Asosiy mazmunga o‘tish
Maqola13.00.00Ochiq kirish

MILLIY MA‘NAVIY MEROSNI O‘RGANISHDA RAQAMLI TEXNOLOGIYA VA PLATFORMALARDAN FOYDALANISHNING O‘ZIGA XOS JIHATLARI

o‘g‘li Kozimov Azizjon Nozim, o‘g‘li Rahimjonov Shoxruxmirzo ShuxratO‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti 1-bosqich magistrlari2026

JurnalResearch Focus International Scientific JournalJild 5Son 5Sahifa 132–138

Annotatsiya

Mazkur maqolada milliy ma‘naviy merosni o‘rganishda raqamli texnologiya va platformalardan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan fikr-mulohazalar yuritilgan. Mamlakatimiz taraqqiyotida Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda raqamli texnologiyalar asosida elektron ta‘lim resurslarini to‘g‘ri amalga oshirish, elektron darsliklar, multimediali o‘quv qo‘llanmalar, virtual kutubxonalar va onlayn platformalar orqali milliy ma‘naviy merosga oid bilimlarni tizimli va interfaol tarzda o‘zlashtirish tahlil qilingan.

Boshqa tillarda

ruschaСПЕЦИФИЧЕСКИЕ АСПЕКТЫ ИСПОЛЬЗОВАНИЯ ЦИФРОВЫХ ТЕХНОЛОГИЙ И ПЛАТФОРМ В ИЗУЧЕНИИ НАЦИОНАЛЬНОГО ДУХОВНОГО НАСЛЕДИЯ

В данной статье рассматриваются специфические аспекты использования цифровых технологий и платформ в изучении национального духовного наследия. Анализируется целесообразность внедрения электронных образовательных ресурсов на основе цифровых технологий в развитие нашей страны, систематическое и интерактивное приобретение знаний о национальном духовном наследии посредством электронных учебников, мультимедийных учебников, виртуальных библиотек и онлайн-платформ.

inglizchaSPECIFIC ASPECTS OF THE USE OF DIGITAL TECHNOLOGIES AND PLATFORMS IN THE STUDY OF NATIONAL SPIRITUAL HERITAGE

This article discusses the specific aspects of using digital technologies and platforms in the study of national spiritual heritage. The article analyzes the correct implementation of electronic educational resources based on digital technologies in the development of our country, as well as the systematic and interactive acquisition of knowledge about national spiritual heritage through electronic textbooks, multimedia textbooks, virtual libraries and online platforms.

Kalit so‘zlar

  • Yangi O‘zbekiston
  • ma‘naviyat
  • axloq
  • madaniyat
  • yoshlar
  • tarbiya
  • ta‘lim raqamli texnologiya
  • elektron ta‘lim resurslari

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

MILLIY MA’NAVIY MEROSNI O‘RGANISHDA RAQAMLI TEXNOLOGIYA VA PLATFORMALARDAN FOYDALANISHNING O‘ZIGA XOS JIHATLARI Kozimov Azizjon Nozim o‘g‘li, Rahimjonov Shoxruxmirzo Shuxrat o‘g‘li O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti 1-bosqich magistrlari https://doi.org/10.5281/zenodo.20508333 Annotatsiya: Mazkur maqolada milliy ma’naviy merosni o‘rganishda raqamli texnologiya va platformalardan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan fikr-mulohazalar yuritilgan. Mamlakatimiz taraqqiyotida Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda raqamli texnologiyalar asosida elektron ta’lim resurslarini to‘g‘ri amalga oshirish, elektron darsliklar, multimediali o‘quv qo‘llanmalar, virtual kutubxonalar va onlayn platformalar orqali milliy ma’naviy merosga oid bilimlarni tizimli va interfaol tarzda o‘zlashtirish tahlil qilingan. Kalit so‘zlar: Yangi O‘zbekiston, ma’naviyat, axloq, madaniyat, yoshlar, tarbiya, ta’lim, raqamli texnologiya, elektron ta’lim resurslari.

СПЕЦИФИЧЕСКИЕ АСПЕКТЫ ИСПОЛЬЗОВАНИЯ ЦИФРОВЫХ ТЕХНОЛОГИЙ И ПЛАТФОРМ В ИЗУЧЕНИИ НАЦИОНАЛЬНОГО ДУХОВНОГО НАСЛЕДИЯ Козимов Азизжон Нозим угли, Рахимджонов Шохрухмирзо Шухрат угли Национальный университет Узбекистана, факультет социальных наук магистранты 1-го курса Аннотация: В данной статье рассматриваются специфические аспекты использования цифровых технологий и платформ в изучении национального духовного наследия. Анализируется целесообразность внедрения электронных образовательных ресурсов на основе цифровых технологий в развитие нашей страны, систематическое и интерактивное приобретение знаний о национальном духовном наследии посредством электронных учебников, мультимедийных учебников, виртуальных библиотек и онлайнплатформ. Ключевые слова: Новый Узбекистан, духовность, этика, культура, молодежь, воспитание, образование, цифровые технологии, электронные учебные ресурсы.

SPECIFIC ASPECTS OF THE USE OF DIGITAL TECHNOLOGIES AND PLATFORMS IN THE STUDY OF NATIONAL SPIRITUAL HERITAGE Kozimov Azizjon Nozim o‘g‘li, Rahimjonov Shoxruxmirzo Shuxrat o‘g‘li National University of Uzbekistan, Faculty of Social Sciences 1st-year master’s students Abstract: This article discusses the specific aspects of using digital technologies and platforms in the study of national spiritual heritage. The article analyzes the correct implementation of electronic educational resources based on digital technologies in the development of our country, as well as the systematic and interactive acquisition of knowledge about national spiritual heritage through electronic textbooks, multimedia textbooks, virtual libraries and online platforms. Keywords: New Uzbekistan, spirituality, ethics, culture, youth, upbringing, education, digital technology, electronic learning resources.

KIRISH Milliy ma’naviy merosni o‘rganish jarayoni ta’lim tizimida nafaqat bilim berish, balki talabalarda ma’naviy qadriyatlarni shakllantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va zamonaviy jamiyat talablariga mos etish vazifasini ham bajaradi. So‘nggi yillarda bu jarayonda innovatsion yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Innovatsion yondashuvlar ta’lim jarayoniga yangi metodologik elementlarni joriy qilish, interfaol pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, hamda talabalarning mustaqil va ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishni o‘z ichiga oladi. Innovatsion yondashuvlar ta’lim jarayonida an’anaviy pedagogik metodlardan farqli ravishda yangi bilim berish usullarini tatbiq etish, ta’limning samaradorligini oshirish va o‘quvchilarning mustaqil, tanqidiy fikrlashini rag‘batlantirishdan iborat metodologik kompleks tushuncha sanaladi. Bu yondashuvlar talabalarni faol ishtirokchi sifatida jalb etadi hamda bilim olishni faqat ma’lumot qabul qilish emas, balki uni izlab topish, tahlil qilish va amaliyotga tatbiq etish jarayoniga aylantiradi. Innovatsion pedagogika g‘oyalariga ko‘ra, ta’lim vaqtida zamonaviy ijtimoiy–texnologik sharoitlarni inobatga olgan holda, o‘rganuvchining ijodiy salohiyati va muammolarni hal etish qobiliyati shakllantiriladi. Bugungi kunda innovatsion yondashuvlar mamlakatimiz ta’lim strategiyalari va ilmiy ishlanmalarda tan olinmoqda, chunki ular milliy qadriyatlar, madaniy meros va zamonaviy ta’lim talablari o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlaydi. MATERIALLAR VA METODLAR Quyida ta’lim jarayonida milliy ma’naviy merosni o‘rganishda qo‘llaniladigan asosiy innovatsion yondashuvlar keltiriladi: Loyiha asosidagi yondashuv (Project-Based Learning). Bu yondashuv talabalarni mustaqil va jamoaviy ishlashga o‘rgatadi: o‘quvchilar real muammolarni tanlab, yechim topish uchun izlanish olib boradilar, natijani loyiha shaklida taqdim qiladilar. Bu usul milliy meros mavzularini chuqur o‘rganish va uning jamiyatdagi o‘rni bo‘yicha ilmiy fikr yuritishni rag‘batlantiradi. Interfaol yondashuvlar - muhokamalar, guruh ishlari, rolli o‘yinlar va seminarlar - talabalarning fikrlashini rivojlantiradi hamda ularni faol ishtirokchiga aylantiradi. Bu metodlar orqali talabalar milliy qadriyatlar bo‘yicha muloqot va tanqidiy fikr yuritish ko‘nikmalarini shakllantiradilar. Raqamli va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosidagi yondashuvlar. Zamonaviy ta’limda raqamli texnologiyalar o‘rganishni interaktiv, vizual va amaliy jarayonga aylantiradi. Masalan: virtual ekskursiyalar, 3D modellar orqali tarixiy obidalarni o‘rganish, onlayn platformalar yordamida meros bo‘yicha materiallarni mustaqil tahlil qilish, gamifikatsiya yo‘li bilan motivatsiyani oshirish. Bu yondashuvlar talabalarga milliy ma’naviy merosni yangi formatda o‘rganish imkonini beradi. Kompetentsiya-yo‘naltirilgan yondashuv. Bu yondashuvda e’tibor faqat bilim berishga emas, balki talabadan kutiladigan kompetentsiyalar (analitik fikrlash, ijtimoiy-madaniy tafakkur, davlatga sodiqlik) shakllantirishga qaratiladi. Ta’lim mazmuni shu kompetentsiyalarga mos ravishda qayta ishlab chiqiladi. Etno-pedagogika odat-an’analar, milliy qadriyatlar va tarbiyaviy tushunchalarni ilmiy asosda ta’limga integratsiya etadi. Bu yondashuv talabalarda o‘z madaniyati va milliy qadriyatlariga hurmat tuyg‘usini kuchaytiradi. Innovatsion yondashuvlarning nazariy metodologik asoslari. Innovatsion yondashuvlar tajribaviy ta’lim nazariyasi va shaxsga yo‘naltirilgan pedagogika asosida shakllanadi. Bu metodika o‘quvchining faol ishtirokini ta’minlash, mustaqil izlanishni rag‘batlantirish va ijtimoiy

kompetensiyalarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, zamonaviy yondashuvlar an’anaviy pedagogik qadriyatlarga hurmat bilan qaraydi, lekin ularni ta’lim jarayonida yangi texnologiyalar asosida jonlantiradi. Innovatsion yondashuvlar o‘rganishni uzluksiz, dinamizmga boy va talabalarning shaxsiy hamda ijtimoiy salohiyatini rivojlantiradigan jarayonga aylantiradi. Milliy ma’naviy merosni ta’lim jarayoniga integratsiya etishda innovatsion metodlar nafaqat bilimni chuqurroq o‘zlashtirishga yordam beradi, balki talabalarda ijtimoiy-madaniy ong, milliy identifikatsiya va ijodiy fikrlashni shakllantiradi. Asosan quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi: Loyihalashtirilgan o‘quv faoliyati – talabalarga milliy meros ob’ektlarini o‘rganish va amaliy loyihalar yaratish imkonini beradi. Masalan, tarixiy shaxslar, xalq an’analari yoki madaniy yodgorliklar asosida tadqiqot ishlari olib borish. Konstruktiv metodlar – talabalarga mustaqil ravishda ma’lumot yig‘ish, tahlil qilish va taqdim etish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Bu metod milliy qadriyatlarni chuqurroq tushunishga xizmat qiladi. Interfaol va kollaborativ o‘qitish – guruh ishlari, rolli o‘yinlar, seminar va muhokamalar orqali talabalarning fikrlash va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish. Raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish milliy merosni o‘rganishni yanada qiziqarli va samarali qiladi. Masalan: Virtual ekskursiyalar va 3D modellash – tarixiy yodgorliklar va muzey eksponatlarini virtual muhitda o‘rganish imkonini beradi. Onlayn o‘quv platformalari va interaktiv dasturlar – talabalarga milliy merosga oid materiallarni mustaqil ravishda o‘rganish va baholash imkonini beradi. Simulyatsiyalar va o‘yin shaklidagi dasturlar – milliy qadriyatlar asosida vaziyatlarni simulyatsiya qilish orqali tajriba orttirish. Pedagogik samaradorlik - bu ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan strategiya, metod va texnologiyalar orqali talabaning bilim olish sifati, ma’naviy va ijtimoiy qobiliyatlarining samarali shakllanishi hamda kutilgan natijalarga erishish darajasini ifodalaydigan pedagogik hodisa hisoblanadi. Samaradorlik nafaqat o‘quv yutuqlarini baholaydi, balki talabaning faol ishtirokini, tanqidiy fikrlashini, ijodiy fikrini va mustaqil qarorlar qabul qilishni ham aks ettiradi. Ta’lim samaradorligi ta’lim mazmuni, metodlar, o‘qituvchi mahorati va talabalar motivatsiyasi bilan bevosita bog‘liq. [1] NATIJALAR Bu tushuncha uzoq muddatli natijalarni ham qamrab oladi: talabalar ta’limdan keyin o‘z bilimlarini real hayot, professional faoliyat va ijtimoiy muhitda qo‘llay olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi pedagogik samaradorlikning muhim mezonlaridan biridir. Shuningdek, samaradorlik o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi interaktiv jarayon, pedagogik yondashuvning mantiqiy rejalashtirilishi va baholash mexanizmlarining chastotasi bilan belgilanadi. Innovatsion yondashuvlar bilan bog‘liq samaradorlik omillari: 1) Metod va texnologiyalarni qo‘llashning ta’lim sifatiga ta’siri. Innovatsion pedagogik yondashuvlar samaradorlikni oshiruvchi asosiy omil sifatida qaraladi. Interfaol metodlar, loyihalashtirilgan o‘quv faoliyati va raqamli texnologiyalar orqali talabalar faolligi sezilarli darajada oshadi hamda o‘quv natijalari yaxshilanadi. Xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, innovatsion yondashuvlar talabalarning kreativ fikrlash va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.[2. -101 c.] Masalan, interfaol darslar, multimedia vositalari, virtual ekskursiyalar va onlayn platformalar yordamida o‘quv kontenti talabalar uchun yanada qiziqarli bo‘ladi, bu esa talabalar motivatsiyasini oshirib, bilimni chuqurroq o‘zlashtirish imkonini yaratadi.

2) Innovatsion metodlarning o‘quvchi ishtirokiga ta’siri. Innovatsion yondashuvlar talabalarni passiv qabul qiluvchidan faol ishtirokchiga aylantiradi. Masalan: Guruh va jamoaviy faoliyat talabalar o‘rtasida hamfikrlilik, kommunikativ kompetensiya va birgalikda yechim topish qobiliyatlarini rivojlantiradi; Gamifikatsiya, loyihaviy o‘rganish (Project-Based Learning) esa chuqur tushunishni va uzoq muddatli xotirani mustahkamlaydi. Bu metodlar pedagogik samaradorlikni nafaqat akademik natijalar orqali, balki talabalar ijtimoiy va shaxsiy rivojlanishi orqali baholashga imkon beradi. [3] Quyidagi mexanizmlar pedagogik samaradorlikni yanada kuchaytiradi: Rivojlangan baholash tizimlari: talabalarni faqatgina bilim miqdori orqali emas, balki kompetentsiyalar orqali baholash. Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim strategiyalari: har bir talabaning individual o‘sishiga moslashtirilgan metodlar qo‘llanishi. O‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi: innovatsion metodlar bo‘yicha doimiy malaka oshirish. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining integratsiyasi: virtual laboratoriyalar, simulyatsiyalar va AI-yo‘riqnoma tizimlaridan foydalanish. [4, 208-bet] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishuvi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli, biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz” deb ta’kidlagan edilar. [5] Bu o‘z navbatida ta’lim jarayonlarini ilg‘or tajribalar asosida tashkil etish, o‘quvchilarning o‘quv-bilish va amaliy faoliyat ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun shartsharoitlar yaratish zarurligini anglatadi. Innovatsion yondashuvlar quyidagi pedagogik natijalarni ta’minlaydi: Talabalarning faol va ijodiy ishtirokini rag‘batlantiradi. Milliy meros va qadriyatlar bo‘yicha mustaqil tadqiqot ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Ta’lim jarayonini differensiallashtirish va individualizatsiya qilish imkonini beradi. Talabalarda ma’naviy qadriyatlarni chuqurroq tushunish va ularni kundalik hayotga tatbiq etish ko‘nikmalarini shakllantiradi. MUHOKAMA Raqamli texnologiyalar asosida milliy qadriyatlarni o‘rganish, avvalo, elektron ta’lim resurslari orqali amalga oshiriladi. Jumladan, elektron darsliklar, multimediali o‘quv qo‘llanmalar, virtual kutubxonalar va onlayn platformalar milliy ma’naviy merosga oid bilimlarni tizimli va interfaol tarzda o‘zlashtirishga xizmat qiladi. Bunday resurslar talabalarda milliy tarix, urf-odatlar, an’analar va ma’naviy qadriyatlarga nisbatan qiziqish uyg‘otib, ularning tahliliy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar asosida milliy qadriyatlarni o‘rganishda virtual muzeylar va raqamli arxivlar muhim o‘rin tutadi. Virtual muzeylar orqali talabalar tarixiy obidalar, madaniy yodgorliklar, milliy liboslar va san’at namunalari bilan masofadan turib tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Raqamli arxivlar esa milliy merosga oid nodir qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar va audio-video materiallardan samarali foydalanishga sharoit yaratadi. Ta’lim jarayonida ijtimoiy tarmoqlar va onlayn muloqot platformalaridan foydalanish ham milliy qadriyatlarni o‘rganishda samarali usullardan biri hisoblanadi. Mazkur vositalar orqali talabalarning jamoaviy muhokamalarda ishtiroki ta’minlanib, milliy qadriyatlar yuzasidan erkin

fikr almashish, bahs-munozaralar olib borish imkoniyati kengayadi. Bu esa talabalarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash va milliy o‘zlikni anglash darajasini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, mobil ilovalar va onlayn test tizimlari yordamida milliy ma’naviy merosga oid bilimlarni baholash va mustahkamlash mumkin. Bunday texnologiyalar talabalarning o‘z bilim darajasini mustaqil nazorat qilishiga, o‘quv jarayonida faollikni oshirishga hamda ta’lim samaradorligini ta’minlashga yordam beradi. Davlat rahbarining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ham milliy qadriyatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali o‘rganish va ommalashtirishga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Mazkur strategiyada ta’lim tizimini to‘liq raqamlashtirish, elektron o‘quv resurslarini yaratish, masofaviy ta’limni rivojlantirish, shuningdek, milliy madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish vazifalari belgilangan. Ushbu hujjat milliy qadriyatlarni o‘rganish jarayonini yangi bosqichga olib chiqishda muhim normativ-huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning raqamli texnologiyalar rivoji bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimot va yig‘ilishlardagi nutqlarida ham ta’lim va ma’naviyat masalalari alohida o‘rin egallaydi. Jumladan, davlat rahbari “zamonaviy texnologiyalar yoshlarimizni dunyo bilan bog‘laydi, lekin ularni milliy ildizlaridan uzmasligi kerak”, deya ta’kidlab, raqamli muhitda milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish zarurligini qayd etgan. [6] Ushbu yondashuv oliy ta’lim muassasalarida raqamli ta’lim resurslari orqali milliy ma’naviy merosni o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning konseptual asosini tashkil etadi. O‘zbekistonda ta’lim tizimida milliy qadriyatlarni raqamli texnologiyalar asosida o‘rganish jarayoni, avvalo, elektron ta’lim platformalarini joriy etish orqali amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yaratilgan unilibrary.uz elektron kutubxonasi milliy tarix, madaniyat, adabiyot va ma’naviy merosga oid yuz minglab elektron manbalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu platforma orqali talabalar milliy qadriyatlar bo‘yicha ilmiy adabiyotlar, qo‘lyozmalar, darsliklar va monografiyalar bilan masofadan turib tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa ta’lim jarayonida mustaqil ta’lim ulushini oshirishga va milliy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. [7] Shuningdek, edu.uz, my.edu.uz, e-edu.uz kabi rasmiy ta’lim platformalarida milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari, O‘zbekiston tarixi, madaniy merosga oid fanlar bo‘yicha elektron o‘quv kurslari joylashtirilgan. Ushbu platformalar raqamli texnologiyalar yordamida milliy qadriyatlarni tizimli ravishda o‘rganish, bilimlarni baholash va mustahkamlash imkonini bermoqda. Ayniqsa, video darslar, interfaol topshiriqlar va onlayn testlar orqali ta’lim jarayonining samaradorligi oshmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘qituvchilar va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan nutqida ham raqamli ta’lim va ma’naviy tarbiya masalalari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanligi alohida qayd etilgan. Davlat rahbari ushbu nutqida “milliy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish davr talabi”, ekanini ta’kidlab, pedagoglarni innovatsion yondashuvlarga chaqirgan. [8] Bu fikrlar oliy ta’lim muassasalarida raqamli pedagogik texnologiyalar asosida milliy qadriyatlarni o‘rganish metodikasini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda milliy ma’naviy merosni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida ahamiyatga ega. Xususan, Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasi hamkorligida tarixiy qo‘lyozmalar, nodir asarlar, madaniy yodgorliklar va muzey eksponatlarini raqamli formatga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Virtual muzeylar va raqamli arxivlar yaratilishi

natijasida talabalar va yosh tadqiqotchilar milliy meros bilan masofadan turib tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu jarayon milliy qadriyatlarni o‘rganishni yanada ommaviy va qulay holga keltirmoqda. Prezident Mirziyoyev nutqlarida milliy o‘zlikni anglash masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Davlat rahbari “o‘z tarixini, o‘z qadriyatlarini bilmagan xalqning kelajagi bo‘lmaydi”, deya ta’kidlab, yoshlarni milliy merosga hurmat ruhida tarbiyalash zarurligini ko‘p bora urg‘ulagan. [9] Ushbu g‘oya raqamli texnologiyalar orqali milliy qadriyatlarni o‘rganish jarayonining ma’naviy asosini tashkil etadi. Shuningdek, O‘zbekistonda IT-parklar, startap loyihalar va innovatsion markazlar faoliyati ham milliy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qiluvchi raqamli mahsulotlar yaratishga yo‘naltirilmoqda. Milliy tarix, urf-odatlar, buyuk ajdodlar merosiga bag‘ishlangan mobil ilovalar, veb-saytlar va multimediali loyihalar yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu esa milliy qadriyatlarni zamonaviy shakllarda yetkazishning samarali usuli sifatida namoyon bo‘lmoqda. [10] Qisqa qilib aytganda, O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar asosida milliy qadriyatlarni o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu jarayon Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqlari, strategik hujjatlari va tashabbuslari bilan mustahkamlanmoqda. Raqamli ta’lim platformalari, elektron kutubxonalar, virtual muzeylar va innovatsion pedagogik texnologiyalar milliy ma’naviy merosni o‘rganish jarayonini yangi sifat bosqichiga olib chiqmoqda. Ushbu yondashuv oliy ta’lim muassasalarida raqobatbardosh, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. XULOSA So‘nggi yillarda O‘zbekistonda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ta’lim tizimini raqamlashtirish, elektron o‘quv resurslarini yaratish, masofaviy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon milliy qadriyatlarni o‘rganish mazmuniga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, elektron darsliklar, video ma’ruzalar, virtual muzeylar va raqamli kutubxonalar orqali talabalar milliy tarix, madaniyat, urf-odatlar va an’analar bilan zamonaviy shaklda tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa ta’lim jarayonida milliy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qilmoqda. Raqamli texnologiyalar asosida milliy ma’naviy merosni o‘rganish jarayonida muhim jihatlardan biri – bu axborot tanlash va uni tahlil qilish madaniyatidir. Chunki bugungi kunda internet makonida turli xil, ba’zan milliy mentalitetga zid bo‘lgan axborotlar ham keng tarqalmoqda. Shu sababli, ta’lim jarayonida talabalarda axborot madaniyati, tanqidiy fikrlash va milliy qadriyatlarga sodiqlikni shakllantirish muhim pedagogik vazifa sifatida namoyon bo‘ladi. Bu borada Prezident nutqlarida yoshlarni yot g‘oyalardan himoyalash, ularning ma’naviy immunitetini kuchaytirish zarurligi qayta-qayta ta’kidlanadi. Oliy ta’lim muassasalarida raqamli texnologiyalar yordamida milliy qadriyatlarni o‘rganish jarayoni ko‘p jihatdan pedagoglarning raqamli kompetensiyasiga ham bog‘liq. Zamonaviy pedagog nafaqat o‘z fanini mukammal bilishi, balki raqamli vositalardan samarali foydalanish, milliy ma’naviy merosni innovatsion metodlar asosida yetkazish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim. Shu ma’noda, raqamli pedagogika va milliy tarbiya masalalari o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar asosida milliy qadriyatlarni o‘rganishda muayyan muammolar ham mavjud. Jumladan, o‘zbek tilidagi sifatli elektron kontentning yetarli emasligi, ayrim fanlar bo‘yicha milliy qadriyatlarga yo‘naltirilgan raqamli resurslarning kamligi, pedagoglar va talabalar o‘rtasida raqamli madaniyat darajasining bir xil emasligi kabi masalalar

mavjud. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun ta’lim jarayonida tizimli yondashuv, davlat va jamoatchilik hamkorligi, shuningdek, ilmiy asoslangan metodik tavsiyalar zarur. Milliy ma’naviy merosni raqamli texnologiyalar orqali o‘rganish jarayonida xorijiy tajribalarni tahlil qilish ham muhim ahamiyatga ega. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, milliy madaniyat va an’analarni raqamli muhitda targ‘ib qilish yoshlar ongida milliy identifikatsiyani mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu jihatdan, O‘zbekistonda ham xorijiy tajribani tanqidiy tahlil qilgan holda, milliy mentalitetga mos raqamli ta’lim modellarini ishlab chiqish zarur.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar10 ta adabiyot

  1. To‘xtaxo‘jaeva M.X. va b. Pedagogika nazariyasi va tarixi. Pedagogika nazariyasi. 1-qism. – T.: “Iqtisod-moliya”, 2007.
  2. Иванов Д. А., Митрофанов К. Г., Соколова О. В. Компетентностный подход в образовании. Проблемы, понятия, инструментарий. Учебно-методическое пособие. М.: АГТКИ-ИПО, 2003. - 101 с.
  3. Иванов Д. А., Митрофанов К. Г., Соколова О. В. Компетентностный подход в образовании. Проблемы, понятия, инструментарий. Учебно-методическое пособие. М.: АГТКИ-ИПО, 2003.
  4. Usmonboeva M.H., Sayfurov D.M., To‘rayev A.B. Innovatsion ta’lim texnologiyalari. O‘quv metodik qo‘llanma. – Toshkent, 2015. – 208 b.
  5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasidan.
  6. Mirziyoyev Sh. M. Yangi O‘zbekiston strategiyasi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2021. – 464 b.
  7. https://unilibrary.uz.
  8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 25-yanvar 2020-yil. Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA).
  9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida. Rasmiy veb-sayt: https://president.uz
  10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi. Ta’lim tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar va elektron resurslar. Elektron manba: https://edu.uz

Metama’lumot

Identifikator
REL-A-013392
Nashr sanasi
2026-06-05
Til
o‘zbek
Jurnal
Research Focus International Scientific Journal
Jild
5
Son
5
DOI
10.66073/researchfocus.v5i5.2262
ISSN
2181-3833 · 2181-3833
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
132–138
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
42026-10-10 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Research Focus International Scientific Journal
Oxirgi yangilanish
2026-09-06