SO‘Z YASALISH USULLARI, MORFEMA VA UNING TURLARI
Allayorova Nilufar YaxshinorovnaZarmed universiteti2025
KonferensiyalarTILLARNI O‘QITISH METODIKASI SOHASIDAGI ZAMONAVIY TILSHUNOSLIK VA ADABIYOTSHUNOSLIKNING DOLZARB MASALALARIJild 4Son Special Issue 1Sahifa 125–128
Annotatsiya
Maqolada o‘zbek tilida so‘z yasalishi bilan bog‘liq xususiyatlar, ta‘rif va qoidalar, so‘z yasalishi usullari misollar asosida yoritilgan.
Boshqa tillarda
ruschaСПОСОБЫ СЛОВООБРАЗОВАНИЯ, МОРФЕМА И ЕЁ ВИДЫ
В статье на основе примеров освещаются особенности, определения и правила, связанные со словообразованием в узбекском языке, а также способы словообразования.
inglizchaWORD FORMATION METHODS, THE MORPHEME AND ITS TYPES
The article describes, on the basis of examples, the features, definitions and rules connected with word formation in the Uzbek language, as well as the methods of word formation.
Kalit so‘zlar
- морфемика
- морфема
- корневая морфема
- аффиксальная морфема
- словообразование
- производное слово
- способы словообразования
- словообразовательные аффиксы
- простые аффиксы
- сложные аффиксы
To‘liq matn
Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni
Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.
DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.15073315
SO‘Z YASALISH USULLARI, MORFEMA VA UNING TURLARI Allayorova Nilufar Yaxshinorovna Zarmed Universiteti Е-mail: nilufarallayarova76@gmail.com
Annotatsiya: Maqolada o‘zbek tilida so‘z yasalishi bilan bog‘liq xususiyatlar, ta’rif va qoidalar, so‘z yasalishi usullari misollar asosida yoritilgan. Kalit so‘zlar: morfemika, morfema, asos morfema, affiks morfema, so‘z yasalishi, yasama so‘z, so‘z yasash usullari, so‘z yasovchi qo‘shimchalar, sodda qo‘shimchalar, murakkab qo‘shimchalar.
Morfemika so‘z tarkibini o‘rganadigan tilshunoslik bo‘limi hisoblanadi. Odatda so‘z tarkibi deganda uni tashkil etadigan asos (o‘zak) va unga qo‘shiladigan qo‘shimchalar tushuniladi. Tilshunoslikda asos va qo‘shimchalarga nisbatan morfema atamasi qo‘llaniladi. Morfemalarni, ya’ni qaysi qism-asos, qaysi qism- qo‘shimcha ekanligini o‘rganuvchi soha so‘z tarkibi (morfemika) deb ataladi. Morfemika so‘zining asosida morfema so‘zi yotadi. «Morfema o‘z ma’nosiga ega bo‘lgan, boshqa ma’noli qismlarga bo‘linmaydigan til birligi»1dir. Demak, morfema so‘zning eng kichik, bo‘linmas ma’noli qismi. So‘zning asosi ham, unga qo‘shiladigan qo‘shimchalar ham boshqa qismlarga bo‘linmasligi bilan o‘zaro umumiylik kasb etadi. Morfema ikki ko‘rinishda bo‘ladi: 1. Asos (o‘zak) morfema – lug‘aviy ma’no anglatadigan, qo‘shimcha morfema qo‘shilishi uchun asos bo‘ladigan qism. Masalan, odam, qizil, ikki, men, bugun, kel, hamma kabi so‘zlar boshqa ma’noli qismlarga bo‘linmagani uchun asos deb qaraladi. 2. Affiks (qo‘shimcha) morfema mustaqil qo‘llana olmaydigan, asos morfemaga qo‘shilib, unga turlicha qo‘shimcha ma’no yuklaydigan qism. Demak, tilimizdagi barcha qo‘shimchalar affiks morfemalar sanaladi. Ular vazifasiga ko‘ra 3 guruhga bo‘linadi: so‘z yasovchi, lug‘aviy shakl yasovchi, sintaktik shakl yasovchi. Bu qo‘shimchalar so‘z asosiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ketma-ket qo‘shilib kelishi mumkin. Masalan, kitobxonlarimizni so‘zida yuqorida tilga olingan qo‘shimchalarning 3 guruhi ham ishtirok etgan: kitob+xon (so‘z yasovchi), kitob+xon+lar (lug‘aviy shakl yasovchi), kitob+xon+lar+imiz+ni (sintaktik shakl yasovchi). Bu kabi so‘zlar tarkibini morfemalarga ajratishda birinchi navbatda ma’no anglatish xususiyati e’tiborga olinsa-da, o‘quvchilar qo‘shimchalarning shaklidan ham xabardor bo‘lishi kerak. Ya’ni, yuqoridagi –imiz (I shakl ko‘plikdagi egalik qo‘shimchasi) tarkibini –i, –miz, –im, –iz ko‘rinishida morfemaga ajratishdan saqlanish kerak. Affiks morfemalar haqida ma’lumot berilganda ayrimlarining sodda va murakkab (tarkibi bo‘linmaydigan) ko‘rinishda qo‘llanish to‘g‘risida ham tushunchalar berilishi kerak. Shundagina so‘zlarni morfemalarga ajratishda xatoliklar oldi olinadi. Shaklan bir xil ko‘rinishdagi qo‘shimchalarning tarkibiga e’tibor qarating: ovchilik (-chi+lik) – sodda morfema; ozchilik (-chilik) – murakkab morfema. E’tiborga olish zarur bo‘lgan jihat shundaki, o‘quvchilarning ko‘pchiligi so‘zlarni morfemalarga ajratishni bo‘g‘inga ajratish sifatida qabul qilishadi. Buni quyidagi ikki misolni bir-biriga taqqoslash jarayonida ham kuzatishimiz mumkin.
Ўзбек тилининг изоҳли луғати. «Ўзбекистон миллий энциклопедияси» давлат илмий нашриёти, 2006 йил. 616-бет.
ko‘p+chilik – morfemaga ajratish ko‘p+chi+lik – bo‘g‘inga ajratish O‘quvchilar asosan, savolning mohiyatiga e’tibor bermasdan ikkinchi ko‘rinishdagisini to‘g‘ri deb hisoblashadi. Vaholanki, ikkinchi ko‘rinish bo‘g‘inga ajratish yuzasidan to‘g‘ri, morfemaga bo‘linish jihatdan xatodir. Birinchi ko‘rinish esa morfemaga ajratish bo‘yicha to‘g‘ri, bo‘g‘inga bo‘lish yuzasidan xato (chunki har bir bo‘g‘inda bitta unli ishtirok etishi kerak). Ko‘pchilik so‘zida ko‘p – asos morfema deb hisoblanadi, –chilik qo‘shimchasining bo‘linmasligiga sabab ko‘p+chi shaklidagi bo‘linish ma’no anglatmaydi, ko‘p+chilik ko‘rinishida ma’no anglatishi aniq. Bugun ta’lim jarayonida tub islohotlar olib borilayotgan ekan, mavzuga aloqador bir mulohazani ham nazardan qochirmaslik kerak. So‘zlarning tarkibini ma’noli qismlarga ajratish amalini o‘quvchilarga o‘rgatish ularga qo‘shimchalarning vazifasiga ko‘ra turlari, asosga qo‘shilish shakllari to‘liq o‘rgatilgandan so‘ng bajarilishi maqsadga muvofiqdir. Shu sababli dasturdagi mavzularning mantiqan ketma-ketligini, uzviyligini ta’minlash zarur. Shundagina nutqimizda ko‘p qo‘llanadigan –dagi, larcha, chasiga, –moqchi, –ydigan (-adigan), –moqda singari qo‘shimchalarning tarkibini ajratishga bo‘lgan urinishlar to‘xtaydi. Shular ishtirok etgan jumlalardagi morfemalarga bo‘linishga e’tiborni qarating. Bog‘+dagi olma+lar+ni ter+di+k; Mard+larcha jang qil+di; Siz bilan och+iq+chasiga gap+lash+sa+k; Men o‘qi+moqchi+man; Hayot shiddat bilan o‘t+moqda; U majlis+ga bor+adigan bo‘l+di; Sobir+jon o‘qi+ydigan bola. Tilshunoslikda «So‘z yasalishi» nomli alohida bo‘lim mavjud. Unda so‘z yasalishi bilan bog‘liq xususiyatlar, ta’rif va qoidalar, so‘z yasalishi usullari haqida bahs yuritiladi. O‘quvchilar yasama so‘z atamasi bilan tanishadi. O‘zbek tilida so‘z yasalishi jarayonidagi fonetik o‘zgarishlar haqida tasavvurga ega bo‘lishadi. O‘zbek tilida so‘z yasash usullari quyidagilar: 1. Morfologik usul (affiksasiya usuli) – bunda so‘z yasovchi qo‘shimchalar yordamida yangi ma’no anglatadigan so‘zlar yasaladi. Bu usul bilan yangi so‘zlar yasash mustaqil so‘z turkumlaridan ot, sifat, ravish, fe’lda mavjud. So‘z yasovchi qo‘shimchalar asosga qo‘shilib, shu asos anglatgan ma’no bilan bog‘langan yangi so‘zlar yasaydi. Masalan, g‘alla so‘ziga –kor affiksini qo‘shish orqali g‘allakor so‘zi, ya’ni g‘alla yetishtiruvchi mazmunidagi yangi so‘z yasalgan. Bunda g‘alla so‘zi nima so‘rog‘iga javob bersa, unga –kor qo‘shimchasi qo‘shilishi bilan kim? so‘rog‘iga javob beradigan yangi so‘z yasalgan. Bu jarayonda so‘z yasalganini so‘rog‘i o‘zgarganidan ham anglash mumkin. Biroq buni hamma holatda shunday bo‘ladi degan mazmunda tushunmaslik kerak. Qalam+don, gul+don, ulug‘+vor, qiziq+arli, ko‘p+lab, erta+lab singari yasama so‘zlarda asos bilan yasama so‘z bir xil so‘roqqa javob bergan. So‘z yasalish jarayonida asos anglatgan ma’no bilan yasalma o‘rtasida bog‘lanish bor, shu sababli yasama so‘z hisoblanadi. O‘zbek tilida morfologik usulda yasalgan so‘zlarni tarkibiga ko‘ra ikki guruhga ajratish mumkin: a) bir so‘z turkumidan chiqmagan holda yasalgan so‘zlar. Bunda asos bilan yasama so‘z bir turkumga mansub bo‘ladi. Shunday holatda so‘z yasalish hodisasi ot, sifat, ravish turkumlarida kuzatiladi: – otdan ot: arava+kash, qishloq+dosh, ziyo+kor, qalam+don; – sifatdan sifat: qiziq+arli, ulug‘+vor, no+to‘g‘ri;
– ravishdan ravish:erta+lab, hozir+cha, ko‘p+incha, erta+n; – fe’ldan fe’l yasalmaydi, ya’ni so‘z asosi fe’l bo‘lib, so‘z yasovchi qo‘shimcha qo‘shish orqali yasama fe’l hosil qilib bo‘lmaydi. Asosi boshqa so‘z turkumga mansub so‘zlardan fe’l yasaladi. Fe’l yasalishiga daxldor bu xususiyat ahamiyatiga ko‘ra juda muhim. Gap shundaki, fe’l asosiga uning turli shakllari (bo‘lishsizlik, nisbat, mayl, zamon, vazifadosh shakllar) qo‘shilgan holat har doim tub fe’l sanaladi. Buni o‘quvchiga tushuntirish ham, idrok etish ham juda qulay: kiy+in+tir+ish+di. b) bir so‘z turkumidan ikkinchi so‘z turkumiga tegishli so‘zlarni yasash. Sodda qilib tushuntirganda asos bilan yasalmaning turkumi har xil bo‘ladi. Bu shakldagi so‘z yasalishida ot, sifat, ravish, fe’l turkumlariga doir yangi so‘zlar yasaladi: ish+la (fe’l), ish+chan, chiroy+li (sifat), mard+ona, qahramon+larcha (ravish), tara+q, chiz+g‘ich (ot). Bu jarayonda o‘zlari yasalmasa ham, so‘z yasalishida asos bo‘lib ishtirok etadigan so‘z turkumlari ham bor: son, olmosh, taqlid so‘z, undov so‘z, modal so‘z. Masalan: o‘z+lik (olmoshdan ot); siz+la (olmoshdan fe’l); siz+bop (olmoshdan sifat); bir+lash (sondan fe’l); bir+lik (sondan ot); milt+illa (taqlid so‘zdan fe’l); yo‘q+la (modal so‘zdan fe’l); dod+la (undov so‘zdan fe’l); yarq+ira (taqlid so‘zdan fe’l); qars+ak (taqlid so‘zdan ot). Morfologik usul so‘z yasash jarayonida eng mahsuldordir. Shu sabab bo‘lsa kerak, yasama so‘zni toping, yasama so‘zga misol ayting tarzida berilgan savollarga o‘quvchilar darrov so‘z yasovchi qo‘shimchalar yordamida yasalgan so‘zlarni misol keltirish bejizga emas. 2. Sintaktik usul (kompozitsiya usuli) – bunda so‘z asoslarini o‘zaro biriktirish orqali yangi so‘zlar yasaladi. Bunday so‘zlarni qo‘shma so‘zlar deb ataymiz. Qo‘shma so‘zlar ikki va undan ortiq asos morfemalarning birlashishi va bir urg‘u bilan aytilishidan yasaladi. Qo‘shma so‘zlar mustaqil so‘z turkumlarining barchasida mavjud. Qaysi mustaqil so‘z turkumlarida morfologik usulda so‘z yasalish mavjud bo‘lsa, shu turkumlardagi qo‘shma so‘zlar ham yasama so‘z sanaladi. Demak, ot, sifat, fe’l, ravish turkumlaridagi qo‘shma so‘zlarni yasama so‘z deyishga haqlimiz. Qo‘shma ot: belbog‘, mingboshi, Past Darg‘om, Oqdaryo. Qo‘shma sifat: jigarrang, sofdil, arzongarov, qimmatbaho. Qo‘shma fe’l: olib kelmoq, sotib olmoq, bayon qilmoq, dod solmoq. Qo‘shma ravish: har qachon, shu yerda, bir qancha, bir mahal. Sintaktik usulda yasalgan qo‘shma so‘zlar doimo imloda qo‘shib yozilishi kerak degan qoida yo‘q. 1995-yil 24-avgustda qabul qilingan imlo qoidalariga muvofiq qo‘shma so‘zlar ayrim so‘z turkumlarida qo‘shib, ayrimlarida ajratib yozilishi mumkin. Ba’zan bir so‘z turkumining o‘zida qo‘shib yoziladigan qo‘shma so‘zlar guruhi, ajratib yoziladigan qo‘shma so‘zlar guruhi uchrashi mumkin. Matn ichidan yasama so‘zlarni aniqlash mazmunidagi savollarga javob izlaganda morfologik va sintaktik usullarda yasalgan so‘zlar miqdori birlashtirilishi zarur. Kecha ishchilar bizni zavodga taklif qilishdi. Ushbu gapda morfologik va sintaktik usulda yasalgan bittadan so‘z bor: ishchilar, taklif qilishdi. Biroq kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilik hollarda faqat morfologik usulda yasalgan so‘zlar e’tiborda bo‘lmoqda. Xullas, o‘quvchilar so‘zning yangi so‘z hosil qilishga yordam beradigan qismini, asos va qo‘shimchaga ajratish jarayonini bilib olgan sari ularda so‘z yasalishi haqidagi tasavvur chuqurlashib, bu tushunchalarga doir bilim, ko‘nikma hosil bo‘ladi.
Iqtiboslar dinamikasi
ReLibraryTekshirilgan Metodologiya
Adabiyotlar4 ta adabiyot
- O‘zbek tilining izohli lug‘ati-1 jild “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti. – Toshkent: 2006. –616 b.
- A.Hojiyev. O‘zbek tili so‘z yasalishi tizimi. – Toshkent: O‘qituvchi, 2007. –167 b.
- Muhiddinova X., Salisheva Z., Po‘latova X. O‘zbek tili (oliy ta’lim muassasalari rus guruhlari uchun darslik). – Toshkent: O‘qituvchi, 2012. –288 b.
- Nomozov A.N., Allayorova N. Ona tili. O‘quv qo‘llanma. – SamDU, 2021. –172 b.
Metama’lumot
- Identifikator
- REL-A-010884
- Nashr sanasi
- 2025-03-12
- Til
- o‘zbek
- Konferensiyalar
- TILLARNI O‘QITISH METODIKASI SOHASIDAGI ZAMONAVIY TILSHUNOSLIK VA ADABIYOTSHUNOSLIKNING DOLZARB MASALALARI
- Jild
- 4
- Son
- Special Issue 1
- DOI
- 10.66073/refocus-conf/si1/2493
- Nashriyot
- LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
- Sahifa
- 125–128
- Litsenziya
- Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
- Ko‘rishlar
- 42026-10-10 dan beri o‘lchanmoqda
- Metadata manbasi
- Partner conferences of the International Scientific Journal Research Focus
- Oxirgi yangilanish
- 2026-09-07