Asosiy mazmunga o‘tish

XIII ASR BOSHLARIDA AXSIKENT SHAHRINING MUDOFAA DEVORI: QURILISH USULLARI VA AHAMIYATI.

Arslanov BahadirO‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi tayanch doktoranti2025

Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 65–71

Annotatsiya

Ushbu maqolada Farg‘ona vodiysining yirik shaharlari qatoriga kirgan Axsiqent (Axsikat) shahrining ichki shahristonini o‘rab olgan mudofaa devori tahlil qilinadi. Tadqiqotda qadimgi davrlardan XIII asrning birinchi choragigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida shaharning qudratli mudofaa inshootlari rivojlanish jarayonlari, har bir bosqichdagi devorlarning me‘moriy xususiyatlari, qurilish texnologiyalari va qo‘llanilgan materiallar haqidagi ma‘lumotlar taqdim etilgan. Shuningdek, turli davrlarda mudofaa devorlarini qurishga ta‘sir ko‘rsatgan iqtisodiy, siyosiy va harbiy omillar ham tahlil qilinadi. Asosiy e‘tibor XIII asrning birinchi choragida qurilgan ichki shahriston devorini barpo etish sabablari, uning konstruktiv yechimlari, siyosiy va harbiy ahamiyatiga qaratilgan. Maqolada XVIII–XIX-sonli obyektlarda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida aniqlangan ushbu mudofaa devorining me‘moriy xususiyatlari yoritib beriladi. Bundan tashqari, devorning saqlanish darajasi va davriy mansubligini aniqlashga yordam beruvchi arxeologik topilmalar, xususan, keramika buyumlari haqidagi ma‘lumotlar ham keltirilgan. Shahar rivojiga devorlar qurilishining ta‘siri, ularning aholining xavfsizligini ta‘minlashdagi roli hamda o‘sha davr shaharsozlik jarayonlari bilan bog‘liqligi ham tahlil qilinadi.

Boshqa tillarda

ruschaОБОРОННЫЙ ПЕРИОД ГОРОДА АКСИКЕНТ В НАЧАЛЕ XIII ВЕКА: СТРОИТЕЛЬНЫЕ МЕТОДЫ И ЗНАЧЕНИЕ.

В данной статье анализируется оборонительная стена, окружавшая внутренний шахристан (цитадель) города Ахсикент (Ахсикат), одного из крупнейших исторических городов Ферганской долины. Исследование охватывает период от древнейших времён до первой четверти XIII века, с акцентом на этапы развития мощных оборонительных сооружений города. В работе представлена информация об архитектурных особенностях стен на каждом этапе, о строительных технологиях и применяемых материалах. Также рассматриваются экономические, политические и военные факторы, повлиявшие на строительство стен в различные периоды. Особое внимание уделяется стене внутреннего шахристана, возведённой в начале XIII века, анализируются причины её строительства, конструктивные решения, а также политическое и военное значение. Архитектурные особенности этой стены подробно рассматриваются на основе археологических раскопок, проведённых на объектах XVIII–XIX. Дополнительно приводятся археологические находки, в частности керамические изделия, способствующие определению степени сохранности и хронологической принадлежности стены. В статье также исследуется влияние строительства стен на развитие города, их роль в обеспечении безопасности населения и связь с градостроительными процессами того времени.

inglizchaTHE DEFENSE PERIOD OF AKSIKENT CITY IN THE EARLY 13TH CENTURY: CONSTRUCTION TECHNIQUES AND SIGNIFICANCE

This article analyzes the defensive wall surrounding the inner citadel (shahristan) of Axsikent (Axsikat), one of the major historical cities of the Fergana Valley. The study covers the period from ancient times to the first quarter of the 13th century, focusing on the development stages of the city‘s powerful defensive structures. It presents information on the architectural features of the walls at each stage, construction techniques, and materials used. The research also examines the economic, political, and military factors that influenced the construction of the walls during different periods. Particular attention is given to the inner citadel wall built in the early 13th century, analyzing the reasons for its construction, its structural solutions, and its political and military significance. The architectural characteristics of this wall, identified during archaeological excavations at sites XVIII–XIX, are discussed in detail. Additionally, archaeological findings, especially ceramic artifacts, which help determine the preservation level and chronological attribution of the wall, are included. The article also explores the impact of wall construction on urban development, its role in ensuring the population‘s security, and its connection with urban planning processes of the period.

Kalit so‘zlar

  • Axsikent
  • Qoraxoniylar
  • Xorazmshohlar
  • shahar
  • mudofaa devori
  • paxsa
  • xom g‘isht
  • g‘isht terish texnikasi

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

Matndagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot sifatida yashirilgan.

XIII ASR BOSHLARIDA AXSIKENT SHAHRINING MUDOFAA DEVORI: QURILISH USULLARI VA AHAMIYATI.

THE DEFENSE PERIOD OF AKSIKENT CITY IN THE EARLY 13TH CENTURY: CONSTRUCTION TECHNIQUES AND SIGNIFICANCE

ОБОРОННЫЙ ПЕРИОД ГОРОДА АКСИКЕНТ В НАЧАЛЕ XIII ВЕКА: СТРОИТЕЛЬНЫЕ МЕТОДЫ И ЗНАЧЕНИЕ.

Arslanov Bahodir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi tayanch doktoranti e-mail: arslanovbahodir1979@gmail.com Tel: [telefon raqami yashirilgan] https://doi.org/10.5281/zenodo.16917525 Annotatsiya.

Ushbu maqolada Farg‘ona vodiysining yirik shaharlari qatoriga kirgan Axsiqent (Axsikat) shahrining ichki shahristonini o‘rab olgan mudofaa devori tahlil qilinadi. Tadqiqotda qadimgi davrlardan XIII asrning birinchi choragigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida shaharning qudratli mudofaa inshootlari rivojlanish jarayonlari, har bir bosqichdagi devorlarning me’moriy xususiyatlari, qurilish texnologiyalari va qo‘llanilgan materiallar haqidagi ma’lumotlar taqdim etilgan.

Shuningdek, turli davrlarda mudofaa devorlarini qurishga ta’sir ko‘rsatgan iqtisodiy, siyosiy va harbiy omillar ham tahlil qilinadi. Asosiy e’tibor XIII asrning birinchi choragida qurilgan ichki shahriston devorini barpo etish sabablari, uning konstruktiv yechimlari, siyosiy va harbiy ahamiyatiga qaratilgan. Maqolada XVIII–XIX-sonli obyektlarda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida aniqlangan ushbu mudofaa devorining me’moriy xususiyatlari yoritib beriladi.

Bundan tashqari, devorning saqlanish darajasi va davriy mansubligini aniqlashga yordam beruvchi arxeologik topilmalar, xususan, keramika buyumlari haqidagi ma’lumotlar ham keltirilgan. Shahar rivojiga devorlar qurilishining ta’siri, ularning aholining xavfsizligini ta’minlashdagi roli hamda o‘sha davr shaharsozlik jarayonlari bilan bog‘liqligi ham tahlil qilinadi. Аннотация В данной статье анализируется оборонительная стена, окружавшая внутренний шахристан (цитадель) города Ахсикент (Ахсикат), одного из крупнейших исторических городов Ферганской долины. Исследование охватывает период от древнейших времён до первой четверти XIII века, с акцентом на этапы развития мощных оборонительных сооружений города. В работе представлена информация об архитектурных особенностях стен на каждом этапе, о строительных технологиях и применяемых материалах. Также рассматриваются экономические, политические и военные факторы, повлиявшие на строительство стен в различные периоды. Особое внимание уделяется стене внутреннего шахристана, возведённой в начале XIII века, анализируются причины её строительства, конструктивные решения, а также политическое и военное значение. Архитектурные особенности этой стены подробно рассматриваются на основе археологических раскопок, проведённых на объектах XVIII–XIX. Дополнительно приводятся археологические находки, в частности керамические изделия, способствующие определению степени сохранности и хронологической принадлежности стены. В статье также исследуется влияние строительства стен на развитие города, их роль в обеспечении безопасности населения и связь с градостроительными процессами того времени. Annotation This article analyzes the defensive wall surrounding the inner citadel (shahristan) of Axsikent (Axsikat), one of the major historical cities of the Fergana Valley. The study covers the period from ancient times to the first quarter of the 13th century, focusing on the development stages of the city's powerful defensive structures. It presents information on the architectural features of the walls at each stage, construction techniques, and materials used. The research also examines the economic, political, and military factors that influenced the construction of the walls during different periods. Particular attention is given to the inner citadel wall built in the early 13th century, analyzing the reasons for its construction, its structural solutions, and its political and military significance. The architectural characteristics of this wall, identified during archaeological excavations at sites XVIII–XIX, are discussed in detail. Additionally, archaeological findings, especially ceramic artifacts, which help determine the preservation level and chronological attribution of the wall, are included. The article also explores the impact of wall construction on urban development, its role in ensuring the population’s security, and its connection with urban planning processes of the period. Kalit so‘zlar.

Axsikent, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, shahar, mudofaa devori, paxsa, xom g‘isht, g‘isht terish texnikasi. Ключевые слова.

Ахсикент, Караханиды, Хорезмшахи, город, оборонительная стена, пахса, сырцовый кирпич, техника кирпичной кладки. Keywords.

Axsikent, Qarakhanids, Khwarazmshahs, city, defensive wall, pakhsa (rammed earth), mudbrick, bricklaying technique.

Axsikent shahri qadimgi va o‘rta asrlar davrida Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiy-siyosiy markazlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Ushbu yodgorlikda olib borilgan arxeologik topilmalar bu fikrni tasdiqlaydi. X-XIII asr boshlariga oid yozma manbalar hamda numizmatik materiallar shahar iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va harbiy ahamiyati haqida yetarlicha ma’lumot beradi. Arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Farg‘ona-Axsikat shahri miloddan avvalgi III asrda Eski Axsi (Axsikent) yodgorligi hududida tashkil topgan bo‘lib, maydoni 40 gektardan ortiqni tashkil etgan. Shahar ikki asosiy qismdan iborat bo‘lgan: tsitadel va shahriston (Axsi IA, Axsi IB). Dastlab, shaharning mudofaa devorlari 3 metr kenglikda bo‘lgan va minoralarga ega emas edi. Ularning mudofaa funksiyasini maxsus koridorsimon inshootlar bajargan. Miloddan avvalgi II asrda shahristonning g‘arbiy tomonida 10 gektar maydonga ega bo‘lgan yangi qism — Axsi II paydo bo‘lgan. Shahar maydoni 50 gektardan oshgan. Miloddan avvalgi II asr oxiriga kelib, ikkinchi shahristonning devori 2 metrga qalinlashtirilib, 5,3 metrga yetkazilgan. IX–XIII asr boshlarida Axsikat topografik jihatdan uch qismdan iborat bo‘lgan: qal’a, shahriston va rabod. Qal’adan faqatgina janubiy devorning bir qismi va uning ichida joylashgan, Qoraxoniylar davriga oid harbiy garnizon inshooti saqlanib qolgan. Yuqorida aytilganidek, shahriston ikki qismdan iborat bo‘lgan. Birinchi shahristonda juma masjidi, muhtasham turar joy binolari va ishlab chiqarish korxonalari joylashgan.

Ikkinchi shahristonda esa markaziy bozor, havzalar, ko‘plab ustaxonalar va hunarmandlarga tegishli uylar bo‘lgan. Bugungi kunga kelib shahristonning 30 gektarga yaqin maydoni saqlanib qolgan, 10 gektardan ortig‘i esa Sirdaryo suvlari ta’sirida yuvilib ketgan. Ko‘p yillik arxeologik tadqiqotlar natijasida Axsikatda bir necha bosqichlarda qurilgan qudratli mudofaa inshootlari mavjud bo‘lganligi aniqlangan. Ulardan eng qadimiysi miloddan avvalgi III–II asrlarda barpo etilgan bo‘lsa, eng so‘nggisi — XIII asrning birinchi choragida qurilgan devor bo‘lgan [Anarboev, 1988. B. 186]. Biz tadqiq qilayotgan devor XVIII va XIX raqamli yodgorlik hududidagi qazishmalar doirasida o‘rganilgan. Bu devor Axsikent (Axsi IA) shahrining ichki qismini o‘rab olish uchun qurilgan. Shaharda ichki va tashqi devorlar hamda arka inshooti saqlanib qolgan. Rabodning tashqi devorlariga oid ma’lumotlar yo‘q, sababi XX asrning 30–40-yillarida rabod hududining asosiy qismi va uning tashqi mudofaa devorlari buzilib, ekin yerlarga aylantirilgan [Anarboev, 2014. B. 75]. Axsikentning mudofaa va mustahkamlash tizimi shakllanish bosqichlari orasida Xorazmshohlar davriga oid devor alohida o‘rin egallaydi. Bu devor ushbu tizimning uchinchi — yakuniy bosqichiga tegishli bo‘lib, mustahkamligi va qurilish uslubi jihatidan avvalgi davrlarning mudofaa devorlaridan tubdan farq qilgan. Olib borilgan arxeologik tadqiqotlarimiz natijasida ushbu inshoot haqida boy ma’lumotlar to‘plandi. Markaziy Osiyodagi fortifikatsiya tizimlari o‘z vazifalari va ko‘lami jihatidan davlat, mintaqaviy, shahar va xususiy darajalarga bo‘linadi [Voronina, 1964. B. 41]. Fortifikatsion inshootlarni shaharlarning asosiy atributi sifatida o‘rganish, ularning konstruktiv asoslarida va qurilish xususiyatlarida (texnika, qurilish materiallari) mavjud umumiy belgilarni aniqlash jamiyat urbanizatsiyasi evolyutsiyasini kuzatishga imkon beradi [Nagiyev, 2014. B. 28]. Mudofaa devorlari yoki ular o‘rnini bosuvchi inshootlar qadimdan boshlab qishloqlar, qal’alar va shaharlarni dushmanlardan himoya qilish maqsadida barpo etilgan. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, Osiyoning janubiy qismi — Anatoliya, Mesopotamiya, Eron, Hindiston va Xitoy kabi serhosil hududlar — miloddan avvalgi III ming yillikdan to milodiy XX asr boshlarigacha shimoldan kirib kelgan ko‘chmanchilar uchun asosiy hujum yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan.Ushbu ko‘chmanchi xalqlar keng qamrovli qurg‘oqchil cho‘l va dashtlar bilan qoplangan Osiyoning shimoliy hududlaridan kelgan. Mazkur hududlardagi og‘ir iqlim sharoitlari, tez-tez yuz beradigan qurg‘oqchiliklar ko‘chmanchi qabilalarni janubdagi serhosil yerlarni bosib olish, o‘lja topish va yashash uchun qulay sharoit izlab yurishga majbur qilgan. Natijada Janubiy Osiyo hududidagi qishloq va shaharlar o‘z xavfsizligini ta’minlash maqsadida har xil turdagi mudofaa inshootlarini — devorlar, minoralar, xandaqlar va boshqa to‘siqlarni qurishga majbur bo‘lganlar. Ushbu inshootlar ayniqsa turkiy va mo‘g‘ul qabilalarining hujumlaridan himoyalanishda alohida ahamiyat kasb etgan hamda Buyuk Ipak yo‘li kabi savdo yo‘llarining xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynagan. Mustahkam mudofaa devorlari shaharlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qilgan [Labbaf-Khaniki, 2016. B. 1–2, 17].

Mo‘g‘ullar bosqinidan oldingi davrda, aniqrog‘i XII asr oxiri – XIII asr boshlarida, Markaziy Osiyodagi shaharlarning aksariyati mudofaa devorlari bilan o‘ralgan edi. Biroq ayrim shaharlar zaif mudofaa inshootlariga ega bo‘lgan. Masalan, Sirdaryo bo‘yida joylashgan Xo‘jand shahri Chingizxonning 5000 kishilik qo‘shini tomonidan qamalga olingan, ammo uning mudofaa devorlari dushman bosimini uzoq vaqt ushlab tura olgan. Qamal chog‘ida shaharning ayrim qismlari vayron qilingan, devorlar jiddiy zarar ko‘rgan, shundan so‘ng shahar bosib olingan. 1220 yilda Chingizxon Buxoroga kelganida, shahar devorlari eski va zaif bo‘lganligi sababli, shahar tezda taslim bo‘lgan. Faqatgina qal’a garnizoni uzoq qarshilik ko‘rsatgan, ammo qal’a qo‘lga kiritilgach, uning barcha himoyachilari butunlay yo‘q qilingan. Samarqandda esa devorlar mustahkam bo‘lishiga qaramay, uzoq davom etgan qamal shaharni taslim bo‘lishga majbur qilgan. Garnizon dushmanga qarshi jasorat bilan qarshilik ko‘rsatgan, ammo qamal davomida kuchsizlanib, yakunda taslim bo‘lgan. Qamal vaqtida shahar devorlarining ayrim qismlari ham vayron qilingan. Yuqorida qayd etilganidek, aynan shu davrda Axsiqentda faqatgina ark va ichki shahriston mudofaa devori bilan o‘ralgan edi [Jackson, 2017. B. 78–88]. Xorazmshohlar davriga oid Axsikat mudofaa devori dastlab XVIII raqamli arxeologik obyektda aniqlangan. Qazish ishlari natijasida o‘rta asrlarga oid qal’a devorining 4,3 metr uzunlikdagi, 2,05 metr balandlikdagi va 3,3 metr kenglikdagi qoldiqlari ochib tozalandi. Devor 52×25–26×11–13 sm o‘lchamdagi xom g‘ishtlardan qurilgan bo‘lib, u zich siqilmagan mustahkam to‘kilma tuproq qatlamiga tiklangan. Inshoot ichki va tashqi tomondan to‘liq ochilib, arxeologik jihatdan o‘rganildi [Anarboev, 2013. B. 122, 125]. 2019 yilda Axsikentda “Ochiq osmon ostidagi muzey” qurilishi boshlanganligi munosabati bilan ushbu qazilma uchastkasi g‘arb va sharq yo‘nalishlarida kengaytirildi. Natijada devorga oid ilgari olingan dastlabki xulosalar o‘z tasdig‘ini topdi. Ushbu qazish mavsumi davomida 32 metr uzunlikdagi devor qismi aniqlanib ochildi. 2023 yilda ochiq osmon ostidagi muzey qurilishi ishlari davom ettirildi. Muzey binosi uchun janubdan shimolga yo‘nalgan, kengligi 2,1 metr, chuqurligi ayrim joylarda 2 metrdan 6 metrgacha yetadigan va uzunligi 40 metr bo‘lgan tranşeya qazildi. Tranşeya boshlang‘ich nuqtasi 23,5 metr balandlikda joylashgan edi. Devorning yana bir qismi XIX raqamli arxeologik obyektdagi qazishmalar davomida aniqlangan. XIX obyektdagi antik va o‘rta asr mudofaa devorlari tabiiy tepalik ustiga qurilgan bo‘lib, ma’lum vaqt davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Mazkur devor bilan antik davrga oid devor orasidagi masofa 2 metrni tashkil etadi. Bu qatlam mustahkam emas, asosan bo‘sh tuproq va chiqindilardan iborat bo‘lib, xom g‘isht bo‘laklari kam miqdorda uchraydi. Tuproq tarkibida XII asr oxiri – XIII asr boshlariga oid keramikalar ham aniqlangan. Faqatgina XIII asrning birinchi choragida ushbu qatlam ustiga zaif mudofaa devori qurilgan. Yozma manbalarda ham xom g‘isht Markaziy Osiyo shaharlarida asosiy qurilish materiallaridan biri bo‘lganligi qayd etilgan. Masalan, Isfijob shahridagi binolar xom g‘ishtdan qurilganligi ta’kidlanadi (Makdisiy, 1906. B. 136; Bartold, 1963. B. 232–233).

Xuddi Axsikentdagidek, Ozarbayjonning o‘rta asr shaharlari arxitekturasida ham yirik o‘lchamdagi xom g‘ishtlar keng qo‘llanilgan [Nagiyev, 2014. B. 28].

O‘rta asrlarda O‘zbekiston hududida xom g‘isht yashash inshootlari uchun asosiy qurilish materiali sifatida keng qo‘llanilgan. Ayniqsa, XII — XIII asr boshlarida ko‘plab turar joylar, qal’alar va boshqa inshootlar xom g‘ishtdan qurilgan. Ushbu davrda eng keng tarqalgan shakl kvadrat ko‘rinishdagi g‘isht bo‘lib, u asosan devorlar va poydevorlar qurilishida ishlatilgan. Masalan, Dalvarzintepa yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar ham kvadrat shakldagi xom g‘ishtlarning qo‘llanganligini tasdiqlaydi.

XII–XIII asrlarda Janubiy Qozog‘iston me’morchiligida ham xom g‘isht keng qo‘llanilgan. O‘rta asr Otror shahristonida turar joy inshootlarida standart o‘lchamdagi (40–45×20–22×8–10 sm) xira sarg‘ish rangli xom g‘ishtlardan foydalanilgan. Pishgan g‘isht esa kamroq hollarda — devor poydevorlari, tandirlar va suv o‘tkazgich tizimlarida ishlatilgan. Devorlar yupqa qatlamli suvoq bilan ehtiyotkorlik bilan suvalgan. Bunday konstruksiya inshootlarning uzoq saqlanishini ta’minlagan, shuningdek, g‘isht qatlamlari orasiga qo‘yilgan qamish devorlarni tuz ta’siridan himoya qilgan [Baypakov, 2013. B. 176].

Axsikent mudofaa devorining o‘rganilishi XII–XIII asrlardagi Markaziy Osiyo fortifikatsion me’morchiligi haqida yangi ma’lumotlar olishga va o‘sha davr shaharsozlik qarorlarining asosiy jihatlarini ochib berishga imkon berdi. Aniqlanishicha, mustahkamlash ishlarining so‘nggi yirik bosqichi XIII asrning birinchi choragiga to‘g‘ri keladi, bu esa tarixiy voqealarning mavjud sanasiga aniqlik kiritadi. Tadqiqot davomida xom g‘ishtdan, turli o‘lchamli shakllarda terilgan va siqilgan tuproq yordamida mustahkamlangan devorlar qurilishida qo‘llanilgan o‘ziga xos qurilish texnikalari aniqlangan. Bu ma’lumotlar mintaqadagi mudofaa inshootlari texnologiyasi haqidagi tasavvurlarni kengaytiradi. Arxeologik topilmalar, jumladan, keramika majmuasi va qurilish materiallari, davrning ijtimoiy-iqtisodiy kontekstini aniqlashtirishga, shuningdek, Axsikentda XII asr oxiri — XIII asr boshlarida keramika ishlab chiqarish darajasini belgilashga yordam berdi. Ushbu ish Axsikentning Farg‘ona vodiysidagi mustahkamlangan markaz sifatidagi strategik ahamiyatini tasdiqladi hamda mudofaa choralari kuchaytirilishi bilan mintaqadagi siyosiy beqarorlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib berdi.

Mudofaa devorining o‘rganilishi quyidagi xulosalarga olib keldi. Yozma manbalardan ma’lumki, Muhammad Xorazmshoh Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda katta xatoga yo‘l qo‘ygan. U dushmanni mamlakatning shimoliy-sharqiy chegaralarida kutib olib hujum qilish o‘rniga, ikki yuz minglik qo‘shinini bo‘lib, shaharlar mudofaasini kuchaytirishga harakat qiladi. Aynan uning farmoni bilan shaharlarning mudofaa inshootlari qayta tiklangan.Mazkur obyektda olib borilgan arxeologik qazishmalar bu tarixiy voqealarni nafaqat tasdiqladi, balki ularni aniqlashtirishga ham imkon berdi. Ma’lum bo‘lishicha, ichki shaharni o‘rab olgan ushbu mudofaa devori xom g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, u taxminan 1 metr qalinlikdagi zichlashtirilgan tuproq asosiga o‘rnatilgan. Devor nihoyatda tezlik bilan qurilgani sababli, qurilish texnologiyasida belgilangan standart o‘lchamlarga to‘liq rioya qilinmagan. Bunday devorlarning mudofaa salohiyati past bo‘lgan va Chingizxon qo‘shini uchun ularni yorib o‘tib shahar ichkarisiga kirish katta qiyinchilik tug‘dirmagan. Devor 54×30×10–12 sm o‘lchamdagi xom g‘ishtlardan tiklangan bo‘lib, kengligi 4 metrni tashkil etadi. Devor tashqarisida esa 3 metr kenglikdagi xandaq bilan o‘rab olingan. Agar ushbu devorni qadimgi va ilk o‘rta asrlarga oid tashqi shahar devorlari bilan taqqoslasak, ular orasida katta farq borligini ko‘rish mumkin. Masalan, miloddan avvalgi I asr boshlarida, to‘rt yil davom etgan Farg‘ona–Xitoy urushidan so‘ng qurilgan tashqi shahar devorlari xom g‘isht va paxsa aralashmasidan barpo etilgan bo‘lib, oradan 2000 yildan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, yaxshi saqlanib qolgan [Anarboev va boshq., B. 23–24].

Axsikentda “Ochiq osmon ostidagi muzey” tashkil etilishi ko‘p jihatdan uning mudofaa devorlarining tarixiy ahamiyatiga bog‘liq. Qadimiy mudofaa inshootlarini o‘rganish ularni saqlash va restavratsiya qilish uchun muhim metodik asos yaratadi. Bu hol me’morchilik va shaharsozlik sohalaridagi mutaxassislar uchun urbanizatsiya jarayonlarini chuqurroq anglash imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, bu tadqiqotlar turizmni rivojlantirish va madaniy merosni ommalashtirishga xizmat qiladi. Qadimiy shaharlarning mudofaa devorlarini o‘rganish nafaqat tarixiy faktlarni aniqlashga, balki harbiy, ijtimoiy, iqtisodiy va me’moriy rivojlanishni tushunishga ham yordam beradi. Bunday tadqiqotlar madaniy merosni asrash hamda yangi ilmiy kashfiyotlar amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar13 ta adabiyot

  1. Анарбаев А.А. Ахсикент в древности и средневековье (итоги и перспективы исследования) // СА. №1. М., 1988.
  2. Анарбоев А. ХII асрнинг иккинчи ярми – ХIII асрни биринчи чорагида Ахсикат ва Самарқанд мудофаа истеҳкомлари // Ўзбекистон археологияси. №1(8). Самарқанд. 2014.
  3. Воронина В.Л. Из истории среднеазиатской фортификации // СА. № 2.М.: Наука, 1964.
  4. Нагиев Г.Г. Tехника строительства крепостных сооружений средневековых городов Азербайджана // Международный журнал прикладных и фундаментальных исследований №5, 2014.
  5. Labbaf-Khaniki, M. Long Wall of Asia: The Backbone of Asian Defensive Landscape. – Tehran: University of Tehran Press, 2016.
  6. Jackson, Peter. The Mongols and the Islamic World: From Conquest to Conversion. New Haven: Yale University Press, 2017.10.12987/yale/9780300125337.001.0001
  7. Анарбаев А. Заметка о фортификации античного Ахсикента //Археология и история Центральной Азии. К 70 летию со дня рождения академика Академии наук Республики Узбекистан Юрия Федоровича Бурякова. Самарканд. 2004.
  8. Анарбаев А. А. Ахсикент – столица древней Ферганы. Ташкент. 2013.
  9. Анарбаев А.А. Военная казарма средневекового Ахсикента // ИМКУ. Вып.33. Ташкент. 2002.
  10. Makdisi. Descriptio imperii moslemici auctore Schamso’d-dîn Abû Abdollâh Mohammed ibn Ahmed ibn abî Bekr al-Bannâ al-Basschârî al-Mokaddasî. Ed. M. J. de Goeje, Lugduni Batavorum, 1877; ed. 2: 1906 (BGA, III).
  11. Бартольд В. В. Т. 1: Туркестан в эпоху монгольского нашествия. М. 1963.
  12. Байпаков К.М. Урбанизация Средневекового Казахстана. Т. 2. – Алматы: Казахстан, 2001.
  13. Анарбаев А.А., Кубаев С., Насриддинов Ш., Оманов Ш., Муродалиев Р., Пардаев М. 2018-2019 йилларда Ахсикент ёдгорлигида олиб борилган археологик тадқиқотлар// Ўзбекистонда археологик тадқиқотлар. 12-сон / тўплам; масъул муҳаррир Ф.А. Максудов; Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси Миллий археология маркази. – Самарқанд, 2020.

Metama’lumot

Identifikator
REL-C-011054
Nashr sanasi
2025-08-27
Til
o‘zbek
Konferensiyalar
“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
Jild
1
Son
1
DOI
10.66073/refocus-conf/15
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
65–71
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
12026-10-11 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
Oxirgi yangilanish
2026-09-08