AMIR TEMUR VA AMIR HUSAYN MUNOSABATLARINING BUZILISHIGA ASOSIY SABABLAR
Hakimov is the son of Adhambek AhmadjonFarg‘ona davlat universiteti, O‘zbekiston tarixi kafedrasi o‘qituvchisi, mustaqil izlanuvchi.2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 311–317
Annotatsiya
Mazkur maqolada tarixiy manbalar va adabiyotlar tahlili asosida Amir Husayn va Amir Temur o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo‘lgan voqea va hodisalar tafsilotlari bayon etilgan.
Boshqa tillarda
ruschaОСНОВНЫЕ ПРИЧИНЫ РАЗРЫВА ОТНОШЕНИЙ МЕЖДУ АМИРОМ ТЕМУРОМ И АМИРОМ ХУСЕЙНОМ
В статье на основе анализа исторических источников и литературы излагаются подробности событий и инцидентов, приведших к обострению отношений между Амиром Хусейном и Амиром Темуром.
inglizchaTHE MAIN REASONS FOR THE BREAKDOWN OF RELATIONS BETWEEN AMIR TEMUR AND AMIR HUSAYN
This article describes the details of the events and incidents that led to the aggravation of relations between Amir Husayn and Amir Temur, based on an analysis of historical sources and literature.
Kalit so‘zlar
- Movarounnahr
- Amir Temur
- Amir Husayn
- Amir Musabek
- Ali Darvesh
- O‘rda Xotun
- Tarmashirinxon
- Xo‘jand
- Sher Bahrom
- Amir Hinduka
- Amir Qaro
- O‘ljoy Turkon og‘a
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.
AMIR TEMUR VA AMIR HUSAYN MUNOSABATLARINING BUZILISHIGA ASOSIY SABABLAR
MAIN REASONS FOR THE BREAKDOWN OF RELATIONS BETWEEN AMIR TEMUR AND AMIR HUSSEIN
ОСНОВНЫЕ ПРИЧИНЫ РАЗРЫВА ОТНОШЕНИЙ МЕЖДУ АМИРОМ ТЕМУРОМ И АМИРОМ ХУСЕЙНОМ
Hakimov Adhambek Ahmadjon o‘g‘li Farg‘ona davlat universiteti, O‘zbekiston tarixi kafedrasi o‘qituvchisi, mustaqil izlanuvchi. e-mail:adhambekhakimov71@gmail.com Tel: [telefon raqami yashirilgan] Annotatsiya. Mazkur maqolada tarixiy manbalar va adabiyotlar tahlili asosida Amir Husayn va Amir Temur o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo‘lgan voqea va hodisalar tafsilotlari bayon etilgan. Abstract. Based on the analysis of historical sources and literature, the article describes the details of events and incidents that led to the aggravation of relations between Amir Hussein and Amir Temur. Аннотация. В статье на основе анализа исторических источников и литературы описываются подробности событий и инцидентов, приведших к обострению отношений между Амиром Хусейном и Амиром Темуром. Kalit so‘zlar. Movarounnahr, Amir Temur, Amir Husayn, Amir Musabek, Ali Darvesh, O‘rda Xotun, Tarmashirinxon, Xo‘jand, Sher Bahrom, Amir Hinduka, Amir Qaro, O‘ljoy Turkon og‘a. Keywords. Movarunnahr, Amir Temur, Amir Hussain, Amir Musabek, Ali Darwesh, Orda Khotun, Tarmashirin Khan, Khujand, Sher Bahrom, Amir Hinduka, Amir Karo, Oljoy Turkon Agha. Ключевые слова. Моваруннахр, Амир Темур, Амир Хусейн, Амир Мусабек, Али Дарвеш, Орда Хотун, Тармаширин Хан, Худжанд, Шер Бахром, Амир Хиндука, Амир Каро, Олджой Туркон Ага.
XIV asrning 60-yillarida Movarounnahrda siyosiy-ijtimoiy vaziyatga bevosita mahalliy amir va beklarning ta’siri bo‘lganligini o‘sha davrga oid manbalarni qiyosiy tahlil etish orqali birmuncha anglashimiz mumkin bo‘ladi. Amir Temur va Amir Husayn o‘rtasidagi munosabatlar ham bundan mustasno emas. Ikki amir o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashuviga mahalliy yirik amirlar ham sababchi bo‘lganligini muarrixlar tomonidan yozilgan ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Quyida keltirilgan 1364-1368-yilgi voqealar tafsiloti yuqoridagi fikrimizni isbotlaydi. Amir Musabek va Ali Darvesh kabi yirik amirlar Amir Temur va Husaynbek o‘rtasida nizo chiqarishga erishdilar. Lekin turli fisqu fasodlar bilan nizo chiqarib, Amir Temur tomonida bo‘lishga ahd qilgan amirlar, birinchilardan bo‘lib Amir Husayn tomoniga o‘tib ketdilar. “Ul jihattin fasod bunyod ettilar. Musabekkim, Boyazid Jaloyir o‘g‘li erdi va Ali Darveshkim, qayin ag‘osi erdi, ikkalasi ittifoq qilib, makr huqqasin boshin ochturub, O‘rda Xotun bilan mashvarat qilib, yalg‘on xati bitib, Husaynbekka yibardilir. Va bu O‘rda Xotun
Tarmashirinxonning xotuni erdi va aning qizikim, Husaynbekning nikohida erdi, xatni anga yibardilar. Mazmuni ulkim, «Falon kishi, ya’ni hazrat sohibqiron, xon bila va sening bila muxolifat andishasi bor va sening ishingdin va so‘zingdin asru ko‘p xotiri ozurda bo‘lub turur. Azm etibturkim, sening bila razm qilg‘ay va urush tartibi bila mashg‘ul turur. Ul xotun xatni Husaynbekka ko‘rsatti. Husaynbek ul voqeani xonga aytti va xon yorlig‘i bo‘ldikim, hazrat sohibqiron bila ul jam’ikim, aytib yibarib tururlar, Samarqandga borib O‘rda Xotun oldida yig‘ilsunlar va bu so‘zni yaxshi tafaxxus qilsunlar. Hazrat sohibqironning ko‘nglida hech yamonliq yo‘q erdi, andisha qilmay betavaqquf Samarqand sori yurdi. Musabek va Ali Darvesh eshittilarkim, hazrat sohibqiron Samarqand sori tavajjuh etib turur, qo‘rqunchdinkim rasvo bo‘lmag‘aylar, Xo‘jand sori kettilar”[1.42]. Ammo Natanziy maktub haqida so‘z yuritmaydi. Uning fikricha Amir Temurning dabdabali ov tashkil qilishi ikki o‘rtada fitna qo‘zg‘atuvchilar uchun bahona bo‘lib xizmat qilgan. “Ushbu voqeadan keyin oradan ikki-uch oy o‘tgach, Sultoni g‘oziy diqqinafaslikni yozdirish uchun shikor uyushtirdi va bag‘oyat katta ov bo‘ldi. Amir Muso, Ali Darvesh va Farhod qoraunos kabi hasadgo‘ylar buni orttirib-bo‘rttirib, turli tuhmatu bo‘xtonlarni aralashtirib, amir Husayn qulog‘iga yetkazishdi. Bu orada aksar amirlar bir qancha sabablarga ko‘ra amir Husayndan ko‘ngillari sovigan edi. Ular bir necha bor Sultoni g‘oziyni yog‘iy bo‘lmoqqa undadilar, ammo u qabul qilmadi. O‘sha voqeadan so‘ng orada shubhalar paydo bo‘lgach, zaruratdan ul guruhning so‘zlariga quloq soldi”[2.73]. Yuqorida ta’kidlanganidek, bu ma’lumotda ig‘vo maktubi xususida so‘z yuritilmagan. Ammo ig‘vogarlar safida boshqa manbalardan farqli ravishda Farhod qoraunas haqida so‘z boradi. Xondamir ham o‘z asarida xatning mualliflari sifatida Ali Darvesh va Farhod ismlarini keltirgan [3.56]1. Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinadiki “Bek” nufuzi bu vaqtda katta bo‘lmagani uchun Nizomiddin Shomiy va Sharofiddin Ali Yazdiylar tomonidan tilga olinmagan ko‘rinadi. Ushbu maktub masalasi ilmiy adabiyotda ham tahlil etilgan bo‘lib, “Temur va Ulug‘bek davri tarixi” asarida xatning mazmunida O‘rda xotunning qizi nomiga dog‘tushirilganligi, Amir Husaynning Samarqanddagi odamlari uning muallifi sifatida Amir Temurni ko‘rsatganliklari, bu esa nizoni kuchaytirib yuborganligini ta’kidlaydilar[4.77]. Afsuski, ishonchli manbalarda xatning mazmuni O‘rda Xotunning qizi nomiga dog‘tushirilishi, uni yozishda Amir Temur ayblanganligi haqidagi ma’lumotlar mavjud emas. Fitnachilarning Xo‘jandga qochib ketishi bilan masalaning mohiyati to‘la ochilmay qoldi. Ammo Amir Temur va Amir Husayn o‘rtasiga ishonchsizlik tushgan edi. Shuning uchun Amir Temur raqibiga qarshi ochiq kurash boshlashga qaror qildi. Nizomiddin Shomiyning ta’kidiga ko‘ra u amir Bahrom jaloyir va amir Sher Bahromga o‘z qarorini bildirdi[5.53]. Ular Amir Temurni qo‘llashga so‘z berib, o‘zaro ittifoq tuzdilar. Sharofiddin Ali Yazdiy Amir Temur o‘z qarorini amir Bahrom Jaloyir va Sher Bahromga yetkazishining sababi ularning ham Amir Husaynga nisbatan dushman bo‘lganliklari edi, deb izoh beradi.
“Hazrat Sohibqiron bildikim, Husaynbekning xotirida g‘ubori paydo bo‘lub turur va burungidek maosh qilmaydur. Hazrat sohibqiron ani o‘zgacha ko‘rub bildikim, anga o‘zga e’tamid qilib bo‘lmas. Va bu andishada doim o‘zi bila fikr etar edi. Sher Bahrom va Bahrom Jaloyirkim, alar Husaynbek bilan yamon erdilar va doim bu fikrda erdilarkim, nechuk ish qilgaylarkim Husaynbek bilan Sohibqiron orasida muxolifot voqi’ bo‘lgay, bilmaslar erdi. Bir kun hazrat sohibqiron alarni chorlab bu so‘zni aytti. Alarkim, bu so‘zni eshittilar murodlariga yetib dedilarkim: «Husaynbek hech qaysimiz bilan yaxshi ermas. Savob uldurkim, har necha aning ishini botroq qilsaq yaxshi o‘q bo‘lg‘usi turur, andin burunkim ul fikrini qilg‘on bo‘lgay. Va ul ishni qilg‘ondin so‘ng pushaymonliq foyda qilmas». Alar behad bo‘lub, mubolag‘a qildilar. Va dedilarkim, hazrat sohibqironning muborak ko‘nglida tushub erdi, ko‘brak bo‘lub, alir bilan Husaynbekning muxolifatiga ittifoq qilib ahd qildilar”[1.42]. Amir Temur o‘z ittifoqchilarining sadoqatini mustahkamlash maqsadida bir necha tadbirlarni amalga oshirdi. Chunki o‘zaro urushlarda shakllangan bu amirlarning ahdiga ishonch katta emas edi. Nizomiddin Shomiyning yozishicha, ittifoq shartlariga ko‘ra Sher Bahrom Xuttalondagi mulkiga o‘zi bilan Amir Temurning Odil ismli navkarini olib ketdi va Barotxo‘ja ismli askarini esa Sohibqiron huzurida qoldirdi[5.53]. Ular o‘zaro ittifoqning garovlari edi. Sharofiddin Ali Yazdiy Borotxoja nomini Toy Xo‘ja shaklida keltirgan[1.42]2. Birinchi bo‘lib isyon harakatini Sher Bahrom boshlagan ko‘rinadi. Shomiyning ta’kidlashicha u o‘z mulkiga borganidan so‘ng mudofaa harakatini boshlagan, ammo ko‘p o‘tmay qo‘rquv g‘olib kelib, Amir Husaynga borib bo‘ysungan[5.53]3. Sharofiddin Ali Yazdiy bu voqealarni batafsil bayon etib, amir Sher Bahrom qo‘shin to‘plaganligi, o‘z qo‘shinini Bastark* yayloviga olib kelganligi va shu yerda Amir Husaynga qarshi muxolifat e’lon qilganligi, ammo Amir Husayn tomonidan o‘tkazilgan diplomatik tadbirlardan so‘ng o‘z ahdiga hiyonat qilib, uning tomoniga o‘tib ketganligini ta’kidlagan[5.53]. Bahrom Jaloyirning Amir Temur bilan tuzilgan ittifoqqa munosabati, shu bilan bog‘liq faoliyati va ushbu ahddan ko‘zlagan maqsadlari B.Usmonov tomonidan alohida tadqiq etilgan: “Amir Temur ularni (Amir Muso va Ali Darveshni) jazolash uchun Xo‘jandga qo‘shin jo‘natdi. “Bu tomondan hazrat Amir Temur, – deb yozadi Sharafuddin Ali Yazdiy, – Bahrom jaloyir, amir Choko‘va Abbos-bahodirga lashkar berib, Xo‘jand tomon yubordi va Jaloyir elini zabt etsinlar hamda buzg‘unchilik va aldamchiliklarni ana shu dushmanlikka sababchi bo‘lgan amir Muso va Boyazidning o‘g‘li Ali Darveshni qo‘lga olsinlar, deb buyurdi. Ular bu ishdan xabar topib, qochib qoldilar. Bahrom esa jaloyir ulusini yig‘ib, viloyatga o‘zi hokim bo‘ldi...”. Xo‘jandni egallab olgan Bahrom jaloyir ikki amir o‘rtasidagi nizoning boshlanishida Amir Temur tomonida turgan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay betaraflik siyosatiga o‘tib oldi. Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy keltirgan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, Amir Temur topshirig‘ini bajarish bahonasida Samarqanddan Xo‘jandga kelgan
Bahrom jaloyir Ali Darvesh qo‘shinini tor-mor keltirib, viloyatni qo‘lga kiritgan, lekin Amir Temurning Husayn ustidan g‘olib chiqishiga ishonmagani uchun Mo‘g‘ulistonga yo‘l olgan. Muiniddin Natanziy esa Amir Temur Bahrom jaloyirni Xo‘jandga yurish qilish to‘g‘risida farmon berilganligi xususida so‘z yuritmagan. Muarrix Amir Temur, Bahrom jaloyir va Sher Bahrom Amir Husaynga qarshi birgalikda kurashishga ahd qilgani, kengashib Bahrom jaloyir va Sher Bahrom o‘z viloyatlariga qo‘shin to‘plab kelish maqsadida borgani, Xo‘jandga yetib kelgach, fikri o‘zgarib, Mo‘g‘ulistonga ketganini bayon qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, Natanziy Bahrom jaloyirning Xo‘jand atroflarida merosiy mulklari bo‘lganligidan uni o‘z viloyatiga qo‘shin to‘plash uchun borgan, deb xulosaga kelgan. Manbalardagi ma’lumotlardan ayon bo‘ladiki, Bahrom jaloyir aynan shu merosiy mulklariga tayangan holda amir Muso va Ali Darveshga qarshi kurash boshlagan hamda o‘z qabilasidagi asosiy raqiblariga qarashli mulklarni talon-taroj qilgan. Oxir oqibat Ali Darvesh tarafdorlarini qirg‘in qilib, o‘zi jaloyirlarning yetakchisiga aylanib oladi. Garchi u Mo‘g‘ulistonga ketishga majbur bo‘lgan bo‘lsa ham jaloyirlar ichidagi raqiblarini yo‘qotishga erishgan edi. Amir Bahrom jaloyirning Mo‘g‘ulistonga borishdan yana bir maqsadi, xon yordami bilan Movarounnahrning sharqiy qismidagi viloyatlarida hukmronligini o‘rnatish bo‘lganligi keyingi voqealar rivoji ko‘rsatib beradi. Amir Temur va Amir Husayn o‘rtasidagi o‘zaro kurash unga maqsadini amalga oshirish uchun qulay imkoniyat yaratib berayotgan edi”[6.69-72]. Amir Bahrom Jaloyirning xiyonatidan keyin Amir Husayn qarshisida bir o‘zi qolgan Amir Temur zudlik bilan o‘z lashkarini mustahkamlashga intildi. U dastlab navkar to‘plash uchun Samarqand tomon yo‘l oldi. Bu vaqtda Samarqand atroflarida yasovuriylarning ta’siri katta bo‘lgan. Yasovuriylarning yetakchisi, Amir Temurning do‘sti Xizr Yasovuriy ayni damda vafot etgan edi. “Hizr Yasuriy vafot bo‘lub erdi, inisi Ali va Ilyos va Hoji Mahmudshoh Yasovuriylar bila itoat kamarini jon bellariga bog‘lab, hazrat sohibqiron xizmatiga keldilar. Va hazrat Qaro Hinduka Barlosni Samarqand ichida dorug‘a qo‘yub qaytti. Va Hinduka yamon baxtidin qochar hayolin qilib, Husaynbek qoshig‘a bordi va qaro zabt va yasaqdan ojiz erdi, o‘zini telbaliqqa soldi”[1.42]. Nizomiddin Shomiy amir Qaro va Hindukani alohida shaxslar sifatida qayd etgan. Uning fikricha, amir Qaro Amir Temurning birodari bo‘lgan. Ushbu ikki amir Sohibqiron tomonidan Samarqandni muhofaza qilishga tayinlangan. Hinduka Amir Husayndan cho‘chib, uning tomoniga o‘tib ketgan bo‘lsa, Amir Qaro o‘zini telbalikka solgan[5.54]. Bu o‘rinda Nizomiddin Shomiy ma’lumotlariga asoslanish to‘g‘ri bo‘ladi. Sharofiddin Ali Yazdiy tomonidan berilgan ma’lumotni tahlil qilish natijasida keltirilgan ma’lumotlar biroz chalkash ekanligi, u yerda ham ikki shaxs haqida so‘z borayotganligini anglash mumkin. Ko‘p o‘tmay yuqorida aytilganidek, Amir Temur tomonidan Samarqand hokimi etib tayinlangan Hinduka ham Husaynbek xizmatiga o‘tadi. Bu orada kasallik sababli Amir Husaynning singlisi, Amir Temurning rafiqasi O‘ljoy Turkon og‘a vafot etadi[7.14]. Natijada ikki amir o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalari ham uzilib, ashaddiy dushmanga aylandilar. Lekin Muiniddin Natanziy
bu vaqtda Amir Temurga xiyonat qilganlar soni bundan ham ko‘p ekanligini, Amir Hindukadan avval amir Sulaymon va Jovarchilar xiyonat yo‘liga kirganligini ta’kidlaydi: “Sultoni g‘oziy ular o‘z va’dasiga vafo qilmaganini ko‘rgach, tavakkal qilib otga mindi va yasovuriylar elini zabt qilishga jo‘nadi. Unga hamroh bo‘lgan guruhdan amir Sulaymon va amir Jovarchi undan yuz o‘girib, amir Husayn oldiga ketishdi. Ammo Sultoni g‘oziy yasovuriylarni zabt qilib, Samarqandga keldi. Amir Hindukani ukasi bilan Samarqandda dorug‘a qilib qoldirib, O‘ljoy Turkon og‘o kasalga chalingani tufayli o‘zi Shaxrisabzga keldi”[2.74]. 1366-yili ikki amir ham bir-biriga qarshi lashkar yig‘ib yurish boshladilar. Amir Temur o‘zining eng ishonchli amiri Sayfuddinbekni ilg‘or sifatida ilgari yuborib, Chakchak dovonini qo‘riqlashni, raqiblarni o‘tkazmaslikni buyurdi. Amir Husayn esa jang qilishga shoshilmay, Amir Temur qo‘shinidagi amirlarni o‘z tomoniga og‘dirib olish uchun harakatlarni davom ettirdi. Amir Temur ham vaziyatni keskinlashtirmasdan, asosiy kuchlarni Keshga to‘plagan holda voqealar rivojini kuzata boshladi. Urush muqarrarligi ayon bo‘la boshlagach, shu kuchlari bilan Boysun atroflariga yetib keldi[5.56]. “Mansur cheriki Qahlag‘adin o‘tub, Boysunda tushub erdikim, Malik va Ibodulloh etishtilar. Va Husaynbek so‘zini va ahdonomasini arzadosht qildilar va mubolag‘a qilib dedilarkim, «Albatta kerakkim, yarash qilg‘aysiz». Sohibqiron g‘ayb ilhomidin bildikim, aning ahdig‘a e’timod qilsa bo‘lmas, qabul qilmadi. Ammo Yasovuriylar ul qo‘rqunchdinkim shoyad bular sulh qilg‘aylar, qo‘rqub muxtalif bo‘ldilar. Ul mahalda Jakubek va Abbos Bahodurkim Bahrom Jaloyir bilan Xo‘jand sori borib edilar, ettilar. Va ittifoq bilan maslahat mundoq ko‘rdilarkim, Yasovuriylarning ulug‘larinikim, muxolifat andishasi ko‘ngullarida bor turur, tutub berkitgaylar. Ammo hazrat sohibqiron bu ma’niga rozi bo‘lmay man’ qildi va davlat tilini ochib dedikim, «Agar mundoq ish qilsak mundin nori alarg‘a bir kek soridin e’timodlari bo‘lmag‘ay va bizga zarar tekkay. Davlat evimiz yaxshiliq bila bino bo‘lsa anga hech kishi zarar etkura olmag‘ay. Va ul yag‘ochkim adl va ehsondin suv ichan komronliq mevasin bergay». Bu so‘zdin so‘ng Yasovuriylarni yaxshi siylab ijozat berib, o‘z yurtlariga qayturdi. Va o‘zga cherikni taqi ijozat berib, o‘zi qaytib Qarshiga tushti. Va Husaynbek qalin cherik yig‘ishturub Sher Bahrom bila hazrat Sohibqiron sori mutavajjuh bo‘ldi. Muborakshoh va Shayx Muhammad Bayon Sulduzning o‘g‘likim, hazrat sohibqiron sori ko‘b mayllari bor erdi, ammo Husaynbek bor jihatidin zarurat bo‘lub anga qo‘shuldilar”[1.44]. Ushbu voqealar Nizomiddin Shomiy va Natanziy tomonidan ham shu taxlidda yoritilgan[5.55-56] Ammo ular Amir Husayn tomonidan elchi qilib yuborilgan Malik va Ibodullohni asir olishni taklif etgani, Amir Temur esa bu taklifni rad etib, ularni qaytarib yuborganligini ta’kidlashadi. Bu o‘rinda Sharofiddin Ali Yazdiy bayoni haqiqatga yaqin deyish o‘rinli. Malik va Ibodulloh tomonidan bildirilgan sulh taklifi Amir Temur tomonidan rad etilgan bo‘lsa ham ushbu muzokaralar yasavuriylarning ko‘nglida ikkilanishni vujudga keltirgan. Shuning uchun Amir Joku va Abbos Bahodur tomonidan yasavuriylarning yetakchilarini asir olish taklif etilgan. Amir Temur Amir Husaynning elchilarini ortga qaytarish bilan
birgalikda yasovuriylarni o‘z yurtlari tomon ketishlariga ruxsat bergan. Bundan ko‘rinadiki, aslida Amir Temur qo‘shini Boysundayoq parokandalikka uchragan. Amir Temur sulhni rad etgan bo‘lsa ham yurishni davom ettirmay, Nizomiddin Shomiy va Sharofiddin Ali Yazdiylarning talqinida Qarshi shahriga, Muiniddin Natanziyning bayoniga ko‘ra esa Shahrisabz shahriga chekingan. Amir Temur tezlik bilan o‘z qo‘shinlarini qayta tashkil etish harakatini boshlagan.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar8 ta adabiyot
- Шарафиддин Али Йаздий. Зафарнома. /Сўз боши, табдил, изоҳлар ва кўрсаткичлар муаллифлари А.Ахмад ва Ҳ.Бобобеков, -Т.: Шарқ, 1997.
- Муиниддин Натанзий. Мунтахаб ут-таворихи Муиний. / Форс тилидан таржима, сўз боши ва изоҳлар муаллифи – Ғулом Каримий - Т.: Ўзбекистон. 2011.
- Хондамир Ғиёсиддин бин Ҳумомиддин. Буюклик хислати: “Ҳабиб ус-сиғар фи ахбори афроди башар” китобининг Заҳириддин Муҳаммад Бобур ҳаёти ҳақидаги боблари. / Форс тилидан таржима, кириш сўзи ва изоҳлар муаллифи И.Бекжонов. – Т.: Sharq, 2011.
- Хондамир Ғиёсиддин. Ҳабиб ус-сийар фи ахбори афроди башар / Форс тилидан таржима, муқаддима муаллифлари – Жалил Ҳазратқулов, Исмоил Бекжонов, Изоҳлар муаллифлари – Ашраф Аҳмедов, Исмоил Бекжонов, – Т.: Ўзбекистон. 2013.
- Темур ва Улуғбек даври тарихи / Бош муҳаррир академик А. Асқаров – Т.: Қомуслар Бош таҳририяти, 1996.
- Низомиддин Шомий. Зафарнома /Форс тилидан ўгирувчи – Ю. Ҳакимжонов, таржимани қайта ишлаб нашрга тайёрловчи ва маъсул муҳаррир – А. Ўринбоев, изоҳлар ва луғатларни тузувчи – Ҳ. Кароматов (жуғрофий номлар изоҳи – О. Бўриевники), Ҳофизу Абруни «Зафарнома»га ёзган «Зайл»и(«Илова»)ни форсийдан ўгирувчи ва изоҳларини тузувчи – О. Бўриев -Т.: Ўзбекистон, 1996;
- Усмонов Б. Фарғона водийси Амир Темур ва Темурийлар даврида –Фарғона: “Фарғона”, 2019.
- Ensar Macit. Timurlu devleti’nin askerî teşkilâti. - -Erzurum, 2012.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011099
- Nashr sanasi
- 2025-08-27
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 1
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/67
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 311–317
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 22026-10-09 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25