Asosiy mazmunga o‘tish
Maqola10.00.00Ochiq kirish

O‘ZBEK TILIDA O‘XSHATISHLAR ORQALI QAT‘IYATNING IFODALANISHI

qizi Jamoliddinova Iroda BahodirFilologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta o‘qituvchi; University of Business and Science2026

JurnalResearch Focus International Scientific JournalJild 5Son 3Sahifa 63–66

Annotatsiya

Ushbu maqolada o‘zbek tilidagi qat‘iyat konseptining o‘xshatishlar orqali ifodalanishi o‘rganilgan. O‘xshatishlarning kognitiv vazifasi ochib berilgan. O‘xshatish unsurlari tahlil qilingan, etalonlarining milliylik bilan shartlanganligi aniqlangan.

Boshqa tillarda

ruschaВЫРАЖЕНИЕ РЕШИТЕЛЬНОСТИ ЧЕРЕЗ СРАВНЕНИЯ В УЗБЕКСКОМ ЯЗЫКЕ

В данной статье исследуется выражение понятия решительности в узбекском языке через сравнения. Выявляется когнитивная функция сравнений. Проанализированы элементы сравнения, установлено, что их эталоны обусловлены национальной спецификой.

inglizchaEXPRESSION OF DETERMINATION THROUGH SIMILES IN THE UZBEK LANGUAGE

This article explores the expression of the concept of determination in the Uzbek language through similes. The cognitive function of similes is revealed. The elements of simile are analyzed, and it is found that their standards are determined by national specificity.

Kalit so‘zlar

  • konsept
  • o‘xshatish
  • turg‘un o‘xshatish
  • o‘xshatish etaloni
  • o‘xshatish asosi kognitiv funksiya

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

O‘ZBEK TILIDA O‘XSHATISHLAR ORQALI QAT’IYATNING IFODALANISHI Jamoliddinova Iroda Bahodir qizi Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta o‘qituvchi University of Business and Science E-mail: irodajamoliddinova8@gmail.com https://doi.org/10.5281/zenodo.19455554 Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek tilidagi qat’iyat konseptining o‘xshatishlar orqali ifodalanishi o‘rganilgan. O‘xshatishlarning kognitiv vazifasi ochib berilgan. O‘xshatish unsurlari tahlil qilingan, etalonlarining milliylik bilan shartlanganligi aniqlangan. Kalit so‘zlar: konsept, o‘xshatish, turg‘un o‘xshatish, o‘xshatish etaloni, o‘xshatish asosi, kognitiv funksiya.

ВЫРАЖЕНИЕ РЕШИТЕЛЬНОСТИ ЧЕРЕЗ СРАВНЕНИЯ В УЗБЕКСКОМ ЯЗЫКЕ Jamoliddinova Iroda Bahodir qizi Доктор философии (PhD) по филологическим наукам, старший преподаватель University of Business and Science E-mail: irodajamoliddinova8@gmail.com Аннотация: В данной статье исследуется выражение понятия решительности в узбекском языке через сравнения. Выявляется когнитивная функция сравнений. Проанализированы элементы сравнения, установлено, что их эталоны обусловлены национальной спецификой. Ключевые слова: концепт, сравнение, устойчивое сравнение, эталон сравнения, основа сравнения, когнитивная функция.

EXPRESSION OF DETERMINATION THROUGH SIMILES IN THE UZBEK LANGUAGE Jamoliddinova Iroda Bahodir qizi Doctor of Philosophy (PhD) in Philology, Senior Lecturer University of Business and Science E-mail: irodajamoliddinova8@gmail.com Abstract: This article explores the expression of the concept of determination in the Uzbek language through similes. The cognitive function of similes is revealed. The elements of simile are analyzed, and it is found that their standards are determined by national specificity. Keywords: comparison, stable comparison, standard of comparison, basis of comparison, cognitive function.

KIRISH O‘zbek tilida qat’iyat konsepti o‘xshatishlar orqali ham ifodalanadi. Qilichdek keskir, po‘latdek matonat, metindek iroda, temirday mustahkam iroda kabi o‘xshatishlar shular jumlasidandir. O‘xshatishlarning vazifalari xususida fikr yuritganda, ularning kognitiv, nominativ, badiiy-estetik, emotsional jihatlarini alohida qayd etish lozim. Qat’iyat konseptini verballashtiruvchi o‘xshatishlar ko‘proq kognitiv vazifa bajaradi. Bu kabi abstrakt tushunchalarni ifodalovchi o‘xshatishlarni til egalari go‘zal ifoda uchungina qo‘llamaydi. Inson tafakkuri anglanishi qiyin bo‘lgan mohiyatlarni, jumladan, bevosita kuzatishda berilmagan mohiyatlarni bilishda metafora va o‘xshatishlardan unumli foydalanadi. Qat’iyat ham abstrakt tushuncha va

uning anglanishi ko‘rish, ushlash, hidlash, ta’mini bilish va eshitish mumkin bo‘lgan narsalardan ancha murakkab. Shu jarayonda tafakkur uni konkret narsaga o‘xshatadi va bizda uning “yasama” obrazi shakllanadi. ASOSIY QISM Tadqiqotda tavsifiy, qiyosiy va kognitiv-lingvistik tahlil metodlaridan foydalanildi. Qat’iyat konseptining semantik uzvlari badiiy adabiyotlar, publitsistik va rasmiy-huquqiy matnlardan yig‘ilgan misollar asosida aniqlandi. Olingan til birliklari konseptual tahlil asosida guruhlarga ajratildi. Ispan adibi Xose Ortega-i-Gassetning fikricha, inson uchun jismoniy xarakterdagi narsalar, ularning jismoniy o‘lchovlari tabiatan yaqin. Chunki inson tafakkuri jismoniy narsalarni aniq tasavvur qiladi. Abstrakt psixik holatlar esa insoniyat tafakkurining keyingi bosqichlarida shakllangan bo‘lib, uni tasavvur qilish oson kechishi maqsadida inson jismoniy narsalarga solishtiradi. Masalan, olim men so‘zini aytayotganda insonlarning ko‘kragiga qo‘li bilan urib gapirishlari, har bir inson o‘z “men”ini alohida abstraksiyalashda baribir jism bilan bog‘lashini ta’kidlaydi. Murakkab tafakkurni talab qiluvchi abstrakt tushunchalarni aniq jismoniy xarakterdagi nomlar bilan atash metaforaning alohida turi sifatida belgilangan [2020: 92]. Metaforalar kabi o‘xshatishlarda ham abstrakt tushunchalar konkret tushunchalarga o‘xshatiladi hamda buning natijasida bilish oson kechadi. Masalan, “insonning fikrida, so‘zida, tanlagan yo‘lida qattiq turadigan, turli zarbalarga uchraganda tanlagan yo‘lidan, so‘zidan, fikridan qaytmaydigan” xarakteri temirga o‘xshatiladi. Bilamizki, temir mustahkam modda. Uni egishbukish oson emas. Tafakkur ushbu insonga xos bo‘lgan xarakterni temirga o‘xshatadi va “bukilmaslik, o‘zgarmaslik, qattiqlik” belgilari asosida bilish oson kechadi. N. Mahmudov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “...xalqning dunyoni tasavvur etishi va anglashidagi o‘ziga xoslik, ya’ni milliymadaniy va milliy-konnotativ ma’lumot bevosita ayni shu o‘xshatish etalonida tajassum topadi. Xalqning milliy obrazli tafakkur tarzining mahsuli sifatida turg‘unlashgan, etalonlashgan obrazlar milliy idrokni aks ettiradi. Mazkur muammo bilan jiddiy shug‘ullangan mutaxassislarning aksariyati qayd etganlaridek, o‘xshatish etalonlari an’anaga kirgan, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan obrazlar sifatida xalqning dunyoni o‘ziga xos idrok etishining ifodachisi bo‘lgani uchun etalonlar komparativ iboralar tarkibida alohida o‘rin tutadi va lingvokulturologik, ya’ni til, milliy madaniyat va mentalitet munosabatlarini belgilash jihatidan favqulodda muhimdir” [3: 10]. Qat’iyatni ifodalovchi o‘xshatishlarni tahlil qilar ekanmiz, o‘xshatish etalonlari sifatida temir, metin, po‘lat kabi qattiq modda nomlari va keskir bo‘lgan qilich so‘zi keladi. E’tibor qilinsa, bu o‘rinda qat’iyat konseptidagi “o‘zgarmaslik”, “fikrida qattiq turish” mustahkam bo‘lgan moddalarning qattiqlik xususiyatiga o‘xshatilmoqda. Temir eng qadimgi qazilma boyliklardan hisoblanib, miloddan avvalgi 2000-yillarda Osiyoning g‘arbiy qismida temirni rudalardan olish usuli topilgan; shundan keyin temir Misr, Yunonistonda ham ishlatiladigan bo‘ldi; jez davrini temir davri egallay boshladi. Temir juda mustahkam bo‘lib, suyuqlanish temperaturasi 1535°, qaynash temperaturasi 2750°ni tashkil etadi [Vikipediya]. Demak, xalqimiz qadimdan temirdan foydalanib kelgan, turmushga kerakli bo‘lgan juda ko‘plab asbob-uskunalar temirdan tayyorlangan va u juda mustahkam bo‘lgan. Shuning uchun temirning mustahkamligi qat’iyatga o‘xshatilgan. Xuddi shunday po‘lat temirning uglerod va boshqa moddalar bilan qotishmasi sanaladi. U ham mustahkam bo‘lib, toblangan sari uning mustahkamligi oshib boraveradi. Xuddi shuning uchun ham u ikkilamchi nominatsiyaga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin: po‘latdek iroda. Butun yer yuzida juda katta o‘ziga xosliklarga ega bo‘lgan Temir davri bo‘lganligini tarixdan bilamiz.

Shuning uchun ham turli tillarda temir va po‘lat nomlari bilan qat’iyatni ifodalash an’anasi kuzatiladi: temirday iroda, железная воля (temirday iroda), iron will (temirday iroda); po‘latdek matonat, стальная воля (po‘latdek iroda), steel will (po‘latdek iroda). Metindek matonat, metindek iroda, metindek bardosh kabi qat’iyat semantikasiga ega o‘xshatishlardagi metin so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, Sh. Rahmatullayev tomonidan tuzilgan etimologik lug‘atga ushbu so‘z kiritilmagan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida esa uning quyidagi ma’nolari kiritilgan: METIN (a. — mahkam, mustahkam). 1. Ot. Toshloq va qattiq yerlarni qazish, tosh kesish uchun ishlatiladigan uchli cho‘kich yoki tesha. Farhodlar ter to‘kar tun-u kun bunda, metinlar zarbiga chiday olmas tosh. Uyg‘un. 2. Sifat. Qattiq, zarang. Yo‘lchi bu yerga oldin suv qo‘yib, yer yumshagandan so‘ng kovlash kerakligini anglasa ham, tog‘aning amridan chiqmaslik uchun metin joyni kavlayverdi. Oybek, Tanlangan asarlar. 3. Ko‘chma. Mustahkam, buzilmas. Metin saflar. Dushmanning qo‘rg‘oni juda metin ekan. Oybek, Navoiy. Ahmad Dadamat akani metin irodali odam deb o‘ylagan edi. F. Musajonov, Himmat (O‘TIL, 2-681). Demak, o‘xshatish uchun “mustahkam” semantika asos bo‘lgan. Bu o‘rinda teshadan metonimiya asosida “mustahkam” belgisi yoki “mustahkamlik” belgisidan “tesha” ma’nosi shakllanganligini aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Nazarimizda, -day qo‘shimchasi asosida o‘xshatish shakllanayotgan ekan, u belgiga emas, predmetga qiyoslanadi va birinchi ma’no o‘xshatishga etalon bo‘lgan deyish mumkin. Qilichdek keskir o‘xshatishida qilichning bir zumda kesib yuborish imkoniyati o‘xshatishga asos qilingan. Kesuvchi predmetlardan pichoq, arra, o‘roq kabilar bizning kundalik turmush tarzimizda doim qo‘llanadi. Lekin qat’iyat uchun hozir keng qo‘llanishda bo‘lmagan qilich so‘zi olingan. Bunda qat’iyatli odamning uzil-kesil masalani hal qilishi, bir so‘zli ekanligi qilichning o‘tkir ekanligiga, bir zumda tekis kesishi imkoniyatiga o‘xshatilgan. Yana bu o‘xshatish ancha qadimgi ekanligini ham anglash mumkinki, qilich so‘zi so‘nggi asrlarda faol leksikaga mansub emas. Demak, qat’iyat konsepti o‘zbek tili egalarida egish, o‘zgartirish mumkin bo‘lmagan “mustahkam”, “qattiq” kabi belgilarga ega bo‘lgan moddalar, predmetlar bilan assotsiatsiyalangan, qiyoslangan. Olamda qattiq jismlar juda ko‘p: granit, tosh va hokazo. Lekin millat nimanidir nimagadir o‘xshatar ekan, o‘z milliy mo‘ljali, milliy idrok intizomi bilan ish ko‘radi. Masalan, tosh qattiq bo‘lgani bilan u kesuvchi emas, granit esa qadimda bizning o‘lkalarda umuman ishlatilmagan. Bu jarayonni qor ko‘rmagan afrikaliklarda qorday oppoq sochlar, okean ko‘rmagan o‘zbeklarda okeandek erkinlik kabi o‘xshatishlarning yo‘qligi bilan ham izohlash mumkin. Ma’lumki, o‘xshatishlarda to‘rtta unsur bo‘lishi kerak (yostiqdek qalin kitob): – o‘xshatiladigan narsa yoki o‘xshatish subyekti (kitob); – unga o‘xshash bo‘lgan narsa yoki obyekt, o‘xshatish etaloni (yostiq); – o‘xshatish belgisi yoki o‘xshatish asosi (qalin); – o‘xshatishning shakliy ko‘rsatkichi (-dek). Qat’iyat bilan bog‘liq o‘xshatishlarda ba’zida o‘xshatish asosi mavjud bo‘lgan va bo‘lmagan holatlar ham mavjud. Ushbu gapda o‘xshatishning barcha unsurlari mavjud: U o‘z kuchi, qudrati va salohiyatiga, temirdek mustahkam irodasiga qattiq ishonardi (Sh. Ulug‘). Lekin o‘xshatish belgisi bo‘lmagan o‘xshatishlar ham ko‘p uchraydi. Bu kabi o‘xshatishlarda o‘xshatish

belgisi implitsit ifodalanadi. Ya’ni muallif o‘xshatish uchun nimani nazarda tutayotgani xalq uchun ham tushunarli bo‘ladi. Demak, bu kabi o‘xshatishlar asosan turg‘un o‘xshatishlarda uchraydi. Masalan, quyidagi gapda metindek iroda o‘xshatishi keladi. Bu o‘xshatishda metindek mustahkam iroda nazarda tutilayotganligi o‘quvchiga oldindan, matngacha ham ma’lum edi: Ammo baxt saroyini qurish uchun ayoldan metindek iroda, sabr talab etiladi (T. Malik). Odatda, semantik tadqiqotlarda ma’nolar oppozitsiyalarda tahlilga tortiladi. Biz ham shu an’anani davom ettirgan holda qat’iyat va qat’iyatsizlik oppozitsiyasining o‘xshatishlar orqali ifodalanishiga ham to‘xtalishni lozim topdik. O‘zbek tilida qat’iyatsizlik suvga tushgan (bo‘kkan) (bulka) nonday, xamirdek bo‘shashmoq kabi o‘xshatishlar orqali ifodalanadi va, albatta, salbiy konnotatsiyaga ega. XULOSA Xulosa o‘rnida aytish kerakki, o‘zbek tilida “o‘z fikri, so‘zi va amalida mustahkam turish” konsepti qat’iyat, iroda, subut, tuturiq kabi leksemalar bilan verballashibgina qolmay, o‘xshatishlar orqali ham obrazli ifodalandi. O‘xshatishlarda “dunyoni o‘ziga xos, milliy tarzda ko‘rish semantikasida aks etar” [2: 133] ekan, qat’iyat ham millatga yaqindan tanish bo‘lgan “mustahkam”, “o‘zgarmas” xususiyatiga ega bo‘lgan etalonlar orqali ifodalangan.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar5 ta adabiyot

  1. Ёқуббекова М. Ўзбек халқ қўшиқларида ўхшатиш: монография. – Тошкент, 2003.
  2. Маслова В.А. Лингвокультурология. – М.: Академия, 2001. – С. 133–134.
  3. Махмудов Н., Худойберганова Д. Ўхшатишлар – образли миллий тафаккур маҳсули. / Ўзбек тили ўхшатишларининг изоҳли луғати. – Тошкент: Маънавият, 2013. – 10-бет.
  4. Хакимова М. Ўзбек тилида абстракт номлар семантикаси: монография. – Тошкент, 2020. – 92-бет.
  5. https://uz.wikipedia.org/wiki/Temir

Metama’lumot

Identifikator
REL-A-013471
Nashr sanasi
2026-04-05
Til
o‘zbek
Jurnal
Research Focus International Scientific Journal
Jild
5
Son
3
DOI
10.66073/researchfocus.v5i3.2344
ISSN
2181-3833 · 2181-3833
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
63–66
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Metadata manbasi
Research Focus International Scientific Journal
Oxirgi yangilanish
2026-09-11