindi. Dastlab amaliy, keyin ilmiy-nazariy bosqichda ish boshlandi. Amaliy bosqichda xalq og‘zaki ijodi namunalarini yaxshi bilgan, ijro eta olgan insonlarni aniqlab, ulardan bilganlarini yozib olish, yozuvga tushirilgan folklor asarlarini

nashrga tayyorlash va chop etish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, ilmiy-nazariy bosqichda nashr qilingan xalq asarlarini jiddiy o‘rganib, ularning janriy tabiati, xususiyatlari haqida nazariy xulosalar berish ishlaridan iborat bo‘ldi. XX asr 20-yillarning boshlarida G‘ozi Olim Yunusov Sirdaryo va Samarqand, Elbek Toshkent viloyati, G‘ulom Zafariy esa Farg‘ona vodiysiga uyushtirgan ekspeditsiyalari davomida bevosita xalq ijodchilari og‘zidan o‘zlari yozib olgan folklor asarlaridan namunalarni hamda ular haqidagi dastlabki ilmiy-axboriy maqolalarini 1922–1923-yillarda o‘sha davr matbuotida e’lon qila boshadilar[7; B.219.]. Ular ikki yuzga yaqin qo‘shiq, yuzga yaqin lapar, ikki mingdan ortiq maqol va matallar (variantlari bilan), yuzdan ortiq topishmoq, bir necha o‘nlab ertaklar, xalq dramasi namunalari, bolalar o‘yinlari, urug‘lar haqidagi rivoyatlar va boshqalarni to‘plab, yozib kelishadi. G‘ulom Zafariy o‘zi to‘plagan materiallar asosida “Chig‘atoy-o‘zbek xalq teatrusi” (“Bilim o‘chog‘i” jurnali, 1923-yil, 2–3 qo‘shma son) maqolasi va “El ashulalari” (Elbek bilan hamkorlikda, 1925-yil) to‘plamini e’lon qiladi. G‘ozi Olim Yunusov “O‘zbeklarda el tanish ishi” maqolasida folklor to‘plash bilan bog‘liq sayohatlari davomida o‘z maslahat va ma’lumotlari bilan yordam ko‘rsatgan Kattaqo‘rg‘onlik Bahrombek Davlatshoev, Zarif Qodirov, Samarqandlik Vadud Mahmudov va Mahammadjon Yusuf, Samarqand uyezdi Halvoyi bo‘lusidagi sarchashmalik Mulla Islombek qozi nomlarini alohida tilga olib, ularga rasmiy minnatdorchilik izhor etadi[10; B.18.]. Unda birinchi marta: “O‘zbekning milliy eposi “Alpomish”dir. U Gomerning “Iliada”siga teng bir asardir”, deya buyuk dostonimizga juda yuqori va haqqoniy ilmiy baho bergan edi. G‘ozi Olim Yunusov 1922-yilda Sirdaryolik Hamroqul baxshi va bulung‘urlik Fozil shoirdan “Alpomish” dostonidan parchalar yozib olib, “Bilim o‘chog‘i” jurnalining 1923-yildagi 2–3-qo‘shma sonida e’lon qilgan. Tadqiqotchi “Yangi adabiyotimizga kuchli milliy asos bizning xalq adabiyotimiz bo‘lishi kerak” ligini ta’kidlab, doston “Toshkent va Samarqand uyezdlarida yashayturg‘on o‘zbeklarning mashhur oqilari Hamroqul baxshi va Fozil Jirov Yo‘ldosh o‘g‘lining og‘zidan yozib olinganini” ta’kidlagan edi. Xususan, “O‘zbek bilim hay’ati” tomonidan tashkil etilgan ekspeditsiyalar davomida yozib olingan folklor namunalari 1923 yilda “El adabiyoti” nomi bilan nashr etilgan. G‘ozi Olim Yunusovning “Alla” to‘g‘risida bir ikki og‘iz so‘z” (“Maorif va o‘qitg‘uvchi”. – 1926. – №6) “El adabiyotidan namunalar” (“Alanga”. – 1928. – №6–7. – B. 3), “Og‘iz adabiyotida sinfiy tuyg‘ular” (“Alanga”, 1930, №5–6) kabi maqolalari xalq og‘zaki ijodini ilmiy o‘rganish borasidagi ilk tajribalar sifatida folklorshunoslik tarixida muhim o‘rin tutadi[2; B.37-38.]. Qayd etish kerakki, 1925-yilning oxirlaridan boshlab an’anaviy va zamonaviy xalq dostonlarining to‘la matnlari bevosita xalq shoirlari og‘zidan yozib olina boshladi. Bu jihatdan, Zarif Qodiriy va Muhammadisa Ernazar o‘g‘li faoliyati alohida e’tiborga sazovordir. Jumladan, O‘zbekiston xalq Maorif komissarligi Ilmiy markazining “O‘zbeklarni o‘rganish komiteti” tomonidan 1926–1928-yillarda Samarqand viloyati bo‘ylab xalq dostonlarini to‘plash maqsadida olib borilgan ilmiy izlanishlarda Zarif Qodiriy 1927-yilda baxshi Nurmon Abduvoy o‘g‘lidan “Kuntug‘mish” dostonining o‘ziga xos “Kuntug‘mish polvon” varianti bilan

“Orzigul” dostonini yozib olgan bo‘lsa, Muhammadisa Ernazar o‘g‘li Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan “Kunduz bilan Yulduz”, “Alpomish” (po‘lkan shoir bilan birgalikda aytilgan) dostonlarini, “Shoirlarga rahbar Hodi”, “Oxunboboyev”, “G‘ozi Olim”, “Otajon Hoshim” kabi termalarni, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan “Malika Ayyor”, “Murodxon”, “Shirin bilan Shakar”, po‘lkan shoirdan “Go‘ro‘g‘lining Arab Rayhonning qizini olib qochib kelishi”, “Qironxon” dostonlarini, Fotima ismli (familiyasi noma’lum) folklor fidoyisi esa Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li po‘lkandan 1927-yilda “Avazxon”, “Bo‘tako‘z” (1-bo‘lak), “Misqol pari”, “Yunusali” dostonlarini qog‘ozga tushirgan. Muhammadisa Ernazar o‘g‘li o‘tgan asr boshlarida folklorni to‘plash ishida ayricha tashabbus ko‘rsatib, 1926–1928- yillarda o‘zi yashagan Qirqshodi qishlog‘ini o‘zbek dostonchiligining markaziga aylantirgan. XX asr boshlarida folklorni to‘plovchi sifatida nom qoldirganlardan yana biri Namanganlik shoir Rafiq Mo‘min edi. U 1922–1925-yillarda izboskanlik Yormat bobodan “Yozi bilan Zebo” dostonini yozib olgan edi. XX asr 30-yillari boshlarida O‘zbekiston hukumati qarori asosida Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish institutining filologik bo‘limlari tashkil etildi. Undan so‘ng ushbu bo‘limlar asosida 1933-yil noyabr oyida Til va adabiyot institutiga asos solindi. 1934 - yilda mazkur institut huzurida “Lug‘atlar”, “Hozirgi o‘zbek tili”, “O‘zbek sho‘ro adabiyoti” bo‘limlari qatorida “Folklor” bo‘limi ham mustaqil faoliyat olib bordi. Til va adabiyot instituti tarkibida tashkil etilgan “Folklor bo‘limi”ga H. T. Zarifov boshchilik qildi. Aniqrog‘i, bo‘limning tashkiliy negizlari bevosita uning tashabbusi va ishtiroki bilan O‘zbekiston Respublikasi Maorif xalq komissarligi ilmiy sho‘rosining “O‘zbeklarni o‘rganish qo‘mitasi” huzurida 1928 yilda shakllantirilgan Etnografiya, folklor va arxeologiya bo‘yicha ilmiy-tekshirish kabinetidan boshlangandi[2; B.39.]. O‘z o‘rnida qayd etish ham kerakki, ushbu davrda o‘zbek folklorshunoslari quyidagi yo‘nalishlarda ish olib bordi: 1. Xalq dostonchiligini kuzatib, xalq baxshilarining epik repertuarini aniqlash. 2. Xalq qo‘shiqchiligi bilan bog‘liq janrlar tizimi va tarkibini tadqiq etish. 3. Xalq ertakchiligi, uning taraqqiyoti, rivojlanish manbalari va mavzusini tekshirish. 4. Xalqning maqol va topishmoq singari janrlarini izlash. 5. Xalq teatrini o‘rganish[12; B.25.]. Bebaho xalq og‘zaki badiiy ijodi namunalarini to‘plash va o‘rganish bilan bir qatorda uni xalqqa taqdim qilish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirgan atoqli olim Hodi Zarif sanaladi[3; B.43.]. Mazkur olim o‘zbek folklorshunosligi faniga asos solib, g‘oyat katta ilmiy meros qoldirgan edi. U birinchilardan bo‘lib, xalq ijodi asarlarini ilmiy asosda yozib olish, nashr etish va ilmiy tadqiq qilish ishini tashkil etgan ilk folklorshunosdir. Ushbu olim o‘zbek folklorshunosligining nazariy muammolariga doir ilmiy asarlar yaratgan edi. O‘zbek folklorshunosligiga “folklor” atamasini 1932-yilda Hodi Zarif kiritgan va oliy o‘quv yurti talabalari uchun mo‘ljallangan birinchi kitobini “O‘zbek folklori ” deb atagan edi. Ungacha “folklor” atamasi o‘rniga “el adabiyoti”, “og‘zaki adabiyot”, “o‘zbeklarda og‘zaki adabiyot” kabi atamalar qo‘llanib kelingan[8; B.8.].

Hodi Zarifning o‘zbek xalqi madaniyati xazinasiga qo‘shgan eng ulkan hissasi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoirdek zo‘r san’atkorlarni aniqlab, ularning ijodiy merosini yozib olganligidir. Hodi Zarif xalq baxshilarining hayoti va ijodini o‘rganish o‘ziga xos ilm sohasi ekanligini asoslab berdi. Shuning uchun ham uning dastlabki maqolalari to‘g‘ridan to‘g‘ri “Xalq shoiri Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li ‘o‘lkan” (“Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnali, 1927- yil 7–8-qo‘shma soni) va “O‘zbek el shoiri Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li” (“Alanga” jurnali, 1928-yil 10–11-qo‘shma soni), deb ataldiki, buning mohiyati keyinchalik V. M. Jirmunskiy bilan hamkorlikda yaratilgan “O‘zbek xalq qahramonlik eposi” monografiyasida har tomonlama ochib berildi[1; B.23.]. Mualliflar ushbu fundamental monografiyada xalq poeziyasida va xalq qahramonlik dostonlarining bizgacha yetib kelishida xalq baxshilarining, doston ijrochilarining xizmati ayricha ekanligini alohida ta’kidlab, shunday yozgan edilar: “Har qanday xalq poeziyasi, jumladan, xalq qahramonlik eposi, o‘ziga xos jonli og‘zaki an’ana sharoitida rivojlanadi, bunda yoddan ijro etish qisman ijodiy badihago‘ylik bilan bog‘liq. Shu tariqa, xalq baxshisi siymosida badiiy asar ijrochisi va uning ijodkori (yoxud, kamida, hammuallifi) gavdalanadi. Shu sababli, xalq poeziyasini tushunish uchun uning yashash sharoitlari va avvalambor, xalq ijodkorlari – bir vaqtning o‘zida muallif hamda qo‘shiq ijrochilari bilan tanishish katta ahamiyatga ega”[1; B.7.]. Hodi Zarif o‘zbek baxshilari haqida ma’lumotlar to‘plab, ularning ijodi, hayoti, ustoz-shogirdlik an’analari va o‘zbek dostonlarining qaysi baxshi qay darajada ijro etganligiga ahamiyat bergan hamda chuqur tadqiq etgan. U ekspeditsiyalarga borgan joyida xalq baxshilari, shoirlari va qo‘shiqchilarini izladi, ularning ijodi hamda repertuarini yozib oldi. Ushbu ma’lumotlar folklorshunoslik ilmining eng kerakli qismi, og‘zaki ijodning yashovchanligiga ilmiy baho berishda kerakli hujjat ekanligini angladi. Hodi Zarif o‘zbek baxshilarining ijodiga, ularning baxshi bo‘lish yo‘llariga, ular reperturidagi dostonlarning variantlariga ham ahamiyat berdi. Xalq dostonlarini keng omma orasida kuylash va avloddan-avlodga yetkazishda o‘tmishda ham, hozir ham eng asosiy va faxrli o‘rinda baxshilar bo‘lgan. Demak, baxshi dostonchilikda, ijodkorlik va ijrochilikni o‘zida mujassamlashtirgan san’atkordir. Olim har bir dostonchi yoki dostonchilar guruhining o‘ziga xos yo‘li, uslubi borligini aniqlagan olim uni shartli ravishda baxshilar maktabi deb atadi va Qo‘rg‘on, Bulung‘ur hamda Shahrisabz kabi dostonchilik maktablari va Xorazm dostonchiligi yo‘nalishlariga ajratgan edi[5; B.11.]. Ammo, sovet qatag‘on yillarida bunday ezgu ishlarni davom ettirish g‘oyatda murakkab edi. Aksariyat ziyolilar bu yillarda jisman yo‘q qilib yuborildi. To‘plangan materiallarning juda oz qismigina nashr etildi, qolganlari arxivlarga topshirilmadi, keyinroq ayrim to‘plovchilarning (Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Elbek, G‘ulom Zafariy va boshqalarning) qatag‘on qilinganligi tufayli ular bizgacha yetib kelmadi . E’lon qilingan materiallarning o‘ziyoq o‘zbek folklorining g‘oyatda boyligini namoyish qilish bilan birga, uni har tomonlama to‘plash va o‘rganish zarurligini ham ko‘rsatdi[11; B.4.]. Totalitar tizim sharoitida boshqa badiiy asarlar kabi folklor asarlari ham diniy

mazmundan, o‘tmishni va xonlarni ulug‘lash yoki ortiqcha maqtashlar, umuman olganda, sotsialistik mafkuraga mos kelmaydigan syujetlardan tozalanib, chop etilganini eslash joiz. Ushbu masalaga bolsheviklar partiyasi rahbariyati ilk bor safarbar qilgan siyosiy va adabiy tanqidchilar e’tiborini qaratgan. Milliy ziyolilarimizning o‘lka tarixi, etnografiyasi, topografiyasi, osoriatiqalari tarixini o‘rganish, ularni kelajak avlodga yetkazishni o‘z maqsadlariga aylantirdilar. Ularning ushbu masaladagi ilmiy tadqiqotlari milliy tarixiy o‘lkashunoslikning vujudga kelishi va shakllanishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI 1. Жирмунский В. М., Зарифов Х. Т. Узбекский народный героический эпос. – М.: ОГИЗ, 1947. 2. Жўраев М. Фольклоршунослик асослари. – Тошкент: Фан, 2009. 3. Мирзаев Т. Ҳоди Зариф суҳбатлари. – Тошкент: Shams-asa, 2013. 4. Маориф. – 1918. – №1–2. 5. Мирзаев Т. Ҳ. Т. Зарифовнинг илмий ижоди // Ўзбек халқ ижоди. – Тошкент: Фан, 1967. 6. Ўзбекистоннинг янги тарихи. Иккинчи китоB. Ўзбекистон совет мустамлакачилиги даврида. – Тошкент: Шарқ, 2000. 7. Шокир Сулаймон, Раҳим Али. Янги достонлар (Ўзбекни ўрганиш қўмитаси томонидан) “Алпомиш”, “Якка Аҳмад”, “Кун тувмиш” достонлари ёзиб тугатилган // Қизил Ўзбекистон. – 1926. – 17 июнь; Ҳоди Зариф суҳбатлари. – Тошкент: Shams-asa, 2013. 8. Эшниёзова Г. Фолклоршунослик ва этнографиянинг фан сифатида шаклланиш тарихи // Science and Education" Scientific Journal November. – 2020. – Volume 1, Issue 8. 9. Ғози Олим. Инқилоб ва ўлкани ўрганиш ишлари // Маориф ва ўқитғучи. – 1928. – № 9. 10. Ғози Олим (Юнус). Ўзбекларда эл таниш иши // Туркистон. – 1922 йил 18 декабрь. 11. Ғафур Ғулом. Фольклордан ўрганайлик // Ўзбек адабиёти ва санъати. – 1939. – №4. 12. Ҳошим О. Ўзбек фольклори тўғрисида // Совет адабиёти. – 1935. – №7–8.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar12 ta adabiyot

  1. Жирмунский В. М., Зарифов Х. Т. Узбекский народный героический эпос. – М.: ОГИЗ, 1947.
  2. Жўраев М. Фольклоршунослик асослари. – Тошкент: Фан, 2009.
  3. Мирзаев Т. Ҳоди Зариф суҳбатлари. – Тошкент: Shams-asa, 2013.
  4. Маориф. – 1918. – №1–2.
  5. Мирзаев Т. Ҳ. Т. Зарифовнинг илмий ижоди // Ўзбек халқ ижоди. – Тошкент: Фан, 1967.
  6. Ўзбекистоннинг янги тарихи. Иккинчи китоB. Ўзбекистон совет мустамлакачилиги даврида. – Тошкент: Шарқ, 2000.
  7. Шокир Сулаймон, Раҳим Али. Янги достонлар (Ўзбекни ўрганиш қўмитаси томонидан) “Алпомиш”, “Якка Аҳмад”, “Кун тувмиш” достонлари ёзиб тугатилган // Қизил Ўзбекистон. – 1926. – 17 июнь; Ҳоди Зариф суҳбатлари. – Тошкент: Shams-asa, 2013.
  8. Эшниёзова Г. Фолклоршунослик ва этнографиянинг фан сифатида шаклланиш тарихи // Science and Education" Scientific Journal November. – 2020. – Volume 1, Issue 8.
  9. Ғози Олим. Инқилоб ва ўлкани ўрганиш ишлари // Маориф ва ўқитғучи. – 1928. – № 9.
  10. Ғози Олим (Юнус). Ўзбекларда эл таниш иши // Туркистон. – 1922 йил 18 декабрь.
  11. Ғафур Ғулом. Фольклордан ўрганайлик // Ўзбек адабиёти ва санъати. – 1939. – №4.
  12. Ҳошим О. Ўзбек фольклори тўғрисида // Совет адабиёти. – 1935. – №7–8.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011150
Nashr sanasi
2025-09-02
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
Jild
1
Son
2
DOI
10.66073/refocus-conf/124
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
12–18
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
22026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25