Asosiy mazmunga o‘tish

O‘ZBEKLARNING TAQVIMIY MAROSIMLARI: BAHORIY SAYILLAR

Sarimsokov Abdilatip AbdirakhimovichUniversity of Business and Science Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi.2025

Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 152–156

Annotatsiya

Ushbu maqolada o‘zbeklarning yil taqvimi bilan bog‘liq urf-odat va marosimlari tarkibidagi bahor faslida o‘tkaziluvchi sayillar xususida so‘z yuritiladi. Shuningdek, bahoriy sayillarning turlari, kelib chiqish tarixi, o‘tkazilish muddatlari, tartibi, ishtirokchilari, sayil jarayoni, sayildan ko‘zlangan maqsad kabi masalalar yoritilgan.

Boshqa tillarda

ruschaКАЛЕНДАРНЫЕ ОБРЯДЫ УЗБЕКОВ: ВЕСЕННИЕ ГУЛЯНИЕ

В данной статье рассматриваются весенние праздники, являющиеся частью узбекских обычаев и ритуалов, связанных с годовым календарем. Также освещаются такие вопросы, как виды весенних парадов, история их возникновения, продолжительность, порядок, участники, ход проведения парада, цель парада.

inglizchaUZBEK CALENDAR RITUALS: SPRING CELEBRATIONS

This article discusses the Uzbek spring festivals, which are part of the customs and rituals associated with the annual calendar. It also covers the types of spring festivals, their history, dates, order, participants, the process of the festival, and the goals of the festival.

Kalit so‘zlar

  • O‘zbeklar
  • taqvim
  • urf-odat
  • marosim
  • bahor
  • sayil
  • gul
  • boychechak
  • lola
  • sunbul
  • qizil gul
  • guli armug‘on

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

O‘ZBEKLARNING TAQVIMIY MAROSIMLARI: BAHORIY SAYILLAR

КАЛЕНДАРНЫЕ ОБРЯДЫ УЗБЕКОВ: ВЕСЕННИЕ ГУЛЯНИЕ

UZBEK CALENDAR RITUALS: SPRING CELEBRATIONS

Sarimsokov Abdilatip Abdiraximovich University of Business and Science Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi. e-mail: abdulsarimsokov@gmail.com Tel: [telefon raqami yashirilgan] https://doi.org/10.5281/zenodo.16919484 Annotasiya. Ushbu maqolada o‘zbeklarning yil taqvimi bilan bog‘liq urf-odat va marosimlari tarkibidagi bahor faslida o‘tkaziluvchi sayillar xususida so‘z yuritiladi. Shuningdek, bahoriy sayillarning turlari, kelib chiqish tarixi, o‘tkazilish muddatlari, tartibi, ishtirokchilari, sayil jarayoni, sayildan ko‘zlangan maqsad kabi masalalar yoritilgan. Аннотация. В данной статье рассматриваются весенние праздники, являющиеся частью узбекских обычаев и ритуалов, связанных с годовым календарем. Также освещаются такие вопросы, как виды весенних парадов, история их возникновения, продолжительность, порядок, участники, ход проведения парада, цель парада. Abstract. This article discusses the Uzbek spring festivals, which are part of the customs and rituals associated with the annual calendar. It also covers the types of spring festivals, their history, dates, order, participants, the process of the festival, and the goals of the festival. Kalit so‘zlar. O‘zbeklar, taqvim, urf-odat, marosim, bahor, sayil, gul, boychechak, lola, sunbul, qizil gul, guli armug‘on. Ключевые слова. Узбеки, календарь, обычаи, обряды, весна, гуляние, цветок, цветок оспы, тюльпан, сунбул, красный цветок, гули армугон. Key words. Uzbeks, calendar, customs, rites, spring, festivities, flower, pox flower, tulip, sunbul, red flower, guli armugon.

Bahor faslida o‘tkaziluvchi marosimlar, tabiatni ulug‘lash va o‘simliklar kulti bilan bog‘liq an'analar zamirida «hayot daraxti», «tabiatning o‘lishi va qayta jonlanishi»ga doir qarashlar mavjud bo‘lib, ular tabiatning uyg‘onishi, tog‘va qiradirlarda turli gullarning ochilishi munosabati bilan o‘ziga xos fenologik taqvim shaklida o‘tadigan sayillarda namoyon bo‘ladi. Farg‘ona vodiysining tog‘li, qir va adirli qator hududlarida bahor faslida «boychechak sayli», «lola sayli», «sunbula sayli» singari sayillar qadimdan o‘tkazilib kelingan.

«Boychechak sayli» Surxondaryoning Boysun, Farg‘ona vodiysining Chust, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida hozirga qadar o‘tkaziladi. Bolalar boychechakni avval keksa yoshdagi qariyalarga beradilar. Chunki, bu gul ular uchun ham qadrli bo‘lib, qishdan eson-omon chiqqanligidan, yana bahor kelganidan, yangi hayot boshlanganidan darak bergan [2: 12-13]. Namangan shahri va uning atroflaridagi qishloqlarda ham bolalar qir, adirlardan boychechak terishib, belbog‘yoki ro‘molga solishib qishloq xonadonlarini aylanib:

Boka-boka boy, boy tilla, Uyingizga tosh tilla, Xudoyim o‘g‘il bersin, Kattasining oti Rahmatilla, Kichigining oti Ismatilla,– deb qo‘shiq aytganlar [11: 62].

Qaysi xonadonga borilsa, uy egalari boychechakni yuz-ko‘zlariga surtib, «Omonlik-omonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik, yanagi yil shu kunlarga eson-omon yetaylik»,– deb niyat qilganlar va bolalarga meva-cheva hamda turli shirinliklar hadya qilganlar.

Folklorshunos olima M. Alaviya tomonidan yozib olingan ma'lumotga ko‘ra, XX asrning boshlarida Toshkent viloyatining Sijjak qishlog‘ida har yili erta bahorda «Navro‘zgul sayli» o‘tkazilgan. Navro‘zguli chiqqanda sijjakliklar tog‘larga, bog‘-rog‘larga Navro‘z qilib chiqishgan. Bu sayilda o‘yin-kulgi qilib, qo‘shiq aytishib, yigit-qizlar lapar, o‘lan aytishganlar. Qiz-juvonlar, yosh kelinchaklar daladan qizil, sariq, targ‘il lolalarni, boyg‘alcha, navro‘zgullardan terib sochlariga quloqlariga taqib olishgan. Ajdodlarimiz soch, chakkaga taqilgan gullar kishining serfarzand bo‘lishiga magik ta'sir qilishiga ishonganlar [5: 135].

An'anaviy xalq sayllaridan biri bo‘lgan «lola sayli» Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarining lola va qizg‘aldoqlar ochiladigan tog‘li hududlarida o‘tkazilgan. Asrlar davomida xalqimiz orasida bahorda lola sayliga chiqish o‘ziga xos an'ana hisoblangan.

Navro‘z bilan aloqador an'anaviy sayillaridan biri bo‘lgan «lola sayli» kishilarda tabiatga muhabbat hissini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etgan. Etnograf olima Ye. M. Peshcherevaning ma'lumotlariga ko‘ra XX asrning 20- yillarida Qo‘qon uyezdining Isfara qishlog‘ida «lola sayli» o‘ziga xos tarzda o‘tkazilgan. An'anaga ko‘ra, tog‘yonbag‘irlarida o‘tkazilgan «lola sayli»ni dastavval «lolachilar» boshlab berishgan. «Lolachi» bolalar kesib olingan tol yoki terak shoxini lola bilan bezatishgan. So‘ngra «gulchaman»ni ko‘tarib, qishloq ko‘chalarida aylanib yurganlar. «Lolachi»larni ko‘rgan mahalliy aholi «gulchaman» shoxiga ro‘molcha yoki mato bo‘lagini bog‘lab, dillaridagi orzularini aytganlar. «Lolachi»lar tog‘yonbag‘ridagi lolazorning o‘rtasiga «gulchaman»ni o‘rnatib qo‘yishgan. Qishloq oqsoqollaridan oq fotiha olgan isfaraliklar Abdulloyi surxi, ya'ni «Qizil Abdulla» degan avliyo mozoriga ziyoratga borganlar [8: 374- 384].

1948- yilda K. A. Bogomolovaning yozib olgan ma'lumotiga ko‘ra, bahorda ilk lola ochilgan kunlarda Xo‘jand viloyatining Ovchi-qal'achi qishlog‘i yaqinidagi Xo‘ja Boqirg‘on shox mozoridagi muqaddas buloq bo‘yida ham mahalliy aholi «lola sayli»ni o‘tkazganlar. Qadimgi farg‘onaliklarning tasavvuriga ko‘ra lolani Xo‘ja Takraut degan avliyoning qonidan paydo bo‘lgan ekan [3: 111].

Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida ham «lola sayli» o‘tkazib kelingan. Qizg‘aldoqlar qiyg‘oc gullagan vaqtda, mahalliy aholi tepaliklarda «lola sayli»ni o‘tkazganlar. Sayilda asosan yosh yigit va qizlar ishtirok etishgan. Sayil ishtirokchilari doira chalib, ashula aytganlar, lapar va o‘lan ijrochilarining o‘zaro bellashuvlari bo‘lib o‘tgan. Bunday bellashuvlarda yigitlar qizlar bilan o‘lan aytib tanishganlar, savol-javob qilganlar, bahslashganlar. Oxirida aytishuvda mag‘lub bo‘lgan g‘olibning aytganini qilgan yoki moddiy to‘lov qilgan.

Parkent kanali bo‘yidagi tepaliklar azaldan sayilgoh vazifasini o‘tab kelgan. An'anaviy dunyoqarashda qizil rang qon, hayot ramzi bo‘lgani uchun qiz-juvonlar «Lola sayli»ga atab qizil rangli matodan yangi ko‘ylaklar tikib kiyishgan [5: 137].

Samarqand yaqinidagi Cho‘pon ota tepaligida ham lolalar ochilgan vaqtda «guli surx» bayrami o‘tkazilgan. N. P. Lobachevaning ma'lumotlariga ko‘ra yosh yigit va qizlar to‘p-to‘p bo‘lishib, lolaqizg‘aldoqlarni terish uchun shahar tashqarisiga chiqqanlar [7: 121]. Samarqandliklarning an'anaviy «lola sayli» haqidagi qadimgi Xitoy manbalarida qayd qilingan ma'lumot esa bu mavsumiy marosim o‘lib-tiriluvchi ma'budlar to‘g‘risidagi mifologik qarashlar asosida kelib chiqqanligini ko‘rsatadi [13: 204].

«Lola sayli»ning qadimiy ekanligini isbotlovchi arxeologik ma'lumotlar ham mavjud. Masalan, qadimgi So‘g‘d hunarmandlari tomonidan yasalgan deb e'tirof etilgan kumush idishning dyevorida tasvirlangan ikki nafar ayolning biri ikki qo‘lida lola ko‘tarib turgan bo‘lsa, ikkinchisi bir qo‘lida lola, ikkinchisida bola bilan tasvirlangan. G. A. Pugachenkovaning fikriga ko‘ra, mazkur tasvirlarda qadimgi So‘g‘dda o‘tkazilgan «lola sayli» hamda ayol kohinlar aks ettirilgan [10: 57].

Tabiatning uyg‘onishi bilan bog‘liq bahoriy sayillar xorazmliklar orasida ham qadimdan urf bo‘lib kelgan. Xorazmliklarning qadimiy «qizil gul» sayli haqida Abu Rayhon Beruniy quyidagilarni ta'kidlagan: «Ayyar... Bu oyning to‘rtinchi kuni Xorazmda eski odat bo‘yicha qizil gul bayrami o‘tkaziladi. Shu kuni ibodatxonaga qizil gul keltiriladi» [1: 339]. Bavoris bobo mozorida o‘tkaziladigan ushbu bayramda aholining barcha qatlami ishtirok etgan. Qizil gul sevgi va oila timsoli sifatida talqin qilinishiga asoslangan mazkur bahoriy marosim zamirida o‘lib-tiriluvchi tabiat kultlari haqidagi qadimiy mifologik qarashlar yotgan [12: 206].

Xorazmliklarning ushbu sayili «bahoriy tantanalar yakunlanib, yoz faslida o‘tkaziladigan udumlarni boshlab beradigan bayram» sifatida baholangan.

G. Qayumova ma'lumotlariga ko‘ra Buxoroda bir haftadan bir oygacha davom etgan «Guli surx» saylida ishtirokchilar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yurganlar. Joylarda ashula aytish, raqs tushish, lapar aytishuvlar; masxaraboz va dorbozlarning tomoshalari; tuya, qo‘chqor, xo‘roz urishtirishlar; polvonlar kurashi; lazzatli taomlar, buxorocha obaki dandon, nisholda va boshqa sharq shirinliklari rastalari hamda bozor faoliyat yuritganligini kuzatish mumkin [6: 6]. Tadqiqotchi A. X. Hamroyev esa dehqonlarning bahorgi ekish mavsumi bilan bog‘liq bo‘lgan «Guli surx» hamal oyida tantana qilinganligini ta'kidlagan. Uning ma'lumotlariga ko‘ra ushbu bayram atirgulga emas, balki ko‘klamda ochiladigan qizil gulga bag‘ishlangan bo‘lib, bir oy mobaynida qishloqlarda bozorlar gavjum bo‘lgan, sayillar uyushtirilgan [14: 72-73].

Isfara daryosi bo‘yidagi ayrim qishloqlarda o‘tkaziluvchi gul sayillari «lola sayli» deb emas, balki «sayli guli surx» deb atalgan [9: 214]. N. P. Lobachevaning yozishicha yosh yigit va qizlar ishtirokidagi «guli surx» deb nomlanuvchi sayil Samarqand yaqinidagi Cho‘pon ota mozori atroflarida ham o‘tkazilgan [7: 120- 121].

Farg‘ona viloyatida har yili o‘rik gullagan vaqtda o‘ziga xos sayil o‘tkazish keng udum bo‘lgan edi. 2024- yil o‘tkazilgan «O‘rik gullaganda» festivali umumxalq sayliga aylanib ketdi. 2025- yil mart oyida ham Oltiariq tumani Qopchig‘ay va O‘zbekiston tumani O‘qchi qishloqlarida o‘rik daraxtlari qiyg‘os gullaganda o‘tkazilgan ushbu sayilda milliy o‘yinlar, o‘zbekona urf-odat va qadriyatlar namoyishi, folklor jamoalarning chiqishlari, milliy taomlar tayyorlash musobaqalari o‘tkazilganligini kuzatish mumkin. Ayniqsa, varraklar uchirish, yosh polvonlar o‘rtasidagi kurash musobaqalari, qo‘shiqchi va shoirlar, rassom va hunarmandlarning namoyish qilingan asarlari mahalliy va xorijiy sayil ishtirokchilarida yaxshi taassurot qoldirdi.

Farg‘ona vodiysining Oltiariq tumani Burbonliq qishlog‘i aholisi o‘rtasida o‘tkaziluvchi «Guli armug‘on» marosimi ham diqqatga sazovordir. Mazkur marosim har yili shu qishloqdagi Do‘sti Xudo pirim mozorida aprelning birinchi haftasida ziyoratgohdagi armug‘ongul gullagan vaqtda o‘tkaziladi. Armug‘ongul qizil pushti rangda gullaydigan butasimon o‘simlik bo‘lib, mahalliy aholi tasavvuriga ko‘ra u jannat eshigida ochilar ekan. Shu bois u xalq orasida ilohiylashtirilgan. Qo‘qon shahridagi qabristonlardan birida ham shunday o‘simlik mavjud bo‘lib, mahalliy aholi vafot etgan qarindoshlarini iloji boricha shu yerga dafn etishga harakat qiladilar. Shuning uchun bo‘lsa kyerak boshqa qabristonlarga nisbatan bu bu yerdagi qabrlar zichroq joylashgan.

Unda asosan ayollar ishtirok etadilar va hamqishloqlardan ehson tariqasida to‘plangan mahsulotlardan marosimiy taom tayyorlanib, mavlud o‘qiladi, zikr tushiladi va «Alloh yo‘lida», deb ehson qilinadi. Mahalliy aholi tasavvuriga ko‘ra marosimiy ne'matlar xosiyatli bo‘lib, ixlos bilan iste'mol qilganlarning ishlari rivoj topar, mushkullari oson bo‘lar ekan [4].

Bahor faslida o‘tkaziluvchi gul sayillari to‘g‘risida gap ketganda Namangandagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi istirohat bog‘ida o‘tkaziluvchi «Gul bayrami» O‘zbekistonda anchagina mashhur. Mazkur bayram ilk marta XX asrning 60- yillarida o‘tkazilgan bo‘lib, unda havaskor gulchilar mahalliy nashrlar, radio, madaniy-ma'rifiy uchrashuvlar orqali shahar aholisini hovli va ko‘chalarni chiroyli gullar bilan bezatishga chaqirganlar.

«Namanganni gullar shahriga aylantiramiz» shiori ostida o‘tkazilgan tadbirlar jarayonida eng yaxshi gul yetishtirish musobaqasi o‘tkazilgan. 1961- yilda o‘tkazilgan bayramda 16 nafar gulchi ishtirok etgan [7: 130-131]. Yaqin vaqtlargacha ushbu bayram avgust oyining ikkinchi yarmida o‘tkazilib kelingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib may-iyun oylari mobaynida o‘tkazilmoqda.

Hozirda yaxshi bir an'anaga aylangan mazkur bayram kunlari istirohat bog‘ida gulchilarning fotoko‘rgazmalari, tashkil etiladi, havaskor gulchilarga maslahat beruvchi navbatchi mutaxassis gulchilar taklif qilinadi. 2024- yil o‘tkazilgan gul bayrami 19- maydan 23- iyunga qadar davom etgan bo‘lib, bu vaqt mobaynida istirohat bog‘ida attraksion o‘yinlar faoliyat ko‘rsatdi, mashhur qo‘shiqchi va shoirlar chiqish qildilar. Gulchilarning ko‘rgazmalari namoyish etilib, musobaqa so‘nggida ular hakamlar tomonidan baholanadi. Bayram bozorlari tashkil etiladi. Hozirgi vaqtda mazkur bayram nafaqat viloyat, balki xalqaro miqyosda o‘tkaziluvchi bayramga aylanib, qo‘shni resbuplikalardan ham mehmonlar tashrif buyurishmoqda.

Gul bayramlari va sayillari aholining estetik ehtiyojini qondirish bilan birga shaharni yashillikka burkashi bilan ham katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Shuningdek, mazkur bayram bahoriy marosimlar singari o‘zining ekologik jihatlari bilan ham ajralib turadi. Chunki, bayramga tayyorgarlik bir-ikki oy oldin boshlanib, unda shahar ko‘chalari tozalanadi, hiyobonlar, yo‘laklar chetlari gullarga burkanadi. Bular esa tabiatni asrash bilan bog‘liq an'anaviy qadriyatlarning hamon davom etayotganligini ko‘rsatishi bilan birga ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishida odamlar tomonidan unga quvvat berish kabi ramziy ma'nolarga ham egadir.

Bunday bahoriy marosimlar hayotning davomiyligi, zamon charxpalagining aylanishi ramzi, tabiatning o‘lishi va qayta jonlanishi kulti bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, o‘zida qadimgi ajdodlarimizning dunyo to‘g‘risidagi falsafiy qarashlarini mujassamlashtirgan.

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR. (REFERENCES) 1. Абу Райҳон Беруний. Қадимги халқлардан қолган ёдгорликлар / Танланган асарлар. – Т.: Фан, 1968. Т.1. 2. Аширов А. «Авесто»дан мерос маросимлар. – Т.: Мерос, 2001. 3. Богомолова А. Следы древного культа воды у таджиков // ИООН АН ТаджССР. – Сталинабад, 1952. Вып. 2. 4. Дала ёзувлари. Фарғона вилояти Олтиариқ тумани Бурбонлиқ қишлоғи. 2008 йил. 5. Жўраев М. Ўзбек мавсумий маросим фольклори. – Т.: Фан, 2008. 6. Қаюмова Г. Унутилган қадриятлар. – Бухоро, 1993. 7. Лобачева Н.П. Формирование новой обрядности узбеков. – М.: Наука, 1975. 8. Пещерова М.Е. Некоторые дополнения к описанию праздника тюльпана в Ферганской долине // Иранский сборник. К семидесятилетию профессора И.И. Зарубина. – М.: Наука, 1963. 9. Пещерова М.Е. Праздник тюльпана (лола) в село Исфара Кокандского уезда. Ташкент, 1927.

10. Пугаченкова Г.А. Некоторые изобразительные сюжеты на памятниках искусства древнего Согда // Известия Отделения общественных наук АН Таджикистана. 1952. №2. 11. Саримсоқов. Ўзбекларнинг тақвимий маросимлари (Фарғона водийси материаллари асосида). – Тошкент: «Yangi nashr», 2014. 12. Снесарев Г.П. Реликты домусульманских верований и обрядов у узбеков Хорезма. – М.: Наука, 1969. 13. Толстов С.П. Древний Хорезм. – М.: МГУ, 1947. 14. Хамраев А.Х. Праздник «красной розы»// ОНУ. – Ташкент, 1958. – № 6.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar14 ta adabiyot

  1. Абу Райҳон Беруний. Қадимги халқлардан қолган ёдгорликлар / Танланган асарлар. – Т.: Фан, 1968. Т.1.
  2. Аширов А. «Авесто»дан мерос маросимлар. – Т.: Мерос, 2001.
  3. Богомолова А. Следы древного культа воды у таджиков // ИООН АН ТаджССР. – Сталинабад, 1952. Вып. 2.
  4. Дала ёзувлари. Фарғона вилояти Олтиариқ тумани Бурбонлиқ қишлоғи. 2008 йил.
  5. Жўраев М. Ўзбек мавсумий маросим фольклори. – Т.: Фан, 2008.
  6. Қаюмова Г. Унутилган қадриятлар. – Бухоро, 1993.
  7. Лобачева Н.П. Формирование новой обрядности узбеков. – М.: Наука, 1975.
  8. Пещерова М.Е. Некоторые дополнения к описанию праздника тюльпана в Ферганской долине // Иранский сборник. К семидесяти¬летию профессора И.И. Зарубина. – М.: Наука, 1963.
  9. Пещерова М.Е. Праздник тюльпана (лола) в село Исфара Кокандского уезда. Ташкент, 1927.
  10. Пугаченкова Г.А. Некоторые изобразительные сюжеты на памятниках искусства древнего Согда // Известия Отделения общественных наук АН Таджикистана. 1952. №2.
  11. Саримсоқов. Ўзбекларнинг тақвимий маросимлари (Фарғона водийси материаллари асосида). – Тошкент: «Yangi nashr», 2014.
  12. Снесарев Г.П. Реликты домусульманских верований и обрядов у узбеков Хорезма. – М.: Наука, 1969.
  13. Толстов С.П. Древний Хорезм. – М.: МГУ, 1947.
  14. Хамраев А.Х. Праздник «красной розы»// ОНУ. – Ташкент, 1958. – № 6.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011069
Nashr sanasi
2025-08-27
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
Jild
1
Son
1
DOI
10.66073/refocus-conf/33
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
152–156
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-09-08