FARG‘ONA VODIYSIDA BIRINCHI JAHON URUSHI HARBIY ASIRLARI
Jaxongir Ilhomovich TojiboevNamangan davlat universiteti doktoranti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD),2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 195–199
Annotatsiya
Mazkur maqolada Birinchi jahon urushi yillarida Farg‘onada vodiysi shaharlaridagi harbiy lagerlariga avstro-venger va nemis zobitlari va askarlarining olib kelinishi bayon etilgan, Shuningdek, tadqiqotda harbiy asirlarning Farg‘ona vodiysining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma‘rifiy hayotidagi ishtiroki masalalari atroflicha tahlil qilingan.
Boshqa tillarda
ruschaВОЕННОПЛЕННЫЕ ПЕРВОЙ МИРОВОЙ ВОЙНЫ В ФЕРГАНСКОЙ ДОЛИНЕ
В статье рассматривается депортация австро-венгерских и немецких офицеров и солдат в военные лагеря в городах Ферганской долины в годы Первой мировой войны. Также в исследовании дан подробный анализ участия военнопленных в социально-экономической, политической, культурной и образовательной жизни Ферганской долины.
inglizchaPRISONERS OF WAR OF THE FIRST WORLD WAR IN THE FERGANA VALLEY
This article describes the deportation of Austro-Hungarian and German officers and soldiers to military camps in the cities of the Fergana Valley during the First World War. The study also provides a detailed analysis of the participation of prisoners of war in the socio-economic, political, cultural and educational life of the Fergana Valley.
Kalit so‘zlar
- Harbiy asir
- harbiy lager
- filtratsion harbiy lager
- aralash harbiy lager
- avstro-venger harbiy asirlari
- nemis harbiy asirlari
- qarshilik harakati
- diviziya
- reevakuatsiya
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.
FARG‘ONA VODIYSIDA BIRINCHI JAHON URUSHI HARBIY ASIRLARI
ВОЕННОПЛЕННЫЕ ПЕРВОЙ МИРОВОЙ ВОЙНЫ В ФЕРГАНСКОЙ ДОЛИНЕ
Jaxongir Ilxomovich Tojiboyev Namangan davlat universiteti doktoranti, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), e-mail: j.i.tojiboev@gmail.com Tel.: [telefon raqami yashirilgan] https://doi.org/10.5281/zenodo.16919999 Annotatsiya Mazkur maqolada Birinchi jahon urushi yillarida Farg’onada vodiysi shaharlaridagi harbiy lagerlariga avstro-venger va nemis zobitlari va askarlarining olib kelinishi bayon etilgan, Shuningdek, tadqiqotda harbiy asirlarning Farg’ona vodiysining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotidagi ishtiroki masalalari atroflicha tahlil qilingan. Abstract The article describes the placement of Austro-Hungarian and German officers and soldiers in POW camps in the cities of Fergana Valley during World War I. The study also provides a detailed analysis of the participation of prisoners of war in the socio-economic, political, cultural and educational life of Fergana Valley. Аннотация В статье описывается размещение австро-венгерских и немецких офицеров и солдат в военных лагерях в городах Ферганской долины в годы Первой мировой войны. В исследовании также дается подробный анализ участия военнопленных в социально-экономической, политической, культурной и образовательной жизни Ферганской долины. Kalit so‘zlar Harbiy asir, harbiy lager, filtratsion harbiy lager,aralash harbiy lager, avstro-venger harbiy asirlari, nemis harbiy asirlari, qarshilik harakati, diviziya, reevakuatsiya. Keywords
Prisoner of war, POW camp, filtration POW camp, mixed POW camp, Austro-Hungarian prisoners of war, German prisoners of war, resistance movement, division, re-evacuation. Ключевые слова Военнопленный, лагерь для военнопленных, фильтрационный лагерь для военнопленных, смешанный лагерь для военнопленных, австро-венгерские военнопленные, немецкие военнопленные, движение Сопротивления, разделение, реэвакуация.
Jahon hamjamiyati tarixida XX asrning birinchi yarmi o‘ziga xos tarixiy davr sifatida keskin o‘zgarishlarni boshlab bergan edi, xususan, mazkur davr o‘zining mazmun-mohiyati hamda voqea-hodisalarning shiddati bilan alohida ajralib turadi. Buning boisi ushbu yarim asr mobaynida bo‘lib o‘tgan jahon urushlari butun dunyoni larzaga soldi hamda dunyo xalqlari hayotida keskin burilishlarni yuzaga keltirdi. Bu yirik harbiy-siyosiy jarayonlarning tarkibiy qismlari bo‘lgan har qanday voqealik, jumladan, harbiy asirlar masalasi insoniyat tarixining dolzarb mavzularidan biri hisoblanadi. Rossiya imperiyasi tomonidan asirlikka olingan harbiylar Turkistonning turli hududlariga ham yuborildi.
Turkiston o‘lkasida harbiy asirlar eng ko‘p olib kelingan hududlardan biri Farg‘ona vodiysi edi. Birinchi jahon urushi davrida vodiy hududi harbiy asirlikka tushganlar joylashtirilgan Turkiston o‘lkasining harbiy-strategik nuqtalaridan biriga aylanib qoldi. Farg‘ona vodiysiga harbiy asirlarning jo‘natilishi 1914-yilning sentyabr-oktyabr oylariga to‘g‘ri keladi. Ular vodiyning barcha uyezdlaridagi harbiy lagerlarga joylashtirilgan. Ularning umumiy miqdori 40 mingdan oshgan. Ayniqsa, Qo‘qon shahri vodiyning boshqa shaharlaridan lagerlaridagi harbiy asirlar salmog‘i jihatidan yetakchi o‘rinni egallagan. Qo‘qon harbiy lagerlarida 2500 nafardan ortiq avstro-venger va nemis harbiy asirlari bor edi [9]. Birinchi jahon urushi davrida Qo‘qon shahridagi lager filtratsion turdagisi bo‘lib, Farg‘ona vodiysining boshqa hududlarida joylashgan harbiy lagerlarga harbiy asirlarni tarqatish punkti vazifasini bajargan. Bu yerdan vodiyning Andijon, Skobelev (Farg‘ona), O‘sh, Namangan, Jalolobod va Xo‘jand shaharlariga harbiy asirlar jo‘natilgan [9]. Lagerlardan panoh topgan harbiy asirlar oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan. Harbiy lagerlardagi asirlar oldingi kasb-korlaridan kelib chiqqan holda turli xil ishlarga jalb qilinganlar.
Asirlikka tushgan harbiylarning mehnatidan sanoat va qishloq xo‘jaligining turli sohalarida foydalanildi. Jumladan, 1914-yilning noyabr-dekabr oylarida Farg‘ona vodiysining barcha ko‘mir va neft shaxtalarida harbiy asirlar ishlatildi. Asirlar orasida yuqori malakali konchilar, konlarni portlatuvchi ishchilar, uy quruvchilar, yo‘l quruvchilari, muhandis va boshqa sohalarning mutaxassislari bor edi. Bu esa, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarining tez sur’atlarda rivojlanishiga yordam berdi. Konchi harbiy asirlarning kelishi bilan ko‘mir korxonalari yangi texnika va uskunalar bilan jihozlandi, maxsus mexanik ustaxonalar yaratildi. Hozirgi Farg‘ona viloyati o‘lkashunoslik muzeyi uchun 1919-yilda qishloq xo‘jalik mashinalari sobiq ombori hovlisidagi bino muzey uchun ajratilgach, muzeyda faoliyat yurituvchi ishchilar va ilmiy xodim Farg‘ona shahridagi harbiy lagerdagi asirlardan ixtisosligiga ko‘ra tanlab olingan. Ular Farg‘onada muzeyshunoslik rivoji uchun ulkan hissa qo‘shganlar [7].
Filtratsion harbiy lagerlarga olib kelingan asirga tsuhgan harbiylarni milliy va fuqarolik asosida joylashtirish tamoyili urushning boshida yaratilgan va katta milliy ahamiyatga ega bo‘lgan. 1914-1915-yillarda Turkistondagi lagerlar “aralash” ko‘rinishda edi, ya’ni ularda turli millat vakillari bor edi. Tadqiqotchilarning asoslashicha, 1916-yildan boshlab milliy lagerlarda bo‘linish amaliyoti yuz bera boshlagan[11]. Shunday qilib, Toshkent harbiy lagerlarida asosan slavyanlar (xorvatlar, slovenlar, chexlar va boshqalar) istiqomat qilgan bo‘lsalar, nemislar, avstriyaliklar va vengerlar esa Skobelev (Farg‘ona)ga joylashtirildilar [11]. Farg‘ona viloyatining G’ulcha va O‘sh harbiy lagerlarida kam bo‘lsa-da nemis millatiga mansub, harbiy asirlarga aylangan zobitlar va askarlar mavjud bo‘lgan.
Turli xil siyosiy voqealar tufayli harbiy asirlar bir hududdan boshqa hududga ko’chirib keltirilgan holatlar ham bo’lgan. Xususan, Turkistonda 1916-yil o‘rtalaridagi mahalliy aholining “mardikorlikka qarshi qo‘zg‘oloni” natijasida oziq-ovqat ta’minoti va yashash sharoitlari nisbatan salbiy tomonga o‘zgargan. Qo’zg’olon ayniqsa Jizzax uyezdida keskin tus olgan. Shu tufayli harbiy asirlar xavfli hududdan olib ketilib, Farg‘ona viloyatining markazi Skobelev (Farg‘ona) shahriga joylashtirilgan. 1916-yilning 21-avgustida mahbuslar Skobelev shahri qal’asidagi polyak qochoqlari yashaydigan pavil’onlar va baraklarga taqsimlangan. Bu yerdagilarning ko‘pchiligi tif kasalligiga chalinganligi bois barakdagi predmetlar dizinfeksiya qilingan edi. Evakuatsiya qilingan harbiy asirlardan biri Villfortning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu lagerda suv ta’minoti Jizzaxdagidanga yomonroq edi: “Xususan, “Jizzax guruhi” 1-pavilionda bir xonada 16 kishi yashardik. Har birimiz uchun alohida tumbalar bor edi. Xonada bir dona katta stol bo‘lardi. U asosan qarta o‘ynash uchun xizmat qilardi. Apollinarev familiyali lager komendanti ko‘rinishidan ichkilikka ruju’ qo‘ygan insondek ko‘rinsa-da, spirtli ichimliklarni unchalik xush ko‘rmasdi. Lekin qimor o‘yinlarini qo‘llab quvvatlagan. Lager tartibi ancha erkin edi [8]”. Villfortning ta’kidlashicha, Skobelev unga juda yoqqan: “Skobelev ulkan tog‘tizmalari orasidagi shinamgina hudud edi. U yerda 2 ta katta mehmonxona, provaslav sobori, kafe va choyxona mavjud edi. Hattoki, bu yerdagi rus bug‘xonali hammomi Namangandagidan ko‘ra yaxshiroq edi [8]”.
Farg’onadagi harbiy lagerlarda harbiy asirlarning diniy e’tiqodi va urf-odatlariga hurmat bilan munosabatda bo’lingan. Harbiy asir F.Villfortning ta’kidlashicha, Farg‘onadagi harbiy asirlar qabristonida 1916-yilning 2-noyabrida vafot etganlar sharafiga panixida o‘tkazilgan. Unda 800 dan ortiq odamlar (300 ga yaqini harbiy asirlar) qatnashgan. Diviziya pastori Frantning hamdardlik nutqida begona yurtdagida ushbu qabristonda 2000 dan ortiq askar va zobit asirlarning qabrlari borligi aytib o‘tilganligi F.Villfortning kundaligidan o‘rin olgan [5, 101]. U yerda vafot etganlar uchun yodgorlik ramzi ham bo‘lib, unda lotin tilida yozilgan “Non omnes moriuntur, qui patriae omnia dedere” so‘zlari bitilgan edi. Bu yodgorikdagi yozuvlar “O‘z vatani uchun borini berganlar hech qachon o‘lmaydi”, degan ma’noni anglatgan.
Harbiy asirlar boshqa hududlarga xizmat bilan jo‘natilganda ularga konvoir hamrohlik qilgan. Vilfort Andijonga konvoir bilan birga borganligini quyidagicha tasvirlagan: “1917-yilning aprelida menda xo‘jalik ishlari bo‘yicha Farg‘ona vodiysidagi qo‘shni Andijon shahriga tashrif buyurish imkoniyati tug‘ildi. Andijonga xizmat safariga jo‘natilganlar konvoir bilan birgalikda shaharda mehmonxona vazifasini bajargan, yaxshi jihozlangan karvonsaroyda yashadik. Umrimda birinchi bor Andijon bozorida ipak mato sotib yurgan Xitoy savdogarlarini uchratdim [8].
Harbiy asirlar ruslar tomonidan “bosmachilik” harakati sifatida talqin etilgan, aslida esa qarshilik harakati hisoblangan jarayonga qarshi kurashda ham faol ishtirok etganlar. Ular qarshilik harakati qo‘rboshilaridan hisoblangan Katta Ergash, Omon Polvon va Madaminbekka qarshi Farg‘ona vodiysidagi kurashda qatnashganlar [10]. Ushbu toifadagi shaxslarning eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri 1918-1924-yillarda Farg‘ona viloyatida militsiya boshlig‘i bo‘lib ishlagan Yuray Smeyrek edi[6].
Harbiy asirlarning iqtidori va san’ati qadrlangan. Hattoki, asl kasbi musiqachi bo’lgan harbiy asirlarni jazodan qutqarib qolish holatlari ham kuzatilgan. 1916-yilning kuzida Skobelev orqali Xitoy chegarasigadagi G‘ulja hududiga qonunbuzar harbiy asirlar olib kelindi. Ular orasida mohir skripkachi Rimer ismli harbiy ham bor edi. Uning improvizatsiyaga boy chiqishlaridan so‘ng rus harbiylarining turmush o‘rtoqlari ulardan musiqachining “ayblarini” kechirib, uni Skobelev lagerida qolishiga ruxsat berishlarini so‘raydilar. Rimer Skobelevda harbiy asirlarning musiqiy guruhiga rahbarlik qildi. Mahbuslar oldida tez-tez muvaffaqiyatli musiqiy namoyishlarni o‘tkazib turdi. Bundan tashqari Farg‘ona viloyati lagerida vengerlarning milliy xor guruhi ham faoliyat ko‘rsatgan. Shuningdek, vengerlarning kabare teatr truppasi mavjud edi. Bu musiqiy guruh tomonidan “Yoqimtoy Mishel” nomli operetta sahnalashtirilgan [5, 101].
Farg‘ona vodiysi, deyarli harbiy asirlarning ikkinchi vataniga aylanib bo‘lgandi. Masalan, 1922-yil aprel oyida harbiy asir F.Raday reevakuatsiya qilinmasligini so‘rab murojaatida: “Men, vengriyalik sobiq harbiy asir, Fyuzef Raday Farg‘ona viloyati evakuatsiya boshqarmasi boshlig‘iga shuni ma’lum qilamanki, hozirda o‘z xohishimga binoan vatanimga qaytishni istamayman”, – degan[1]. Shuningdek, 1922-yil 28-mart kuni vengriyalik harbiy asir Chapo Petrovich Farg‘ona evakuatsiya boshqarmasining Qo‘qon bo‘limiga quyidagi mazmunda ariza xatini yozgan: “Meni chet el fuqarosi sifatida reevakuatsiya bo‘yicha ro‘yxatga kiritmasligingizni so‘rayman. Qo‘qonda qolmoqchiman. Bu yerda oila quraman, chunki Vengriyada meni hech kimim yo‘q”[2]. Nemis harbiy asiri Vilfort buni quyidagicha xotirlaydi: “Faqatgina 1922-yilning fevraliga kelibgina Petrograd va Germaniya orqali o‘z yurtimga qaytishga musharraf bo‘ldim. Asirlikda o‘tgan yillarim davrida otam vafot etgandi. Urushga ketishimdan oldin juda yosh bo‘lgan o‘g‘lim urushdan qaytganimdan so‘ng meni eslolmasdi. Ona shahrim Vena imperiya poytaxtidan respublika poytaxtiga aylangandi”[6].
Ba’zi bir harbiy asirlar Turkiston o‘lkasida oila qurib bo‘lganliklari va farzandlari ham borliklari kabi asoslarni keltirib, bu diyorda qolishni istaganlar. Xususan, 1922-yil 1-aprelda Farg‘ona viloyati evakuatsiya boshqarmasi Qo‘qon bo‘limi boshlig‘iga yozilgan ariza xatida quyidagilar keltiriladi: “324-sonli aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha Markaziy Boshqarma buyrug‘iga bo‘ysungan holda shuni ma’lum qilmoqchimanki, ayni vaqda o‘z vatanimga ketishga imkonim yo‘q. Bunga sabab turmush o‘rtog‘im betob, shuningdek, atigi 7 oylik chaqalog‘imiz jismoniy jihatdan zaif. Men o‘zim ularni tashlab keta olmayman. Agar iloji bo‘lsa, reevakuatsiya muddatini cho‘zib berishingizni so‘rayman. Xotinim sog‘ayganidan so‘ng farzandimizni olib ketish imkoniyati bo‘lsa, o‘z yurtimga ketishim mumkin bo‘ladi”[3]. Shuningdek, Farg‘ona viloyati Evakuatsiya bo‘limi tomonidan Qo‘qon harbiy lageridagi avstriyalik harbiy asir Solomon Zalserga turmush o‘rtog‘i Antonina hamda qizlari 18 yoshli Patalka va 13 yoshli Tatyana bilan Qo‘qonda qolishga ruxsat berilgan[4].
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash kerakki, Birinchi jahon urushi boshlangandan so‘ng Rossiya hukumati uchun kutilmagan darajadagi harbiy asirlar miqdorining oshib ketishi ularni joylashtirishda muammolarni yuzaga keltirdi. Albatta, bunday muammoni hal qilishda imperiyaning qaram o‘lkalari yechim vazifasini o‘tab berdi. Xususan, Turkistondagi aksariyat katta shaharlarda harbiy lagerlar tashkil qilindi. Avstro-venger, nemis, turk, chex, polyak, slovak xalqlariga mansub harbiylar hayotining 5-10 yilini Turkistonda asirlikda o‘tkazishga mahkum etildilar. Harbiy asirlar katta ishchi kuchi edi. Ularning mehnat faoliyatlari tufayli temiryo‘l liniyalari qurildi, konlarda qazuv ishlari orib borildi, zavod va fabrikalarda ishlab chiqarish ishlari ham bir maromda davom etib turdi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar11 ta adabiyot
- Фарғона вилояти давлат архиви, 435-фонд, 1-рўйхат, 159-йиғма жилд, 8-варақ орқаси.
- Фарғона вилояти давлат архиви, 435-фонд, 1-рўйхат, 159-йиғма жилд, 10-варақ.
- Фарғона вилоят давлат архиви, 435-фонд, 1-рўйхат, 159-йиғма жилд, 17-варақ.
- Фарғона вилоят давлат архиви, 435-фонд, 1-рўйхат, 94-йиғма жилд, 36-варақ
- Голендер Б.А. Немецкий след в Узбекистане XV-ХХ веков. – Ташкент: Издательство “Navro’z”, 2019. – С.101.
- Горак С. Из истории чешско-узбекских отношений // O’zbekiston tarixi. – №3. – 2014. – B.54.
- Гулиянц. Л.И. Фарғона вилояти ўлкашунослик музейи тарихидан / Фарғона ўлкашунослиги. – Фарғона, 1996. – Б.9-21.
- Fritz Willfort. Turkestanisches Tagebuch: Sechs Jahre in Russisch Zentral Asien. – Vienna and Leipzig: Wilhelm Braumüller, 1930. – S.69-81.
- Коканд и военнопленные первой мировой войны // https://fikr.uz/blog/fdu/kokand-i-voennoplennye-pervoi-mirovoi-voiny.html. 05.12.2023
- Хамидхожаев А., Аренберг Р. Пролетарские интернационалисты в Туркестане // Ўзбекистонда ижтимоий фанлар. – 1962. – №10. – Б.70.
- Шлейхер И.И. Пленные стран Четверного союза в Сибири: Некоторые вопросы транспортировки и содержания в лагерях / Военно-исторические исследования в Поволжье: Сб. науч. трудов. Саратов: Научная книга, 2005. – Вып. 6. – С.134-135.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011078
- Nashr sanasi
- 2025-08-27
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 1
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/43
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 195–199
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 12026-10-10 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-09-08