AXSIKENT ARXEOLOGIYA PARKI (NATIJALAR VA ISTIQBOLDAGI VAZIFALAR)
Anarbayev Abdulhamidjontarix fanlari doktori, professor – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi bo‘lim boshlig‘i.2025
Konferensiyalar“FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallariJild 1Son 1Sahifa 5–15
Annotatsiya
Mazkur maqolada Namangan viloyati To‘rqo‘rg‘on tumanida joylashgan Axsikent arxeologiya yodgorligi asosida tashkil etilayotgan Axsikent arxeologiya parkini bunyod etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qurilish va tadqiqot ishlari bo‘yicha natijalar va istiqboldagi vazifalar haqida batafsil ilmiy mulohazalar yuritilgan.
Boshqa tillarda
ruschaАКСИКЕНТСКИЙ АРХЕОЛОГИЧЕСКИЙ ПАРК (РЕЗУЛЬТАТЫ И ПЕРСПЕКТИВНЫЕ ЗАДАЧИ)
В данной статье изложены научные рассуждения о проводимых строительных и исследовательских работах по созданию Археологического парка Аксикент на основе одноимённого археологического памятника, расположенного в Туракурганском районе Наманганской области. Подробно рассмотрены достигнутые результаты и обозначены приоритетные задачи на будущее.
inglizchaAXSIKENT ARCHAEOLOGICAL PARK (RESULTS AND FUTURE TASKS)
This article presents detailed scholarly reflections on the construction and research activities being carried out to establish the Axsikent Archaeological Park, based on the Axsikent archaeological site located in the To‘rqo‘rg‘on district of Namangan region. The paper discusses the achieved results and outlines future tasks related to the development of the park.
Kalit so‘zlar
- Axsikent
- G‘ovasoy
- Kosonsoy
- Chustsoy
- Dalvarzin
- Ashqoltepa
- protogorod
- Eski Axsi
- Yangi Axsi
- Xitoy manbalari
- Muzey
- Ochiq osmon ostidagi ko‘rgazma ob‘ektlari
- tarixiy davrlar
- artefaktlar
- suv yo‘li
- kulolchilik
- temirga ishlov berish
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
AXSIKENT ARXEOLOGIYA PARKI (NATIJALAR VA ISTIQBOLDAGI VAZIFALAR)
АКСИКЕНТСКИЙ АРХЕОЛОГИЧЕСКИЙ ПАРК (РЕЗУЛЬТАТЫ И ПЕРСПЕКТИВНЫЕ ЗАДАЧИ)
AXSIKENT ARCHAEOLOGICAL PARK (RESULTS AND FUTURE TASKS)
Anarbayev Abdulhamidjon tarix fanlari doktori, professor – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi bo‘lim boshlig‘i. https://doi.org/10.5281/zenodo.16832454
Annotatsiya Mazkur maqolada Namangan viloyati To‘rqo‘rg‘on tumanida joylashgan Axsikent arxeologiya yodgorligi asosida tashkil etilayotgan Axsikent arxeologiya parkini bunyod etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qurilish va tadqiqot ishlari bo‘yicha natijalar va istiqboldagi vazifalar haqida batafsil ilmiy mulohazalar yuritilgan. Аннотация В данной статье изложены научные рассуждения о проводимых строительных и исследовательских работах по созданию Археологического парка Аксикент на основе одноимённого археологического памятника, расположенного в Туракурганском районе Наманганской области. Подробно рассмотрены достигнутые результаты и обозначены приоритетные задачи на будущее. Abstract This article presents detailed scholarly reflections on the construction and research activities being carried out to establish the Axsikent Archaeological Park, based on the Axsikent archaeological site located in the To‘rqo‘rg‘on district of Namangan region. The paper discusses the achieved results and outlines future tasks related to the development of the park.
Kalit so‘zlar. Axsikent, G‘ovasoy, Kosonsoy, Chustsoy, Dalvarzin, Ashqoltepa, protogorod, Eski Axsi, Yangi Axsi, Xitoy manbalari, Muzey, Ochiq osmon ostidagi ko‘rgazma ob’ektlari, tarixiy davrlar, artefaktlar, suv yo‘li, kulolchilik, temirga ishlov berish. Ключевые слова: Аксикент, Говасай, Касансай, Чустсай, Дальварзин, Ашкольтепа, протогород, Старый Ахси, Новый Ахси, китайские источники, музей, объекты под открытым небом, исторические эпохи, артефакты, водный путь, гончарное производство, обработка железа. Keywords: Axsikent, G‘ovasoy, Kosonsoy, Chustsoy, Dalvarzin, Ashqoltepa, proto-city, Old Axsi, New Axsi, Chinese sources, museum, open-air exhibition objects, historical periods, artifacts, waterway, pottery, ironworking.
Fargʻona vodiysi ilk paleolit davridan boshlab ibtidoiy odamlar yashagan makon hisoblangan. Bu xaqida Janubiy Fargʻonaning Soʻx vohasidan topilgan tosh qurollari guvohlik beradi. Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga qaraganda, Shimoliy Fargʻona, yaʼni xozirgi Namangan viloyati hududi soʻnggi paleolit davridan boshlab oʻzlashtirila boshlangan. Aniqroq qilib aytganda, bundan 40-50
ming yil avval Gʻovasoy irrigatsiya rayonining togʻoldi hududlarida soʻnggi paleolit davri odamlari yashagan. Miloddan avvalgi III minginchi yillarning ikkinchi yarmida Gʻovasoy irmogʻlaridan biri hisoblangan Chustsoyning adir orti mikrovohasida, Fargʻona vodiysida birinchi boʻlib ilk sugʻorma dehqonchilik yoʻlga qoʻyiladi va xozirgi Chust shahrini shimolidagi Buvanamozor yodgorligi oʻrnida dastlabki dehqonchilik manzilgohi shakllanadi. Miloddan avvalgi II minginchi yillarning ikkinchi yarmiga kelib vodiyning boshqa daryo va soylari havzalarining adir orti mikrovohalarida ham eng qulay yerlar oʻzlashtirilib, sugʻorma dehqonchilik yoʻlga qoʻyiladi va qator manzilgohlar paydo boʻladi. Shu asosda Chust, Dalvarzin, Ashqoltepa kabi ilk shahar tipidagi qarorgohlar (“protogorod”) shakllanadi. Miloddan avvalgi X-IX asrlarda Sharqiy Fargʻonada Oqbura va Aravonsoy, Shimoliy Fargʻonada Kosonsoyning irmogʻlari asosida ilk kanallar quriladi. Natijada, yuzlab gektar yangi yerlar oʻzlashtiriladi. Xususan, Sirdaryoning oʻng sohili boʻylab yastanib yotgan unumdor pasttekisliklarning sugʻorish uchun qulay boʻlgan yerlari oʻzlashtirilib, dehqonchilik qilinadi. Bu xaqida Eski Axsi yodgorligi tagidan va uning atofida aniqlangan agroirrigatsion qatlamlar va topilmalar guvohlik beradi. Bunga oʻxshash holat Fargʻona vodiysining qolgan hududlarida ham yuz beradi. Oqburaning delta qismida Andijonsoy, Aravonsoyning delta qismida Shaxrixonsoy kabi kanallar quriladi. Margʻilonsoy vohasining Simtepa mikrovohasidagi Simtepa yodgorligi tagidan ham ushbu davrga oid agroirrigatsion qatlamlar (sugʻorma dehqonchilik qoldiqlari) topilgan. Keyinchalik, ilk temir davridan boshlab vodiyning daryo va soylari havzalarida shaharlar va urbanizatsiyalashgan qarorgohlar quriladi. Bunga Chust madaniyati negizida shakllangan Eylatan, Qirqxujra va Simtepa yodgorliklari oʻrnidagi shahar va shahar tipidagi qarorgohlar yaqqol misol boʻla oladi. Miloddan avvalgi III-II asrlardan boshlab Fargʻona vodiysining daryo va soylarini adir oraliq va delta qismilaridagi yerlarning asosiy qismi oʻzlashtirilib, yangi shaharlar va urbanizatsiyalashgan qarorgohlar quriladi. Ular ichida Eski Axsi yodgorligi oʻrnida miloddan avvalgi III asrning ikkinchi yarmida 40 gektardan ziyod maydonda Fargʻona davlatining poytaxti Fargʻona (xitoycha"Yuan") shahri qurilganligi alohida ahamiyat kasb etadi. Maʼlum boʻlishicha, Axsikat (Axsikent) shahri qadimdan to IX asrning birinchi yarmigacha Fargʻona, IX asrni ikkinchi yarmidan to XI asrni oʻrtalarigacha Fargʻona-Axsikat, XI asrning ikkinchi yarmidan boshlab moʻgʻullar bosqinigacha Axsikat deb atalgan. Moʻgʻullar bosqinidan soʻng shahar hozirgi Axsi qishlogʻi yaqinidagi Yangi Axsi yodgorligi oʻrniga koʻchadi. Bu yerda shahar to XVII asrning oʻrtalarigacha, yaʼni kuchli zilzilagacha faoliyat koʻrsatib, manbalarda Axsikat, Axsi, baʼzida Axsikent deb tilga olinadi. Xozirgi kunlarda ushbu shaharning nomi mahalliy xalq orasida Eski Axsi, Axsi yoki Axsikent nomi bilan saqlanib qolgan. Dastlab, shahar ikki qismdan iborat boʻlgan: ark (qalʼa) va shahriston (Axsi IA, Axsi IB), keyinchalik, miloddan avvalgi II asrda 10 gektarga yaqin maydonda hunarmandlar shahri “rabod” (Axsi II) paydo boʻladi. Natijada, shahar 3 qismdan iborat boʻlib, maydoni 50 gektardan oshib ketadi. Ilk oʻrta asrlarda shahar sharq tomonga kengayib, maydoni taxminan 70 gektarga yaqinlashadi. Rivojlangan oʻrta
asrlarda uning maydoni 400 gektardan oshib ketib, oʻz davrining "megapolisi"ga aylanadi. Xozirgi kunlarda undan 50 ga. dan ziyodroq joy saqlanib qolgan, xolos. Buyuk ipak yoʻli boʻylab Sharq bilan Gʻarbni bogʻlovchi muhim boʻgʻin vazifasini oʻtab kelgan Axsikat shahri tarixi oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixining ajralmas qismi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu poytaxt shahar va uning atrofidagi shaharlar hamda urbanizatsiyalashgan qarorgohlar qoldiqlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koʻrsatmasi bilan “Axsikent arxeologiya parki” tashkil qilinmoqda. Kompleks asosan ikki qismdan iborat boʻladi: I. Muzey. II. Ochiq osmon ostidagi koʻrgazma. I.Muzey ekspoziyasining maqsadi, asosan, Fargʻona vodiysining daryo va soylari havzasidagi vohalarni qadimgi davrdan boshlab inson tomonidan oʻzlashtirilishi, dehqonchilikning shaklanishi va rivojlanishi, ilk shahar tipidagi qarorgohlarning paydo boʻlishi va shu asosda shaharlarning qurilishi va rivojlanish tarixini arxeologik materiallar va yozma manbalar asosida bilan koʻrsatish. Shu asosda quyidagi vazifalar bajariladi: -Gʻovasoy va Kosonsoy vohalarida ilk sugʻorma dehqonchilik madaniyatining shakllanish va rivojlanish tarixini koʻrsatish; -Shimoliy Fargʻonada urbanizatsiya jarayonlarining shakllanish va rivojlanish tarixini berish; -Fargʻona (Axsikat-Axsikent) shahrining paydo boʻlishi va tarixiy topografiyasini koʻrsatish; -Shaharning moddiy va madaniy merosini har tomonlama yoritib berish; -Shaharning etnomadaniy va diniy bagʻrikenglik va ijodiy hamjihatlik markazi boʻlganligini aks ettirish; - Fargʻona-Axsikat, Bob (Pop) va Koson shaharlarining Buyuk ipak yoʻlidagi oʻrnini aks ettirish; -Shaharning oʻzbek milliy hunarmandchiligini rivojlanishida tutgan oʻrnini koʻrsatish; -Shahar madaniy hayotida oʻchmas iz qoldirgan buyuk shaxslarning hayoti va ijodiy faoliyati xaqida batafsil maʼlumot berish. Muzey 2 qavatli boʻlib, uning tag qismi-yarim yarim yerto’la bilan 3 qavatli. Yarim yerto’la ikki qismdan iborat boʻladi: 1-qism arxeologik artefaktlar taʼmirlanadigan, tadqiq qilinadigan va saqlanadigan xonalardan iborat boʻladi. Qazishmalar davrida topilgan barcha artefaktlar shu yerda taʼmirlanib, soʻng koʻrgazmaga qoʻyiladi. Shuning uchun, ushbu joy zamonaviy va jahon standartlarida tashkil qilinadi. Bu yerda arxeolog va taʼmirchi-restavratorlar ishlaydi. 2-qismda 50 kishilik kichik konferensiya zali boʻladi. Birinchi qavat ikki qismga boʻlinadi 1-qismda Fargʻona-Axsikat shahri xarobalaridan topilgan arxitektura qoldiqlarining (mudofaa devorlar, yer osti vodoprovodi, yer osti gumbazli xona, turarjoylar, ustaxonalar, kazarma, hammom, tazarlar) tiklangan koʻrinishdagi
nusʼhalari (kopiya) zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda 3 tildagi (oʻzbek, rus, ingliz) tekstlar bilan taʼminlangan holda beriladi. Shu yerni oʻzida yodgorlikning koʻrinishlari, qazishma jarayonlarining rangli rasmlari ham koʻyiladi. Fargʻona vodiysidagi qadimgi shaharlar va ularning Buyuk ipak yoʻlidagi oʻrni davrma-davr rangli kartalarda beriladi. Qirqxujra yodgorligida (Bob-Pop) qazib ochilgan olov ibodatxonasining koʻrinishi, Mugʻtepa va Mugʻqalʼadagi qadimgi Koson shahrining koʻrinishlari zamonoviy texnologiyalar yordamida aks ettiriladi. Shu bilan birga, Fargʻona-Axsikatda tugʻilib, voyaga yetgan yirik allomalar xaqida maʼlumotlar, ularning rasmlari va ularning ijodiy faoliyati xaqida maʼlumotlar beriladi. 2-qismda Axsikent arxeologiya parki boshqaruvi joylashadi va 400 kishilik konferensiya zali boʻladi. Muzeyning ikkinchi qavatida 4 ta katta zal boʻladi. Markaziy Fargʻonadagi mezolit-neolit davriga oid ibtidoiy dehqonchilik (termachilik), Chust madaniyatiga tegishli ilk sugʻorma dehqonchilik va urbanizatsiya jarayonlar kosmosdan olingan rasmlardan foydalangan holda kartasxemalar va tiklangan landshaftlar koʻrinishda zamonoviy texnologiyalar yordamida 3 tilda (oʻzbek, rus, ingliz) koʻrsatiladi. Gʻovasoy va Kosonsoy vohalaridagi urbanizatsiya jarayonlar, Eski Axsi (Axsikent) yodgorligi va uning atrofidagi shaharlar xarobalaridan qazib olingan arxeologik topilmalar davrmadavr xronologik tarzda namoyish qilinadi. Qadimgi davr Markaziy Fargʻona mezolit-neolit davrlaridagi ilk ibtidoiy dehqonchilik (termachilik) rangli rasmlarda qadimgi davr landshafti koʻrinishida beriladi. Gʻovasoy va Kosonsoy vohalarining adirorti qismidagi eng qulay yerlarning oʻzlashtirilishi, sugʻorma dehqonchilikni yoʻlga qoʻyilishi va rivojlanishi namoyish etiladi. Xususan, Gʻovasoy vohasida Chustsoy mikrovohasini tashkil topishi, Bibiona (Buvanamozor) yodgorligi oʻrnida miloddan avvalgi 3 minginchi yillarning ikkinchi yarmida ilk dehqonchilik qarorgohini paydo boʻlishi kartasxema va oʻsha davr landshafti koʻrinishida berilib, ularni 3 (oʻzbek, rus, ingliz) tildagi tushuntirish tekstlar bilan taʼminlanadi. Miloddan avvalgi II minginchi yillarning ikkinchi yarmida Fargʻona vodiysining qator daryo va soy havzalarining adirorti qismilaridagi eng qulay yerlar oʻzlashtirilib, sugʻorma dehqonchilik yoʻlga qoʻyiladi va asta sekin kengayadi. Jumladan, Qoradaryo va Gʻovasoy vohalarining adirorti mikrovohalarida urbanizatsiya jarayonlari shakllanib, Chust, Dalvarzin, Ashqoltepa kabi ilk shahar tipidagi qarorgohlarning (protogorod) paydo boʻlishi va joylanishi oʻsha davr landshafti va karta-sxema koʻrinishda beriladi. Shu davrga oid arxeologik topilmalar ham namoyish etiladi. Miloddan avvalgi X-IX asrlardan boshlab Gʻovasoy, Kosonsoy, Oqbura va Aravonsoy kabi daryolarining delta qismilarini oʻzlashtirilishi va ilk kanallarni paydo boʻlishi karta-sxemalarda beriladi. Bunday ulkan ishlarni boshida siyosiy uyushmalar, yaʼni ilk davlatlar turgan boʻlishi kerak. Bular muzey koʻrgazmasidan karta sxemalar koʻrinishida joy oladi. Miloddan avvalgi VI-V asrlarda
Gʻovasoyning irmogʻi Olmossoyning delta qismida Qirqxujra yodgorligi oʻrnida 20 gektarga yaqin maydonda Bob (Pop) shahri quriladi. Kosmosdan olingan rasmlar va topografik kartalar yordamida Olmossoyning delta qismining irrigatsiya sxemasi, shaharning joylanishi va topografiyasi zamonaviy texnologiyalar yordamida beriladi. Yodgorlikning kosmosdan olingan rasmi, topografik kartasi, arxeologik obyektlar va ulardan topilgan artefaktlar davrma-davr 3 tildagi tekstlar bilan taʼminlangan holda namoyish etiladi. Antik davr (miloddan avvalgi IV asrning oxiri -milodiy eraning IV asri) Xitoyning “Shiszi” va “Xanshu” kabi tarixiy solnomalarida antik davrdagi Fargʻonani siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayoti toʻgʻrisida ilk maʼlumotlar keltiriladi. Ularning maʼlumotlariga koʻra, qadimgi Fargʻona davlati ikkita yordamchisiga ega boʻlgan hukmdor tomonidan boshqarilgan. Mamlakat siyosiy hayotida “Oqsoqollar kengashi” (Parlament) katta ahamiyat kasb etgan. Unda davlat hayotiga oid eng muhim masalalar, xususan urushlarning eʼlon qilinishi, tinchlik muzokaralarini olib borish va zarurat tugʻilganda hukmdorning oʻzining taqdirini hal qilish kabi holatlar koʻrib chiqilgan. Masalan, miloddan avvalgi 104- yilda boshlangan Fargʻona va Xitoy orasidagi 4 yillik urush yakuniga kelib, “Oqsoqollar kengashi”ning qarori bilan urushning eng asosiy aybdori sifatida Fargʻona podshosi Mugua oʻldirilgan. Shu bilan birga, Shiszi da Yuan, Yuchen, Ershi kabi 3 ta shahar tilga olinadi. Yuchen va Ershi Fargʻona konfederativ davlatiga kiruvchi kichik davlatlar poytaxti boʻlganga oʻxshaydi. Yuan shahri esa markazlashgan Fargʻona davlatining bosh poytaxti boʻlgan. Oqsoqollar kengashining aʼzolari konfederativ davlatga kiruvchi davlatlardan saylangan vakillar boʻlsa kerak. Xuddi shunga oʻxshash siyosiy tuzimni ilk oʻrta asrlar Soʻgʻd konfederativ davlati misolida koʻrishimiz mumkin. Bunda Samarqand bosh poytaxt hisoblangan. Bularni hammasi koʻrgazmada oʻz aksini topadi. Miloddan avvalgi III-II asrlardagi migratsion jarayonlar butun Yevroosiyo dashtlari boʻylab tarqalgan. Xususan, yuyechji (toxarlar)larning Sinszyandan gʻarb va janub tomonga yurishi Fargʻona orqali amalga oshgan. Ushbu yurishda shuningdek, koʻpsonli nomaʼlum xalq va qabilalar ishtirok etganlar. Ularning maʼlum bir qismi yurish vaqtida Fargʻonada qolib, mahalliy xalqlar bilan bir qatorda, antik davrdagi Fargʻonaning oʻziga xos madaniyatining shakllanishida ishtirok etganlar. Koʻrgazmada Fargʻonaning antik davr siyosiy hayoti rangli xaritalarda va 3 tilda tegishli tekstlar bilan taʼminlangan holda beriladi. Aniqlanishicha, miloddan avvalgi III asrda Fargʻona davlatining (xitoycha “Dayyuan”) poytaxti Sirdaryoni oʻng sohili boʻylab hozirgi Axsikent yodgorligi oʻrnida 40 gektardan ziyod maydonda Fargʻona (xitoycha “Yuan”) shahri quriladi. U dastlab, ark va shahristondan iborat boʻlgan. Shahristonning oʻzi ikkiga boʻlingan (Axsi IA, Axsi IB). Miloddan avvalgi II asrda shahristonning gʻarbida 10 gektarga yaqin maydonda tashqi shahar (“rabod”) shakllanadi. Endi shahar 3 qismdan iborat boʻlib, maydoni 50 gektardan oshib ketadi. Ushbu antik davr shahari oʻrta asrlar shahrini tagida boʻlganligi uchun uni oʻrganish ancha qiyin. Lekin, shunga qaramay shaharning 5 ta yerida stratigrafik qazishmalar yordamida, uning qadimgi davr topografiyasi va xronologiyasi oʻrganildi. Natijada, ark va ikkinchi shahristonda mahobatli mudofaa devor qoldiqlari topilgan. Maʼlum
boʻlishicha, miloddan avvalgi III asrning ikkinchi yarmi - II asrda shahar ikki qavat qalinligi 5 metrdan ziyod devorlar bilan oʻrab olingan ekan. Xitoy va Fargʻona orasidagi urushlardan keyin shahar uzogʻi bilan 50 yil davomida qalinligi asosida 15 metrga yaqin yangi ikki qavatli devorlar bilan oʻrab olingan. Devorlar oʻziga xos burjlarga ega boʻlib, ular devor tashqarisiga chiqmay, balki undan kamida 4 m. baland boʻlgan. Qazishmalar vaqtida moddiy madaniyat qoldiqlari ham qoʻlga kiritilgan. Bularning hammasi kosmosdan olingan rasmlardan foydalangan holda topografik karta-sxemalar va maxsus rangli sxemalarda davrma-davr zamonaviy texnologiyalar yordamida, 3 tilda tushuntirish tekstlar bilan namoyish etiladi. Shu bilan birga bu yerda Qirqxujra (qadimgi Pop) yodgorligidan topilgan artefaktlar ham alohida oʻrin oladi. Miloddan avvalgi I asrning 90 - milodiy eraning 23 yillarida Fargʻona davlatining siyosiy hayotida oʻzgarishlar yuz beradi. Davlat tepasiga yarim koʻchmanchi qabilaning vakillari keladi. Xuddi shu davrda Fargʻona vodiysida 10 balli kuchli yer qimirlash sodir boʻladi. Poytaxt shahar Fargʻona (Axsikat) butunlay vayron boʻladi. Yangi xukmdorlar Mugʻtepa (qadimgi Koson) yodgorligi oʻrnida oʻzlariga poytaxt quradilar. Yodgorlik topografiyasiga qaraganda podsho shaharning oʻrtasida maxsus shoxona chodirda yashagan. Bu yerda shaharning joylanishi, topografiyasi va koʻrinishi yangi texnologiyalar yordamida beriladi. Xitoy manbalarida berilgan maʼlumotlar va arxeologik tadqiqotlarga assoslanib, Buyuk ipak yoʻlining Fargʻona orqali oʻtgan tarmogʻini shimoliy, janubiy yoʻnalishlarini va ularning oʻzaro bogʻlanishlarini rangli xaritalarda koʻrsatiladi. Bu davrda Fargʻona Xitoyga samoviy tulporlar, har xil mevalar va paxta yetkazib bergan. Xitoydan esa ipak matolar va har xil bronzadan yasalgan buyumlar olgan. Xitoy yilnomalarida Fargʻonaning samoviy tulporlari va uzumi xaqida yozib quyidagilarni takidlaydi: fargʻonaliklar uzumdan tayyorlangan mayni (vino) qanday yaxshi koʻrib ichsa, ularning otlari (“tyanma”) ham bedani (“mu su”) xuddu shunday yaxshi koʻrib yeydi. Xitoyliklar Fargʻonadan faqat, samoviy otlar emas, balki ularning yemishi bedani va fargʻonaliklarning sevimli mevasi uzumni ham olib borib imperator saroyiga ekishgan. Bularning hammasi zamonoviy texnologiyalardan foydalangan holda koʻrgazmada oʻz aksini topadi. Poytaxt shahar Fargʻona-Axsikat va uning atrofidagi shaharlar ilk oʻrta asrlarda V asrning oxirgi choragidan boshlab xitoy manbalarida Fargʻona Lona nomi bilan, keyinchalik – Boxan, Boxanna, Polona tarzida berilgan. Bu yerda koʻplab qizil rangdagi mineral (simob sulfid), oltin va temir borligi taʼkidlangan. Fargʻonaning hukmdori chjaovu (jabgʻu) unvoniga ega boʻlgan. U tillarang qoʻy tasviridagi taxtda oʻtirgan, uning ayoli esa boshiga tillarang gulchambar taqib yurgan. Bu davrga kelib, Fargʻona Gʻarbiy Turk xoqonligi hokimiyatini tan olgan. VII asr oʻrtalariga kelib, Gesay (Koson) shahrida Turk xoqonligining vakili, janubda Xumin (Quva) shahrida esa mahalliy sulolalardan birining vakili taxtda oʻtirganlar. Keyinchalik, “Tanshu”da esa Fargʻona “Ninyuan” deb atalib, uning poytaxti Sigyan shahri deb koʻrsatilgan. Xukmdorining qarorgohi Chjenchju (Sirdaryo) daryosining shimoliy tarafida joylashgan Sigyan (Fargʻona) shahrida joylashgan. Bu davrga kelib, xitoy manbalarida Fargʻona shahri Sigyan deb
nomlangan. 6 ta katta va 100 ga yaqin kichik shaharlari bor - degan maʼlumotlar uchraydi. Ushbu maʼlumotlardan kelib chiqqan holda, bu davrda oltita mulkning poytaxtlari boʻlgan olti katta shaharni oʻz ichiga olgan konfederativ davlat faoliyat koʻrsatishda davom etgan, degan fikrni aytish mumkin. Xitoy manbalarida ulardan faqat uchtasigina (Gesay, Xumin, Sigyan) nomlari qayd etilgan boʻlsa, arxeologik materiallar bu yerga yana toʻrchta shahar Pop (Balandtepa), Oʻsh (Oqbura), Quva va Qoʻqonni (Tepaqoʻrgʻon) kiritish mumkin - degan xulosaga kelishga imkon beradi. Fargʻona xalqlari hayotida Turk xoqonligi muhim oʻrin egallagan. Fargʻonaning dastlab xitoyliklarga, soʻngra arablarga qaramligi faqatgina nominal xarakterga ega boʻlgan. Faqatgina xalif Mahdiy (775-783) zamonida Fargʻona hukmdori rasman xalifalik hokimiyatini tan olgan. Fargʻona vadiysi va poytaxt shahri Fargʻonadagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayot Oʻrta Osiyoning boshqa qoʻshni mintaqa va shaharlaridagidan kam farq qilgan. Yozma manbalar va Mugʻtogʻidan topilgan sugʻdiy hujjatlar maʼlumotlariga koʻra, hukmron tabaqa na siyosiy, na iqtisodiy hayotda yaxlit bir butunlikni tashkil etmagan. Ushbu iyerarxiyada xitoy manbalarida “chjaovu” deb atalgan hukmron oilalarining vakillari eng yuqori oʻrinda turganlar. “Beyshi”, “Suyshu” va “Tanshu” dagi maʼlumotlarga koʻra, ushbu sulolalarning ota urugʻlari yuyechjilarga borib ulangan. Sugʻdiy tangalarida oʻqilgan ayrim ismlar ushbu sulolaning uzoq vaqt davomida kuchli darajada eroniylashib ketganligini koʻrsatadi. Oqsuyaklarning keyingi tabaqasini yer egalari - dehqonlar tashkil etganlar. Mugʻkolleksiyasining A9 hujjatida aholining ijtimoiy guruhlarining muhim roʻyxati keltiriladi. Bu yerda “oqsuyak va savdogarlar” (“azat”), “oddiy xalq” (“ishchi”) va ruhoniylar (“baxshi”) haqida maʼlumotlar uchraydi. Ijtimoiy tabaqalashuvning eng oxirgi roʻyxatidan turli darajadagi xizmatchilar joy olganlar. Shahar va qishloqlarda yerning asosiy qismi yuqorida qayd etilgan yirik yer egalariga tegishli boʻlgan. Yerlar ozod odamlarga: yaʼni shaharlarda hunarmand va mayda savdogarlarga; qishloqlarda esa dehqon-ziroatchilarga ijaraga berilgan. Shu bilan birgalikda, jamoa aʼzolari barchasi egalik qilgan jamoa yerlari ham mavjud boʻlgan. Fargʻonaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bogʻliq boʻlgan barcha narsalar rangli xaritalar, sxemalar va rasmlarda berilib, kerakli ilmiy tekstlar bilan taʼminlanadi. Milodiy eraning VII asrida Fargʻona (Axsikat) shahri oʻz siyosiy mavqeni tiklab oladi, yaʼni vodiyning bosh poytaxt iga aylanadi. Xitoy manbalarida u Sigyan deb tilga olinadi. Bu davrda shahar sharq tomonga kengayadi. Koʻrgazmada shahar topografiyasi (plani, mudofaa devorlari, turarjoylari) va arxeologik artefaktlar (sopol idishlar, jangovar qurollar, mehnat qurollari va boshqalar) namoyish etiladi. Qadimgi Koson (xitoy manbalarida "Guyshuan") xarobalari Mugʻtepa va Mugʻqalʼaning topografiyasi (plani, mudofaa devorlari va boshqalar) qadimgi davr landshafti koʻrinishida koʻrgazmada aks ettiriladi. Ilk oʻrta asrlarda Bob (Pop) Balandtepa va Munchoqtepa yodgorliklari oʻrnida boʻlgan, yaʼni milodiy eraning IV asrini oxirlarida Qirqxujradan shahar bu yerga koʻchadi. Koʻrgazmada Balandtepa va Munchoqtepaning plani, u yerda ochilgan xumdonlar, shahar nekropoli va qazishmalarni koʻrinishlari beriladi.
Shahar nekropolidan topilgan boy arxeologik topilmalar namoyish qilinadi. Jumladan, qamishdan toʻqilgan tobutlar, sopol idishlar, hilma xil toʻqilgan savatlar, yogʻochdan tayyorlangan taxtachalar, xunarmandchilik asboblari, jang va mehnat qurollari, ayollarning buyumlari va rang barang zebu-ziynat taqinchoqlar koʻrsatiladi. Ular orasida Xindiston, Qora dengiz boʻyi mamlakatlari va uzoq Sharqdan keltirilgan moʻnchoqlar ham bor. Mahalliy va xitoy ipak matolarining qoldiqlari ham namoyish etiladi. Shu bilan birga, Munchoqtepa materiallari asosida Fargʻona xalqlarining diniy bagʻrikengligi ham oʻz aksini topadi. Bu davrda Yevroosiyo xalqlarining oʻzaro aloqalari yanada kengayadi. Sugʻd-turk savdogarlari sharqda Xitoy orqali Quriya- Silla (Koreya) va Yaponiyagacha, gʻarbda Oʻrta yer dengizi boʻyi davlatlarigacha, janubda Eron, Hindiston, Seylongacha borib, oʻzaro savdo aloqalarini doimiy muloqat yoʻliga aylantirishga erishadilar. Buyuk ipak yoʻli orqali ipak matolar, qimmatbaho buyumlar, rangli shishadan tayyorlangan munchoqlar, dori-darmonlar, har xil ichimliklar, samoviy tulporlar tashilgan. Afsonalarga boy bu yoʻl boʻylab din targʻibotchilari, qoʻli gul hunarmandlar, musiqachilar va akterlar sayohat qilishgan. Bunda Fargʻonaning ham oʻziga xos oʻrni boʻlgan. Xususan, Fargʻonadan Xitoyga mevalar, paxta va paxta matolari va samoviy tulporlar junatish davom etgan. Bularning hammasi koʻrgazmada oʻz aksini topadi. Buyuk ipak yoʻlining yoʻnalishlari va undagi Fargʻonaning oʻrni rangli xaritalarda beriladi. Fargʻona-Axsikat shahari rivojlangan oʻrta asrlar davrida Arablar bosqinidan keyin, Tohiriylar, soʻngra Somoniylar davlatining tashkil topishi Fargʻona xalqlari hayotida ham siyosiy barqarorlikni taʼminlaydi. Bu esa oʻz navbatida iqtisodiy va madaniy yuksalishga olib keladi. Bunday vaziyat Qoraxoniylar davlati davrida ham oʻzgarmaydi. Sivilizatsiyaning asosiy mezoni hisoblangan shaharlar, ayniqsa, poytaxt shaharlar tez taraqqiy etadi. Xususan, poytaxt shahar Fargʻona-Axsikent bu davrda gullab yashnaydi. Uning maydoni 400 gektardan oshib ketib, oʻz davrining “megapolisi”ga aylanadi. Koʻrgazmada shahar topografiyasi davrma davr berilib, unda shaharning suv bilan taʼminlagan yer osti vodoprovodi, xavuzlar, dunyoga "Damashq qilichlari" nomi bilan mashhur boʻlgan qurollar yasalgan ustaxonalar, bozorlar, mudofaa inshoatlar, yer osti qurilmalar, jome maschiti, turar joylar, hammomlar, kanalizatsiya inshoatlari va boshqalarning qazishmadan keyingi koʻrinishlari, chizmalari va tiklangan nusʼhalari beriladi. Xususan, X arsda shaharga 16 km masofada xozirgi Toʻraqoʻrgʻon shahri ichidan oqib oʻtayotgan Kosonsoydan pishiq gʻishtdan tunel koʻrinishda qurilgan yer osti vodoprovodi orqali suv olib kelingan. Shahar ichida ham suv xuddi shunday yer osti vodoprovodi orqali taqsimlangan. Shahar ichidagi vodoprovod hozirgi metro uslubida qurilganligi kishini xayron qoldiradi. Uning qoldiqlari shahristonning 3 joyida ochib oʻrganilgan boʻlib, ular koʻrgazmada oʻz aksini topadi. Bu davrda Fargʻona-Axsikatda toshga ursa kesadigan, dunyoga "Damashq qilichlari" nomi bilan mashhur qurollar tayyorlangan. Bunday qurolni yasash uchun toza poʻlat ("bulat") kerak boʻlgan. Toza poʻlatni Axsikat metallurglari oʻta murakkab texnologiya orqali qoʻlga kiritgan. Shuning uchun uni sir saqlashgan. Ustasi farang Axsikat hunarmandlari tayyorlagan qurollar Sharqda Xitoy, Gʻarbda
Damashq bozorlarida sotilgan. Bunday qurollarni tayyorlagan ustaxonalar va poʻlat ishlab chiqarishning qoldiqlari yodgorlikning 50 gektardan ziyod maydonida kuzatilgan. Arxeologik qazishmalarga asoslanib, ustaxonalarning maketlari yasaladi, ularning ichki interyeri tiklanadi. Bularning hammasi koʻrgazmada zamonaviy texnologiyalar yordamida oʻz aksini topadi. Shu bilan birga qazishmalar davrida topilgan arxeologik artefaktlar davrma davr, kerakli tarixiy tekstlar bilan taʼminlangan holda namoyish etiladi. Shahar mudofaa inshoatlari, jumladan, arkdagi kazarma, yer osti yoʻli va mudofaa devor qoldiqlarining holati, qazishmalar davrida olingan rasmlar, chizmalar va shu asosda tiklangan inshoatlarni koʻrinishi zamonoviy texnologiyalar yordamida beriladi. Bu yerdan topilgan osori atiqlar davrma davr, kerakli ilmiy tekstlar bilan taʼminlangan holatda beriladi. IX-XI asrlar turarjoylari V obyektda ochilgan ikki qavatli uy misolida maketi tiklanib, ichki interyeri koʻrsatiladi. Keyingi davrlar VII obyektda ochilgan oʻrta hol hunarmandlar yashagan uylar qoldiqlarining planlari, qazishma vaqtidagi koʻrinishlar va maketlari beriladi. Bunda xonalarning ichki interyeri arxeologik materiallar asosida tiklanib, koʻrsatiladi. Arxeologik artefaktlar davrma davr komplekslarda namoyish etiladi. Shahar obodonchiligida muhim oʻrin tutgan hammom I obyektda oʻrganilgan hammom qoldiqlari misolida koʻrsatiladi. Uning plani, ichki interyeri, xonalarning funksiyasi, isitgich sistemasi, suv taʼminoti, ishlatilgan suvning tazar sistemsi yordamida tashnav bilan bogʻlanishi va ularning faoliyati arxeologik materiallar asosida namoyish etiladi. Shu bilan birga, shahardagi tazarlar, tashnavlar va badrablar va ularning shahar tozaligida tutgan oʻrni maketlar va ilmiy tekstlar bilan taʼminlangan holda namoyish etiladi. VIII-IX asrlardan boshlab Buyuk ipak yoʻlining Fargʻona orqali oʻtgan tarmogʻi “Shimoliy yoʻl” va uning yoʻnalishlarining davrma davr oʻzgarishi xaqida arab tarixchi va geograflari qiziqarli maʼlumotlar beradi. Fargʻona orqali oʻtgan savdo karvonlari albatta poytaxt shahar Fargʻona-Asikent, Shimoliy va Janubiy Fargʻonadagi togʻ-kon sanoati orqali oʻtishga hamda Iloq togʻ-kon sanoati bilan bogʻlanishga xarakat qilganlar. Koʻrgazmada, yozma manbalardagi maʼlumotlarni arxeologik materiallar bilan qiyosiy tahlil qilgan holda Buyuk ipak yoʻlining Fargʻona orqali oʻtgan yoʻnalishlarini davrma davr rangli xaritalarda berilib, ilmiy tekstlar bilan taʼminlanadi. Xususan, IX asrning birinchi yarmida Ibn Xordadbexning yozishicha Samarqanddan chiqqan karvon Ustrushona orqali Xoʻjandga kelgan, soʻng Samgar, Xojiston, Turmukon va Bob orqali Fargʻonaga (Axsikat) borgan. Undan Qubo, Oʻsh, Oʻzgan orqali oʻncha ktta boʻlmagan Otboshi shahriga kelgan, soʻng at-Tubbot orqali Sharqiy Turkistonga borgan. Xoʻjandga borgan karvonlar Samgar va Xojiston orqali Iloqqa oʻtgan. X asrda Istaxri va Ibn Xavqallarning bergan xabarlariga qaraganda, Sugʻddan chiqqan karvonlar Xoʻjand, Kent (Kanibodam) orqali Soʻxga kelgan, soʻng Rishton, Zanderamish, Qubo orqali Oʻsh va Oʻzganga borgan. Vodiyning bosh shahri Axsikatga ham Soʻh orqali oʻtib, soʻng Xoʻqandga (Qoʻqon) borgan. Xoʻqonddan yoʻl ikkiga boʻlingan: biri suvsiz Markaziy Fargʻona qumliklari orqali toʻgʻri Axsikatga borgan boʻlsa; ikkinchisi Bob orqali
borgan. XI asrda asosiy yoʻl Soʻxdan soʻng ikkiga boʻlingan: biri avvalgidek Xoʻqand orqali Axsikatga borgan; ikkinchisi Xaydarkon, Oʻxna, Qadamjoy orqali Margʻilongan kelgan, soʻng Qubo, Oʻsh, Oʻzgandga oʻtgan. Birinchi yoʻl Axsikatdan keyin ikkiga boʻlingan: birinchisi "Ikki suv orasi" (Norin va Qoradaryo) orqali Oʻzgandga borgan; ikkinchisi Margʻilondan keyin Qubo, Oʻsh orqali Oʻzgandga kelgan. XII asrda ham ushbu holat saqlanadi, faqat shimoliy yoʻnalishda karvonlar Axsikatdan soʻng Kosonga ham oʻtgan. Yuqoridagilarni hammasi davrma davr rangli xaritalarda beriladi. Koʻrgazmada ushbu davr madaniy hayotiga ham katta oʻrin berilib, Ahmad Fargʻoniy, aka uka Axsikatiylar va boshqa qator allomalar hayoti va ijodiga alohida eʼtibor beriladi. Xususan, Ahmad Fargʻoniyning jahon matematika va astranomiya fanlariga qoʻshgan xissasi koʻrgazmada aks ettiriladi. Axsikat - soʻngi oʻrta asrlar davrida. Moʻgʻullar istilosi tufayli Oʻrta Osiyo, jumladan Fargʻona xalqlari boshiga tushgan ogʻir kunlar XIV asrning 70 yillarida Sohibqiron Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi bilan tugab, yangi oʻygʻonish davri boshlanadi. Vayron boʻlgan shaharlar qaytadan tiklanadi. Temur va Temuriylar davrida Axsikent shahri yangi joyda, Eski Axsi yogorligidan 5 km gʻarbdagi xozirgi Axsi qishlogʻi yaqinida Sirdaryoning oʻng sohili boʻylab barpo etilgan. Ushbu shahar xarobalari mahalliy xalq orasida Yangi Axsi deb atalib, bir qismini Sirdaryo suvlari yuvib ketgan boʻlsa, qolganini 1960-1970-yillardagi paxta yakka hokimligi davrida yoʻq qilib yuborilgan. Uning baʼzi bir uzuq yuluq qoldiqlari madaniy qatlamlar koʻrinishida xozirgi Yakkayigit qishlogʻi uylari tagida qolgan. Temuriylar davridagi Axsikentning arki, shahristoni va rabodi boʻlib, hunarmandchilik har tomonlama rivojlanadi. Bu yerda Bobur mirzoning otasi Umar shayx mirzo Fargʻona vodiysini boshqargan. Koʻrazmada shaharning joylashuvi, taxminiy plani va 1970-yillarda topilgan arxeologik materiallar namoyish etiladi. Shaharning 1620-yildagi yer qimirlash tufayli butunlay vayron boʻlishi va Axsikat (Axsi) tarixini yakuni koʻrgazmada oʻz aksini topadi. Koʻrgazmaning asosiy qismini oʻsha davr madaniy hayoti tashkil qiladi. Xususan, Bobur mirzoning Markaziy Osiyo xalqlari siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida tutgan oʻrni keng qamrovli koʻrinishda beriladi. Ayniqsa, uning ijodiy faoliyatiga katta oʻrin ajratiladi. Bunda “Boburnoma” asarining yozilishi va uning Markaziy Osiyo va Xindiston tabiati hamda xalqlari tarixi xaqidagi qomusiy asar sifatida namoyish etiladi. II Ochiq osmon ostidagi koʻrgazma. Ochiq osmon ostidagi koʻrgazma Eski Axsi (Axsikent) yodgorligi xududida boʻlib, asta- sekin bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Chunki yodgorlik 10-15 metrli madaniy qatlamga ega boʻlib, oʻz bagʻrida 1,5 ming yillik tarixni saqlab kelayapti. Har bir madaniy qatlam maʼlum bir davr xaqida maʼlumot beradi. Shuning uchun yodgorlik xududida qaysi obyektda ish boshlanmasin, u yerda qazishma eng yuqori qatlamni (XII-XIII asrning birinchi choragi) oʻrganishdan boshlanadi. Oʻtgan yillar davomida, asosan, yuqori qatlamlar yaxshiroq oʻrganilganligi tufayli, dastlabki koʻrgazma fanga maʼlum, oʻrganilgan obyektlarda tashkil qilinadi. Shuni takidlash joizki, qaysi obyektda ish boshlansa, oʻsha yerda 24 soatli qoʻriqlash tashkil qilinishi zarur.
Birinchi navbatda mutaxasis arxeologlar nazorati ostida, yodgorlikning muhofazasini toʻliq xal qilish zarur. Buning uchun yodgorlik maxsus devorlar bilan oʻrab olinishi kerak. Xususan, Jomashuy tomonga ketishda yoʻlning chap tomoni boʻylab, shahristonni gʻarb tomondan oʻrab turuvchi shahar mudofaa devorining qadimgi koʻrinishini ilmiy asosda tiklash. Shahriston va sharqiy rabodning shimoliy, sharqiy tomonlarini va gʻarbiy rabodni shimoliy hamda shimoliy-sharqiy tomonlarini kamida 25 m. kenglikda muhofaza zonasini tashlab, soʻng maxsus devorlar bilan oʻrab olish. Yodgorlikning janub tomonida ham kamida 25 m. muhofaza zonasini qoldirib, setka devor bilan oʻrab olish. Uni tashqarisida yana 25 m. kenglikda joylashgan yerga sholi ekishni toʻxtatish va mavsumiy xavuzlarni quritish - birinchi navbatda amalga oshiriladigan vazifalardir. Eski Axsi yodgorligi xududida quyidagi osmon ostidagi koʻrgazma obyektlar tashkil qilinadi: ark (sitadel) devori, kazarma va yer osti yoʻlini ochish, taʼmirlash, konservatsiya qilish va uni koʻrgazmaga tayyorlash; sharqiy roboddagi (Axsi III) hammom qoldiqlarini ochish, taʼmirlash, konservatsiya qilish va uni koʻrgazmaga tayyorlash; gʻarbiy roboddagi (Axsi II) IX -XI asrlarga oid turarjoyni (uy) ochish, taʼmirlash, konservatsiya qilish va uni koʻrgazmaga tayyorlash; birinchi shahristondagi (Axsi IB) yer osti vodoprovodini ochish, taʼmirlash, konservatsiya qilish va uni birga-bir nusʼhasini (kopiya) tayyorlab, koʻrgazmaga qoʻyish; birinchi shhristondagi yer osti gumbazli tagxona va uning atrofini arxeologik oʻrganish, konservatsiya qilish. Gumbazli tagxonani birga-bir nusʼhasini (kopiya) tayyorlash va uni koʻrgazmaga qoʻyish; turistik mavsumda yodgorlik xududidagi arxeologik tadqiqotlar olib borilayotgan obyektlarning birida arxeologik turizm tashkil qilish; yodgorlikning janubida birinchi muhofaza zonasidan tashqarida maxsus yoʻlakcha tashkil qilinib, u yerdan sayyohlarga 1,5 ming yillik madaniy qatlamlar panarammasi koʻrsatiladi. Ushbu panarammani Sirdaryo orqali maxsus jihozlangan kayiqlarda ham kuzatsa boʻladi. Umuman olganda, Oʻzbekiiston Respublikasi Prezidentining koʻrsatmasi bilan tashkil qilinayotgan “Axsikent arxeologiya parki” Respublika madaniy hayotida katta voqelik hisoblanadi. Ushbu Majmua ilmiy-amaliy markaz hisoblanib, u mahalliy va xorijiy ziyoratchilar hamda sayyohlarning keng koʻlamli tashrif qiladigan maskaniga aylanadi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar0 ta adabiyot
Ma’lumot topilmadi
ma’lumot kutilmoqda
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-C-011042
- Nashr sanasi
- 2025-08-27
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- “FARG‘ONA VODIYSI TARIXINING DOLZARB MUAMMOLARI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari
- Jild
- 1
- Son
- 1
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/3
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 5–15
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-08-25