Asosiy mazmunga o‘tish

BUYUK ALLOMALAR YURTI

Madrakhimov Zoxid SharofovichNamangan davlat universiteti, Tarix kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi.2025

Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 213–220

Annotatsiya

Ushbu maqolada, o‘rta asrlarda hozirgi Namangan viloyati hududidagi Pop, Axsikent va Koson kabi qadimiy markazlardan yetishib chiqqan buyuk faqihlar, tasavvuf allomalari, adiblar faoliyati, ularning ilmiy va ma‘naviy merosi haqida ma‘lumot berilgan.

Boshqa tillarda

ruschaСТРАНА ВЕЛИКИХ УЧЕНЫХ

В статье дается информация о деятельности великих правоведов, мистиков и писателей, вышедших в средние века из таких древних центров, как Поп, Ахсикент и Косон на территории современной Наманганской области, а также об их научном и духовном наследии.

inglizchaLAND OF GREAT SCIENTISTS

This article provides information about the activities of great jurists, mystics, and writers who emerged from ancient centers such as Pop, Akhsikent, and Koson in the present-day Namangan region in the Middle Ages, as well as their scientific and spiritual heritage.

Kalit so‘zlar

  • Namangan
  • Pop
  • Axsikent
  • Koson
  • ilm-fan markazlari
  • Umar Bob Farg‘oniy
  • Axsikatiylar
  • Asiruddin Axsikatiy
  • Abu Bakr Kosoniy
  • faqih
  • “Badoi”
  • Maxdumi A‘zam

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

Мadraximov Zoxid Sharofovich Namangan davlat universiteti, Tarix kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi. e-mail: zohidmadrahimov1980@mail.com Tel: [telefon raqami yashirilgan]

Annotatsiya Ushbu maqolada, o‘rta asrlarda hozirgi Namangan viloyati hududidagi Pop, Axsikent va Koson kabi qadimiy markazlardan yetishib chiqqan buyuk faqihlar, tasavvuf allomalari, adiblar faoliyati, ularning ilmiy va ma’naviy merosi haqida ma’lumot berilgan. Kalit so‘zlar: Namangan, Pop, Axsikent, Koson, ilm-fan markazlari, Umar Bob Farg‘oniy, Axsikatiylar, Asiruddin Axsikatiy, Abu Bakr Kosoniy, faqih, “Badoi”, Maxdumi A’zam. Annotation This article explores the contributions of great jurists, Sufi scholars, and literary figures who emerged from the ancient centers of Pop, Axsikent, and Koson in the present-day Namangan region during the medieval period. It highlights their scientific and spiritual legacy. Keywords: Namangan, Pop, Axsikent, Koson, centers of science, Umar Bob Farg‘oniy, Axsikatiy scholars, Asiruddin Axsikatiy, Abu Bakr Kosoniy, jurist, Badoi, Maxdumi A’zam. Аннотация В данной статье дается информация о деятельности великих правоведов, деятелей суфиев и литераторов, вышедших из древних центров, таких как Пап, Ахсикент и Касан на территории современной Наманганской области в средние века, а также об их научном и духовном наследии. Ключевые слова: Наманган, Пап, Ахсикент, Касан, научные центры, Умар Баб Фергани, Ахсикентцы, Асируддин Ахсикати, Абу Бакр Касани, правовед, «Бадои», Махдуми Аъзам.

Movarounnahr zaminida IX – XII, XIV – XV asrlar davomida yuzaga kelgan Uyg‘onish davrida Muso al Xorazmiy, Abu Rayxon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad al Farg‘oniy va boshqa ulug‘olimlar qatorida, hozirgi Namangan viloyati hududidagi Pop, Axsikent, Koson kabi qadimiy markazlarda ham jahon ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan allomalar ijod qilgan. X asrda Pop shahridan ulug‘shayx va donishmand Umar Bob Farg‘oniy yetishib chiqdi. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida IX – X asrlarda Turkistonda o‘tgan mutasavviflar haqida xabar berar ekan, bu kishining nomini ham tilga oladi va uning avliyo darajasida ekanligi to‘g‘risida voqea bayon etadi [1 – B. 95.]. Abdurahmon Jomiy ham Umar Bob Farg‘oniyning tasavvuf ilmidagi salohiyatini qayd etadi. O‘rta asrlarda Farg‘onaning markaziy shaharlaridan bo‘lgan Axsikent yirik madaniy markazga aylangan. Sayyoh va olim Yoqut Hamaviyning asarida

keltirilgan quyidagi fikrlar fikrimizning yorqin dalilidir: “Farg‘ona – keng yer, unga qarashli shahar va qishloqlar ham katta, uning ulkan shahri Axsikentdir. Shaharga olimlar, fozillar, ilm-fanning porloq yulduzlari, qo‘li gul ajoyib binokorlar, xullas, yetmish xil hunarning sohibkor kishilari to‘plangan” [17 – Б. 14.]. Axsikentda dunyoga kelib ijod qilgan va o‘ziga Axsikatiy nisbasini olgan olimlar ko‘pchilikni tashkil etib, ayrim adabiyotlarda Axsikatiy nisbasidagi olimlar yigirmataga yaqin ekanligi to‘g‘risida ma’lumotlar keltiriladi [7 – Б. 22.]. Yirik so‘z san`atkori, tarixchi, faylasuf, ilk Uyg‘onish davri madaniyatining eng yorqin namoyondalaridan biri bo‘lmish Abulfazl Muhammad Tohir Asiruddin Axsikatiy olimlar orasida o‘ziga xos, alohida o‘rin tutadi. Asiruddin Axsikatiy (Abulfazl Muhammad Tohir) XII asrda Axsi shahridan yetishib chiqqan o‘zbek ma’rifatparvari, yuksak iste’dod egasi hisoblanib, u haqida Muhammad Avfiy (XII asr), Muhammad Rovandiy (XII asr), Taqiddin Koshiy (XIV asr), Davlatshoh Samarqandiy (XV asr) va boshqa tazkiranavis va tarixchi olimlar ma’lumot beradilar. Davlatshoh Samarqandiy o‘zining “Tazkirat ash-shuaro” nomli asarida Asiruddin Axsikatiy haqida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Donishmand va fozil kishi bo‘lib, so‘zamollikda oliy martabaga ega edi. …Asli Turkistondan, Farg‘onaga qarashlik Axsikatning nohiyatidandir. …Axsikatiy so‘zni donishmandona aytur edi…” [5 – Б. 23.]. Zamonasining “Malik ush-shuarosi” Asiruddin Axsikatiy turli tarixiy va adabiy manbalarga ko‘ra, 1108 – 1110-yillar (hijriy 502 – 504-yillar) orasida tavallud topgan [8 – Б. 124.]. Uning bolaligi va ilk o‘qish-yillari Axsi shahrida o‘tdi. Asiruddin ulg‘ayib, balog‘atga yetgach, o‘zidagi mavjud bilimni yanada oshirish maqsadida o‘sha davrlarda butun dunyoga mashhur bo‘lgan ilm-fan markazlari – Balx, so‘ngra esa Hirot va Marv shaharlariga sayohat uyushtirgan. Xususan, Asiruddin Axsikatiy Saljuqiylar mamlakati markazi, fan va madiyat rivoj topgan shaharlardan biri Marvda riyoziyot (matematika), tibbiyot, kimyo, astronomiya, falsafa, grammatika va boshqa fanlarni o‘rgangan [7 – Б. 24.]. Adabiyotdan bilim va malakasini takomillashtirib, she’riy ijod bilan muntazam shug‘ullangan. Keng qamrovli bilim egasi va yetuk shoir bo‘lib yetishgan. Saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjarga qarshi 1153-yilda ko‘chmanchi o‘g‘uz qabilalari tomonidan ko‘tarilgan isyon, toj-taxt uchun kurashlar bilan qo‘shilib ketishi natijasida mamlakatda notinchlik va tartibsizliklar avj olgan [12 – Б. 129.]. Bunday vaziyatda Asiruddin ham Xurosondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan va g‘arbiy Eronga yo‘l olgan. Iroq va Ozarbayjon hukmdorlari saroyida xizmatda bo‘lgan. Ma’rifatparvar Asiruddin Axsikatiy keyinchalik, Isfaxon, Tabriz, Shirvon, Ray, Hamadon, Nishopur, Ganja Zangon, Ko‘histon, Xolxol singari katta-katta shaharlarda qirq-yil davomida hayot kechirgan [17 – Б. 23.]. Ulug‘vatandoshimiz bu yerlarda olimlar-u, fozillar, shoirlar suhbati, ilmu ma’rifatidan bahra olgan. Faqat o‘zgalar ijodidan bahramand bo‘lish bilangina cheklanib qolmay, o‘zining katta mahorat bilan yozilgan ruboiylari va g‘azallari bilan adabiyot muxlislari qalbini zabt etib, ularning diqqat-e’tiborini qozongan. Asiruddin Axsikatiy,

anchagina yillar mobaynida Arslon ibn To‘g‘rul (1160 – 1179-yy.) hamda Qizil Arslon (1185 – 1191-yy.) saroyida o‘sha zamon ma’naviy-ma’rifiy ishlari samaradorligini oshirish sohasida sidqidildan xizmat qilgan [4 – Б. 76.]. Asiruddin Axsikatiyning faoliyati va xizmatlari saljuqiy hukmdor Arslon shoh davrida yuksak baholanib, ma’rifatparvar olimga “Amir ul-shuaro” (Shoirlar amiri), “Malik ush-shuaro” (Shoirlar shohi) kabi unvonlar berilgan [18 – Б. 77.]. Asiruddinning forsiy devoni bizgacha yetib kelgan bo‘lib, mazkur devon 13 ming misradan ortiq she’rni o‘zida jamlagan [4 – Б. 78.], lekin ba’zi adabiyotlarda devonning hajmi 8 ming baytdan iborat ekanligi ta’kidlanadi [7 – Б. 24.]. Shuningdek, Axsikatiyning ijodiy merosi 120 qasida, 220 g‘azal, 80 qit`a, 4 tarkibband va tarje’band, 24 fard, 80 ruboiyni tashkil etadi [8 – Б. 127.]. Asiruddinning devoni, 1313-yilda Abdulmo‘min Ulviy tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, mazkur devon London shahridagi “Indiana Ofis” kutubxonasida saqlanadi. Shuningdek, ikkita qo‘lyozma Hindistonda, 11 tasi Eronda, ikkitasi Dushanbeda, ikkitasi Berlindagi kutubxonalarda saqlanmoqda [7 – Б. 24.]. Asiruddin Axsikatiy umrining oxirida qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan: fitna orqali saroydan quvilgan, nochor ahvolda qolib, so‘fiyona hayot kechirgan va 1196-yil (1198-y [15 – Б. 18. ])da Ozarbayjonning Xolxol shahrida vafot etgan [4 – Б. 77.]. Tadqiqotchilardan Sadriddin Ayniy, Sharif Husanzoda, Rasul Hodizoda ingliz olimi Hammer, chex olimi Yan Rikka, Eron olimlari Rizozoda, Shafak, Zabexullo Safo va boshqalar shoir she’riyati yuzasidan ilmiy ishlar yaratganlar. “Malik ush-shuaro”, “Amiri shuaro” unvonlariga sazovor bo‘lgan yetuk iste’dod egasi – Asiruddin Axsikatiy o‘zidan yosh shoirlarning ijodiy o‘sishlari, she’riyatda yuqori martabani egallashlari uchun g‘amxo‘rlik qiladi, bag‘rikenglik, jonkuyarlik ko‘rsatadi. Chunonchi, asli buxorolik, keyincha Isfaxonga borib, saljuqiy sultonlar saroyida qaror topgan Javhariy Zargarni u ustozlik mehri bilan tarbiyalaydi [17 – Б. 26.]. Mashhur Axsikatiylardan yana biri, Abu Rashod Axsikatiy – 1073-yilda Axsikent shahrida dunyoga kelgan va o‘z zamonasining mahoratli adibi hamda olimlari qatoridan o‘rin oldi. Abu Rashod olimning taxallusi hisoblanadi [18 – Б. 77.]. Abu Rashod Axsikatiy “Zul Fozil” (“Fazilatlar sohibi”) laqabi bilan mashhur bo‘lib, unga Axsikentda Abul Qosim Mahmud ibn Muhammad as-So‘fiy ta’lim bergan. Abu Rashod forscha she’rlardan iborat devon tuzgan. Arab shoiri AsSa’moniy u haqda: “Al-Axsikatiy adib va fozil, lug‘at va nahv (sintaksis) ilmida juda mohir va nasrda peshqadam edi. …Xurosonning ko‘pchilik fozillari adabiyotni Al-Axsikatiydan o‘rganganlar, unga shogird tushganlar”, – deya ma’lumot beradi [17 – Б. 19.]. Tarixchi sifatida Abu Rashod “Kitob fit-tarix” asarini yozgan. Ma’rifatparvar olim 1134-yil 23-aprelda vafot etgan [7 – Б. 23.]. Abul Vafo Axsikatiy Abu Rashod Axsikatiyning inisi. U ham Axsikentda Abul Qosim Mahmud ibn Muhammad as-So‘fiyda tahsil olgan. Tarix ilmini chuqur egallagan bo‘lib, zamondoshlari orasida “Zul Manoqib” (“Maqtovga sazovor xislatlar egasi”) degan nomga sazovor bo‘lgan. Olim haqidagi ma’lumotlar

bizning davrimizgacha Yoqut Hamaviyning “Mu’jam al-Buldon” va “Irshod ulAribila Ma’rifat il-adib” nomli asarlari orqali yetib kelgan [17 – Б. 20]. Muhamad ibn Muhammad ibn Umar al-Axsikatiy va Hisomiddin alAxsikatiylar fiqh asoslariga oid masalalarni o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lib, islom huquqi sohasida qator asarlar yaratdilar, ilmda yuqori cho‘qqilarga yetishdilar [17 – Б. 15.]. Tojuddin Abu Bakr al-Axsikatiy XII asr oxiri – XIII asr birinchi yarmida yashab, ijod qilgan olimdir. U Axsikentda tug‘ilib, keyinchalik Xo‘jandga ko‘chib borgan. Olim “Fatoviyn Xo‘jandiy” nomli fiqh ilmiga oid fatvolar majmuasidan iborat asarlar to‘plamini yozgan. Bu asar shariat masalalariga oid 54 kitobni o‘z ichiga oladi. Asarning bir nechta nusxasi bugungi kunda O‘zRFA Sharqshunoslik ilmiy tekshirish institutida 4832 raqami bilan saqlanmoqda [7 – Б. 24.]. XVI asr adabiyoti taraqqiyotida esa axsikentlik Mavlono Oxund va Mavlono Muhammad Vajhiylarning o‘rni beqiyos. XVI asrning birinchi yarmida Axsikentda tug‘ilgan Mavlono Poyanda Oxund bilimdon, donishmand kishi bo‘lib, tasavvufda kamolotga erishdi. Axsiy taxallusi bilan she’rlar yozib, istedodli shoir sifatida nom chiqardi. 1601-yilda Buxoroda vafot etdi [17 – Б. 21.]. Mavlono Vajhiy haqida ilm ahli tomonidan iliq fikrlar bildirilgan bo‘lib, Vajhiyning she’r aytishda shirinkalomligi ta’kidlanadi. Shoir, asosan, ruboiylar yozgan. XVI asr birinchi yarmida yashagan Sayfiddin Axsikatiy yirik tarixshunos olim bo‘lib, uning “Majmu` at-tavorix” (“Tarixlar majmuasi”), “Tuhfat ut-tavorixi xoniy” (“Xoning tarixdan tuhfasi”), “Nasabnomayi o‘zbek” (O‘zbeklarning nasabnomasi”) va boshqa asarlari muhim ilmiy qimmatga ega. Bu asarlarda olim 92 o‘zbek qavmini va Koson (Kosonsoy)da yashab o‘tgan mashhur shayxlarni qayd etadi [17 – Б. 15.]. Shuningdek, qirg‘izlar va boshqa turkiy qabila, urug‘lar haqida yarim afsonaviy, yarim tarixiy ma’lumotlarni keltiriladi [7 – Б. 25.]. Namanganning yana bir ko‘hna shahri Koson (Kosonsoy) ham ko‘plab allomalarni, ilm-fan darg‘alarini yetishtirib bergan. Bu o‘lkadan yetishib chiqqan mashhur allomalardan biri, mashhur faqih Abu Bakr Kosoniydir. Abu Bakr Kosoniy XIII asrda yashab ijod qilgan taniqli olim va shoir. Ma’rifatparvar olimning to‘liq ismi Alouddin Abu Bakr ibn Mas`ud ibn Ahmad Kosoniy. U fiqh ilmiga, tasavvufga oid asarlar yozgan, she’riy ijod bilan shug‘ullangan. Alouddin Kosoniyning tavallud sanasi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Uning vafoti 1191-yilga to‘g‘ri kelishi tadqiqotchi olimlar tomonidan aniqlangan [19 – Б. 85.]. Koson – Movarounnahrdagi Shosh (Toshkent) viloyatining orqasida, Farg‘ona vodiysi mintaqasi – Sayhun (Sirdaryo)ning shimoliy qismida joylashgan shaharlardan biri. Alouddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Kosoniy mana shu shaharda tug‘ilganligi uchun unga Kosoniy deb nom berilgan. Alouddin Abu Bakr ibn Mas`ud ibn Ahmad Kosoniy “Malik al-ulamo”, “Sultonul ulamo” (Uulamolar sultoni), va “Alouddin” (“Dinni ulug‘lovchi”) kabi unvonlar bilan shuhrat topgan. Abu Bakr Kosoniy o‘z yurtida ilmni va ulamolar majlislarini sevib ulg‘aygan. Balog‘at yoshiga yetgach Buxoro shahriga kelib u yerda Alouddin Muhammad ibn

Abi Ahmad Samarqandiyning (vaf. 1145-y.) [10 – Б. 62.] qo‘lida tahsil olgan. U ustozining “Tuhfat ul-fuqaho” asariga “Badoi’ us-sanoi’ fi tartibish sharoi” (“Shariat hukmlarini tartibga solishdagi mahoratlarning badiyatlari”, qisqacha – “Badoi”) nomli sharh yozib, ustoziga taqdim etdi [13 – Б. 26.]. Bundan xursand bo‘lgan Samarqandiy olima va faqiha qizi Fotimani Kosoniyga nikohlab beradi. Ikki ilmi tolibdan hosil bo‘lgan oila timsolida o‘ziga xos maktab vujudga keldi. Chunki, bu vaqtda Alouddin Kosoniy ham, uning fiqh, husnixat, hadis ilmida yetuk bo‘lgan rafiqasi Fotima ham Alouddin Samarqandiy darajasida fatvo berish maqomiga yetgan edi. Ular ilm istab Turkiya va Shom mamlakatlarida bo‘lishadi. Alouddin Abu Bakr Kosoniy yuksak bilim, hikmat-zakovat va g‘ayrat-shijoat bilan uzoq yillar Halabda olib borgan faoliyatlari natijasida o‘lkadagi aqidaviy, fiqhiy ixtiloflarga barham berildi, mazhablar orasidagi bir-biriga bo‘lgan birdamlik, hurmat oshdi. Abu Bakr Kosoniyning qoldirgan asarlari ko‘p bo‘lmasa-da, ilmiy saviyasini yuqori bo‘lganini ko‘rsatib bera oladi. Olimning bizgacha islom fiqhiga oid yagona asari “Badoi` us-sanoi` fi tartibish-sharoi`” (“Shariat qonunlarini tartiblashda go‘zal qonunlar”) yetib kelgan. Abdulhay Laknaviy (vafoti 1304/1886-y.) esa Abu Bakr Kosoniyning bizgacha yetib kelmagan yana bir “Kitobul-Jalil” nomli asari haqida aytib o‘tgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasining fundamental kutubxonasida saqlanayotgan 7 juz’dan iborat (5 ta kitob holida nashr etilgan) Abu Bakr Kosoniyning “Badoi” asarida allomaning favqulodda iste’dod va mahorati mujassam bo‘lgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bu kitobga shunday ta’rif bergan edilar: “Bu – ulkan kitob. Undan hamma faqihlar foydalanib kelgan va bundan keyin ham foydalanadi, inshoolloh”. Fiqh ilmi qomusi bo‘lgan “Badoi” Shayx Alouddin Mansur tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, 2018-yilda “Sharq” nashriyotida chop etildi. “Badoi”ni tarjima qilgan Shayx Alouddin Mansur “O‘rganayotganimiz “Badoi’ us-Sanoi’” boshqa fiqhiy kitoblardan farqli ravishda mukammal va mufassal asardir. Unda har bir masalaning dalili izchil tekshiriladi, ixtilofli masalalarning sabablari izlanib, ular to‘la va atroflicha o‘rganiladi”, – deb yozadi [3 – Б. 19.]. Naqshbandiya tariqatining pirlaridan, naqshbandiya tariqati ta’limotini bir tizimga solgan, silsila va amaliyoti, shuningdek, tasavvuf ta’limotining nazariy muammolari bo‘yicha asarlar yaratgan mutasavvif, naqshbandiylikning ijtimoiysiyosiy ta’sirining ortishi, kengayishi va tarqalishida favqulodda sa’y-xarakat va qat’iy irodalilik ko‘rsatgan ulug‘zot, orifiy ilmlar sohibi, Kosonsoy farzandi Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Kosoniydir. Mahdumi A’zam – Sayid Ahmadi ibn Mavlono Jaloliddin Kosoniy 1461- yilda tavallud topgan [2 – B. 7. ]. Yosh Sayyid Ahmad Kosoniy dastlabki bilimlarini kosonlik ustozi Mir Sayyid Alidan oladi. Keyinchalik, bilimini oshirish uchun ustozi Mir Sayyid Alining maslahati bilan Xoja Axror Valiyning shogirdi Mavlono Muhammad Qozi xuzuriga borib, ul zotga shogird tushadi. Shu tariqa Sayyid Ahmad Kosoniyning naqshbandiya tariqatidagi faoliyati boshlanadi. Tez orada Sayyid Ahmad Kosoniyning shuhrati butun Movarounnahr, Xurosonga yoyiladi. Karmana va Miyonqol hokimi bo‘lmish Jonibek sultonning

taklifi bilan Sayyid Ahmad Kosoniy Samarqandga ko‘chib keladi. Dastlab Karmanada yashaydi, so‘ngra Miyonqolning eng so‘lim va hosildor yerlaridan unga joy ajratib beriladi. Manbalarga qaraganda, Sayyid Ahmad Kosoniy bu joyni obod qilib, dastlab o‘n tup tol o‘tkazgan. Shu bois mazkur mavze Dahbed (O‘n tol) degan nom olgan. Sayyid Ahmad Kosoniy bu yerda keyinchalik tasavvuf olamida dong‘i ketgan Dahbed maktabiga asos soldi [9 – Б. 5.]. Sayyid Ahmad Kosoniy Turkistondagi naqshbandiya tariqatining yetakchilaridan biri bo‘lgan. Bu ulug‘zot chuqur ilm sohibi va tariqat ta’limotidagi favqulodda iste’dod va qobiliyati tufayli o‘z davrining ulamolari tomonidan “Mahdumi A’zam” unvoniga musharraf bo‘lgan. “Mahdum” – xizmat qiluvchi odam. Odatda, u piru ustozlarga beriladigan tahallus, chunki ularga o‘z muridlari va shogirdlari xizmat qilishadi. Bu tahallusni ba’zi joylarda piru ustoz va ulamolarning o‘g‘illariga nisbatan ham ishlatadilar. “A’zam” – Ulug‘degan ma’noga ega. Tasavvuf va fiqhshunoslik ilmlari bobida uch buyuk zot “A’zam” (Ulug‘) unvonini olishgan. Bular Imomi A’zam, G‘avsul A’zam va Mahdumi A’zam. Mahdumi A’zamning izdoshlari, muridlari va muhlislari juda ko‘p bo‘lgan. Manbalarda, Mahdumi A’zamni oltmishta avliyoni yetishtirgan murshid (piri shasti) deb atashgan. Ko‘pchilik hukmdorlar, davlat arboblari, shoiru ulamolar, unga qo‘l berib murid bo‘lishgan. Jumladan, mutasavvif shayxlardan Muhammad Islom (1494 – 1563), Mavlono Lutfulloh, (1487 – 1571), Mavlono Poyanda (1601- yilda vafot etgan), Shayboniy hukmdorlaridan Ubaydulloxon (1538-yilda vafot etgan), Abdulazizxon (1550-yilda vafot etgan), Jonibek Sulton (1529-yilda vafot etgan), temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur (1483 – 1530) unga murid tushishgan [16 – Б. 15-16.]. Mahdumi A’zamdan bizga katta ilmiy me’ros qolgan. Tariqat, falsafa, fiqh, ahloq sohalarida o‘ttizga yaqin ilmiy-diniy risolalar yozgan Mahdumi A’zam Islom dinining 1400 yillik tarixida uchinchi va oxirgi bo‘lib A’zamlik – buyuklik darajasiga musharraf bo‘lgan insondir [14 – Б. 3.]. Mahdumi A’zam quyidagi asarlar muallifidir: “Risolai vujudiya” (“Vujud haqida risola”), “Pucolai fanoiyya” (“Fano haqida risola”), “Risolai battixiyya” (“Qovun haqida risola”), “Guli navruz” (“Navruz guli”), “Risolai bukoiyya” (“Yig‘i haqida risola”), “Nafahotu us-solikin” (“Tariqat ahlining muattar bo‘ylari”), “Risolai shaybiyya” (“Keksalik risolasi”), “Ganjnoma” (“Boylik haqida risola”), “Sharhi savodi-l-vajh” (“Yuz qoraligi iborasining sharxi”), “Sharxi ruboiyoti Ubaydiy” (“Ubaydiy ruboiylariga sharxlar”), “Zubdat us-solikin va tanbiyat us salotiyn” (“Soliklar sarasi va sultonlar tanbehi”), “Me’roj ul-oshiqiyn” (“Oshiqlar me’roji”), “Risolai boburiyya” (“Bobur xatiga javob”), “Risolai obvolil -ulamo va umaro” (“Olimlar va hukmdorlar ahvoli haqida risola”), “Risolai ilmiyya” (“Ilm haqida risola”), “Tanbixu-l-ulamo” (“Ulamolarni ogohlantirish”), “Mir`otu-s-safo” (“Soflik ko‘zgusi”), “Risolai fathnoma” (“G‘alaba risolasi”), “Risolai bayoni silsila” (“Naqshbandiya silsilasi xaqida risola”), “Risolai adab us-

 699 – 767-yillarda yashagan. “Xanafiya” mazhabining asoschisi.  1079 – 1166-yillarda yashagan. “Qodiriya” tariqatining asoschisi.

siddiqiyn” (“Siddiqlar odobi haqida risola”), “Silsilai us-siddiqiyn” (“Siddiqlar silsilasi”), “Risolai murshidu-s-solikin” (“Soliklar murshidi haqida risola”), “Voqeai xaqqoniyya” (“Xaqqoniy tush”), “Risolai bayoni voqea” (“Voqea bayoni haqidagi risola”), “Dar manoqibi Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy” (“Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy manoqibi”), bu asarning yana bir nomi “Risola dar sanadi Xojagoni tariqat”ir, “Risolai zikr” (“Zikr haqida risola”), “Risolai samoiya” (“Musiqa xaqida risola”), “Risolai chahor kalima” (“To‘rt kalima haqida risola”), “Munojot”, “Asror un-nikoh” (“Nikoh sirlari”), “Nasihatu-s-solikiyn” (“Tariqat ahliga nasihat”), “Sharxul-valadi sirru abiyhi” (“Farzand otasining siridir” degan hadis sharhi), “Risolai odob us-solikin” (“Tariqat ahli odoblari”) [6 – Б. 37-38.]. Hazrat Mahdumi A’zam 1542-yilda Dahbed qishlog‘ida vafot etgan va vasiyatlariga binoan o‘zlari bunyod etgan bog‘ning o‘rtasidagi nok daraxti ostiga dafn etilgan. Hazrat Mahdumi A’zamning nabiralari Xoja Hoshim Kosoniyga qo‘l berib murid bo‘lgan Samarqand hukmdori Yalangto‘sh Bahodir Mahdumi A’zam dafn etilgan dahma atrofini Nurota marmaridan devor oldiradi hamda ana shu dahmaning janubiy qismida 1619-yili hashamatli masjid va 41 hujrali madrasa qurdiradi. Yalangto‘sh Bahodir vafotidan oldin jasadini Mahdumi A’zam qabrlarining oyoq tomoniga dafn etishlarini vasiyat qilgan. Hozirgi kunda Dahbed qo‘rg‘onidagi Mahdumi A’zam Kosoniy qabrining oyoq tomonida Yalangto‘sh Bahodir va uning o‘g‘illaridan tashqari, Samarqand hukmdori Shoh Qosim va Afg‘oniston shohlari Shoh Hidoyat va Shoh Saodatlar qabri ham joylashgan. Mustaqillik yillarida Samarqand viloyati va Oqdaryo tumani hokimiyatlarining rahbarliklari hamda moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashlari tufayli Hazrat Mahdumi A’zam dahmalari va ul zot nomidagi muhtasham masjid qayta ta’mirlanib, obod ziyoratgohga aylantirildi. Xulosa sifatida shuni qayd etish mumkinki, Namangan qadimdan ko‘pdanko‘p iste’dod egalarini yetishtirib bergan madaniyat va ma’rifat markazlaridan biridir. Bu makonda yashab ijod etgan har bir taraqqiyparvar yurtimiz ilm-fani, madaniyati rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan. Shuning uchun ham, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “…Namangan azaldan nene buyuk zotlar parvoziga qanot bergan muqaddas zamin. …Bu ko‘hna yurtda tug‘ilib ijod qilgan Maxdumi A’zam Kosoniy, Boborahim Mashrab, Fazliy, Nodim Namongoniy, Is’hoqxon Ibrat, Muhammadsharif So‘fizoda singari shoir va ma’rifatparvarlarning nomlarini xalqimiz hurmat bilan tilga oladi” [11 – Б. 73.].

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIOTLAR (REFERENCES)

1. Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. – T.: Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, 2001. 2. Turayev B. Maxdumi A’zam - mutafakkir. – T.: IBXMN, 2013. 3. Алоуддин Мансур. Бадоеус саноеъ фи тартибиш шароеъ. (Шариат қонунини тартиблашда гўзал санъатлар) // Ҳидоят. – 2012. – №. 3. 4. Ахсикент. Тузувчилар: Умматов Р., Юсупов И., Мирзалиев Э. – Т.: Mumtoz so‘z, 2009. 5. Аҳмедов Б. Давлатшоҳ Самарқандий. – Т.: Фан, 1967.

6. Зоиров Э. Махдуми Аьзамнинг фалсафий ва ижтимоий-сиёсий қарашлари: Фалсафа фан. номз... дисс.. – Тошкент: ЎзФА Фалсафа ва ҳуқуқ институти, 2007. 7. Исмоилов Ю., Рўзинов Б. Ахсикент – қадимий Фарғона пойтахти. – Наманган, 2013. 8. Исоқов Б. Тарих – тарбия таянчи. – Наманган, 2018. 9. Каттаев К. Махдуми Аъзам ва Даҳбед. – Самарқанд: Сўғдиёна, 1994. 10. Комилов М. М. Мовароуннаҳр фиқҳ илми ривожида Алоуддин асСамарқандийнинг ўрни ва “Туҳфа ал-Фуқаҳо” асарининг аҳамияти: Фалсафа фан. номз... дисс.. – Тошкент, Ўз РФА, 2000. 11. Мирзиёев Ш. М. Буюк келажагимизни мард ва олижаноб халқимиз билан бирга қурамиз. – Т.: Ўзбекистон, 2017. 12. Муҳаммаджонов А.Р. Ўзбекистон тарихи (IV асрдан XVI аср бошларигача). – Т.: Ғофур Ғулом, 2004. 13. Ноёб фиқҳий асар // Ҳидоят. – 2011. – №. 12. 14. Нуриддинов А. Махдуми Аъзам Косоний. – Т.: Фан, 2008. 15. Содиқ Сайҳун. Тўрақўрғоннома. – Наманган: Ибрат, 1992. 16. Тўраев Б., Муҳаммаджонова Ф. Саййид Аҳмад ибн Мавлоно Жалолиддин Хожаги Косоний Махдуми Аъзам. – Т.: Наврўз, 1995. 17. Халилбеков А. Наманган адабий гулшани. – Наманган, 2007. 18. Халилбеков А. Наманган адабий ҳаёти тарихидан // Наманган тарихидан лавҳалар. I китоб. – Наманган, 2010. 19. Ҳомиджон Ҳомидий., Аширов А., Умаралиев М. Косонсой тарихи. – Т.: EXTREMUM PRESS, 2010.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar19 ta adabiyot

  1. Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. – T.: Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, 2001.
  2. Turayev B. Maxdumi A’zam - mutafakkir. – T.: IBXMN, 2013.
  3. Алоуддин Мансур. Бадоеус саноеъ фи тартибиш шароеъ. (Шариат қонунини тартиблашда гўзал санъатлар) // Ҳидоят. – 2012. – №. 3.
  4. Ахсикент. Тузувчилар: Умматов Р., Юсупов И., Мирзалиев Э. – Т.: Mumtoz so‘z, 2009.
  5. Аҳмедов Б. Давлатшоҳ Самарқандий. – Т.: Фан, 1967.
  6. Зоиров Э. Махдуми Аьзамнинг фалсафий ва ижтимоий-сиёсий қарашлари: Фалсафа фан. номз... дисс.. – Тошкент: ЎзФА Фалсафа ва ҳуқуқ институти, 2007.
  7. Исмоилов Ю., Рўзинов Б. Ахсикент – қадимий Фарғона пойтахти. – Наманган, 2013.
  8. Исоқов Б. Тарих – тарбия таянчи. – Наманган, 2018.
  9. Каттаев К. Махдуми Аъзам ва Даҳбед. – Самарқанд: Сўғдиёна, 1994.
  10. Комилов М. М. Мовароуннаҳр фиқҳ илми ривожида Алоуддин ас-Самарқандийнинг ўрни ва “Туҳфа ал-Фуқаҳо” асарининг аҳамияти: Фалсафа фан. номз... дисс.. – Тошкент, Ўз РФА, 2000.
  11. Мирзиёев Ш. М. Буюк келажагимизни мард ва олижаноб халқимиз билан бирга қурамиз. – Т.: Ўзбекистон, 2017.
  12. Муҳаммаджонов А.Р. Ўзбекистон тарихи (IV асрдан XVI аср бошларигача). – Т.: Ғофур Ғулом, 2004.
  13. Ноёб фиқҳий асар // Ҳидоят. – 2011. – №. 12.
  14. Нуриддинов А. Махдуми Аъзам Косоний. – Т.: Фан, 2008.
  15. Содиқ Сайҳун. Тўрақўрғоннома. – Наманган: Ибрат, 1992.
  16. Тўраев Б., Муҳаммаджонова Ф. Саййид Аҳмад ибн Мавлоно Жалолиддин Хожаги Косоний Махдуми Аъзам. – Т.: Наврўз, 1995.
  17. Халилбеков А. Наманган адабий гулшани. – Наманган, 2007.
  18. Халилбеков А. Наманган адабий ҳаёти тарихидан // Наманган тарихидан лавҳалар. I китоб. – Наманган, 2010.
  19. Ҳомиджон Ҳомидий., Аширов А., Умаралиев М. Косонсой тарихи. – Т.: EXTREMUM PRESS, 2010.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011082
Nashr sanasi
2025-08-27
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
Jild
1
Son
1
DOI
10.66073/refocus-conf/47
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
213–220
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-09-08