XIX ASR OXIRI – XX ASR BOSHLARIDA MARG‘ILON SHAHRIDAGI TA‘LIM TIZIMI
Madaminov is the son of Ulug‘bek MakhamadjonUniversity of Business and Science, Ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi.2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 268–275
Annotatsiya
Ushbu maqolada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Marg‘ilon shahrida shakllangan ta‘lim tizimi o‘rganiladi. Unda an‘anaviy maktablar va madrasalar faoliyati, yangi usuldagi maktablarning paydo bo‘lishi, ularning ijtimoiy va madaniy hayotdagi o‘rni tahlil qilinadi. Shuningdek, o‘sha davrdagi ta‘lim muassasalarining tarkibi, darsliklar, o‘qituvchilar tarkibi hamda hukumat siyosatining ta‘limga ta‘siri yoritiladi.
Boshqa tillarda
ruschaСИСТЕМА ОБРАЗОВАНИЯ В ГОРОДЕ МАРГИЛАН В КОНЦЕ XIX – НАЧАЛЕ XX ВЕКА
В статье рассматривается система образования в городе Маргилан в конце XIX – начале XX века. Анализируется деятельность традиционных школ и медресе, а также появление новых методов обучения. Особое внимание уделяется роли образовательных учреждений в общественной и культурной жизни, составу преподавателей, учебным программам и влиянию государственной политики на сферу образования.
inglizchaTHE EDUCATION SYSTEM IN THE CITY OF MARGILAN AT THE END OF THE 19TH AND THE BEGINNING OF THE 20TH CENTURY
This article examines the education system in the city of Margilan at the end of the 19th and the beginning of the 20th century. It analyzes the function of traditional schools and madrasas, the emergence of new-method schools, and their role in social and cultural life. The study also highlights the structure of educational institutions, curricula, teaching staff, and the impact of governmental policies on education.
Kalit so‘zlar
- Marg‘ilon
- ta‘lim tizimi
- maktab
- madrasa
- jadidchilik
- o‘qituvchi
- o‘quv dasturi
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
XIX ASR OXIRI – XX ASR BOSHLARIDA MARG‘ILON SHAHRIDAGI TA'LIM TIZIMI
СИСТЕМА ОБРАЗОВАНИЯ В ГОРОДЕ МАРГИЛАН В КОНЦЕ XIX – НАЧАЛЕ XX ВЕКА
THE EDUCATION SYSTEM IN THE CITY OF MARGILAN AT THE END OF THE 19TH AND THE BEGINNING OF THE 20TH CENTURY
Madaminov Ulug`bek Maxamadjon o`g`li University of Business and Science, Ijtimoiy fanlar kafedrasi o’qituvchisi.
Annotatsiya Ushbu maqolada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Marg‘ilon shahrida shakllangan ta’lim tizimi o‘rganiladi. Unda an’anaviy maktablar va madrasalar faoliyati, yangi usuldagi maktablarning paydo bo‘lishi, ularning ijtimoiy va madaniy hayotdagi o‘rni tahlil qilinadi. Shuningdek, o‘sha davrdagi ta’lim muassasalarining tarkibi, darsliklar, o‘qituvchilar tarkibi hamda hukumat siyosatining ta’limga ta’siri yoritiladi. Kalit so‘zlar Marg‘ilon, ta’lim tizimi, maktab, madrasa, jadidchilik, o‘qituvchi, o‘quv dasturi.
Аннотация В статье рассматривается система образования в городе Маргилан в конце XIX – начале XX века. Анализируется деятельность традиционных школ и медресе, а также появление новых методов обучения. Особое внимание уделяется роли образовательных учреждений в общественной и культурной жизни, составу преподавателей, учебным программам и влиянию государственной политики на сферу образования. Ключевые слова Маргилан, система образования, школа, медресе, джадидизм, учитель, учебная программа.
Abstract This article examines the education system in the city of Margilan at the end of the 19th and the beginning of the 20th century. It analyzes the function of traditional schools and madrasas, the emergence of new-method schools, and their role in social and cultural life. The study also highlights the structure of educational institutions, curricula, teaching staff, and the impact of governmental policies on education. Keywords Margilan, education system, school, madrasa, Jadidism, teacher, curriculum.
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning boshlarida Markaziy Osiyoda ilm dargohlarini asosini madrasalar tashkil etgan. Shuningdek, eski usul musulmon maktablari, qorixona, otin oyi maktablari ham aholi savodxonligini chiqarishda muhim rol o‘ynagan. Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini tugatgandan so‘ng mustamlakachilar tashkil etgan rus-tuzem maktablari ochilgan bo‘lsa-da, aholini asosiy qismi yuqorida qayd etilgan ilm maskanlarida tahsil olishar edi. Shuningdek, XIX asr oxirlarida jadid maktablarini paydo bo‘lishi ham muhim ahamiyat kasb eta boshlagan [1. 30-31].
Turkiston general-gubernatorligi hududida Farg‘ona vodiysida joylashgan yirik shaharlar diniy muassasalarga qarashli madrasa va eski usul maktablari soni jihatidan yuqori salohiyatga ega bo‘ldi. Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, Namangan, Xo‘jand kabi yirik shaharlarda diniy muassasalar, ilm maskanlari, XX asr boshlaridagi rus-tuzem maktablari yangi usul jadid maktablariga nisbatan katta miqdorni tashkil etgan. Marg‘ilon shahrida ham ta'lim tizimini barcha tarmoqlari mavjud bo‘lgan. Shahardagi masjidlarda boshlang‘ich diniy maktablar mavjud bo‘lgan. Ularda o‘g‘il bolalarni o‘qitish majburiy hisoblangan. Bunday maktablar masjidlar qoshida ochilganligi uchun o‘qituvchilar yoki ustozlik vazifasini masjid imomi, so‘fisi bajargan. Boshlang‘ich maktablar ya'ni qorixonalar, madrasalar qoshida ham ochilgan. Shuningdek, boy badavlat kishilar o‘z farzandlarini o‘qitish uchun bunday maktablarni o‘z uylarida tashkil etgan. Ular o‘z maktabida tajribali o‘qituvchi-mudarrislarni taklif etganlar [2. 40-41]. Marg‘ilonda yana bir ilm maskanlaridan biri diniy musulmon maktablari ham mavjud bo‘lib, ular aholi savodxonligini ko‘tarishda muhim rol o‘ynagan. Marg‘ilonda mavjud bo‘lgan diniy maktablar islom dini kirib kelishi bilan dastlab masjidlar qoshida ochila boshlagan, keyinchalik ham masjidlardagi hujralarda faoliyatini davom ettirgan. Diniy usul maktablari bolalarga harflarni yozish, ifodali o‘qish, Hadislarni yodlash, ba'zi badiiy va falsafiy adabiyotlarni mutola qilishga ham o‘rgatgan. Deyarli barcha diniy usul maktablari bolalarni ota-onalaridan olinadigan mablag‘lar hisobiga ochilib, ulardan tushgan pul moddiy byudjetni tashkil etgan. Domlalarning daromadi bolalarning ota-onalaridan kelib turadigan turli-tuman sovg‘a-salomlardan iborat bo‘lgan. Marg‘ilonda 1875- yilda 433 ta musulmon maktablari bo‘lib, ularda 7340 nafar bola tahsil olgan bo‘lsa, 1898- yilga kelib, ularning soni 324 taga tushib qolgan va 3989 nafar bola bilim olishgan. Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida Marg‘ilondagi eski usul musulmon maktablari soni iqtisodiy va siyosiy vaziyatga qarab o‘zgarib turgan. Ayniqsa, chor hukumatining musulmon makatblariga nisbatan ba'zi tadbirlari natijasida maktablar va bolalar soni XX asr boshlariga kelib kamayib borganligini ko‘ramiz [3. 31]. Boshlang‘ich maktablarda o‘qitish uslubi o‘qituvchi (imom yoki so‘figa) bog‘liq bo‘lgan. Maktabga qabul qilish ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan. Ya'ni maktabga yangi kelgan o‘quvchi (mullavachcha) avval domla, so‘ngra katta, ilg‘or o‘quvchilar (xalfalar) qisqa-qisqa so‘zlarni o‘qib berish bilan uning eslab qolish qobiliyatini sinab ko‘rganlar. Bunday maktablar oddiy uy shaklida bo‘lib, o‘quvchilar (mullavachchalar) yerda bo‘yra ustida o‘tirib mutolaa qilishgan. Boshlang‘ich diniy maktablarda alohida sinf sistemasi mavjud bo‘lmagan. Mashg‘ulotlar doimo individual tartibda olib borilgan. O‘quvchilar yilning istalgan paytida qabul qilingan. O‘qishning dastlabki bosqichi arab «Alifbo»si yoki «Ustozi avval» kitoblaridagi arab imlosidagi harflarni o‘rganish bilan belgilangan. O‘quvchilar «Alifbo»ni yakunlagach, «Haftiyak»ni o‘qiganlar [4. 41]. «Haftiyak» Qur'onning yettidan bir qismidan iborat arabcha kitoblarni o‘rganish, Qur'on kitobini o‘rganishga tayyorgarlik vazifasini bajargan. «Haftiyak» yakunlangach, yana bir ikkita uncha katta bo‘lmagan, musulmonchilik asoslarini o‘rgatuvchi,
fors-tojik va turk tillaridagi «Chor kitob» va «So‘fi Olloyor» kabi kitoblar o‘qitilgan. So‘ngra «Qur'on»ni o‘rgatish boshlangan. Bunday maktablarda faqat o‘g‘il bolalargina o‘qishgan. Shuningdek, Marg‘ilonda Turkiston general-gubernatorligiga qarashli barcha shaharlar qatori ayollar savodxonligini chiqarish uchun mo‘ljallangan musulmon otin oyi maktablari ham mavjud bo‘lib, 1908- yilga kelib ular soni 25 tani tashkil etgan. Bu usuldagi maktablarda 330 nafar ayol tahsil olgan. Qiz bolalarni o‘g’il bolalar kabi maktabda o‘qishi majburiy bo‘lmagan. Shuning uchun otin oyi maktablari masjid qoshidagi musulmon diniy usul maktablariga nisbatan son jihatdan kam bo‘lgan. Otin oyi maktablari asosan kuchli ilmga ega bo‘lgan otinbibilar uylarida ochilgan hamda ta'lim olayotgan otin oyilarni o‘qishni, yozishni o‘rgatish bilan birga hatto uy ishlarini yuritishga ham tarbiyalagan [5. 30]. «Otinbuvi maktablari» o‘g‘il-bolalar maktablaridan farq qilib, «Qur'on» kamroq, fors-tojik va turk tilidagi asarlar ko‘proq o‘qitilgan. Yuqorida qayd etilgan eski usul musulmon maktablarida bolalar sovodxonligini chiqarish bilan cheklanib qolmay, «Haftiyak», «Chorkitob», «Kalomi sharif», «Maslakun muttaqin», So‘fi Olloyor, Xo‘ja Hofiz, Navoiy, Fuzuliy, Bedil kabi buyuk allomalarning falsafiy va badiiy asarlari ham o‘qitilgan. Boshlang‘ich maktablar soni Marg‘ilon shahri va uyezdida yildan yilga ortib borgan. 1984- yilda Farg‘ona viloyatida 1347 ta boshlang‘ich diniy maktab mavjud bo‘lsa, Marg‘ilon uyezdida shu yili 345 ta shunday maktab mavjud bo‘lgan. Yoki viloyat bo‘yicha shunday maktablarni 28%i Marg‘ilon uyezdi hisobiga to‘g‘ri kelgan [6. 42]. Marg‘ilonda shuningdek vaqf hisobiga ochilgan qorixonalar ham mavjud bo‘lgan. Qorixonalar alohida binolariga ham ega bo‘lib, vaqf daromadidan qurilgan, ba'zilari esa masjid va mozorlar qoshida faoliyat yuritgan. Marg‘ilonda XIX asr ikkinchi yarmida jami 21 ta qorixona bo‘lib, unda 395 nafar qori tahsil olgan. Qorixonalarda asosan Qur'oni Karimni qiroat bilan o‘qish, to‘liq yodlash maqsad qilib qo‘yilgan. Rossiya hukumati O‘rta Osiyoni bosib olgandan so‘ng mahalliy aholini rus muhitida tarbiyalashga, so‘ngra esa Rossiyadan ko‘chirib keltirilgan ruslar bilan mahalliy aholini aralashtirib yuborib, Turkistonda yevropacha turmushni shakllantirishga harakat qildi. Shuning natijasida 1880- yil imperiya Davlat Kengashida «Turkistondagi mahalliy aholi bolalarini ruslar bilan birgalikda o‘qitish» masalasi ko‘tarilgan. Bu masalaga Rossiya harbiy vaziri D. Milyutin hamda maorif vaziri graf Tolstoylar rozilik berishdi [7. 49]. Bu o‘tkazilajak tadbir Turkistonda ruslashtirish siyosatiga katta yordam berishini hisobga olib, o‘lkada 80- yillarning boshlaridanoq rus-tuzem maktablari tashkil etila boshlandi. Turkistonda boshlang‘ich maktablar ya’ni «rus-tuzem maktablari» tarmog‘ini yaratish loyihasini general-leytenant G. O. Rozenbax ishlab chiqdi. Turkistonda ruslashtirish siyosatini amalga oshirishda maktabning muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida Rozenbax shunday degan edi. «O‘lkani
ruslashtirish rejasini amalga oshirishda rus-tuzem maktablari katta ahamiyat kasb etishi lozim». 1884- yilda Toshkentda birinchi rus-tuzem maktabi ochilgan. XIX asrning oxirlariga kelib Turkistonda rus-tuzem maktablari yuzdan ortib ketdi. Bunday maktablar Turkistonning ko‘plab shaharlarida, volostlarda va katta kichik qishloqlarda tashkil etila boshlandi. Rus-tuzem maktablarida o‘quv kuni ikki qismdan iborat bo‘lib, kunning birinchi yarmida rus o‘qituvchisi o‘quvchilar bilan o‘qish, yozish, hisob-kitob darslarini olib borgan, ikkinchi yarmida esa o‘quvchilar bilan o‘zbek domlasi mashg‘ulotlar olib borgan. 1886- yilda Turkiston o‘lkasida 14 ta rus-tuzem maktablari mavjud bo‘lgan. Shu maktablardan 5 tasi Farg‘ona oblasti shaharlarida ochilgan. Marg‘ilon shahrida ham shu yili rus-tuzem maktabi ochilgan. Bu maktabda asosan mahalliy millat bolalari ta'lim olishgan. Rus muallimlari rus-tuzem maktablari uchun o‘ziga xos bo‘lgan o‘qish rejasi va dasturini tuzib, shu asosda ta'lim-tarbiya ishlarini olib bordilar. Yangi maktab (rus-tuzem maktabi) muallimlarining bir qismi o‘lkani o‘rganishlari natijasida to‘plagan materiallari asosida o‘qish kitoblari yoza boshladilar. Masalan: o‘qituvchi N. V. Ostroumov «Turkiston o‘lkasining geografiyasi» nomli kitob yozadi. Bu kitob tezda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz tillariga tarjima qilinib o‘lka maktablarida darslik sifatida o‘qitila boshlandi. O‘qituvchi G. S. Yachnik o‘lkada birinchi bo‘lib «Azbukadan so‘ng birinchi kitob» nomli mahalliy aholi bolalari uchun rus tilini o‘rganish qo‘llanmasini yozib chiqardi... 1884- yilda sharqshunos V. P Nalivkin o‘zbek-rus va rus-o‘zbek lug‘atini yozib, uni Qozon shahrida bosmadan chiqargan. O‘lkada rus-tuzem maktablarini nufuzini oshirish va «Buyuk Rossiya davlatining» ulug‘vorligi va qudratini ko‘rsatish maqsadida rus-tuzem maktabi o‘quvchilaridan Rossiya shaharlariga sayohatlar uyushtirildi. Ana shunday sayohatlardan birinchisi 1899- yil yozida tashkil etildi. Bu sayohatda 18 ta yerli millat vakillari rus-tuzem maktablari o‘quvchilari ishtirok etib, ikki hafta mobaynida Rossiyaning turli shaharlarini diqqatga sazovor joylarini tomosha qildilar. Sayohatchilar orasida Marg‘ilon rus-tuzem maktabi o‘quvchilari ham bo‘lgan. Shunday sayohatlar 1900 va 1902- yillarda ham tashkil etilgan. 1902- yilda uyushtirilgan sayohatda qatnashgan 20 o‘quvchidan 11 tasi Farg‘ona oblastining Marg‘ilon, Andijon va O‘sh shaharlaridan edi. Ruslashtirish siyosatining o‘lkada kengroq yoyish maqsadida rus-tuzem maktablari qoshida maxsus kurslar tashkil etila boshlandi. Bu kurslarda katta yoshdagi mahalliy millat vakillariga rus tili o‘rgatila boshlandi. 1897- yilda Marg‘ilon shahridagi rus-tuzem maktabida ham katta yoshdagi mahalliy millat uchun kurs ochilgan. Ushbu kursda shu yili 37 kishi o‘qigan. O‘lkada tashkil etilgan rus-tuzem maktablari ruslar tomonidan muntazam tarzda tekshirilib turilgan. 1912- yilda Turkistondagi rus-tuzem maktablari ishini Qozondagi o‘qituvchilar seminariyasining direktori Bobronikov tekshirib ko‘rgan. 1913- yilda Marg‘ilon shahrida bitta rus-tuzem maktabi mavjud bo‘lib, ushbu maktabda 53 ta o‘quvchi ta'lim olgan.
Rus maktablari bilan bir qatorda Turkistonda XlX asrning 90-yillaridan boshlab «Yangi usul» maktablari tashkil etila boshlangan. Shuni aloxida qayd etish joizki, o‘zbek mahrifatchiligining rivojida jadidlar alohida o‘rin egallaydi. Ular o‘lkada eski maktablarni isloh qilish, maishiy turmushni yaxshilash va boshqa muhim tashabbuslar bilan XIX asr oxirlaridayoq chiqa boshlaganlar. Bunday yangiliklar asosan o‘qitish usuliga taalluqli bo‘lsada, asil mohiyati bilan mahalliy aholini madaniyat turmush sohasidagi o‘zgarishlarga muhtoj ekanini ifodalaydigan muhim tadbirlar edi. Turkistondagi jadidchilik oqimining ko‘zga ko‘ringan rahbarlaridan biri M. Behbudiy shunday degan edi: «Bizlar hozirgi madaniyat asosida maktablar, ustaxonalarni va boshka eski turmush bilan bog‘liq sohalarni isloh qilishimiz zarur». Behbudiyning fikricha, maorif sohasidagi isloh feodal maishiy turmushni tubdan o‘zgartirib, mahalliy burjuaziyani o‘sishiga imkoniyat beradi. O‘sha davrning mahalliy burjuaziya vakillari o‘zlarini yangilik tarafdorlari sifatida ko‘rsatib jadidlarni qo‘llab-quvvatlaganlar. Yangi usul maktablarining asoschisi Ismoil Gaspirinskiy (1851-1914 y.) bo‘lib, birinchi marta 1884- yilda Bog‘chasaroyda yangi usul maktabi tashkil etadi. 40 kun ichida maktabdagi 12 ta bolani savodini chiqaradi. Yangi usul maktabining boshqa maktablardan farqi va yutuqlari shundaki, bu maktablarda sinf dars tizimiga o‘tildi. Darslarda ko‘rgazmali materiallardan foydalanish yaxshi natijalar bera boshlagan. Sinf xonalarining toza va yorug‘ligi, partalarda o‘tirib o‘qitilishi dars tanaffuslari joriy etilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. XlX asrning 90- yillari oxirlarida Farg‘ona oblastida ham yangi usul maktablari paydo bo‘la boshlagan. Oblastda yangi usul maktabi 1897- yilda Andijonda ochilgan. Undan so‘ng oblastning boshqa shaharlari qatori Marg‘ilon shahrida ham shunday maktablar vujudga kela boshlagan. Farg‘ona oblastidagi yangi usul maktablarida o‘quvchilar soni 20 kishidan 100 kishigacha, ba'zan esa 125 kishigacha bo‘lgan. Marg‘ilonda 5 ta yangi usul maktabi bo‘lib, 247 o‘quvchi ta'lim olgan. Oliy va o‘rta ta'lim o‘chog‘i hisoblangan madrasalar asosan ruhoniylarni, o‘quv yurtlari uchun domlalarni, qozilarni, idora ishlari uchun mirzalarni tayyorlab bergan. Madrasa binolari ancha hashamatli bo‘lib, pishgan g‘ishtlardan qurilgan. Ko‘pchiligi turli bezaklar bilan bezatilgan. Madrasalar odatda, ikki qavatli bo‘lib, kichkina hujra va darsxonalardan iborat bo‘lgan, har bir madrasa o‘zining masjidi va taxoratxonasiga ega bo‘lgan, kichik madrasalarda bitta, katta madrasalarda esa bir nechta mudarrislar bo‘lgan. Maktablar bilan madrasalar o‘rtasidagi farq shundaki, maktablarda arab tili grammatikasidagi kitoblar bilan birga fors-tojik va turk tillaridagi kitoblar o‘qitilgan. Madrasalarda esa asosan arab tillardagi bilimlar ham berilgan. Bu ilm dargohlarida ilm toliblari alohida yotoqxonalar, ya'ni hujralar bilan ta'minlanganlar. Madrasalarni tamomlagan ilm toliblari turli amaldorlik lavozimlarini-qozilik, imomlik, so‘filik, mudarrislik va boshqalarni egallaganlar. XIX asrning 90- yillari boshlarida Turkiston o‘lkasining maorif ishlari bo‘yicha inspektori sifatida V. P. Nalivkin o‘lkadagi musulmon maktablarning tarmoqlarini
tekshirib ko‘radi. Nalivkin 1891–1892- yillarda Farg‘ona viloyati musulmon maktablari tarmoqlarini o‘rganadi. Shu davrlar Turkiston o‘lkasida 189 ta madrasa bo‘lgan, shulardan 118 tasi Farg‘ona viloyati hisobiga to‘ri kelgan. Marg‘ilon shahrida esa 25 ta madrasa bo‘lgan. Bu madrasalarning asosiy qismi Rossiya imperiyasi tomonidan O‘rta Osiyo bosib olinguncha, undan keyin ham tashkil etilgan. Xususan, Marg‘ilon uyezdining o‘zida, Vodilda, Quvada, Yakkatutda, Aravonda, Asakada, Chimyonda, Shahrixonda madrasalar tashkil topgan. Madrasalar o‘z davrining oliy o‘quv yurtlari sifatida shuhrat topgan. Shu ma'noda O‘rta Osiyoning rivojlangan shaharlarida ko‘plab madrasalar tashkil etilgan. Madrasalar asosan ikki toifaga bo‘lingan bo‘lib, katta va kichik madrasalar mavjud bo‘lgan. Katta madrasalar asosan XIX asr davomida islom dini rivojlangan yirik-yirik shaharlarda tashkil etilgan bo‘lib, ular qatoriga Buxoro, Samarqand, Xiva va Qo‘qon shaharlarini kiritish mumkin. Kichik tipdagi madrasalar esa o‘lkaning barcha shahar va volostlarida mavjud bo‘lgan. 1891- yilda Marg‘ilon uyezdida 76 ta madrasa mavjud bo‘lib, ularda 833 ta ilm toliblari ta'lim olgan. Xuddi shu yili Marg‘ilon shahrida 25 ta katta-kichik madrasalar mavjud bo‘lgan. Yuqorida qayd etilgan madrasalar soni faqat shaharda joylashgan yirik madrasalar miqdoridan kelib chiqqan. Shahar atrofida joylashgan o‘rta va kichik madrasalar sonini qo‘shganda ko‘pni tashkil etadi. Marg‘ilon shahri va shahar atrofidagi madrasalar va ularda ta'lim olayotgan tinglovchilar tarixiy ma'lumotlarda quyidagicha ko‘rsatilgan: 1875- yilda Marg‘ilonda 57 ta madrasa bo‘lib, 838 ta tinglovchi o‘qigan, 1908- yilga kelib esa, ularning miqdori 51 taga tushib qolgan, ammo tinglovchilar soni ortib, 1147 tani tashkil etgan [8. 43]. Madrasalar sonining kamayib borishi sabablaridan biri Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olgandan so‘ng mustamlakachilar tomonidan mutavalliboshi lavozimini bekor qilinishidir. Bu bilan vaqf ustidan nazorat to‘xtatiladi, mutavallilarni vaqf daromadlarini talon-taroj qilishi kuchayadi. Madrasalarni tugatgan mullalarning kattaroq lavozimga ko‘tarilish imkoniyatlari bekor qilinadi. Deyarli barcha ma'muriy lavozimlarni rus ofitserlari egallay boshlagan. Vaqf mulklari madrasalarning moddiy o‘zagi bo‘lganligi sababli, ulardan tushgan daromad to‘la sarflanmay qolishi ba'zi madrasalarni faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan [9. 32]. XIX asr oxirlarida Marg‘ilonda bunyod etilgan madrasalarda rus arxitekturasining ham ta'siri sezilganligi ko‘rish mumkin. Masalan: Said Ahmadxo‘ja madrasasida shunday xol ko‘zga tashlanadi. Shu tufayli bu madrasadagi ichki va tashqi uyg‘unlik Farg‘ona vodiysida yagona hisoblanadi. Ushbu madrasa o‘z kattaligi jihatidan Marg‘ilonda yagona hisoblanadi. Marg‘ilon madrasalaridagi faoliyat, ulardagi ta'lim-tarbiya borasida to‘xtaladigan bo‘lsak Marg‘ilondagi madrasalardagi bilim berish uslubi Qo‘qon, Andijon, Namangan, O‘shdagi madrasalardan farq qilmagan. Bu yerdagi madrasalarda ham talabalar shanba, yakshanba, dushanba va seshanba kunlar o‘qishgan. Yozda ta'tilga chiqishgan, yangi o‘quv yilini oktyabr oyidan boshlangan. Madrasada o‘qitish ikki uslubda mushkulot (umumiy bilimlar) va masala (yuridik) bilimlar uslubida olib borilgan. Madrasada o‘qish uch bosqichda bo‘lib o‘qitishi yo‘lga qo‘yilgan:
1. Adno – quyi bosqich «Avval ilim» dan «Aqoid» kitobigacha o‘qishgan. 2. Ausat – o‘rta bosqich bo‘lib «Aqoid»da «Millo Jalol» kitobigacha o‘qishgan. 3. A'lo – yuqori bosqich bo‘lib «Mulla Jalol»dan «Matni Faroiz» asarlarini o‘rganishgan [10. 72]. Umuman, Marg‘ilondagi madrasalarda ham o‘qish 8–10- yilni tashkil qilgan. Bu yerda o‘qishda ma'lum yosh belgilab qo‘yilmagan. Marg‘ilondagi madrasalarda o‘qitish uslubi Buxoro va Samarqand, Qo‘qon madrasalaridan bir oz farq qilgan. Masalan, Marg‘ilonda talabalar umumiy bilimi va yuridik bilimlarni boshidan teng bilim olganlar. Boshqa shahar madrasalarida yuqoridagi uslublarga «Ausad» – o‘rta bosqichdan moslashib olingan. Marg‘ilon madrasalarini hammasi ham vaqf daromadi hisobiga faoliyat ko‘rsatgan emas. Ayrim kichik madrasalarni vaqf mulki bo‘lmay, ular xayriyalar, masjid mablag‘laridan foydalanishgan. Tushgan pulga talabalarga turli imtiyozlar, mudarrislarga oylik, maosh berilgan, madrasa binosi ta'mirlangan. Bu madrasalar ba’zida masjid-madrasa deb ham nomlangan. Ushbu madrasalarni mukammal pul bilan ta'minlovchi manbai bo‘lmaganligi tufayli, Rossiya imperiyasini daslabki ma'naviy tazyiqlari oqibatida yo‘q bo‘lib ketdi. Qolganlari ham achinarli xolatga tushib qolgan, tanazzul yoqasiga keta boshlagan. Ayrim ma'lumotlarda masalan, R. Shamsidinov, X. Bobobekov, A. L. Kun asarlarida 1876–1904- yillarda madrasalar faoliyatini sustlashganini, ularni kamayib ketganligi xaqida ma'lumot olsak 1904–1908- yillardagidan madrasalar soni Marg‘ilonda ko‘paygani to‘g‘risida ma'lumotlarni ham olamiz. Buning asosiy sababi deb quyidagilarni keltirish mumkin: 1. Turkistonda bir muncha o‘sish oqibatida milliy burjuaziyani o‘sishi oqibatida mahalliy boylar va savdogarlarni o‘z mablag‘laridan katta kichik madrasalarni barpo etishi. 2. Rus-yapon urushi oqibatida Turkistondagi ayrim muammolarga bir muncha e'tibor vaqtincha suslashdi. 3. Rossiya imperiyasini o‘lkani o‘zida turli siyosiy partiyalarni paydo bo‘lishi va ularni Chor amaldorlarga qarshi targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishi. Marg‘ilon XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ham yirik ilm markazlaridan biri ekanligi yuqoridagi faktlardan xulosa qilish mumkin. Rossiya imperiyasi mustamlakichiligi diniy muassasalar faoliyatiga ochiqdan-ochiq tazyiq qilgan bo‘lmasada, ammo bu ilm maskanlari rivojlanishiga to‘siq bo‘luvchi ijtimoiyiqtisodiy chora-tadbirlarni qo‘llab boravergan. Natijada Turkistondagi barcha diniy muassasalar qatori Marg‘ilondagi madrasa, eski usul musulmon maktablari va qorixonalar 1917- yil fevral inqilobi arafasida isloh talab bo‘lib qolgan.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar10 ta adabiyot
- Салмонов А., Султонов А., Алимова Н., Расулов Б. Чор Россияси мустамлакачилиги даврида Марғилондаги мактаб ва мадрасалар аҳволи // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 30–31.
- Холбеков И., Қосимова Т., Ҳайдаров О. Марғилон шаҳрининг маданий ҳаёти тарихидан (XIX аср охири – ХХ аср бошлари) // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 40–41.
- Салмонов А., Султонов А., Алимова Н., Расулов Б. Чор Россияси мустамлакачилиги даврида Марғилондаги мактаб ва мадрасалар аҳволи // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 31.
- Холбеков И., Қосимова Т., Ҳайдаров О. Марғилон шаҳрининг маданий ҳаёти тарихидан (XIX аср охири – ХХ аср бошлари) // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 41.
- Салмонов А., Султонов А., Алимова Н., Расулов Б. Чор Россияси мустамлакачилиги даврида Марғилондаги мактаб ва мадрасалар аҳволи // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 30.
- Холбеков И., Қосимова Т., Ҳайдаров О. Марғилон шаҳрининг маданий ҳаёти тарихидан (XIX аср охири – ХХ аср бошлари) // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 42.
- Мирсоатова С., Пўлатов Қ., Бурхонов Х. Марғилонда рус-тузем ва янги усул мактаблари // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 49.
- Холбеков И., Қосимова Т., Ҳайдаров О. Марғилон шаҳрининг маданий ҳаёти тарихидан (XIX аср охири – ХХ аср бошлари) // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 43/
- Салмонов А., Султонов А., Алимова Н., Расулов Б. Чор Россияси мустамлакачилиги даврида Марғилондаги мактаб ва мадрасалар аҳволи // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика илмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 32.
- Бурхонов И., Хонқулов Ш. Марғилон мадрасалари ва уларнинг фаолияти тарихи // «Марғилон шаҳри ўтмиши, бугуни ва эртаси» мавзусидаги республика алмий семинар материаллари. – Фарғона, 2007. – Б. 72.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011121
- Nashr sanasi
- 2025-09-02
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 2
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/92
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 268–275
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25