QO‘QON XONLIGIDA MA‘NAVIY VA MADANIY HAYOT.
Musajonova Feruzabonu Abdusamad qizi“University of Business and Science”“Ijtimoiy gumanitar fanlar fakulteti”tarix yo‘nalishi talabasi.2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 296–303
Annotatsiya
Ushbu ilmiy maqolada O‘rta Osiyo xonliklaridan biri bo‘lgan Qo‘qon xonligining ma‘naviy va madaniy hayoti, xonlik davridagi ta‘lim, ilm-fan taraqqiyoti, adabiyot va san‘ati, me‘morchiligi kabi muhim masalalarga e‘tibor qaratilgan.
Boshqa tillarda
ruschaДУХОВНАЯ И КУЛЬТУРНАЯ ЖИЗНЬ В КОКАНСКОМ ХАНСТВЕ.
В данной научной статье рассматриваются такие важные вопросы, как духовная и культурная жизнь Кокандского ханства, одного из ханств Средней Азии, образование в период ханства, развитие науки, литературы и искусства, архитектуры.
inglizchaSPIRITUAL AND CULTURAL LIFE IN THE KOKAN KHANATE.
This scientific article focuses on important issues such as the spiritual and cultural life of the Kokand Khanate, one of the Central Asian khanates, education during the khanate, the development of science, literature and art, and architecture.
Kalit so‘zlar
- Qo‘qon xonligi
- ma‘naviy hayot
- madaniy hayot
- O‘rta Osiyo
- tarix
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.
QO‘QON XONLIGIDA MA’NAVIY VA MADANIY HAYOT.
SPIRITUAL AND CULTURAL LIFE IN THE KOKAN KHANATE.
ДУХОВНАЯ И КУЛЬТУРНАЯ ЖИЗНЬ В КОКАНСКОМ ХАНСТВЕ.
Mo‘sajonova Feruzabonu Abdusamad qizi “University of Business and Science”“Ijtimoiy gumanitar fanlar fakulteti”tarix yo`nalishi talabasi. e-mail: feruzabonumosajonova@gmail.com Tel: [telefon raqami yashirilgan]
Anotatsiya. Ushbu ilmiy maqolada Oʻrta Osiyo xonliklaridan biri boʻlgan Qoʻqon xonligining maʼnaviy va madaniy hayoti, xonlik davridagi taʼlim, ilm-fan taraqqiyoti, adabiyot va sanʼati, meʼmorchiligi kabi muhim masalalarga eʼtibor qaratilgan. Abstract. This scientific article focuses on important issues such as the spiritual and cultural life of the Kokand Khanate, one of the Central Asian khanates, education during the khanate, the development of science, literature and art, and architecture. Аннотация. В данной научной статье рассматриваются такие важные вопросы, как духовная и культурная жизнь Кокандского ханства, одного из ханств Средней Азии, образование в период ханства, развитие науки, литературы и искусства, архитектуры. Kalit soʻzlar. Maʼnaviyat, madaniyat, taʼlim, adabiyot, sanʼat, meʼmorchilik, madrasalar, maktablar, tariqat, mudarrislar. Keywords. Spirituality, culture, education, literature, art, architecture, madrasas, schools, tariqat, mudarris. Ключевые слова. Духовность, культура, образование, литература, искусство, архитектура, медресе, школы, тарикат, мударрис.
Qoʻqon xonligida ilmiy, madaniy-adabiyot muhitning shakllanishi va rivojlanishida bevosita maktab va madrasalarning oʻrni ahamiyatga molikdir. Ular xalqni maʼrifatli qilish, anʼanaviy taʼlimni va madaniy-maʼnaviy hayotni yuksaltirishda katta rol oʻynagan. Soʻnggi Oʻrta asrlarga kelib Oʻrta Osiyoning deyarli barcha hududlaridagi ilm-fan, taʼlim va maʼrifat sohalarida diniy taʼlimotlar hukmronlik qila boshlagan. Boshlangʻich maktablarda ham, madrasalarda ham asosiy eʼtibor diniy taʼlimga qaratilgan. Diniy fanlarni oʻqitish madrasalarning asosiy vazifasi hisoblanib, dunyoviy fanlar, ayniqsa tabiiy fanlar taraqqiyotida bir muncha turgʻunlik kuzatiladi[1,23-25]. Madaniy hayotda yuzaga kelgan bunday vaziyat Qoʻqon xonligidagi ilm-fanning ahvoliga, ayniqsa, bu soha rivojining biryoqlamalik xususiyatiga sabab boʻlgan edi. Bu davrda aniq va tabiiy fanlarning xoʻjalik va maishiy hayotda, yaʼni amaliyotda qoʻllaniladigan sohalariga eʼtibor qaratilgan. Toshkentlik Muhammad Solih (Qoraxoʻja eshon domla) oʻlkashunos-geograf, tabiatshunoszoolog sifatida ijod qilgan. U oʻzining- Tarixi jadidai Toshkant-(Toshkentning yangi tarixi) asarida Toshkent shahri va vohasining geografiyasi, toponomikasi, oʻsimlik olamini yoritgan. Qoʻqon xonligida taʼlim maktablar, madrasalar va qoʻrixonalardan iborat boʻlgan. Maktablar, asosan, masjidlar qoshida hamda ruhoniylar va boylarning uylarida tashkil etilgan. Odatda, maktablarda oʻquvchilarning soni qishloq maktablariga nisbatan koʻproq edi. Oʻquvchilar yaxshi yoritilmagan xonalarda sholcha va boʻyralarda oʻtirib oʻqiganlar. Y.Qosimov maktablarda taʼlim uch bosqichda olib borilganligi haqida maʼlumot bergan:,,... taʼlimning birinchi bosqichida arab alifbosi oʻrgatilgan, ikkinchi bosqichda “Haftiylik” (arab tilida)ni hijjalab oʻqiganlar. Uchinchi bosqichda esa “Chorkitob” oʻqilgan. Unda Hofiz, Soʻfi Olloyor, Fuzuliy, Ahmad Yassaviy va boshqalarning asarlari (sheʼrlari) oʻqitilgan”[2,17-19]. Bundan tashqari, arifmetika, namoz oʻqish qoidalari ham oʻrgatilgan. Qiz bolalar esa maktabdor boylar va ruhoniylarning uylarida tashkil etilgan maktablarda oʻqitilgan. Maktablardan tashqari koʻzi ojiz bolalar uchun alohida qoʻrixonalar tashkil etilgan. Qorixonada taʼlim olgan bolalar Qurʼonni yod olganlar. Maktabni tamomlagan bolalar madrasada oʻqishni davom ettirganlar va tabiiyki, bunday imkoniyatga faqatgina boylar va ruhoniylarning bolalari ega boʻlganlar. Madrasada arab, fors va turkiy til mukammal oʻrgatilgan. Tabobat, matematika, geometriya, adabiyot, falsafa, mantiq, tarix, geografiya kabi fanlar oʻqitilgan. Qurʼonni oʻqish uslublari, qiroat va tavsifga hamda fiqh ilmiga katta eʼtibor qaratilgan[3,95-96]. Madrasada oʻqish adno (boshlangʻich), avsat (oʻrta) va aʼlo (yuqori) deb nomlangan uch bosqichda boʻlgan va har bosqich oʻrtacha 3-4 yil davom etgan. Talabalar imkoni boricha juma namozida (ayniqsa jomeʼ masjidda) boʻlishga harakat qilganlar. Namozdan soʻng Qurʼon va shariat qonunlari borasida bahs munozaralar boʻlgan. Bu talablar uchun oʻz bilimlarini oshirishda foydali boʻlsa, ikkinchi tomondan ularning oʻzlari ham shu munozaralarda qatnashishlari va yirik amaldorlar, ruhoniylar, mulkdorlar hamda olimlarning nazariga tushishga imkon ham edi. Madrasani tamomlagan talabalar davlat ishlarida turli mansablarda, maktab va madrasalarda ish bilan taʼminlangan. Ayrim bitiruvchilar turli sohalarda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borganlar, ayrimlari esa Buxoro, Samarqand kabi shaharlardagi nufuzli madrasalarda oʻqishni davom ettirganlar. Xonliklar davrida, xususan, Qoʻqon xonligida madaniyat haqida soʻz yuritilganda, avvalo, islom diniga toʻxtalib oʻtish kerak. Chunki, Mavarounnahrda Naqshbandiya, Kubroviya va Yassaviya tariqatlarining vujudga kelishi hamda rivojlantirishi xonliklar davri madaniyatiga ham taʼsir koʻrsatgan. Tariqat insonning islom diniga munosabatini yanada chuqurlashtirgan. Undagi tenglik, bagʻrikenglik, birodarlik, mehnatkashlik, poklik kabi gʻoyalar barcha tabaqalar orasida jamiyatga munosabatni oʻzgartirmoqda edi. Tariqat vakillari xonlikda endigina koʻchmanchilar hamda oʻrtoqlasha boshlagan yarim koʻchmanchilar orasida islom dinining keng va chuqur kirib borishiga yordam bergan. Natijada, oʻtroq va koʻchmanchi aholi oʻrtasidagi munosabatlarga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Tipik feodal davlat boʻlgan Qoʻqon xonligida kambagʻal tabaqa vakillari tenglik va birodarlik targʻib etilayotgan tariqatdagina katta
obroʻeʼtiborga ega boʻlishi mumkin edi. Shuning uchun shayxlarning muridlari va tariqatni qoʻllab quvvatlovchilar koʻp boʻlgan[4,45-49]. Qoʻqon xonligida Naqshbandiya tariqati vakillaridan biri Mahdumi Aʼzamning obroʻsi yuqori boʻlgan. Asl nomi Shayx Sayiid Ahmad Xoʻjagon Kosoniy (1461-1542) boʻlgan shaxs XVI asr boshlarida Fargʻona vodiysining Kosonsoy hududida tugʻilgan, oʻz davrining tasavvufiy olimlari Muhammad Qozi, Xoʻja Ahror Valilardan naqshbandiylik gʻoyalarini oʻrgangan. Mahdumi Aʼzam avlodlarining taʼsiri Qoʻqonda ham katta edi. Maʼsumxon Toʻra bobolari kabi xonlikdagi eng obroʻli shaxslardan biri boʻlgan. U Olimxon va Umarxon davrida shayxulislom lavozimini egallagan boʻlib, saroyda xon maslahatchisi hisoblangan.Tariqat Qoʻqon xonligida ruhoniylar va siyosiy hokimiyat vakillari, hukmron va kambagʻal tabaqa, oʻtroq va koʻchmanchi aholi oʻrtasida aloqalarni mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshgan. Ijtimoiy tizim sifatida shakllangan tariqat jamiyatning barcha aʼzolari uchun majburiy boʻlgan shaxsiy va ommaviy axloq hamda diniy meʼyorlarni shakllatirgan[5,27-28] . Oʻrta Osiyo xalqlari tarixida ijtimoiy fanlar, shu jumladan, tarix fani ham doimo muhim oʻrin egallab kelgan. Qoʻqon xonligi davrida yirik tarixchilar yetishib chiqqanligi tarixnavislik sohasida sezilarli darajada muvaffaqiyatlarga erishilganligini koʻrish mumkin. Junayid Mulloning “Tarixi Jahonnomayi”, Fazliy Namangoniyning “Majmuat ut-shuaro”, “Shoxnoma”, “Umarnoma”, “Zafarnoma”, Hakimxon Toʻraning “Muntaxab at- tavorix”, Buxoriyning “ Buxoro, Xoʻkand va Qoshgʻarda baʼzi bir hodisotlar”, Shavqiy Namangoniyning “Jomeʼ ul-havodis”, “Tarixi Hoʻkand”, “Pandnomai Xudoyorxon ” kabi asarlar tariximizni oʻrganishda muhim manbalar hisoblanadi. Qoʻqon xonligida adabiyot va sanʼat. Qoʻqon xonligi davrida oʻzbek adabiyotining rivojlanishiga hissa qoʻshgan isteʼdodli yozuvchilar, shoir va shoiralar yetishib chiqqan. Oqibatda, tariximizda mashhur boʻlgan Qoʻqon adabiy muhiti vujudga kelgan. Adabiyotning rivoj topishiga Akmal, Amiriy, Boqixontoʻra, Gulxaniy, Zavqiy, Mahmur, Muqimiy, Mushrif, Muhsiniy, Nasimiy, Nizomiy, Nodir, Sadoiy , Umidiy, Furqat, Shuhrat kabi isteʼdodli shoirlar hamda Anbar Otin, Baxriy Otin, Zebiniso, Nodira, Saidabonu, Uvaysiy, Xayriniso kabi shoiralar katta hissa qoʻshganlar. Qoʻqon xonligi madaniy hayotida adabiyotning oʻrni ayniqsa yuqori edi. Shuning uchun adabiyot rivojiga katta taʼsir koʻrsatgan. Qoʻqon adabiy muhitining shakillanishi xonlikda madaniyat taraqqiyotini belgilovchi muhim mezon boʻldi. Isteʼdodli shoir va shoiralar, yozuvchilar yaʼni oʻz ilmining ustalari shakllangan. Qoʻqon adabiy muhitining oʻziga hos xususiyati- uning vakillari ikki yoʻnalishda ijod qilganliklaridadir. Birinchi yoʻnalishga mansub ijodkorlar saroy shoirlari boʻlib, ularning asarlarida boy tabaqa vakillari madh etilgan. Ikkinchi yoʻnalishga mansub ijodkorlarning asarlarida esa, xalq orzu umidlari, intilishlari, darduhasratlari oʻz ifodasini topgan. Ikki yoʻnalish vakillarining ham umumiy jihati mavjud boʻlib, bu ularning asarlarida Vatan timsoli, unga muhabbat hissining ilgari surilganidadir.
Oʻzbek milliy madaniyati markazlaridan yana bir bu Qoʻqon shahri edi. XVIII-XIX asrning ikkinchi yarmi va XVIII asr boshlarida yashab ijod qilgan isteʼdodli va isyonkor shoir Boborahim Mashrab (1640- 1711) dir. U Namanganda tugʻilgan. Yetti yoshida mashhur shayx Mullo Bozor Oxund qoʻlida taʼlim olib xat-savodini chiqargan. Shoir Mashrab ijodini oʻrganishda Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan boshqa bir qator manbalar , jumladan, “Tazkirai fahmiy”, “ Muntahab at-tavorix” va Mashrab zamondoshi , u bilan birga boʻlgan Isʼhoq Bogʻistoniyning “Tazkirai qalandaron” asari gʻoyatda qimmatlidir. Shoir Mahmur(XVIII asr oxiri – 1844 ) . U oʻz davrining yirik satirik shoiri edi. Ziyoli oilasidan boʻlgan Mahmurning otasi Mulla Shermuhammad madrasada mudarrislik qilgan. Akmal taxallusi bilan sheʼrlar yozib, ijodiy ish bilan shugʻullangan. Mahmurning asl ismi Mahmuddir. Mahmur shoirlik taxallusidir. U otasi dars beradigan Mir madrasasida tahsil koʻrgan.Undagi qobiliyatni sezgan saroy ahllari Mahmurni saroy shoiriga aylantirishga harakat qiladilar. Mahmur saroyda askar boʻlib xizmat qilish bilan birga ijodiy faoliyatni ham davom ettiradi. Saroy shoirlari uni masxaralab, ustidan kular edilar. U saroy shoirlari bilan kelisholmasdan saroyni tark etadi. U umrining oxirigacha qashshoqlik va muhtojlikda Hapalak qishlogʻida yashadi. 1844-yilda xor – zorlikda vafot etdi. Uning “ Hapalak” sheʼri shoir ijodining yuksak pogʻonasi boʻlib, unga katta obroʻeʼtibor keltirdi[5,63-66]. Gulxaniy. Asl ismi Muhammad Sharif boʻlgan Gulxaniy XVIII asrning oxiri, XIX asrning boshlarida yashab ijod qilgan. U taxminan 1770-yillarda Darvozda (hozirgi Tojikistonning Tavildara va Qalʼai xum tumanlari) kambagʻal oilada tavallud topgan. Gulxaniy Qoʻqon xoni Olimxon saroyida boʻlsada, ogʻir iqtisodiy sharoitda edi. Shu tariqa u XIX asrning birinchi yarmida qashshoqlik va muhtojlikda bu dunyoni tark etadi. Gulxaniyga katta hurmat va obroʻkeltirgan asar soʻzsiz “Zarbulmasal”dir. Zinnat shoir (a), davlat arbobi, dodhoh. V. P. Nalivkin va M. S. Nalivkinalar “Ocherki bita jenshin osedlogo tuzemnogo neseleniya Fergani” nomli kitobida “Qoʻqonda ikkita shoira yashagan, birining taxallusi Zinnat, ikkinchisi esa Mahzuna taxallusli . Ishontirib aytmoqdalarki , ulardan biri esa ochiq yuz bilan erkaklarcha kiyinib xon saroyiga kelar ekan va uning dodhoh unvoni ham boʻlgan. Ikkalasining ham gʻazallari Umarxonniki singari “Majmuat ush-shuaro nomli sheʼrlari toʻplamiga kiritilgan deb yozilgan . Qoʻqon xonligi tarixiga hozircha maʼlum boʻlgan ayol dodhohlardan faqat Qurbonjon dodhohni (1811_1907) bilamiz. Ammo, Umarxon davrida tuzilgan “Majmuat ush – shuaro ” nomli toʻplamga uning gʻazali kiritilganligini eʼtiborga olsak, u mahalda Qurbonjon yosh qizcha boʻlgan edi. Zinnat kim boʻlishidan qatʼiy nazar, uning yozgan sheʼrlari va gʻazallari mazmundor va yetuk boʻlgan. Ushbu satrlar mualliflaridan birining shaxsiy kutubxonasida bir qoʻlyozma bayoz kitob bor. Unga Zinnatning “ Bahru odobi... “ soʻzlari bilan boshlangan sheʼri kiritilgan [6,97-99]. Mohzoda Begim(XIX asr) - oʻzbek shoirasi . Uning yashagan davri va tarjimai holiga oid maʼlumotlar kam saqlangan. Mohizoda Begimning “Jahon
xitob” deb ataluvchi sheʼri qoʻqonlik maʼrifatparvar shoir Ibrohim Davron ( 1874-1922) bostirib chiqargan “Ashori nisvon” (“Ayollarning sheʼrlari “ , OʻzRFA Sharqshunoslik instituti, inv.N° 16704) kitobiga kiritilgan. Shoira bu sheʼrida oʻz davridagi xotin- qizlarning ayanchli qismati, ularning huquqsizligi va mudhish hayotini tasvirlab , oʻzi yashayotgan tuzumning adolatsizligidan shikoyat qiladi. Mahzuna. Mehribon mulla Boshmon qizi (XIX asr) -oʻzbek shoirasi . Uning hayoti va faoliyati haqida toʻla maʼlumot yoʻq. Mahzunaning devoni haqida maʼlumotlar mavjud boʻlsada, hali bu devon topilmagan. Jahon otin Uvaysiy (1778-1845). Jahon otin Margʻilon shahrining Childurtaron mahallasida tavallud topgan. Oilasi oʻzbek davrining ilgʻor va maʼrifatli oilalaridan biri boʻlgan . Otasi oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. Onasi Chinnibibi maktabdor edi. Akasi Oxunjon Hofiz ham oʻz davrining taniqli madaniyat va sanʼat xodimlaridan hisoblangan. Umarxon Margʻilonga hokim boʻlgan (1806- 1807) kezlarda Uvaysiy el oʻrtasida nomdor shoira sifatida tanilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, Qoʻqon xonligidagi adabiy muhit va maʼnaviy hayotni shakillantirishda temuriylar davriga taqlid yaqqol koʻzga tashlanadi. Buni hukmdor Umarxon davrida shakllangan, uning boshchilida faoliyat koʻrsatgan adabiy muhit va adabiyot namoyandalari misolida, yaratilgan asarlarning shakli va janrida koʻrish mumkin. Madaniy hayot va adabiy muhitga ham ming sulolasini ulugʻlashga intilish ustunlik qildi.Qoʻqon xonligida teatr sanʼatining qiziqchilik , masxarabozlik, askiya, qoʻgʻirchoq teatri kabi turlari keng rivojlangan. Sahnalashtirilgan koʻrinishlar aholiga zavq berishdan tashqari, jamiyatda mavjud boʻlgan kirdikorlarni ochish uchun ham qoʻllanilgan[7,65-67]. Ayniqsa, XIX asrda Zokirjon, Zokir eshon, Matxoliq qiziq, Saʼdi Maxsum kabi taniqli aktyorlar yetishib chiqqan. Bundan tashqari, xonlikda dorbozlik, akrobatika, ot oʻyin kabi mahalliy aholi qadrlaydigan sanʼat turlari bor edi. XIX asrning ikkinchi yarmida, yaʼni Xudoyorxon xonlik qilgan davrda, ayniqsa, Qoʻqon teatr sanʼati yanada gurkirab oʻsdi va rivojlandi. Sanʼatning ayniqsa, teatr sanʼatining insonlarga koʻrsatadigan taʼsir kuchi va tarbiyaviy ahamiyati katta ekanligi chuqur anglab yetgan Xudoyorxon, oʻz xursandchiligi, ayshu-ishrati ayni zamonda gʻoyaviy maqsadlarini koʻzlab , saroy- teatr sanʼatini har tomonlama oʻstirish va rivojlantirishga katta ahamiyat bergan. Shu maqsadda Xudoyorxon xalq ichida tanilgan va shuhrat qozongan sanʼatkorlarni saroyga toʻplab , ulardan oʻz maqsadlari yoʻlida keng va unumli foydalanib kelgan. Saroy truppasi tarkibida xalq teatri va dramaturgiyasi namoyondalari , Bidyorshum truppa rahbari, mashhur aktyor Zokir eshon, isteʼdodli sanʼatkorlardan Rizo qiziq,Saʼdi Maxsum , Normat qiziq, el-u xalq orasida tanilgan va shuhrat qozongan zamonaning sanʼatkorlari yetishib chiqqan va ijod qilgan edilar. Truppaning repertuari asosan, ularning oʻzlari tomonidan ijod qilinib yaratilgan va ijro etilgan. “Mudarris ”, “Avliyo”, “Xon hajvi”, “Zarkokil”,
“Qalandarlik”, “Darbozlik”, “Kelin tushurdi”, “Qozi”, “Sudxoʻr”, kabi 200 ga yaqin turli janr va hajmdagi peʼsa, aytishuv, muqallidlardan iborat boʻlgan va tarkib topgan[8,48-49]. Xudoyorxon saroyida tarkib topgan va rivojlangan. Bu anʼanaviy yoki qadimiy xalq teatri , uning tomoshalari hamda repertuari haqida yozuvchi Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon “ romani va shu roman asosida Oʻzbekiston kinostudiyasi tomonidan yaratilgan shu nomli badiiy filmda aniq va qimmatli maʼlumotlar berilgan. XIX asrning ikkinchi yarmida Turkiston oʻlkasida yuz bergan siyosiy voqealar oʻzgarishlar, chor Rossiyasining Markaziy Osiyoni bosib olishi 1896 yilga kelib, Qoʻqonda Xudoyorxon xonligining tugatilishi , shundan soʻng Turkistonga ruslarning bostirib kirishi, ularning oʻz mavqeini mustahkamlash siyosatlarini oʻtkazish maqsadida hamma yerda boʻlganidek, Qoʻqonda ham xalqimizning koʻp asrlik milliy madaniyati , maʼnaviyati va madaniyati oʻrniga, oʻz madaniyati va maʼnaviyatini oʻrnatish harakati yuz berdi. Shuni eʼtirof etish lozimki , albatta bunday harakatlarning salbiy oqibatlari bilan birga ijobiy tomonlari ham boʻlgan. Uning Turkiston xalqlari orasida madaniy, maʼrifiy taraqqiyotini tezlashtirish, maʼnaviy, badiiy va estetik tushunchasini rivojlantirish, hamda oʻstirish yoʻlidagi roli va ahamiyati katta boʻlgan. Buning oqibatida Qoʻqon xonligi tugatilgandan soʻng shaharda birinchi bor Ovrupa tipidagi musiqiy drama tashkil qilinib , unga 1876 yilgacha Qoʻqon saroy truppasida ishlab , ijod qilib kelgan Roʻziyov Nazarmat oʻgʻli rahbar etib tayinlandi va uning rahbarligi 1915 yilgacha davom etdi. Asrlar davomida anʼanaviy yoki qadimiy xalq teatrlarining chiqishlari va tomoshalari asosan shahardagi ochiq maydonlarda va saylgohlarda tashkil qilingan.1878 yilda Qoʻqonda ham klub tipidagi “Voyennoy sabraniy “ qurib bitkazilib , uning sahnasida dastlab shahar harbiy gornizonning askarlari, shuningdek, rus va mahalliy xalq kishilarida tarkib topgan shahar aholisi havaskor aholiga oʻz tomoshalarini koʻrsata boshlaganlar. Shundan soʻng shahar dumasi tomonida 1880-yilning boshlarida teatr sanʼati uchun moʻljallangan maxsus “Obshestvennoy sobraniy” binosini qurish ishlari boshlanib ketib bu bino, 1880-yilning oʻrtalarida bitkazilib ishga tushirildi. Qoʻqon xonligida adabiyot va sanʼat o‘z navbatida xattotlikning rivojlanishiga taʼsir koʻrsatgan. Shoirlar , yozuvchilar, miniaturachilar ijodlari oʻziga xos xattotlik maktabining vujudga kelishiga sabab boʻldi. Qoʻqon xonligi davrida meʼmorchilik. Qoʻqon xonligi davrida meʼmorchilik sanʼati rivojlangan. Madrasa, masjid, maqbara, karvonsaroy, hammom kabi imoratlar qurilishida Turkiston meʼmorchiligiga xos uslublardan foydalanilgan boʻlsa-da, ayrim oʻziga xos xususiyatlari mavjud edi. Bu mahalliy sharoit, qurilish materiallari, qolaversa, urf- odatlar taʻsirida kelib chiqqan. Masalan Qoʻqonda barpo etilgan jomeʼ masjidi haqida, bir tomonga uzun choʻzilgan, ustunlari koʻp va baland joylashgan ayvonli, yarim yopiq, derazalari kam, yaʼni Fargʻona vodiysiga xos uslubda qurilgan, deb yoziladi.
Qoʻqon xonligida bunyod etilgan eng yirik inshootlar qatoriga shahar devori va xon oʻrdasini kiritish mumkin. Shaharning ajralmas qismi boʻlgan, muhim meʼmoriy yodgorliklar hisoblangan shahar devori hozirgi kungacha saqlanib qolmagan. Shahar devori haqida Qoʻqonda boʻlgan F.Nazarov, I.Potanin, A.Xoroshxin kabi rus elchilarining esdaliklaridan maʼlumot olish mumkin. Hozirgi kungacha saqlanib qolgan Xudoyorxon oʻrdasi XIX asrga oid boʻlgan muhim meʼmoriy obida hisoblanadi. Oʻrdaning qurilishida Mir Ubaydulla usta, Usta Soli hoji, Mullo Suyarqul, Fozilxoʻja, Usta Sofi Yoʻldosh kabi qoʻqonlik yoki boshqa hududlardan taklif etilgan usta hamda naqqoshlar bilan minglab xonlik aholisi vakillari ishtirok etganlar. Xonlikning Qoʻqon , Margʻilon, Andijon, Namangan, Oʻsh, Xoʻjand kabi yirik shaharlarida yuzlab madrasalar qurilgan. H. Bobobekov “Qoʻqon tarixi” asarida madrasalarning bir nechtasiga taʼrif bergan. Norboʻtabiy madrasasi, Madalixon madrasasi, Hazrat Kalon Sohib madrasasi, Madrasai Oliy, Madrasai Hokim oyim, Madrasai Kamol qozi, Madrasai Tunqator, Madrasai Haqquli mingboshi, Mohlaroyim madrasasi kabilar shular jumlasidandir. Madrasalarning ayrimlarigina hozirgi kungacha saqlanib qolgan[7,124-125]. Xonlik davrida barpo etilgan imoratlarning yana bir turi maqbaralardir. Maqbaralarning barchasi bir necha qismdan iborat majmuadir, yaʼni goʻrxonadan tashqari ziyoratxona, masjid kabi imoratlari boʻlgan. Dahmai shohon, Dahmai Modarixon, Xoʻja Amin, Maxdumi Aʼzam kabi maqbaralar qurilishining har biri oʻz tarixiga ega. Masalan, Xoʻja Amin maqbarasi XVIII asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan boʻlib, maqbarani bezashda XIV asr boshida Oʻrta Osiyolik meʼmorlar foydalangan rang-barang sirkor qoplamadan siqib chiqargan oʻyma sopol qoʻllangan. Tarixiy manbalarda yozilishicha, XVI asrning oxirlarida Shayx Hovandi Tahur avlodlaridan boʻlgan Iminxoʻja Eshon Toshkentdan Namanganga kelib, oʻrnashib qoladi. Unga ixlos qiluvchi kishilar koʻpayib ketadi. Iminxoʻja Eshon qaynotasidan meʼros qolgan boyliklar evaziga Ibrahimxoʻja hotiralari uchun taxminan XVII asr oxiri XVIII asr boshlarida Ibrohimxoʻja qabrining oldi tarafiga maqbara bunyod etgan. Maqbara qurilishiga oʻsha davrning mohir meʼmorlari jalb qilinib, u juda nozik did bilan qurilgan. Qoʻqon xonligida bunyod etilgan jamoat inshootlari qatoriga bozorlar, karvonsaroylar, koʻpriklar kabi qurilmalarni ham kiritish mumkin. Bundan inshootlar xonlikning iqtisodiy , ijtimoiy hayotida ham muhim oʻrin tutgan. Maʼlumotlar tahlili shuni koʻrsatadiki, maktab va madrasalarda oʻqitishning ayrim kamchiliklari han bor edi. Masalan, maktablarda ham madrasalarda ham yagona oʻquv standarti boʻlmagan. Mudarrislar oʻz uslublariga koʻra, oʻzlari xohlaganday dars olib borganlar. Oʻquv xonalarining sifati ham talab darajasida boʻlmagan. Oʻquvchi va talabalar sholcha va boʻyralarda oʻtirib oʻqiganlar, talabalarning hujralari qorongʻu va oʻqish uchun noqulay boʻlgan. Bundan tashqari, oʻquvchilar kaltaklangan va bu oʻquv jarayoniga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, deb tushunilgan. Aksariyat maʼlumotlar esa tushunish oʻrniga faqat yod olingan.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Qoʻqon xonligida nihoyatda murakkab siyosiy kurashlar avj olgan bir davrda vujudga kelib, shakillandi. Chunki, xonlik tashkil topgan davr Oʻrta Osiyoda buyuk imperiyalar davri oʻtib, mahalliy yoʻlboshchi sulola vakillari turli yoʻllar bilan hokimiyatni qoʻlga olib , qabilaviy konfederatsiya asosida davlat tuza boshlagan davrga toʻgʻri keladi. Urushlar va oʻzaro kurashlarga boy boʻlgan Qoʻqon xonligi davlat boshqaruv shakliga koʻra mutlaq monarxiya boʻlib, mamlakatda mulkdor tabaqalar, yetakchi urugʻlar (ming qipchoq qirgʻiz saroy)larning, ruhoniylar ayniqsa, sayyidlar va xoʻjalar yuksak maqomga ega edilar[8,34-35]. XIX asr oʻrtalaridagi siyosiy boshboshdoqlik , oʻzaro urushlar va nizolar mamlakat hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatib , Qoʻqon xonligining barcha sohalarida tushkunlik davri boshlandi. Bundan unumli foydalangan Rossiya imperiyasi - oʻz chegaralarida tinchlik oʻrnatish bahonasida xonlik hududlarini bosib oldi va uning oʻrniga 1876 yilda Fargʻona viloyati tashkil topdi. Shunga qaramasdan, Qoʻqon xonligi mintaqadagi yirik davlatlardan biri sifatida oʻziga xosliklarga ega boʻlib, Oʻzbekiston davlatchiligi tarixida muhim oʻrin tutadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI (REFERENCES)
1. Abdullaev, R.. O‘zbekiston tarixi: iqtisodiy jihatlar. Toshkent: Fan. (2005) 2. Alimov, U.. Qo‘qon xonligida pul tizimi va soliq islohotlari. Toshkent: Ilmiy Meros. (2019) 3. Bekmurodov, I. (2018). Qo‘qon xonligi va Rossiya iqtisodiy munosabatlari. Toshkent: Ma’naviyat. 4. Bregel, Y.. Central Asia: An Historical Overview. Bloomington: Indiana University Press. (1999) 5. Holbekov, M. Markaziy Osiyo iqtisodiy aloqalari va savdo yo‘llari. Samarqand: Ilmiy Nashr. (2015). 6. Madrahimov, T. O‘rta Osiyoda bozor iqtisodiyoti shakllanishi: Qo‘qon misolida. Toshkent: Yangi Asr Avlodi. (2013) 7. Niyozov, S. Qo‘qon xonligi iqtisodiy tarixi. Toshkent: Sharq nashriyoti. (2010). 8. Qodirov, A. Markaziy Osiyodagi savdo yo‘llari va ularning iqtisodiy ta’siri. Buxoro: Iqtisodiyot va Tarix. (2016). 9. Ross, E. The Silk Roads: A New History of the World. London: HarperCollins. (2007). 10. Vamberi, A. Travels in Central Asia. London: John Murray (1873) . 11. https://daryo.uz/yoqolgan-manaviy-meros-qoqon-xonligi-saroykutubxonasi-tarixidan?utm_source=chatgpt.com/2021/02/23 12. https://daryo.uz/ozbek-davlatchiligiga-berilgan-kuchli-zarba-qoqonxonligining-tugatilganiga-145-yil-toldi?utm_source=chatgpt.com/2021/03/05. 13. https://www.researchgate.net/publication_Iqtisodiyot_nazariyasi_I_tom_ darslik/373797614.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar0 ta adabiyot
Ma’lumot topilmadi
ma’lumot kutilmoqda
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011096
- Nashr sanasi
- 2025-08-27
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 1
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/63
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 296–303
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 22026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25