DAVLAT-XUSUSIY SHERIKLIK TUSHUNCHASINING MAZMUN VA MOHIYATI, UNING IJTIMOIY-FALSAFIY AHAMIYATI
Juraev Alisher Tulkinboyevich“University of Business and Science”“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi.2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 338–346
Annotatsiya
Mazkur maqolada davlat-xususiy sheriklik tushunchasining mazmun va mohiyati, uning ijtimoiy-falsafiy ahamiyati, hamda uning O‘zbekistondagi rivojlanish tendensiyasi xususida so‘z yuritilgan.
Boshqa tillarda
ruschaСОДЕРЖАНИЕ И СУЩНОСТЬ ПОНЯТИЯ ГОСУДАРСТВЕННО-ЧАСТНОГО ПАРТНЕРСТВА, ЕГО СОЦИАЛЬНО-ФИЛОСОФСКОЕ ЗНАЧЕНИЕ
В данной статье рассматриваются значение и сущность понятия государственно-частного партнерства, его социально-философское значение, а также тенденции его развития в Узбекистане.
inglizchaTHE CONTENT AND ESSENCE OF THE CONCEPT OF PUBLIC-PRIVATE PARTNERSHIP, ITS SOCIAL-PHILOSOPHICAL SIGNIFICANCE
This article discusses the meaning and essence of the concept of public-private partnership, its socio-philosophical significance, and its development trend in Uzbekistan.
Kalit so‘zlar
- Davlat-xususiy sheriklik munosabatlari
- “Singapur mo‘jizasi”
- ta‘lim falsafasi
- “davlat” va “nodavlat”
- “inson kapitali”
- “ijtimoiy kapital”
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.
DAVLAT-XUSUSIY SHERIKLIK TUSHUNCHASINING MAZMUN VA MOHIYATI, UNING IJTIMOIY-FALSAFIY AHAMIYATI
THE CONTENT AND ESSENCE OF THE CONCEPT OF PUBLICPRIVATE PARTNERSHIP, ITS SOCIAL-PHILOSOPHICAL SIGNIFICANCE
СОДЕРЖАНИЕ И СУЩНОСТЬ ПОНЯТИЯ ГОСУДАРСТВЕННОЧАСТНОГО ПАРТНЕРСТВА, ЕГО СОЦИАЛЬНО-ФИЛОСОФСКОЕ ЗНАЧЕНИЕ
Jurayev Alisher Tulkinboyevich “University of Business and Science”“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi oʻqituvchisi. e-mail: Tulkinboyevich@mail.ru Tel: [telefon raqami yashirilgan]
Annotatsiya Mazkur maqolada davlat-xususiy sheriklik tushunchasining mazmun va mohiyati, uning ijtimoiy-falsafiy ahamiyati, hamda uning O‘zbekistondagi rivojlanish tendensiyasi xususida so‘z yuritilgan. Abstract. This article discusses the meaning and essence of the concept of public-private partnership, its socio-philosophical significance, and its development trend in Uzbekistan. Аннотация. В данной статье рассматриваются значение и сущность понятия государственно-частного партнерства, его социально-философское значение, а также тенденции его развития в Узбекистане. Kalit so‘zlar. Davlat-xususiy sheriklik munosabatlari, “Singapur mo‘jizasi”, ta’lim falsafasi, “davlat” va “nodavlat”, “inson kapitali”, “ijtimoiy kapital”. Key words. Public-private partnership, "Singapore miracle", educational philosophy, "state" and "non-state", "human capital", "social capital". Ключевые слова. Государственно-частное партнерство, «Сингапурское чудо», философия образования, «государственное» и «негосударственное», «человеческий капитал», «социальный капитал».
Yangi O‘zbekistonni barpo etish, yuksak taraqqiyotni ta’minlash faqat bitta yo‘l – ta’lim sohasini isloh qilish, ta’limda davlat monopoliyasiga chek qo‘yish emas, aksincha, davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish istiqbolli ekanligi bugunga kelib ayon bo‘ldi. Bunday aksioma Singapur davlat yetakchisi Kuang Yung Lining “Singapur mo‘jizasi” faqat ta’lim orqali yuz berganligi xulosalaridan ham kelib chiqadi. Davlat-xususiy sheriklik keng qamrovli bo‘lib, u ta’lim sohasidan tashqari qator muhim sohalar – energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ekologiya, kommunal xizmatlar, suv xo‘jaligi kabi
muhim infratuzilmalar bilan bog‘liq ekanligi kunday ravshan bo‘ldi. Zero, milliy mustaqillikka erishganimizga 30 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ta’limdagi islohotlarda jo‘yali bir to‘xtamga kela olmaganimiz ayni haqiqat. G‘arb ta’lim tizimiga (Boloniya konferensiyasi) taqlidchilik, ko‘r-ko‘rona innovatsiyalar, turli eksperimentlar o‘zini oqlamaganligi ham aniq fakt [1]. Muammoga falsafiy yondashilgandagina bu holatning “sababi”ni bilish mumkin. Ta’lim falsafasi orqali ta’lim rivojlanishi vektorini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Muammoga falsafiy metodologiya orqali yondashilganda bitta muhim aksioma ravshanlashadi: iqtisodiy, siyosiy, madaniy islohotlar faqat va faqat zamonaviy ta’lim, zamonaviy infratuzilma shakllantirilgandagina yuqori taraqqiyotga, yuksalishga erishish mumkin. Buning birdan-bir talabi – faqat davlat ta’lim tizimiga emas, balki nodavlat, xususiy ta’lim tizimiga ham tayanish, ular o‘rtasida sheriklik munosabatlarini shakllantirish va ikkisi yo‘nalishini bitta nuqtaga – milliy manfaatlar atrofida integratsiyalashtirishga erishishdir. Ushbu maqolada mazkur muammoning konseptual asoslariga e’tibor qaratamiz. Ta’kidlash joizki, bu muammo o‘z qamrovi va ahamiyatiga ko‘ra bugungi kunda milliy ta’lim tizimi chegarasidan allaqachon chiqqan. U global ahamiyat kasb etmoqda. Rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlar zamonaviy ta’lim innovatsiyalarini amaliyotda qo‘llab, xususan, davlat-xususiy sheriklik munosabatlariga allaqachon o‘tgan. Bugungi robototexnika, IT texnologiyalari, sun’iy aql loyihalari zamonaviy ta’lim texnologiyalari ostida rivojlanmoqda. Bu – quruq gap, safsata emas. Buni BMT tomonidan 2008-yil qabul qilingan davlatxususiy sheriklik munosabatlarini samarali boshqarish masalasiga doir amaliy tavsiyanoma isbotlaydi [2]. O‘zbekistonda ta’lim falsafasining nochorligi falsafa metodologik salohiyatiga bepisandlik, falsafani faqat marksizm-leninizm sinfiy ko‘rinishidagi dialektik va tarixiy materializm bilan aynanlashtirish, savodsizlik oqibatidir. Bunga misol, “davlat” va “nodavlat” deganda ularga dogmatik qarash, davlatxususiy sherikchilik “kategoriya”sini xususiylashtirish bilan aynanlashtirish, konseptual jihatdan ular o‘rtasidagi farq va tafovut haqida tushunchaga ega emaslikdir. Tushunchaviy pala-partishlik, oddiy formal logika talablari va qoidalariga rioya qilmaslik (aniqrog‘i – mantiq sohasida besavodik) noto‘g‘ri tafakkurga yo‘l ochadi. Buning matematik modelini yaratish mumkin. Chunki matematika, hisoblash aniqlik, izchil aqliy harakatni taqozo etadi. Zero, matematika, fizika, ximiya, umumtabiiy, aniq fanlar asosan mantiqiy fikrlashga asoslanadi. Ta’lim sohasidan falsafani, falsafa fani mantig‘ini (Aristotel formal logikasini) surib chiqarish, demagogiya, “sofizm”, oxir-oqibat sohani boshi berk ko‘chaga boshlaydi. Davlat-xususiy sherkilik innovatsion hamkorligi nafaqat ta’limda, balki iqtisod, moliya, sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va h.k. sohalarda ham kuzatiladi. Jamiyatda hatto loyihalashtirish, ta’mirlash va boshqarish sohalarida ham davlat-xususiy sherkilik munosabatlariga o‘rin bor. Shu bois “davlat-xususiy sherkilik” tushunchasini falsafiy kategoriya sifatida olib qarash va baholash
bizning nazarimizda yetarli asoslarga ega. Bu xususda taniqli mutaxassislar jo‘yali metodologik prinsiplarni taklif etadilar. Masalan, iqtisodchi olimlardan S.K.Soliyev davlat-xususiy sherkilik munosabatlari asosiy belgilari va tayanch prinsiplarini quyidagicha ifodalaydi: “- davlat infratuzilma va boshqa xizmatlarning xususiy sektor tomonidan ta’minlanishiga qaratilgan shartnomaviy kelishuv; - infratuzilma yoki xizmat boshqarilishining xususiy sektor tomonidan to‘liq yoki qisman qoplanishi; - tavakkalchilik xatari va olingan foydaning tomonlar o‘rtasida taqsimlanishi; - xarajatlarni kamaytirish yoki natijani maksimallashtirish natijasida sinergetik hamkorlik; - investitsiyalarni jalb qilishning yuqori darajasi; - innovatsiyalarni ishlab chiqish va qo‘llash imkoniyatlarining yuqoriligi; - moliyaviy cheklovlarning osonlashishi va pul mablag‘laridan samarali foydalanish imkoniyati; - infratuzilma xizmatlarining qisqa muddat ichida yetkazib berilish imkoniyatining mavjud ekanligi; - sheriklik munosabatlarining asosan uzoq muddatli tabiatga ega ekanligi” [3, 106]. Albatta, ushbu olim iqtisodchi sifatida muammoning moliyaviy daromad parametrlariga ustuvorlik beradi, iqtisodiy shartnomaviy xususiyatdan kelib chiqib davlat-xususiy sheriklik munosabatlarining asosiy belgilarini ta’riflaydi. Biroq shunga qaramay ushbu tasnifda asosiy jihat – davlat va sherik tomon o‘rtasidagi munosabatlarda birinchisining mas’uliyati asosiy ekanligiga urg‘u beriladi. Aytish kerakki, ushbu model O‘zbekiston sharoitida to‘laqonli ishlay olmaydi. Boisi – G‘arbda davlat sheriklik munosabatlarida ikki tomon moliyaviy jihatdan mustaqil mavqeda turadi. Ushbu tafovutni bilish uchun muammoning huquqiy-me’yoriy xususiyatlariga e’tibor qaratish lozim. Muammoga ijtimoiy-falsafiy yondashilganda – davlat-xususiy sheriklik munosabatlari faqat bozor munosabatlari sharoitida shakllanadi. Markazlashgan, rejali iqtisodiyotga, ishlab chiqarishda davlat monopoliyasi mavjud sharoitda nafaqat davlat-xususiy sheriklik, balki davlatga muqobil, xususiy ishlab chiqarishga ham huquqiy sharoit yaratilmaydi. Shu bois davlat-xususiy sheriklik munosabatlari suveren, demokratik taraqqiyot yo‘lidan sobitqadamlik bilan borayotgan O‘zbekiston uchun islohotlarning natijasi va ulkan yutug‘idir. Hozirgi zamonda jahonning demokratik taraqqiyot yo‘lidan borayotgan davlatlarida davlatning ijtimoiy hayotda biron bir monopol, yakkahokimligi holatiga yo‘l qo‘yilmaydi. Aslida mantiqan shunday bo‘lishi ham kerak. Chunki jamiyat davlat manbaidir, davlat jamiyat qo‘llab-quvvatlashisiz barqaror rivojlana olmaydi. Buni qadimgi yunon mutafakkirlari Platon, Aristotel, Epikur va boshqalar allaqachonlar anglab yetishgan. G‘arb Uyg‘onish, Reformatsiya davrlari, XVII–XVIII asr fransuz va ingliz burjua inqiloblaridan so‘ng bu
haqiqatni golland faylasuflari Gugo Goratsio, B.Spinoza va boshqalar ro‘y-rost o‘z davri taraqqiyoti uchun, mutlaq monarxiya yakkahokimligiga barham berib, inson tabiiy huquqlari demokratik munosabatlarni taqozo qilishini nazariy jihatdan asoslashga urindilar. Ingliz mutafakkirlari J.Lokk, Ye.Gobbs va fransuz mutafakkiri Sh.Monteskening hokimiyatlar bo‘linishi lozimligi haqidagi buyuk g‘oyalari shu zaylda yuzaga chiqqan. O‘zbekistonda milliy mustaqillikka erishilganiga o‘ttiz yil o‘tgandan keyingina davlat xususiy sherikligi lozimligi anglab yetildi. Ungacha Birinchi Prezident I.Karimovning “o‘zbek modeli”ning asosiy prinsiplaridan “Davlat – bosh islohotchi”lik tamoyili ustuvor bo‘lgan. Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology). 2017-yildan bozor munosabatlariga o‘tish konsepsiyasi va uning vektori Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan tubdan o‘zgartirildi – “Jamiyat – bosh islohotchi” degan prinsip xalqimizga taklif etildi. 2017-yil sentyabrda esa “ma’muriy islohotlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, bozor munosabatlariga o‘tishda tub inqilobiy (bemalol ta’kidlash mumkin) o‘zgarish yuz berdi: “Xalqimiz davlatga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi”, “Xalq rozi bo‘lishi” kerak degan purma’no demokratik shior o‘rtaga tashlandi. Bu – xalq ijodkorligiga, bo‘g‘ilib, to‘lib-toshib turgan suv havzasidan ariq ochib yuborilganidek kuchli ta’sir qildi – bunyodkorlik ishlari faqat davlat tashabbusi bilan tadbirkor, ishbilarmon xalqimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. 5-6 yil ichida avvalgi 15-20 yil ichida qilingan bunyodkorlik ishlariga teng o‘zgarishlar yuz berdi – mamlakat barcha sohalarda qurilish maydonchasi tusini oldi. Bu jarayon eng muhim, mamlakat taqdirini belgilovchi soha – ta’lim sohasini ham qamrab oldi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi (1997 yil) Qonun qayta qabul qilindi, Konstitutsiyamiz ham hayot talablari asosida qayta ishlab chiqildi. Eng muhimi – o‘qituvchi, murabbiy, ustoz huquqiy maqomi Konstitutsiyaning tegishli moddalari bilan mustahkamlandi. Darhaqiqat, ta’lim bu – jiddiy va muhim soha. Bilimsiz bozor munosabatlariga kirish mumkin, biroq uning qonuniyatlarini bilmasdan biron bir jiddiy samaraga erishish qiyin. Buning uchun iqtisodiy va huquqiy bilimlardan xabardor bo‘lish, har bir masalaga falsafiy (oqilona) nuqtai nazardan yondashish va baholash zarur. O‘zbekistonda inson qadr-qimmati, sha’ni qadrlanadigan insonparvar jamiyat shakllantirishga bel bog‘langan. Buni Prezident Sh.Mirziyoyev “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi”da ham aks ettirgan. 2023-yil Inson qadr-qimmatini ulug‘lash yili deb bejiz baholanmagan. Bugungi davlat boshqaruvi “piramida” emas, balki “gorizontal” ko‘rinish qiyofasiga kirmoqda. Davlat-xususiy sheriklik munosabatlari – davlat va nodavlat institulari o‘rtasida teng huquqlilik munosabatlarini talab qiladi. Kamsitish, davlat nomidan nodavlat, demak, jamoaviy institutni “ezish”, kalondimog‘lik qilish mumkin emas. Davlat-xususiy sheriklik munosabatlarining “umurtqa pog‘ona”si – teng huquqlilik, o‘zaro munosabatlarda qonun ustuvorligidir. Buni 2019-yil 26-aprelda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan 2019-yil 3-mayda ma’qullangan “Davlat-xususiy
sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyatidan bilsa bo‘ladi. Huquqiy jihatdan qaraganda ushbu Qonunning maqsadi – davlat-xususiy sheriklik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. “Shartnoma” kategoriyasi Qonunda keng siyosiy ma’no kasb etadi. Buni faqat muammoga falsafiy yondashilsagina anglash mumkin. Chunki “shartnoma” kategoriyasi mazmuni faqat huquqiy emas, balki siyosiy, axloqiy va iqtisodiy mazmunga ham ega. Agar formal mantiq qonunlari yetarli asos va qonunlari nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, davlat-xususiy sheriklik munosabatlari shartnomaviy munosabatlarning faqat bir, juz’iy ko‘rinishidir. Buni masalaga xalqaro huquq normalari orqali yondashish vositasida fahmlash mumkin. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining quvonarli jihati shundaki, milliy qonunchiligimiz xalqaro huquqiy me’yorlar va qadriyatlarni “implementatsiya” qilish orqali qaror topmoqda. Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonun bilan xalqaro shartnomaviy huquqiy normalar o‘rtasida ziddiyat, mos kelmaslik holatlari mavjud emas. Bu xususda Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 2-moddasida “Agar O‘zbekiston respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining davlatxususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqar shartnoma qoidalari qo‘lanadi”, deb baholanadi. Yuqoridagi jihatdan “davlat-xususiy sheriklik” kategoriyasining huquqiy mazmunini bilish uning ijtimoiy-falsafiy tahlili uchun muhim talabdir. Davlatxususiy sheriklik, yuqorida ta’kidlanganidek, faqat ta’lim sohasini aks ettirmaydi, iqtisodiy, energetik, transport-kommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va h.k. sohalarni ham qamrab oladi. Buni isbotlash uchun “Davlatxususiy sheriklik to‘g‘risida” berilgan ta’rifga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Falsafiy tahlil ham aynan qonunda belgilangan huquqiy ta’rif mazmunidan chiqishi zarur. Qonunda “Davlat-xususiy sheriklik – davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan ramiylashtirilgan davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishga asoslangan hamkorligi” deb ta’rif berilgan. Tom ma’noda ushbu ta’rif ijtimoiy-falsafiy jihatdan davlat-xususiy sheriklik munosabatlarining barcha ko‘rinishlari uchun metodologik ahamiyatga ega. - Tahlil va natijalar (Analysis and results). Davlat ta’limiga muqobil nodavlat ta’lim tizimini shaklantirish dunyoning barcha rivojlangan, demokratiya prinsiplari asosida faoliyat yurituvchi davlatlari uchun xos xususiyat. Demokratik davlatlarda davlat mulkidan tashqari xususiy mulkchilikning ham huquqiy maqomi yaratilgan. Mustaqillikka erishgan O‘zbekiston ham garchi dastlab bu masalada oqsagan bo‘lsa-da, keyinchalik xususiy mulkchilikka katta o‘rin bera boshladi, davlat mulkni xususiylashtirish siyosatini izchillik bilan olib bordi, xususan, tadbirkorlikka, oilaviy biznesga katta yo‘l ochdi. Aslida esa xususiylashtirish dastlab davlat-xususiy sheriklik siyosati asosida bo‘lmog‘i, davlat nazorati har qanday xususiy faoliyat ustidan saqlab
qolinishi lozim edi. Buning uchun davlat-xususiy sheriklik qonunini qabul qilish lozim edi. Bu – bo‘lmadi. Natijada muqaddam to‘laqonli, davlat sanoat qudratini ta’minlagan ishlab chiqarishga putur yetkazildi. Ushbu kontekstda O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik huquqiy mexanizmini tashkillashtirish muammosi paydo bo‘ldi. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasida “Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” asosida oliy ta’limni isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga, mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tamoqlarini rivojlantirish maqsadida oliy ta’lim sohasida davlatxususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, innovatsiyalarni jalb qilgan holda nufuzli xorijiy ilmiy muassasalar filiallari faoliyatini tashkil etish orqali oliy ta’limda raqobat muhitini yaratish borasida salmoqli amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda [4]. Davlat-xususiy sheriklik deganda ijtimoiy-falsafiy jihatdan qaraganda “davlat va nodavlat” munosabatlari nazarda tutiladi. Ta’lim sohasida bu davlat va xususiy ta’lim faoliyati masalasida ko‘zga tashlanadi. Ta’lim sohasidagi davlatxususiy sheriklik, J.Abdullayev fikricha, bu – davlat va biznes tizimlarining o‘zaro aloqalari bo‘lib, resurslarning barcha turlarini birlashtirishga asoslanadi [5], ta’lim sifatiga ta’sir qiladi. Ushbu tadqiqotchiga ko‘ra, oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish birinchi navbatda, innovatsion xarakterga ega bo‘lgan milliy iqtisodiyot talablarining tez-tez o‘zgarishi hisobga oladigan qator omillarga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Agar xalqaro siyosiy-huquqiy me’yoriy talablardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, bugun O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik munosabatlari ushbu talablardan ancha uzoq, ko‘proq kosmetik tabiatda ekanligi bilinadi. Masalan, kechagi institutni bugun “universitet”ga aylantirsak, uni malakali o‘qituvchi – professorlar, yuqori saviyali o‘quv dasturlari, ularga mos o‘quv materiallari bilan ta’minlamasak yuqori ta’lim sifatiga erishish qiyin. Moddiy-tenikani qo‘yib turaylik – kim dars beradi, darsning saviyasi, o‘qituvchining malakasi qay darajada ekanligi oliy ta’lim sifat ko‘rsatkichiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Bu – xuddi barchaning “moda”ga aylangan tadbirkorlikka bosh suqishi kabidir – tadbirkorda yetarli iqtisodiy, huquqiy, siyosiy bilim, yuksak ma’naviy fazilatlar qaror topgan bo‘lmasa – yuqori daromadga erishish mushkul. Xalq tili bilan ifodalaganda tadbirkorlik, bu ishga aralashgan kishining tabiatida, vujudida bo‘lishi lozim. Statistik ma’lumotlarga qaraganda 100 kishidan faqat 4-5 kishida tadbirkorlik iqtidori bo‘lishi mumkin. Bu – xuddi rassom, musiqachidagi kabi insonda qobiliyat, iqtidor bo‘lmasa, undan malakali mutaxassis chiqmaydi, u faqat “havaskor” yoki “taqlidchi” maqomida qolaveradi. Buni G‘arb olimi Jim Kollinz aniq va lo‘nda ifodalaydi – “kadrlar, mutaxassislar sifati – ta’lim sifati,
kim degan so‘z nima degan so‘zdan muhimroq”[7, 78]. Shu bois “inson kapitali”, “ijtimoiy kapital” degan kategoriyalarning muomalaga kiritilishi, ushbu muammoning falsafiy tabiatidan darak beradi. Albatta, bugun IT, informatika, telegram, raqamli dasturlar, sun’iy aql texnikalari ommalashmoqda. Biroq garchi avtomatik tizimlarning evristik imkoniyatlari cheksiz bo‘lsa-da, jonli inson omili qadri va ahamiyati vertuallashgan reallikda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Oliy ta’lim tizimida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish ko‘p jihatdan ularning moliyaviy qobiliyatlariga bog‘liq. Agar nodavlat o‘quv dargohi faqat davlat dotatsiyasi hisobiga faoliyat yuritsa, o‘zini-o‘zi ta’minlash qobiliyatiga ega bo‘lmasa u istiqbolsizdir. Bunday ta’lim dargohi o‘z “sherigi” – davlat oliy ta’lim muassasasi qudratidan zaif bo‘ladi, u bilan raqobat qila olmaydi. Biroq bugun O‘zbekistonda (balki vaqtincha) xususiy ta’lim dargohlari moliyaviy qudrati davlat ta’lim muassasalaridan ancha yuqoriligi kuzatiladi. Shu bois oliy ta’lim tizimida o‘ziga xos “intellektual migratsiya” tendensiyasi yuzaga kelgan. Bugun malakali professor-o‘qituvchi, malakali mutaxassis xorij OTMlarini emas, ko‘proq yuqori maosh to‘lash qobiliyatiga ega xususiy o‘quv dargohlarini ko‘zlamoqda. Buning ijobiy tomonlari ham bor – dialektika qonunlariga binoan qarama-qarshiliklar kurashi – rivojlanish manbai, asosidir. Yaxshilik, ezgulik yovuzlik, yomonlikka nisbatan bo‘lganligi sabab, ta’lim sohasida ham eskirgan qoloq tizimdan yangi, modernizatsiyalashgan tizimga o‘tish ta’lim sifatini oshiradi, taraqqiyotning turli sohalarda kuzatilishiga olib keladi. - Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations). “Ta’lim falsafasi” muammolari bo‘yicha salmoqli ilmiy tadqiqotni amalga oshirgan R.D.Yuldashev bu xususda “ta’lim jarayonidagi “ob’yekt-ob’yekt”, “ob’yektsub’yekt”, “sub’yekt-sub’yekt” munosabatlari dialektik va sinergetik tarzda kechishi mumkin. Bu yerda dialektik kechish: a) sabablarga ko‘ra – dialektik qarma-qarshilik; inkorni inkor, miqdor va sifatning bir-biriga o‘tishi; b) shakllariga ko‘ra bosqichma-bosqich tanaffuslar, sakrash, spiral tarzda harakatlanish, oddiydan murakkablikka qarab yo‘nalish; v) xususiyatlariga ko‘ra – sababiylik, tasodifni zaruratning bir shakli sifatida qarash; g) omillariga ko‘ra – ob’ektivlik, sub’ektivlik, qonuniylik; tendensiyalilik; d) natijalariga ko‘ra – oxirgi natijaning zaruriyligi; harakatning qaytishi; qandaydir o‘zgarishning sodir bo‘lishi; j) bilish usuli va natijalarini tekshirishga ko‘ra – abstraktlikdan konkretlikka va aksincha, konkretlikdan abstraktlikka o‘tish; ye) amaliyotning haqiqat mezoni ekanligi bilan xarakterlanadi”[8], deb to‘g‘ri ta’kidlaydi. Muallifning ushbu konseptual paradigmasi mazkur dissertatsion tadqiqotimiz uchun, ta’limda innovatsion jarayonlarning falsafiy tahlili uchun , shubhasiz, metodologik ahamiyat kasb etadi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar8 ta adabiyot
- Юлдашев Р.Д. Таълим фалсафаси – таълим жараёнини ривожлантиришнинг назарий-концептуал асоси: Фалсафа фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD) диссеертацияси. – Самарқанд, 2019.
- Практическое руководство по вопросам эффективного управления в сферее ГЧП // Организация Объединенных Наций. – Нью Йорк и Женева, 2008. ISBN: 978-92-1-4160403.
- Салаев С.К., Абдикаримова З.Б. Давлат-хусусий шеркилик инновацион ҳамкорлик модели: фарқли жиҳатлар ва асосий белгилар // “Иқтисодиёт ва инновацион технологиялар” журнали. – 2022. – №6.
- Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2019 йил 8 октябрдаги ПФ-5847-сонли “Ўзбекистон Республикасида олий таълим тизимини 2030 йилгача ривожлантириш концепциясини тасдиқлаш тўғрисида”ги Фармони// www.lex.uz.
- Абдуллаев Ж.А. Олий таълим соҳасида давлат-хусусий шериклик механизмларини қўллашдаги муаммолар ва уларни бартараф этиш йўллари // “Иқтосидиёт ва инновацион технологиялар” илмий электрон журнали. – 2019. – №6. http.iqtisodiyot.tsul.uz.
- XXI аср учун олий таълимнинг бутунжаҳон декларацияси. – Париж, Франция, 1998.
- Коллинз Дж. От хорошего к Великому. – М., 2011.
- Юлдашев Р.Д. Талим фалсафаси таълим жараёнини ривожлантиришнинг назарий-концептуал асоси: Фалсафа фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD) диссертацияси автореферати. – Самарқанд, 2019.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011131
- Nashr sanasi
- 2025-09-02
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 2
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/103
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 338–346
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25