MILLIY SPORT O‘YINLARI HAMDA SAN‘ATDA AN‘ANALAR VA INNOVATSION YONDASHUVLAR
qizi Salimova Shahzoda ZayniddinSamarqand davlat pedagogika institute Ijtimoiy fanlar fakulteti2026
JurnalResearch Focus International Scientific JournalJild 5Son 5Sahifa 149–154
Annotatsiya
Milliy o‘yinlar yosh avlodda jasorat, adolat, Vatanga muhabbat, xalq manfaatiga xizmat qilish, mehnatsevarlik, saxovat, halollik va poklik kabi fazilatlarni shakllantiradi. Shu bois, milliy o‘yinlarda nafaqat jismoniy mahorat, balki axloqiy yetuklik ham alohida e‘tirof etiladi.
Boshqa tillarda
ruschaНАЦИОНАЛЬНЫЕ СПОРТИВНЫЕ ИГРЫ, ТРАДИЦИИ И ИННОВАЦИОННЫЕ ПОДХОДЫ В ИСКУССТВЕ
Национальные игры формируют у молодого поколения такие качества, как смелость, справедливость, любовь к Родине, служение интересам народа, трудолюбие, щедрость, честность и чистоплотность. Поэтому в национальных играх ценятся не только физические навыки, но и моральная зрелость.
inglizchaTRADITIONS AND INNOVATIVE APPROACHES IN NATIONAL SPORTS GAMES AND ART
This article examines the topic “Milliy Sport O‘Yinlari Hamda San‘Atda An‘Analar Va Innovatsion Yondashuvlar” from a scientific and methodological perspective. The theoretical foundations, practical significance and relevant aspects of the study are analysed.
Kalit so‘zlar
- milliy sport o‘yinlari
- san‘at
- milliy an‘analar
- madaniy meros
- zamonaviy tendensiyalar
- an‘anaviy qadriyatlar
- innovatsiya
- rivojlanish
- uyg‘unlik
- madaniyat
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
MILLIY SPORT O‘YINLARI HAMDA SAN’ATDA AN’ANALAR VA INNOVATSION YONDASHUVLAR Salimova Shahzoda Zayniddin qizi Samarqand davlat pedagogika institute Ijtimoiy fanlar fakulteti Jismoniy madaniyat yo‘nalishi talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.20542576 Annotatsiya: Milliy o‘yinlar yosh avlodda jasorat, adolat, Vatanga muhabbat, xalq manfaatiga xizmat qilish, mehnatsevarlik, saxovat, halollik va poklik kabi fazilatlarni shakllantiradi. Shu bois, milliy o‘yinlarda nafaqat jismoniy mahorat, balki axloqiy yetuklik ham alohida e’tirof etiladi. Kalit so‘zlar: milliy sport o‘yinlari, san’at, milliy an’analar, madaniy meros, zamonaviy tendensiyalar, an’anaviy qadriyatlar, innovatsiya, rivojlanish, uyg‘unlik, madaniyat.
НАЦИОНАЛЬНЫЕ СПОРТИВНЫЕ ИГРЫ, ТРАДИЦИИ И ИННОВАЦИОННЫЕ ПОДХОДЫ В ИСКУССТВЕ Салимова Шахзода Зайниддин кизи Самаркандский государственный педагогический институт Факультет социальных наук Студентка факультета физической культуры Аннотация: Национальные игры формируют у молодого поколения такие качества, как смелость, справедливость, любовь к Родине, служение интересам народа, трудолюбие, щедрость, честность и чистоплотность. Поэтому в национальных играх ценятся не только физические навыки, но и моральная зрелость. Ключевые слова: ациональные спортивные игры, искусство, национальные традиции, культурное наследие, современные тенденции, традиционные ценности, инновации, развитие, гармония, культура.
NATIONAL SPORTS GAMES AND TRADITIONAL AND INNOVATIVE APPROACHES IN ART Salimova Shahzoda Zayniddin qizi Samarkand State Pedagogical Institute Faculty of Social Sciences Student of Physical Culture Annotation: National games help develop qualities in the younger generation such as courage, justice, love for the Motherland, service to the interests of the people, diligence, generosity, honesty, and integrity. Therefore, national games value not only physical skills but also moral maturity. Keywords: national sports games, art, national traditions, cultural heritage, modern trends, traditional values, innovation, development, harmony, culture.
KIRISH Milliy madaniyat har bir xalqning ma’naviy merosi, tarixiy rivojlanish yo‘li hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ifodalovchi muhim omillardan biridir. Ushbu madaniyatning ajralmas qismi sifatida san’at va sport tadbirlari nafaqat jamiyatning estetik va jismoniy kamolotiga xizmat qiladi, balki uning ijtimoiy birdamligini mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutadi. Tarix davomida san’at va sport tadbirlari xalqlar hayotida muhim o‘rin egallab, ularning urf-odatlari, an’analari va turmush tarzini shakllantirishda beqiyos ta’sir ko‘rsatgan. Ushbu
paragrafda milliy madaniyatda san’at va sport tadbirlarining o‘zaro uyg‘unligi hamda zamonaviy tendensiyalari tahlil qilinadi. Tarixiy jarayonlarda san’at va sport jamiyat taraqqiyotining ikki muhim qirrasi sifatida bir-birini boyitib kelgan. Masalan, qadimgi sivilizatsiyalar davrida musiqa va raqs jismoniy mashqlar bilan uyg‘unlashib, madaniy merosning ajralmas qismiga aylangan. Ayni paytda, zamonaviy davrda ham san’at va sport jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy yuksalishiga katta hissa qo‘shib, xalqlararo muloqot va madaniy almashinuv jarayonlarini kuchaytirib kelmoqda. Bugungi kunda globallashuv jarayonlari milliy madaniyat tarkibidagi san’at va sport tadbirlarining yangi shakl va mazmun kasb etishiga olib kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, tadqiqotda mazkur jarayonlarning tarixi, ularning jamiyatga ta’siri hamda zamonaviy tendensiyalari batafsil o‘rganiladi. Shu bilan birga, san’at va sportning o‘zaro uyg‘unligi, ularning ijtimoiy, siyosiy va madaniy jarayonlardagi roli tahlil qilinadi. Shuningdek, tadqiqotda milliy an’analar va madaniy merosni asrash hamda rivojlantirish yo‘nalishlari, zamonaviy madaniy tadbirlarda san’at va sportning o‘rni va ahamiyati, ularning jamiyatdagi ijtimoiy-tarbiyaviy vazifalari ham keng yoritiladi. Bu orqali milliy madaniyatni saqlash va boyitishga qaratilgan yangi strategik yondashuvlarni ishlab chiqish imkoniyati yaratiladi. ASOSIY QISM Tadqiqotning muhim jihatlaridan biri shundaki, u nafaqat nazariy tahlilni o‘z ichiga oladi, balki san’at va sport tadbirlarining zamonaviy tendensiyalari hamda ularning ijtimoiy rivojlanishga ta’sirini amaliy jihatdan ham tadqiq etadi. Bu esa milliy madaniyatni mustahkamlash, uning xalqaro maydondagi o‘rnini kuchaytirish va umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi. Azal-azaldan inson tafakkuri san’at va sportning madaniyat tizimidagi o‘zaro bog‘liqligi haqida mulohaza yuritib kelgan. Bu masala yuzasidan bahs va munozaralar son-sanoqsiz bo‘lib, afsona va rivoyatlar ham ko‘plab yaratilgan. Ammo bir haqiqat muqarrar: sport estetik va badiiy madaniyat tizimida muhim va ta’sirchan o‘rin egallaydi. Milliy madaniyat har bir xalqning ma’naviy yuksalishida muhim o‘rin tutadi. Unda millatning an’analari, urf-odatlari, madaniy merosi va umuminsoniy qadriyatlari mujassamlashgan. Milliy madaniyatni rivojlantirish va boyitishda sport tadbirlarining o‘rni beqiyosdir. Zamonaviy dunyoda badiiy madaniyat ko‘p qirrali bo‘lib, u bir xil shaklga ega emas. U nafaqat tomoshabinlarning estetik ehtiyojlarini qondirish usullari, balki ijodiy jarayonlarning turli shakllari bilan ham ajralib turadi. Shu bois sportning badiiy aks ettirilishi sinxretik sport-tomosha tadbirlarini qayta yaratishga bo‘lgan qiziqishning ortib borishi bilan belgilanadi. Hozirgi davr badiiy tendensiyalari realizm va tantanavorlik, fantaziya va kundalik voqelik o‘rtasidagi uyg‘unlikka asoslanmoqda. Badiiy madaniyat sport elementlarini o‘zlashtirib, o‘z doirasidan chiqib, yangi ko‘rinishda taraqqiy etmoqda. Milliy xalq o‘yinlari fasllarga mosligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Ular yoshlarning jismoniy sifatlari va irodasini rivojlantirish bilan birga, o‘z kuchiga ishonch va ruhiy barqarorlikni mustahkamlaydi. Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy o‘yinlar, musobaqalar va bellashuvlar xalqimizning tarixiy merosining ajralmas qismi sifatida saqlanib qolgan. Badiiy madaniyat chegaralarini estetik o‘zlashtirish orqali sport amaliyoti sohasida kengaytirish jarayoni uning turli san’at yo‘nalishlarining ba’zan noan’anaviy elementlari bilan boyishiga olib keladi. San’at shakllarining bunday o‘zaro ta’siri ular oldiga yangi estetik va badiiy
vazifalarni qo‘yadi. Bu esa sport turlarini (masalan, badiiy gimnastika, sinxron suzish, figurali uchish va boshqalar) anglash va ifodalash jarayonida ularning rivojlanishini belgilab beradi. Sport nafaqat jismoniy tarbiya vositasi, balki ma’naviy kamolotga yetaklovchi kuchli ta’sirchan omildir. Unda insonning irodasi, sabr-toqati, intizomi va jamoaviylik ruhi shakllanadi. Shu bilan birga, sport tadbirlari orqali milliy an’analarni asrab-avaylash va ularni yangi avlodga yetkazish ham mumkin. Masalan, xalq o‘yinlari, milliy kurash turlari va an’anaviy sport musobaqalari milliy madaniyatning ajralmas qismi hisoblanadi. Har qanday ommaviy tomosha, ayniqsa, sport tadbirlari uchun ko‘rgazmalilik va ta’surotlilik unsuri nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Bunda uning ta’sirchanligini kuchaytiruvchi asosiy omil raqobat ruhi bo‘lib, “professional sportda ommaviy tomosha jarayonning asosiy mohiyatini tashkil etadi”. Shu bilan birga, badiiy va estetik vazifalarni hal etish ham kam ahamiyatli emas. Demak, sport zamonaviy jamiyatning badiiy madaniyati doirasiga kirib borayotgani aniq fakt bo‘lib, asosiy masala uning badiiy madaniyat tizimidagi aniq o‘rni va o‘zaro munosabatini belgilashdan iboratdir. Sportning zamonaviy madaniyat tizimiga uyg‘un tarzda kirib kelishi — yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgan estetik va badiiy hodisa bo‘lib, u doimiy yangilanib borayotgan san’at bilan chambarchas bog‘liqdir hamda ular o‘rtasidagi yaqinlashuvning yangi yo‘llarini izlashga intiladi. Sport va san’at hamkorligidagi yagona tamoyillarni anglash nafaqat sport taraqqiyotining yangi yo‘nalishlarini ochib beradi, balki zamonaviy san’atning o‘ziga xos xususiyatlarini ham chuqurroq tushunishga imkon yaratadi. Biroq sport va san’at o‘rtasidagi umumiy jihatlarni izlashdan avval, ularning farqli tomonlarini aniqlab olish zarur. Eng ravshan farq shundaki, san’at voqelikni obrazli ifodalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ysa, sport, odatda, bunday vazifani bajarmaydi va tasviriy talqin usuliga ehtiyoj sezmaydi. Keyingi muhim jihat shundan iboratki, “sport va san’atda ifodalilik vositalarini tanlash tamoman farq qiladi”. Bir qarashda, har ikki sohada ham harakatlar va ishoralar ifodalilikka erishish uchun xizmat qiladigan o‘xshash elementlar sifatida qabul qilinishi mumkin. Biroq ushbu ifodalilikning maqsadi va mazmuni mutlaqo boshqacha bo‘ladi. Estetik qadriyatlar sport tadbirlari orqali boyitiladigan muhim jihatlardan biridir. Milliy sport turlari nafaqat jismoniy, balki ruhiy va estetik tarbiya vositasi sifatida ham xizmat qiladi. Masalan, milliy sport liboslari, musobaqalardagi an’anaviy marosimlar, xalq qo‘shiqlari va raqslari, sport inshootlarining bezaklari estetik muhitni boyitib, insonda nafislik va go‘zallikka intilish hissini oshiradi. Sportda ifodalilik — bu jismoniy mashqlarni aniq va samarali bajarishga erishishdir. Bu yerda badiiylik unsurlarining mavjudligi sportchining chiqishiga baho beruvchi hakamlar va tomoshabinlarga ta’sir ko‘rsatish zarurati bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, sportda texnik mahorat ustuvor ahamiyatga ega. San’atda esa ifodalilik voqelikni obrazli va mazmunli aks ettirish hamda ijodkorning o‘z asariga bo‘lgan g‘oyaviy-emotsional munosabatini namoyon etish vositasidir. Bu holatda san’at sport amaliyotlarini estetik talqin qilish orqali ularni yanada kengroq ma’naviy va madaniy kontekstda anglash imkonini yaratadi. Sport va sahna harakatlarining xarakteri hamda sharoitlari ham o‘zaro farqlanadi. Sport tomoshasida musobaqa sharoitlari barcha e’tiborni sportchining chiqishiga qaratadi — u bosh ijrochidir. Tomoshaboplik unsuri mavjud bo‘lsa-da, asosiy e’tibor sportchining harakatlariga qaratiladi.
Milliy xalq o‘yinlarimiz o‘zining fasllarga mosligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Ularning tashkil etilishi va o‘tkazilishi yoshlarning jismoniy sifatlari hamda irodasini rivojlantirish bilan birga, ularda o‘z kuchiga ishonch va ruhiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy o‘yinlar, poygalar va bellashuvlar xalqimizning tarixiy merosining ajralmas qismi sifatida saqlanib qolgan. Tarixda xalq sayllari va bayramlari milliy o‘yinlarsiz o‘tmagan. Bu tadbirlarda katta yoshdagi kishilar o‘z tajribalarini yoshlarga ulashib, hayot estafetasini topshirishgan. Jamoaviy musobaqalar ishtirokchilarni baquvvat, chaqqon, chidamli va tadbirkor bo‘lishga undagan. Milliy o‘yinlar, jumladan, kurash, ko‘pkari hamda sportning ommaviy turlari xalq orasida saxovat ramzi sifatida ham tanilgan. Mashhur uloqchilar, polvonlar va xalq o‘yinlari ishtirokchilari ko‘pincha musobaqalardan tushgan mablag‘ni ehtiyojmandlarga — yetim-esirlar, ko‘p bolali oilalar va qariyalarga hadya qilgan. Shuningdek, xalq hasharlarida faol ishtirok etib, ko‘priklar, masjidlar, madrasalar, kanallar va yo‘llarni barpo etishda hissa qo‘shganlar. Milliy o‘yinlar yosh avlodda jasorat, adolat, Vatanga muhabbat, xalqqa xizmat qilish, mehnatsevarlik, saxovat, halollik va poklik kabi fazilatlarni shakllantiradi. Shu bois xalq kurashda halol va mard polvonni, uloqda esa epchil va mahoratli chavandozni alohida e’zozlaydi. Milliy o‘yinlar g‘oliblari nafaqat mahoratli harakatlari, balki jasorat, mardlik va chaqqonliklari uchun ham taqdirlanadi. “Quvlama-choq”, “Soqqa”, “Bekinmachoq”, “Ko‘kterak”, “Yetti tosh”, “Lanka”, “Besh tosh”, “Podachi”, “Chavandoz”, “Chaqqonlar va merganlar”, “Chillik” kabi milliy o‘yinlar tarixan Vatan himoyachilarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etgan. Ular jangchilarning jismoniy tayyorgarligini oshirish va doimiy jangovar shaylikni ta’minlashda keng qo‘llanilgan. Agar xalq sayllari va bayramlarida kurash musobaqalari o‘tkazilmaganida, yillar davomida bu milliy sport turi yo‘qolib ketgan bo‘lar edi. Shuningdek, poygalar, qiz quvdi, kim uzoqqa otadi mashqlari hamda ot sporti (ko‘pkari) xalqimizning eng qadimiy an’analaridan biri hisoblanadi. Ushbu o‘yinlar orqali kattalarga hurmat, yoshlarga mehr-shafqat, bolalar tarbiyasi va otaonalarning farzandlar oldidagi burchlari aks etadi. Shu sababli bobokalonlarimiz bolalikdan xalq qahramonlari haqidagi dostonlar, afsona va rivoyatlar orqali jasorat, do‘stlik, ahillik va hamjihatlik fazilatlarini targ‘ib qilganlar. Milliy o‘yinlar orqali yosh avlodda halollik, haqiqatparvarlik va nohaqlikka qarshi kurashish fazilatlari shakllantirilgan. Milliy o‘yinlarda mag‘lub bo‘lgan ishtirokchi hech qachon masxara qilinmagan, balki uning kamchiliklari birgalikda tahlil qilinib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilgan. Shuningdek, bolalar milliy o‘yinlar orqali ijodiy va tashkilotchilik qobiliyatlarini rivojlantirib, jamoaviy harakat qilishni o‘rganadilar. Ular bir maqsad yo‘lida o‘rtoqlariga yordam berish, mustaqil qaror qabul qilish va tashabbuskorlik ko‘rsatish orqali shaxsiy hamda ijtimoiy ko‘nikmalarni shakllantiradilar. Milliy o‘yinlarning har qanday turi bolalarda insonparvarlik, jasorat, iroda va adolat kabi ko‘plab fazilatlarni shakllantiradi. Ushbu o‘yinlar ma’lum darajada xalqning mehnat faoliyatini aks ettirib, ularning kundalik turmush tarzi va an’analaridan kelib chiqqan. Shu bois milliy o‘yinlar yosh avlodni o‘z millatiga xos ijtimoiy muhitda muvaffaqiyatli hayot kechirishga tayyorlashga xizmat qiladi. Estetik qadriyatlar sport tadbirlari orqali boyitiladigan muhim jihatlardan biridir. Milliy sport turlari nafaqat jismoniy, balki ruhiy va estetik tarbiya vositasi sifatida ham xizmat qiladi. Masalan, milliy sport liboslari, musobaqalardagi an’anaviy marosimlar, xalq qo‘shiqlari va raqslari, sport inshootlarining bezaklari estetik muhitni boyitib, insonda nafislik va go‘zallikka
intilish hissini oshiradi. Sahnaviy namoyish esa mutlaqo boshqa qonuniyatlarga asoslanadi. Bu yerda tomoshabinning qabul qilish tajribasi markaziy o‘rinda turadi. Sport va teatr san’atida harakatning ustuvor jihatlari bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi qo‘yilgan bo‘lib, sport musobaqalarida dramatik janr qonunlari amal qilmaydi. Sport tadbirlari milliy madaniyat va estetik qadriyatlarni boyitishda bir necha yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Birinchidan, sport orqali yoshlar orasida milliy an’analarni ommalashtirish va ularga hurmat ruhini shakllantirish mumkin. Ikkinchidan, sport madaniy tadbirlar bilan uyg‘unlashib, xalqning o‘ziga xos urf-odatlarini jahon arenasiga olib chiqish imkonini yaratadi. Uchinchidan, milliy sport turlarini rivojlantirish va ularni zamonaviy sport tadbirlari bilan integratsiya qilish orqali madaniyatlararo muloqotni kuchaytirishga erishiladi. Sportchi va aktyor faoliyatini baholash mezonlari ham o‘zaro farqlidir. Sportda eng yuqori bahoga sazovor bo‘ladigan xususiyatlar - chidamlilik, his-tuyg‘ularni nazorat qila olish hamda yuksak diqqat-e’tibor bilan harakat qilishdir. Ammo ushbu fazilatlar aktyor uchun aksincha, ijodiy jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki sahna ijrosida uning professionalligi tomoshabinga his-tuyg‘ularni faol yetkaza olish qobiliyati bilan o‘lchanadi. Aktyor sahnada ijod qilishi, dramatik harakat doirasida badiiy obraz yaratishi va o‘z hissiyotlarini to‘liq namoyon etishi lozim. Shunday qilib, mazmun-mohiyati, funksiyalari va ijrochining faoliyat xususiyatlariga ko‘ra, san’at va sport o‘rtasida ko‘plab farqlar mavjud. Biroq so‘nggi yillarda ayrim sport turlari to‘liq san’at bo‘lmasa-da, unga juda yaqin turadi, degan fikrlar ilgari surilmoqda. Shu sababli ularning umumiy jihatlari qaysi nuqtalarda kesishishini tahlil qilib ko‘rish muhimdir. Avvalo, “sport va san’at uzoq yillardan buyon ommaboplik va jamoatchilik e’tiborini jalb qilish qobiliyati bo‘yicha bir-biri bilan raqobatlashib kelmoqda”. Har ikkala sohaning jozibadorligi tayyorgarlik darajasi va estetik ahamiyatiga bog‘liq bo‘lib, aynan shu jihatlar ularning mazmunan boyligi hamda keng omma orasida qiziqish uyg‘otish darajasini belgilaydi. Estetik tamoyil madaniyatning ushbu ikki yo‘nalishini birlashtiruvchi asosiy qonuniyat bo‘lib, sportchi va ijodkorni go‘zallik qonunlari asosida harakat qilishga va uni o‘ziga xos vositalar orqali ifoda etishga undaydi. Ham sport, ham san’at insonning emotsional, jismoniy va intellektual salohiyatini namoyon etish shaklidir. Bu sohalarda yuksak natijalarga erishish iqtidor va iste’dodsiz mumkin emas, chunki ular shunchaki intizomli va itoatkor “o‘rtacha ijrochi” bo‘lish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari emas. Bu — kashfiyotlar, tajribalar, ijod va jasorat olamidir. Sportchi ham, san’atkor ham shaxsiy uslub, individual yo‘nalish va o‘ziga xos sifat belgilariga ega bo‘lishi lozim. Bu esa nafaqat ularning betakrorligini, balki muvaffaqiyatga erishishini ham ta’minlaydi. Start olgan sportchini va sahnaga chiqish arafasida turgan aktyorni kuzatganimizda, ularning ichki tayyorgarlik jarayoni qanday kechayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ular tashqi dunyoni unutib, harakatlarini uyg‘unlashtiradilar va ma’naviy jihatdan go‘yo qayta tug‘iladilar: sportchi temp va ritmni his etib, u bilan bir tan-u bir jon bo‘lishga intilsa, aktyor obrazga singib ketish va uni hayotga tatbiq etishni maqsad qiladi. Ham badiiy, ham sport tomoshalari inson ongiga chuqur emotsional ta’sir ko‘rsatish qobiliyatiga ega. Aynan shu jarayonlargina tomoshabinga o‘zini sportchi yoki aktyor o‘rnida tasavvur qilish imkonini beradi, inson ongsiz ravishda mushaklari va hissiyotlari bilan ijrochining holatini his etishga undaydi. Biroq “san’at va sport o‘rtasidagi yaqinlashuvning eng muhim va inkor etib bo‘lmas asosi — bu gumanizmdir”. Har ikkisi turli ifoda vositalari orqali bir xil vazifani bajaradi, ya’ni zamonaviy gumanistik idealni hissiy va namunaviy obrazlarda aks ettiradi. Bola o‘z hayotining ilk bosqichlarida dunyo bilan tanishishni aynan san’at va jismoniy madaniyat orqali boshlaydi. Chunki aynan shu sohalarda “go‘zallik” eng aniq va
tushunarli tarzda namoyon bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, ham sport, ham san’at inson estetik faoliyatining turli ko‘rinishlari sifatida yuzaga keladi va rivojlanadi. Stsenik va sport tomoshalarining mazmun-mohiyati va shakli tubdan estetik elementlar bilan to‘yingan bo‘lib, tomoshabinning ularga bo‘lgan munosabati ham aynan estetik idrokka asoslanadi. Yuqarida ta’kidlanganidek, san’atda estetik komponent asosiy va hal qiluvchi omil hisoblanadi, sportda esa u yuqori natijalarga erishish uchun muhim shartlardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq bu barcha sport turlariga birdek tatbiq etib bo‘lmaydi, chunki ular bir xil emas. Masalan, figural uchish, badiiy gimnastika, sinxron suzish kabi sport turlari o‘z tabiatiga ko‘ra san’atning turli shakllari bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, ularning mohiyati aynan ko‘p qirrali san’at va sport asosining sintetik uyg‘unligida namoyon bo‘ladi. Bu sport turlarida raqs, dramatik ijro, musiqa va boshqa san’at shakllari bir-birini boyitish orqali murakkab birlik hosil qiladi. Agar san’at dunyosini yaxlit badiiy manzara sifatida tasavvur qilsak, ayrim san’at shakllarining birbiriga yaqinlashishi tabiiy jarayon ekanligi anglashiladi. Leonardo da Vinchi konsepsiyasiga ko‘ra, insonga xos ko‘plab his-tuyg‘ular san’at turlarining xilma-xilligiga asos solgan. Shu sababli turli faoliyat sohalarini sintez qilish va integratsiyalashga bo‘lgan intilish aniq va uzluksiz jarayondir. Zamonaviy sport nafaqat harakat obrazini shakllantiradi va tadqiq etadi, balki ifodalanish vositalarining chegaralarini kengaytirishga qodir yangi yo‘llarni izlaydi, san’atning zamonaviy tilida so‘zlaydigan yangi shakllarni yaratadi. Sport zamonaviy ommaviy madaniyatning yangi estetik va badiiy fenomenini shakllantiradi: sport-tomosha shoulari, sport bayramlari, Olimpiya o‘yinlari kabi yirik tadbirlarning ochilish va yopilish marosimlari to‘liq teatrlashtirilgan ko‘rinishda o‘taydi. Bunday innovatsion sport tadbirlari shakllarini yangi tomosha-hayratlantiruvchi san’at turi sifatida qarash mumkin. Ular san’atga xos muhim xususiyat – badiiylik sifatini o‘z ichiga oladi. XULOSA Milliy sport o‘yinlari va san’atda an’anaviy qadriyatlar hamda zamonaviy innovatsion yondashuvlarning uyg‘unligi muhim ahamiyatga ega. An’analar milliy madaniyatni saqlashga xizmat qilsa, innovatsiyalar ularning rivojlanishi va ommalashishiga yordam beradi. Shu bois, milliy merosni asrab-avaylagan holda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash sohalarning taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar10 ta adabiyot
- Мифы народов мира. Справочник школьника. – М.: Наука, 1997.
- Грецов А.Г. Лучшие упражнения для обучения саморегуляции. Учебно методическое пособие. – М.: ФиС, 2006.
- Гуревич П.С. Эстетика: учебное пособие. – М.: Кнорус, 2011. – C. 69.
- Кривцун О.А. Эстетика: Учебник. – М.: Аспект Пресс, 2000. – C. 183.
- Ochilova B.M. Axloq falsafasi. – Toshkent: Ijod-Print, 2019. – B. 73-74.
- Xabibrahmanova P.P. Ta’sirchan san’at ijtimoiy hodisa sifatida: Ped. fan. fals. (PhD) ... diss. – Ufa, 2001.
- Sher, Abdulla. Estetika. – Toshkent: O‘zbekiston, 2015. – B. 245.
- D.K.Karimov, Z.O‘.Rasulov, B.D.Baltayev, M.B.Ergasheva, I.M.Salayev, A.O.Botirov Sport inshootlari. Darslik. Xorazm 2025 yil.
- Z.O‘.Rasulov Maktabgacha ta’limda jismoniy tarbiya O’quv qo’llanma. Samarqand 2023 yil
- I.R.Turakulov Tanlangan sport turi bo’yicha mautaxasislikka kirish (kurash). Uslubiy qo’llanma. Samarqand 2023 yil
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-A-013395
- Nashr sanasi
- 2026-06-05
- Til
- o‘zbek
- Jurnal
- Research Focus International Scientific Journal
- Jild
- 5
- Son
- 5
- DOI
- 10.66073/researchfocus.v5i5.2265
- ISSN
- 2181-3833 · 2181-3833
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 149–154
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 32026-10-10 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Research Focus International Scientific Journal
- Oxirgi yangilanish
- 2026-09-06