Asosiy mazmunga o‘tish
MaqolaOchiq kirish

SINTAKTIK TAKROR VA UNING BADIIY MATNDAGI O‘RNI

Sh.XudayberdiyevaADU o‘qituvchisi2022

JurnalResearch Focus International Scientific JournalJild 1Son 1Sahifa 340–342

Annotatsiya

Mazkur maqolada sintaktik figuralardan biri bo‘lgan sintaktik takror haqida fikr yuritiladi. Sintaktik takrorning ko‘rinishlari, badiiy nutqdagi o‘rni, vazifalari yoritiladi. Shuningdek, sintaktik takrorning nutqiy imkoniyatlari ochib beriladi.

Boshqa tillarda

ruschaСИНТАКСИЧЕСКИЙ ПОВТОР И ЕГО РОЛЬ В ХУДОЖЕСТВЕННОМ ТЕКСТЕ

В данной статье рассматривается синтаксический повтор, являющийся одной из синтаксических фигур. Освещаются виды синтаксического повтора, его место и функции в художественной речи. Также раскрываются речевые возможности синтаксического повтора.

inglizchaSYNTACTIC REPETITION AND ITS ROLE IN A LITERARY TEXT

This article discusses syntactic repetition, which is one of the syntactic figures. The types of syntactic repetition, its place and functions in literary speech are covered. Likewise, the speech potential of syntactic repetition is revealed.

Kalit so‘zlar

  • Sintaktik-stilistik figuralar
  • Abdulla Qahhor mohir so‘z ustasi
  • Badiiy matn

To‘liq matn

Litsenziya: CC BY 4.0litsenziya matni

Matn PDF’dan ajratilgan va qayta formatlangan; asl nusxadan farq qilishi mumkin.

SINTAKTIK TAKROR VA UNING BADIIY MATNDAGI O’RNI Sh.Xudayberdiyeva ADU o’qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.7199820 Annotatsiya: Mazkur maqolada sintaktik figuralardan biri bo’lgan sintaktik takror haqida fikr yuritiladi. Sintaktik takrorning ko’rinishlari, badiiy nutqdagi o’rni, vazifalari yoritiladi. Shuniтgdek, sintaktik takrorning nutqiy imkoniyatlari ochib beriladi. Kalit so’zlar: Sintaktik-stilistik figuralar, Abdulla Qahhor mohir so’z ustasi, Badiiy matn SYNTACTIC REPETITION AND ITS PLACE IN ARTISTIC TEXT Abstract: This article discusses syntactic repetition, which is one of the syntactic figures. Manifestations of syntactic repetition, its place and functions in artistic speech are highlighted. Thus, the speech possibilities of syntactic repetition are revealed. Key words: Syntactic-stylistic figures, Abdulla Qahhor master of words, Artistic text KIRISH Sintaktik-stilistik figuralar badiiy adabiyotda ifodalilik hosil qiluvchi va ma’lum bir uslubiy vazifa bajaruvchi intonatsion-sintaktik usullardandir. Sintaktik-stilistik figuralar nutqning emotsionalligini oshirishga yordam beradigan maxsus sintaktik oborotlardan iborat bo’lib, ularga parallelism, takror va uning turlari, antiteza, inversiya, ellipsis, gradatsiya kabilar kiradi. Bu vositalar dastavval poetik nutqqa xos figuralar sifatida qaralgan bo'lsa-da, keyingi vaqtlarda nashr etilgan tilshunoslikka oid adabiyotlarda prozaik nutq hodisasi sifatida o'rganila boshladi. Stilistik figuralar nutqni ta'sirli va jozibali qilish bilan birga, fikrni tinglovchiga tez va oson yetkazish imkoniyatini beradi. Ular yordamida hosil qilingan nutq shakllari jarangdorlikka moyil bo'ladi. Abdulla Qahhor mohir so’z ustasi, o’zbek adabiyoti xazinasini nodir javohirlar bilan boyitgan adabiyot namoyondalaridan biridir. Adib tilining ixchamligi, lo’ndaligi, shu bilan birga, serbo’yoqligi, tasviriy ifodalarga boyligi uning hikoyalarining badiiy muvaffaqiyatini ta’minlashga yordam bergan. Abdulla Qahhor o’z asarlarida mazmunga mos betakror shakllarni topa olgan, shuning barobarida, har bir so’z, har bir jumlaga katta e’tibor bergan. Yozuvchining mahorati sintaktik takrorlarni qo’llash jarayonida ham namoyon bo’ladi. Takror badiiy matn tilida eng ko'p qo'llaniladigan sintaktik-stilistik figura hisoblanadi. Takror turlaridan eng ko’p qo’llanadigani sintaktik takrordir. Sintaktik tushunchalar: so'z birikmalari, gap bo'laklari, gap turlarining aynan takrorlanishi natijasida sintaktik takror hodisasi yuzaga chiqadi. Kishilar o’rtasida til vositasida amalga oshiriladigan muloqot jarayonlari benihoya murakkab, ko’p aspektli va o’ziga xosdir. Ma’lumki, har qanday muloqot jarayonining bosh maqsadi muayyan informatsiyani, axborotni kommunikatsiya ishtirokchilari tomonidan berilishini, ya’ni til oldi-berdisini ko’zda tutadi. Bu esa eng yirik muloqot birligi bo’lgan matn orqali voqe bo’ladi. Nutqning qanday bo’lishi, turli farqli shakllardagi tiplar tarzida namoyon bo’lishi mazkur muloqot jarayonlaridagi bir qator omillarga bog’liq. TADQIQOT MATERIALLARI VA METODOLOGIYASI Badiiy matn har bir til hodisalarining barcha imkoniyatlarini yuzaga chiqarib beradigan o’ziga xos maydondir. Sintaktik takror obyektiv olamda mavjud bo'lgan voqea-hodisalar haqidagi tasavvurlarni tugal va keng ifoda etishi bilan xarakterlidir. Masalan: Ko’z o’ngimizda hasta emas, o’lik, haqiqiy o’lik, sap-sariq teriyu suyakdan iborat bo’lgan murda ichiga botib ketgan ko’zlarini katta ochib yotar edi. (“Ming bir jon”)

Sintaktik takror hodisasining yuzaga chiqishi uchun ikki yoki undan ortiq bir tipdagi sintaktik konstruksiyalar parallel holatda qo'llanishi shart. Bunday konstruksiyalarni intonatsion xususiyatlari jihatdan ham bir xarakterga ega bo'ladi. Ular nutqiy vaziyatlarda turli-tuman ma’nolarning ifodachisi vazifasini bajaradi. Masalan: Xotin rangi oppoq, ko’zlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar va boshini chayqab pichirlar edi:- Qo’ying…Qo’ying…(“Anor”) Keltirilgan misolda to’liqsiz gap takrorlanib kelgan. Mazkur gap mazmunan iltijo, yalinish ma’nosini ifodalashga xizmat qilgan. Anorga boshqorong’i bo’lgan xotin erining olib kelgan asaliga qaramagani Turobjonning jahlini chiqargan, qo’li kaltaligi ustiga xotinining piching gaplari unga qattiq zarba bo’ldi. Mojaro erning xotiniga qo’l ko’tarishi (tepishi) bilan yakun topdi. Ham anor orzusi chippakka chiqqan, ham erdan kaltak yegan ayol holati sintaktik takror vositasida tasvirlangan. (Qo’ying, qo’ying) Bu yerda gapning aynan takrorlanishi yozuvchining muayyan maqsadini ifodalashga yo’naltirilgan. Gap takrori orqali quyidagilar ma’nolar anglashiladi: -hafalik (anor o’rniga asal ko’rib); -norozilik (ham o’zidan-anorga boshi qorong’i bo’lgani uchun,ham eridan-anor emas, asal olib kelgani uchun); -iltijo, o’tinch (urmang); -chorasizlik (ataylab anor yemoqchi bo’lmagan); -e’tiroz (shu uchun aybdormanmi); -nafrat (ham hayotga, ham yo’qchilikka, ham eriga nisbatan); -umidsizlik (jahli chiqqan er endi anor olib kelmaydi). TADQIQOT NATIJALARI VA MUHOKAMA Gap takrori badiiy matnda turli vaziyatlarda kelib, asar qahramonlarining mavqeini, darajasini ham anglatib kelishga xizmat qiladi. Masalan: Tabib qanday harakat qilsa polvonga yoqmas edi. Qo’rboshi achchiq tutun ustiga engashib tura berib dimog’i tars yorilib ketayozdi va dimiqqan tovush bilan qichqirdi-O’ziga bering, hakim, o’ziga bering. (“Ko’r ko’zning ochilishi”) Bu yerda ham qahramon nutqida buyruq gaplar takrorlanib kelgan. Buyruq-gaplar orqali mazmunning xilma-xil ko’rinishlari ifoda etiladi. Ular uslubiy vosita vazifasida kelganda ma’no sig’imi yanada kengayadi. Bu fikrimiz isboti sifatida keltirilgan gapni tahlil qilamiz. Nutqiy vaziyatga ko’ra Ahmad polvon qo’rboshining ko’zini ochmoqchi. Tabib aytilganidek harakat qilmayotgani (aslida polvonning maqsadi bu ishni o’zi qilish edi) qo’rboshining jahlini chiqargan. Shu holatni yozuvchi gap takrori orqali ifodalagan:-O’ziga bering, oziga bering. Mazkur nutqiy vaziyatda gap takrori uslubiy vosita sifatida quyidagi pragmatik ma’nolarning yuzaga kelishiga yordam bergan: -hamma unga tobe ekani (qo’rboshi-ku); -norozilik (hakim topshiriqni ko’ngildagidek bajarmayapti); -gazablanish (hakim bolib eplolmaysanmi?); -havotir (nimanidir noto’g’ri qilsa-chi); -ikkilanish (polvon yaxshiroq bajararmikan); -qo’rquv (polvon qasd olmaydimi?) -tavakkal (shu ish tugasa bo’ldi); -qo’rquv (menga ziyon yetmaydimi?) Ko’rinadiki, buyruq gaplar takrorlanishi gapning mazmunini yanada kengaytiradi, gapning mazmuniy mundarijasini xilma-xil fikrlar bilan boyitadi. Takror uslubiy vosita sifatida badiiy asarda personajlarning ruhiy holatini, ichki

kechinmalarini aniq va batafsil ifoda etish imkonini beradi. Masalan: -Shunaqami? Xo’p, mayli, aytganing bo’la qolsin,-dedi va bir oz o’ylab turib g’ijinganini yashirolmay ilova qildi:-lekin go’ristonga pichoq emas, qumg’on olib borasan. Onhazratim sag’anasi oldida qumg’on qaynatib, bitta choy damlab kelasan, maylimi? -Mayli, mayli!-dedi Unsin ko’zlari javdirab,-lekin lafzingizdan qaytmasangiz…(“Dahshat”) Keltirilgan parchada hikoya qahramoni Olimbek dodho va uning kichik xotini Unsin o’rtasidagi suhbat tasvirlangan. Unsinning javobida gap takrorini kuzatishimiz mumkin. Unsin noilojlikdan dodho xonadonida yashayotgani, bu zindondan qutulish uchun , o’z uyiga ketish uchun har narsaga, hatto qabristonga tunda borib kelishga ham tayyorligi takror vositasida yuzaga chiqqan. Tasdiq ma’nosini anglatuvchi so’z-gapni takrorlash orqali yozuvchi Unsinning holatini, ichki dunyosidagi g’alayonlarni ochib bera olgan. Bu yerda ishlatilgan so’z-gap vositasida qahramonning ruhiy vaziyati yaqqolroq anglashiladi. U orqali o’quvchi turli pragmatik ma’nolarni uqib olishi mumkin: Unsin chorasiz; u uyini sog’ingan; dodho xonadonida yashash u uchun zindonga barobar; bu yerda yashash oldida qo’rquv hech narsa emas, qabriston dodho uyida bo’lishdan afzal; Unsin yosh qiz, u hursand, u bu ishni bajara oladi. Quyida keltirilgan gap takrorida ta’sirchanlik, ifodaviylik yanada kuchliroq ekanini ko’ramiz: Uning eti jimirlab sochi boshidagi ro’molini ko’targanday bo’ldi. Unsin beixtiyor orqaga bir qadam chekindi, lekin shu ondayoq xuddi o’likdan qo’rqmasligini birovga pisanda qilganday baqirib “O’likning joni yo’q! O’likning joni yo’q!”-deb olg’a intildi, shu yugurganicha chinor ostidagi Onhazratim sag’anasi oldida to’xtadi; choynak bilan qumg’onni oyog’i ostiga qo’ydi, paranji-chimmatni bir chekkaga tashladi, ichida ko’pi ketib ozi qoldi,-deb suyundi. (“Dahshat”) XULOSA Yuqorida keltirilgan parcha Unsinning qabristondagi tasviriga bag’ishlangan bo’lib, unda emotsional gap takror holda qo’llangan: O’likning joni yo’q. Unsin ozodlik umidida shunchalik dahshatli shartga rozi bo’ldi. Biroq bu dahshatning butun og’irligini qabristonga kelgachgina his qildi: Unsin qabrlar va sag’analarning haybatidan vahimada, arvohlarni tasavvur qilib azobda. Shunday paytda unga sal bo’lsa-da tasalli kerak, biroq bu yerda unga tasalli beruvchi hech zot yo’q. Shunda noiloj qolgan qiz yagona chorani qo’lladi-o’z-o’ziga tasalli berdi: o’likning joni yo’q! Mazkur jumlaning takrorlanib qo’llanishi Unsin ruhiyatidagi kechinmalarni o’quvchilarga yetkazib berishga yordam bergan. (Unsin qo’rqyapti, o’ziga tasalli beryapti, bu ishni qilishi kerak, uyga ketishiga-dodhodan qutulishiga oz qoldi va h.k.) Ko’rinadiki, takror kuchli uslubiy vosita bo’lib, u yozuvchining mahoratiga bog’liq holda asar mohiyatini yuzaga chiqarishga yordam beradi. Abdulla Qahhor mohir so’z san’atkori sifatida o’z hikoyalarida takrorning turli ko’rinishlaridan unumli foydalangan. Hikoyalarda ishlatilgan takrorlar holatni, qahramon ruhiyatini o’quvchi ko’z o’ngida yaqqol namoyon etishga yordam bergan, ta’sirchanlikni oshirishga muhim ahamiyat kasb etgan.

Iqtiboslar dinamikasi

Bu ilmiy ishga ReLibrary’da chop etilgan ilmiy ishlarda hali iqtibos topilmadi.

ReLibraryTekshirilgan Metodologiya

Adabiyotlar3 ta adabiyot

  1. Shomaqsudov A., Rasulov I. O’zbek tili stilistikasi. –T., 1983. 230-bet.
  2. Mamajonov A. Qo’shma gap stilistikasi. –T.: Fan, 1990. 12-bet.
  3. Yo’ldoshev M. Badiiy matn lingvopoetikasi.-T.: Fan, 2008. 77-bet.

Metama’lumot

Identifikator
REL-A-010839
Nashr sanasi
2022-10-05
Til
o‘zbek
Jurnal
Research Focus International Scientific Journal
Jild
1
Son
1
DOI
10.66073/researchfocus.v1i1.1082
ISSN
2181-3833 · 2181-3833
Nashriyot
LLC Ilm-fan va innovatsiyalar akademiyasi
Sahifa
340–342
Litsenziya
Ushbu ilmiy ish CC BY 4.0 litsenziyasi asosida ochiq.
Ko‘rishlar
42026-10-10 dan beri o‘lchanmoqda
Metadata manbasi
Research Focus International Scientific Journal
Oxirgi yangilanish
2026-09-06