“YO‘QOLGAN AVLOD” ADABIYOTI: TARIXIY GENEZIS, ADABIY TASNIF VA POETIKA XUSUSIYATLARI
Tojiboyev Doniyor Odiljon o‘g‘liNamangan Davlat Chet Tillari Instituti doktoranti2026
JurnalResearch Focus International Scientific JournalJild 5Son 6Sahifa 92–98
Annotatsiya
Ushbu maqolada XX asrning birinchi uchdan bir qismida Amerika va G‘arbiy Yevropa adabiyotida yuzaga kelgan “yo‘qolgan avlod” yo‘nalishi tarixiy genezisi, adabiyotshunoslik muomalasidagi turli talqinlar, asosiy vakillari ijodi hamda poetika xususiyatlari nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Maqolada mazkur tushunchaning paydo bo‘lish tarixi, uning G. Stayn va E. Xeminguey tomonidan adabiy muomalaga kiritilish jarayoni, shuningdek rus, sovet va xorijiy adabiyotshunoslikdagi ilmiy talqinlar keng qamrovli tarzda o‘rganiladi. “Yo‘qolgan avlod” adabiyotining bir nechta variatsiyalari ajratilib, ularning o‘ziga xos xususiyatlari E. M. Remark, R. Oldington, E. Xeminguey, F. S. Fitsjerald, U. Folkner, V. Vulf va D. G. Lourens asarlari misolida tahlil etiladi.
Boshqa tillarda
ruschaЛИТЕРАТУРА «ПОТЕРЯННОГО ПОКОЛЕНИЯ»: ИСТОРИЧЕСКИЙ ГЕНЕЗИС, ЛИТЕРАТУРНАЯ КЛАССИФИКАЦИЯ И ОСОБЕННОСТИ ПОЭТИКИ
В данной статье анализируется литературное направление «потерянного поколения», сформировавшееся в американской и западноевропейской литературе первой трети XX века, с точки зрения его исторического генезиса, различных трактовок в литературоведении, творчества основных представителей и особенностей поэтики. Рассматривается история возникновения данного понятия, процесс его введения в литературный оборот Г. Стайн и Э. Хемингуэем, а также научные интерпретации в русской, советской и зарубежной литературоведческой традиции. Выделяются несколько вариаций литературы «потерянного поколения», их своеобразие анализируется на примере произведений Э. М. Ремарка, Р. Олдингтона, Э. Хемингуэя, Ф. С. Фицджеральда, У. Фолкнера, В. Вулф и Д. Г. Лоуренса.
inglizcha“LOST GENERATION” LITERATURE: HISTORICAL GENESIS, LITERARY CLASSIFICATION AND POETIC FEATURES
This article analyzes the “Lost Generation” literary movement that emerged in the first third of the 20th century in American and Western European literature, examining its historical genesis, various scholarly interpretations, the works of its major representatives, and its poetic characteristics. The article investigates the history of the term‘s origin, its introduction into literary discourse by G. Stein and E. Hemingway, as well as scientific interpretations in Russian, Soviet, and foreign literary scholarship. Several variations of “Lost Generation” literature are identified and analyzed through the works of E.M. Remarque, R. Aldington, E. Hemingway, F.S. Fitzgerald, W. Faulkner, V. Woolf, and D.H. Lawrence.
Kalit so‘zlar
- yo‘qolgan avlod
- Amerika modernizmi
- Birinchi jahon urushi
- Xeminguey
- Fitsjerald
- Folkner
- Remark
- Oldington
- adabiy yo‘nalish
- tarixiy genezis
- poetika
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
“YO‘QOLGAN AVLOD” ADABIYOTI: TARIXIY GENEZIS, ADABIY TASNIF VA POETIKA XUSUSIYATLARI Tojiboyev Doniyor Odiljon o‘g‘li Namangan Davlat Chet Tillari Instituti doktoranti E-mail: tojoboyevdoniyor690@gmail.com https://doi.org/10.5281/zenodo.21007387 Annotatsiya: Ushbu maqolada XX asrning birinchi uchdan bir qismida Amerika va G‘arbiy Yevropa adabiyotida yuzaga kelgan “yo‘qolgan avlod” yo‘nalishi tarixiy genezisi, adabiyotshunoslik muomalasidagi turli talqinlar, asosiy vakillari ijodi hamda poetika xususiyatlari nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Maqolada mazkur tushunchaning paydo bo‘lish tarixi, uning G. Stayn va E. Xeminguey tomonidan adabiy muomalaga kiritilish jarayoni, shuningdek rus, sovet va xorijiy adabiyotshunoslikdagi ilmiy talqinlar keng qamrovli tarzda o‘rganiladi. “Yo‘qolgan avlod” adabiyotining bir nechta variatsiyalari ajratilib, ularning o‘ziga xos xususiyatlari E. M. Remark, R. Oldington, E. Xeminguey, F. S. Fitsjerald, U. Folkner, V. Vulf va D. G. Lourens asarlari misolida tahlil etiladi. Kalit so‘zlar: yo‘qolgan avlod, Amerika modernizmi, Birinchi jahon urushi, Xeminguey, Fitsjerald, Folkner, Remark, Oldington, adabiy yo‘nalish, tarixiy genezis, poetika.
ЛИТЕРАТУРА «ПОТЕРЯННОГО ПОКОЛЕНИЯ»: ИСТОРИЧЕСКИЙ ГЕНЕЗИС, ЛИТЕРАТУРНАЯ КЛАССИФИКАЦИЯ И ОСОБЕННОСТИ ПОЭТИКИ Тожибоев Дониёр Одилжон угли докторант Наманганского государственного института иностранных языков E-mail: tojoboyevdoniyor690@gmail.com Аннотация: В данной статье анализируется литературное направление «потерянного поколения», сформировавшееся в американской и западноевропейской литературе первой трети XX века, с точки зрения его исторического генезиса, различных трактовок в литературоведении, творчества основных представителей и особенностей поэтики. Рассматривается история возникновения данного понятия, процесс его введения в литературный оборот Г. Стайн и Э. Хемингуэем, а также научные интерпретации в русской, советской и зарубежной литературоведческой традиции. Выделяются несколько вариаций литературы «потерянного поколения», их своеобразие анализируется на примере произведений Э. М. Ремарка, Р. Олдингтона, Э. Хемингуэя, Ф. С. Фицджеральда, У. Фолкнера, В. Вулф и Д. Г. Лоуренса. Ключевые слова: потерянное поколение, американский модернизм, Первая мировая война, Хемингуэй, Фицджеральд, Фолкнер, Ремарк, Олдингтон, литературное направление, исторический генезис, поэтика.
“LOST GENERATION” LITERATURE: HISTORICAL GENESIS, LITERARY CLASSIFICATION AND POETIC FEATURES Tojiboyev Doniyor Odiljon o‘g‘li Doctoral student of Namangan State Institute of Foreign Languages E-mail: tojoboyevdoniyor690@gmail.com Abstract: This article analyzes the “Lost Generation” literary movement that emerged in the first third of the 20th century in American and Western European literature, examining its historical genesis, various scholarly interpretations, the works of its major representatives, and its
poetic characteristics. The article investigates the history of the term's origin, its introduction into literary discourse by G. Stein and E. Hemingway, as well as scientific interpretations in Russian, Soviet, and foreign literary scholarship. Several variations of “Lost Generation” literature are identified and analyzed through the works of E.M. Remarque, R. Aldington, E. Hemingway, F.S. Fitzgerald, W. Faulkner, V. Woolf, and D.H. Lawrence. Keywords: lost generation, American modernism, World War I, Hemingway, Fitzgerald, Faulkner, Remarque, Aldington, literary movement, historical genesis, poetics.
KIRISH “Yo‘qolgan avlod” (The Lost Generation) XX asrning 20-yillarida Amerika va G‘arbiy Yevropa adabiyotida shakllangan kuchli adabiy yo‘nalish bo‘lib, u Birinchi jahon urushining (1914–1918) fojiali oqibatlari zaminida yuzaga kelgan. Bu atama dastlab G. Stayn tomonidan tasodifan aytilgan va E. Xeminguey tomonidan adabiy muomalaga kiritilgan[1]. Urushdan oldingi avlod modernistlari G. Stayn va Sh. Anderson tomonidan boshlangan ijodiy tajriba 1920-yillarda Amerika adabiyotiga kirib kelgan yosh nasrnavis va shoirlar tomonidan davom ettirildi. Ularning ismlari butun XX asr davomida xorijiy o‘quvchilar ongida umuman AQSh adabiyoti haqidagi tasavvur bilan chambarchas bog‘lanib kelgan: Ernest Xeminguey, Uilyam Folkner, Frensis Skott Fitsjerald, Jon Dos Passos, Tornton Uaylder va boshqa modernist yozuvchilar[2]. Mazkur maqolaning maqsadi “yo‘qolgan avlod” adabiy yo‘nalishini uning tarixiy genezisi, adabiyotshunoslik muomalasidagi turli talqinlari, asosiy poetika xususiyatlari va yozuvchilar ijodining turli variatsiyalari nuqtayi nazaridan keng qamrovli tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundan iboratki, unda “yo‘qolgan avlod” adabiyoti birinchi marta strukturlashtirilgan tasnif asosida ko‘rib chiqilib, uning bir nechta mustaqil variatsiyalari (guruhlar) ajratib ko‘rsatiladi va ularning poetik xususiyatlari qiyosiy usul yordamida tahlil qilinadi. ADABIYOTLAR SHARHI “Yo‘qolgan avlod” atamasining o‘zi G. Stayn tomonidan o‘z haydovchisi bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida tasodifan aytilgan. U shunday degan edi: “Sizlarning barchangiz yo‘qolgan avlodsizlar, urushda bo‘lgan barcha yoshlar. Sizlarda hech narsaga nisbatan hurmat yo‘q”. Bu so‘zlarni tasodifan E. Xeminguey eshitib qolgan va uni adabiy muomalaga kiritgan. “Sizlarning barchangiz yo‘qolgan avlodsizlar” degan iborani u o‘zining ilk romani “Quyosh ham chiqadi” (“Fiesta”, 1926) asariga qo‘yilgan ikki epigrafdan biri sifatida keltirgan[3] Birinchi jahon urushi butun insoniyat uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Optimizmga, umid va vatanparvarlik illyuziyalariga to‘la bo‘lgan yosh yigitlar uchun u ruhiy sinishga aylandi. Urush ularni butunlay odatiy hayot izidan chiqarib yubordi va ularning dunyoqarashini keskin fojiali ruhda shakllantirdi. "Yo‘qolgan avlod"ga mansub she'riy asarlarga, masalan, T. Eliotning “Bepusht yer” (1922) va “Bo‘sh odamlar” (1925) dostonlariga ham xuddi shu bo‘shliq va umidsizlik tuyg‘usi, shuningdek yuksak uslubiy mahorat xosdir[4]. Alohida e’tibor E. Xemingueyning ushbu tushunchaga munosabatiga qaratilishi lozim. Yozuvchining o‘zi 1951 yilda K. Beyker bilan suhbatda bu masalada qat'iy fikr bildiradi: “Yo‘qolgan avlod degan narsa mavjud emas. Menimcha, mag'lub bo‘lganlar bo‘lishi mumkin... Ammo, biz yo‘qolgan emasmiz, faqat halok bo‘lganlar, mayib bo‘lib qolganlar bundan mustasno. Biz aslida nihoyatda ishonchli avlod edik...”[5]
O‘zining ilk romani haqida mulohaza yuritar ekan, E. Xeminguey shunday deydi: “Bu kitob men uchun mening avlodim haqida emas, balki mehr va hayrat uyg'otadigan boqiy yer haqidagi asar edi”[6] Keyinchalik, avtobiografik “Bayram doimo sen bilan” (A Moveable Feast, 1961) asarida esa u qo‘shimcha qiladi: “...barcha avlodlar ma’lum darajada yo‘qolgan bo‘ladi, shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”[7] Tarixiy nuqtayi nazardan “yo‘qolgan avlod” deganda, odatda, “Birinchi jahon urushidan o‘tgan, ruhiy jihatdan jarohatlangan, bir paytlar ularni ilhomlantirgan soxta vatanparvarlik ideallariga ishonchini yo‘qotgan, ba’zan ich-ichidan bo‘shab qolgan yoki jamiyatdan begonalashganini his etadigan kishilar” tushuniladi[8]. B. Gilenson ortidan A. Startsev ham ushbu tushunchaga yaqin ta’rif beradi va “yo‘qolganlar” safiga “urush tomonidan og‘ir ruhiy jarohatlangan hamda urushdan keyingi dunyoda o‘z o‘rnini topa olmagan yosh frontchilar”ni kiritadi[9]. Bu holatda hal qiluvchi omil 1914–1918 yillardagi jang maydonlarida orttirilgan front tajribasi hisoblanadi, aynan shu tajriba avvalgi davrlarga xos ideallarning butkul barbod bo‘lishiga olib keladi. G. Stayn “yo‘qolganlar” qatoriga urush keltirib chiqargan vayronagarchiliklar natijasida paydo bo‘lgan xiyonat va bo‘shliq tuyg‘usi tinchlik bermagan, intellektual jihatdan nozik didli amerikalik “adabiy modernist” yoshlarning aksariyatini kiritgan edi[10]. J. Oldrij ushbu mulohazalarni davom ettirib, “yo‘qolganlar” AQShdan chiqqan, mamlakatni va ularga zerikarli bo‘lib qolgan “Amerika orzusi”ni tark etib, Yevropadagi sarguzashtlar olami bilan yuzlashishni istagan yosh estetlar ekanini ta’kidlaydi. Kelajakdagi madaniyat arboblari uchun umumiy bo‘lgan jihatlar “sportchi-ovchiga xos befarqlik bilan qabul qilingan qiyinchilik va xavf-xatarlarga o‘zini bog‘lash qarori” hamda og'riqqa qaramay “o‘lim hayajonini his etish” istagi edi[11]. Rus adabiyotshunosligida “yo‘qolgan avlod” tushunchasi ostida “XX asrning 20-yillarida bir qator asarlar bilan maydonga chiqqan, Birinchi jahon urushining fojiali tajribasi bilan yanada keskinlashgan holda kapitalistik sivilizatsiyadan norozilikni ifodalagan xorijiy yozuvchilar guruhi” tushunilgan[12]. A. Mulyarchik mazkur kontekstda J. Dos Passosning “Uch askar” (1921), E. E. Kamingsning “Ulkan kamera” (1922), U. Folknerning “Askar mukofoti” (1926) hamda E. Xemingueyning “Quyosh ham chiqadi” (1926) romanlarini ko‘rib chiqishni taklif etadi[13]. 1928–1930-yillarni tilga olar ekan, xorijiy adabiyotshunoslar jahon badiiy so‘z san'atida “urush bumi” (war boom) haqida gapirishni afzal ko‘radilar. Ular faqat jahon urushiga bag‘ishlangan klassik asarlarni tahlil qilish bilan cheklanib qolmay, balki unutilgan asarlarni ham ilmiy muomalaga kiritishga intiladilar: F. M. Fordning "Paradning oxiri" (1924–1928), E. Blandenning “Urushning yarim ohanglari” (1928) va boshqalar[14]. TAHLIL VA NATIJALAR “Yo‘qolgan avlod” yozuvchilari hech qachon biror adabiy guruhni tashkil etmagan va yagona nazariy platformaga ega bo‘lmaganlar. Biroq taqdirlar va kechinmalarning mushtarakligi ularning o‘xshash hayotiy pozitsiyalarini shakllantirdi: ijtimoiy ideallardan ko‘ngli qolish, o‘tkinchi bo‘lmagan qadriyatlarni izlash hamda stoik individualizm. Ushbu avlod yozuvchilarining asosiy mavzulari urush va front hayoti (“Alvido, qurol!” Xeminguey, “Uch askar” Dos Passos, “Askar mukofoti” Folkner) hamda urushdan keyingi voqelik “jazz asri”dir. Bu mavzu Xemingueyning “Quyosh ham chiqadi” (1926) romanida, Skott Fitsjeraldning “Buyuk Getsbi” (1925) romanida, shuningdek “Jazz asri hikoyalari” (1922) to‘plamida o‘z ifodasini topgan.
“Yo‘qolgan avlod”ni qiziqtirgan muammolar inson tafakkuriga xos bo‘lgan dastlabki mifologik qarama-qarshiliklarga borib taqaladi: urush va tinchlik, hayot va o‘lim, muhabbat va o‘lim. Bu masalalar “yo‘qolganlar” tomonidan na mifopoetik, na mavhum-falsafiy yo‘sinda, balki nihoyatda aniq, konkret hamda ijtimoiy jihatdan belgilangan tarzda hal etiladi. “Yo‘qolgan avlod” nasrining poetikasi osonlik bilan tanib olinadi. Bu lirik nasr bo‘lib, unda voqelik faktlari muallifga nihoyatda yaqin bo‘lgan, ichki iztirob va sarosimaga tushgan qahramon idroki prizmasidan o‘tkazib tasvirlanadi. Bejiz emaski, “yo‘qolganlar”ning sevimli shakli birinchi shaxs nomidan hikoya qilishdir. U voqealarni epik tarzda batafsil bayon etish o‘rniga, ularga nisbatan hissiy munosabatni ifodalashni nazarda tutadi. Ayniqsa E. Xeminguey asarlari nihoyatda ixchamligi, leksikaning soddaligi va hissiyotlarning favqulodda darajada tiyib ifodalanishi bilan ajralib turadi. Uning “aysberg nazariyasi” zamonaviy nasrda inqilob yasadi. Uning romanlarida hatto muhabbat sahnalari ham lo‘nda va deyarli quruq tarzda tasvirlanadi, bu esa qahramonlar o‘rtasidagi munosabatlarda har qanday soxtalikni oldindan inkor etadi va oxir-oqibat o‘quvchiga nihoyatda kuchli ta’sir ko‘rsatadi. “Yo‘qolgan avlod” nasri markazga intiluvchi xarakterga ega: u inson taqdirlarini vaqt va makon bo‘ylab keng yoymaydi, aksincha, voqealarni jamlaydi va zichlashtiradi. Yigirmanchi yillar Amerika nasrining yetakchi kompozitsion tamoyili “siqilgan vaqt” prinsipi bo‘lib, u Jeyms Joys tomonidan kashf etilgan va “yo‘qolganlar” tomonidan muvaffaqiyatli o‘zlashtirilgan. Avvalgi tadqiqotchilar tajribasini umumlashtirib, XX asrning birinchi uchdan bir qismida ijod qilgan amerikalik va g‘arbiy yevropalik adiblar asarlarida “yo‘qolganlik”ning turli ko‘rinishlarini tasniflash mumkin. 1-guruh. Bevosita front tajribasiga asoslangan asarlar. Bu guruhga E. M. Remarkning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”, “Qaytish” (1931), “Uch o‘rtoq” (1936) romanlari hamda R. Oldingtonning “Qahramonning o‘limi” asari kiradi. Bunday asarlardagi qahramonlar taqdiri quyidagicha namoyon bo‘ladi: “Soxta shiorlar bilan shafqatsizlarcha aldanib, urush go‘sht maydalagichiga tushib qolgan yoshlar tez orada hushyor torta boshlaydilar, o‘zlarini bu dunyo qudratlilari tomonidan boshlangan dahshatli o‘yinning qurboni sifatida anglaydilar”[15] E. M. Remark va R. Oldington fikriga ko‘ra, bunday qahramonlar hayotining tabiiy yakuni o‘z joniga qasd qilish yoki yolg'iz, jamiyatdan uzilgan holda yashash bo‘lishi mumkin edi. Ushbu guruh uchun ruhiy jihatdan jarohatlovchi umumiy tajribaga asoslangan do‘stlik va birodarlikni tasvirlash xos jihatga aylanadi. 2-guruh. Amerikalik “tibbiy qismlar adiblari” ijodi. Bu guruhga E. E. Kamingsning “Ulkan kamera", J. Dos Passosning “Bir yigitning sinovi 1917” (1920), E. Xemingueyning “Fiesta” hamda “Alvido, qurol!” romanlari kiradi[16]. Nasr ijodkorlarining shaxsiy tajribasi front voqeligiga kamroq darajada bog‘liq bo‘lgani sababli, “yo‘qolganlik” hissi har doim ham pozitsion urushning vayronkor ta’siri bilan bevosita aloqador bo‘lavermaydi. Yozuvchilar o‘z qahramonlari Yevropaga ularni ezib qo‘ygan “Amerika orzusi”ning hukmronligidan qochish uchun yo‘l olishini ta’kidlaydilar. 3-guruh. “Yo‘qolganlik”ni “Amerika orzusi”dan ko‘ngil qolish kontekstida talqin etuvchi asarlar. F. S. Fitsjeraldning “Jannatning bu tomonida” va U. Folknerning “Askar mukofoti” romanlari bu guruhga mansub bo‘lib, ularda 1914–1918-yillardagi jangovar voqealar fonkatalizator vazifasini bajaradi. Mazkur asarlarning o‘ziga xos jihati 1900-yillarda tug'ilgan
amerikalik yoshlar avlodining tasvirlanishidadir. Hatto urushni bevosita ko‘rmagan holda ham, butun bir avlod o‘zini otalari qadriyatlari uchun “yo‘qolgan” deb his qildi[17]. 4-guruh. G‘arbiy yevropalik nasrnavislar “yo‘qolgan avlod”ning urushdan keyingi mavjudligiga e’tibor qaratuvchi asarlar. V. Vulfning “Missis Dallouey” (1925) va D. G. Lourensning “Ledi Chatterleyning sevgilisi” (1928) romanlarida urush asrlar chorrahasidagi davr xarakterini belgilab bergan muammolar majmuasining muhim unsuri sifatida namoyon bo‘ladi. Jismoniy yoki ruhiy jarohat kelajak uchun “yo‘qolganlik”ning ramziga aylanadi. F. S. Fitsjerald va U. Folkner singari, bu nasrnavislar ham “yo‘qolganlik” kayfiyati faqat Birinchi jahon urushida bevosita jang maydonida qatnashish bilangina yuzaga keladigan holat emas, balki butun davrga xos xususiyat ekanini ta’kidlaydilar. 5-guruh. Uzoq tarixiy masofadan turib talqin etilgan asarlar. P. Beykerning "Qayta tug‘ilish" trilogiyasi (1991–1995) va S. Xillning “G‘alati uchrashuv” (1971) kitoblari bu guruhga mansub. Asosan, bu guruh yozuvchilari urush voqealarini puxta qayta tiklashga intiladilar, muayyan tarixiy shaxslarning masalan, ingliz shoiri va nasrnavisi Z. Sesson tarjimai holi va ijodiy merosiga murojaat qiladilar. Birinchi jahon urushining vayronkor ta’siridan jabr ko‘rgan “yo‘qolgan avlod” taqdiri asta-sekin XX asrdagi insoniy mavjudlikni ramziy ifodalovchi mifga aylanadi. “Yo‘qolgan avlod” qahramonlarining barchasi atrofda hukm surayotgan “savdogarlarcha hisob-kitoblar”, siyosiy ambitsiyalar, urushlar va o‘limlar uchun o‘rin bo‘lmasligi kerak bo‘lgan o‘ziga xos, muqobil dunyoni barpo etishga intiladilar. “Men urushish uchun yaratilmaganman. Men ovqat yeyish, ichish va Ketrin bilan uxlash uchun yaratilganman”, deydi Frederik Genri. Bu fikr barcha “yo‘qolganlar”ning hayotiy kredosidir. Muhabbat ularning qadriyatlar tizimida yetakchi o‘rinni egallaydi. Ayol bilan mukammal va uyg'un birlik sifatida tushunilgan muhabbat bu ijod ham, do‘stlik ham, tabiiy ibtido hamdir. U mavjudlik quvonchining jamlangan shakli, hayotda chinakam qadrli bo‘lgan barcha narsalarning kvintessensiyasidir. Biroq “yo‘qolgan avlod” yozuvchilari asarlarida muhabbat ko‘pincha o‘lim bilan chambarchas bog'langan. Frederik Genrining sevimlisi Ketrin vafot etadi (“Alvido, qurol!”), notanish bir ayolning tasodifiy o‘limi esa Jey Getsbining halokatiga sabab bo‘ladi (“Buyuk Getsbi”). Bu bevaqt va ma’nosiz o‘limlar dunyoning mantiqsizligi va shafqatsizligi, undan qochib qutulishning imkonsizligi hamda baxtning o‘tkinchiligi haqidagi fikrning o‘ziga xos badiiy ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. E. M. Remark va E. Xeminguey kitoblarini azob-uqubat va o‘limga mahkum muhabbat motivi yaqinlashtiradi, ammo muhim farqlar ham mavjud. E. M. Remark romanidagi askarqahramonlar front chizig'i yaqinidagi soxta muhabbatdan o‘z kabi azob chekayotgan insonlardan oddiy insoniy hamdardlik va iliqlikni topishga intiladilar. E. Xeminguey qahramonlari esa muhabbatni dastlab sarguzasht sifatida qabul qiladilar, biroq keyinchalik haqiqiy fojia ekanligi ayon bo‘ladi. “Yo‘qolgan avlod” haqidagi mulohazalarni shu yo‘sinda to‘ldirar ekan, ilmiy tadqiqotlar mazkur fenomenning mavjudligini inkor etmagan holda, uning zamonaviy adabiyotshunoslikdagi amal qilishi bilan bog‘liq ayrim jihatlarni aniqlashtirishni zarur deb topadi. Mazkur tushunchasining talqini ayrim mistifikatsiyalarsiz to‘liq bo‘la olmaydi. Bunga eng yorqin misol sifatida E. Xemingueyning hayot yo‘li va uning badiiy talqinini ko‘rsatish mumkin[18].
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Rossiya filologik madaniyatida amerikalik yozuvchining hayoti va ijodini tasvirlashga bo‘lgan yondashuv tubdan o‘zgardi. Bunga M. Chertanov[19] va G. Chxartishvilining[20] ishlari yaqqol misol bo‘la oladi. Bu olimlar Xemingueyning o‘zini va uning atrofidagi adabiy avlodni yanada tanqidiy va nuansli ko‘z bilan baholaydilar. A. Zverev o‘zining “Amerika romani 20–30-yillarda” kitobida bayon etilgan muhim mulohazani ta’kidlaydi: “Adabiy birlik bo‘lib ko‘ringan narsa, aslida, yoshlik davrida bosib o‘tilgan yo‘llarning obyektiv jihatdan mos kelishi va bunday tajribaga berilgan tabiiy reaksiyalarning o‘xshashligidan iborat edi. Urush 'orzu' bilan muqarrar tarzda qiyoslab idrok etilar edi...”[21] 1980-yillarda sovet adabiyotshunosligida “yo‘qolgan avlod” tushunchasi ostida shartli ravishda birlashtirilgan so‘z san'atkorlarining rang-barang va ko‘p qirrali ekanligi haqidagi fikr shakllana boshlagan. Bugungi tadqiqotchilar esa bu fikrni yanada chuqurlashtirmoqdalar. XULOSA Yuqorida bayon etilgan materialga tayangan holda quyidagi xulosalarga kelish mumkin. Birinchidan, “yo‘qolgan avlod” adabiy yo‘nalishi yaxlit va bir jinsli hodisa emas, balki turli milliy adabiyotlarda, turli darajadagi front tajribasiga ega bo‘lgan yozuvchilar tomonidan yaratilgan ko‘p qirrali va rang-barang adabiy oqimdir. Ikkinchidan, ushbu yo‘nalish vakillari hech qachon biror rasmiy adabiy guruhni tashkil etmagan bo‘lsada, ularning taqdirlar va kechinmalarning mushtarakligi umumiy hayotiy pozitsiya va poetik xususiyatlarni keltirib chiqargan. Uchinchidan, “yo‘qolgan avlod” adabiyotida beshta asosiy variatsiyani ajratish mumkin: (1) bevosita front tajribasiga asoslangan asarlar (Remark, Oldington); (2) amerikalik “tibbiy qismlar adiblari” ijodi (Kamings, Dos Passos, Xeminguey); (3) “yo‘qolganlik”ni “Amerika orzusi”dan ko‘ngil qolish kontekstida talqin etuvchi asarlar (Fitsjerald, Folkner); (4) g‘arbiy yevropalik nasrnavislar ijodi (Vulf, Lourens); (5) uzoq tarixiy masofadan turib yaratilgan asarlar (Beyker, Xill). To‘rtinchidan, “yo‘qolgan avlod” tushunchasi adabiyotshunoslik muomalasida hanuzgacha muhim o‘rin tutib, borgan sari qiyosiy (komparativ) tahlil obyektiga aylanib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarning istiqbolliligi va dolzarbligidan dalolat beradi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar16 ta adabiyot
- Aldridge, J. After the Lost Generation: a Critical Study of the Writers of Two Wars / J. Aldridge. – Princeton: Princeton University Press, 1958. – 282 p.
- Baker, C. Hemingway. The Writer as Artist / C. Baker. – Princeton: Princeton University Press, 1956. – 380 p.
- Eksteins, M. Memory / M. Eksteins // Erich Maria Remarque's All Quiet on the Western Front. Bloom's Modern Critical Interpretations / ed. by H. Bloom. – Infobase Publishing, 2009. – P. 55–72.
- Hemingway, E. A Moveable Feast / E. Hemingway. – New York: Dell Publishing Company, 1971. – 224 p.
- Hemingway, E. Farewell to Arms / E. Hemingway. – СПб.: Каро, 2004. – 352 p.
- O‘Brian, S.M. 'A, Also, Am in Michigan': Pastoralism of Mind in Hemingway's 'Big Two- Hearted River' / S.M. O‘Brian // The Hemingway Review. – 2009. – Vol. 28, № 2. – P. 72–90. RESEARCH FOCUS | VOLUME 5 | ISSUE 6 | 2026 ISSN: 2181-3833 ResearchBip (15.45) | Google Scholar | Index Copernicus (ICV80.58)
- Piep, K.H. Embattered Homefronts: Politics and Representation in American World War I Novels. A Dissertation / K.H. Piep. – Department of English, Miami University, Oxford, Ohio, 2005. – 310 p.
- Ernest Hemingway. Selected Letters. 1917–1961 / ed. by C. Baker. – The Ernest Hemingway Foundation, 1981. – 948 p.
- Гиленсон, Б. «Потерянное поколение» / Б. Гиленсон // Краткая литературная энциклопедия: в 8 т. / редкол.: А. Сурков [и др.]. – М.: Сов. энцикл., 1968. – Т. 5. – С. 913–915.
- Грибанов, Б. Эрнест Хемингуэй / Б. Грибанов. – М.: Молодая гвардия, 1971. – 448 с.
- Звeрев, А. Американский роман 20–30-х годов / А. Зверев. – М.: Художественная литература, 1982. – 256 с.
- Леонова, Е. Немецкая литература ХХ века. Германия, Австрия: учебное пособие / Е. Леонова. – М.: Флинта: Наука, 2010. – 360 с.
- Мулярчик, А. Потерянное поколение / А. Мулярчик // Литературная энциклопедия терминов и понятий / гл. ред. А. Николюкин. – М.: НПК «Интелвак», 2001. – С. 755–758.
- Старцев, А. Молодой Хемингуэй и «потерянное поколение» / А. Старцев // Хемингуэй Э. Собрание сочинений: в 4 т. – М.: Художественная литература, 1968. – Т. 1. – С. 700– 720.
- Чертанов, М. Хемингуэй / М. Чертанов. – М.: Молодая гвардия, 2010. – 512 с.
- Чхартишвили, Г. Эдипов комплекс в истории суицидентов Х. и Г. Опыт патологоанатомического психоанализа / Г. Чхартишвили // Писатель и самоубийство: в 2 кн. – Кн. 1. – М.: Захаров, 2011. – С. 210–244.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-A-013503
- Nashr sanasi
- 2026-07-05
- Til
- o‘zbek
- Jurnal
- Research Focus International Scientific Journal
- Jild
- 5
- Son
- 6
- DOI
- 10.66073/researchfocus.v5i6.2389
- ISSN
- 2181-3833 · 2181-3833
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 92–98
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 32026-10-10 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Research Focus International Scientific Journal
- Oxirgi yangilanish
- 2026-09-06