Asosiy mazmunga o‘tish

O‘ZBEKISTON TARIXINI O‘RGANISHDAGI MADANIY MEROS OBYEKTLARINING O‘RNI (FARG‘ONA VILOYATI MISOLIDA)

Rasulov Ma‘murjon FoziljonovichFarg‘ona davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).2025

Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 2Sahifa 101–108

Annotatsiya

Mazkur maqolada O‘zbekiston tarixini o‘rganishda madaniy meros obyektlarining o‘rni Farg‘ona viloyati misolida tadqiq etilgan.

Boshqa tillarda

ruschaРОЛЬ ОБЪЕКТОВ КУЛЬТУРНОГО НАСЛЕДИЯ В ИЗУЧЕНИИ ИСТОРИИ УЗБЕКИСТАНА (НА ПРИМЕРЕ ФЕРГАНСКОЙ ОБЛАСТИ)

В статье рассматривается роль объектов культурного наследия в изучении истории Узбекистана на примере Ферганской области.

inglizchaTHE ROLE OF CULTURAL HERITAGE SITES IN THE STUDY OF THE HISTORY OF UZBEKISTAN (ON THE EXAMPLE OF FERGANA REGION)

This article examines the role of cultural heritage sites in studying the history of Uzbekistan using the example of the Fergana region.

Kalit so‘zlar

  • Farg‘ona viloyati
  • madaniy meros
  • me‘moriy yodgorliklar
  • maktab
  • madrasa
  • qorixona
  • masjid
  • maqbara
  • o‘rda
  • minora
  • kaptarxona
  • xonaqoh
  • chillaxona

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

O‘ZBEKISTON TARIXINI O‘RGANISHDAGI MADANIY MEROS OBYEKTLARINING O‘RNI (FARG‘ONA VILOYATI MISOLIDA)

РОЛЬ ОБЪЕКТОВ КУЛЬТУРНОГО НАСЛЕДИЯ В ИЗУЧЕНИИ ИСТОРИИ УЗБЕКИСТАНА (НА ПРИМЕРЕ ФЕРГАНСКОЙ ОБЛАСТИ)

THE ROLE OF CULTURAL HERITAGE SITES IN THE STUDY OF THE HISTORY OF UZBEKISTAN (ON THE EXAMPLE OF FERGANA REGION)

Rasulov Ma’murjon Foziljonovich Farg‘ona davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). E-mail: mf.rasulov@pf.fdu.uz Telefon: [telefon raqami yashirilgan]

Annotatsiya. Mazkur maqolada O‘zbekiston tarixini o‘rganishda madaniy meros obyektlarining o‘rni Farg‘ona viloyati misolida tadqiq etilgan. Аннотация В статье рассматривается роль объектов культурного наследия в изучении истории Узбекистана на примере Ферганской области. Annotation This article examines the role of cultural heritage sites in studying the history of Uzbekistan using the example of the Fergana region. Kalit so‘zlar. Farg‘ona viloyati, madaniy meros, me’moriy yodgorliklar, maktab, madrasa, qorixona, masjid, maqbara, o‘rda, minora, kaptarxona, xonaqoh, chillaxona. Ключевые слова Ферганская область, культурное наследие, архитектурные памятники, школа, медресе, каряхона, мечеть, мавзолей, орда, минарет, голубятня, ханака, чилляхона. Keywords Fergana region, cultural heritage, architectural monuments, school, madrasa, qaryakhona, mosque, mausoleum, horde, minaret, pigeon house, khanaqoh, chillakhona.

O‘zbekiston, jumladan, Farg‘ona viloyati tarixini o‘rganishda yozma manbalar bilan bir qatorda moddiy manbalar, ya’ni me’moriy yodgorliklarning ahamiyati g‘oyat kattadir. Hozirgi kunda Respublikada 8210 ta madaniy meros obyektlari davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, shundan 2266 tasi me’morchilik, 4797 tasi arxeologik yodgorliklar, 617 tasi mahobatli san’at (monumental) obyektlari, 530 tasi diqqatga sazovor joylardir [13]. Shuningdek, 4000 dan ortiq moddiy-madaniy yodgorliklar YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Farg‘ona viloyatda esa 381 ta [11] tarixiy-me’moriy, arxeologik, monumental yodgorliklar madaniy meros sifatida ro‘yxatga olingan. Shulardan 64 tasi Qo‘qon shahri va uning atrofida, 42 tasi Marg‘ilon shahri va uning atrofida joylashgan. Bu obyektlarning ko‘pchiligi qimmatli tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, XVII–XX asr boshlariga oid me’moriy inshootlardir [9].

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish jozki, nima uchun Farg‘ona viloyati yoki vodiyda qadimgi va o‘rta asrlar me’moriy inshootlari kam uchraydi? Chunki, vodiy Markaziy Osiyodagi o‘rta asr davlatlari (Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Amir Temur va temuriylar va boshqalar)ning markazidan ancha yiroqda, chegara hududlarida joylashgan bo‘lib, bu hududga shimoliy-sharqdan ko‘chmanchi xalqlar, mo‘g‘ullar, keyinchalik xitoylar tomonidan tahdidlar ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun, bu hududlarga Buxoro, Samarqand, Xiva, Toshkent shaharlaridagi kabi yirik inshootlar qurilmagan. Me’moriy inshootlarning katta qismi, asosan, Qo‘qon xonligi (1709-yilda) tashkil topgandan keyin qurila boshlangan. Aynan XVIII–XX asr boshlarida qurilgan me’moriy inshootlar Farg‘ona vodiysi, xususan, Farg‘ona viloyati tarixini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. 1875-yilda Farg‘ona vodiysida 182 ta madrasa, 1709 ta maktab, 235 ta qorixona, 6154 ta masjid bo‘lgan. Masalan, “Turkiston viloyati gazeti”ning 1897-yil 21 noyabr sonida muxbir Yusufjon Mirzo imzosi bilan Qo‘qondagi madrasalar ro‘yxati beriladi. Bu ro‘yxatga qaraganda, muxbir 38 ta madrasani nomma-nom sanab chiqadi. Umuman, shu soha mutaxassislarining hisoblariga ko‘ra, Qo‘qondagi madrasalar soni muntazam o‘sib, XX asrning 20-yillarida 50 tadan oshgan [3]. Marg‘ilon shahridagi me’moriy yodgorliklar haqida hujjatlarga asoslangan dastlabki ma’lumotlar Farg‘ona viloyati harbiy gubernatorligining statistik ma’lumotlarida keltiriladi. Jumladan, 1899-yilda Eski Marg‘ilon (hozirgi Marg‘ilon) shahrida 50 ta maktab (shundan 9 tasi ayollarniki), 37 ta madrasa, 23 ta qorixona [7], 254 ta masjid [8] mavjudligi haqida xabar beriladi. Mazkur raqamlar XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridagi ma’naviy-ma’rifiy holat, bu yerdagi ilmiy salohiyat haqida ma’lumot beradi. Qo‘qon shahri va uning atrofidagi tarixiy obidalarning eng qadimiysi arablar bosqini davriga borib taqaladi. Bunga Poshsho Pirim, Bibi Ubayda, Chomoch bobo, Bastom buva va Qorayozi bobo kabi me’moriy yodgorliklar misol bo‘la oladi. Bu yodgorliklar, asosan, Qo‘qon shahriga qo‘shni bo‘lgan Buvayda, Dang‘ara, O‘zbekiston va Uchko‘prik tumanlarida joylashgan. Qo‘qon shahrining o‘zidagi tarixiy me’moriy obidalar esa, asosan, xonlik davrida qurilgan. Qo‘qon xonlik poytaxti bo‘lganligi uchun ham bu davrga oid me’moriy obidalar ko‘proq shu yerda joylashgan. Jumladan, Xudoyorxon O‘rdasi va Qo‘qon xonlari dafn etilgan “Dahmai Shohon”, “Modarixon” maqbaralari, Norbo‘tabiy madrasasi, “Hojibek”, “Zinbardor”, “Hurjum” majmualari, Mavlonboy, Mulkobod masjidlari, chor Rossiyasi hukumati tomonidan qurilgan inshootlar – Rossiya davlat banki binosi, “G‘isht ko‘pirik” kabilar Qo‘qon xonligi va chor Rossiyasi hukmronligi davridan darak beruvchi tarixiy obidalar sifatida viloyat tarixini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xuddi shunday qimmatli va qiziqarli tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Buvayda tumanidagi “Poshsho Pirim” (“Podsho Pirim” – M.Rasulov) majmuasi, “Bibi Ubayda” hamda “Bastom buva” maqbaralari o‘z davrining qurilish an’analari, iqtisodiy, madaniy-ma’naviy holatini aks ettiradi. Qo‘qon shahrining eng katta tarixiy obidasi bu – Xudoyorxon o‘rdasi bo‘lib, Xudoyorxon davri ijtimoiy-siyosiy ahvoli, xususan, me’morchiligi, amaliy san’ati va boshqa ko‘plab jihatlari haqida ma’lumot beradi. Obidaning tarixchilar uchun yana bir muhim jihati shundaki, uning qurilishidan tortib to hozirgi kungacha bo‘lgan davrda majmua haqida batafsil ma’lumot beruvchi 2

tarixiy manbalar va arxiv hujjatlari mavjud. Saroy XIX asrdagi Markaziy Osiyo tarixiy-me’moriy yodgorliklarining eng yiriklaridan biri hisoblanadi. O‘rda 1863– 1873-yillarda Xudoyorxon tomonidan barpo etilgan [6]. Saroy 4 gektarga yaqin maydonni egallagan. Uning qurilishida bir necha ming kishi qatnashgan. Qurilishga rahbarlik qilish uchun Qo‘qon xonligi va Buxorodan eng tajribali ustalar taklif etilgan. Masalan, Mir Ubaydullo usta-me’morboshi, Usta Soli hoji, Mullo Suyarqul, Fozilxo‘jalar devor va gumbazlarni qurganlar. Usta So‘fi Yo‘ldosh o‘ymakor, usta Fozilxo‘ja esa naqqosh ustalar edilar. Qurilishni Qo‘qon xonligining turli shaharlaridan keltirilgan 80 nafar ustalar boshqargan. Mazkur tarixiy yodgorlik dastlab 3 ta qism va 114 xonadan iborat bo‘lgan. Hozirgi kunda faqatgina so‘nggi qismi va 19 ta xona saqlanib qolgan, xolos. Saroyning darvozaxona peshtoqiga arab imlosida yirik harflar bilan “Arki oliy Sayyid Muhammad Xudoyorxon” so‘zlari yozilgan. Qo‘qon shahrining bu tarixiy inshootini ko‘plab sayyohlar va olimlar ko‘rib hayratlarini yozib qoldirganlar. Masalan, rus geograf sayyohi A. P. Fedchenko 1871- yili Qo‘qon shahriga kelib, O‘rdani ko‘rgan: “Ulkan soydan o‘tib, biz qal’a oldidagi katta maydonga kirib qoldik. Bu yerdan, bundan ham yaxshiroq, go‘zal saroy ko‘rki ochiladi. Saroy binosi balandlikka qurilgani bois qal’a devori orqasidan ham ko‘rinadi”, deb qayd etgan edi. Xudoyorxon o‘rdasi bizga o‘sha davrda Farg‘ona viloyatida binolarning qurilish uslubi, bezak berish va qanday qurilish ashyolaridan foydalanganligi haqida ma’lumot beradi. Qo‘qon shahrida joylashgan yana bir o‘ziga xos tarixiy yodgorlik bu – “Dahmai shohon”dir. Bino Nodirabegim farmoniga binoan, Umarxonga atab, XIX asrning birinchi yarmida qurilgan. Dahma yonida gulzor va mevazor bog‘bo‘lib, shu yerda “Chalpak” madrasasi ham qurilgan edi [2]. Mazkur me’moriy ansambl uch qism: gumbazli xona, ikki ustunli ayvon – masjid va hovliga o‘xshash xonalar, qabristondan iborat. Dahmada Norbo‘tabiy, Sayyid Olimxon, Sayyid Muhammad Umarxon, Sayyid Muhammad Aminxonning qabrlari bor. Umarxonning qabr toshi ustiga Qur’oni karim va o‘zining she’rlaridan parchalar yozilgan [14]. Qo‘qon shahrining XVIII asr oxirlariga oid yana bir tarixiy obidasi – Norbo‘tabiy madrasasidir. Madrasa 1799-yilda Chorsu maydoniga yaqin joyda qurilgan. Uni barpo etishda qo‘qonlik ustalar bilan birga buxorolik Muhammad Solih Usta Qosim ham qatnashgan. Madrasa qurilishida buxorolik ustalar ishtirok etganliklari sababli, Buxoro me’morchilik maktabining ta’siri seziladi. Madrasa o‘zining tuzilishi va peshtoqi bilan Buxoroda joylashgan yodgorliklar – Ko‘kaldosh, Mir Arab va Abdulazizxon madrasalariga o‘xshab ketadi [1]. Qo‘qon shahrida XIX asrda ko‘plab masjidlar bo‘lgan. Bularning ichida Jome masjidi kattaligi, me’moriy tuzilishi, naqshi va koshinlari bilan haqiqiy san’at yodgorligi darajasiga ko‘tarilgan. Qo‘lyozma va arxiv ma’lumotlariga qaraganda, masjidning qurilishini Olimxon boshlab qo‘ygan edi. Uning farmoni bilan joy belgilanib, g‘ishtlari ham olib kelingan. Ammo, Olimxon o‘ldirilgandan keyin, g‘ishtlar eski O‘rdaning ta’mirlanishiga ishlatib yuboriladi. 3

Umarxonning buyrug‘iga binoan, 1817-yilda o‘sha joyga Jome masjidi quriladi. Mula Olim Mahdum hoji “Tarixi Turkiston” nomli asarida Jomening qurilishiga doir quyidagi ma’lumotni keltiradi: “Olimxon mundin muqaddam Masjidi Jome o‘rniga Madrasai oliy bino qilmoq bo‘lub, devorini odam bo‘yi barobar ishlagandan keyin biror mone ilan to‘xtalib qolib, Olimxondan keyin Umarxon avvalo binoni buzub, o‘rniga ikkinchi marotaba Masjidi Jome sharif va madrasa bino qilgan ekan” [5]. 1857-yilda Xudoyorxon farmoniga ko‘ra, masjid qaytadan ta’mirlanadi. Masjid ulkan xonaqoh hamda 98 yog‘och ustun qo‘yib ishlangan uch tomonli keng ayvondan iborat. Masjidning yonida qad ko‘targan minora 1852-yilda pishgan g‘ishtdan qurilgan. Minoraning balandligi 22 metrdan balandroq [1]. Farg‘ona me’morchiligining bezaklarga boy hashamatli binosi bo‘lmish mazkur Jome masjidi hozirgi kunda davlat muhofazasiga olingan. Qo‘qon xonligi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan keyin Farg‘ona vodiysida yangi uslubdagi, ya’ni Yevropa me’morchiligi an’analari asosida binolar qurila boshlandi. Tarixdan yaxshi ma’lumki, Qo‘qon shahri XIX asr oxirlarida ham Farg‘ona vodiysining asosiy savdo-sotiq markazi edi. Qo‘qon shahri XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ikki qismga: yangi va eski shaharga bo‘lingan. Shaharning yangi qismida tijorat binolari, banklar va savdogarlar uylari joylashgan edi. Banklar shaharning markaz qismida va eng katta binolarida joylashar edi. Qo‘qon shahri yangi binolarining qurilishiga avval shahar bosh me’mori F. A. Mauer, keyin esa K. A. Xachaturyanlar boshchilik qilganlar [4]. 1913-yilda me’mor I.A.Markovich boshchiligida Rus–Osiyo bankining zamonaviy binosi qurib bitkazildi. Qurilish ishlarida yaponiyalik va xitoylik ustalar qatnashgan [4]. Shaharda Rus–Osiyo bankiga qarashli 11 ta filial faoliyat ko‘rsatgan. Bularga Rossiya oliy savdo banki, Moskva tijorat banki, Azov–Don tijorat banki, Volga–Kama banki, Sibir tijorat banki va yer oldi-sotdi bilan shug‘ullangan uchta bankni misol qilish mumkin. Marg‘ilon shahrida turli davrlarda bunyod etilgan me’moriy inshootlardan faqatgina bir nechasi hozirgacha saqlanib qolgan. Ular orasida Pir Siddiq majmuasi (XVIII asr o‘rtalari), Xo‘ja Mag‘iz maqbarasi (XVIII asrning birinchi yarmi), Saidahmad Eshon madrasasi (XIX asr oxiri), Chokar va Toronbozor masjidlari (XX asr boshlari) muhim o‘rin tutadi [10]. O‘z davrida Marg‘ilon shahrining ko‘rki bo‘lgan Pir Siddiq (Kaptarxona) majmuasi maqbara, masjid, kaptarxona, minora va darvozaxonadan iborat bo‘lgan. Marg‘ilonda yashab o‘tgan qariyalarning aytishlaricha, majmuada birinchi bo‘lib islom targ‘ibotchisi – Siddiq dafn etilgan sag‘ana ustiga maqbara qurilgan. Shu sababli bu maqbara “Pir Siddiq” maqbarasasi degan nom olgan. Davrlar o‘tishi bilan maqbaraning atrofida masjid, darvozaxona, kaptarxona, minora kabi binolar qurilib, yaxlit bir me’moriy majmua paydo bo‘lgan. Me’moriy tuzilishiga ko‘ra, majmuadagi masjid binosining qurilishi taxminan XIX asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Marg‘ilonliklar orasida “Pir Siddiq” maqbarasi nomi bilan bog‘liq quyidagicha rivoyat ham mavjud. Unga ko‘ra, bir kuni avliyo Pir Siddiq uni ta’qib qilayotgan dushmanlardan qochib, bir g‘orning ichiga yashirinadi. Shunda kaptarlar bu g‘orning og‘ziga o‘z inlarini qurib, g‘orga kiradigan yo‘lni yopadilar. Pir Siddiqni ta’qib qilib, 4

g‘orgacha kelgan dushmanlar g‘or og‘zida kaptarlar uya qurib yashayotganini ko‘rib, “bu yerda odamzod bo‘lishi mumkin emas, bo‘lmasa, kaptarlar bunday tinch o‘tirmagan bo‘lardi”, – deb bu yerdan jo‘nab ketishadi. Kaptarlar shunday aqlli harakatlari bilan Pir Siddiqni dushmanlardan qutqarib qolgan ekan. Majmuadagi kaptarxona binosi masjid binosi bilan deyarli bir vaqtda, ya’ni XIX asrning ikkinchi yarmida qurilgan. Masjid binosi oldida joylashgan minora esa, 1920-yilda qurilgan. Bu haqda kirish eshigining tepasiga g‘ishtdan terilgan yozuv-sana dalolat beradi. Shu yerlik aholi hamda me’mor Veronika Leonidovna Voroninaning “Farg‘ona viloyati xalq me’morchiligi” (1940-y.) asaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, minora marg‘ilonlik Usta-Kichik degan shaxs tomonidan qurilgan [12]. Sovet tuzumi davrida majmuaning darvozaxonasi orqasidagi ikki qavatli bino buzib tashlandi, natijada darvozaxona peshtoqi ham zararlanib, yarim vayrona holatiga tushib qoldi. Majmuaning saqlanib qolgan binolari esa omborxona sifatida foydalanildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida esa bu binolarga Rossiyadan evakuatsiya qilingan aholi joylashtirilgan. Majmuada oxirgi qurilish ishlari 1956-yilda bajarilgan. 1990-yillarga kelib majmuada dastlabki ta’mirlash ishlari boshlangan. Hozirgi kunda Pir Siddiq majmuasi davlat muhofazasiga olingan. Marg‘ilon shahridagi me’moriy yodgoliklardan yana biri Xo‘ja Mag‘iz majmuasidir. Bu yodgorlik Marg‘ilon shahrining janubi-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, Xo‘ja Mag‘iz maqbarasi, Mo‘yi Muborak xonaqohi, chillaxona, Marg‘ilon beklari dahmasi, masjid, darvozaxona, Hidoyatilloh Oppoq Xo‘ja xonaqohi kabi inshootlar majmuidan iborat. Marg‘ilonliklar majmuani “Hasti Mag‘iz” (Hasti – Hazrat) deb atashgan. V. N. Nastich va B. D. Kognevlarning “Shoh Fozil maqbarasi” maqolasida Muiz Abbos ad-davla nomi uchraydi. Muiz – arab tilidagi so‘z bo‘lib, turkcha Mag‘iz deb talaffuz qilinadi. Mag‘iz Abbos ad-davla 1027–1057-yillarda Farg‘ona vodiysini boshqargan (aslida bu davrda Qoraxoniy hukmdorlar – Mansur Eloqxon (1012–1025 yy.), Muhammad ibn Nasr (1029–1032) va boshqalar boshqargan). Uning otasi “Shoh Fozil”(Sayf ad-davla) maqbarasiga dafn etilgan. Shoh Fozilning o‘g‘li Shoh Jarir Farg‘ona vodiysida umrining oxirigacha islom dinini targ‘ib qilib yashagan. Shundan kelib chiqib, Mag‘iz Abbos ad-davla va Xo‘ja Mag‘iz bir kishi bo‘lgan – deb taxmin qilish mumkin. Xo‘ja Mag‘iz majmuasidagi Chillaxonada olib borilgan arxeologik tadqiqotlar xulosasiga ko‘ra, binoning pastki qismi ilmiy adabiyotlarda “qoraxoniylar g‘ishti” deb nomlanadigan g‘ishtlardan qurilgan. Yana shu shakldagi g‘ishtlar qadimiy Axsikent shahrining arxeologik qazilmalarida IX – X asr qatlamlarida ham uchragan. Yuqorida keltirilgan misollardan kelib chiqib, Chillaxona binosining pastki qismidagi qoldiqlar X – XII asrlarga oid binoning qoldiqlari, deb hisoblashga asos bor. Demak, “Hasti Mag‘iz” majmuasi joylashgan yerlar qadim zamonlardan beri e’tiborli qadamjolardan bo‘lgan. Shuning uchun ham, majmuaning tarixiy-me’moriy rivojlanish jarayonida vujudga kelgan binolar – Mo‘yi Muborak xonaqohi, Marg‘ilon hukmdorlarining daxmalari shu qadamjo atrofida shakllanganligini ko‘ramiz. Majmua hududini obodonlashtirish, bu yerda ziyorat masjidi (hozirgi kunda 5

qadimgisi o‘rnida qayta qurilgan) qurilishi, madrasa, maktabxona, kutubxona va alohida-alohida darvozaxonalar bino qilinishi tarixiy jarayon mobaynida uzluksiz davom etgan. Bu yerning diniy-ma’rifiy markaz bo‘lganligini va bu yerdan bir qancha ulamolar yetishib chiqqanligini mahalliy oqsoqollar faxr bilan esga oladilar. Shu bilan birga, ular sovet tuzumi davrida, aniqrog‘i 40-yillarda Xo‘ja Mag‘iz qabristonidagi juda ko‘p naqshinkor marmar toshlar, yozuvlar, qayroq toshlar qabrlar ustidan ko‘chirib olinib, maydalanganligini va ko‘mib tashlanganligini chuqur iztirob bilan hikoya qilib berganlar. 1939-yilda Xo‘ja Mag‘iz yodgorligi fotosurati Ye. N. Yuditskiy tomonidan suratga olingan bo‘lib, bular hozir ham O‘zbekiston Madaniy meros departamenti arxivida saqlanadi. 1954-yilda Farg‘ona vodiysining me’moriy yodgorliklarini tekshirish ishlari vaqtida arxitektor I. F. Borodin tomonidan Xo‘ja Mag‘iz yodgorligi o‘rganildi [12]. 1991-yildan majmuada dastlabki ta’mir ishlari boshlandi. Hozirgi kunda Xo‘ja Mag‘iz yodgorligi davlat muhofazasiga olingan. Marg‘ilonning eski shahar qismida XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid Qo‘sh madrasa majmuasi mavjud bo‘lib, u uchta – Said Ahmad Eshon, G‘oziyon, Qozi Kalon madrasalaridan iborat bo‘lgan [12]. Said Ahmad Eshon madrasasi XIX asrning oxirlarida qurilgan. Madrasa yirik davlat amaldori va Rossiya III Davlat Dumasi deputati Said Ahmad Eshon mablag‘iga qurilgan. Madrasaning nomi shundan kelib chiqqan. Madrasa 1917-yilgi voqealardan so‘ng ham birmuncha vaqt faoliyat ko‘rsatib kelgan, keyinchalik yopib qo‘yilgan. Madrasa binosidan ma’lum vaqt turar-joy sifatida ham foydalanilgan va inshoot o‘zining dastlabki ko‘rinishini anchagina yo‘qotgan. 1984 – 1986-yillarda madrasa binosi O‘zSSR Madaniyat vazirligining Madaniy yodgorliklar ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi (hozirgi Madaniy meros departamenti) topshirig‘iga asosan tomonidan qayta ta’mirlangan. Keyinchalik madrasa binosida viloyat o‘lkashunoslik muzeyi filiali va mahalliy aholini eski o‘zbek yozuviga o‘rgatuvchi o‘quv-kooperativ muassasa faoliyat ko‘rsatdi. G‘oziyon madrasasi 1906-yilda qurilgan bo‘lib, uning darvozaxonasi va uncha katta bo‘lmagan minorasi XX asrning 20-yillarida butunlay vayron bo‘lgan. G‘oziyon madrasasi va shu nomdagi masjid binolariga 1917-yilgi voqealardan keyin bir necha oilalar joylashtirilgan va asosan turar-joy sifatida foydalanilgan. XX asrning 60- yillarida inshootning bir qismi, asosan masjid binosi shahar avtomaktabiga foydalanish uchun berilgan va 90-yillargacha uning tasarrufida bo‘lgan. Madrasaning qolgan qismida ikkita oila va shahar advokatlik idorasi joylashgan [12]. Majmuadagi uchinchi obida Qozi Kalon madrasasidir. Bu madrasa taxminan 1857-yilda qurilgan. Madrasaning qurilishiga shaharning qozi kaloni (bosh qozisi) o‘z shaxsiy mablag‘larini sarflagan. Shuning uchun madrasa Qozi Kalon deb atalgan. Taxminan 1870-yilda madrasani qurdirgan qozikalon vafot etadi va madrasaning shimoliy qismidagi chekka xonalarning biriga dafn etiladi. Madrasa tasarrufida Qozi Kalon tomonidan qurdirilgan Go‘ri Vali (xalq tilida Go‘ri avval deb ataladi) nomli hammom ham bo‘lgan. Hamomdan tushgan pul madrasa ehtiyojlari uchun safrlangan. Qozi Kalon madrasasi 1917-yilgi voqealardan keyin ham maktab sifatida birmuncha vaqt faoliyat ko‘rsatib kelgan. 1940–1947-yillarda madrasa binosida

shahar militsiya bo‘limi va vaqtincha ushlab turish hibsxonasi joylashgan. Madrasa binosi 1956-yilda butunlay buzib tashlangan [12]. Yuqorida biz Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridagi ayrim tarixiy-me’moriy yodgorlik haqida to‘xtalib o‘tdik. Bu me’moriy obidalar viloyat tarixini yoritishda o‘z davrining ta’lim tizimi, madaniyati, o‘ziga xos me’morchiligi va amaliy san’ati tarixi xususida ma’lumot beruvchi daliliy ashyo sifatida muhim ahamiyatga egadir. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki,  Farg‘ona viloyatida mavjud bo‘lgan tarixiy me’moriy inshootlar viloyat tarixini yoritishda muhim moddiy manba sifatida ahamiyat kasb etadi;  Me’moriy inshootlar, tarixiy-madaniy yodgorliklar Farg‘ona viloyatida ichki hamda xalqaro sayyohlikni rivojlantirishda muhim sayyohlik obyektlari hisoblanadi;  Viloyatdagi mavjud tarixiy me’moriy inshootlar o‘zbek xalqining madaniyma’naviy, me’morchilik va qurilish an’analarini butun dunyoga namoyish qilishda va, o‘z navbatida, O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini belgilashda daliliy asos bo‘ladi.

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR (REFERENCES): 1. Азимов И. Фарғона водийсининг архитектура ёдгорликлари. – Тошкент, 1986. – Б. 31. 2. Бобобеков Ҳ. Қўқон тарихи. – Тошкент: Фан, 1996. – Б. 211. 3. Комилов М. Таъмирлашдаги лоқайдлик // Ўзбекистон адабиёти ва санъати. 1989. 19 май. 4. Мансуров У. XIX–XX аср Қўқон меъморчилиги // Мозийдан садо. – 2014. – №2. – Б. 25. 5. Мирзо Олим Маҳдум Ҳожи. Тарихи Туркистон. – Тошкент: Янги авлод, 2009. – Б. 86–85. 6. Набиев Р. Из истории Кокандского ханства. – Ташкент: Фан, 1973. – С. 218. 7. Обзор Ферганской области за 1899 год. – Новый Маргилан, 1900. – С. 31.; С. 246–247. 8. Обзор Ферганской области за 1900 год. Новый Маргилан. 1901. С. 122. 9. Фарғона вилоятидаги моддий маданий мерос сифатида рўйхатга олиш учун рўйхатга киритилган объектларни ўрганиш бўйича вилоят ишчи гуруҳи томонидан ўрганиш юзасидан маълумотнома (2017 йил). 10. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Т. 5. Б. 496. 11. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi huzuridagi Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarining milliy ro‘yxati (2024-yil uchun). 12. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi arxivi. Ф 7508/Я – 90. 13. https://www.toshvilstat.uz/uz/matbuot-markazi/qo-mita-yangiliklar/6715-ozbekiston-respublikasida-moddiy-madaniy-meros-obyektlari-soni-qancha 14. www. Tourstouzbekistan.com.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar14 ta adabiyot

  1. Азимов И. Фарғона водийсининг архитектура ёдгорликлари. – Тошкент, 1986. – Б. 31.
  2. Бобобеков Ҳ. Қўқон тарихи. – Тошкент: Фан, 1996. – Б. 211.
  3. Комилов М. Таъмирлашдаги лоқайдлик // Ўзбекистон адабиёти ва санъати. 1989. 19 май.
  4. Мансуров У. XIX–XX аср Қўқон меъморчилиги // Мозийдан садо. – 2014. – №2. – Б. 25.
  5. Мирзо Олим Маҳдум Ҳожи. Тарихи Туркистон. – Тошкент: Янги авлод, 2009. – Б. 86–85.
  6. Набиев Р. Из истории Кокандского ханства. – Ташкент: Фан, 1973. – С. 218.
  7. Обзор Ферганской области за 1899 год. – Новый Маргилан, 1900. – С. 31.; С. 246–247.
  8. Обзор Ферганской области за 1900 год. Новый Маргилан. 1901. С. 122.
  9. Фарғона вилоятидаги моддий маданий мерос сифатида рўйхатга олиш учун рўйхатга киритилган объектларни ўрганиш бўйича вилоят ишчи гуруҳи томонидан ўрганиш юзасидан маълумотнома (2017 йил).
  10. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Т. 5. Б. 496.
  11. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi huzuridagi Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarining milliy ro‘yxati (2024-yil uchun).
  12. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi arxivi. Ф 7508/Я – 90.
  13. https://www.toshvilstat.uz/uz/matbuot-markazi/qo-mita-yangiliklar/6715-o-zbekiston-respublikasida-moddiy-madaniy-meros-obyektlari-soni-qancha
  14. www. Tourstouzbekistan.com.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011103
Nashr sanasi
2025-09-02
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
Jild
1
Son
2
DOI
10.66073/refocus-conf/72
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
101–108
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-08-25