QO‘QON XONLIGIDA MANSAB VA UNVONLAR
Nabijonov Umidjon Abdugani ogluUniversity of business and science talabasi2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 253–258
Annotatsiya
Ushbu maqola Qo‘qon xonligida mansab va unvonlar tizimi davlat boshqaruvi, harbiy tuzilma va ijtimoiy ierarxiyasi,martabali amaldorlar, harbiy qo‘mondonlar, diniy rahbarlar va mahalliy boshliqlar va qo‘shbegi, mingboshi, devonbegi kabi yuqori martabali amaldorlar faoliyati hamda harbiy sohada to‘qsaba, yuzboshi, o‘n boshi kabi unvonlar haqida ma‘lumot berilgan.
Boshqa tillarda
ruschaДОЛЖНОСТИ И ТИТУЛЫ В КОКАНДСКОМ ХАНСТВЕ
В данной статье представлена информация о системе чинов и званий в Кокандском ханстве, государственном управлении, военной структуре и социальной иерархии, деятельности высокопоставленных чиновников, военачальников, религиозных лидеров и местных начальников, а также высокопоставленных чиновников, таких как кушбеги, минбаши, диванбеги, и военных титулах, таких как токсаба, юзбаши и онбаши.
inglizchaPOSITIONS AND TITLES IN THE KOKAND KHANATE
This article provides information on the system of ranks and titles in the Kokand Khanate, state administration, military structure and social hierarchy, the activities of high-ranking officials, military commanders, religious leaders and local chiefs, as well as high-ranking officials such as kushbegi, mingbashi, divanbegi, and military titles such as toksaba, yuzbashi, and onbashi.
Kalit so‘zlar
- Mingboshi
- Qushbegi
- Parvonachi
- Otaliq
- yovar
- qo‘rboshi
- xudaychi
- yuzboshi
- podaboshi
- qoravulbegi
- eshikog‘aboshi
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.
POSITIONS AND TITLES IN THE KOKAND KHANATE
Nabijonov Umidjon Abdug‘ani o‘gli University of business and science talabasi umidjonkak@gmail.com [telefon raqami yashirilgan] Annotatsiya Ushbu maqola Qo‘qon xonligida mansab va unvonlar tizimi davlat boshqaruvi, harbiy tuzilma va ijtimoiy ierarxiyasi,martabali amaldorlar, harbiy qo‘mondonlar, diniy rahbarlar va mahalliy boshliqlar va qo‘shbegi, mingboshi, devonbegi kabi yuqori martabali amaldorlar faoliyati hamda harbiy sohada to‘qsaba, yuzboshi, o‘n boshi kabi unvonlar haqida ma’lumot berilgan. Аннотация В данной статье представлена информация о системе чинов и званий в Кокандском ханстве, государственном управлении, военной структуре и социальной иерархии, деятельности высокопоставленных чиновников, военачальников, религиозных лидеров и местных начальников, а также высокопоставленных чиновников, таких как кушбеги, минбаши, диванбеги, и военных титулах, таких как токсаба, юзбаши и онбаши. Abstract This article provides information on the system of ranks and titles in the Kokand Khanate, state administration, military structure and social hierarchy, the activities of high-ranking officials, military commanders, religious leaders and local chiefs, as well as high-ranking officials such as kushbegi, mingbashi, divanbegi, and military titles such as toksaba, yuzbashi, and onbashi. Kalit so‘zlar: Mingboshi, Qushbegi, Parvonachi, Otaliq, yovar, qo‘rboshi, xudaychi, yuzboshi, podaboshi, qoravulbegi, eshikog‘aboshi. Ключевые слова Мингбоши, Кушбеги, Парвоначи, Оталик, Йовар, Курбаши, Худойчи, Юзбаши, Подабоши, Коровулбеги, Эшикогабоши. Keywords Mingbashi, kushbegi, parvanachi, atalik, yovar, kurbashi, xudoychi, yuzbashi, padabashi, karaulbegi, eshikogabashi.
Mustaqillikka erishgan kungacha O‘zbekiston o‘tgan yillar ichida o‘ta mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tgan. Buni oldindan yaxshi bilgan O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov ozodlikka erishgan dastlabki kunlarimizda “O‘z taraqqiyot yo‘limiz – bu gul bilan qoplangan yo‘l emas, bu totalitarizm merosidan halos bo‘lish va poklanish, mafkuraviylik illati yetkazgan ziyon-zahmatlarni bartaraf etishning qiyin, uzoq davom etadigan yo‘ldir” deb o‘zining O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida kitobida yozib qoldirgan[1.27]. Aynan shu davrlarda vatanimiz tarixi, yurtimizdagi qadimgi davlatlar, ularning ijtimoy-siyosiy hayoti, iqtisodiyoti, davlat xavfsizlik masalalari, bir so‘z bilan aytganda vatanimiz tarixini o‘rganish ishtiyoqi kuchayib borgan. Bu izlanishlar orasida Qo‘qon xonligi tarixi ham tarixchilar
tomonidan o‘rganilgan. Bu maqolada ham aynan Qo‘qon xonligi davridagi mansablar va unvonlarni keltirilgan. Turkiston davlatlarida joriy bo‘lgan vazifa va unvonlar, mansablar, ularning sohiblari haqidagi ba’zi ma’lumotlar olimlardan A. Kun, Ch. Valixonov, V. V. Bartold, A. Semyonov, B. Ahmedov, A. Vildanova, A. L. Troitskaya, R. Nabiyev asarlarida uchraydi. Bular ichida B. Ahmedovning “Amir Temurning davlatni idora qilish siyosati” maqolasi juda qiymatlidir[2.3-5]. Markaziy Osiyo davlatlarining “tarixini o‘rganish tarixchi va huquqshunos olimlar oldida turgan muhim va aslo kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir, chunki bunday ilmiy izlanishlarning ilmiy va nazariy ahamiyati benihoya kattadir” deb yozadi Bo‘riboy Ahmedov. Shu kabi mulohazalarga tayanib va o‘nlab mahalliy tarixchilarning XIX asrda yozilgan tarixiy asarlarining ma’lumotlari asosida bizni qiziqtirayotgan masalalarni yoritish yo'li bugunga kelib ochilgan. Qo‘qon tarixiga oid asarlarning soni o‘ttizdan oshadi, ammo ulardagi muhim ma’lumotlar ilmiy izlanishlar doirasiga to‘liq jalb etilmagan. Afsuski, bu ma’lumotlar tarqoq va parishon holatda haligacha qolib ketmoqda. Qo‘qon xonligidagi unvon, mansablar va amallarga mahalliy mualliflardan “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri Mullo Olim Mahdum Xo‘ja “Tarixi Turkiston” nomli asarida to‘xtalib o‘tgan[3.164-165]. Mullo Olim xonlikdagi amaldorlarni 24 darajaga bo‘lib, quyidagi ma’lumotlarni beradi: “Xo‘qand xonliklari asrida joriy bo‘lub turgan har xil mansablar, chunonchi: Mingboshi va Amiri lashkarlik mansabi. Bu mansab voyennuy ministirlik qatorida bo‘lub, ondin boshqa hukumatning hamma ishiga mudoxalasi, chunonchi, xorijiya, doxiliya ishlariga tamom daxli bo‘ladur. Ikkinchi Qushbegilik mansabi. Bu mansabdagi odamlar doimo xon huzurida maslahatchi qatorida turub va yoki biror katta shaharga hokimi bil-istiqbol nasib qiladur. XIX asrning 70-yillarida Qo‘qonda bo‘lgan Aleksandr Kun ma’lumotiga qaraganda, qushbegidan quyida bo‘lgan mansabdorlar xon qabuliga kira olmay, uning ahli rikob (uzangi ahli) qatoriga kirmaganlar. Bu mansabdorlardan ba’zilarining yillik daromadi quyidagicha bo‘lgan: Inoq – xonlikda uch kishi bu mansabga sohib bo‘lib, har birlari 1000 tangadan; zakotxona mehtari – 500 tanga; jarchiboshi – 300 tanga; mirzoboshi, munshi, miroxur 200 tangadan olardilar. Otaliq – 2000 tanga; parvonachi – 1500 tanga; dodxoh 1000 tanga; eshikog‘asi – 500 tanga; jibachi esa 70 tanga olardilar”[4]. Uchinchi Parvonachi – bu mansabdagi odamlar ham qushbegi lavozimini ado qilgan. To‘rtinchi Shig‘ovul – bu odam vaziri ilmiyadek bo‘lub, qozi, mudarris, a’lam, shayx ul-mashoixlar oning ko‘rsatgani bo‘yicha tayin qilinib, bularning taftishlari ham anga oiddir. Beshinchi Xudaychi – bu zot xonga adyutant (ad’yutant) hukmida bo‘lib, xonga maxsus beriladurgon arizaga va bo‘lak ishlarga vosita bo‘lgan. Oltinchi Tunqator – bu mansabdagi odam xonning maxsus yotadurgon joyiga posbondek, kechasi doimo uxlamay, xonning amriga muntazir bo‘lib turgan. Yettinchi Noib – tamomi sarbozlar uning ixtiyorida bo‘lgan. Sakkizinchi Otaliq, to‘qqizinchi Dodxoh, o‘ninchi Mehtarboshi, o‘n birinchi Sharbatdor, o‘n ikkinchi Dasturxonchi, o‘n uchinchi Xazinachi, o‘n to‘rtinchi mahramboshi, o‘n beshinchi Eshikog‘aboshi, o‘n oltinchi Ponsadboshi, o‘n yettinchi To‘qsabo, o‘n sakkizinchi Devonbegi, o‘n to‘qqizinchi Mirzoboshi,
yigirmanchi Sarkor, yigirma birinchi Miroxurboshi, yigirma ikkinchi Yuzboshi, yigirma uchinchi Bakovulboshi, yigirma to‘rtinchi Dahboshi. Ushbu mansabdorlarning hech qayularida muqarrar vazifa bo‘lmay, Qushbegi (parvonachi)larga biror katta shahar va andin kichiklarga qishloq va yo biror arig‘berib, boshqa mansabdorlarga podshohlikdin ot, libos, aslaha, bir yilda ikki-uch marotaba g‘alla, sarupo berar edilar. Mundin boshqa bir necha mayda mansablar ham bolur edi. Ilmiya va huquq mansablaridan qozi ul-quzzot, qoziykalon, qoziyi askar, qoziyi maxsus, a’lam, muftiy, mudarris. Bularning har qayularining o‘zlariga maxsus lavozimlari bo‘ladur. Yana shayx ul-islom, shayx ul-mashoix mansablari ham bor edi. Mullo Olimning bu qaydlarida ma’lum ziddiyatlar uchrashidan qat’i nazar, bu masalaga bag‘ishlangan birinchi izlanishlardan bo‘lgan. U mavjud mansab va unvonlarini tasnif qilib, ularni darajabandlik qilgan. Qo'qon xonligida unvon va mansablar ularning ijrochilarining martabalariga qarab harbiy, harbiy-ma’muriy, saroyning unvon va mansablari, saroy ma’muriyati vazifalariga hamda diniy va diniy-qozixona amallarga taqsim bo'lardi. Xonlikda eng oliy va markaziy unvon «Xon» unvoni bo‘lib, uning hukumati cheklanmagan. Farmon berish va uning bajarilishini nazorat etish sapohiyatlari uning qo‘lida edi. Ming qabilasidan bo‘lmish hokimlar Shahrisabz, Urgut, Mog‘iyon, Urmetan viloyatlari va bekliklarida ham hukm surganlar. Olimxon davrigacha (1798 y.) Ming‘qabilasi rahbarlarining unvoni “biy” edi. Olimxon 1805 yili birinchi bo‘lib o'zini “xon” deb e’lon qildi. Umarxon (1810-1822-y.) o‘zini 1818 yili “amir al-mo‘minin” deb e’lon qilib, diniy boshliq ham bo‘lib oldi. Uning vorisi Muhammad Alixon esa yana “xon” taxtiga ko‘tarilgan. Xon avlodlarini xonzoda, amirzoda, mirzoda, shahzoda, to‘ra deb atalgan. Xonlikdagi davlat nizomi mutloq yakkahokimlik bo‘lib, faqat ma’lum tarixiy davrlarda uning salohiyati va qudrati cheklab qo‘yilgan. Bunday hol Musulmonqulining mingboshi va otaliq bo'lgan davrida (Xudoyorxon zamonida 1844-1852-yillar), Alimqulining amirlashkarlik va vazirlik davrida (Sulton Saidxon xon bo‘lgan vaqti 1863-1865- yillar) ro‘y bergan. Xonning kuchi va qudrati ma’lum iqtisodiy asoslarga va ijtimoiy guruhlarga tayangan. Xon eng katta mulkdor sifatida xonlikdagi hamma yer, suv, quruqliklar, ko‘l va anhorlarga egalik qilib, ulardan zakot va xiroj shaklida daromad olib, xazinasini to‘ldirardi. Shuning hisobidan hamda boshqa soliqlardan u o‘zining saroyi, qo‘shini va ma’muriyat amaldorlarini tutardi. Qo‘qon xonligi asosan Olimxon, Umarxon va Muhammad Alixon davrlarida (1798-1842-yillari) ancha barqaror va tinch rivojlangan. Lekin, XIX asr o‘rtalariga kelib bu davlat tanazzulga duch kela boshladi. Bu tanazzulning asosiy sabablari sifatida o‘troq xalq (raoyo) va ko‘chmanchi aholi (baroyo) o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni, o‘zaro nizo va urushlarni, xon taxti uchun olib borilgan janglarni, Buxoro amirligi bilan o‘rtadagi nizo va dushmanliklar, muhoribalarni ko‘rsatsa bo‘ladi. Bular natijasida xo‘jalik hayoti pasayib, ijtimoiy tarqoqlik boshlandi, davlat to‘la ma’noda inqirozga duch kelib, zaif bo‘lgan va oxir-oqibat Rossiya qo‘shinlari tomonidan mustamlakaga aylantirilgan. Qo‘qon xonligida boshqa unvonlar qatori harbiy unvonlar ham ko‘p bo‘lgan. Eng mashhur unvonlar quyidagilar: Mingboshi – mo‘g‘ullar istilosi davrida
mavjud (ularda: timchi), ming nafar askarning boshlig‘i. Ma’mur sifatida ming nafar otliq askar beradigan mulkning hokimi. Harbiy yurishlar vaqtida qo‘shinni boshqarib, lashkarboshi unvonini olgan. Bu unvonning egasi vazirlikka da’vo qilardi. Qo‘qon xonligida mingboshi amali Sheralixon davrida (1842-1844-y.) yuqori darajadagi vazifaga aylanib ketgan. Mashhur mingboshilar Muhammad Yusuf, Shodiboy, Musulmonquli qipchoq, Muhammad Diyor, Mullo Xolbek, Mirzo Ahmad, Niyoz Muhammad, Alimquli, Abdurahmon Musulmonquli o‘g‘li va boshqalar bo‘lganlar. Botirboshi – botir va bahodirlar boshlig‘i. Besh yuz nafardan ko'p dasta yoki to'pga boshchilik qilardi. Viloyatlarda botirboshi harbiy va qo'shin ishlariga mas'ul edi. Botirboshi ba'zan qurilish hamda sug'orish (ariq qazish) ishlariga ham boshchilik qilgan. Xonlikdagi Ulug'nahr arig'i Otabek botirboshi sarkorligi ostida amalga oshirilgani ma'lum. Qushbegi – harbiy qo'shinning boshlig'i. Yurish va jang vaqtlarida berilib, uning egasi mingboshilik unvonini olishga da’vo qilardi. (Buxoroda eng oliy mansabdor shaxslardan hisoblangan). Qushbegi mansabiga ko‘tarilgan zot alohida viloyatga ham hokim bo'lishi mumkin bo‘lgan. Umarxon davrida Rajab qushbegi, Muhammad Alixon zamonida Muhammad Sharif qushbegi, keyinchalik xonlik tarixida Shodmon Xo‘ja qushbegi (mingboshi), Mirzo Ahmad qushbegi (keyinchalik mingboshi mansabiga ko‘tarilgan) ma’lum o‘rin egallagan. Voli (noib-muovin) – viloyat va tumanlarda xonning o‘rinbosari. Viloyatlarda lashkar unga itoat etgan va u viloyatning harbiyma’muriy ishlariga boshchilik qilgan. Qal’abon (qutvol) – Qo‘qon xonligining chegaralarida joylashgan qal’a va istehkomlarning hokimi bo‘lib, shu tumanlarning harbiy-ma’muriy, xiroj va boj olish ishlariga, chegarani muhofaza qilish ishlariga javob bergan. Harbiy maqsadga ko‘ra, qal’abon vazifasiga dodxohdan qushbegigacha bo‘lgan shaxslar tayinlangan. Lekin mahalliy manbalar ma’lumotiga qaraganda, ba’zan xon nomaqbul kishini o‘zidan chetlatish uchun ham uzoqdagi qal’alarga ularni hokim qilib yuborgan. Qanoatshoh otaliq Mallaxon davrida Turkiston o‘lkasida shunday surgunda bo‘lib qaytgan edi. Qo‘rboshi – qo‘rxona, ya’ni, qurol-aslaha, yaroq, to‘p yasash ishxonalarining boshlig‘i. Xon va mingboshiga itoat qilgan. Xudoyorxonning so‘nggi xonlik davrida (1866-1875 yillar) Qo‘rboshi qo‘rxona, miltiqxona, to‘pxona (ishxonai to‘pxona)larga boshchilik qilib, xom ashyo topib kelishdan tortib, to tayyor mahsulot ishlab chiqarish va ularni xon qaroriga binoan tarqatib berish jarayonigacha javobgar bo‘lgan. Masalan, Baxti Muhammad qo‘rboshi boshchiligida ovro‘pacha qurollar (miltiqi farangi), to‘plar, jazoillar va ularning o‘qlari, o‘q qutilari (jildsandiqi to‘p va tirkash), to‘p arobalari va qurolaslahalarning ehtiyot qismlari ishlab chiqarilardi. Yovar – soqchilarning boshlig‘i. Dastasi yuz nafar askardan iborat bo‘lgan. Yovar o‘z dastasi yoki to‘bining hisobkitobi, yillik xarajatini askarlari uchun xazinadan olib bergan. Yovarlar xon devonining hujjatlarida g‘allagir (g‘alla oluvchi), javgir (bug‘doy oluvchi) va sarpo oluvchi sifatida qayd etilgan. Ba’zan yovar biror ariq (jo‘y) yoki anhorga ham sohib bo‘lib, xizmati uchun «mirobona» haq olgan. Ba’zi hujjatlarda yovar to‘pchilar dastasining boshlig‘i hamda qurol yasovchilar ustaxonasining sardori sifatida tasvirlangan. Mahalliy manbalardan “Tarixi
Alimquli amirlashkar” asarida Xayr Muhammad yovar amirlashkar shaxsiy dastasining boshlig‘i sifatida tilga olingan. Butun o‘rta asrlar musulmon davlatlarida bo‘lgani kabi Qo‘qon xonligidagi musulmon ruhoniylari ham alohida imtiyozlarga ega bo‘lgan ijtimoiy tabaqa hisoblangan. Xonlikdagi davlat boshqaruvida, ta’lim – tarbiyada, sud ishlarida hamda jamiyat hayotining turli sohalarida ularning fikri katta ahamiyat kasb etgan. Qo‘qon xonligida quyidagi diniy va qozixona mansab, unvon hamda amallari mavjud bo‘lgan: Shayx ul-islom – dindorlarning eng oliy unvoni bo‘lib, 1818 yilda Umarxon tomonidan joriy etilgan[5.188]. To‘pchiboshi – to‘pchilar boshlig'i. To‘qsabo – o‘zlarining tug‘iga ega bo‘lgan harbiy dastaning boshlig‘i (Buxoroda VII darajali mansabdor sanalgan). Podaboshi – besh yuz nafar askardan iborat guruhning rahbari. Yuzboshi – yuz kishilik dastaning boshlig‘i. Panjohboshi (ellikboshi; “elboshi” emas) – ellik nafarlik harbiy to‘bning sardori. Dahbosh (o‘nboshi) – o'n nafarlik jangovar dastaning sardori. Qoravulbegi – soqchilar va qorovullarning boshlig‘i. Harbiylar qatoriga askar, sarboz, no‘kar (navkar), mergan, mahram (mulozim ma’nosida), botur, jazoilchi, to‘pchi, zanbarchi (to‘pchi va jazoilchining yordamchisi), qo‘rchi, qorovul (soqchi) kirardilar. Qo‘shinda yana nog‘orachilar, karnaychi, surnaychi, dafchi (katta nog‘oralarni chaluvchi), ko‘s va duhulchilar, tug‘chi (bayroqbardor) ham xizmat qilgan. Bu unvonlar o‘rtasida mingboshidan ponsadboshigacha oliy unvonlar hisoblangan; yuzboshidan qorovulbegigacha o‘rta unvonli mansablar, qolganlari past unvonlar hisoblangan. Harbiylar o‘rtasida ellikboshidan mingboshigacha lavozimdagi amaldorlar xizmatlariga mulozimlarni olardilar. Ponsadboshidan yuqori lavozimdagi harbiylarga yana mirzo va munshi ham xizmat qilgan. Tarix fanlari doktiri Shodmon Vohidning Qo‘qon xonligidagi unvon va mansablar maqolasidagi ma’lumotlarga qaraganda, bu unvonlar sohiblari saroydan yiliga quyidagicha miqdorda maosh olganlar: Yuzboshi yiliga 80 pud bug‘doy, 240 pud jo‘xori (otlari uchun), kimxob chopon, salla, to‘shak (yoki 3 tillo), etik, po‘stin, to‘n, chakmon, 2 ta qo‘y, cheprak, choy (ikki qadoq), oq choy va har oyi 1 tilloyu 4 tanga pul, ya’ni, bir yilda jami 36 tilloga teng maosh olardi. Qushbegi 1500 tanga, qo‘rboshi 400 tanga, to‘qsabo 300 tanga, qorovulbegi 200 tanga, qo‘rchi 70 tanga va bahodurlar 20 botmon (1 botmon – 7,8 kg. – Sh. V.) bug‘doy bilan 50 tanga yillik maosh olishgan[6.11-14]. Harbiylarga xizmatlari evaziga xon tomonidan muayyan mulk (er, ariq yoki anhor) berilgan. Bunday mulk “tanho” bo‘lib, mulkdor “tanhodor” bo‘lib qolardi. Tanhodorlik huquqi muayyan muddatga berilib, bir umrga ham berilishi mumkin edi. “Tanho” to‘g‘ridan-to‘g‘ri meros qolmasdi. Tanhodorning o‘g‘li – vorisiga otasi vafot etsagina bu mulk o‘g‘liga o'tgan. Ba’zan muayyan mulkning yer, ariq, anhor, qishloq xiroji yoki tanobona solig‘i harbiy kishiga xizmati evaziga berilgan. Bu mulkning shakli “tarxon” bo‘lib, egasi shu soliqlarni olardi. Harbiylarda o‘z shaxsiy mulklari bo‘lsa, ular soliq to‘lashdan ozod etilgan. Muayyan mulkdan xiroj olish huquqi (muayyan muddat uchun ham) tarxon yoki vaqf shaklida harbiylar va ruhoniylarga ham berilgan. Xudoyorxon davrida mulkni “urg'u” (musodara) qilish yo‘li bilan ham xazina to‘latib turilgan. Biron ayb ro‘y bersa, hatto kuchli harbiy sarkardalar,
qabilalarning boy ashroflari va qo‘shin amirlarining mol- mulklari ham musodara qilinib, o‘zlariga jazo berilgan. Bulardan tashqari, harbiy yurishlar natijasida qo‘lga kiritiladigan o‘lja harbiylarning qo‘shimcha daromadlari hisoblangan. Bunday yo'l bilan to'plangan mol-mulk yurish qatnashchilari o‘rtasida teng taqsim qilingan. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam Qo‘qon xonligidagi barcha mansab va unvonlarning vazifalari, xalq bilan bo‘lgan munosabati, qilgan ishlariga mukofot va qancha miqdorda ish haqqi olganligi haqida ma’lumot berildi. Bunda ko‘rishimiz mumkinki, har bir mansab Qo‘qon xonligi hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu mansablarning yaxshi ishlashidan xalq orasida ilmga bo‘lgan qiziqish kuchaygan va mahhalliy aholi ham ta’lim olib davlat rivojiga o‘z xissasini qo‘shgan.
1. Karimov I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. “O‘zbekiston”. Toshkent. 2011. –B. 27. 2. Ahmedov B. «Muloqot» majallasida e'lon qilingan «Amir Temurning davlatni idora qilish siyosati». 1994. 3-4-5-B. 3. Mullo Olim Mahdum Xo'ja «Tarixi Turkiston». Toshkent. 1915. 164-165- B. 4. Shodmon Vohid. Qo‘qon xonligidagi unvon va mansablar. www.khdavron.uz. 5. A’zamova D. Qo‘qon xonligining ma’muriy boshqaruvi va mansablari. Central Asian Journal of Education and innovation. 2023. 188. B. 6. Sobirov J. To‘ychiyeva D. Qo‘qon xonligida davlat mansablari va unvonlari. “Zamonaviy dunyoda ijtimoiy fanlar, nazariy va amaliy izlanishlar” nomli ilmiy, masofaviy, onlayn konferensiya. –B. 11-14.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar6 ta adabiyot
- Karimov I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. “O‘zbekiston”. Toshkent. 2011. –B. 27.
- Ahmedov B. «Muloqot» majallasida e'lon qilingan «Amir Temurning davlatni idora qilish siyosati». 1994. 3-4-5-B.
- Mullo Olim Mahdum Xo'ja «Tarixi Turkiston». Toshkent. 1915. 164-165-B.
- Shodmon Vohid. Qo‘qon xonligidagi unvon va mansablar. www.kh-davron.uz.
- A’zamova D. Qo‘qon xonligining ma’muriy boshqaruvi va mansablari. Central Asian Journal of Education and innovation. 2023. 188. B.
- Sobirov J. To‘ychiyeva D. Qo‘qon xonligida davlat mansablari va unvonlari. “Zamonaviy dunyoda ijtimoiy fanlar, nazariy va amaliy izlanishlar” nomli ilmiy, masofaviy, onlayn konferensiya. –B. 11-14.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011089
- Nashr sanasi
- 2025-08-27
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 1
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/56
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 253–258
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 22026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25