O‘ZBEK XONLIKLARI AHOLISINING ETNIK TARKIBI
Abdullayev Ulugbek SaydanovichAndijon davlat texnika instituti professori tarix fanlari doktori, professor.2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 85–91
Annotatsiya
Ushbu maqolada XVI–XIX asrlarda O‘rta Osiyo xonliklarida kechgan etnik jarayonlar, ularning mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga ta‘siri, mahalliy o‘troq turkiy tilli etnoslar, nisbatan kamchilikni tashkil qiluvchi forsiyzabon hamda boshqa tillarda so‘zlashuvchi etnik guruhlarning xonliklar hayotida tutgan o‘rniga doir ma‘lumotlar yoritib berilgan.
Boshqa tillarda
ruschaЭТНИЧЕСКИЙ СОСТАВ НАСЕЛЕНИЕ УЗБЕКСКИХ ХАНСТВ
В статье дается информация об этнических процессах, происходивших в среднеазиатских ханствах в XVI–XIX вв., об их влиянии на общественно-политические события в регионе, о роли местных оседлых тюркоязычных этносов, а также сравнительно немногочисленных персоязычных и иноязычных этносов в жизни ханств
inglizchaETHNIC COMPOSITION OF THE POPULATION OF THE UZBEK KHANATS
This article provides information on the ethnic processes that took place in the Central Asian khanates in the XVI–XIX centuries, their impact on socio-political events in the region, and the role of local sedentary Turkic-speaking ethnic groups, as well as the relatively small number of Persian-speaking and other language-speaking ethnic groups, in the life of the khanates.
Kalit so‘zlar
- O‘zbek xonliklari
- qabila
- urug‘
- xalq
- Buxoro xonligi
- “Boburnoma”
- Dashti qipchoq
- qipchoqlar
- barloslar
- Qo‘qon xonligi
- Xiva xonligi
- uyg‘urlar
- qoraqalpoqlar
- o‘troq aholi
- ko‘chmanchilar
- Ashtarxoniylar
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.
OʻZBEK XONLIKLARI AHOLISINING ETNIK TARKIBI
ЭТНИЧЕСКИЙ СОСТАВ НАСЕЛЕНИЕ УЗБЕКСКИХ ХАНСТВ
ETHNIC COMPOSITION OF THE POPULATION OF THE UZBEK KHANATS
Abdullayev Ulugʻbek Saydanovich Andijon davlat texnika instituti professori tarix fanlari doktori, professor. abdullaev1956u@gmail.com [telefon raqami yashirilgan] https://doi.org/10.5281/zenodo.16917988
Annotatsiya. Ushbu maqolada XVI–XIX asrlarda Oʻrta Osiyo xonliklarida kechgan etnik jarayonlar, ularning mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga taʼsiri, mahalliy oʻtroq turkiy tilli etnoslar, nisbatan kamchilikni tashkil qiluvchi forsiyzabon hamda boshqa tillarda soʻzlashuvchi etnik guruhlarning xonliklar hayotida tutgan oʻrniga doir maʼlumotlar yoritib berilgan. Аннотация. В статье дается информация об этнических процессах, происходивших в среднеазиатских ханствах в XVI–XIX вв., об их влиянии на общественнополитические события в регионе, о роли местных оседлых тюркоязычных этносов, а также сравнительно немногочисленных персоязычных и иноязычных этносов в жизни ханств Abstract. This article provides information on the ethnic processes that took place in the Central Asian khanates in the XVI–XIX centuries, their impact on sociopolitical events in the region, and the role of local sedentary Turkic-speaking ethnic groups, as well as the relatively small number of Persian-speaking and other language-speaking ethnic groups, in the life of the khanates. Kalit soʻzlar. Oʻzbek xonliklari, qabila, urugʻ, xalq, Buxoro zonligi, “Boburnoma”, Dashti qipchoq, qipchoqlar, barloslar, Qoʻqon xonligi, Xiva xonligi, uygʻurlar, qoraqalpoqlar, oʻtroq aholi, koʻchmanchilar, Ashtarxoniylar.
Ключевые слова. Узбекские ханства, племена, роды, народы, Бухарское ханство, «Бабурнама», Дашти Кипчак, Кипчаки, Барлос, Кокандское ханство, Хивинское ханство, уйгуры, каракалпаки, оседлое население, кочевники, Аштарские ханства Key words Uzbek khanates, tribes, clans, people, Bukhara khanate, "Baburnama", Dashti Kipchak, Kipchaks, Barlos, Kokand Khanate, Khiva Khanate, Uyghurs, Karakalpaks, sedentary population, nomads, Ashtar Khanates.
Tarixdan maʼlumki, XVIII asrda Oʻrta Osiyoda uchta mustaqil oʻzbek davlati mavjud edi. Bular Buxoro xonligi (amirligi), Xiva xonligi va Qoʻqon xonligi. Oʻzbek xonliklari aholisining etnik tarkibi asosan mahalliy oʻtroq turkiy tilli etnoslardan va nisbatan kamchilikni tashkil qiluvchi forsiyzabon hamda boshqa tillarda soʻzlashuvchi etnik guruhlardan iborat boʻlgan. Oʻtroq aholi shaxar va qishloqlarda joylashib hunarmandchilik, dehqonchilik va savdo-sotiq bilan, koʻchmanchi, yarimkoʻchmanchi etnik jamoalar esa dexqonchilik vohalari atrofidagi choʻl va dasht hududlarda yashab chorvachilik bilan mashgʻul boʻlganlar. Buxoro xonligi tarixiga bagʻishlangan koʻplab asarlar yaratilgan. Ularda Buxoro xonligi aholisining etnik tarkibi, bu davrda kechgan etnik va etnoslararo jarayonlarga oid ham qimmatli maʼlumotlar bor [6]. Buxoro xonligi aholisi etnik tarkibi yuqorida qayd etilgan umumiy xususiyatlar bilan birga baʼzi oʻziga xos jihatlarga ham ega. Chunonchi, bu hududda ayrim etnik guruhlar boshqa xonliklar (Xiva va Qoʻqon xonligi) hududiga nisbatan son jihatdan koʻproq va gʻuj joylashganlar. Ushbu davr manbalarida Movarounnahrning oʻtroq aholisiga nisbatan “movarounnahrliklar”, “movarounnahr xalqi” iborasi ishlatilgan. Bundan tashqari ayrim asarlarda mahalliy aholi oʻzlari yashab turgan shahar nomlari bilan yaʼni “Buxorolik”, “Samarqandlik”, “Toshkentlik” va h.k. tarzida keltirilgan. Yana koʻp hollarda aholi etnik nomi bilan emas, balki ijtimoiy mavqei yoki kundalik mashgʻulotlari bilan ham atalgan. Masalan, dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar, ilm ahli, diniy ulamolar va h.k. Oʻrta asr muarrixlarini asarlarida aholini geografik joylashuviga qarab ham “shaxriy”, “saxroyi” deb koʻrsatib oʻtilgan. Ushbu mualliflarning asarlarida “sart” atamasi ham ishlatilgan boʻlib, bu oʻrinda asosan shaharda yashagan mahalliy oʻtroq aholi nazarda tutilgan. Oldingi sahifalarda aytib oʻtganimizdek, xonliklar aholisining katta bir qismini oʻzbek urugʻ-qabilalari tashkil qilgan. Buxoro xonligi hududida yashagan koʻplab urugʻ-qabilalarining nomi manba va adabiyotlarda keltirilgan. Chunonchi, aymoq, barlos, baroqiy, baxrin, burqut, doʻrmon, jaloyir, qaroyit, kelichi, kenegas, mangit, mekrut (makrut), ming, nayman, olchin, orlot (arlot), saroy, qipchoq, qoʻngʻirot, qovchin kabi etnonimlar oʻsha davr yozma manbalarida koʻp uchraydi. Biz oldingi boʻlimlarda yuqorida sanab oʻtilgan etnoslarning ayrimlarining etnogenezi va etnik tarixi haqida maʼlumotlarni keltirgan edik. Bu yerda esa Buxoro xonligida yashagan, manbalarda koʻp qayd qilingan baʼzi bir urugʻqabilalar haqidagi ayrim maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz, xolos. Xonlik hududida yashagan shunday qabilalardan biri bu barloslar. “Boburnoma” va “Musaxxir al-bilod” nomli asarlarda barlos urugʻi tez-tez tilga olingan. Ushbu asarlarda barlos nomi aniq bir shaxs ismiga qoʻshib qayd qilingan. Masalan, Shayx Abdulloh barlos, Qora barlos, Shohmuhammad barlos, Sulton Boyazid barlos va boshqalar.
Buxoro tarixiga bagʻishlangan asarlarda Muhammad Raximboy doʻrmon, Muxammadyor parvonachi doʻrmon, Olloyorbek devonbegi doʻrmon, sarkarda Jonibekbiy doʻrmon kabi mansabdor shaxslarning ismlari keltirilgan. Demak, Buxoro xonligida katta mavqega ega urugʻlardan biri bu doʻrmonlar boʻlgan. Manbalarning guvoxlik berishicha doʻrmonlar asosan Buxoro xonligining Qubadiyon, Balx, Hoʻjand, Xisor hududlarida yashaganlar. 1753-yildan eʼtiboran Buxoro xonligi mangʻitlar sulolasi tomonidan boshqarilgan. Aynan shu yilda Chingizxon avlodiga mansub boʻlmagan Muhammad Raxim oʻz nomiga xutba oʻqittirib, oʻzini amir deb atadi. 1920- yilgacha mangʻitlar sulolasi hukmronlik qilgan davr tarixda shuning uchun Buxoro amirligi deb ataladi. XVII asr va undan keyingi asrlardagi yozma manbalarda mangʻitlar haqidagi maʼlumotlar nisbatan koʻproq uchraydi. Ularda nafaqat mangʻit etnonimli qabila, balki uning bir qancha urugʻlari, chunonchi toʻq-mangʻit, qora-mangʻit, oq mangʻitlarning nomlari ham keltirilgan. Buxoro xonligida oʻziga xos mavqega ega boʻlgan urugʻlardan yana biri naymanlar hisoblanadi. Taʼkidlash joizki, XVI-XIX asrlarda yozilgan asarlarning barchasida ushbu etnonim uchraydi. Naymanlar Shayboniyxon davrida, ayniqsa Abdullaxon II tomonidan amalga oshirilgan harbiy yurishlarda faol ishtirok etganlar. Ular xon saroyida ham yuqori lavozimlarni egallaganlar. Buxoro xonligida Ashtarxoniylar davrida kuchaygan etnoslardan yana biri bu ming urugʻidir. Bu davrda minglar oʻtroq va yarimkoʻchmanchi holda yashab, ularning asosiy qismi Buxoroning Shibirgʻon, Kelif, Maymana, Samarqandning Urgut, Oʻratepa hududlarida yashaganlar. Buxoro xonligining Buxoro, Qorakoʻl, Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Sherobod hamda Balxning chegara hududlarida saroy urugʻi yashagan. Ular ham xonlikning yuqori mansablarida – devonbegi, qushchi, miroxoʻr kabi lavozimlarda boʻlganlar. Xonlik tasarrufidagi Hisor, Xoʻjand, Andijon, Toshkent, Sayram, Turkiston, Ulugʻtogʻetaklari, Zarafshon vodiysi, Jizzax va Oʻratepa shaharlari atroflarida yuzlar yashaganligi maʼlum. Xonlik hududida yashagan yuzlar oʻz oʻrnida koʻplab mayda qavmlarga boʻlingan. Shuningdek, Buxoro xonligining Buxoro, Balx, Kulob hududlarida qatagʻon urugʻi, Termiz, Samarqand, Balx, Amudaryo boʻylarida, Guzor, Boysun, Kerki, Sherobod tomonlarida qoʻngʻirotlar, Qoraqurum, Chorjoʻy, Toshkent, Shaxrisabz, Isfara, Qoratov chegarasigacha boʻlgan dasht hududlarda qalmoqlar, Amudaryo boʻylarida va Kasbi, Qorakoʻl, Gʻuzor, Nurota hududlarida turkmanlar va xonlikning bir qancha hududlarida qipchoqlar yashaganligi haqida oʻsha davr yozma manbalarida maʼlumotlar keltirilgan. Buxoro xonligi hududida turklar ((oʻgʻiz) Usmoniy turklar), hindlar, ruslar va eronliklar ham yashagan. Aslida ular turli davrlarda turli sabablarga binoan xonlik hududiga kelib joylashib qolganlar. Ushbu etnik guruhlar odatda kam sonli boʻlgan. XV asr oxiri – XVI asr boshlarida Dashtiqipchoqdan Movoraunnahr va Xorazm vohasiga koʻchib kelgan oʻzbek urugʻlari mintaqa aholisining etnik
tarkibini yanada rang-barang boʻlishiga olib kelgan. Ayniqsa, XVI asr boshlaridan eʼtiboran Xorazmga, shu jumladan Xivaga Shayboniy oʻzbeklari koʻplab kelib joylashganlar. 1512-yilda Elbarsxon asos solgan Xiva xonligi aholisining etnik tarkibida dastlab naymanlar, uygʻurlar va doʻrmonlar koʻpchilikni tashkil etgan. Abdulgʻoziyning oʻsha mashxur “Shajarayi turk” asari va boshqa manbalarda qayd etilishicha, XVII asrning ikkinchi yarmidan boshlab, mazkur qabilalardan tashqari shimoli-sharqdan, Sirdaryo quyi oqimi tomonidan Amudaryo havzasiga Dashtiqipchoq oʻzbeklarining yangi toʻlqini kela boshlaydi va kelayotganlar hisobiga qoʻngʻirot, qipchoq, qangʻli va mangʻitlar soni ancha koʻpaygan. Koʻchib kelgan Dashtiqipchoq oʻzbek urugʻ-qabilalari orasida doimo yaylov va serunum yerlar uchun urushlar boʻlib turgan. XVII asrga kelib ushbu oʻzaro urushlarga barham berish maqsadida Xiva xonligining hukumdori Abdulgʻoziy 1646-yili mamlakatda islohot oʻtkazib, Amudaryoning quyi havzalarida yashovchi oʻzbek qabilalarini toʻrt guruhga quyidagi tartibda birlashtiradi: 1) uygʻur va naymanlar; 2) qoʻngʻirot va qiyotlar 3) nukuz va mangʻitlar; 4) qangli va qipchoqlar. Ushbu guruh (toʻp)larga u yana 14 ta mayda urugʻlarni ham birlashtirdi. Bulardan jaloyir, ali-elilar qiyotlarga, kenegaslar nukuzlarga, xoʻja elilar mangʻitlarga, doʻrmonlar, yuzlar, minglar uygʻurlarga, saidlar naymanlarga qoʻshilgan. Poytaxt Xiva atrofida, barcha asosiy qabilalarning vakillari uchraydi, ayniqsa qoʻngʻirot, doʻrmon va naymanlar koʻproq joylashgan edi [3: 170]. Abdulgʻozixon tomonidan amalga oshirilgan ushbu tadbir Xiva xonligiga bagʻishlangan deyarli barcha tadqiqotlarda qoʻrsatib oʻtilgan va unga davlatchilik, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalar yuzasidan baho berilgan. Tadqiqotchilar yuqorida koʻrsatib oʻtilgan urugʻ-qabilalarni bir guruh(toʻp)ga birlashtirilishi va Amudaryo boʻylab joylashtirish quyidagi tartib asosida amalga oshirilgan deb hisoblaydilar: a) qabila va urugʻlarning asosiy mashgʻuloti hamda turmush tarzining oʻziga xosligi; b) ularning xon qoʻshiniga navkar yetkazib berish majburiyatidan kelib chikib; v) siyosiy -harbiy ittifoqchiligi; g) xonlik hayotida egallagan mavqeiga qarab [6: 47]. Ushbu tadbir natijasida guruh (toʻp)larga boʻlingan urugʻlar Amudaryo boʻylab quyidagicha joylashtirilgan: naymanlar Pitnoqdan to Yangi Ariq va Urganchgacha boʻlgan Hazorasp hududlarini egallagan. Amudaryo boʻylab naymanlardan pastroqda Urganch shahridan to Gurlan tumanigacha va Amudaryoning oʻng qirgʻogʻidagi yerlarda uygʻurlar joylashgan. Mangʻitlar esa Gurlandan to Lavzan irmogʻigacha oʻrnashdilar. Ulardan pastroqda daryo oqimi boʻylab hamda daryoning Orol dengiziga quyilishi atroflarida nukuzlar va mangʻitlarning yana bir qismi oʻrnashdilar. Deltaning butun gʻarbiy qismi, yaʼni Quygʻunning gʻallachilik qilinadigan boy yerlarini qoʻngʻirot va qiyotlar egalladilar. Amudaryoning chap qirgʻogʻidagi hozirgi Qipchoq tumanining bir qismi, Xoʻjakoʻldan Koʻk Oʻzakkacha boʻlgan Amudaryoning oʻng qirgʻogʻidagi barcha
yer va yaylovlar, shuningdek, deltaning sharqiy qismidagi yerlar qangʻliqipchoqlarga qarashli edi [6: 48]. Koʻrinib turibdiki, xonlik xududidagi barcha sugʻoriladigan yerlarga daryo boʻylab oʻzbek urugʻlari joylashgan edi. Taniqli arxeolog olim Ya. Gʻulomov ham Xorazim vohasining sugʻorish tizimida uchraydigan atamalarni etnografik maʼlumotlar bilan solishtirib, ularni bir guruhi etnonimlar asosida tashkil topganligini taʼkidlab, bir qator urugʻva qabilalarning kanal va daryo irmogʻi boʻylab quyidagicha joylanganligini koʻrsatadi: Suvonli qanali u yerda joylashtirilgan urugʻnomi bilan Xoʻjayli kanali deb atala boshlagan. Omonquli qanali – kenegas, Otaliq kanali – Mangʻit ariq va bir qancha kanallar esa birdaniga u yerda joylashgan qangli, qipchoq, uygʻur, nayman, nukuz, xizr eli, boshqird kabi urugʻlarni nomi bilan atalgan [6: 49]. Mavjud manba va amalga oshirilgan tadqiqotlarda Xiva xonligi (umuman, Oʻrta Osiyo) aholisi etnik jihatdan ikki katta guruhga ajratilgan. Bular azaliy oʻtroq aholi va yuqorida koʻrib chiqilgan koʻchib kelgan urugʻ-qabilalar. Xiva xonligining shahar va qishloqlarda yashagan oʻtroq aholisiga nisbatan manba va adabiyotlarda “sart” atamasi qoʻllanilgan. Aholini bu qismi dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shugʻullanib kelgan. “Sart” atamasi, uning paydo boʻlishi, etnik xususiyat kasb qilish yoki qilmaslik masalasiga doir baxs-munozaralar bugungi kunda oʻz yechimini topmagan. Bu haqida keyinroq, batafsil toʻxtalib oʻtamiz. XVI – XIX asrlarda Xiva xonligi hududida oʻtroq, koʻchmanchi, yarimkoʻchmanchi oʻzbek urugʻ-qabilalardan tashqari turli sabablar bilan qoʻshni hududlardan bu joyga koʻchib kelib qolgan bir necha etnik guruhlar ham yashar edilar. Bu oʻrinda turkman qabilalarini aytib oʻtish joiz. Abdulgʻoziyning “Shajarayi turk” asarida Xorazm sultonlariga tobe boʻlgan Kuratogʻetaklarida yashab turgan turkmanlarning taka, yovmut, ersari, solut, soriq, ichki solur, xasan eli, igdir, chovuldi (chovdir), arabachi, koʻklan(choʻklan), adoqli kabi etnonimli qabila va urugʻlar keltirib oʻtilgan [1: 124, 126-127]. Bundan tashqari, manbalarda “toza qoʻngʻirotlar” etnonimi uchraydi. Xiva xonligi aholisi etnik tarkibida orolliklar va qoraqalpoqlar alohida oʻrin tutadi. Orolliklar Qoʻngʻirot shahri va uning atroflarida joylashgan boʻlib, gʻalla yetishtirish, chorvachilik va baliq ovlash bilan shugʻullanganlar. Qoraqalpoqlar Amudaryoning etaklari, Xoʻjayli, Orol dengizi boʻylarida istqomat qilganlar. Ular ham chorvachilik, qisman gʻallachilik bilan shugʻullanganlar. Asosan koʻchmanchi turmush tarzida hayot kechirganlar. Xiva xonligi hududida yashagan qoraqalpoqlarning quyidagi urugʻlarining nomlari manbalarda keltirilgan: xitoy, qoʻyun (qoʻyun-xitoy), orolboy (orlboy xitoy), beshsari, qirq (qirq xitoy), anna, oytaka, charuvchi (sharuvchi), qazayoqli, qaychili, shayx beklari, qipchoq, qangli, keze, qiyot, qoʻngʻirot, qora-toʻyin, xandakli, yabuqipchoq yoki jobu, yobu. Ushbu urugʻlar arxiv xujjatlarida Aris-oʻn toʻrt urugʻdeb atalgan urugʻ-qabila birlashmasi tarkibiga kirganligi qayd qilingan. Turkmanlar Tashauz, Iloli, Koʻhna Urganch shaharlarida yashaganlar. Yuqoridagilardan tashqari, Xiva xonligi hududida eroniy va rus asirlari ham yashaganliklari tarixiy manba hamda adabiyotlarda aytib oʻtiladi.
Tarixdan ayonki, XVIII asr boshlariga kelib Fargʻonada yangi oʻzbek davlati – Qoʻqon xonligi tashkil topdi. Mazkur davlat XIX asrda chor Rossiyasi qoʻshinlari tomonidan bosib olindi. Tarixga Qoʻqon xonligi nomi bilan kirgan bu davlat oʻzbek davlatchiligi tarixida alohida oʻrin tutadi. Biz bu yerda Qoʻqon xonligi aholisining etnik tarkibi haqida maʼlumot berishni joiz deb bildik. Maʼlumki, Fargʻona vodiysi va unga tutash hududlar aholisi azaldan polietniklik xususiyati bilan Oʻrta Osiyoning boshqa hududlaridan ajralib turgan. Bunday etnik oʻziga xoslilik Qoʻqon xonligi davrida ham saqlanib qolingan edi. Qoʻqon xonligi hududida asosan oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar, uygʻurlar va qoraqalpoqlar istiqomat qilganlar. Bundan tashqari xonlik hududida son jihatidan kamroq boʻlsada yevreylar, tatarlar va boshqa shu kabi etnik jamoa vakillari ham yashar edilar. Qoʻqon xonligi aholisining asosiy qismini oʻzbeklar tashkil qilgan. Taʼkidlab oʻtish oʻrinliki, oʻtmishda oʻzbeklarning bir qismi oʻtroq, qolgan qismi esa yarimoʻtroq (yarimkoʻchmanchi) holda yashaganlar. XX asr boshlariga kelib, vodiy oʻzbeklarining 828 mingdan ziyodrogʻi oʻtroq holda yashab [5: 62], dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashgʻul boʻlganlar. Rus tilidagi adabiyotlarda aholining ushbu oʻtroq qismiga nisbatan “sart” etnonimi qoʻllanilgan. Biroq oʻzbek xalqiga nisbatan ushbu etnonimni qoʻllanilishi toʻgʻri emas [2: 17-20]. Bu xususida keyinroq batafsil toʻxtalib oʻtamiz. Turli urugʻ-qabilaviy tuzilishga ega boʻlgan yarimoʻtroq (yarimkoʻchmanchi) oʻzbeklarning Qoʻqon xonligidagi umumiy soni oʻsha davr maʼlumotlariga koʻra 215 ming nafardan koʻproqni tashkil etgan. Bular ichida turk, ming, qipchoq, qurama, yuz, nayman kabilar Qoʻqon xonligi hududidagi yirik etnografik guruhlar hisoblangan. Ushbu urugʻ-qabilalar oʻzbek xalqini konsolidatsiyalashuvida muhim etnik komponentlar sifatida qatnashganlar. Oʻz oʻrnida ularning ayrimlari haqidagi maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz. Qoʻqon xonligi hududidagi aholining salmoqli qismini tojiklar tashkil qilganlar. Ular asosan vodiyning gʻarbiy va shimoli-gʻarbiy qismida joylashganlar. Tojikistonning hozirgi Soʻgʻd viloyati hududida tojiklar aholining asosiy qismini tashkil etganlar. Ayni vaqtda Qoʻqon xonligining boshqa bir qator manzilgohlarida ham ular gʻuj yashaganlar. Etnografik adabiyotlarda Fargʻona vodiysida yashagan tojiklar shartli ravishda ikki guruhga – voha tojiklari va togʻlik tojiklarga ajratiladi. Voha tojiklari – bu ushbu oʻlkaning azaliy xalqlaridan biri boʻlib, qator etnik xususiyatlari bilan Qoʻqon xonligi davrida va undan keyingi davrlarda ham boshqa etnoslardan ajralib turgan. Togʻlik tojiklar esa Qoʻqon xonligi hududiga asosan Tojikistonning togʻlik hududlarida joylashgan Matcho, Qorategin, Darvoz, Kulob, Xisor kabi aholi manzilgohlaridan koʻchib kelganlar. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, koʻplab togʻlik-tojiklar Qoʻqon xonligi qoʻshinlarida xizmatda ham boʻlganlar. Masalan, Niyoz-Muhammadning “Tarix-iShaxruxiya” asarida koʻrsatilishicha XIX asr boshlarida Qoʻqon xoni Olimxon tashkil etgan yangi qoʻshin tarkibida 6000 dan ziyod togʻlik tojiklar boʻlgan.
Tarixiy manbalarni tahlili shuni koʻrsatadiki, XVII va XVIII asrlarda Tangritogʻtogʻining shimolida yashovchi qirgʻizlarning katta guruhi Fargʻona yerlariga kelib oʻrnashdilar. Turli urugʻ-qabilaviy tuzilishga ega boʻlgan qirgʻiz etnosi Qoʻqon xonligi hududidagi togʻva togʻoldi manzilgohlarida yashab vodiyning iqtisodiy, ijtimoiysiyosiy va madaniy hayotida faol ishtirok etganlar. Tarixdan maʼlumki, XVIII asrning ikkinchi yarmidan eʼtiboran, ayniqsa XIX asrning ikkinchi yarmida, Xitoy feodallariga qarshi koʻtarilgan musulmonlar qoʻzgʻoloni magʻlubiyatga uchragandan keyin Sharqiy Turkistonning koʻplab musulmon aholisi, xususan juda koʻp uygʻur oilalari Fargʻona vodiysiga qochib oʻtdilar. XIX asrning oʻrtalaridayoq Qoʻqon xonligida 300 mingga yaqin uygʻurlar yashagan. Tadqiqotchi I.V.Zaxarova ham 1860-yilga qadar Qoʻqon xonligi hududida 200-250 ming qashqarliklar yashagan boʻlsa kerak, deb hisoblaydi [4: 223]. XVIII asrdan Buxoro xonligida yuz bergan siyosiy inqiroz koʻplab xalqlarni bu hududni tashlab ketishga majbur etdi. Oqibatda Buxoro va Samarqandda yashagan aholining bir qismi Qoʻqon xonligi hududiga ham kelib oʻrnashdilar. Xususan, oldingi sahifalarni birida aytganimizdek qalmoqlar taqibidan qochgan, Sirdaryoning oʻrta oqimida yashab turgan qoraqalpoqlar Qoʻqon xonligi hududiga kelib qoʻnim topdilar. Qoʻqon xonligi hududiga koʻchib oʻtgan qoraqalpoqlar Sirdaryo va Qoradaryo boʻylariga oʻrnashib, anʼanaviy hoʻjaligini yuritishni davom ettirdilar.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR. (REFERENCES) 1. Абулғозий. Шажараий турк. – Т., 1992. 2. Алимова Д.А., Рашидова Д.А. Маҳмудхўжа Бехбудий ва унинг тарихий тафаккури. – Тошкент, 1999. 3. Жабборов И. М. Антик маданият ва маънавият хазинаси. – Т., 1999. 4. Захарова И.В. Материальная культура уйгуров // СЭС. II. – М., 1959. – С. 223. 5. Материалы к характеристике народного хозяйства в Туркестане. Отчет по ревизии Туркестанского края, произведенный по высочайшему повелению сенатором гофмейстером графом К.К. Паленом. – СПбг., 1911. Ч.1 Отд.1. - С.62. 6. Султонова Г.Н. Аллаева. Н.А. Махмудов Ш.Ю. Ўрта Осиё халқларининг этник тарихи ва минтақада юз берган демократик жараёнларнинг манбаларда акс этиши (XVI-XIX аср биринчи ярми). – Т., 2011.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar6 ta adabiyot
- Абулғозий. Шажараий турк. – Т., 1992.
- Алимова Д.А., Рашидова Д.А. Маҳмудхўжа Бехбудий ва унинг тарихий тафаккури. – Тошкент, 1999.
- Жабборов И. М. Антик маданият ва маънавият хазинаси. – Т., 1999.
- Захарова И.В. Материальная культура уйгуров // СЭС. II. – М., 1959. – С. 223.
- Материалы к характеристике народного хозяйства в Туркестане. Отчет по ревизии Туркестанского края, произведенный по высочайшему повелению сенатором гофмейстером графом К.К. Паленом. – СПбг., 1911. Ч.1 Отд.1. - С.62.
- Султонова Г.Н. Аллаева. Н.А. Махмудов Ш.Ю. Ўрта Осиё халқларининг этник тарихи ва минтақада юз берган демократик жараёнларнинг манбаларда акс этиши (XVI-XIX аср биринчи ярми). – Т., 2011.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011057
- Nashr sanasi
- 2025-08-27
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 1
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/18
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 85–91
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-09-08