Asosiy mazmunga o‘tish

XORAZMSHOHLAR VA NAYMANLARNING FARG‘ONA VODIYSI UCHUN OLIB BORGAN KURASHLARI (XIII ASR BOSHLARI)

Tohirjon Qodiralievich QazokovTarix fanlari nomzodi, dotsent. Namangan Impuls tibbiyot instituti, O‘zbekiston.2025

Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 208–213

Annotatsiya

Ushbu maqolada xorazmshohlar va naymanlar davlatlari o‘rtasida Farg‘ona vodiysini egallash uchun olib borilgan kurashlari bayon etilgan. Farg‘ona vodiysining mo‘g‘ul davlati tarkibiga qo‘shib olinishi va uning sabablari birlamchi manbalar asosida tahlil qilingan.

Boshqa tillarda

ruschaБОРЬБЫ ХОРЕЗМШАХОВ И НАУМАНОВ ЗА ФЕРГАНУ (НАЧАЛО XIII ВЕКА)

В статье описывается борьба хорезмшахов и найманских государств за контроль над Ферганской долиной. На основе первоисточников анализируется включение Ферганской долины в состав Монгольского государства и его причины.

inglizchaTHE FIGHTS OF THE KHOREZM SHAHS AND THE NAUMANS FOR THE FERGANA VALLEY (EARLY 13TH CENTURY)

This article describes the struggle between the Khorezmshahs and the Naiman states for control of the Fergana Valley. The incorporation of the Fergana Valley into the Mongol state and its reasons are analyzed based on primary sources.

Kalit so‘zlar

  • Qoraxoniylar
  • Qoraxitoylar
  • mo‘g‘ullar
  • Axsikent
  • Naymanlar
  • Kuchluk
  • Jo‘ji
  • Xorazmshohlar
  • jang
  • Sharqiy Qoraxoniylar
  • Sirdaryo
  • bo‘linish
  • Alouddin Muhammad Xo‘taniy
  • Jebe No‘yon
  • zulm

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

XORAZMSHOHLAR VA NAYMANLARNING FARG‘ONA VODIYSI UCHUN OLIB BORGAN KURASHLARI (XIII ASR BOSHLARI)

THE STRUGGLES OF THE KHWARAZMIANS AND NAYMANS FOR THE FERGANA VALLEY (EARLY 13TH CENTURY)

БОРЬБА ХОРЕЗМИЙЦЕВ И НАЙМАНОВ ЗА ФЕРГАНСКУЮ ДОЛИНУ (НАЧАЛО XIII ВЕКА)

Qozoqov Tohirjon Qodiraliyevich Tarix fanlari nomzodi, dotsent. Namangan Impuls tibbiyot instituti, O‘zbekiston. Telefon (Telegram): [telefon raqami yashirilgan] E-mail: qozoqov69@mail.ru

Аннотация Ushbu maqolada xorazmshohlar va naymanlar davlatlari o‘rtasida Farg‘ona vodiysini egallash uchun olib borilgan kurashlari bayon etilgan. Farg‘ona vodiysining mo‘g‘ul davlati tarkibiga qo‘shib olinishi va uning sabablari birlamchi manbalar asosida tahlil qilingan. Annotation This article describes the struggle between the Khorezmshahs and the Naiman states for the occupation of the Fergana Valley. Based on primary sources, the annexation of the Fergana Valley to the Mongol state and its causes are analyzed. Аннотация В данной статье описывается борьба между хорезмшахами и найманскими государствами за оккупацию Ферганской долины. На основе первоисточников анализируются присоединение Ферганской долины к Монгольскому государству и его причины. Калит сўзлар Qoraxoniylar, Qoraxitoylar, mo‘g‘ullar, Axsikent, Naymanlar, Kuchluk, Jo‘ji, Xorazmshohlar, jang, Sharqiy Qoraxoniylar, Sirdaryo, bo‘linish, Alouddin Muhammad Xo‘taniy, Jebe No‘yon, zulm. Key words Karakhanids, Karakitayans, Mongols, Akhsikent, Naimans, Kuchluk, Jochi, Khorezmshakhs, war, Eastern Karakhanids, Syrdarya, division, Alauddin Muhammad Khotani, Jebe Noyan, oppression. Ключевые слова Караханиды, Каракитайцы, Монголы, Ахсикент, Найманы, Кучлук, Джучи, Хорезмшахи, война, Восточные Караханиды, Сырдарья, разделение, Алауддин Мухаммад Хотани, Джебе Ноян, угнетение.

Hozirgacha bo‘lgan tarixiy asarlarda Farg‘ona vodiysining mug‘ullar davlati tarkibiga qay tarzda kirtilganligi masalasi bayon etilgan emas. So‘ngi 60-70 yil ichidagi arxeologlar tomonidan yozilgan asar va maqolalarda esa, Farg‘ona vodiysini mug‘ulllar qo‘shini bosqin orqali egallaganligi yozib kelindi [1, B.9.; 13, B. 8.; 5, B.19]. Taassufki, bu yozilgan ma’lumotlarda buning uchun biron bir tarixiy manbani asos qilib keltirmadilar. Barcha ma’lumotlar arxeologlarning taxminiy-xayoliy hissiyotlari natijasi sifatida e’lon qilib borildi. Asli tarixiy manbalarni bilmaslik yoki mensimaslik, har qanday ilmiy asosdan o‘z taxminlarini ustun qo‘yishlik alaloqibat vodiy tarixining ushbu davrini soxtalashtirilishiga olib keldi.

Qoraxoniylar davlati Sulaymon Arslonxon-Sulaymon binni Yusuf (1032-1040 yy) zamonasida ikkiga bo‘lingach, Farg‘ona vodiysi, Qoshg‘ar hamda Xo‘tan viloyatlari, Yettisuv, Ili vodiysi Sharqiy Qoraxoniylar davlati, deb atalib, Bolasog‘undan boshqarilgan [11, B.4-54]. Poytaxt Samarqand sanalgan G‘arbiy Qoraxoniylar tasarrufiga Movarounnahr va Xurosoning bir qismi qaragan.

XII asr boshlariga kelib, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Movarounnahrni o‘z ichiga olgan ulkan Qoraxoniylar saltanatiga sharqdan ko‘chmanchi Qoraxitoylar bostirib kira boshladi. Qoraxitoylar go‘rxoni Farg‘ona va Movarounnahrga hujum qilib, 1137 [7, S.245]. va 1141 yilgi janglardan so‘ng, Movarounnahr va Farg‘onani o‘z davlatiga qaram qildi [12, B.401]. Bu qaramlik 1212 yil Xorazmshoh Alouddin Muhammad tomonidan Taroz jangida Qoraxitoylarning mag‘lub etilishigacha davom etdi.

Taroz jangidan so‘ng, naymanlar sardori Kuchlukning elchilari Sulton Muhammadga kelib, Qoraxitoylarga birgalikda hujum qilish haqida Sulton bilan kelishish uchun taklif bilan keladilar. Bu kelishuvning shartlariga ko‘ra, sharqdan Kuchluk, g‘arbdan Xorazmshoh Go‘rxonga hujum qilishi, agar dushmanni Sulton Muhammad avvalroq mag‘lub etsa, Xo‘tan va Koshg‘argacha Sultonniki bo‘lishi, agarda bu ishni Kuchluk avvalroq bajarsa, Qoraxitoylar tasarrufida bo‘lgan Banokat (Fanokat) irmog‘igacha bo‘lgan yerlar unga berilishiga kelishiladi [6, B.326-331]. Bu o‘rinda Kuchluk ildamroq harakat qilib, go‘rxonni mag‘lub etdi va uning ixtiyorida bo‘lgan Xo‘tan, Olmaliq va Koshg‘ardan to Banokatgacha bo‘lgan yerlarni tasarrufiga kiritdi [9, B.376]. Shunday qilib, Farg‘ona vodiysi endilikda Kuchluk boshchilik qilayotgan Naymanlar davlatiga tobe’ bo‘lib qoldi.

Ammo, Sulton Alouddin Muhammad va naymanlar sardori Kuchluk o‘rtasida Farg‘ona vodiysi uchun kurash yana bir necha yillar davom etdi. Bu davrda xorazmshoh g‘arbiy yurishlar bilan bandligi bois, sharqiy yurishlarga katta e’tibor qarata olmadi. Bundan foydalangan Kuchluk bu yerdagi musulmonlarga nihoyatda diniy taqiqlar qo‘llab, cheksiz zulm o‘tkazdi. Bu zulmlar Chingizxon qo‘shinlari tomonidan 1219 yilning boshlarida Kuchluk davlati yo‘q qilingunga qadar davom etdi.

Ushbu jarayonni batafsil o‘rgangan Mirzo Muhammad Haydar ham bunday deb yozgan edi: “...Kuchluk Qashg‘ar i Xo‘tanni bosib olgach, nasroniylikdan budparastlikka qaytdi. Aholini esa, o‘zining asl dini (Islom dinidan-T.Q.)dan qaytib, otashparastlar diniga, haqiqatning yorqin yo‘lini iymonsizlik va zulmat dahshatiga, rahmdil Robbiga bo‘ysunishni esa, la’natlangan iblisga bo‘ysunishga o‘zgartirdi. Insonlar yo uning diniga o‘tishga yoki xitoycha ust-bosh kiyishga majbur etildilar. Azon, ibodatlar to‘xtatilib, taqiqlab qo‘yildi” [9, - С.365.].

Mug‘ullar mahalliy tinch aholining mol-mulkiga tegmagan holda juda katta miqdordagi boyliklarni qo‘lga kiritdilar. Jebe no‘yon esa, Chingizxonga tuhfa tariqasida minglab otlarni sovg‘a qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ismoil boshchiligidagi Farg‘ona qo‘shini esa, mo‘g‘ullar bilan birgalikda naymanlarga qarshi yurishlarda ishtirok etdi [2, - С.470.].

Shu bilan birga akademik V.Bartold yana-da aniqroq qilib Xorazmshohning bunga munosabatini quyidagicha: “...Qoraxoniylarning avvalgi mulklaridan sanalgan Farg‘ona va uning shimoli hamda sharqidagi, shuningdek, Chirchiq va Arisdan boshlangan taraqqiy etgan viloyatlarni Kuchlukning foydasiga voz kechishga majbur bo‘ldi. Musulmon tarixchilari esa (bu yerda Ibn al-Asir nazarda tutilyapti-T.Q.), bu hududlar Kuchlukka o‘tib ketmasligi uchun u yerlarni xorazmshoh o‘zi vayron qilganligini yozadilar. Biroq, 1221-yilda bu yerlardan o‘tib borgan xitoy tarixchisi Chan-Chun hech qanaqa vayronalik izlari yo‘qligini yozadi”, deb xulosalar bergan edi [3, - С.139.].

Juvayniy Kuchlik qo‘l ostidagi musulmonlarga nisbatan o‘ta berahmliklar qilganligini yozib: “...Zo‘ravonlik va zulm bilan Muhammad (s.a.v.) diniga ishonganlar ovozini o‘chirdi va ularni o‘z e’tiqodiga bo‘ysunishga imkon bermadi”, degan edi [6, - Б.126.].

Shu o‘rinda zamonamizdagi ayrim tarixchilar Ibn al Asirning Chingizxonning Movarounnahrga bosqini haqidagi “Chingizxon odamlarini bir necha guruhga ajratdi. Shulardan bir guruhini u Farg‘onani egallash uchun yubordi” [7, - S.360.], degan jumlalarini mug‘ullarning Farg‘onaga yurishlari uchun asos sifatida keltiradilar. Ammo, birinchidan, biron bir manba bu yurish haqida lom-mim deyilmagan. Ikkinchidan, ko‘plab o‘rta asr geograflari Xo‘jandning Farg‘ona mintaqasiga taalluqli shahar sifatida ta’riflaganlar [7, - B. 30.; 9, - B.136.]. “Boburnoma”da “Xo‘jandni ba’zi doxili Farg‘ona emas derlar”, deb muallif bu yerni ba’zilar Farg‘onaga kiritmaganligidan ajablanganligini yozadi. Bundan Ibn al Asir Farg‘ona, deganda Xo‘jandni nazarda tutganligi oydinlashadi, xolos. Bu degani, mug‘ullar Farg‘ona vodiysiga hujum qildi, degani emas. Balki, aksincha Xo‘jand, garchi, Farg‘ona shaharlaridan biri sanalsada, ammo siyosiy jihatdan G‘arbiy Qoraxoniylar davlati tarkibida bo‘lgan. Shu bois, mug‘ullarning bu yurishini, G‘arbiy Qoraxoniylar mulkini egallagan Xorazmshohlarning sharqdagi chegara shaharlaridan biri bo‘lgan Xo‘jandga yurishi sifatida tushunish kerak.

Garchi, 1212-yil G‘arbiy Qoraxoniylar davlati qulatilgan bo‘lsada, ammo, Sharqiy Qoraxoniylar davlati mug‘ullar davrida ham mavjud bo‘lganligini, xitoy manbalarida, akademiklar V.Bartold va K.Shoniyozovlar o‘z asarlarida yozib qoldirganlar. Akademik Karim Shoniyozov o‘z asarida Munkexon (1251-1259 yy) Arslonxon qarluqning o‘g‘lini O‘zgan davlati va Farg‘onaga hukmron qilib tayinlaganligini yozgan. Shu bilan birga olim Farg‘ona davlati XIII asrning 60-70- yillarigacha hukm surib, biroq, Qoraxoniylarning bu davlati qaysi davrgacha o‘z mustaqilligini saqlab qolganligi aniq emasligini yozgan edi [16, - Б.134.].

Mustamlaka holatiga tushgan Sharqiy qoraxoniy hukmdorlari bu zulmlardan qutilish uchun Chingizxonga murojaat qildilar.

Chingizxon o‘zining hujumkorlik strategiyasiga muvofiq, Jebe no‘yonga Sharqiy Turkiston va Yettisuv va Farg‘onaga katta otryad bilan bostirib borib, Kuchluk davlatini yo‘q qilishni buyurdi. Jebe bu topshiriqni 1219 yilda bajardi. Shunday qilib, Chingizxonning Sirdaryo qirg‘oqlariga, hamda Movarounnahr va Xorazmga borishi uchun yo‘l ochildi [12, B.428].

1218 yilning oxiri 1219 yilning boshlarida Jebe No‘yon boshliq mug‘ul qo‘shini Kuchlukni tor-mor etib, uni qatl etgach, Sharqiy Turkiston va Farg‘ona vodiysi Chingizxon davlati tarkibiga kiritildi. “Shundan so‘ng, Xo‘tan va Koshg‘ar viloyatlari Sayhun, deb ataluvchi Fanokat daryosigacha bo‘lgan hamda yana bir qancha joylar Chingizxon davlatiga kiritildi” [15, B.171]. Bu haqida Mirzo Ulug‘bek ham “Xo‘tan va Koshg‘ar shaharlari Obi fasokatki, uni Sayhun, derlar, Sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzam mulklariga qo‘shib olindi” [10, B.132]. E’tibor berilsa, Sharqiy Turkistondan hozirgi Sirdaryo bo‘ylaridagi Xo‘jand va Binokatgacha bo‘lgan yerlarni bosib emas, qo‘shib olindi, deyilmoqda.

Qoraxitoylar saltanati xarobalari o‘rnida Kuchluk Xo‘tan, Yorkend, Koshg‘ar, Yettisuv, Farg‘onadan iborat unchalik mustahkam bo‘lmagan davlat tuzgan edi. G‘arbga yurish boshlagan Chingizxon qo‘shinlarining dinga, xususan, Islom diniga e’tiqodi uchun ta’qibga va kamsitishlarga yo‘l qo‘ymayotganligini ko‘rgan musulmonlar, tezda mug‘ullar tomoniga o‘tib, Kuchlukka hech qanday yordam ko‘rsatmadilar [8, S.307]. Aksincha, mahalliy aholi bu imkoniyatdan zolimlar o‘lkadan quvib chiqarish uchun foydalandilar.

Turkistonning o‘rta asarlar tarixi yuzasidan talaygina ishlarni amalga oshirgan akademik V.V.Bartold qadimgi qo‘lyozmalarni tahlil qilish jarayonida Sharqiy Qoraxoniylar davlati hududlari (Farg‘ona vodiysi, Yettisuv va Qoshg‘ar) mug‘ul davlati tarkibiga deyarli qon to‘kmasdan kiritilganligini yozgan edi. Buning o‘ziga xos sabablari bo‘lib, bu bevosita qoraxitoylar davlatining tugatilishi va unga qaram bo‘lgan o‘lkalar - Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Farg‘ona vodiysining qisqa vaqt oralig‘ida naymanlar sardori Kuchluk davlati tarkibida bo‘lganligi edi. Bu yerlarda Kuchluk diniy zulmni o‘ta kuchaytirib yuborgach, aholining noroziligi haddan ziyoda oshdi. Ayni shu davrda mug‘ullar tomonidan naymanlarning tor-mor etilishi, ularning yuqoridagi o‘lkalarga kirib kelishi va mahalliy musulmon e’tiqodidagi aholini ularning zulmidan ozod qilishi, islom diniga e’tiqod qilishga mone’lik qilmaganligi albatta ijobiy hodisa edi.

Akademik V.Bartoldning yozishicha, Bolasog‘unga bo‘ysunuvchi va gurxonning yaqin kishisi bo‘lgan Koson yoki Axsikentning hokimi Ismoil ismli shaxs Farg‘ona vodiysini naymanlar zulmidan ozod qilayotgan mug‘ul qo‘shiniga shahar oqsoqollari bilan birgalikda peshvoz chiqib, itoat izhor qilgan. Bu haqida Jebe Chingizxonga ma’lum qilgach, xoqonning buyrug‘i bilan Ismoil, Jebe no‘yon qo‘shinining avangardiga kelib qo‘shildi. “Chingizxon o‘rnatgan qat’iy tartib-intizomga muvofiq, Jebe boshliq qo‘shin, Muhammad Xorazmshoh bilan qiyoslaganda “haloskor” vazifasini o‘tay oldi”, deydi akademik V.Bartold [2, S.469-470]. Juvayniniyning ma’lumotlariga ko‘ra, qashg‘arliklar bu yerlarga mug‘ullarning kirib kelishiga “Allohning rahmati”, deb qaraganlar. “...Mug‘ullar Qashg‘arga kirgach, azon, takbir va namozni erkin qildilar (ya’ni, ruxsat berdilarT.Q.). Har bir odam o‘z dini va urf-odati talablarini bemalol erkin tarzda qila olishlari mumkinligi haqida jarchiga ayttirdilar. Biz o‘sha qavmning borligini Tangri rahmatlaridan biri, deb hisoblaymiz”, deb yozadi Otamalik Juvayniy [6, B.124].

“...Mug‘ul qo‘mondoni diniy erkinlik himoyachisi bo‘lib maydonga chiqib, har bir inson o‘z ota-bobolari diniga erkin e’tiqod qila olishligi mumkinligini ma’lum qildi. Shu bois, Yettisuvning janubi, Farg‘ona va Qoshg‘ar deyarli qon to‘kilmasdan egallandi. Kuchlukka qaram va itoatda bo‘lgan musulmonlar (ular orasida Farg‘ona hukmdori ham bor edi) mug‘ullar tomoniga o‘tdilar”[3, S.141], deb tadqiqotlariga xulosa qilgan V.Bartoldning fikrlarini XX asrning taniqli tarixchilaridan A.Bernshtam ham tasdiqlaydi [4, S.140].

Tarixshunoslikdagi yana bir muhim masala, umuman Farg‘ona vodiysini mug‘ullar bosqiniga uchragan yoki uchramaganligi masalasi hozirgacha tarixiy tadqiqot obyekti bo‘lgan emas. Eng muhimi, Farg‘ona vodiysi umuman xorazmshohlar davlati tarkibiga kirmagan. Ya’ni, Farg‘ona G‘arbiy Qoraxoniylar mulki bo‘lib, bu yer mug‘ullar davlati tarkibiga bosib emas, yuqoridagi sabablarga ko‘ra, qo‘shib olingan edi.

Achinarlisi, XX asrning 60-yillaridan to bugungi kungacha bo‘lgan deyarli barcha tarixiy asarlarda Farg‘ona vodiysi shaharlarini Chingizxon qo‘shinlari bosib olib, vayron qilganligi haqidagi asosiz ma’lumotlar berib kelinmoqda. Buni birgina Axsikent misolida tahlil qilinsa, masalaga ancha oydinlik kiritiladi.

Yaqin yillargacha Axsikent tarixini faqat arxeologlar bergan ma’lumotlar asosidagina yoritib kelindi. Tarixiy manbalardan bexabarlik yoki noto‘g‘ri talqin qilish yoxud manbalarni mensimaslik oxir oqibatda shahar tarixini taxminlar asosida yoritilishining sabablaridan bo‘ldi.

So‘nggi paytlarda Axsikentni o‘rganish hukumat darajasiga ko‘tarilishi oqibatida, shahar tarixini manbashunoslik va tarixshunoslik nuqtayi nazaridan tahlil qilinishi, voqealar jarayoni mutlaqo boshqacha kechganligini isbotladi. Ya’ni, Farg‘ona vodiysi, xususan, Axsikent XX asrning 50-yillaridan e’tiboran ta’kidlab kelinganidek, mo‘g‘ullar bosqini davrida emas, 1621 yildagi zilzila oqibatida vayronaga aylanganligi ilmiy jihatdan qayta isbotlandi. Nima sababdan qayta isbotlandi? Chunki, bu yangi ilmiy kashfiyot emas edi. Axsikentning mo‘g‘ullar vayron qilganligi haqidagi cho‘pchakni birinchi bo‘lib, Namangan o‘lkashunoslik muzeyi xodimi bo‘lgan Yu. G. Chulanov o‘tgan asrning 50-yillari oxirlarida fanga olib kirib, “ilmiy kashfiyot” qilgan edi [14, 197-206].

Shu bois, taxminlarga tayanib tarix yozishdan voz kechgan holda, manbalarni sinchiklab o‘rganib tarix bitish payti yetib kelganligini anglash lozim.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar ro‘yxati: 1. Аҳроров И., Қосимов Й. Ахсикент тарихидан лавҳалар. - Тошкент: Ўзбекистон, 1985. 2. Бартольд В. В. Сочинения. Том I.-Москва: Восточная литература, 1963. 3. Бартольд В. В. Сочинения. Том II. Часть I.-Москва: Восточная литература, 1963. 4. Бернштам А.Н. Древняя Фергана.-Ташкент: Издательство Академии Наук Уз ССР, 1951. 5. Ғуломов Я., Аҳроров И. Ахсикент обидалари изидан //Фан ва Турмуш, №8. 6. Жувайний Алоуддин Атомалик. Тарихи жаҳонгушо (Жаҳон фотиҳи тарихи) /Масъул муҳаррирлар Ҳ.Болтабоев, М.Маҳмудов. - Тошкент: Mumtoz so‘z, 2015.

7. Ибн ал Асир. Ал камил фит тарих (Польный свод истории).- Тошкент: Ўзбекистон, 2006. 8. История народов Узбекистана. Том 1. (С древнейших времен до начала XVI века.).-Ташкент: Издательство АН Уз ССР, 1960. 9. Мирзо Муҳаммад Ҳайдар Аёзий. Тарихи Рашидий.-Тошкент: Ўзбекистон, 2011. 10. Мирзо Улуғбек. Тўрт улус тарихи.-Тошкент: Чўлпон, 1994. 11. Ходжаев А., Турдиева Д. Қорахонийлар хоқонлиги тарихи Хитой Халқ Республикаси олимлари тадқиқотларида.-Тошкент: Фан зиёси, 2021. 12. Ўзбекистон СССР тарихи. Тўрт томлик. Т.I. – Тошкент: Фан, 1970. 13. Қосимов Й. Наманган тарихидан лавҳалар.-Тошкент: Фан, 1990. 14. Чуланов Ю.Г. Городище Ахсыкет //Советская археология, 1963.- №3. 15. Шарафуддин Али Яздий Зафарнома. I китоб.-Тошкент: Фан, 2022. 16. Шониёзов К. Қарлуқ давлати ва қарлуқлар.-Тошкент: Шарқ, 1999.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar16 ta adabiyot

  1. Аҳроров И., Қосимов Й. Ахсикент тарихидан лавҳалар. - Тошкент: Ўзбекистон, 1985.
  2. Бартольд В. В. Сочинения. Том I.-Москва: Восточная литература, 1963.
  3. Бартольд В. В. Сочинения. Том II. Часть I.-Москва: Восточная литература, 1963.
  4. Бернштам А.Н. Древняя Фергана.-Ташкент: Издательство Академии Наук Уз ССР, 1951.
  5. Ғуломов Я., Аҳроров И. Ахсикент обидалари изидан //Фан ва Турмуш, №8.
  6. Жувайний Алоуддин Атомалик. Тарихи жаҳонгушо (Жаҳон фотиҳи тарихи) /Масъул муҳаррирлар Ҳ.Болтабоев, М.Маҳмудов. - Тошкент: Mumtoz so‘z, 2015.
  7. Ибн ал Асир. Ал камил фит тарих (Польный свод истории).-Тошкент: Ўзбекистон, 2006.
  8. История народов Узбекистана. Том 1. (С древнейших времен до начала XVI века.).-Ташкент: Издательство АН Уз ССР, 1960.
  9. Мирзо Муҳаммад Ҳайдар Аёзий. Тарихи Рашидий.-Тошкент: Ўзбекистон, 2011.
  10. Мирзо Улуғбек. Тўрт улус тарихи.-Тошкент: Чўлпон, 1994.
  11. Ходжаев А., Турдиева Д. Қорахонийлар хоқонлиги тарихи Хитой Халқ Республикаси олимлари тадқиқотларида.-Тошкент: Фан зиёси, 2021.
  12. Ўзбекистон СССР тарихи. Тўрт томлик. Т.I. – Тошкент: Фан, 1970.
  13. Қосимов Й. Наманган тарихидан лавҳалар.-Тошкент: Фан, 1990.
  14. Чуланов Ю.Г. Городище Ахсыкет //Советская археология, 1963.-№3.
  15. Шарафуддин Али Яздий Зафарнома. I китоб.-Тошкент: Фан, 2022.
  16. Шониёзов К. Қарлуқ давлати ва қарлуқлар.-Тошкент: Шарқ, 1999.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011081
Nashr sanasi
2025-08-27
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
Jild
1
Son
1
DOI
10.66073/refocus-conf/46
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
208–213
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-09-08